Hozirgi kunda butun Yevroosiyoda bo‘lgani kabi Markaziy Osiyoda ham o‘zliklar (identity) kurashi va raqobati kechmoqda. Millat, millatchilik, o‘zlik tushunchalari tafakkur ahlini o‘ylantirmoqda, bu boradagi kurash umumjahoniy miqyos kasb etmoqda.
Mamlakatimizda ham milliy o‘zlik muammolariga oid munozaralar qariyb qirq yildan beri davom etayotir. Zamonaviy O‘zbekistonda qiziq bir holatni kuzatishimiz mumkin: lokal va global, dunyoviy va diniy o‘zliklar qarama-qarshiligi kuchaymoqda.
O‘zlik ta’limoti borasida jamiyatimiz yakuniy to‘xtamga kelmagani sabab mazkur istilohga aniq ta’rif berishdan o‘zimizni tiymoqdamiz. Maqolada bayon etajak mulohazalarimiz hukm emas, balki shaxsiy nuqtai nazar ekanini eslatgan holda, olimlar, tadqiqotchilarni bahsga chorlab qolamiz.
Sovet Ittifoqi parchalanishi arafasida Markaziy Osiyoda millat, millatchilik, demokratiya, diniy va dunyoviy davlat, fuqarolik jamiyati kabi tushunchalar borasida jangi jadal boshlanib ketdi. Oxirgi yillarda mazkur masalalarning aksariga muayyan yechim topildi. Lekin o‘zlik ta’limotiga oid dolzarb savollar hamon javobsiz qolmoqda. Buning asosiy sabablaridan biri – jamiyatimizda mustaqillik va erkinlik atamalarining faqat davlat va huquqiy madaniyatga nisbatan ishlatilganidir. Bizningcha, bu ikki muhim qadriyat mantiqiy nuqtai nazardan aralashtirilib yuborildi, ta’bir joiz bo‘lsa, jonsiz tushunchalarga aylantirildi. O‘zlik masalasiga ham siyosiy-mafkuraviy tus berildi, ijtimoiy kategoriya sifatidagi talqini cheklandi, pirovardida, u asl mazmun-mohiyatini yo‘qotib, mavhum va mubham istilohga aylandi.
O‘zlik milliy, madaniy, siyosiy va diniy shakllarga ega. Markaziy Osiyoda mazkur shakllar qorishiq holda namoyon bo‘lmoqda. Mintaqaning bugungi kishisi tashqi suratiga ko‘ra yevropalik, siyratiga ko‘ra esa diniy yoki milliy qadriyatlarga e’timod qo‘ygandir. O‘zlikning omixta shakli postkolonial (mustamlakadan keyingi) davr natijasi deyish mumkin.
Bir ilmiy haqiqatni anglashimiz zarur: o‘zlik siyosiy irodaga emas, balki har bir fuqaroning irodaviy harakatiga bog‘liq. Irodaviy harakatning asosini esa anglangan istak-xohish tashkil etadi. Ayniqsa, XXI asrda o‘zlik masalasi yanada nozik tus olib, shaxsiy anglangan tanlovga aylandi-qo‘ydi. Bu, albatta, butun kurrai arzda inson huquqlari harakatining jadallashgani bilan izohlanadi.
Nima uchun o‘zlik ta’limotini shakllantirishda hozirgi kun mohiyatiga e’tibor qaratilmayapti? Nima uchun mavjud siyosiy, iqtisodiy va madaniy shart-sharoit inobatga olinmayotir? Umuman, jamiyatimizda nega zamonaviy o‘zlik masalalari tegrasida qizg‘in bahs-munozara kuzatilmayapti? Balki, “normal o‘tmish” va “normal kelajak” o‘zligimiz masalasini uzil-kesil hal etar? Bu kabi savollarga aniq-tiniq javob topish vaqti allaqachon kelgan. Aks holda, o‘zligimiz mavhumligicha qolaveradi. Yaxlit millat bo‘lib shakllanish ham ko‘p jihatdan shunga bog‘liq.
O‘zligimiz tamali nima?
Bizning eng katta muammomiz – o‘zlikni siyosiy, madaniy yoki diniy asosga “bog‘lab” qo‘yganimizdadir. Yurtdoshlarimizga asosan siyosiy manfaatlarga bo‘ysundirilgan o‘zlik shakli taqdim etib kelindi. U hali-hamon o‘zbek fanida mustaqil tushuncha sifatida to‘liq aks etmagan.
