Eskirmas tuyg‘ularning yangicha tasviri – Qozoqboy Yo‘ldosh “Oqar daryo”ni tahlil qiladi


Saqlash
15:32 / 07.11.2023 859 0

Taniqli adib Orziqul Ergashning “Akademnashr” nashriyotida chop etilgan “Oqar daryo” nomli kitobi  bitta roman, uch qissa va o‘n to‘rtta  hikoyani o‘z ichiga olgan.  Kitob shavq bilan o‘qiladi. To‘g‘ri, o‘qishlilik badiiy yaratiqning qiymatini belgilaydigan yagona ko‘rsatkich emas. Yutoqib o‘qiladigan, ammo tezda unutiladigan bitiklar adabiyot tarixida ko‘p. Shuningdek, qiyinchilik bilan o‘qilsa-da, o‘qirmanlarning tafakkur va ko‘ngil olamida o‘zgarish yasagan asarlar ham oz emas.

 

Kitobdan joy olgan “Shohsanam” romani – visolsiz muhabbat to‘g‘risida. Ma’lumki, bu haqda ochundagi barcha milliy adabiyotlarda ham juda ko‘p yozilgan. Ko‘p qo‘l urilgan mavzudagi ushbu romanning o‘ziga xosligini ta’minlagan omil unda ko‘pchilikka o‘xshaydigan odamlarning boshqa bitiklardagiga o‘xshamaydigan qismatini o‘ziga xos yo‘sinda tasvirlanganidir.

 

“Shohsanam” romanidagi Mahmud, Shohsanam, Umaro, Safar, Ma’mura, Oydinoy, Temir, Amirjon, Haydarov singari har bir obraz faqat o‘zigagina xos bo‘lgan minazga ega shaxsiyatlar sifatida aks ettirilgan. To‘g‘ri, romanda Rahimzoda, Farmon, Kozim singari o‘z shaxsiyatidan ko‘ra ijtimoiy tuzumga xos xususiyatlarni ifodalash maqsadida tasvirga tortilgan personajlar ham yo‘q emas. Romandagi qolgan timsollarning bari faqat o‘z shaxsiyatlarining vakili sifatida namoyon bo‘lgani bilan e’tiborni tortadi. Yuksak ma’naviyatli shaxslar sifatida o‘zlarini anglashga urinayotgan Mahmud, Shohsanam, Ma’mura, Temir, Amirjon, Umaro singari obrazlarni ilmiy til bilan monoman, ya’ni yolg‘iz va betakror qahramonlar deyish mumkin. Bu timsollar asarning boshidan oxiriga qadar turlanavermaydigan tabiatga ega shaxslar sifatida tasvirlanadi.

 

Adabiyotimizda ko‘proq adabiy qahramonlarning har bir xatti-harakati sabab-oqibat asosiga qurilgan, har bir personajning tutumi qandaydir yo‘sinda mantiqiy izohlanishi lozim bo‘lgan badiiy tasvir usuli qaror topgan. Holbuki, har bir odam o‘z hayoti davomida nega shunday qilganini tushuntirib berolmaydigan bir dunyo xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yadi. Badiiy asarga borliqning estetik maketi sifatida qaralganda har qanday badiiy yaratiqdan mantiqiy yakun, tamomlik kutiladi. Asl borliqda esa inson ko‘rishi mumkin bo‘lgan mantiqiy yakun bo‘lmaydi. Cheksiz hodisalar tizimidan iborat hayot cheksizlikka qadar o‘z cheksiz yo‘li bilan cheksiz davom etaveradi va bashariy mantiqqa mutlaqo zid holda aslo tugallanmaydi. Negaki, borliqdagi har qanday tugallanish nimaningdir boshlanishidir. Bu boshlanish va tugallanishlar silsilasining tizgini esa taqdir qo‘lida bo‘ladi.

 

“Shohsanam” asarida adib ana shu chek-u chegarasiz hayotning o‘ziga xos tasvirini bera olgan. Romanning ayrim o‘rinlarida xalq dostonlarida bo‘lgani kabi nasriy bayon she’riy ifoda bilan uyg‘unlashib keladi. Bu hol bir umr shoirlikka intilib yashagan kishi bosh qahramon qilib olingan asar tasviriga shiddat va ko‘tarinkilik bag‘ishlagan. Romanda shafqatsiz ijtimoiy reallik va yuksak shoirona tuyg‘ular og‘ushida yashab, izohga bo‘y bermaydigan sabablar tufayli ko‘ngil istagini yuzaga chiqara olmagan shaxsiyatlar taqdiri aks etgan.

 

Asarda Shohsanam ismli qo‘shni qizni butun hayotining mazmuniga aylantirgan bola, o‘smir, o‘spirin, yigit, erkak Mahmudning o‘y-xayollari, orzu-umidlari, xatti-harakatlari, tutumlari aks ettiriladi. Roman voqealari bosh qahramon Mahmud tilidan visoliga erisha olmagan sevgilisi Shohsanamga xayoliy murojaat shaklida hikoya qilinadi. Bu usul bosh obraz ruhiyati va tuyg‘ularining barcha qirralari ochilishiga imkon beradi. Ayni vaqtda qolgan borliq personajlarga xos jihatlar faqat Mahmud nuqtai nazari orqali taqdim etilishi ba’zan timsollarni o‘zga rakursdan ko‘rsatish imkonini bir qadar cheklab qo‘yadi.

 

Suyagi qotmagan o‘smir yoshida otasidan ayrilib qolgan Mahmudning: “...otam ...har kuni o‘ladi. Oppoq tobut har kuni lopillab yo‘lga tushadi. Ortidan izillab yuguraman. Izillab yig‘lagancha uyg‘onib ketaman. Zimiston tun. Ayamning titroq qo‘llari. Issiq-sho‘r ko‘z yoshlari...”, tarzidagi iqrori uning shaxsiyatidagi bitmas kemtiklik va o‘ta ta’sirchanlikning hayotiy sababini anglatadi.

 

Roman voqealari, garchi bosh qahramon tilidan hikoya qilinsa-da, unda faqat Mahmudning sarguzasht va ko‘ngil holatlari emas, uni o‘rab turgan kishilarning tutumlari, ko‘rgulik va taqdirlari ham aks ettirilgan. Shuningdek, asarda o‘tgan yuzyillikning 70-yillariga tegishli hayot hodisalari  haqqoniy tasvirlangan. Og‘ir dala ishlariga jalb etilgan o‘quvchilarning majburiy va yoqimsiz mehnat jarayonidan romantika topa bilganliklari asarda juda ta’sirli ifoda etilgan: “Dala boshida katta-kichik ketmonlar egalarini kutib, sochilib yotardi. Egalari tanib-tanib oldi. Chopiqni dalaning narigi betidan boshlab keladigan bo‘ldik. ...Oftob yuqorilay boshladi. Begona o‘tdan tozalangan maydon kengaygani sari  chopiqchilar g‘ayrati ortib borardi. Hamma yonma-yon ishlagach, seniki, meniki bo‘lmagach, ayrim dangasaroq bolalar ham keyinda qolishdan uyalib, jon-jahdlari bilan yetishib yurishga harakat qilishardi” tarzidagi tasvir haqqoniy va yoshligi sovet davrida o‘tgan har bir qishloq odamiga juda yaxshi tanish.

 

Asarda davr manzarasi obrazlar ruhiyati bilan bog‘langan holda g‘oyat haqqoniy aks ettirilgan. Jumladan, birinchi may bayrami tomoshalaridan qaytayotgan qishloq bolalari holatining: “Shahardan qaytayotgan Jarqishloq bolalari ekan. Hammasi, ayniqsa, qizaloqlar yasanib-tusanib olishgan. Qo‘llarida rango-rang sharlar, cho‘g‘day bayroqchalar. To‘rxaltalarda teshik kulcha-yu bo‘lichkalar, po‘loti nonlaru ravochlar...” yo‘sinidagi tasviri kechagi kun yoshlariga xos jihatlarni yaqqol ko‘rsatishi bilan e’tiborga loyiq.

 

Romanda Mahmud faqat o‘z ishqiy tuyg‘ulari bilan o‘ralashib qolgan shoirtabiat odam sifatida ko‘rsatilmaydi. Maktabni bitirgach, universitetga kirolmagan yigitni brigadaga boshliq qilib qo‘yishadi. Shu martabaning o‘zi o‘spirinni kolxoz markazidan uzoqdagi ellik besh xonadonli qishloqning oqsoqoliga aylantiradi. Paxtazorning tuganmas ishlari asnosida yigitning minaziga xos oriyat, g‘ayrat, mas’uliyat, tashkilotchilik,  halollik va ba’zan go‘llik singari jihatlar turli voqealar asnosida yuzaga chiqa boradi.

 

Qishloqning oqsoqoli o‘laroq Mahmudxon eri quloq sifatida yo‘q qilib yuborilgan, qolgan umrini urushda halok bo‘lgan yolg‘iz o‘g‘li Mahmudni kutib o‘tkazgan Maqsad momo va uning o‘g‘liga ko‘ngil qo‘ygan Ma’mura opalarning cheksiz fojiasini tuyadi. Bu holat asarda juda ta’sirli aks ettirilgan: “Kampir bir tutamgina bo‘lib, ko‘rpa-to‘shak qilib yotgan ekan. Uni ko‘rib, tetiklanib o‘rnidan turdi. Ma’murani indamay bag‘riga bosdi-da, ichkari uyga boshladi. Taxmondagi sandiqni ochtirdi. Undan barcha kelin-kuyov sarpolarini oldirib, gilam ustiga uydirdi. Ma’mura jovdirab unga tikildi. Noxush bir tuyg‘udan yuragi uvishdi.

 

– Bolam, bu narsalarni senga qilgandim, – dedi kampir bemajol. – Senga qoldiraman. Faqat bitta o‘tinchim bor. Hozir, ko‘zim tirigida bir kiyasan...

 

Ma’mura birdan yig‘lab yuborib, kampirni quchdi. Kampir suluv kelinchak oldida o‘zini qo‘yarga joy topolmas, dam yig‘lab, dam kulib atrofida girgitton bo‘lardi. Kuyovsiz uyning sho‘rlik kelinchagi unsiz yig‘lab, qayta-qayta ta’zim qiladi. Keyin sochpopuklarini ohista shildiratib hovli supuradi, o‘choqqa o‘t yoqib ovqat qiladi, qumg‘onda choy qaynatadi...”. Romanning jonkuyar bosh qahramoni garchi bu vaziyatni o‘zi ko‘rmagan bo‘lsa-da, uni butun tafsillari bilan ko‘z oldiga keltiradi va fojiani bor ko‘lami bilan tuyadi.

 

Asarning bosh qahramoni urushda halok bo‘lgan suyuklisini uzoq yillar kutgan va onasining o‘lim oldidagi vasiyati tufayligina boshqaga turmushga chiqishga majbur bo‘lgan sadoqatli Ma’muraning holatini ham ichdan his qiladi. U afg‘on urushi qatnashchisi Amirjonning suyuklisi Umaroga yetishmog‘iga yordamlashmoq istaydi. Va hamisha bunday odamlarga yetarlicha yaxshilik qilolmayotganidan qiynaladi.

 

Yengilning ostidan, og‘irning ustidan yurib, faqat shaxsiy manfaat ilinjida yashaydigan Kozim va Sharif singari kimsalar qutqusi tufayli suyuklisi Shohsanamning onasi Ma’mura opada suyuqoyoq ayollarga ilakishadigan odam sifatida tasavvur uyg‘otgan Mahmudning hayoti ostin-ustun bo‘ladi. O‘zi qachondir xiyonatning qurboni bo‘lgan Ma’mura opa bo‘lajak kuyovni begona ayol bilan ko‘rgach, qachonlardan buyon qizi Shohsanamni Mahmudga berishini orzulab yurgan bo‘lsa-da, xiyonatchini kechirmaydi va qizini unga berishni istamaydi. Hayratlanarlisi shundaki, yuksak tuyg‘uli bu ayol Mahmudning qilmishini na o‘z qiziga, na jonday yaqin dugonasi, yigitning onasi Oydinoyga aytadi. Shu holatda ham Mahmudni yomonotliq qilgisi kelmay, qizini singlisining o‘g‘liga bermoqchiligini sabab qilib ko‘rsatadi. Asarning shu o‘rinlarida taqdirlari hal bo‘layotgan qaltis holatlarda ham onalarining yuziga tik qaramay, ularga qarshi bormay, barcha azob-u iztirobni o‘ziga oladigan o‘zbek yigit-qizlariga xos xususiyatlar o‘ta haqqoniy aks ettirilgan.

