Navoiyning besh armoni


Saqlash
16:13 / 28.10.2021 2790 1

Ruhiyat yolqini

Buyuk Navoiy o‘zining munojot mazmunidagi g‘azallaridan birida Ollohga arzi hol etadi:

                      Elga maxlas istasang, yetti tamug‘ni ayla kul,

                     Aylabon bir shu’la bu ohi duraxshondin judo.

Tabdil: “Yo Olloh, mabodo nomiki do‘zaxga loyiq odamizod bor – barchasini mangulik azobdan qutqaray desang, mening ko‘kka chirmashgan ohim yolqinidan bir qatimgina shu’lani ajratsang, bas, yetti qavat do‘zax kulga aylanadi-yu hamma undan xalos bo‘ladi”.

Bunday oh zamirida naqadar buyuk dard yotibdi! Yoinki bayt ulug‘vor zotning ruhiyatida sodir bo‘lgan oniy kayfiyat ifodasi, xolosmi? Yo‘q, unday emas. Navoiyning doston, g‘azal va ruboiylarida bunday mazmunli baytlar yuzlab uchraydi: Yetti ko‘kni ko‘k varaqlardek sovurgay har taraf, // Gar falak charxi aro chirmashsa ohi hasratim (“G‘aroyib us-sig‘ar”); Elga gardundin (falak) najot etmak uchun ermish bukim, // Oh o‘qidin charxni yuz yerda ravzan (ilma-teshik) ayladim (“Favoyid ul-kibar”); Ming o‘tum bor, aylay olmasmen ayon mingdin birin, // Dahr kuygay, zohir etsam nogahon mingdin birin (“Badoye’ ul-vasat”)... Ular hech shubhasiz muallif yuragidagi buyuk bir armonning ifodasidir. Aniqrog‘i, muz tog‘ining suv yuzasida ko‘ringan qismi, xolos, armonning o‘zini tasavvur etmoq uchun esa ummon tubiga sho‘ng‘ishga to‘g‘ri keladi. Navoiyning ijodiy va ma’naviy merosiga asoslanib ana shu muz tog‘ining suv ostidagi qismiga nazar tashlaymiz.

Avvalambor, ta’kidlash lozimki, armon – insonga xos xususiyat. Balki uni hayvondan farqlovchi mezonlardan biri. U hech vaqosi yo‘q gadodan yetti iqlim boyligini qo‘lga kiritgan hukmdorgacha xos. Ayni choqda, armonda ham armon borki, Nizomiddin Mir Alisher Navoiy hazratlariga daxldor tuyg‘u oddiy emas – uni buyuk armon deb ataymiz.

 

Bolalik armoni

Navoiyning xat-savodi hali maktab yoshiga yetmasdan chiqqani ma’lum. U maktabda o‘zidan katta bolalar bilan o‘qigan bo‘lsa ajab emas. Ehtimol, muallim savodi chiqqan bolalarga mutolaasi ravon bo‘lishi uchun qalingina kitoblarni o‘qishni topshirgan, Alisherning chekiga Fariduddin Attorning “Mantiq ut-tayr” dostoni tushgan... Shunday bo‘lganda ham, muallim kitob mag‘zini chaqishni nazarda tutmagan. Ayniqsa, “Mantiq ut-tayr”dek boshdan-oyoq tasavvufiy ruhdagi asarni... Biroq Navoiy dostonni nafaqat o‘qib chiqadi, balki kitob ruhi bilan qattiq bog‘lanib qoladi: O‘ylakim, eldin uzuldi ulfatim, // Ul kitob erdi anisi xilvatim... // Oqibat ishq ayladi shaydo meni, // Uyla mash’uf etti bu savdo meni.

Navoiy Attor dostoniga o‘z ona tilida javob aytishni niyat qiladi. Bu – uning bolalik orzusi bo‘lgan. Ammo maqola boshida keltirilgan hasratli baytlarning bu armonga daxli yo‘q, chunki Navoiy uni ro‘yobga chiqara olgan – umrining oxirida bo‘lsa ham “Lison ut-tayr” dostonini bitgan.

 

O‘smirlik armoni

Alisher Navoiy nazm daryosiga juda yosh chog‘ida sho‘ng‘igan. Hatto tili she’r bilan chiqqan, desak ham mubolag‘a bo‘lmaydi. Bunda oilaviy muhit katta o‘rin tutgan – tog‘alari shoir, otasi ma’rifatparvar bo‘lib, uning xonadonida tez-tez nafis majlislar uyushtirilgan. Alisherga juda yoshligidan adabiyot ahlining suhbatlarini tinglashga ruxsat berilgan. Ana shu majlislar go‘yo bir chashma bo‘lgan-u Alisherning ruhiyat marzasi orqali oqib o‘tgan. Uning nazmida vaznning mukammalligi, lug‘atning beqiyos darajada boyligi, badiiy san’atlarning anor donalaridek zichligi, ma’nolarning qatma-qat va rango-rangligi, ruhiyat yolqinining yettinchi osmonga chiqishi o‘sha tufaylidir. Ayni choqda, bu o‘rinda shunday savol tug‘iladi: mana shu omillarning o‘zigina buyuk shoir bo‘lmoq uchun kifoyami? Javob: yo‘q. Butun jahon adabiyoti tasdiq etadiki, to bulhavas qalbni muhabbat zabt yetmas ekan, vujud ishq olovida yonib toblanmas ekan, chinakam shoir dunyoga kelmaydi. Biz bu qonuniyatni yanada kuchaytirgimiz keladi: nazm ko‘yi sari qadam bosgan havasmandning ilk muhabbati qay darajada kuchli bo‘lsa, uning bu yo‘ldagi sayr-u suluki shu qadar uzoq va yuksak bo‘ladi. Alisher, o‘ylashimizcha, o‘smirligidayoq ishq balosiga yo‘liqqan, ammo charxi kajraftor taqozosi ila muhabbat taqdiri bir umrlik ayriliqdan iborat bo‘lgan. Shunga qaramasdan, Navoiy o‘z muhabbatiga umr so‘ngi qadar sodiq qolgan. Marhum ustoz Azizxon Qayumovning “Dilkusho takrorlar va ruhafzo ash’orlar” risolasida mazkur ishq qissasi batafsil tahlil etilgan...

