Boshida nurli doira bilan chizilgan Amir Temur, qovun kesayotgan Abdullaxon II – Sharq miniatyuralarida tarixiy shaxslar qanday tasvirlangan?


Saqlash
23:56 / 07.11.2023 1807 0

Sharq miniatyuralarini sanʼatshunoslikning alohida yoʻnalishi sifatida oʻrganish XIX asrning ikkinchi yarmida rivojlanib, Yevropa va Rossiya ilmiy jurnallari islom manbalaridagi suratlar, miniatyura namunalari haqida maqolalar eʼlon qila boshlagan. Avstriyalik sharqshunos olim Jozef fon Karabatsekning 1882-yilda nashr qilingan qadimgi Misr miniatyuralari haqidagi risolasi va shu kabi bir qator izlanishlar Yevropa ilmiy jamoatchiligida Sharq miniatyura sanʼatiga qiziqishning oshishiga sababchi boʻldi. Yurtimizda esa bu jarayon 1924–1991-yillarda sovet mafkurasi talablari asosida, markazlashgan holda oʻrganildi. Mustaqillikka erishganimizdan soʻnggina, ayniqsa, oxirgi yillarda miniatyura sanʼati borasida jiddiy tadqiqotlar olib borildi. Xususan, “Oʻzbekiston madaniy merosi” turkumida chop etilgan, 70 jilddan iborat kitob-albomlarning biri ayni yurtimiz miniatyura sanʼati tarixi haqidagi izlanishlarga bagʻishlangan. 

 

Suqrot oʻz shogirdlari davrasida. XIII asr arab miniatyurasi

 

“Oʻzbekiston qoʻlyozma merosida tarixiy shaxslar” bezakli kitob-albomi XIII-XVIII asrlarda ishlangan 300 ga yaqin rangli miniatyurani oʻz ichiga qamragan. Shuningdek, unda 10 ta sulolaga mansub 80 dan ortiq hukmdor, shahzoda va malikalar, 20 dan ortiq shoir, olim, mutafakkir va rassomlarning tasvirini uchratamiz. Mazkur miniatyuralar Kamoliddin Behzod, Mansur Musavvir, Darvesh Muhammad, Mansur Musavvir, Mahmud Muzahhib, Muhammad Murod Samarqandiy, Ogʻa Mirak, Rizoyi Abbosiy,, Shankar singari Markaziy Osiyo, Xuroson, Eron, Hindistonda yashagan taniqli rassomlar tomonidan ishlangan. Kitob-albomdan Ibn Sino, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Husayn Boyqaro, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur singari ulugʻ ajdodlarimizning tasvirlari oʻrin olgan. Shu bilan birga kitob ustida ishlash jarayonida Nuh ibn Mansur, Sulton Alouddin Xorazmshoh, Najmiddin Kubro, Turkon Xotun, Xadichabegim, Imomqulixon, Abdullaxon Ikkinchi, Abdulazizxon singari tarixiy shaxslarning suvratlarini turli muzeylardan izlab topilib, chop etish huquqi qoʻlga kiritildi. Tadqiqot jarayonida AQSH, Fransiya, Buyuk Britaniya, Shveysariya, Germaniya, Rossiya, Turkiya, Ozarboyjon, Eron, Misr singari 30 dan ortiq mamlakatlarning 200 ga yaqin muzey va kutubxonalari bilan bogʻlanib, ulardagi qimmatli miniatyuralar nusxasini olish boʻyicha muzokaralar olib borildi.

 

 Nuh ibn Mansurning taxtga oʻtirishi. Rashididdin. Jomeʼ ut-tavorix. Tabriz, 1307-yil.

 

Maʼlumki, Sharqda, xususan, temuriylar, boburiylar, shayboniylar davrida hukmdorlar islom shariatiga qatʼiy amal qilganlar. Ayni paytda ular tasavvuf taʼlimotidan yaxshi xabardor boʻlishgan. Tasavvufda insonni, jonzotlarni tasvirlashda qatʼiy cheklov boʻlmagan. Shu sababli qoʻlyozma asarlarda, meʼmoriy yodgorliklarda, yakka turdagi tasviriy sanʼat asarlarida ham inson tasviri, jumladan, tarixiy shaxslar qiyofasini aks ettirish anʼanaga aylangan.

