Hozirgi vaqtda qaysidir teatrda yangi spektakl qo‘yilibdi desa, odamlar unchalik ham hayajonga tushavermaydi. Teatrlardan ko‘p narsa kutilmay qolgani bor gap. Oxirgi paytlarda internet tarmog‘ida teatr, san’at haqidagi podkastlarni kuzata turib, ko‘pchilik (ayniqsa, yoshlar) teatr san’atiga “zamondan orqada qolgan soha” deb qarashini his qilaman. Albatta, bunga yetarlicha asoslar bor. Garchi aksariyat teatrlarimiz ko‘ngilochar bir maskan o‘laroq doim gavjum, lekin asl san’at o‘chog‘i sifatida maqomini, qiyofasini yangilay olgani yo‘q. Buning sabablari ko‘p va alohida mavzu. Umumiy qaraganda, hozir madaniy jabhalarning barida ham saviya inqirozi kuzatilyapti. Teatr sohasi ham siyqalik, birxillik va o‘rtamiyonalik girdobida aylanayotgan bir muhitda onda-sonda bo‘lsin, saviyasi yuqori, badiiy-g‘oyaviy butun sahna asarlarining paydo bo‘layotganini e’tirof etish lozim.
Yaqinda O‘zbekiston davlat drama teatrida atoqli rejissor Olimjon Salimovning Erkin A’zam asari asosida sahnalashtirgan “Ishlaganday bo‘laylik” (Snos) spektakli premyerasi bo‘lib o‘tgan edi. Mazkur spektakl ko‘pchilikda qizg‘in taassurot qoldirdi, borib ko‘rganlarning aksariyati ijobiy fikrlar bildiryapti. Ayniqsa, madaniy jamoatchilik bu asarni juda yaxshi qarshi oldi va bu bejiz emas. Haqiqatan ham, Olimjon Salimovning yangi ijod mahsuli biz odatda ko‘rib-ko‘nikkan tomoshalardan ancha farq qiladi. Bu spektakl aynan nimasi bilan qiziq, qaysi jihatlariga ko‘ra muvaffaqiyatli – quyida tahlil qilishga harakat qilamiz.
Avvalo, spektaklning dramaturgik asosi yaxshi. Yozuvchi Erkin A’zamning 2011-yilda yozilgan “Farrosh kampirning tushi” komediyasida hozirgi ijtimoiy hayotimiz ro‘y-rost aks ettirilgan. Millatni yemirayotgan illatlar, ijtimoiy-axloqiy muammolar tanqidiy ruhda, o‘zgacha bir badiiyatda ifoda etilgan. Bu pyesa 2014-yili birinchi marta O‘zbekiston davlat drama teatrida (avvalgi Abror Hidoyatov nomidagi teatr) sahnalashtirilgan edi. Teatrning o‘sha yillardagi bosh rejissori Sayfiddin Meliyev ishlagan spektakl asarning boshqa bir rakursdagi talqini o‘laroq bir necha yillar namoyish qilingan.
Oradan vaqt o‘tib, shu teatr jamoasi mazkur asarga yana yangidan murojaat qildi. Aytish mumkinki, bunga eng asosiy sabab asar mavzu jihatdan o‘z ahamiyatini umuman yo‘qotmagan. Teatr, san’at zamon bilan hamnafas bo‘lishi, haqiqatni ko‘rsatishi kerak deymiz. Hamnafaslik zamonaviy hayotning bir yoqlama – faqat yaxshi, namunali tomonini ko‘rsatishdan iborat emas. O‘z o‘rnida salbiy taraflarini ham tanqid qila bilish zarur. Shu ma’noda, ushbu pyesani o‘zbek jamiyatining hozirgi real og‘riqlari haqidagi yolg‘ondan holi sanoqli asarlardan, desak bo‘ladi. Qolaversa, Olimjon Salimov katta rejissor, qaysi asarni qachon sahnalashtirishni yaxshi biladi. Olti yildirki, o‘zi badiiy rahbarlik qilayotgan Drama teatrida turli janrlarda klassik va zamonaviy asarlarni sahnalashtirib, jamoasining ijodiy potensialini ko‘tarishga, teatrning badiiy imidjini yangilashga jiddiy e’tibor qaratib keladi. “Ishlaganday bo‘laylik” (Snos) spektakli esa, jamoaning ijodiy imkoniyatlarini yana bir pog‘ona ilgari siljitgan jiddiy ish bo‘lganini ta’kidlash joiz.