O‘zlik ko‘p qatlamli ta’limot o‘laroq siyosiy, madaniy, etnik, diniy va fuqaroviy unsurlardan tashkil topadi. Ta’kidlash joizki, uning biron elementi ustunlik qilmasligi kerak. Agar biron bir unsur ustunlik qilsa, uning o‘zani o‘zgarib, “o‘zga”ning manfaatiga xizmat qila boshlaydi.
O‘zlik kabi “o‘zga”ni ham hozircha faqat tarixiy mezonga ko‘ra tavsiflash mumkin. U turli vaziyatlarda davlat, hokimiyat, kuch, ilm-fan, madaniyat, din tarzida namoyon bo‘ladi.
Postkolonial bosqichdagi O‘zbekistonda o‘zlikning mustaqil kategoriya sifatida shakllanmagani sabablaridan yana biri – “o‘zga” bilan munosabatda muvozanat yo‘qligidir. Bu hol o‘zlikning barcha shakllariga salbiy ta’sir o‘tkazyapti. Tafriqaga qarshi kurashish va unga chek qo‘yish uchun esa intellektual tarix sohasi ravnaq topishi zarur.
O‘zlikning funksional asosini tarixiy tajriba va kelajak rejalar tashkil etadi. Soddaroq aytganda, o‘zlikni jamiyat mahsuli deya talqin qilsa ham bo‘ladi. Mashhur fransuz psixoanalitigi Jak Lakan aytganidek, “O‘zlik o‘zga hozir bo‘lganda anglanadi”. Demak, o‘zlik o‘z-o‘zini anglay olmaydi, balki “o‘zga”ni taqozo etadi. Bizda farang olimining formulasi boshqacha shaklda bo‘y ko‘rsatmoqda: o‘zlik “o‘zga” bilan qizg‘in kurashda o‘z qobig‘iga o‘ralib, mohiyatini yo‘qotmoqda. “O‘zga” mudom o‘zlikni bo‘ysundirmoqni ko‘zlaydi. Kuchlar barobar bo‘lmagan kurashda, tabiiyki, o‘zlik chekinadi. Mohiyatan o‘zlik doimo o‘zini kashf qiladi, “o‘zga” esa bu jarayonni izmiga solmoqni istaydi. Agar o‘zlik mustahkam va poydor bo‘lsa, u tashqi omil ta’sirida zaiflashmaydi, balki olovda toblangan temirdek pishib-yetiladi.
O‘zlikni siyosiy institutlarga bog‘liq deb biladigan ziyolilarimiz uning mustaqilligini tan olgisi kelmaydi. Yana ayrimlar uni davlat shakllantirib berishi kerak deb hisoblaydi. Bunday vaziyatda davlat “katta o‘zga”ga (J.Lakan istilohi) aylanib qolishi hech gap emas.
Mutaraqqiy dunyoda aksincha – o‘zlik har bir shaxsning tanlov va irodasiga vobasta ko‘riladi. Ilmiy lahjada aytganda, o‘zlik mohiyatan vertikal emas, balki gorizontal anglanmagan istaklardan iboratdir. Ya’ni istaklarning shakllanishi siyosiy institutlarga bog‘liq bo‘lmasligi lozim. Xohish-istaklar siyosiy institutlar nazoratida bo‘lgan muhitda o‘zlik ta’limoti vertikal tarzda idrok etiladi, jamiyatda hatto tengsizlik risoladagi hol deya qabul qilinadi. Bu jihatdan fransuz faylasufi Jil Delyozning “ko‘pildizlilik” (fr. rhizome – rizoma) nazariyasi masala mohiyatini teran anglashga yordam beradi.
Mamlakatimiz ilm va ijod ahli ham o‘zlikning negizini qidirib keladi. Ammo bizning xatomiz shundaki, nafaqat o‘zlikni, balki barcha ijtimoiy kategoriya va tushunchalarni vertikal tasavvur qilamiz, ko‘pincha hayot-mamot masalalarida “kattalar nima desa shu” degan aqidadan chetga chiqa olmaymiz. Bu esa g‘oyaviy jabhada muvozanat buzilishiga olib keladi.