Xo‘sh, Navoiyning buyuk armoni Majnun taqdiridan yuz chandon fojialiroq bo‘lgan ana shu muhabbatdanmi? Biz bu savolga ham “Yo‘q!” deya javob beramiz. Aynan javobsiz sevgi Navoiyning Navoiy bo‘lishida muhim o‘rin tutgan – uni tasavvuf sari yo‘llagan.

 

Yigitlik armoni

Navoiy davrida adabiyot, alalxusus, nazmning jamiyatdagi mavqei nihoyatda yuksak bo‘lgan. Hozirgi matbuot, radio, televideniye, kino-yu internet – hammasining mavqei qo‘shilganda ham o‘sha davrdagi nazmnikiga yetmasa kerak. Aks holda, Mahmud G‘aznaviy “Shohnoma”ning har baytiga bir dinor va’da qilarmidi? Sulton Husayn sohibi devon bo‘larmidi? Bobur devon bilan kifoyalanmay, mukammal-u murakkab “Aruz” risolasini bitarmidi?

Nizomiy, Dehlaviy, Attor, Hofiz, Sa’diy kabi shoirlarning shon-shuhrati shoh-u sultonlarnikidan yuksak bo‘lsa bo‘lganki, kam bo‘lmagan. Atoqli shoirlarning yangi g‘azal-u ruboiysi bir-ikki kun ichida ommalashgan, dostonxonlik esa bugungi teleseriallar tomoshasidan kengroq tarqalgan. Ana shunday muhitda Alisher Navoiy nazm maydoniga ot surib kirgan. U bolaligida bo‘lmasa ham, o‘smirligidayoq o‘z oldiga buyuk asarlar yaratish va adabiyotning eng yuksak cho‘qqilarini zabt etish, bu borada salaflari va zamondoshlari bilan musobaqaga kirishishni niyat qilgan. Bo‘lg‘usi shoiri zamon o‘zini ana shu missiyaga tayyorlagan ham, xususan, yuz minglab bayt she’r yodlagan! Olloh ato etgan iqtidor bilan hali mo‘ylabi murtak otmasdan yetuk shoir darajasiga erishgan. Navoiygacha hech bir ijodkorning bolaligida yozgan g‘azallari devon hajmiga yetmagan. Devon bo‘lganda ham, Malik ul-kalom Lutfiyni entiktirgan majmua!..

Navoiy o‘z iqtidori ko‘lamini teran his etar, turkiy she’riyatni ko‘kka ko‘tarmoqni maqsad-maslagi deb bilar edi. Biroq unga homiylik qilib kelgan nazmparvar Mirzo Abulqosim Bobur vafot etib, hokimiyat qalam ahliga befarq Mirzo Sulton Abusaid qo‘liga o‘tgach, Navoiy bor-budidan mahrum bo‘lib, g‘urbatda qoladi. Ha, avvalroq butun kelajagini nazm bilan bog‘lashga qaror qilgan Alisherning qalam ahliga bo‘lgan munosabatdan qattiq larzaga tushgani aniq. Xurosonni tashlab chiqar ekan, ustozi va murabbiyi bo‘lmish Sayyid Hasan Ardasherga yozgan maktubida o‘zining bu boradagi armonini achchiq bayon etadi: “Men ul menki, to turk bedodidur, // Bu til birla to nazm bunyodidur. // Falak ko‘rmadi men kibi nodire, // Nizomiy kibi nazm aro qodire. // Ne nazme der ersam mene dardnok // Ki, har harfi bo‘lg‘ay aning durri pok”. Yana davom etib deydiki, Firdavsiy 30 yilda yaratgan “Shohnoma”dek asarni men 30 oyda yoza olaman... Biroq shunday iste’dod qudratiga ega shoirning “Uyi – notavon ko‘ngli yanglig‘ buzug‘, // Bu uy ichra anduh-u g‘am yer ozuq. // Mayi bazmi – barcha yurak qonidin, // Surudi – hazin ko‘ngli afg‘onidin”, ya’ni bazmining mayi – yurakning qoni, bu bazmdagi qo‘shiq – g‘amgin ko‘ngilning ohi...

She’r va shoir ahlining bu qadar beqadr bo‘lganidan ozurda Navoiy Xurosonga ham, nazmga ham etak silkib, tariqat yo‘lini tutishga qaror qiladi. Shu bilan nazmning eng yuksak cho‘qqisini zabt etish niyati uning uchun armonga aylanadi.

Yaratganga hamd-u sanolar bo‘lsinkim, Navoiyning bu armoni ham ushalgan. Ushalganda ham yoshligida o‘ylaganidan a’loroq darajada – 72 yil umr ko‘rgan Dehlaviy 5 devon yaratgan bo‘lsa, 60 yoshida vafot etgan Navoiy ham shuncha devon qoldirgan. Aslida, 1496-yilda tugallangan “Xazoyin ul-maoniy”dan keyin yozgan she’rlari ham kamida bitta yirik devon hajmiga yetgan bo‘lishi kerak, chunki shoir bir ruboiysida har kuni bir-ikki g‘azal bitishini qayd etgan. “Xamsa”ning yakunida esa Nizomiy 15 yil “Xamsa” yozib, uni yana 15 yil tahrir qilgan bo‘lsa, Navoiy o‘z “Xamsa”sini ikki yilda yozib tugallaganini ta’kidlagan. “Xamsa” bo‘lganda ham, barcha salaflarinikidan har taraflama mukammalroq. (Bu bahsli iddao atoqli sharqshunos Yevgeniy Bertels asarlarida qisman asoslangan, to‘liq bayon esa alohida risola talab etadi.)

