Ko‘rmoq bor-u, yemoq yo‘q


Saqlash
11:10 / 28.10.2021 976 0

Yaqinda ijtimoiy tarmoqda Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi maktablardan birining (qaysi maktab ekanini aniq aytmayotganim sababini keyinroq tushunasiz) ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi taniqli bolalar yozuvchisi hamda iqtidorli yosh san’atkorlar ishtirokida uchrashuv-muloqot tashkil etgani haqidagi xabarni o‘qidim. Xabarga tadbirdan olingan suratlar ilova qilingandi. Menga o‘sha maktab tanish, uning yonidan juda ko‘p o‘tganman. Ijtimoiy tarmoqdagi suratlarni kuzatib bir narsaga hayron bo‘ldim: uchrashuv serqatnov ko‘cha yoqasida joylashgan maktabning kiraverishidagi maydonchada bo‘lib, o‘quvchilar quyosh tikkaga kelgan paytda davra olib tik turishibdi; to‘rga qo‘yilgan to‘rtta stulda yosh sozandalar o‘tirishibdi, o‘rtada taniqli yozuvchi ma’ruza qilyapti. Ularning orqasida shu yil yozda yaxshilab ta’mirlangan maktab yaraqlab ko‘rinib turibdi. Birdan xayolimga: “Bu maktabning majlislar zali yo‘qmikin?” degan savol urildi, chunki binoni faqat tashqaridan ko‘rganman. O‘quvchilar atrofdan har xil tovushlar eshitilmaydigan, diqqatni boshqa narsalar tortmaydigan zaldagi o‘rindiqlarda o‘tirib ma’ruzalarni eshitsalar, kuy-qo‘shiqlarni tinglasalar, tadbirning samaradorligi ortishi aniq-da. Shu sababli yo‘l-yo‘lakay uchrab qolgan o‘qituvchidan so‘radim:

–       Maktablaringizning majlislar zali bormi?

–       Ha, – dedi u faxrlanganday va fikrlarini taxlab tashladi. – Hozir judayam chiroyli, hashamatli bo‘lib qoldi. Bolalar kirib oyoqosti qilmasin, remontning sifati ketmasin, deb rahbarlar qulflab qo‘yishgan. Tuman xalq ta’limidan, vazirlikdan, katta idoralardan mehmonlar, tekshiruvchilar kelsa, majlislar o‘sha yerda o‘tkaziladi.

–       Ha... – dedim bu kutilmagan gapdan hayron bo‘lib. – Kechagina maktabingizda bolalar yozuvchisi hamda san’atkor yoshlar ishtirokida tadbir o‘tkazilgan ekan. Hovlida, maktab sahnida. Maktabning zali yo‘qmikan, deb o‘ylagandim. Bunaqa tadbirlar har kuniyam bo‘lavermaydi-ku.

Bu gapimni eshitib suhbatdoshim birdan hushyor tortgandek bo‘ldi:

–       Yana bilmadim. Bu mening gapim emas, kimdandir eshitdim... lekin esimda yo‘q. Tag‘in, meni aytdi, deb yurmang odamlarga.

O‘qituvchini tushundim. Maktab nomini aniq yozmaganim sababi ham shunda.

Ayni muloqotdan keyin bog‘chaning tokchalariga o‘yinchoqlarni terib qo‘yib, ularni bolalarga bermaydigan bog‘cha opalar; jurnalistlik faoliyatim davrida ayrim joylarda uchratganim – “Onalar va bolalar xonasi”, “Dam olish xonasi”, “Ayollar gigiyena xonasi” kabi nomlar ostida zarur narsa-yu buyumlar bilan jixozlab qo‘yilgan, ammo faqat “yuqoridan” tekshiruvchilar kelgandagina ochilib namoyish etiladigan joylar; ayrim to‘y-u ma’rakalarda to‘kin ne’matlar bilan bezatilgan va unga yonimizdagi odamlarni yo‘latmay, kazo-kazolar kelishi kutiladigan dasturxonlar yodimga tushdi. Shu bilan birga, Yurtboshimizning 2021-yil 26-martdagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan yosh avlodning adabiyotga, badiiy ijodga qiziqishini, intilishini orttirish; bu boradagi bilimlarini chuqurlashtirish, iqtidorli bolalarni tanlab olish va ularning qobiliyatini kamolga yetkazish maqsadida respublikamizning o‘n mingdan ziyod maktablarida ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha ishtiyoq, ko‘tarinki ruh, tashabbuskorlik bilan ish boshlagan targ‘ibotchilarning ayrimlaridan eshitganim – ular faoliyat yuritayotgan ta’lim dargohida adabiyot va ijodga qiziqqan bolalar bilan ishlash uchun sharoit yo‘qligi, xona ajratilmagani haqidagi gaplarni esladim.  