Qiziq holat shuki, aksar ziyolilarimiz “o‘zlik asosida istak-xohish yotadi” degan fikrni jillaqursa muqobil variant o‘laroq qabul qilmaydi. Ular nazdida, istak-xohish – salbiy kategoriya. Odamzodni hayvonot olamidan istak-xohish ajratib turishini unutib qo‘yganmiz go‘yo. Aslida, istak-xohishlarning namoyon bo‘lishi o‘zlikka kuchli ta’sir ko‘rsatadi. “O‘zga”ning murod-maqsadi ham o‘zlikning istak-xohishiga ta’sir o‘tkazishdan iboratdir.
Yana ayrim ziyolilarimiz negadir “o‘zga”ning o‘zlikka “bosim”ini tabiiy deb biladi. Soddaroq aytganda, siyosiy institutlarning barcha chora-tadbirlari istisnosiz qo‘llab-quvvatlanadi. Bu ham postkolonial jamiyat asorati bo‘lsa ajab emas. Chunki davlatchilikni bunday talqin etish sovet davriga xosdir.
O‘zlikning funksional shakl-shamoyili ijtimoiy hayotda aks etadi. Uning mavjudligi, yashamog‘i uchun qaynoq ijtimoiy hayot zarur, albatta. O‘zlik ijtimoiy kategoriya ekan, u bevosita shu makonning tarixiy tajribasiga tayanishi kerak. Jamiyatimizda esa haligacha “yevropalashish”, “turkiylashish”, “milliylashish”, “islomlashish” qutblari o‘zaro ixtilofda. Demak, muammo aniq, endi unga oqilona yechim topmoq lozim. Bizningcha, yechim – o‘zlikning gorizontal tasavvurini yaratib, “o‘zga”ning ustunligini kamaytirishda. Sirasi, uni siyosiy manfaatlarga emas, balki inson manfaatlariga bo‘ysundirmoq darkor.
Tarixiy ong va o‘zlik
“O‘zligimizning asosini tarixiy ong tashkil etadi” deya olamizmi? Bizningcha, yo‘q. Chunki bizda tarixiy ong palapartish holatda va mafkuralashtirilgan shaklda. Paradoks shundaki, u hali to‘liq idrok etilmagan. Idrok etilmagan tarixiy ong esa o‘zlikka emas, balki “o‘zga”ga xizmat qiladi. Tarixiy ong gohida repressiv g‘oya to‘nini kiyib, mafkuraviy vazifalarni bajaradi.
Tarixiy ong shaklan Fanlar akademiyasida mavjuddir, lekin jamiyat uning mazmun-mohiyatidan to‘liq xabardor deya olmaymiz. Aniqroq aytganda, bu borada faqat tor ilmiy doiralarda gapirilmoqda, keng jamoatchilik esa undan voqif emas.
Aslida, tarixiy ong asosida tarixiy xotira yotadi. Lekin bizda tarixiy ong negizida “haqqoniy tarix” manaman deb bo‘y ko‘rsatib turibdi. “Haqqoniy tarix”ni mamlakat ahli izlamoqda, lekin u postkolonial jamiyatning xayoloti, xolos. Hatto ziyolilarimiz ham u asotir ekanini anglayotgani yo‘q. Xayol mahsuli ortidan chopish esa asosiy muddaodan chalg‘itmoqda.
Bizningcha, tarix o‘zlikning funksional asosi bo‘la olmaydi. Boz ustiga, ayrim siyosiy guruhlar manfaatiga xizmat qiluvchi tarix millatchilikka ham yetaklashi mumkin. U holda qani o‘sha “haqqoniy tarix”? Kim, qachon tiklaydi uni? “Haqqoniy tarix” tiklansa, o‘zligimiz shakllanishi itmomiga yetadimi? Umuman, o‘zlik masalasi faqat shu omilga bog‘lanib qolganmi? Shu kabi savollar tegrasida bahs-munozara yo‘qligi gumanitar fanlarda ilmiy saviya tushib ketganidan dalolat beradi.
Tarix fani va falsafasidan boxabar olim “haqqoniy tarix”ni qidirib vaqt yo‘qotmaydi, chunki tarix “mafkuradan xoli makon”ligini (fransuz olimi Per Burdyo ta’rifi) yaxshi biladi. Darhaqiqat, tarix fani mustaqil makonga ega. Ammo biz ko‘pincha tarix, sotsiologiya, falsafani siyosiy makonga bo‘ysundirib, anglab-anglamagan holda “katta o‘zga”ning tegirmoniga suv quymoqdamiz. Bularning bari asotirlarga to‘la, pirovardida resentiment (subyektning o‘z omadsizliklari sababini “o‘zga”da ko‘rishi, aybdorlik hissidan qutulish ilinjida dushman timsolini yaratish) holatiga yetaklaydigan “haqqoniy tarix”ga ehtiyoj tug‘diradi.