Tabiiyki, har qanday asar sahnaga ko‘chganda matndagi fikr “teatr tili”da qayta jonlanadi va bunda rejissorning san’atkorlik salohiyati hal qiluvchi rol o‘ynaydi. “Ishlaganday bo‘laylik” (Snos) sahnaviy asar sifatida to‘laqonli rejissor professionalizmining mahsulidir. Spektaklning talqini muallif konsepsiyasiga yaqinligi, sahnaviy-badiiy shaklining puxtaligi bilan e’tiborga loyiq. Ayniqsa, talqinda aniq uslubning topilgani asarning katta yutug‘idir.
Nomidan ham ma’lumki, ushbu sahna asari o‘z-o‘zini aldayotgan olomon, yolg‘on normaga aylangan jamiyat haqida. Spektakl janri satirik fars deb belgilangan. Bu janr o‘z-o‘zidan bo‘rttirishni, grotesk yondoshuvni taqozo etadi. Sahnadagi hamma narsa, ssenografiya, liboslar, aktyorlar ijrosi, musiqiy bezak – barcha ifoda vositalari shu janrga, talqinning umumiy stilistikasiga uyg‘unlashtirilganini ko‘ramiz.
Asar voqealari “Ishlaganday bo‘laylik” nomli idorada bo‘lib o‘tadi. Shu bir idoraning timsolida bugungi hayotimizning ayni real og‘riqlari ayovsiz kulgi ostiga olinadi. Chiroq yorishishi bilan sahnada shunday manzara namoyon bo‘ladi: Pastdan tepaga ko‘tariladigan zina, katta-kichik kanalizatsiya quvurlari, bog‘lam-bog‘lam qog‘ozlar yukidan qulab tushay deb turgan javon... Shuningdek, sahnada zohir bo‘lgan umumiy muhit – kulrang. Sahnalashtiruvchi rassom Sergey Chufarnovning bu yechimi spektaklning shartli makoni bo‘lishi bilan birga, ich-ichidan nurab borayotgan jamiyatning majoziy ko‘rinishini ham ifoda etadi.
Bu idora rahbarining yuqoridan belgilab berilgan qat’iy “ish prinsipi” bor: “Ro‘yxatning boshida albatta shaxsiy masalalar tursin. Davlat ishlari o‘z-o‘zidan bo‘laveradi”. Asardagi hamma personaj ayni shu qabilda harakatlanadi. Butun spektakl davomida o‘zaro dialoglar ham qahramonlarning shaxsiy masalalari doirasida kechadi. Ishxonada ish haqida umuman gapirilmaydi. Ertalabdan tiqilinch avtobusda xuddi muhim ishlarni bajaradiganday shoshilib kelishadi, kun bo‘yi maydadan-mayda diydiyolar bilan mashg‘ul bo‘ladi va oxirida hamma yoqni talon-taroj qilib qoralarini o‘chirishadi.
Spektaklning mantiqiy kompozitsiyasi, badiiy qatlami ancha murakkab. Bir qarashda butun syujet bir-biriga uzviy bo‘lmagan ko‘plab alohida epizodlardan iboratday ko‘rinadi. Asardagi asosiy voqealik (ko‘chish haqidagi mish-mishning katta mashmashaga aylanishi) ana shu katta-kichik vaziyatlar o‘zanida izchil o‘sib-rivojlanib boradi. Shu leytmotiv tegrasida tipiklashgan turfa xarakterlar komediyasini ko‘ramiz. Har bitta personaj bilan bog‘liq holatlar asardagi umumiy vaziyatning bir qismi bo‘lib, kompozitsion jihatdan bir-birini to‘ldirib boradi. Tomosha yakunida bularning hammasi bir butunlik hosil qilib, ko‘z oldingizda jamiyatning asburd qiyofasi namoyon bo‘ladi.
Spektaklda o‘nga yaqin personaj ishtirok etadi. Liboslar rassomi (Lobar Tursunova) qahramonlarning tashqi ko‘rinishi ustida puxta ishlagan. Har birining liboslarida ularning xarakter-sajiyasini ifodalovchi detallar alohida bo‘rttirilgan. Masalan, amalparast Rahbarovichning tizzagacha tushib turadigan galstugi, oshxo‘r xodimlarning qorinlari, nafaqaga chiqqan Sobiq muovinning choponga aylangan kastumi va shunga o‘xshash detallar juda yaxshi topilgan. Ayniqsa, hammadan tepada o‘tiradigan mansabdor Akaxon obrazining giperbolizatsiya qilinishi, qo‘g‘irchoq odam – manekinlarning kiritilgani asarning obrazlilik ko‘lamiga, ham tomoshaviyligiga katta ta’sir ko‘rsatgan.
Qizg‘in voqealar asnosida ayollarning televizordan emotsiyaga berilib turk serialini tomosha qilishi, lagandagi oshga qo‘l cho‘zib to‘dalashib yugurayotgan massa kabi alohida urg‘ulangan sahnalarga duch kelamiz. Hozirgi olomonning ayanchli holini ko‘rsatish maqsadida kiritilgan bu kabi ko‘rinishlar spektaklning mazmuni va satirik ko‘lamini boyitgan.
Hatto sahnalar almashinuvidagi o‘tish musiqalari, vaziyatlarda personajlarning holatlarini bo‘rttirish, aksentlash uchun qo‘llanilgan tovushlar (shum) ham spektakl badiiyatining muhim qismiga aylanadi. Masalan, Akaxonning so‘zlari pastdagilarga gumburlab vahimali eshitilishi, farrosh kampirning o‘zicha ming‘irlab, yozg‘irib aytgan har gapi aks-sado berib, mish-mishga aylanib ketishi, voqealar oqimida o‘qtin-o‘qtin eshitilib qoladigan qasirlagan tovushlargacha ramziy ma’no yuklanadi. Bular kichik elementlar bo‘lsa-da, spektakl badiiyatida muhim o‘rin tutadi. Umuman, sahnadagi hamma narsa gapiradi, asarning konsepsiyasiga mutanosib ishlaydi.
Tabiiyki, bularning hammasi asosiy kuch – aktyorlar ijrosi bilan uyg‘unlashganda tugal ma’no kasb etadi. Satirik xarakter jonlantirishning o‘ziga xos nozik talablari, murakkabliklari bo‘lib, ijroda bo‘rttirish me’yori ozgina buzilsa, bachkanalik chegarasiga o‘tib ketish xavfi bo‘ladi. Aytish mumkinki, spektaklning ijro qatlami anchayin jonli, rejissor aktyorlar bilan birga rollar ustida qattiq ishlagani seziladi.
Sahnada bir-biridan kulgili qiyofalarni, rang-barang xarakterlarni tomosha qilamiz. Xususan, aktyor Ilhom Berdiyev Rahbar Rahbarovich timsolida tepadagilar nima desa shuni qiladigan, shaxsiyatsiz, qo‘lidan bir ish kelmas jonsarak amalparastlar tipini gavdalantiradi. Aktyor mimikasi, ovoz-man’erasi, yurish-turishi bilan o‘z qahramonining mahdud olamini ifodalashga harakat qiladi. Muovin buva rolida esa xuddi shu tipning o‘tmishdagi nusxasi – umr bo‘yi kursisini qo‘riqlab yashagan, endilikda nafaqaga chiqib ham idorada sudralib yurgan izzattalab “qo‘lansa” cholni ko‘ramiz. Teatrning tajribali aktyori Elyor Nosirov mansabsiz qolgan bu qariyaning kayfiyatini, “iztirobi”ni ko‘rsatib beradi.
Asardagi Hisobchixon rolida esa aktrisa Tamara Mirmaqsudova mahoratining boshqa bir tovlanishi ko‘zga tashlanadi. Aktrisa o‘zini “ishxonadagi eng muhim shaxs” deb biladigan, ichidan pishgan ayyor ayol xarakterini juda qiziqarli ijro qiladi. Doim nimadir kavshab yurishi, vaziyatlarda o‘zini tutishi bu tipni yana ham kulgili qilib ko‘rsatadi.
Aktyor o‘zi jonlantirayotgan obrazning haqiqatiga ishonishi, ishontira olishi kerak. Spektakldagi Nafisa Toshmatova (Mutaxassis xonim), Po‘lat Normatov (Bo‘lim boshlig‘i), Suxrob Xurramov (Bosh mutaxassis) kabi aktyorlar ham o‘zlariga yuklangan rollarni janr doirasida jonlantirishga, satirik bo‘yoqlar berishga harakat qilgan. Kotiba rolini talqin etgan yosh aktrisaning ijrosi yorqinligi, erkinligi bilan esda qoladi. Umuman, har bir aktyor o‘z qahramoni timsolida qaysidir illatni fosh etadi.
Asardagi Farrosh kampir timsoli spektaklning qizg‘in voqealari orasida ba’zi-ba’zida ko‘rinish beradi. Dono Boboxonova ijro etgan bu kampirni hech kim odam o‘rnida ko‘rmaydi. Lekin u asar voqealari oqimida o‘zak vazifasini bajaradi. Qarib-qartayganda ham tirikchilik dardida ertadan kechgacha ishlab, o‘ziga-o‘zi yozg‘irib yuradigan shu farrosh o‘zi bilmagan holda butun idoraning “oromini” buzadi. Va ayni shu personaj asarning paradoksal yukini o‘zida tashiydi. Chindan ishlaydigan odam xor, ishlaganday bo‘ladiganlar esa to‘rda, rohatda. Aslida satirik asarda ijobiy qahramonning o‘zi bo‘lmaydi. Lekin tomoshabin shu Farrosh kampir timsoliga nisbatan achinish hissini tuyadi.
Spektakl shu kabi turfa xarakterlar quramasidan iborat. Asarning umumiy ko‘lamida hammasining vazifasi muhim bo‘lgani bois, asosiy qahramon kim o‘zi, bilib bo‘lmaydi. Bunga kamchilik deb qarab bo‘lmaydi. Chunki asarning asosiy fokusi qaysidir alohida tipga emas, butun bir jamiyatning ahvolini ko‘rsatishga qaratilgan. Shu nuqtai nazardan qaralganda, spektaklning markazdagi obrazi – hamma, hammadan iborat jamiyat. Konflikt masalasi ham shu ko‘zda yondoshishni talab etadi. Umuman, spektaklning aktyorlari ansambli yaxlit holatda tomoshabin ko‘z oldida olomon obrazini akslantiradi. Asar shu jihati bilan ham odatiy uslubdagi spektakllardan farq qiladi.
Spektakl qiziq nuqtada tugaydi. To‘kilib tushgan bino (chirigan tizim)da “mensiz ishxona ishxona emas” deganlarning hech bir yo‘q. Xatar tug‘ilgan ondayoq hammasi tum-taraqay qochgan. Ag‘dar-to‘ntar sahnada, ayanchli xaos ichida yana balogardon farroshgina qoladi.
Spektakl menga ilk taassurotda “Moviy tog‘lar yoxud haqiqatdan yiroq voqea” filmini eslatib yubordi. Garchi film va bu spektakl boshqa-boshqa mazmundagi asarlar bo‘lsa-da, ikkisi ham puch jamiyatni tasvirlaydi.
Aktyorlarning ijrosida ba’zi o‘rinlarda janr balansi birdek ushlamagan, spektakl stilistikasi singishmagan holatlar seziladi. Lekin asar sahnada har safar har xil ijro etilishi mumkin. Spektaklning umumiy badiiy plankasi oldida juz’iy kamchiliklarni e’tiroz qilish ham o‘rinsiz.
Shunday qilib, spektaklning qiziqarli va tig‘iz voqealari silsilasida vaqtning qanday o‘tganini unutasiz. Qariyb bir yarim soat davom etadigan satirani kulib-kulib ko‘rasiz, lekin tomosha ortidagi qorong‘ilik dahshatini his etib turasiz...
Bir so‘z bilan aytganda, “Ishlaganday bo‘laylik” (Snos) spektakli mavzusi, tanqidiy ruhi, badiiy yaxlitligi bilan jiddiy asar bo‘lgan. Bir tarafdan bu spektaklni hamma ham birdek tushunadi deb aytolmaymiz. Oddiy tomoshabinga uning badiiy-g‘oyaviy yuki og‘irlik qiladi.
Umuman, asarda o‘z aksini topgan jamiyatning ayni shu saviyasizlik, jaholat bilan bog‘liq real muammolarini teatr, san’at hal qilolmaydi (zotan, missiyasi bu emas), lekin uning tuzuvchisi ham, buzuvchisi ham bo‘lgan odamlarning ruhiyatiga, tafakkur tarziga ta’sir etishga qodir.
Maftuna MUHAMMADAMINOVA
Ma’naviyat
Adabiyot
Mafkura
Tarix
Mafkura
Ta’lim-tarbiya
Til
Ta’lim-tarbiya
Jarayon
Tarix
Tarix
Tarix
Din
Adabiyot
//
Izoh yo‘q