Yana... o‘n yilcha oldin Farg‘ona viloyati tumanlaridan birida kattalarning “gap”i uchun muzxonaga qo‘yilgan mevalardan so‘ramasdan olib yeb qo‘ygani uchun onasidan dakki eshitib, yuziga tarsaki tushganidan keyin o‘z joniga qasd qilgan o‘n uch yoshli qiz xayolimga keldi. Bu misol bilan dilingizga iztirob solganim uchun uzr so‘rayman. Ammo... yaxshilab o‘ylab ko‘rsak, yuqorida keltirilgan barcha hayotiy voqealarning tomirlari tutashga o‘xshaydi: bu ildizlar soxta dabdabaga o‘chlik, obro‘parastlik, mehrsizlik va yana... egallagan lavozimi-mavqeiga azbaroyi munosib emasligidan, o‘tirgan kursisini yo‘qotib qo‘yishidan qo‘rqib yashash kasridan suv ichib semiradi. Said Ahmadning bir hikoyasi qahramoni mansab-u obro‘ ilinjida o‘z otasining qamalishiga sababchi bo‘lgan, keyin o‘zi ham qamalib ketgandi. Ha, odam ajratish, o‘zingni boshqalardan ustun deb bilish, kimlargadir past nazar bilan qarab, shaxsiy manfaat ilinjida yana kimlargadir poyi-patak laganbardorlik – inson qalbining eng mudxish fojialaridan biri. Bolalarimizni bu illat balosidan asrash uchun, avvalo, o‘zimiz bag‘rikeng, xolis, barchaga birdek saxovatli, o‘zimiz va yaqinlarimizga (bugungi zamonda “rahbarlarimizga” degan so‘zniyam qo‘shib qo‘ysak bo‘ladi) ravo ko‘rgan yaxshiliklarni barchaga barobar astoydil ilinishimiz kerak. Ayni masalada muallimlar o‘quvchilari ko‘z o‘ngida har lahzada ustozlik maqomining amalini namoyish etsalar, qaniydi!

Hassos adib Saida Zunnunova bir hikoyasida xonadoni doim saranjom-sarishta, toza, yaltillab turishini xohlaydigan, hovli-yu xonalarni changitib to‘s-to‘polonini chiqaradigan nabiralarini uyiga sig‘ishtirmaydigan intellegent buvi oxir-oqibat yakka-yu g‘arib bo‘lib qolganini tasvirlagan edi. Jamiyatning kelajagi, yangi avlod o‘z xonadonida, mamlakatning Shahar-u qishloqlarida, ilm va hunar maskanlarida yoshiga munosib qiziqish, sho‘x-u shaddodlik, bag‘ri butunlik tuyg‘usi bilan; o‘zining baxtli inson bo‘lib ulg‘ayishi uchun ona Vatanda barcha sharoitlar muhayyo va qo‘l uzatsa yetgudek ekanini his etib kamol topsin – shunda ular muhtaram Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev ilgari surayotgan, izchil chora-tadbirlar bilan qo‘llab-quvvatlayotgan qutlug‘ maqsad – O‘zbekistonda Uchinchi Renessans saltanatini bunyod etguvchi shaxslar bo‘lib ulg‘ayadilar.

Muhtarama ULUG‘OVA,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi,

“Mehnat shuhrati” ordeni sohibi

 

Ishonch gazetasi, 2021-yil 28-oktabr soni

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19268
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16262
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi