Ilk bor qadimgi yozma manbalarda “Turon”, deyarli bir yarim ming yil kesimida esa “Turkiston” deb yuritilgan bugungi O‘rta Osiyo xalqlari, jumladan, o‘zbeklar o‘zining teran davlatchilik an’analariga ega. Buni Turon – Turkiston ellarining o‘tmishda o‘nlab yirik saltanatlar tuzib, o‘z bayrog‘ini birgina O‘rta Osiyo va unga qo‘shni o‘lkalarda emas, balki kunchiqar va kunbotardagi o‘nlab o‘lkalarda yalov qilib ko‘targanliklari ko‘rsatib turibdi.
Kuntug‘ardagi Uzoq Sharqdagi Koreya va Manjuriyadan to kunbotardagi Sharqiy Yevropaning Dunay daryosi qirg‘oqlari va Qora dengiz bo‘ylarigacha, terskay – shimolda Janubiy Sibirdan to kungay – janubda Shimoliy Hindiston Fors ko‘rfazi va Arabiston yarim oroligacha cho‘zilgan kengliklarda turkiy davlatchilik dovrug‘ini yoyganliklari o‘z-o‘zidan bo‘lmagan.
Bilamizki, har bir yirik siyosiy uyushma – davlatning milliy mustaqilligini ifodalaydigan, tarixan yuzaga chiqqan eng muhim belgilari davlat ramzlari deb yuritilib, ular biror bir davlatning xalq va millat hayoti, an’analari, ruhiyati, folklori va o‘tmishi bilan chambarchas bog‘liq bo‘ladi.
Davlat ramzlari konstitutsiya yoki maxsus qonun bilan belgilab qo‘yiladi. Davlat bayrog‘i, davlat gerbi, davlat madhiyasi, davlat ranglari, davlat boshlig‘ining shtandarti (bayrog‘i), davlat muhri, davlat shiori asosiy davlat ramzi hisoblanadi.
Hokimiyat va hukmdorlik ramzlari
O‘rta Osiyoning qadimiy el-uluslari, ayniqsa, qadimgi turkiylarga ko‘ra, hokimiyat imtiyozli xonadon – “oltin urug‘” vakillarining haqqi edi. Jumladan‚ miloddan oldingi II – milodiy III asrlarda hukm surgan Xun saltanatida Tugu‚ Turk xoqonligi (552–744) va o‘rta asrlardagi yirik turkiy davlatlar Xazar xoqonligida Ashina‚ Uyg‘urlar xoqonligida Yag‘laqar‚ Qirg‘izlarda Aji‚ Pecheneglarda Qang‘ar‚ Mojorlarda Qabar‚ Bulg‘orlarda Dulo urug‘iga mansub xonadonlar hokimiyat tepasida turishgan. Har bir hukmdor muayyan hokimiyat ramzlarini qabul qilib olar va o‘z hukmronligi davomida undan foydalanar edi. Shu tariqa hukmdor ham mamlakat ichkarisida‚ ham tashqarisida ushbu ramz va alomatlar orqali e’tirof etilardi. Ular quyidagicha edi: ot / unvon (xoqon‚ xon‚ yabg‘u, eltabar)‚ eb/*o‘tog‘ (o‘tov/hukmdor chodiri), o‘rda‚ taxt (o‘rgin‚ o‘rnaq‚ o‘runluq)‚ tug‘‚ bayroq‚ dovul (ko‘birga)‚ jig‘a (bosh kiyimga taqiladigan popuk)‚ kamar (qur)‚ qilich‚ yoy‚ xanjar‚ qamchi, tamg‘a kabi unsurlar [1]. Ayniqsa‚ hukmdor yashaydigan joy‚ ya’ni davlatning markazi hisoblanadigan o‘rda (mas. qarorgoh) hukmdorlik va hokimiyat alomati edi. Shuningdek‚ xoqon tomonidan turli sabablar tufayli xalqqa beriladigan to‘y (ziyofat)lar ham hukmdorlik ramzi hisoblanardi. Ushbu “to‘y”lar davlat boshlig‘ining hokimiyati va moddiy kuchqudratini namoyish qiladigan mohiyatda edi. To‘g‘rirog‘i‚ hukmdorlar ushbu “to‘y”lar vositasida unga yordam bergan amaldorlar va xalq uchun qanchalik katta fidoyilik qila olishini ko‘rsatish maqsadida o‘tkazilardi. Shu bois, “to‘y”larga barchaning‚ ayniqsa, beklarning mutlaqo qatnashishi lozim edi. Chunki “to‘y”ga qatnashish to‘g‘ridan-to‘g‘ri hokimiyatning e’tirofi va itaotkorlik ma’nosini anglatardi.
Turk xoqonligining asosiy davlat ramzlaridan biri – bayroq bo‘lganligini bir qator manbalar tasdiqlaydi. Avvalo, G‘arbiy Turk xoqonligi markazi Yettisuvdagi qoya rasmlarida bayroq ko‘targan otliqlar tasviri uchrab, tadqiqotchilar ulardan bir qismini G‘arbiy xoqonlikka taalluqli, deb hisoblaydilar [2]. Hokimiyat timsollaridan biri bayroq bo‘lganini xitoy yilnomalaridagi ba’zi ma’lumotlarda o‘z ifodasini topgan. Ularda, asosan, Ashina sulolasi bayrog‘iga bo‘ri boshi tasviri tushirilgan holatda tasvirlanadi. Jumladan, 582-yilda xitoyliklar Xami (Qumul)da turgan G‘arbiy turk hukmdori Tarduga bo‘ri boshli bayroqni Yuan Xui ismli amaldor orqali yashirincha taqdim etgani, uni qabul qilgan Tardu Sharqiy turk xoqoni Ishbara (582–587) bilan munosabatlarini uzgani qayd etiladi [3].
Shuningdek, Suy sulolasi amaldorlaridan biri Liang Shitou isyon ko‘targach‚ o‘zini voliy e’lon qilib Sharqiy Turk xoqonligi bilan do‘stona aloqa o‘rnatgan chog‘da Shibi xoqon (609–619) unga bo‘ri boshli bayroq taqdim qilgani va Tardu Bilga xoqon unvoni bilan siylagani ta’kidlanadi [4]. Xitoy lashkarboshisi Su Dinfan esa 657-yilda G‘arbiy turk xoqoni Ashina Xelu qarorgohiga bostirib kirgach‚ o‘n mingga yaqin odam bilan birga hukmdorlik nishonlari bo‘lmish dovul‚ bayroq va boshqa ashyolarni qo‘lga kiritgani yilnomlarda alohida qayd etiladi [5].
O‘sha davr udumiga ko‘ra, har bir davlat yoki sulolaning o‘z mafkurasi bilan aloqador alohida ramziy ranglar bo‘lgan. Ayrim tadqiqotchilarga ko‘ra‚ Turk xoqonligida sariq yoki oq rang hukmdorlik ramzlaridan biri edi. Xususan‚ unvon va boshqaruv markazi hamda oq/sariq ranglar xoqonlikning ma’naviy ramzlari‚ boshqa alomatlar esa moddiy ramzlari edi [6]. Aslida, ko‘k rang qadimgi turklarni ifodalaganini tasdiqlovchi ko‘plab dalillar mavjud. Jumladan‚ “Tan shu”da Sug‘ddagi mayda hukmdorliklardan biri Xe/Guyshuanni (Kushaniya/Kattaqo‘rg‘on)da ikki qavatli maxsus bino barpo qilingani va uning sharqiy devori Turk xoqonlari tasviri bilan bezatilgani qayd etiladi [7].
Qadimgi turk bitiktoshlarida esa ko‘k turk iborasi uchrab‚ ba’zi tadqiqotchilar uni Sharqiy Turk xoqonligi ma’nosidagi “ko‘k/sharqiy turklar” deb‚ talqin qilishsa‚ ba’zilari “ko‘k” so‘zi “osmon‚ ilohiy‚ asl‚ tomir” ma’munidadir‚ deb hisoblashadi [8]. Aslida‚ har ikkala guruhning mazkur talqinlarida jon bor‚ chunki qadimgi turklarda sharq‚ ya’ni kun chiqar tomon e’zozlanib‚ xoqonlar har kuni tongda sharqqa qarab yukunganliklari ham ushbu e’tiqod bilan bog‘liqdir.
Demak‚ qadimgi turklarning ko‘k rangini “ilohiylashtirishi” zaminida ushbu an’ana yotadi. Afrosiyob (Samarqand) devoriy rasmlarida xoqonlik amaldorlari ko‘k fonda tasvirlangan bo‘lib‚ aksariyat tadqiqotchilarga ko‘ra, unda qadimgi turklarga xos ramziy rang ifodalangan [9]. Darvoqe‚ bir qator nemis‚ fransuz va rus olimlarining fikricha, Afrosiyob devoriy rasmlarining bir qismida G‘arbiy turk xoqoni va uni qurshab turgan turkiy mulozimlar‚ xoqonlikning hokimiyat ramzlaridan biri 11 dona tug‘ (10+1, ya’ni “O‘n O‘q/qabila va markaziy hokimiyat (yabg‘u-xoqon”) tasvirlangan 10].
“Oltin”ni ifodalovchi sariq yoki oq ranglarning Turk xoqonligida ramziy ranglar bo‘lganini ko‘rsatadigan dalillarning mavjudligi‚ xoqonlikdagi ramziy ranglar masalasini chigallashtiradi. Ya’ni, ushbu ranglardan aynan qay biri xoqonlikda asosiy rol o‘ynaganini aniqlash zarur bo‘ladi. Vizantiya manbalarida turk xoqonlarining taxti oltindan ekanligi aytilib‚ xoqonlik poytaxtining nomi ’Eκτάγ (Ektag‘) deb atalishi va uning lug‘aviy ma’nosi turkchada “oltin tog‘” mazmunida ekanligi ta’kidlanishi [11] yoki xitoy yilnomalarida xoqonlikning “oltin urug‘i” – Ashina qabilasi ramziy timsoli sifatida “oltin qush” tilga olinib‚ uning шар-дулы (<ср.-перс. zarr duli – “Oltin (qush) Duli/Tulu” deb atalishi [12] sariq yoki oq rangning ramziy ma’no kasb etganidan dalolat beradi. Fikrimizcha‚ ushbu ranglar Xitoyda bo‘lgani kabi ko‘proq boshqaruvchi xonadonni ifodalab‚ “oliy/imperial rang” hisoblangan‚ ko‘k rang esa an’anaviy ravishda qadimgi turkiy etnoslarni ifodalagan. Ehtimol‚ sariq – oltin rang Xitoydan o‘zlashtirilgan‚ ko‘k esa qadimgi turklar muhitiga xos ramziy ranglar bo‘lgandir.
Shu o‘rinda, ramzlarga aloqador ravishda bir qator xalqlarga xos “muqaddas qush” talqini xoqonlik davrida ham mavjud bo‘lgani diqqatni tortadi [13]. Xususan, tadqiqotchilar tomonidan “Kul Teginning boshi” deb nomlangan O‘rxun vodiysi (Mo‘g‘uliston)dan topilgan haykalning bir qismida bo‘rkka o‘xshash bosh kiyimning tepasida qanotlari yoyilgan “humo” tasviri uchraydi. Xuddi shunga o‘xshash tasvir yaqin yillarda turkmo‘g‘ul olimlarining arxeologik qazishlari davomida “Bilga xoqon mozor kompleksi”dan topilgan toj tepasida uchrab, tadqiqotchilar uni Bilga xoqon (716–734) bilan aloqador hisoblamoqdalar [14].
Bundan tashqari, Mo‘g‘ulistondagi xoqonlik davriga taalluqli ko‘plab tosh yodgorliklarda shunga o‘xshash qush tasvirlari uchraydi. Bu esa mazkur qush, ehtimol, “humo qushi” xoqonlikning hokimiyatga aloqador ramzlaridan biri bo‘lganini tasdiqlaydi. Binobarin, qadimgi turk bitiktoshlarida “Umay” nomli iloha nomi uchrab, bitiktoshlar mazmunidan u Tangridan keyingi mavqeda turganligi ayon bo‘ladi [15]. Ham nom o‘xshashligi (Humo – Umay), ham mazkur ilohaning vazifasi hukmdorlarga Tangridan beriladigan “xarizma” (ilohiy qut)ni taqdim qilish bo‘lganligidan kelib chiqiladigan bo‘lsa, mazkur yodgorliklardagi qushning humo ekanligi anchamuncha o‘z tasdig‘ini topadi. G‘arbiy Turk xoqonligi bilan bog‘liq hududlarda kamar taqinchoqlarida (Yettisuv), shuningdek, tanga sirtida – hukmdor yonida uch qirrali qalpoq kiygan malika tasviri (Choch) uchrashi ham ushbu ramzning xoqonlik hududida keng tarqalganidan darak beradi [16].
Shu bilan birgalikda, xoqonlikka xos asosiy ramzlardan biri “tamg‘a” bo‘lganligi bir qator dalillar asosida o‘z tasdig‘iga ega. Asosan, markaziy osiyolik ko‘chmanchilarga xos an’ana – har bir urug‘ va qabilaning o‘z ramziy belgisi, tamg‘asiga ega bo‘lish an’anasi xoqonlik tomonidan ham davom ettirilgani, xoqonlik tangalari va bitiktoshlarda uchraydi. Bugungi kunda bir vaqtlar Turk xoqonligining markaziy hududlaridan bo‘lmish Markaziy Osiyoning ko‘plab hududlarida, asosan, O‘rxun (Mo‘g‘uliston)dan topilayotgan arxeologik yodgorliklar (bitiktoshlar, qoya bitiklari va b.) sirtida tamg‘alar uchrab, ular orasida “arxar” (tog‘ echkisi) shaklini eslatuvchi tamg‘a diqqatni jalb qiladi. Jumladan, turk xoqonlari tomonidan o‘rnatilgan Kul Tegin (732-y.), Bilga xoqon (735-y.) va boshqa bir qator bitiktoshlarning yuqori qismida shakkli tamg‘a joy olgan bo‘lib, ushbu bitiktoshlarni birinchilardan bo‘lib o‘rgangan olimlar mazkur tamg‘ani “xonlik tamg‘asi”, deb izohlagan edilar [17].
Garchi biror bir manbada aynan ushbu tamg‘a Turk xoqonligining tamg‘asi ekanligi haqida to‘g‘ridanto‘g‘ri ma’lumot uchramasada, xoqonlik tarixi bo‘yicha shug‘ullangan ko‘pchilik tadqiqotchilar fikricha, ushbu tamg‘a xoqonlikning asoschi urug‘i – Ashina qabilasining sulolaviy belgisi bo‘lgan va shu bois u hokimiyat ramzlaridan biri sifatida xoqonlar va amaldorlar tomonidan o‘rnatilgan o‘nlab bitiktoshlar, tosh haykallar, yodgorlik toshlari sirtida va qoyalarda aks ettirilgan [18].
Ushbu fikr tarafdorlarining foydasiga shuni qo‘shimcha qilish mumkinki, xitoy manbasida Ashina qabilasining tamg‘asi sifatida shaklli belgi keltirilgan [19]. Ushbu tamg‘ani bitiktoshlardagi arxarsimon tamg‘aning variantlaridan biri deb hisoblash mumkin.
Shuningdek, Choch (Toshkent) vohasi va Farg‘ona vodiysidan topilayotgan VI–VIII asrlarga taalluqli G‘arbiy Turk xoqonligiga oid tangalarda Ashina sulolasi boshqaruvchilari tomonidan oliy unvonlar sifatida qo‘llanilgan jabg‘u, djabg‘u-xoqon, xoqon unvonlari barobaridashaklli tamg‘alar uchraydi. Mazkur tamg‘alarni xoqonlikka xos arxarsimon tamg‘aning variantlari deb hisoblash mumkin [20]. Xitoy yilnomasidagi va tangalardagi tamg‘alarning shaklan bitiktoshlardagi arxarsimon tamg‘adan ancha farqlanishi esa ushbu tamg‘alarning qog‘ozga chizilganligi yoki metallga bosilganligi bilan izohlash mumkin. Bundan tashqari, Markaziy Osiyo ko‘chmanchilarida mavjud bo‘lgan an’anaga ko‘ra, biror bir urug‘dan ajralib chiqqan tarmoq ajdod urug‘ tamg‘asiga muayyan bir belgi qo‘shib, o‘z tamg‘asiga ega bo‘ladi. Ya’ni, asosiy tamg‘a saqlangan holda unga biror belgi qo‘shiladi. Shu tariqa ma’lum ma’noda farqli tamg‘a vujudga keladi.
Xullas, dunyoning ko‘plab qadimiy davlatlarida bo‘lganidek‚ G‘arbiy Turk xoqonligida ham o‘ziga xos hukmdorlik alomatlari yoki hokimiyat ramzlari – simvollar mavjud bo‘lib‚ ular asosan quyidagicha edi:
1) unvon va laqablar; 2) boshqaruv/hukumat markazi (poytaxt), qarorgoh; 3) tanga zarbi; 4) o‘tog‘ (chodir)‚ saroy; 5) taxt; 6) toj; 7) qo‘riqchilar guruhi (gvardiya); 8) soyabon; 9) bayroq (bo‘ri boshli); 10) tug‘ (10 dona); 11) dovul/do‘mbira (baraban); 12) kiyim (bosh kiyim‚ to‘n‚ kamar); 13) qurolyarog‘ (o‘qyoy‚ sovut/zirh); 14) tamg‘a; 15) maxsus rang (sariq/oq rang va ko‘k); 16) humo qushi (+ayol iloha Umay) tasviri va h.k. [21].
Xullas, qadimgi turklardagi davlatchilik konsepsiyasiga ko‘ra, siyosiy uyushma sifatidagi “davlat” ma’nosida el so‘zi ishlatilib, ushbu so‘z ostida davlatni tashkil etuvchi asosiy unsurlar; to‘ru – hokimiyat/qonun, ulush – mamlakat, budun – xalq tushunilgan. Hatto, asosiy ma’nosi “davlat” bo‘lgan el atamasi davlatni tashkil qiluvchi ushbu uch unsurning har biri bilan teng ma’no beruvchi sinonim so‘z sifatida ham qo‘llanilgan. Mafkuraviy jihatdan davlat xalqning mustaqilligini saqlash, umuman olganda, mavjudligini muhofaza qiluvchi tashkilot sifatida qaralgan va xoqonlar uning kafolati hisoblanib, tangri (xudo) tomonidan davlatni asrab qolish uchun maxsus vakolat berilgan, deb tushunilgan.
Bugungi kunda mustaqil O‘zbekiston ham o‘zining o‘nlab ramzlariga ega. Ularning deyarli barchasi kecha yoki bugun paydo bo‘lib qolgani yo‘q, balki o‘zining qadim tarixiy milliy va ma’naviy ildizlariga asoslanadi. Quyida qisqacha ko‘rib chiqiladiganidek O‘zbekiston gerbining o‘zida qadim ajdodlarimizning qariyb 3 ming yillik davlatchilik an’analari o‘z ifodasini topganligi anglashiladi:
Sakkiz qirrali yulduz bilan qurshalgan, yarim oy va besh qirrali yulduz ramzi
– O‘zbekiston gerbida o‘rin olgan ramziy detallardan biri – asosiy qismi ko‘k rangga bo‘yalgan, qirralari esa oltinsimon sariq rangda berilgan 8 qirrali yulduz va uning ichida oq rangdagi yarim oy va uning bag‘rida 5 qirrali yulduz mavjud. Ushbu ramzdagi ham ranglar, ham astral belgilar bejiz tanlanmagan bo‘lib, ularning barchasi qadim o‘zbek davlatchiligi bilan chambarchas bog‘liq. Xususan, davlatchiligimizning yorqin bir namoyondasi bo‘lmish Buyuk Turk xoqonligi (552–744) davrida oltinsimon sariq rang – bosh hukmdor “xoqon”ni ifodlasa, ko‘k rang esa turkiy xalqlarning muqaddas ramzi hisoblangan. Xoqonlikning bayrog‘i ko‘k rangda bo‘lib, unda bo‘ri boshi aks ettirilgan. Xoqonlikning boshqaruv markazlaridan biri joylashgan Choch (Toshkent) vohasida bostirilgan 6–8 asrlarga taalluqli mis tangalarda “jabg‘u” yoki “xoqon” kabi qadimgi turkiy unvonlar bilan birga hukmdor va malika tasviri hamda ularning bosh uchida yarim oy va uning ustida sakkiz qirrali yulduz o‘rin olgan [22] (qarang. 2-rasm).
2-rasm. Choch tangasi
Aslida bu ramz yanada qadimiyroq bo‘lib, davlatchiligimizning muhim bir davri bo‘lmish Kushon saltanati (mil. av. I – mil. III asr) davriga oid turli buyumlarda ham uchraydi. Jumladan, mamlakatimizning janubiy chegarasiga yaqin hududda – Tillatepa yodgorligi (Shim. Afg‘oniston)dan topilgan minglab tilla buyum (taqinchoq, bezak, tugma, muhr va h.k.)lar orasida turli hokimiyat ramzlarini o‘zida aks ettirgan metall muhr uchraydi. Xususan, uning sirtida ikkita arslonga qo‘shilgan aravaga mingan hukmdor va iloha, ularga soyabon tutgan amaldor, ularning tepasida quyoshsimon toj kiygan iloh hamda bag‘rida ko‘p qirrali yulduz tasvirlari yarim oy o‘rin olgan (qarang. 3-rasm).
3-rasm. Tillatepa muhri / Kushon davri
Quyidagi 4-rasmda ikki tomondan yarim oy bilan qurshalgan, yonida esa bir dona yarim oy va sakkiz qirrali yulduz o‘rin olgan Kofir-qal’a yodgorligi (Samarqand) milodiy 7-8 asrlarga taalluqlidir. Yaqin yillarda qazib o‘rganila boshlangan ushbu qadimiy shahar xarobasida hozirgacha 500 ga yaqin muhr va shunga o‘xshash davlatchilik ramzlari topilgan [23].
4-rasm. Kofirqal’a (Samarqand)
Turk xoqonligi tomonidan Choch vohasida zarb qilingan 20 dan ortiq turdagi mis tangalarning ko‘pchiligida davlat va hokimiyat ramzlari aks etgan bo‘lib, ular orasida yarim oy va uning ustida sakkiz qirrali yulduz, qilich, o‘q-yoy, tamg‘a, Humo qushi, arslon boshli taxt va hokazolar alohida o‘rin egallaydi. Jumladan, quyidagi Choch tangasida chordona qurib o‘tirgan xoqon va uning yon tomonida yarim oy (ustda) va sakkiz qirrali yulduz (quyida) joy olgan [24] (5-rasm).
5-rasm. Choch tangasi
Sakkiz qirrali yulduz va yarim oy tasvirining ramziy ma’nosi
Ko‘pincha ustma-ust yoki yonma-yon tasvirlanuvchi yarim oy (hilol) va yulduz bugungi kunda ko‘proq musulmonlarning nishoni yoki musulmon davlatlarning ramziy belgisi deb talqin qilinadi. Hozirgi kunda musulmon davlatlaridan Turkiya, Ozarboyjon, Turkmaniston, O‘zbekiston, Tunis, Jazoir, Pokiston va yana bir qator davlatlarning bayrog‘ida ushbu tasvir uchraydi. Faqat ko‘plab musulmon Arab davlatlari, Eron, Afg‘oniston, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va shunga o‘xshash davlatlarning bayrog‘ida yarim oy va yulduz tasvirlari uchramasligi ushbu ramzning barcha musulmon davlatlaridayam bir xil ma’noda tushunilmasligini ko‘rsatadi. Shuningdek, ayrim musulmon davlatlarning masjid va shunga o‘xshash diniy idoralarida, qabrtoshlari va boshqa islomiy yodgorliklarda bunday belgi keng tarqalgan bo‘lsa, ba’zilarida esa buning aksidir.
Aslida bu ramz juda qadimiy bo‘lib, islom dini paydo bo‘lishidan ming yillar oldin dunyoning turli burchaklarida turli ashyolarda, asosan davlatchilik bilan bog‘liq buyumlar sirtida (muhr, tanga va h.k.) o‘rin olganligi ma’lum. Yer yuzi xalqlari orasida qadimda, asosan, Yaqin Sharq, Mesopotamiya, Eron, Rim, Yunoniston, Vizantiya va Markaziy Osiyo hududlarida qo‘lga kiritilgan arxeologik topilmalarda yarim oy va yulduz tasvirlari uchrasa-da, qadimgi Xitoy, Yaponiya, Koreya, Janubiy Osiyo davlatlari, Slavyan davlatlari (Kiyev Rusi, Rossiya va h.k.) bunday tasvirlar ko‘p ham ko‘zga tashlanavermaydi.
Bir vaqtlar Parfiya va Sosoniylar Eroni saltanatlarining tangalarida yarim oy va yulduz tasviri ko‘plab uchragan bo‘lishiga qaramay, ham o‘rta asrlarda, ham bugungi kundagi eroniy tilli davlatlar (Eron, Afg‘oniston, Tojikiston) bayroqlarida bunday holatga duch kelinmaydi. Shuningdek, bugungi kundagi Hindiston, ko‘plab Arab davlatlari bayroqlarida ham ushbu ramz o‘rin olmagan. Aftidan, bu ushbu tasvirning hindlar, arablar va forslar tomonidan turkiylarga tegishli ramz deb talqin qilinishi bilan bog‘liq bo‘lsa kerak. O‘rta asrlar musulmon davlatlarida dastlab turkiy Misr Mamluklari, Usmoniylar davlatida qo‘llanilgan bu ramz so‘nggi o‘rta asrlarda ham qo‘llanilishda davom etib (Buxoro amirligi, Xiva va Qo‘qon xonliklari), Ozarboyjon Demokratik jumhuriyati (1918–1920), Xiva Xalq Respublikasi (1918–1920), Turkiston (Qo‘qon) Muxtoriyati (1918) bayroqlarida ham o‘z aksini topdi. Hozirgi kunda bir qator turkiy davlatlarning ham bayrog‘ida hamda davlat ramzlarida yarim oy va yulduz o‘rin olganida o‘z ifodasiga ega.
Oy va yulduz ramzi Usmoniylar saltanati davrida keng qo‘llanilgan bo‘lib, shu davrdan boshlab masjid va shunga o‘xshash diniy binolar ustida, qabrtoshlarida, bayroq va tug‘ro (sultonning maxsus muhri)da uchray boshlaydi. Usmoniylar davlati parchalangach, bir vaqtlar uning qo‘l ostida bo‘lgan Shimoliy Afrika musulmon davlatlari (Tunis, Jazoir, Mavritaniya) ham o‘z bayroqlarida ushbu ramzni aks ettiradilar. Shuningdek, Pokiston ham alohida mustaqil davlatga aylanish jarayonida shu ramzni o‘z bayrog‘iga tushirishni ma’qul ko‘radi. Bunda ehtimol ushbu davlatning Turkiya bilan do‘stlik aloqalariga egaligi, shuningdek, tarixan Markaziy Osiyo bilan bog‘langan etnomadaniy rishtalar rol o‘ynagan ko‘rinadi. Bundan tashqari, Singapur va Malayziya bayroqlarida yarim oy va yulduz tasviri o‘rin olishi esa o‘zining izohiga muhtoj. Ehtimol, ular ushbu ramzni musulmonlik ramzi deb hisoblashlari bilan bog‘liq bo‘lsa kerak.
Miloddan oldingi uchinchi va ikkinchi mingyillikda Mesopotamiyada Shumer va Elam davlatlarining ramzlarida yarim oy va yulduz tasviri qo‘llanilgan bo‘lib, Bobil mifologiyasiga ko‘ra “yarim oy”, ya’ni “Sin” – zamon (vaqt)ning otasi va Oy xudosi ramzi, “yulduz” – “Ishtar” esa Bobil qiroli quch-qudratining manbai deb bilinardi.
Qadimgi markaziy osiyoliklar, xususan, turkiy xalqlarning ajdodlari esa bu ramzni dunyoning ko‘plab xalqlari ko‘plab samoviy astral belgilar sifatida qadrlashgan hamda davlat va hokimiyat ramzi sifatida bilish bilan birgalikda insonlarga baxt-saodat keltiradigan, kuch-quvvat ato etadigan ramziy nishonlar deb e’tirof etishgan. Xususan, ular jangga yo‘l olayotgan paytda g‘alaba qozonish uchun yangi oy tug‘ilishi va uning yarim oy shakliga kirib, ustida porloq yulduz bilan birgalikda ko‘rinishini omad keltiradi deb hisoblaganlar. Hozirgi kunda ham xalqimiz yangi oy chiqqanda “Oyni ko‘rib oyday bo‘laylik” deb tilak bildirishi, harbiy xizmatga yoki uzoq safarga yo‘l olayotgan farzandlar uchun “Oy borib, omon qayt” deya duo qilishlarining negizida ham qadim ajdodlarimizga xos an’analarning izlari yotadi.
Humo qushi ramzi
O‘zbekiston gerbining markaziy qismida o‘rin olgan qanotlari keng yoyilgan, boshini tik tutgan “Humo” qushi tasviri ham o‘zbek xalqi mifologiyasida, ham tasviriy san’atida ko‘plab uchraydigan ramzlardan biri. Xususan, Kushon saltanatiga taalluqli baqtriycha yozuvli mis tangalarda “Omo” (Uma) ilohasi, Turk xoqonligiga tegishli qadimgi turkiy bitiktoshlar (Kul Tegin, Bilga xoqon yodgorliklari)dagi “Umay” Humo so‘zi bilan tenglashtiriladi [25]. Qadimgi turkiy davlatchilik mafkurasida “Umay” muayyan bir iloha bo‘lib, u “Tangri” (Xudo)dan beriladigan “davlat”ni bo‘lajak hukmdorga taqdim qiladi” deb tushunilgan. “Umay” ko‘p hollarda qush shaklida talqin qilingan. O‘zbek xalq folklorida hukmdorga nisbatan “Boshiga Humo qo‘nibdi”, “Baxt qushi qo‘nibdi” degan iboralar ham ushbu tushuncha bilan bog‘liq.
Ham bitiktoshlarda uchraydigan iboralar, ham xoqonlik bilan bog‘liq arxeologik topilmalarda “Umay” yoki “Humo” qushi tasviri uchrashi ushbu ramzning qadimiy ildizlarga egaligini ko‘rsatadi. Jumladan, Mo‘g‘ulistondan topilgan, Turk xoqonligi shahzodasi “Kul Tegin boshi” (8-asr birinchi choragi) deb hisoblanadigan bosh qismi saqlanib qolgan tosh haykalning bosh kiyimi – bo‘rkida shunday tasvir uchraydi.
6-7-rasmlar. O‘zbekiston gerbi va Kul Tegin haykalidagi Humo qushi tasvirlari
Shuningdek, Turk xoqonligining mashhur hukmdorlaridan biri bo‘lmish Bilga xoqon (716–734) qabri atrofidan topilib, tadqiqotchilar tomonidan “Bilga xoqonning toji” deb talqin qilinadigan topilmada ham Humo qushi tasviri markaziy qismda o‘rin olgan. Oltindan yasalgan toj bugungi kunda Mo‘g‘ulistonda muzeyda saqlanadi.
8-rasm. Bilga xoqon tojidagi Humo qushi
Humo qushi tasviri Chochda zarb qilingan Turk xoqonligi tangalarida ham o‘rin olgan bo‘lib [26], ko‘p hollarda u chordona qurib taxtda o‘tirgan hukmdorning o‘ng tomonida joy olgan, qanotlari keng yoyilgan qush holatida chizilgan.
9-rasm. Choch tangasi (Chordona qurib arslon boshi tasvirli taxtda o‘tirgan hukmdor va uning o‘ng tomonida Humo qushi tasviri o‘rin olgan)
Islomdan oldingi kezlarda qadimgi turkiy davlatchilik tarixiga tangalar va ularda tasvirlangan ramziy belgilar misolida qisqacha tadqiqotimiz natijasida quyidagicha to‘xtamlarga kelindi:
– O‘rta Osiyo va unga qo‘shni hududlar asosan bitta siyosiy bayroq – Turk xoqonligi (552–744) qo‘l ostida birlashtirilgan bo‘lib, mintaqaning ko‘plab o‘lkalarida turkiy sulolalar tashkil topgan edi. Ular o‘z tangalarida qadimgi turklarga xos tamg‘a va boshqa ramziy belgilarga urg‘u bergan edilar;
– Qadimgi turklarda davlatchilik an’analari ancha yuqori bo‘lib, bu ularning o‘ziga xos hokimiyat belgilari: bayroq, tug‘, maxsus tus – rang, unvonlar, tamg‘a, muhr va hokazolarga ega bo‘lganliklarida ham ko‘rinib turibdi.
G‘aybulla BOBOYOROV,
tarix fanlari doktori, professor
[1] Boboyorov G‘. G‘arbiy Turk xoqonligining davlat tuzumi. Tarix fanlari dok. diss. avtoreferati. Toshkent, 2012. – B. 30-31; Koca A. Eski Türklerde Devlet Geleneği. Ankara, 2007. – S. 829.
[2] Худяков Ю.С. Военное дело Западных тюрков // Мəдени мұра – Культурное наследие. – Астана‚ 2009, № 1. – С. 41.
[3] Тaşağıl A. Gök Türkler. – Ankara, 2003. – S. 66, 86.
[4] Тaşağıl A. Gök Türkler. – Ankara, 2003. – S. 66.
[5] Тaşağıl A. Gök Türkler. – Ankara,1999. – S. 74.
[6] Erkoç H.İ. Eski Türklerde Devlet Teşkilatı. Basılmamış Yüksek Lisans Tezi. – Ankara, 2008. – S. 73.
[7] Бичурин Н. Я. (Иакинф). Собрание сведений о народах, обитавших в Средней Азии в древние времена. В 3-х томах. – М. - Л.: Изд. АН СССР. – Том II. – С. 315.
[8] Abdurahmonov G‘.‚ Rustamov A. Qadimgi turkiy til. Toshkent, 1982. – B. 115.
[9] Yatsenko S.A. The costume of foreign Embassies and Inhabitants of Samarkand on Wall-Painting of the VII c. in the Hall of Ambassadors from Afrasiab (interpretation of Image) // “Transoxiana”, 8, www.transoxiana.com.ar. 2004. – P. 8; Arzhantseva I., Inevatkina O. Afrasiab wall-paintings revisited: new discovered twenty-five years old // Royal Naurūz in Samarkand. Proceedings of the Conference held in Venice on the Pre-Islamic paintings at Afrasiab. A ccura di M. Comparetti – E. de la Vaissière. – Pisa – Roma, 2006. – Supplemento No. 1, Vol. LXXVIII. – P. 193.
[10] Arzhantseva I., Inevatkina O. Afrasiab wall-paintings…, – P. 183-202.
[11] Moravcsik G. Byzantinoturcica. II. – Berlin, 1958. – P. 122.
[12] Зуев Ю. А. Ранние тюрки: очерки истории и идеологии. – Алматы, Дайк-пресс, 2002. – С. 25.
[13] Ba’zi tadqiqotchilar Umay (humo) qushi tasvirini xoqonlik gerbi bo‘lgan, deb hisoblaydilar (Самашев З., Базылхан Н., Баяр Д. Древнетюркские каменные изваяния Евразийских степей // Культурное наследие. ‒ Астана‚ 2009. № 1. ‒ С. 32.
[14] Самашев З., Базылхан Н., Баяр Д. Древнетюркские каменные ... ‒ С. 32, 37.
[15] Abdurahmonov G‘.‚ Rustamov A. Qadimgi turkiy til ... – B. 108.
[16] Досымбаева А. Западный Тюркский каганат ва культурном наследии казахской степи // Культурное наследие. Астана, 2009, № 1 (22). – С. 21; Рогожинский А.Е. Новые находки памятников древнетюркской эпиграфики и монументального искусства на юге и востоке Казахстана. – С. 32–34.
[17] Radloff W. Moğolistan Tarihi Eserleri Atlası (Атлас древностей Монголии. СПб., 1892, 1899. Анқара нашри). Ankara, 1994. – S. 16–18, 58-60, 63-64.
[18] Radloff W. Moğolistan Tarihi Eserleri..., – S. 16-18, 58-60, 63-64.
[19] Зуев Ю.А. Тамги лошадей из вассальных княжеств // Новые материалы по древней и средневековый истории Казахстана. – Алма-Ата, 1960. – C. 132.
[20] Tangalardagi ushbu tamg‘alar, aslida, bitta asos (prototip)dan shakllangan bo‘lib, quyidagicha evolutsion jarayonlarni bosib o‘tgan. Tangalardagi tamg‘alarning birbiridan shaklan biroz farqlanishi esa G‘arbiy Turk xoqonligi shakllanishining uchta bosqichi bilan bog‘liq: 1-bosqich. Turk xoqonligiga tarkibida uning bir qanoti – Yabg‘ulik davri (tangada jabg‘u unvoni, shaklli tamg‘a); 2-bosqich. Turk xoqonligiga nominal bog‘liq paytda – Yabg‘u-xoqonlik davri (tangada jabg‘u-xoqon unvoni, shaklli tamg‘a); 3-bosqich. 630-yili Turk xoqonligiga Xitoy tomonidan barham berilgach, G‘arbiy Turk xoqonligi alohida davlat sifatini olgan davr – Xoqonlik davri (tangada xoqon unvoni, shaklli tamg‘a). Qarang. Бабаяров Г. К истории формирования Западно-Тюркского каганата // III Международный тюркологический конгресс. Актуальные проблемы и перспективы современной тюркологии (Общий язык, история и алфавит), 18-20 май, 2009 г. Туркистан, 2009, с. 491–498).
[21] Досымбаева А. Западный Тюркский каганат ва культурном наследии казахской степи // Культурное наследие. – Астана, 2009. – № 1 (22). – С. 21; Рогожинский А.Е. Новые находки памятников древнетюркской эпиграфики и монументального искусства на юге и востоке Казахстана // Роль номадов в формировании культурного наследия Казахстана. Научные чтения памяти Н.Э.Масанова: Сб. матов Межд. науч. конф. – Алматы, 2010. – С. 342; Бабаяров Г. Древнетюркские монеты Чачского оазиса VI–VIII вв. – Тошкент, 2007. – С. 11, 14–15, 17, 32.
[22] Бабаяров Г. Древнетюркские монеты Чачского оазиса… – С. 14–25
[23] Бердимурадов А., Богомолов Г., Такао У., Бегматов А. Буллы с буддийским сюжетом с городища Кафиркала // Археология Узбекистана. 2016. № 2 (13). С. 51 – 60.
[24] Бабаяров Г. Древнетюркские монеты Чачского оазиса … C. 9-10.
[25] Бабаяров Г., Кубатин А. К вопросу взаимосвязей между кушанами и древними (на основе нумизматического материала) // Традиционный IV Международный тюркологический конгресс Посвященный 20-летию Независимости Республики Казахстан. – Туркистан: А. Ясауи атындығы ХҚТУ, 2011. – С. 492–499.
[26] Бабаяров Г. Древнетюркские монеты Чачского оазиса … C. 9-10.
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q