 

Romanda “Aqlim yetmas, Qanday sevarlar Yomg‘ir yog‘mayturgan yerlarda?” tarzidagi satrlarni bitadigan Mahmudning brigadirlikday adoqsiz va zerikarli yumush og‘ushida ham o‘z shoirona tabiatiga xos xususiyatlarni yo‘qotmaganligi juda ishonarli tasvirlangan. U o‘z minaziga mos yo‘sinda, avji terim payti yoqqan yomg‘irni ko‘rib keksa kolxozchi Safar akaga beixtiyor: “Yomg‘ir zo‘r bo‘ldi-da, amaki. ...Qarang, hammayoqni yashartirib yubordi. Bahor keldi-qo‘ydi”, deb yuboradi. Holbuki, u brigadir va dehqon sifatida yomg‘ir yoqqanidan zorlanishi kerak edi. Safar akaning javobida esa aynan o‘zbek dehqonining munosabati aks etadi: “...chang bosdi bo‘lgani tuzuk-ku, bemavridligi chatoq-da! Ikki-uch kunsiz dalaga kirib bo‘lmaydi endi...”. Bu tasvirlar adib har bir obrazning tabiatiga xos jihatlarni haqqoniy ko‘rsata bilganidan dalolat beradi.

 

Orziqul bosh qahramon tabiatidagi ichkin qirralarni ham ko‘rsatish uchun asarda Mahmudni o‘zining ichki “men”i bilan bahsga kiritish usulidan foydalanadi. Ushbu priyom bosh qahramonga roviynikidan o‘zgacha  rakursdan ham yondashish imkonini beradi. U har bir xatti-harakatini ichki “men”i bilan taftish qiladi, uning qaltis savollariga javob topib berishga intiladi.

 

Romanda maishiy holatlarning ishonarli tasviri orqali millatning ma’naviy qiyofasi ta’sirli aks ettirilgan. Chunonchi, asarda kuyovning oyog‘i ostiga tashlangan poyandozni tortishish, kelinni dugonalaridan “sotib olish”, kelinning yo‘liga boqon tutish singari odatlar va ularning zamiridagi ma’nolar tasviri juda ta’sirli chiqqan.

 

Yozuvchi uylanayotgan kelinchagiga ko‘ngilsiz bosh qahramon holatini: “Chimildiqqa, kelinning oldiga kiritishdi: chinchaloqda asal yalatish kerak ekan, yalatdim. Uzuk taqish kerak ekan, taqdim. Ko‘zguga qarab uni ko‘rishim kerak ekan, qaradim, ko‘rdim. Bilardim, xolamning qizi chiroyli edi, tillaqosh, zebigardonlarda yanayam xushro‘y bo‘lib ketibdi...” tarzida chizadi. Muallif inson ruhiyatining chigal va tushunib bo‘lmas yaratiq ekanini, hozirgina befarq, loqayd bo‘lib turgan odam bir zumda tamomila o‘zgacha holatga kirishi mumkinligini kelinning yo‘lini to‘sib chiqqan yigitlarga munosabat tasviri orqali ishonarli tasvirlaydi: “...ko‘prik ustida bir to‘p yigit ko‘rindi. ...Mashinadan tappa-tappa tashladik-da, ko‘prikka qarab yugurdik. Men ham endi kuyovmas, g‘azabga mingan sheriklarimning bittasi edim”. Yozuvchi qishloq yigitlarining kelin qilib olib ketilayotgan qizni bermaslik uchun qilgan harakatlari sabab Mahmud ruhiyatida qo‘pgan ichki bo‘ronni g‘oyat ta’sirli aks ettiradi: “Tamom! Hammasi ravshan! Bo‘ldi, uylanib bo‘ldim. Endi orqaga qaytarish kerak. Menga bunday xotinning keragi yo‘q. Kerak emas!.. Safar amakiga aytayin, qaytarsin. Uni olib ketmaylik, kerak emas!..”. Bu holat bot-bot o‘rtaga chiqqani sabab kelin-kuyovning keyingi hayotlarida ham yomon iz qoldirgani haqqoniy ko‘rsatiladi. Suymagan odamining suyguvchisi borligi o‘zbek yigiti ruhiyatiga ko‘rsatgan ta’sir ko‘lami asarda juda ishonarli ifoda etilgan.

 

Romanda yozuvchi bosh qahramonni idellashtirish yo‘lidan bormay, xarakter realligiga amal qiladi. Chunonchi, azaliy raqibi Kozim va uning gumashtalari tomonidan ayovsiz kaltaklangan Mahmud ularni jazolatmaganini shunday izohlaydi: “O‘shanda bu sirni oshkor qildirmadim. Hammamiz bir yurtdi bolasimiz, hech kim bilmasin, deb turib oldim. Aslida gap boshqa yoqda edi: kelib-kelib Kozim gushnadan kaltak yebdimi degan malomatdan or qilgandim”.

 

Kitobga kirgan uch qissadan biri “Yulduzsiz osmon” ifoda jozibadorligi va tasvir samimiyati bilan o‘qirman ko‘nglidan chuqur joy oladi. Ushbu bitikda ham Orziqul Ergash o‘zi yaxshi ko‘rgan va puxta egallagan bosh qahramonning xayoliy suhbati usulidan foydalanadi. Agar “Shohsanam” romani Sovetning oxiri ko‘rinib qolgan davri tasviriga bag‘ishlangan bo‘lsa, “Yulduzsiz osmon” qissasida Ikkinchi jahon urushi davridagi odamlar hayoti aks ettirilgan.

 

Qissa voqealari romantik tabiatli o‘smir qiz Mohiraning qaysidir frontda jang qilayotgan seviklisi Jo‘ra bilan xayoliy suhbatlari fonida tasvirlanadi. O‘z ro‘yolariga o‘zi ishonib yuradigan xayolparast qiz o‘zi bilan birga uyg‘onadigan tong yulduzida suyuklisini ko‘rib, u bilan suhbatlashadi, maslahat so‘raydi, va’dasini oladi. Va shu suhbat tufayli ko‘ngli ko‘tarilib, charchoq bilmay baxtiyor yuradi.

 

Asarda urush davrining shafqatsiz sinovlari, azobli mehnat iskanjasidagi yosh-u qarilarning hayoti manzaralari bor og‘irchiliklari bilan haqqoniy aks ettirilgan. Tong yorishmay turib, bug‘doy o‘rishga tushadigan qiz tong yulduzidan joy olgan xayoliy suhbatdoshiga o‘zining tirikchilik tarzini shunday bayon qiladi: “...choshgohgacha bug‘doy o‘ramiz-da, keyin paxta chopiqqa tushamiz. Kechqurungi salqinda yana o‘rimni boshlaymiz. Kun qizig‘ida bo‘lmaydi, boshoqlar kuruqshab, don to‘kiladi. Bir haftacha burun arpa o‘rimini tugatgandik. Hali bug‘doyni yig‘ishtirsak, sholi o‘rim boshlanadi. Undan tashqariyam bir-ikki kun daryo to‘sishga opketishdi. Bu yil daryo dam-badam toshib turibdi, yuqoridagi qishloqlardan bir-ikkita uylarni olib ketdi... Ha, yana go‘ng tashitishdi, dori maydaladik. Hali yoz oxirida har xil hasharlar chiqadi, tomsuvoq deyishadi, xirmonjoy hozirlash deyishadi. Keyin u yog‘iga paxta terimi boshlanadi”. Qissada chinakam odam har qanday og‘ir sharoitda ham o‘zligini yo‘qotmay, yaxshi kunlar umidida, pokiza orzular og‘ushida yashay olishi ko‘rsatiladi. Muallif qissada tasvirga tortilgan har bir personajni individual nutq bilan ta’minlagani bitikning ta’sir darajasini oshirgan.

 

Qissada o‘sha davrda yashashga mahkum bo‘lgan avlodning qismati suyuklisining halok bo‘lganini eshitib hushidan ketib yotgan Mohiraning chalkash o‘ylari orqali ma’joziy yo‘sinda butun dahshati bilan aks ettirilgan: “– Taxir ekanmi suvi? – dedim tashnalikdan tamshanib.

– Ha, taxir. Ishonmasang ichib ko‘r, mana, – dedi Hanifa opam iljayib.

Ichdim.                

Voy, buncha achchiq!.. Hanifa opam xandon otib kuldi.

Qismating bu, qismating! Ichaver!..

Ich, yana bir qultum ich, – dedi Ma’mura opam ham bir piyola suv tutib.

Ich, ko‘nikib qolasan, – dedi Hanifa opam qistab.

Yo‘q, icholmayman, – deya o‘rnimdan turdim.

Ichasan, ichasan, – dedi Hanifa opam zug‘um bilan. Keyin majburlab og‘zimga qultillatib quydi. A’zoi tanamda og‘riq va titroq qo‘zg‘aldi. Toshday og‘irlashib, buloq bo‘yiga yiqildim...

 

Shu tariqa mazlumaning xayoli vositasida nasibasi qismatning taxir suvini ichish bo‘lgan avlodning hayoti haqqoniy aks ettiriladi.

 

Adib barcha asarlarida bo‘lgani kabi ushbu qissada ham tabiat manzarasini mahorat bilan chizadi va uni personajlar kayfiyati muvoziy tasvirlay biladi. Jumladan, yomon xabarni eshitib hushidan ketib, zo‘rg‘a o‘ziga kelgan Mohiraga hamisha yoqimli bo‘lgan osmon shunday ko‘rinadi: “Dastavval boshimda tizilib, yig‘lamsirab turgan opalarimga, keyin... rangi bo‘zday oqarib borayotgan yulduzsiz osmonga ko‘zim tushdi”.

 

“Dunyoning bir chekkasi yoxud soy bo‘yi qizlari qissasi” asarini qay darajadadir “Shohsanam” romanining mantiqiy davomi deyish mumkin. Asardagi voqealar sodir bo‘lgan joy, Kozim, Farmon birgad singari obrazlar bu qissada ham qatnashishadi. Ushbu bitikda XX asr qishloq o‘zbeklarining hayoti o‘smir Samijon nazari orqali aks ettirilgan.

 

Qissadagi har bir obraz – betakror shaxs. Ko‘ngliga sevgi uchquni erta tushib: “Dunyodagi eng chiroyli ism – Shavqiya”, deydigan Sami, har jihatdan yetuk, ko‘rkam, ammo qishloqdan chiqolmaydigan, ixtiyori otalari qo‘lida bo‘lgan Komila, Sharifa, Ra’no singari qizlar, birda mard, birda adashadigan Karim, Shoalim, Samad singari yigitlarning o‘zaro munosabatlari g‘oyat ta’sirli va haqqoniy aks ettirilgan. Qissada o‘ktam, aqlli, oriyatli, arzirli odamga ko‘ngil qo‘yishdan qo‘rqmaydigan, ammo salgina xiyonatni ham kechirmaydigan Komilaning Samijonga aytgan: “Haqiqiy yigit bo‘lsang, buni doim boshingda tut. Ko‘cha-ko‘y, dala to‘pda, kas-u nokas oldida xor qilib qo‘yma. Men... – tomog‘iga allanima qadalganday bir zum to‘xtab, sal bo‘g‘ilgan ovozda davom etdi. – Men nasib qilsa, albatta to‘ylaringga kelaman. Bir yayrab o‘ynayman. Ertalabgacha hech kimni uxlatmayman. Muhabbat degan narsa o‘lmagan ekan. Mana tantana qildi. Bugun hech kim uxlamasin, shuncha uxlaganlaring yetar, deyman. Butun qishloqni tinchitmayman. Hali ko‘rasizlar, albatta ana shunday qilaman!.. tarzidagi gaplarida asarning bosh ma’nosi aks etgan deyish mumkin.

 

Qissada qishloq hayotining real tasviri o‘ta bilgichlik bilan aks ettiriladi: “Hadeb o‘t yulaverganimdan barmoqlarim ko‘karib ketgan. Kechqurun uyga qaytib harchand sovunlab yuvmay, ko‘ki ketadi-yu, o‘tning taxiri ketmaydi. Barmoqlarim labimga tegsa, ko‘ngilni behuzur qilib yuboradi. Oftob urgan bo‘ynim, yelkam tun bo‘yi jizillab achishadi, a’zoyi badanim qaqshab og‘riydi”.

 

Ayrim adiblarning ko‘pchilik asarlarida bot-bot tasvirlanadigan joylar bo‘ladi. Sh.Xolmirzayev ijodida Boysun, N.Eshonqul bitiklarida Tersota, S.Vafo hikoyalarida Monoq jug‘rofiy makonlari tez-tez tilga olingani kabi Orziqul Ergashning ham deyarli barcha asarlarida Ko‘ksoy, Shotutli, Sharsharaband, Darxon, Qo‘yqo‘ton singari maskanlar tasvirga tortiladi. Yozuvchining “Dala o‘rtasidagi daraxt” qissasida Shotutli deb atalmish dala va uning o‘rtasidagi yolg‘iz shotut og‘ochi yurtsevarlik, ezgulik, sadoqat, odamiylik singari yuksak qadriyatlarning ramzi o‘laroq aks ettirilgan.

 

Qissa o‘zgacha kompozitsion qurilishga ega bo‘lib, “Chayladagi hangoma”, “Bolibek amaki”, “Bolibek amakining o‘g‘li”, “Dala o‘rtasidagi daraxt”, “Daraxt ostidagi odam”, “Darxonliklar”, “Kunlarning birida”, “Og‘aynilar”, “Shotutlida olingan film” va “So‘ngso‘z” singari o‘n hikoyadan quralgan. Bu hikoyalarning har biri ham alohida mustaqil asar, ham bitta qissaning turli qismlari ekani bilan e’tiborni tortadi. Qissa qahramoni bola, o‘smir, o‘spirin, shoir yigit, akademik Abdumalik bo‘lib, hayoti davomida duch kelgan odamlarga dala o‘rtasidagi shotutga munosabatdan kelib chiqib baho beradi. Shotut misoli bir mahaktosh, unga munosabat har qanday odamning yaxshi-yomonligini aniq bildiradi.

 

Kutilmagan jihati shundaki, qissaning yetti hikoyasi mobaynida Abdumalik tilidan lapashang, foydaxo‘r, dangasa, qo‘rqoq odam sifatida ko‘rsatib kelingan sinfdoshi Burhon “Og‘aynilar” hikoyasida butunlay boshqa rakursda namoyon bo‘ladi. Qishloqdagi barcha yaxshi odamlar, ayniqsa, Abdumalik, Sayim va Eryigit uchun ezgulik timsoli bo‘lgan shotut haqida eng ko‘p qayg‘urgan, qayg‘uribgina qolmay, undan yangi ko‘chatlar olib ellik bir joyga ekib ko‘kartirgan odam sinfdoshlari nazarida lapashang, o‘z manfaatidan boshqa narsani o‘ylamaydigan Burhon bo‘lgan ekan. Shu tariqa ezgulik haqida to‘xtamay o‘ylash va gapirish bilan uni amalga oshirish boshqa-boshqa narsalar ekani ma’lum bo‘ladi. Muayyan darajada avtobiografik xususiyatlarga ega bu qissa dramatik sahnalarga boyligi bilan o‘qirman e’tiborini tortadi.

 

Kitobdan joy olgan o‘n to‘rt hikoyaning aksariyatida hanuz bolaligidan uzoqlashmagan muallifning “bolaligi ko‘chalari”da kechgan voqealar tasviri berilgan. Ayniqsa, “Poyandoz”, “G‘alati odam”, “Kelinchak”, “To‘y oqshomida”, “Onamning ertaklari” kabi asarlarda bu jihat yaqqol ko‘zga tashlansa, “Mantiq” hikoyasida esa kinoyaviy-tanqidiy ruh kuchli.

 

Orziqul Ergashning eskirmas tuyg‘ular tasviriga bag‘ishlangan “Oqar daryo” kitobi o‘qirmanlarda ezgu ma’naviy sifatlar uyg‘otishiga ishonamiz. “Oqar daryo”ning qirg‘oqlarida kezib, suvlaridan totining, aziz o‘qirman!

 

Qozoqboy YO‘LDOSH,

pedagogika fanlari doktori, professor

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 118
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22032
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//