Tarixiy ong zamirida anglangan zamonaviylik yotadi. O‘zlik “o‘zga”ga qarshi kurashda ham tarixiy ongga tayanadi. Jamiyatimizda esa buning aksi kuzatilayotgandek. Tarix makonini zamonaviy istak-xohishlar egallashi ham durust emas. Binobarin, o‘tmish bugunning muammolariga universal yechim bo‘la olmaydi.
Bizga nima xalal bermoqda?
O‘ylashimizcha, shonli o‘tmish va buyuk kelajak g‘oyalari o‘zlik ta’limotini shakllantirishimizga xalal bermoqda. Sirasi, bizning o‘tmishimiz zamonaviy shaklda namoyon, mazmuni esa kelajakda jamlangandir. Shu bois ham hozirgi kunimiz to‘liq zamonaviylikka aylanayotgani yo‘q – mamlakat aholisining aksari uni o‘tmishning, ziyolilarimiz esa kelajakning bir qismi deb biladi. Olmon sotsiologi Yurgen Habermas Yevropada “modern (zamonaviylik) – tugamagan dastur” deb yozgan edi. Olimning bu fikrini hayotimizga tatbiq qilsak, “o‘zlik – tugamagan dastur” o‘laroq in’ikos etadi.
Tarixiy ong tugal shakllanmagani yoki sovetcha ongning haligacha ustunligi sabab o‘zligimiz postkolonial va modern (stalincha variantda) kategoriyalariga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Oqibatda, jamiyatda madaniy taraqqiyot past-baland tarzda kechmoqda, ziyolilar orasida ilmdan yiroq bahslar ko‘paymoqda, dunyoviylik va diniy tafakkur turli jabhalarda to‘qnash kelmoqda. Intellektual “ayirmachilik” va boshboshdoqlik, milliy o‘zlikning tarixiy asoslari bo‘shligi shunday noravo holni paydo qiladi. Bu vaziyatdan bizni faqat ochiq munozara, erkin tafakkur va chinakam o‘zlik ta’limoti qutqara oladi. Yana J.Lakan nazariyasini yodga olsak, o‘zligimizni anglashimiz uchun “o‘zga” kerak. Hozircha jamiyatimizda haqiqiy o‘zlikka teng “o‘zga” yo‘q, illo bahslashayotgan guruhlar mavjud. Siyosat, madaniyat va din inson manfaatlariga xizmat qilsa, jamiyatda munosib “o‘zga” vujudga keladi. G‘oyaviy plyuralizm esa risoladagidek o‘zlik ta’limoti shakllanishiga ko‘mak beradi.
Yana bir bor ta’kidlaymizki, o‘zligimizga o‘tmishning ta’siri katta va ko‘p hollarda u salbiy ta’sir ko‘rsatayotir. Asosiy sabablardan biri – biz o‘tmishimizdan norozimiz. “Haqqoniy tarix”ni izlash bilan ovora ekanimiz boisi ham shu. Norizolik ham o‘zlik, ham tarixiy xotira shakllanishiga to‘siq bo‘ladi. Bu kayfiyatni yengib o‘tish uchun jamiyat tarix bilan “xotiraviy murosa”ga kelmog‘i lozim. Ziyolilarimiz va siyosatchilarimiz tarix kechagi kun ekanini tan olishlari zarur. Tarixiy xotira qaror topmog‘i uchun moziyga munosabat ham o‘zgarishi kerak. Zamondoshlarimiz tasavvurida o‘tmish – o‘tmish emas, balki hozirgi kungacha davom etayotgan uzluksiz voqealar almashinuvi. Jamiyatda kechayotgan munoqashalarning sababi ham shundadir. O‘zlik va tarixiy xotira poydor bo‘lmagani bois bahslar aljirash va shaxsiy manfaatlar to‘qnashuviga aylanib qolmoqda yoki siyosiylashtirilmoqda. Alaloqibat, o‘zlik bir chetda qolib, boshqa siyosiy g‘oyalar markaziy o‘ringa chiqyapti.
Buyuk o‘tmish va o‘zligimiz
Buyuk o‘tmish g‘oyasi “haqqoniy tarix” tushunchasini paydo qildi. “Buyuk o‘tmish” shunday fenomenki, u gohida to‘qima-xayoliy hodisalarni talab etadi. Shonli o‘tmish, ulug‘ ajdodlar g‘oyasi o‘zligimiz shakllanishiga soya solayotgandek. Mantiqan baholasak, “buyuk o‘tmish” konsepsiyasi intellektual notenglikni yaratadi. Chunki u kezi kelganda tarixni ideallashtirishga majburlaydi. Ideallashtirilgan tarixni o‘qigan zamonaviy inson bugun va o‘tmish o‘rtasida nisbat qidiradi, izlaganini topa olmagach, tarixdan ko‘ngli soviydi. Shu tariqa o‘zlikning funksional quroli – tarixiy ong shakllanmay qoladi. Alaloqibat, zamondoshimiz o‘zligining ildizini boshqa millatlardan qidiradi, yaqinyiroqdagi mamlakatlarga havas-la boqadi, psixologik jihatdan o‘zini noqis seza boshlaydi.
Shonli o‘tmish g‘oyasining yana bir jihati o‘zlik tushunchasining siyosiylashgani va mafkuralashgani bilan bog‘liq. Bu vaziyatda u davlatchilik g‘oyasiga chambarchas bog‘lanadi, ya’ni davlatchilik “o‘zga” vazifasini bajaradi. Bizda ham oxirgi o‘nyilliklarda o‘zligimiz mazmunini davlatchilik mafkurasi belgilagani sir emas. Tariximiz talqinida davlatchilik birlamchi ahamiyat kasb etgani sababli u o‘zlik masalasidan ham ustun mavqeni egalladi. O‘zlik hatto davlatchilikning bir unsuriga aylandi. Aslida, aksincha bo‘lishi kerak edi. Sog‘lom tafakkurga quloq tutib, barini o‘z o‘rniga qaytarish vaqti keldi, nazarimizda.
Maqola avvalida o‘zlik bobida sof ilmiy munozara kechmog‘i uchun intellektual tarix yo‘nalishini rivojlantirish zarurligi haqida gapirgan edik. Intellektual tarix tushunchalar takomili va tadrijini o‘rganadi. Akademik tariximizda ushbu yo‘nalish ravnaq topsa, o‘zlik asoslarini anglash ham osonlashadi.
Intellektual tarix zarurati
Normal o‘tmish va normal kelajak haqidagi tasavvurlarni aynan intellektual tarix shakllantiradi. Ushbu ilmiy yo‘nalish o‘tmishdagi g‘oyalarni rekonstruksiya qilib, tushunchalar mohiyati va mazmuni orasidagi farqlarni tadqiq etadi. Masalan, “Boburnoma”da Hirot aslzodalarining hayot tarzi nega qora bo‘yoqda tasvirlangan? Jadidlar nega ayrim an’analarni taraqqiyot yo‘lidagi asosiy g‘ov deb bilgan? Bobur Mirzo Hirot arkoni davlatining aysh-ishratga berilgani Shayboniyxonning oson g‘alabasiga zamin hozirladi deb hisoblaydi. Jadid ma’rifatparvarlari esa qoloq odatlar, to‘ylardagi isrofgarchilik va ta’limga e’tiborsizlik sabab ilg‘or o‘lkalardan ortda qolib ketdik deb kuyunadi.
Intellektual tarixchi uchun o‘tmishdagi voqea-hodisalarni zamondoshlar qanday qabul qilishi, ular bugungi kun jamiyatida qanday aks sado berishi o‘ta ahamiyatlidir. Hamma tarixchilarimiz ham matn zamirida bahsli fikr, muallifning shaxsiy istak-manfaatlari yotishini to‘g‘ri tadqiq qilavermaydi. Ayrim olimlar tarixiy matnni zamonaviy mafkura ko‘zoynagini taqqan holda o‘qiydi. Ya’ni tarixiy matnni idrok etishda g‘oyaviy evrilishlar e’tiborga olinmaydi. Oqibatda, tarixiy matnning mohiyati buzilib, mazmuni tahrirga uchraydi. Bu holat o‘zlik shakllanishi va mavjudligiga xavf tug‘diradi.
O‘zlik ta’limoti ham intellektual tarixning asosiy tadqiqot mavzusi hisoblanadi. Mulohazali savollarimizni davom ettirsak: Bobur va jadidlar o‘zligi o‘rtasida mushtarak jihatlar bormi? Bobur ham, jadidlar ham zamonasining ashaddiy tanqidchilari hisoblanadi. Xo‘sh, turli davrlarda yashagan tarixiy siymolarning o‘zligi javhari nima edi? Umuman, ajdodlarimiz o‘zligi “evolyusiyasi” mavjudmi?
Afsuski, o‘zlik tadriji borasida ravshan tasavvurga ega emasmiz. Chunki uni siyosiy kategoriya deb qabul qilganmiz. Aslida, o‘zlik ijtimoiy kategoriya va hamisha zamonaviylikka aloqadordir. Mazkur tushuncha ijtimoiylashuvi uchun uning tarixi yozilishi shart. Bu yana bir karra intellektual tarixni rivojlantirish lozimligini tasdiqlaydi.
Renessans va o‘zlik
O‘zlik ta’limoti xususida so‘z borar ekan, “renessans” (uyg‘onish) tarixiy-mafkuraviy konseptini chetlab o‘tib bo‘lmaydi. Mintaqamiz xalqlari ikki katta Renessans davrini boshdan kechirgan. Birinchi davr IX–XII asrlarni, ikkinchisi XIV–XV asrlarni o‘z ichiga oladi.
XX asrning 20-yillarida Bazel universiteti professori Adam Mes Musulmon renessansi haqida batafsil yozgan edi. Shu davrdan e’tiboran renessans nafaqat G‘arb, balki Sharq madaniyatiga ham tegishli ekani isbotlandi. 1960-yillarida akademik Viktor Jirmunskiyning Sharq renessansida Alisher Navoiy roliga doir maqolasi Temuriylar renessansiga ilmiy asos bo‘lib xizmat qildi. Shu davrda akademik Nikolay Konrad Temuriylar va G‘arb renessansi o‘zaro bog‘liqligini asosladi. N.Konrad Navoiy o‘z asarlarida umuminsoniy g‘oyalarni olg‘a surgani bilan boshqa Sharq allomalaridan ajralib turishini ta’kidlagan edi. Sovet Ittifoqi parchalangandan so‘ng ilm-fanda renessansga munosabat keskin o‘zgardi. Uyg‘onish g‘oyasi goh milliylashtirildi, goh diniylashtirildi.
Rus olimi Leonid Batkin fikricha, “Renessans XX asr tarixiy ongining eng dolzarb muammosi hisoblanadi”. Ammo ziyolilarimiz bu ilmiy haqiqatni anglamayotgandek. Chunki mazkur mavzuda na akademik doiralarda, na keng jamoatchilik orasida ochiq munozara kuzatilmayapti. Tarixiy ong va renessans davrlaridan ilhom olyapmiz, zo‘r ta’rif-tavsif yozyapmiz, lekin masalani teran tafakkur qilish, ijodiy yondashish bobida hamon ortdamiz. Renessans tarixiy ongimizning bir qismi ekan, unga doir g‘oyalarni tarixiy xotira darajasiga ko‘tarmoq lozim. Bu vazifa uddalanmas ekan, Uyg‘onish davri tarixiy faktdan nariga o‘tmaydi.
Uchinchi Renessansning maqsadi ayon: o‘tmish hodisalarini tafakkur chig‘irig‘idan o‘tkazib, tarixiy xotirani mustahkamlash va tarixiy ongni shakllantirish. Buning uddasidan chiqsak, o‘zlik bevosita va bilvosita tarixiy ong bilan vobasta bo‘lib, sog‘lom milliy tafakkur vujudga keladi. Demak, renessanslarimizning yangi talqini zarur. Ularni o‘rganish bilan cheklanmay, Uchinchi renessansning ilmiy asosini yaratish lozim.
Orzudagi kelajak
Keyingi vaqtlarda ziyolilarimiz matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda “normal o‘tmish” va “normal kelajak” haqida mulohaza bildira boshladi. Bu o‘rinda tarix va kelajakni buyuklik da’vosidan xalos etib, inson manfaatini ilgari surish nazarda tutilmoqda. Boya qayd etganimizdek, o‘zlik g‘oyasi o‘tmish va kelajak bosimidan xalos bo‘la olmayapti. Shonli o‘tmish, buyuk kelajak kabi g‘oyalar esa “o‘zga”ning quroli ekani sir emas.
O‘zlik doimo zamonaviy bo‘lib, davr ruhini aks ettiradi. “O‘zga” esa o‘tmish va kelajak kategoriyalariga tayanib, mudom o‘zlik “hudud”iga daxl etish payida. Jamiyatimizda o‘tmish va kelajak bosimi kuchli bo‘lgani sabab ham o‘zlik o‘zanini topa olmayotir. Zamonaviylik (modern) orqali o‘tmish va kelajakni anglash bobida ham ahvol ko‘ngildagidek emas. Oqibatda, “o‘zga” buyuklik da’vosi orqali zamonaviylikka tahdid solyapti. O‘zlik bilan “o‘zga” orasida muvozanat buzilishi ikkinchi tomon foydasiga xizmat qilyapti.
Tarixiy tajriba va xulosa
O‘zlik takomili jahonda katta imperiyalar (ingliz, fransuz, rus) barpo bo‘lishi davriga to‘g‘ri keladi. G‘arbiy Yevropa va Yaponiyada o‘zlik millat ko‘rinishida namoyon bo‘ldi. Yevropada zamonaviy ta’rifga mos millatlar 1789-yilgi Buyuk fransuz inqilobidan so‘ng vujudga keldi. “Amerikalik” esa klassik Yevropa millatlaridan farqli ravishda turli elatlar qorishuvi natijasida hosil bo‘lgan. Amerikalik – “yovvoyi” G‘arbni o‘zlashtirish jarayonida toblangan va shakllangan xalqdir. Yaponiyada XIX–XX asr bo‘sag‘asida o‘zlik murosasiz millatchilik tarzida maydonga chiqdi. Ikkinchi jahon urushidan so‘ng esa Kunchiqar o‘lkada vesternizatsiya (g‘arblashuv) kuchaydi. Bu jarayon hozirga qadar davom etyapti.
O‘zbekiston aholisi o‘zlikni shakllantirish uchun bir necha modelni tanlash imkoniga ega. Bizga mos keluvchi modellardan biri – qadimgi so‘g‘diylar desak bo‘ladi. Hozirgi davr geosiyosiy jihatdan III–VI asrlarni eslatadi. O‘sha kezlar so‘g‘diylarni sharqdan – Xan (hozirgi Xitoy), janubdan – sosoniylar (Eron), g‘arbdan – Vizantiya imperiyalari, shimoldan esa Turk xoqonligi qurshab olgan edi. Shimoliy Yevroosiyoda qabilalarning G‘arbga buyuk ko‘chishi kechayotgan edi. Ana shunday murakkab vaziyatda so‘g‘diylar turli davlat, elat va qabilalar bilan kelishib savdo-sotiq qilgan, Buyuk Ipak yo‘lida azim shaharlarni barpo etgan edi. So‘g‘d savdogarlari orqali butun Yevroosiyoga madaniyat va dinlar tarqalgan, ular Sharq-u G‘arb xalqlari o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajarib, ko‘plab urushlarning oldini olgan edi. So‘g‘d tili xalqaro tijoratda keng istifoda etilardi. Nasroniy, moniy yoki buddaviylikka e’tiqod qilgan so‘g‘dliklar din va madaniyat bobida bag‘rikeng bo‘lgan.
“O‘zbekistonlik” atamasi mazmun-mohiyatini so‘g‘diylarning turmush tarzi, qadriyatlari va dunyoqarashi bilan boyitish mumkin. O‘zbekiston bugun ham so‘g‘dliklar kabi siyosiy, iqtisodiy va madaniy masalalarda mediator (vositachi) bo‘lishi lozim. Ana shunda biz ajdodlarimizning tarixiy maqom-mavqeini qaytarib olgan bo‘lamiz. O‘zlik ta’limoti borasida ham aniq xulosalar shakllanadi.
Baxtiyor ALIMJONOV
“Tafakkur” jurnali, 2023-yil 3-son.
“O‘zanini izlayotgan o‘zlik” maqolasi
Ta’lim-tarbiya
Til
Til
Tarix
Tarix
Falsafa
Til
Ta’lim-tarbiya
Jarayon
Tarix
Tarix
Tarix
Din
Adabiyot
//
1 Izoh
Temurxon Jahongir
14:01 / 19.01.2024
Juda dolzarb mavzuda fikrlar bildirilibdi. Menga eng muhi jihati mana shu masalalar ustida ham kimdur bosh qotirayotganligining o'zi bu katta natija. Agar shu masala yuzasidan ko'pchilik bosh qotirsa, keyin haqiqiy Renessansni ko'ramiz!