O‘rta Osiyo hududi sovet davlati tarkibiga kiritilgach, mahalliy boshqaruv tizimi, jamiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy sohalar yangicha asosda qurila boshladi. Bu jarayonda hukumat mahalliy xotin-qizlar ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularni “zamonaviylashtirish”, jamiyatda erkaklar bilan teng faoliyat yuritishini ta’minlash (keyinchalik ular mehnatidan keng foydalanish) masalasiga jiddiy e’tibor qaratdi. Ushbu jarayonni yanada tezlashtirish masalasi O‘rta Osiyo partiya komiteti xotin-qizlar bo‘limlari xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan kengashda muhokama etilib (1926-yil sentabr), ayollarni majburiy ravishda “ozodlikka chiqarish”, ya’ni paranjidan xalos etishga qaror qilindi (O‘zbekistonning yangi tarixi. 2-kitob. O‘zbekiston sovet mustamlakachiligi davrida. Ilmiy muharrir M.Jo‘raev. Toshkent, “Sharq”, 2000. 105-bet). “Hujum” deb atalgan bu tadbir boshlangan ilk kezlar muayyan muvaffaqiyatlarga erishildi albatta, ya’ni ayollarga o‘qish, bilim va malakasini oshirishga imkon yaratildi. Natijada o‘zbek ayollari orasidan maorif, madaniyat, fan, san’at, tibbiyot va ijtimoiy turmushning barcha sohalarida faol ziyolilar yetishib chiqdi.
“Hujum” kampaniyasining ilk yillari ko‘p ayollar paranji tashlab (1927-yil bahorida 100 ming nafar), ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda qatnasha boshlagan bo‘lsa-da, bu siyosatni amalga oshirish salbiy oqibatlar bilan kechdi. O‘zbekiston SSR prokuraturasiga viloyatlardan o‘ta maxfiy tamg‘a ostida topshirilgan hisobotlarda qayd etilishicha, 1927 yili “Hujum” harakati aholining ma’lum bir qismi, jumladan, davlat tashkilotlarida ishlaydigan erkaklar ayoli, shuningdek, kambag‘al va batraklar oilasi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan, ulamolar, boylar, savdogarlar esa unga qarshi targ‘ibot-tashviqot olib borgan (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni arxivi, 58-fond, 5-ro‘yxat, 865-ish, 62-63-varaqlar).
“Hujum” shu qadar shiddatli tus oldiriladiki, hatto xotin-qizlar yuzini ochish bo‘yicha O‘zbekiston, Turkmaniston va boshqa respublikalar o‘rtasida “sotsialistik musobaqa” tashkil qilinadi. Qizig‘i shundaki, bu tadbirga respublikalarning sovet sud-huquq, ichki ishlar organlari, prokuratura xodimlari va tergovchilar ham jalb etiladi. Musobaqa davomida (1929-yil 1-sentabrdan 1930-yil 1-martgacha) sud xodimlari ajralish ishlarini jadallashtirish bilan shug‘ullangan bo‘lsa, boshqa ishtirokchilar qishloqlarga borib jamiyatda ayollar o‘rni va haq-huquqlari to‘g‘risida ma’ruzalar o‘qishi zarur edi. Shuningdek, ularga mahalliy xotin-qizlardan sud-huquq organlariga xodimlar jalb etish, sud jarayonlarida xalq maslahatchisi sifatida qatnashishiga sharoit yaratish vazifasi ham yuklanadi. Bu vaqtda ayollardan keksa eridan ajralish xususida sudga murojaatlar tushib turgan bo‘lib, “musobaqa” davomida bu jarayon yanada avj olgan. Natijada O‘zbekistonda ko‘plab oilalar buzildi, ajralishga ariza bergan ayollarning ba’zilari eri yoki aka-ukasi tomonidan jazolandi. Sovetlarning xotin-qizlarni ozodlikka chiqarish borasida tezkorlik bilan amalga oshirgan siyosati mahalliy ayollarning begunoh qurbon bo‘lishiga-da sabab bo‘ldi. Buni tasdiqlovchi ko‘plab dalillar mavjud. Davlat siyosiy boshqarmasining Qo‘qon okrugi tomonidan O‘zbekiston Kommunistik partiyasi Markaziy Komitetiga topshirilgan dalolatnomaga ko‘ra (1927-yil iyun), Buvayda va Beshariq tumani hamda Oqtepa va G‘ori qishlog‘ida paranji tashlagan ayollar o‘limi bilan bog‘liq jinoiy ishlar qo‘zg‘atilgan (O‘zR PDA, 58-fond, 2-ro‘yxat, 1153-ish, 65-66-varaqlar). 1927-28-yillar O‘zbekistonda 2.5 mingdan ziyod ayol (Alimova D. “Hujum”ga zarurat bormidi? “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, 1992-yil 11-sentabr) bevaqt hayotdan ko‘z yumgan bo‘lsa, Xorazm shahar prokurori bergan xabarnomada “... ko‘rib chiqilgan atigi 20 ta jinoiy ishda 68 nafar ayol o‘limi ma’lum bo‘lgan” (O‘zR PDA, 58-fond, 2-ro‘yxat, 1153-ish, 87-88-varaqlar) deya ta’kidlanadi. Boshqa bir hujjatda 1928-yili respublika bo‘yicha 208 ayol o‘limi bilan bog‘liq jinoiy ish ko‘rilgani, haqiqatda esa bu raqam ancha katta ekani, masalan, birgina Xorazm viloyatida 68 ayol o‘ldirilgani-yu, bor-yo‘g‘i 20 ta jinoiy ish qo‘zg‘atilgani, okrug prokurorlarining 1929-yil to‘rt oyi yuzasidan topshirgan hisobotida esa 21 ayol o‘ldirilgani, 2 nafari jarohatlangani qayd etilgan (Rossiya Federatsiyasi davlat arxivi, 374-fond, 27-ro‘yxat, 1708-ish, 86-87-varaqlar. Ma’lumotlar O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz arxivi fondidan olingan).
“1929-yil 1-yanvardan 15-aprelgacha Farg‘ona okrugining Marg‘ilon rayonida 2 ayol og‘ir yaralangan, Andijon okrugi Muxunbek qishlog‘ida faol ayollardan birini mahalliy imom o‘ldirgan, Shahrixon rayonida 2, Surxondaryoda 4, Zarafshon okrugida 2, Xorazm okrugida 1 ayol o‘ldirilgan va 2 nafari jarohatlangan, Samarqand okrugida 3, Toshkent okrugida 2, umumiy hisobda 20 nafar ayol o‘ldirilgan va 5 tasiga og‘ir tan jarohati yetkazilgan” (O‘zR PDA, 58-fond, 2-ro‘yxat, 1153-ish). Bu jarayonning salbiy oqibatlari aks etgan yana ko‘plab hujjatlarni misol tariqasida keltirish mumkin.
O‘zbekiston hududida xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy jarayondagi ishtiroki, jumladan, paranji tashlash bilan bog‘liq muammolar, bu jarayonlar negizida sodir etilgan turli jinoiy ishlar XX asr 30-yillari oxirlarida ham davom etgani arxiv hujjatlarida uchraydi. Xususan, bu borada O‘zbekiston SSR prokuraturasining 1939-yil 2-fevralda 56-sonli buyrug‘i e’lon qilinadi. Unda ayollarning paranji tashlash jarayoni bilan bog‘liq jinoiy ishlar hali-hanuz davom etayotgani, shu sababli bu kabi jinoiy ishlarning olib borilishi, ular soni va holatini doimiy nazorat qilish, shuningdek, ayollarni davlat tashkilotlariga jalb etishni jadallashtirish (prokuratura va shu kabi tashkilotlar) zarurligi ta’kidlanib, bularni bajarishga O‘zbekiston SSR va Qoraqalpog‘iston ASSR prokurorlari yordamchilari mas’ul qilib belgilanadi (Rossiya Federatsiyasi davlat arxivi, 8131-fond, 16-ro‘yxat, 48-ish, 4-5-varaqlar).
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonda sovetlarning xotin-qizlar bilan bog‘liq ijtimoiy-siyosiy tadbiri tufayli o‘zbek ayollari ruhan uyg‘ondi, ijtimoiy hayotning barcha jabhalarida erkin, faol qatnasha boshladi. Ammo, sovet davrida bu jarayonga birtomonlama qaralib, faqat ijobiy baho berilgan bo‘lsa-da, o‘sha davrga tegishli ko‘plab birlamchi manbalar mahalliy aholining tarixan tarkib topgan turmush tarzi, urf-odatlari, islom dini bilan bog‘liq an’analar hisobga olinmagani bois, bu ishlar salbiy oqibatlar bilan kechganidan dalolat beradi.
Avazbek YERMETOV,
O‘zbekiston Milliy universiteti
dotsenti
“Tafakkur” jurnali, 2017-yil 2-son
Ma’naviyat
Adabiyot
San’at
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
3 Izohlar
Умар
12:01 / 01.01.1970
Афсус, ботқоқғини соғинадиган манқуртлар ҳали ҳам кўп орамизда. Уларнинг орасида ўзини олимман деб юрганларнинг борлиги жуда ачинарли!
dildora
12:01 / 01.01.1970
menga judaxam yoqdi keng ochib berilgan raxmat
Javohir
12:01 / 01.01.1970
Yaxshi menga yoqdi yana shundaylari qoying