 

Navqironlik armoni

Shunday qilib, Xurosondagi siyosiy muhit va uning oqibatida yuzaga kelgan ijtimoiy tanglik Navoiyning hayot yo‘lini haqiqat izlash tomon burib yuborgan: “Urarmen qadam toki borguncha gom (darmonim yetguncha) // Ki, bo‘lg‘ay muyassar menga ushbu kom (maqsad). // Agar bo‘lsa bu yo‘lda umrum talaf (yetmasa ham), // Chu bu yo‘ldadur – ul ham erur sharaf”. Qismat Navoiyni Samarqand sari boshladi. Bu davrda Movarounnahrda Bahouddin Naqshband tufayli tasavvufning xojagon tariqati dovruq qozongan ediki, Navoiy ham aynan shu yo‘lni o‘zi uchun maqbul deb bildi. O‘sha fursatda mazkur tariqat Xurosonda ham keng ildiz yoyib ulgurgan, ammo Xoja Bahouddinning xalifasi Ubaydulloh Ahror Samarqandda istiqomat qilar edi.

Navoiy Samarqandda 5 yilcha yashagan. Qiziq bir holat: yigitligidayoq sohibi devon sifatida dong taratgan, she’r ilmi-yu san’atini nihoyatda chuqur egallagan, “Shohnoma”dek asar yaratishni 30 oyda uddalayman” degan shoir nega Samarqandda yashagan davrida na biron devon tuzgan, na biron doston yozgan? Axir, “she’rga alohida husn bag‘ishlovchi xossa iyhom bo‘lsa, har kuni iyhomli yuz bayt nonushtamga halvoday bir gap” degan ijodkor haftada bittagina g‘azal bitib qo‘ysa ham, “Samarqand devoni” dunyoga kelar edi-ku?!

Bu paradoksning izohi, bizningcha, shunday: nazmdan hafsalasi pir bo‘lgan shoir Samarqandda yashagan davrida butun vaqti va e’tiborini ilmga qaratgan. Qur’on, tafsir, kalom va hadis ilmi, arab tilining sarfi va nahvi, she’r ilmi, tarix-u falsafa, siyosatshunoslikdan tortib astronomiyagacha o‘rgangan. Xususan, yunon faylasuflari asarlarining tarjima va sharhlari, buyuk islom faylasuflari – Shayx ur-rais Ibn Sino, Shayxi akbar Ibn Arabiy, Hujjat ul-islom Muhammad G‘azzoliy va boshqa zotlarning risolalarini qunt bilan mutolaa etgan va o‘qiganlari ustida uzoq tafakkur qilgan.

Navoiyning fe’lida hamma sohada ham yuksakka intilish xususiyati ustuvor bo‘lgani ma’lum. Ha, qaysi jabhada bo‘lmasin, o‘z oldiga ulug‘ maqsad qo‘ygan Navoiy kalom, Sharq falsafasi, tasavvuf bo‘yicha ham mukammal asarlar yaratishni niyat qilgan. Bunga tayyorgarlik bilan bog‘liq bir asar qoralamasi bizgacha yetib kelgan. U ham bo‘lsa, Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyi fondida saqlanayotgan “Sab’at ul-abhur” (“Yetti dengiz”) nomli to‘rt jildli qo‘lyozma. Navoiy ushbu 100 mingdan ziyod arabcha so‘zlar lug‘atini Samarqandda yashagan davrda tuzgan. Shoir Navoiy uchun arab tilidan buncha so‘zning keragi yo‘q, ammo falsafiy risolalarni o‘qish uchun suv bilan havoday zarur – Sharq falsafasining deyarli barcha mo‘tabar manbalari arab tilida bitilgan. Hazratning arab tilini bu qadar chuqur o‘rgangani sababini, bizningcha, ul zoti muborak tasavvuf sohasida mukammal risolalar bitmoqni niyat qilgani bilan izohlash mumkin. Agar Navoiyning bu niyati amalga oshganda, insoniyat tarixi balki buyuk turkiynavis shoir o‘rnida ulug‘ olim va faylasuf bilan boyigan bo‘lur edi. Ammo 1469-yilda Sulton Husayn Xuroson taxtiga o‘tirib, bolalikdagi do‘stini Hirotga chorlaydi. Shu tariqa Navoiyning bu niyati ham armonga aylanadi.

Navoiy ohiga bu armon ham sabab bo‘lmasa kerak. Chunki saroy xizmatidan iste’foga chiqqach, u “Muhokamat ul-lug‘atayn” va “Mezon ul-avzon” risolalari, “Mahbub ul-qulub” kodeksi hamda “Lison ut-tayr” falsafiy poemasi, hukmdorlar uchun “Saddi Iskandariy”dek qo‘llanma, ayniqsa, “Hayrat ul-abror”dek buyuk falsafiy doston yaratib, bu boradagi chanqog‘ini oshig‘i bilan qondirishga muvaffaq bo‘lgan.

 

Ulug‘ niyat

Navoiy Samarqanddan Hirotga qaytar ekan, qanday o‘y-xayollarni dilidan o‘tkazgan? Sulton Husayn homiyligida emin-erkin ijod qilishnimi? Holbuki, Samarqandda ham bunga sharoit yetarli edi – unga shahar hokimi, Vafoiy taxallusi bilan qalam tebratgan Amir Hojibek homiylik qilgan. Shunga qaramay, yuqorida ta’kid etilganidek, Navoiy faol ijod bilan shug‘ullanmagan. Yoki biron mansab ilinjimi? Bu – uning naqshbandiya e’tiqodiga mutlaqo ziddir.

Fikri ojizimizcha, Navoiyning Xurosonga qaytishdan asosiy maqsadi – tarix sahnasida paydo bo‘lgan nodir imkoniyatdan foydalanmoq bo‘lgan. Bu niyatning qisqa ifodasi – ADOLAT oyini qaror topgan va NIZOM bilan boshqariluvchi DAVLAT barpo etish.

Birinchidan, Navoiy Sulton Husaynning tanti fe’li, darveshona tabiati, she’rga muhabbatini yaxshi bilar, shuning uchun bu ezgu niyatni qo‘llab-quvvatlaydi deb umid qilishga haqli edi.

Ikkinchidan, Navoiy islom ta’limotida adolatning o‘rnini, ayniqsa, hokimiyat sohiblariga Olloh tomonidan adl ila ish yuritish buyurilganini yaxshi bilgan: “Albatta, Olloh sizlarni omonatlarini o‘z egalariga topshirishga va odamlar orasida hukm qilganingizda adolat bilan hukm qilishga buyuradi” (Qur’oni karim, 4:58). Shuning uchun u Sulton Husaynni adolatga da’vat qilishni, bu borada unga yordamchi bo‘lishni o‘z burchi deb bilgan.

Uchinchidan, Navoiy davlatni adolat bilan boshqarish Muhammad (s.a.v.) va uning roshid xalifalaridan meros sunnat ekani xususida chuqur bilimga ega bo‘lgan. “Hayrat ul-abror” dostonida Ollohga eltuvchi yo‘llarni birma-bir bayon qilar ekan, Navoiy imon va islomdan keyin adolatni uchinchi o‘ringa (!) qo‘yganki, bu aslo bejiz emas. Dostonning bu bobi islom Sharqi mamlakatlariga xos hukmdorlar uchun tanbeh tarzida bitilgan. Imkon qadar ixcham tarzdagi bayoni shundan iborat: kimki taxtga o‘tirsa va shu bilan fuqaro ustidan hukm o‘tkazish vakolatiga ega bo‘lsa, buni Ollohdan omonat deb bilsin. Ayni choqda Tangri saltanat sohibiga bir necha majburiyat yuklaydi: “Lek bu iqbolning o‘trusida, // Buyla biyik martaba qarshusida, // Amr qilibdur necha xizmat sanga, // Ro‘zi etibdur necha san’at sanga”.

Shundan so‘ng Navoiy hukmdorning ikki eng asosiy va muhim burchini eslatadi: birinchisi – Ollohga shukr, keyingisi esa raiyatni Ollohning hukmdorga omonati deb bilmoqdir. Bas, shunday ekan, xalq g‘amini yeyish, adolat bilan hukm yuritish shart deb hisoblaydi mutafakkir shoir. U Sulton Husayn huzuriga yo‘l olar ekan, davlat boshqaruvida mazkur prinsiplarga amal qilinishi uchun o‘zini ham mas’ul deb bilgan. Zotan, Navoiy yo‘lga chiqishdan avval piri Xoja Ubaydulloh Ahrordan oq fotiha olgan. Bahouddin Naqshband bir umr mol va mulk egalarining mulozamatidan qochib yashagan bo‘lsa, Xoja Ubaydulloh, aksincha, adolat tantanasi yo‘lida ijtimoiy faol bo‘lish tarafdori edi.

To‘rtinchidan, Navoiy o‘z vaqtida tarixni chuqur o‘rgangan. Misol uchun, “Tarixi muluki Ajam” asarini yaratishda “Shohnoma”dan tashqari “Devon un-nasab”, “Nizom ut-tavorix”, “Jome’ ut-tavorix”, “Tarixi Banokatiy”, “Nasihat ul-mulk”, “Odob ul-arab val-furs”, “Tarixi guzida” kabi kitoblardan foydalangan. U o‘z asarlarida tarixda o‘tgan adolatli hukmdorlarga alohida e’tibor qaratgan. Bulardan biri – tarix kitoblarida “Odil” laqabi bilan zikr etilgan birinchi sosoniy hukmdor Anushirvondir. “Tarixi muluki ajam”da bunday hikoya keltiriladi: “Bir kuni Anushirvon safar chog‘i to‘xtab, kabob buyurdi. Tuz yo‘q edi. Nadimlaridan birini yaqinroq bir kentdan tuz keltirishga yuborar ekan, “Tuzni sotib olgin” deya ta’kidladi. Nadim ayttiki, tuz arzon narsa, bahosi arzimas, sotib olish shartmi? Anushirvon dediki, to‘lashga arzimaydigan narsani podshoh tekinga olishni joriy qilsa, amaldorlarning qimmatroq narsalarni ham tekin olishi odatga aylanadi va buning la’nati boshlab berganga uradi”.

Anushirvon siymosi afsonalar bilan yo‘g‘rilib ketgan bo‘lsa, adolat tamalini eng oliy tarzda joriy etgan va “Odil” laqabiga musharraf bo‘lgan real tarixiy shaxs – Umar ibn Xattob al-Foruq roziyallohu anhudir. Xalifa Umarning hayoti va faoliyati ishonchli tarix kitoblarida, xususan, Abdulmalik ibn Hishomning (834-yilda vafot etgan) “Kitobu sirot ur-Rasululloh” asarida xolis va mukammal yoritilgan (Ибн Хишам. Жизнеописание пророка Мухаммада. Москва, “Умма”, 2002). Hazrati Umarning adolati to‘g‘risida yuzlab hikoyalar mavjud. Ayniqsa, shaxsiy ish bilan shug‘ullanishga o‘tganda davlat shamini o‘chirib o‘zinikini yoqqani voqeasi ma’lum-u mashhurdir. Navoiy ham “Lison ut-tayr” dostonida bir misol keltirgan: Madoyin mamlakati islom lashkari tomonidan fath etilganda, uning hukmdorlari ko‘p asrlar davomida yiqqan xazina qo‘lga tushadi. Barcha naqd-u qimmatbaho buyumlarni ortib kelib xalifa Umar oldiga to‘kadilar. Boylikning ko‘pligi ko‘rganlarning aqlini shoshirar edi. Ammo xalifa Umar ko‘z qiri bilan ham qarab qo‘ymadi – hammasini davlat xazinasiga topshirishni buyurdi...

Sirasi, Alisher Navoiy Samarqanddan Hirotga yo‘l olar ekan, o‘z oldiga ulug‘ maqsad – adolatga asoslangan davlat qurishda ishtirok etish, do‘sti Sulton Husaynning tarixga “Odil” laqabli uchinchi hukmdor sifatida kirishi istagi bilan otlangan.

Shu o‘rinda kichik bir lirik chekinish. Jamiyatdagi eng murakkab tushunchalardan biri – adolatdir. Bu istilohga ta’rif berish oson emas, biroq u nechog‘li abstrakt tushuncha bo‘lmasin, jamiyatdagi har bir kishining kundalik hayoti bilan chambarchas bog‘liq. Tarix adolat uchun kurashga butun umrini sarflagan ko‘plab fozillar nomini biladi, bu yo‘lda hatto o‘z jonini qurbon qilganlar ham oz emas. Adolatli jamiyat, iqtisodiy jihatdan qay darajada bo‘lmasin, eng baxtli jamiyatdir. Insoniyat tarixi ko‘rsatadiki, jamiyatning saodati moddiy taraqqiyot darajasi va boylik bilan emas, aynan adolat qay darajada ustuvor bo‘lgani bilan belgilanadi. Va aksincha, adolatsiz davlat – naqadar qudratli bo‘lmasin – xudo urgan, badbaxtlik o‘lkasidir. Adolatni qaror toptirish nihoyatda mushkul, uni oyoqosti qilish esa shu qadar oson. Hatto, aytish mumkinki, adolat toptalgan hududda boylik qancha ko‘paysa, xalq shuncha baxtsizroq bo‘ladi.

Navoiy adolatning jamiyat va davlat hayotidagi ahamiyatini chuqur anglagan, aytish mumkinki, uni o‘z ijodi va faoliyatining bosh tamoyiliga aylantirgan. “Saddi Iskandariy”da to‘liq bir juz’ – uch bob shu mavzuga bag‘ishlangan. Agar “Hayrat ul-abror”da adolatsizlik – zulm kechirilmas og‘ir gunoh ekaniga urg‘u berilgan bo‘lsa, “Xamsa”ning yakuniy dostonida odillik Olloh dargohida naqadar ulug‘ martaba sanalishi hadislar vositasida ta’kidlangan:

Ki, adl ichra o‘tganga bir soate

Erur behki, jinnu bashar toati.

Mazmuni: hukmdorning bir soatlik adolati qiyomatda jamiki jin-u odamzodning bir soatlik toatidan ham yuqori baholanadi.

Qolur, kufr aro qolsa, obod mulk,

Bo‘lur, zulm agar bo‘lsa, barbod mulk.

Mazmuni: kofir obod qilgan mulk mustahkam turadi, hukmdor musulmon-u, ammo zolim bo‘lsa, uning saltanati barbod bo‘ladi.

Doston voqealariga ko‘ra, Iskandar har bir ishni ustozi Arastu va boshqa donishmandlar bilan bamaslahat qiladi; shu tufayli uning mulki obod, o‘zi esa yarimpayg‘ambar darajasiga yetadi. Bunda ham Navoiyning buyuk armoni yashirin: u Sulton Husaynni Iskandar o‘rnida, o‘zini esa Arastu o‘rnida ko‘rishni orzu qilgan. Saroyda yuksak lavozimga tayinlanishi bilan shu niyatni amalga oshirishga kirishgan...

 

Navoiy kodeksi

Navoiy Xuroson mulkida adolat qaror topishi uchun shunchaki kurash bilan cheklanmagan, balki temuriylar saltanati barqarorligini ta’minlaydigan poydevor bo‘lishi lozimligini ichdan his etgan. U mazkur poydevorni, bugungi istiloh bilan aytganda, konstitutsion monarxiya shaklida tasavvur qilgan. Tabiiyki, bu tushuncha Navoiy davrida aynan uchramasa-da, davlatni muayyan nizom asosida idora etish Sharq davlatchiligi tajribasida bo‘lgan. Saljuqiylar bosh vaziri Nizomulmulkning “Siyosatnoma”sida davlat boshqaruviga oid talay qoidalar bayon qilingan. Chingiziylarda amal qilgan ya’sa hamda “Temur tuzuklari” ana shunday nizom namunalaridir. Lekin so‘nggi ikki hujjat asosan harbiy tartibotga qaratilgan. Ayniqsa, davlat tizimida korrupsiyaga qarshi kurash muammosiga sayoz yondashilgan – “poraxo‘rning qo‘lini kesish lozim” kabi gaplar bilan cheklanilgan. Tarix esa davlat va millat taqdiri hukmdorning shaxsiyati va irodasiga bir daraja bog‘liq bo‘lsa, uning atrofidagilar va qo‘l ostidagilarga o‘n darajada bog‘liqligini ko‘rsatadi.

Tarixni ham, temuriylar kechmishini ham chuqur bilgan Navoiy davlat boshqaruvidagi ana shu bo‘shliqni aniq ko‘rgani bois tegishli nizom joriy etishga intilgan. Bunday nizom qoidalari ayri-ayri holda uning ko‘plab asarlarida uchraydi. Masalan, “Mahbub ul-qulub”ning uchinchi qismidagi 3234-raqamli tanbehlar hukmdor va amaldorlar o‘rtasidagi munosabatga bag‘ishlangan.

Biz bu o‘rinda ikki hujjatga murojaat etamiz. Bular – “Munshaot” asaridagi 55- va 57-raqamli maktublardir. Insholar o‘sha davr uslubida yozilgani uchun ularning mazmunini bugungi kun nuqtayi nazaridan talqin etishga sa’y qildik. Hujjatlarning o‘ta muhimligidan kelib chiqib, ularda bayon etilgan prinsiplar tizimi “Navoiy kodeksi” deb ataldi.

55-raqamli inshoga mazkur kodeksning preambulasi (muqaddimasi) sifatida qarash mumkin. U nomi zikr etilmagan hukmdorga Navoiyning nasihati yo‘sinida bo‘lib, mazmunan katta-yu kichik – har bir mansabdorga taalluqlidir: Har bir mansabdor Tangri taoloning buyurganlari bo‘yicha o‘z vazifasini ado etmog‘i hamda Tangri taolo man etgan xatti-harakatlardan saqlanmog‘i lozim. Davlat tepasidagi sultondan tortib eng kichik mansabdorgacha o‘z lavozimiga munosib tarzda boshqalar ustidan hukm yuritish imkoni berilgan. Ularning shunga yarasha ehtiyojlari bo‘lishi va ularni qondirishga moyilliklari ham tabiiy. Faqat unutmaslik lozimki, mansab qancha yuqori bo‘lsa, uning Haq taolo amriga itoati shu qadar qattiqroq va qat’iyroq bo‘lishi kerak. Yetti iqlimga hukmi o‘tadigan sulton bilan bir tanga ilinjidagi gadoning ehtiyoji orasidagi tafovut naqadar bo‘lsa, ularning Olloh taologa itoat qilishidagi tafovut ham shu qadar bo‘lishi kerak. Bu qoidaga amal qilinsagina mansabdorlar Olloh taoloning inoyatiga sazovor bo‘ladilar va boshiga tushishi mumkin bo‘lgan tarix sinovlarida Ollohning inoyati va raiyatning duosiga erishadilar. Aks holda raiyatning badduosi-yu tarixning adolatli hukmiga duchor bo‘ladilar.

57-inshoda hukmdor faoliyatini tartibga soluvchi qoidalar bayon qilingan. Biz ularni moddalarga bo‘lib tabdil etamiz:

1. Har kunni Olloh taologa ibodat bilan, uning buyurganlarini dildan o‘tkazishdan boshlash lozim.

2. So‘ng devonda o‘tirib mamlakatda adolatga qay darajada amal qilinayotganini surishtirish bilan davom ettirish, zulmdan norozi bo‘lib murojaat etuvchilarni qabul qilib arzlarini tinglash, qachon, qayerda adolatga xilof ish qilingan bo‘lsa, darhol uni tiklash choralarini ko‘rish, chunonchi, surishtirib tagiga yetish va bu borada boshqalarga o‘rnak bo‘ladigan hukm chiqarish, jumladan, raiyatga zulm o‘tkazgan zolimga shunday siyosat qilish kerakki, boshqalar jur’at etishdan qo‘rqadigan bo‘lsin.

3. Undan keyin bevosita bo‘ysunuvchi amaldorlarni chorlab, tashqi siyosat va iqtisodiyot masalalarini ko‘rib chiqish, bu sohalardagi har bir muammoning mag‘zini chaqib, kechiktirmay hal etish choralarini ko‘rish.

4. Shundan so‘ng barcha mansabdor va mulozimlardan avval berilgan topshiriqlarning ijrosi haqida hisobot talab etish, oxiriga yetmagan yoki amalga oshirish to‘siqqa uchragan ishlar bo‘lsa, sababini surishtirish, qilinishi lozim ishlarni ijro muddati bilan birga tayin etish.

5. O‘ziga yaqinlar bilan munosabatda Olloh buyurganiga zid ishlar qilmaslik. Xususan, zimmadagi burchni ado etishga xalal bermaydigan tarzda hordiq chiqarish.

6. Kundalik ishlardan vaqt orttirib imkon qadar har kuni o‘z ma’rifatini yuksaltirishga sa’y ko‘rgizish, xususan, qisqa bo‘lsa-da, manfaatli kitoblar mutolaasiga fursat ajratish.

7.(Dinning jamiyatda tutgan o‘rnini hisobga olib) Katta-kichik lavozimdagi sadrlarga buyurilishi kerakkim, imom-u qorilar musulmonlarning imonini mustahkamlash yo‘lida sa’y ko‘rsatsinlar. Bu oyin birinchi navbatda hukmdorning o‘ziga ham taalluqlidir.

8. Hukmdor muntazam ravishda nafsini tiyib olgan olim, fozil va boshqa akobirni o‘z huzuriga yig‘ib, har ikki dunyo saodati yo‘lida balog‘atga erishish borasida majlislar uyushtirib turishi foydalidir.

9. Saltanatga xavf kelishi mumkin bo‘lgan qo‘shni mamlakatlarga fahm-farosatli, es-hushli kishilarni (xufyalar) yuborib, u yerdagi vaziyatdan boxabar qilib turishlarini yo‘lga qo‘yish, yetkazilgan xabarlardan muhimlarini kechiktirmay bildirib turish qoidasini joriy qilish va bunday ma’lumotlardan tashqi siyosat masalalarida istifoda etish.

10. Shaharlarda sharobxona, baytullataf (fohishaxona), qimorxona va shularga o‘xshash shariat axloqig‘a zid maskanlarni batamom taqiqlash.

11. Mutasaddilar har haftada ikki marta bozor aylanib, narx-u navodan, savdo-sotiq qay darajada to‘g‘ri olib borilayotganidan voqif bo‘lib turishi lozim.

12. Mahallalarda ma’rifiy ishlar uchun mas’ullar tayinlab, ularning faoliyatini nazorat qilib borish.

13. Mahallalarda bolalarni yoppasiga o‘qitishni tashkil etish. (Bu moddada Navoiy, agar yanglishmasak, insoniyat tarixida birinchi bo‘lib yalpi umumiy ta’lim g‘oyasini ilgari surmoqda!)

14.Mamlakatdagi barcha ma’muriy birlik mutasaddilaridan ushbu nizomda qayd etilgan tartibda ishlashni talab qilish.

15. Hamma bo‘g‘inlarda kirim-chiqim to‘g‘riligini qat’iy nazorat qilish; qayerda buzilgan bo‘lsa tuzatib o‘rniga qo‘yish.

16. (Har jamiyatning har davrida odamlar yaxshi bilmaydigan ulug‘) Olimlar qadriga yetish, ularning ilmidan el-u yurt manfaati yo‘lida foydalanish.

17. Devonning mas’ullari har kuni raiyat ishlari bilan shug‘ullanishi kerak.

18.Joylarda ham mas’ullar raiyat ishlari bilan mashg‘ul bo‘lishi, muammolarni imkon boricha o‘zlari hal etishlari, o‘zlari hal etishga ojizlik qilsalar, devonga arz qilishlari kerak.

19.Oliy farmonlarni joylarga yetkazish va ularning ijrosini nazorat qiluvchi mulozimlar o‘z vazifasini qat’iy qonun-qoida asosida bajarishini tashkil etish.

20. Dorug‘alar, beklar va boshqa mas’ullardan o‘z vakolatlari darajasidan ortiq yoki kam ishni talab etmaslik, rag‘bat va jarimalar ham shunga mutanosib tarzda bo‘lishiga erishish.

21. Har kun qilingan har bir ish, topshiriq va boshqalar yozib boriladigan daftar yurituvchi mas’ul tayinlash.

22. Davlatning barcha bo‘g‘inidagi mansabdor va amaldorlar, raiyat ishlari bilan shug‘ullanadigan, qo‘lida imzo va muhr tutadigan barcha mas’ullar murojaat etuvchilarning ishlari ertangi kunga qoldirilishiga yo‘l qo‘ymasliklari kerak, tama maqsadida paysalga soluvchilar muqarrar jazolanishi lozim.

23. Hukmdor qatnashadigan tor doiradagi yig‘inlarga o‘z nafsini tiyib olgan kishilargina taklif etilishi lozim.

24. Hukmdorning har bir farmonini, uning ko‘lamidan qat’iy nazar, mas’ul xodimlar darhol bajarishga kirishishi, boshqa ishlar bunga xalal bermasligi lozim; farmon bajarilgani haqida ham, agar ijroning iloji bo‘lmasa, sababi haqida ham o‘z vaqtida xabar yetkazilishi shart.

25. Devondan chiqadigan har bir insho aniq va tushunarli tarzda bitilishi, sanasi ko‘rsatilib raqamlangan bo‘lishi lozim.

26. Mamlakatning turli joylaridan kelgan insholarni qarab chiqish paysalga solinmasligi, ularning javobini kutuvchilar mahtal qilinmasligi, aksincha, ularga iltifot ko‘rsatilishi lozim.

27. Chegara hududlarning mustahkamligi, tinchligi, u yerda yashovchi aholining farovonligi davlat idorasining eng muhim ishlaridan biri deb qaralishi lozim, toki biron xavf-u xatar tug‘ilguday bo‘lsa, darhol chorasini ko‘rishga tayyor turilsin.

28. Umuman, davlat ishlarida shunday tartib-nizom o‘rnatilishi kerakki, amaldorlar o‘z burchini belgilangan tartibda qat’iy ado etsin, shaxsiy rohat-farog‘atini deb davlat manfaatiga putur yetkazmasin.

29. O‘z navbatida hukmdor ham shaxsiy hayotida me’yorga amal qilsin, shaxsiy hayoti Olloh taolo unga yuklagan burchni ado etishga to‘siq bo‘lmasin.

30.Ma’muriy idoralar harbiy xizmatchilarni izzat qilishi lozim, shu bilan birga, harbiylar tomonidan qonunbuzarlik holatlari sodir bo‘lsa, jazosiz qoldirilmasligi kerak. (Bu modda Navoiy davrida harbiylarning davlatdagi o‘rni hozirgiga qaraganda bir necha barobar yuqori bo‘lgani bilan izohlanadi.)

31.Qo‘riqchilar, qorovullik xizmatidagilar o‘z vazifasini sidqidildan, qat’iy intizomga rioya qilib bajarishi kerak va bu doim nazoratda tutilishi lozim.