 

Sharq miniatyuralarida inson qiyofasini aks ettirish. Rizoyi Abbosiy. Choʻpon. 1634. 

 

Temuriylar saltanatining asoschisi Amir Temur oʻz zamondoshlari va keyingi avlodlarning ham hurmatini qozongan shaxs edi. Shuning uchun ham Amir Temur siymosi Sharq qoʻlyozmalarida eng koʻp uchraydigan obrazlardan biri deyish mumkin. Nafaqat temuriylar, boburiylar yoki shayboniylar davrida yaratilgan asarlarda, balki, Gʻarb tasviriy sanʼatida ham Amir Temur obraziga koʻp bor murojaat qilingan. Buyuk hukmdor Mirzo Ulugʻbekning haqiqiy siymosini tasavvur qilishimiz uchun esa oʻrta asrlarda yaratilgan miniatyuralar juda muhim ahamiyatga ega. Ularning eng birinchisi Mirzo Ulugʻbekning koʻrsatmasi bilan 1437-yilda koʻchirilgan, as-Sufyning “Qoʻzgʻalmas yulduzlar kitobi”dagi tasvirdir. Asarda Sefey yulduz turkumi uchun chizilgan suvrat aynan Mirzo Ulugʻbekning yuz tuzilishiga oʻxshab ketadi. Chunki u AQSHda, Frir va Sakler galereyasida saqlanayotgan “Mirzo Ulugʻbek oila davrasida” miniatyurasi bilan bir xil.

 

 Mirzo Ulugʻbek oilasi bilan. Nizomiy.  Xamsa. 1435-1448-yillar. Frir galereyasi. AQSh.

 

Kamoliddin Behzod ishlagan Sulton Husayn portretida u oʻzi sevgan yashil rangdagi libosda tasvirlangan. Bu surat 1490-yilda ishlangan boʻlib, ayni vaqtda Kembrijdagi Garvard universiteti muzeyida saqlanadi. Behzod ijodida Husayn Boyqaro tasvirlangan miniatyura ham koʻplab uchraydi. Ulardan birida hukmdor Iskandar Maqduniy qiyofasida ham tasvirlangan. Behzod oʻz homiysi – Alisher Navoiy obraziga ham bir necha bor murojaat qilgan. Rassom shoirni qoʻlida hassa bilan bogʻda tasvirlangan portret-suratini chizgan. Biz oʻn oltinchi asrda yashab ijod qilgan buxorolik rassom Mahmud Muzahhibning portretida ham shoirni shunday holda koʻramiz. Behzodning “Darveshlar raqsi” miniatyurasidagi shod-xurram oʻynayotgan soʻfiylar obrazlari orasida real odamlar ham tasvirlangan. Tadqiqotchi Hamid Sulaymonov Qosim Alining “Bogʻdagi sufiylar” miniatyurasida Nizomiy, Saʼdiy, Jomiy singari shoirlarning xayoliy portretlarini aniqlagan. Kamoliddin Behzod asarlaridan ilhomlanib chizilgan Navoiy suratlaridan yana biri Alisher Navoiy va Sulton Muhammad Mirzo rasmidir. Bu portret Tabrizda 1540-yilda Qosim Ali tomonidan chizilgan boʻlib, ayni paytda Toʻpqopi muzeyida saqlanadi.

 

Qosim Ali. Alisher Navoiy va Chuchuk mirzo. 1530-yillar, Hirot. 

 

XV asrning boshida Amir Temur saltanatiga qarashli boʻlgan ulkan hudud boburiylar, safaviylar va shayboniylar tomonidan qaytadan taqsimlangan. Bu esa XV asrning ikkinchi yarmida Hirotda yuzaga kelgan miniatyura maktabi anʼanalarining turli hududlarga tarqalishiga zamin yaratadi. Hirot miniatyura maktabi vakili – Kamoliddin Behzod 1507–1510-yillarda Muhammad Shayboniyxon xizmatida boʻlgan. Shoh Ismoil Hirotni zabt etgach, Behzodni ham oʻzi bilan birga Tabrizga olib ketadi. Behzod bu yerdagi sanʼat muhitiga yangicha kuch olib kiradi. XV asr Boburiylar Hindistonida esa mahalliy hind va Oʻrta Osiyo tasviriy sanʼati uygʻunligida yangi miniatyura maktabi vujudga keladi. Boburiylar Hindistonida portret miniatyura janri sifatida tasviriy sanʼatda munosib oʻrin egallaydi. Boburiy hukmdorlar tomonidan portret sanʼatiga qoʻyilgan eng muhim talablardan biri bu – tashqi oʻxshashlikni koʻrsatib berish boʻlgan. Ushbu talabni bajarish uchun podshoh saroy ustaxonasining eng isteʼdodli portretchi rassomlari hukmdorni turli uchrashuvlar va harbiy yurishlarda shaxsan kuzatish va ularning oʻziga qarab rasm chizish huquqini olishgan. Boburiylarning miniatyuralarida ham Amir Temurning siymosiga katta oʻrin berilgan. Uning barcha portretlarida hind uslubi uchun anʼanaviy sanaluvchi boshi atrofida porlab turadigan nurli doira bilan tasvirlangan. Bunday suratlardan biri hindistonlik rassom Muhammad Afzal abu Faqirulloxon ijodiga mansub boʻlib, u ayni damda Rampur Raza kutubxonasida saqlanadi. Ushbu sulolaviy guruh portretidagi ayvonning markazida sulolaning asoschisi – Amir Temur oʻzining oʻn ikki avlodi davrasida tasvirlangan.

 

XIV asrning oxiri – XV asr boshlarida ishlangan, ehtimol, Temurning hayotlik davridagi portreti nusxasi

 

Amir Temur oʻrta asr miniatyuralarida 

 

XVI asrda Movarounnahr miniatyura sanʼatida portret janrining yana rivojlana boshlaganini kuzatamiz. Shayboniyxon qiyofasi bizga Behzod tomonidan 1507-yilda ishlangan, ayni paytda AQSHning Metropoliten muzeyida saqlanayotgan portret orqali yaxshi tanish. Suratda Shayboniyxon nihoyatda oddiy kiyingan, oq salla, yashil yaktak va moviy kamzulda ekanini koʻramiz. 1560-yillarda Buxoroning oʻziga xos uslubi tamomila shakllangan boʻlib, u Oʻrta Sharqning boshqa miniatyura maktablari orasida ham tanilib ulgurgan. Ushbu maktab mahsuli – XVI asr oxirida Buxoroda ishlangan, hozir Britaniya muzeyida saqlanayotgan Abdullaxon II portretida hukmdor qovun kesayotgan holatda tasvirlangan. Oʻn yettinchi asrning ikkinchi yarmidagi ashtarxoniylar miniatyurasida muayyan shaxsga, uning etnik xususiyatlariga qiziqish kuchaya boshlagan. Bu holat mashhur buxorolik miniatyurachi Muhammad Muqimning ijodida ham kuzatiladi. Ming olti yuz qirq sakkizinchi yildagi “Xamsa”ga ishlangan miniatyuralarda ruslar va hindlarning real tipajlarini boshqa milliy liboslarida koʻramiz.

 

Kamoliddin Behzod, Shayboniyxon portreti. 1507-yil.

 

Tarixiy shaxslarni tasvirlash afsonaviy yoki toʻqima qahramonlardan farqli ravishda musavvirdan real yondashuvni talab etadi. Bunda rassom oʻzidan avvalgi hamkasblari ishlagan suratlarga yoki ularning hayotlik paytida ishlangan tasvirlariga tayanadi. Agar ilgari bu shaxsning suratlari ishlanmagan boʻlsa, uni yaqindan koʻrgan-bilganlardan surishtirish, turli manbalarda keltirilgan uning tashqi koʻrinishi haqidagi maʼlumotlardan foydalanish mumkin. Bordiyu, hech qanday tasvir yoki maʼlumot boʻlmasa, musavvir oʻz tasavvuri asosida qahramonini tasvirlashga harakat qilgan. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, tarixiy shaxslar chizilgan miniatyuralardagi ajdodlarimiz tasviri haqiqatga ancha yaqinligi bilan qadrli va koʻproq oʻrganishimiz kerak boʻlgan qimmatli meroslarimizdan biri.

 

Firdavs ABDUXOLIQOV,

 O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha butunjahon jamiyati raisi

 

Oyina.uzni Telegramda kuzating

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 129
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22034
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//