Oʻzbek kim? Hojatbaror, sanʼatparvar, isrofgar, oshxoʻr va kuyunchak – qardoshlarning xalqimiz haqidagi fikrlari


Saqlash
16:11 / 03.11.2023 1244 1

 

Biz oʻzbeklar oʻzimizni bolajon, mehnatsevar, oqkoʻngil, mehmondoʻstmiz deb taʼriflashni yaxshi koʻramiz. Ammo tashqaridan qaraganda xalqimiz qanday koʻrinadi? Hamma fazilat-u qusurlarini bosib ketuvchi qaysi jihatlari boʻrtib turadi? Oʻzbekistonga kelgan yoki millatdoshlarimiz bilan muloqot qilgan xorijliklarOʻzbek kim?” degan soroqqa qanday javob beradi? Oyina.uz bugun shu savol bilan qardosh xalqlar vakillariga yuzlandi. Javoblar esa dilga yoquvchi va dilni yoquvchi boʻldi...

 

 

Oygul QORAYEVA,

radioboshlovchi (Ozarboyjon):

 

– Yaqinda bir doʻstim Oʻzbekistonga borib kelganimni eshitib, suhbat chogʻida “Qanday ekan begona joy, begona odamlar?” deya soʻradi. Soʻzlaridan jahlim chiqdi. Oʻdagʻaylab: “Oʻzbekiston xorijiy mamlakat, oʻzbeklar begona emas, qardosh oʻlka, qarindoshlarimiz ular”, dedim. U yovqarash qildi. Shunda oʻylab qoldim: “Xoʻsh, Oʻzbekistonga borishdan, oʻzbeklarni yaqindan tanishdan avval oʻzimning fikrim qanday edi?”

 

Oʻzbekistondagi tadbirda har qadamimizda kuy-qoʻshiq yangradi. Baʼzi soʻzlarini hisobga olmaganda ashulalarimiz bir xil, musiqamiz, ijro uslubi ham juda oʻxshash edi. Oʻzbeklar juda tez gapirarkan, ustiga-ustak, doim shoshib yurishadi. Biz bilan tarjimon orqali gaplashishdi. Tasavvur qiling, ikki turkiy xalq boshqa xorijiy tilda muloqot qildik. Bu oʻzbeklarning ham, bizning ham bedavo qusurimiz, chamamda. Ozarboyjondagi bir yomon odat oʻzbeklarda ham bor ekan: gaplariga ruscha yoki inglizcha aralashtiradi. Balki, ular ham xuddi bizdek xorijiy til qo‘shib gapirishni “oqsuyaklik”, “oʻziga xos”lik belgisi deb bilishar...

 

Biz asosan Samarqandda mehmon boʻldik, dunyoga mashhur Samarqand nonidan yedik, naq tishni sindiradi – qalin, lekin shirin. Taomlari o‘zim oʻsgan qishlogʻimni eslatdi. Oʻzbek oshiga esa 10 ball, super! Oʻzbekistonga sayohat qilmoqchi boʻlganlarga tavsiyam shu: albatta, Samarqandga, Buxoroga, Xivaga boringlar, osh yeyishni ham unutmanglar!

 

 

Arslan BAYIR,

“Güncel sanat” jurnali bosh muharriri (Turkiya):

 

– Mana, necha yilki oʻzbekistonlik ijodkorlar bilan hamkorlik qilaman. Eng birinchi taassurotim shuki, oʻzbeklar kuttirishni yaxshi koʻrishadi. Bir narsani iltimos qilguday boʻlsang, toʻsatdan yoʻqolib qolishadi. Ijtimoiy tarmoqlardan xabar yuboraman, baʼzida oylab javob kutaman. Qizigʻi, o‘zlarining ishi tushsa, darrov qayerdandir paydo boʻlishadi, ishlamaydigan telegramlari, internetlari ham ishlab qoladi. Bunday odamlar boshqa joyda yoʻq deyishim notoʻgʻri. Masalan, ish jarayonida qozoqlar, qirgʻizlar, boshqirdlar, turklar bilan ham muloqot qilaman. Ularda ham bor bunday “goʻzal odat”, lekin oʻzbeklarda koʻproq, menimcha. 

 

Oʻzbeklar sanʼatparvar, ijodsevar xalq. Muhabbati sabab ataylab Turkiyaga, Jaloliddin Rumiy qabri ziyoratiga kelgan oʻzbeklarni bilaman. Bu xislat haqiqatda tahsinga loyiq. Asosiysi, oʻzbeklar erinchoq emas, mehnatdan qochmaydi. Ayniqsa, doʻstlarini va doʻst deb bilganlarini, hatto dushmanlarini ham yaxshi koʻrishadi. Menga tez-tez “Oʻzbekistonga qachon kelasiz? Qachon bir “otamlashamiz?” deya yozishadi. Qarang, otamlashamiz. Goʻzal soʻz nihoyatda. Bu soʻzning tagida “yurakdan suhbatlashamiz, aziz mehmonimiz boʻlasiz” degan maʼno yotibdi. Men ham ularga “Rahmat! Salomat boʻling! Otangizga rahmat!” deya javob qaytaraman. Qardoshlarimiz joni sogʻ boʻlsin!   