32. Boshqa o‘lkalardan kelgan savdogar va sayyohlar alohida muhofaza ostida bo‘lishi kerak. Ulardan turli noqonuniy soliqlar undirilishi qat’iy kesilishi lozim; shariat qoidalariga asoslangan holda, ularning zakotdan ham ozod qilinishi maqsadga muvofiq; xorijlik savdogarlar qay darajada erkin savdo-sotiq qilayotgani nazoratchilar tomonidan muntazam tekshirib turilishi, ularga qay yo‘sinda bo‘lsa ham tazyiq o‘tkazilgan hollar aniqlansa, aybdorlar jazolanishi va buning ovozasi keng yoytilishi lozimki, u boshqa mamlakatlargacha yetib borsin, toki buning natijasida saltanatda savdo-sotiq rivoj topsin.

33. Bu nizomdan chetda qolgan holatlarda shunday ish tutilishi lozimki, u Tangri taoloning buyurganiga va hukmdorning tarix oldidagi burchiga muvofiq bo‘lsin.

 

Beadoq afsus

Ko‘rinib turibdiki, kodeks – bir o‘tirishda xayolga kelgan gaplardan iborat emas, har tomonlama puxta o‘ylangan, davlat boshqaruvining deyarli hamma sohasini qamragan. U Navoiyning uzoq yillar davomidagi kuzatuv, tajriba va tafakkuri mahsulidir. Hirotga kelishi bilan muhrdor lavozimiga tayinlangan Alisher yeng shimarib ishga kirishgan. Ayniqsa, bosh vazir bo‘lgach, uning bu boradagi faoliyati haddi a’losiga yetgan.

Hech shubha yo‘qki, kodeksda ifoda etilgan prinsiplarga, eng avvalo, hazratning o‘zi qat’iy amal qilgan. Navoiy hukmdorga sadoqat, davlatparvarlik, xalqparvarlik, din-u diyonat va adolatda ham barchaga namuna edi, ammo undan o‘rnak olmadilar.

Olimlar xulosasiga ko‘ra, “Munshaot”dagi 55–57-raqamli maktublar Badiuazzamonga yo‘llangan. Albatta, Navoiy barcha temuriyzodalarni shu ruhda tarbiyalashga, ularga shu yo‘l bilan ta’sir etishga intilgan. Uning, alalxusus, Sulton Husayn bilan juda yaqin bo‘lgani ma’lum. Har ikkisi yolg‘iz qolgan paytlarda hukmdorga ham ana shu prinsiplarni uqtirishga harakat qilgan bo‘lsa ajab emas. Garchi bu haqda tarixiy manbalar bevosita guvohlik bermasa-da, Navoiyning turli asarlarida hamda zamondoshlarining kitoblarida ko‘plab bilvosita dalillar uchraydi.

O‘z davrida Navoiy odil vazir sifatida dong taratgan. Bugun endi umumjahon tarixi bilan tanishish imkoniyatiga egamiz va shu asosda ayta olamizki: butun insoniyat tarixida adolatli ikki bosh vazir o‘tgan bo‘lsa, Navoiy ularning biridir; agar bitta bo‘lsa, u aynan Navoiydir!

Hazrat o‘zini tarix oldida xoksor tutgan. Uning buyuk orzusi – o‘z shuhratini yoyish emas, balki Sulton Husayn saltanatining mustadomligini (umrboqiyligini) ta’minlash bo‘lgan. Ishlab chiqilgan boshqaruv nizomi ham mohiyatan shu maqsadga qaratilgan. Agar Sulton Husayn bir farmoni oliy ila Navoiy kodeksini ya’saga aylantirganda, temuriylar davlati, ehtimolki, jahon sahnasida yana uzoq yillar qolar, Movarounnahr tarixi butunlay boshqa yo‘ldan ketgan bo‘lur edi.

Beadoq afsuski, Navoiyning rejalari xayolot (utopiya) bo‘lib chiqdi. Maishatparast Sulton Husayn o‘z saltanati, temuriylar davlatining taqdiri to‘g‘risida qayg‘urish tuyg‘usidan mahrum, atrofidagi manfaatparast amirlar uchun esa Navoiyning siyosati xatarli edi. “Sharq utopisti”ning intilishlari tosh devorga otilgan o‘qlardek besamar ketdi. Amirlar Navoiy bilan Sulton Husayn o‘rtasidagi do‘stlikka raxna sololmagan bo‘lsa-da, buyuk davlat arbobining hukmdorga ta’sirini kuchsizlantirishga erishdi. Oxiri Navoiy iste’fo berishga majbur bo‘ldi. Hech qancha vaqt o‘tmay temuriylar saltanati Sulton Husaynning kaltabin o‘g‘illari-yu ochko‘z amirlari sabab inqirozga uchradi. Halokat sababchilari esa tarixning odil hukmiga duchor bo‘ldi. Navoiydek do‘sti va vaziri bo‘lgan Sulton Husayn tarixdan “Odil” laqabi bilan joy olish imkonini boy berdi. Movarounnahr, hatto butun musulmon dunyosi buyuk tarixiy imkoniyatni qo‘ldan chiqardi.

Sharq osmoni ufqida ko‘tarila boshlagan ulug‘ davlatchilik quyoshi ortga botdi (ne ajabki, bir necha asr o‘tib u boshqa yoqdan chiqdi va G‘arb tamadduni yuksalishiga xizmat qildi). Shu tariqa Navoiyning qat’iy nizom asosida boshqariladigan adolatli davlat qurish rejasi, maqsadi, orzusi armonga aylandi.

Abdulla A’ZAM

“Tafakkur” jurnali, 2020-yil 1-son (Buyuk armon maqolasi)

1 Izoh

Mohichexra

12:01 / 01.01.1970

Xamsa haqida bittayam malumot yoq.Shunday internetdan xamsa haqida malumot topib bolmasa nma keragi bor internetni

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23619
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//