 

 

Oʻrozmurod MURODOV,

tarjimon (Turkmaniston):

 

– Oʻzbeklar deganda koʻz oldimda birinchi navbatda Abdulla Qodiriy, Oʻtkir Hoshimov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Usmon Azim, Nazar Eshonqul, Xosiyat Rustamova va yana bir qator yosh shoirlar jonlanadi. Chunki adabiyoti orqali oʻzbek xalqiga, Oʻzbekistonga mehrim, muhabbatim oshgan. Asarlarini turkmanchaga tarjima qilish jarayonida oʻzbeklarni qayta kashf etganman. Oʻzbekistonga borganimda oʻzbeklar juda bolajon xalq ekaniga koʻp guvoh boʻldim. Bolalarni xursand qilish uchun hech narsadan qaytishmaydi. Koʻcha-koʻyda ertalabdan kechgacha farzandini yetaklagan ota-onalar qoʻllarida har хil oʻyinchoqlar, turfa rangli sharlar bilan kulishib yoningizdan oʻtib qoladi.

 

Suhbat paytida men oʻzbekcha gapirishga harakat qilaman, ular esa turkmancha. Bu oʻzbeklarning hojatbaror, mehmonsevarligining yana bir belgisidir, balki. Va yana oʻzbeklar hazil-mutoyibani juda yaxshi koʻradi. Koʻplab mamlakatlarni kezdim, turli millat vakillari bilan suhbatlashdim. Lekin oʻzbeklarchalik hangomani xush koʻradigan odamlarni uchratmadim. Deyarli har soʻzida birorta “gap tagida gap yashirin” latifa aytishadi, kuldirishadi, kulishadi. Oʻzbeklar yelkasi quyoshda kuygan millat. Mehnatsevar odamlar barchasi. Oʻz uyini, yurtini ozoda saqlaydilar.

 

 

Aziz BEYMIRZO OʻGʻLI,

baxshi (Qirgʻiziston):

 

– Turkiy millatlarning bari sanʼatsevar. Ijodiy safarlar bilan koʻplab mamlakatlarni kezdim, dunyo koʻrdim, lekin oʻzbeklarchalik sanʼatga, ayniqsa, sheʼr-u qoʻshiqqa oshno, shinavanda odamlarni koʻrmadim. Oʻtgan yili bir yoʻlim tushib Toshkentda mehmon boʻldim. Uch kunlik muddatning lazzati-yu zavqini tasvirlab berishim qiyin.

 

Qoʻlimda tor, milliy libosimizda taksiga chiqdim. Yoshi chamasi elliklardagi haydovchi kulimsirab soʻradi: “Ha, uka, tadbirga yoʻl oldingizmi? Qani, jonli ijrodan bir boʻlsin!” Soʻzlarini bir amallab angladim. Soʻngra mehmonligimni, Qirgʻizistondan kelganimni yarim rus, yarim qirgʻizchalab tushuntirdim. Yoʻl boʻyi mashina radiosidan bir-biridan ajoyib oʻzbek maqomlari yangradi, ora-orada Qirgʻiziston haqida soʻradi, choyxonaga olib borishini, mehmon qilishini aytdi.

 

Darvoqe, oʻzbek choyxonasi. Uni bizda ham yaxshi bilishadi. Ayniqsa, choyxona palovni. Toʻrt oʻzbekning boshi bir joyga kelsa, darrov choyxona qiladi, degan gap biz tomonlarda ham mashhur. Choyxonada gurung boʻladi, qorin toʻydiriladi, asosiysi, boshidan oxirigacha ashula yangraydi. Hatto baʼzi choyxona yigʻinlariga ataylab sanʼatkor chaqiriladi.

 

Afsuski, hamma qoʻshiqlari ham diltortar emas. Ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim oʻzbek qoʻshiqlarini eshitib, koʻnglim xijil tortadi. Oʻzbek musiqa sanʼati oʻziga xos, ayniqsa, har hududining oʻz baxshichilik yoʻnalishi, baxshilari bor. Istardimki, tarixiy qadriyat va anʼanalarimizdan suv ichgan oʻzbek musiqa sanʼati bemazmun, odamni bezdiradigan, yoqimsiz asarlar bilan toʻlib ketmasin.

 

 

Sitora ALIXONZODA,

jurnalist (Turkiya):

 

– Aslida oʻzbekman, turmush oʻrtogʻim oʻrta maʼlumotli, fabrikada usta-payvandchi boʻlib ishlaydigan oddiy turk fuqarosi. Biz millatlarimiz haqida suhbatlashishni, aniqrogʻi, ularning oʻziga xos jihatlarini bir-birimizga maqtanib turishni yaxshi koʻramiz. Bir kuni u Oʻzbekiston va oʻzbeklar haqida oila qurishimizdan oldingi va keyingi fikrlarini gapirib berdi.

 

Avvallari erim Oʻzbekistonning hamma erkaklari Rossiyada qurilishda ishlaydi, ayollari esa Turkiyada enagalik qiladi, deb oʻylagan. Chunki xoʻjayinim ish safari bilan Rossiya va Arabistonda koʻp boʻlgan. Turmush qurib biznikilarni yaxshi bilgach, oʻzbeklar oʻqimishli va ziyoli boʻladi, Oʻzbekistonda ilm rivojlangan, shuningdek, ular til oʻrganishga ustasi farang, degan fikrga keldi.

 

U avvallari Oʻzbekistonda ish yoʻq, fabrikalar yoʻq, shuning uchun butun xalq chetga chiqib ishlashga majbur, deb hisoblardi. Oʻzbekiston tabiati haqidagi qarashlari esa bunday boʻlgan: Oʻzbekistonda daraxt, suv yoʻq! Biroq toʻyimizdan soʻng bir necha marta yurtimizga bordik. Qarabsizki, Oʻzbekistonda zavod-u korxonalar ko‘pligiga, tabiatimiz esa oʻziga xos, quyoshli, daryo-yu ariqlarimiz toshqin, shuning uchun ham ovqatlarimiz, ayniqsa, goʻsht, meva-yu sabzavotlar xushtaʼm ekaniga amin boʻldi.

 

Erim gohida menga yarim hazil, yarim chin bilan “Oʻzbeklar anoyi emas, uxlatishda turklardan qolishmaydi”, deya soʻz qotadi. Nimadir deyishim qiyin, kamchiliklarimiz ham yetarli. “Bu bir millatga xos jihat emas, tayyoriga ayyorlar har joyda bor”, deb qutilaman.

 

Oʻzbekistonda paytimiz mehmonnavozlikdan boshi chiqmagan erim “Avvallari oʻzbeklarni mehmondoʻst deb oʻylardim, yoʻq, ular oʻta-oʻta mehmondoʻst”, deya kulimsiraydi va kinoya bilan qoʻshib qoʻyadi: “Oʻzbeklar isrofgar, dabdabaga oʻch”. U ahyon-ahyonda mendan “Oʻzbeklar nega turklarni yoqtirmaydi?” deb soʻrardi, lekin koʻp oʻtmay uning bu qarashi oʻzgardi, oʻzbeklar turklarni qardoshi deb bilishiga, yaxshi koʻrishiga amin boʻldi.

 

 

Erkinbek SERIKBAY,

telejurnalist (Qozogʻiston):

 

– Oʻzbek sportchilari, ayniqsa, bokschilari jahon arenalarida havas qilsa arzigulik natijalarga erishib keladi. Ularning janglarini tomosha qilib, xuddi oʻzim yutgandek quvonaman. Oʻzbekiston – pahlavonlar yurti, oʻzbeklarning bari pahlavon. Sportga qiziqqanim uchun ham gapni aynan shundan boshladim. Ochigʻi, oʻzbek kurashi muxlisiman. Bolaligimdan qiziqib, oʻqib-oʻrganganman. Hozir boshqa sohada ishlashimga qaramay, kurashga boʻlgan qiziqishim soʻngani yoʻq. Oʻgʻlimni nasib qilsa, kurashchi qilaman, oʻzbek kurash murabbiylaridan taʼlim oladi.

 

Oʻzbeklar kuyinchak xalq. Bizda oʻtgan yili baʼzi mojarolar boʻldi, talatoʻplar ichida qoldik. Eng birinchi oʻzbekistonlik doʻstlarim hol-ahvol soʻrab xabar yozishdi. Nimadir yordam kerak boʻlsa, hamisha hozirligini aytishdi. Tabiiyki, shunday orqadoshing bor ekan, har qanday jangdan omon chiqasan kishi. Olisdan boʻlsa-da, dalda berib turishgani uchun oʻzbek qardoshlarimizdan minnatdorman.

 

Bizda “Oʻzbeklar sodda xalq” degan gap tez-tez quloqqa chalinadi. Qardoshlarimdan uzr soʻrayman-u, oʻzbeklar anoyi millat emas, ushlagan joyini uzib oladi. Bir ishga kirishdimi, eplaydi, uddalaydi. Oʻzbeklar yaxshi doʻst, doʻstlikni unutmaydi. Unutdimi, demak, u oʻzbek emas.

 

Rahmat BOBOJON tayyorladi.

Oyina.uz

 

Oyina.uz'ni Telegramda kuzating!

1 Izoh

Abdulaziz

18:11 / 30.11.2023

Maqola juda yaxshi shu qadriyatlarimizni unutmasak kifoya. Eng muhumi shunda. Qarindoshlar bilan aloqalar siyosiy manoda ham boʼlsa yanada yaxshi boʼlardi. Xuddi oldingidek. Qozoq qirgʻiz uchun turkman oʻzbek uchun hamma bir biri uchun kuyunsa deyman

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19353
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16482
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi