Oyina.uz'ning bugungi mehmoni – Amerikaning dunyoga mashhur “Microsoft” kompaniyasida faoliyat olib borayotgan oʻzbekistonlik dasturchi Abror Ergashev. Qahramonimiz bilan okeanorti mamlakatidagi yashash tarzi, yirik kompaniyada ishlash masʼuliyati va IT sohasidagi rejalari haqida suhbatlashdik.
Ishlash va yashash uchun nega aynan Amerikani tanlagansiz?
Aslida Amerikada yashash niyatim boʻlmagan. Maktabda oʻqib yurgan paytlarim nemis tilidan repetitorga qatnab, Toshkent moliya institutiga oʻqishga kirgandim. Tanishlarim va amakim Germaniyada taʼlim olib kelishgani uchun mening ham asosiy maqsadim shu mamlakatda oʻqish edi. 2009-yili 3-kursdan soʻng yozgi taʼtilda Germaniyaning DAAD stipendiyasi orqali Yevropada tahsil ham oldim. Ammo 4-kursligimda kvartirada yashaydigan oʻrtoqlarim bilan ingliz tilini oʻrganishga qaror qildik. Ikki yarim yil ichida IELTS dan kerakli ball olib, Londonga hujjatlarimni topshirdim. Oʻqishga qabul qilinganman, lekin toʻlov pulini oldindan oʻtkazishim kerak edi. Mablagʻ yetarli boʻlmagani uchun bu rejamdan voz kechdim. Doʻstlarim bilan keyingi manzilimiz Amerika boʻldi – Kaliforniya shtatidagi Linkoln universitetiga magistratura uchun hujjat topshirib, shu orqali viza oldik. San-Fransisko shahri ikkinchi uyimdek boʻlib qolgan. Doʻstlarim bilan juda koʻp yaxshi va unutilmas kunlarni oʻtkazdik. Amerikadagi birinchi kirgan universitetim akkreditatsiyasi unchalik yaxshi boʻlmagani sababli oʻqishimni Kaliforniya davlat universitetiga koʻchirganman. U yerni tamomlagach, oʻz soham, yaʼni IT boʻyicha avval Los-Anjeles shahrida bankda ishladim, keyinchalik Vashington shtatiga koʻchib, “Microsoft” kompaniyasi loyihasida ish boshladim. To‘rt yildan beri faoliyatimni shu yerda davom ettirib kelyapman. Oʻqishim tugashi oldidan Oʻzbekistonga qaytib, oila qurdim va Amerikaga oilaviy qaytdik. Bu yerda ikki farzandimiz dunyoga keldi.
Yurtdan uzoqda, yangi muhitda turli qiyinchiliklarga duch kelish tabiiy…
Xorijga ilk marta chiqqan har qanday odam uchun koʻnikish oson boʻlmasligi aniq. Buni yaxshi his qilardim, ammo doʻstlarim bilan birga kelganim ancha kuch bergan. Birgalikda yoʻlimizni topdik, bir-birimizni qoʻllab-quvvatladik. Esimda, kelishimiz bilan birinchi oʻrinda ish qidirganmiz. Chunki boshlangʻich xarajatlar uchungina pulimiz bor edi. San-Fransisko koʻchalari boʻylab har bitta restoranga kirib maʼlumotlarimizni topshirib chiqaverganmiz. Bir oʻzim bu holatda boʻlganimda ancha qiynalardim, lekin yaqinlarim bilan har bir tushgan vaziyatimiz oʻzgacha qiziqarli va zavqli edi. Restoranda, taksida, transport kompaniyalarida, universitet va boshqa joylarda ishlashga toʻgʻri kelgan. Ishimiz qiyin emasdi, mashaqqat faqat ota-onamiz va uyni sogʻinishimiz edi.
Hozirgi ishingiz oʻzingizga yoqadimi?
“Microsoft”da faoliyat boshlagan birinchi kunlarimdanoq o‘zim ishlaydigan soha – data, yaʼni maʼlumotlar bazasi qanchalik kattaligini tekshirganman. Bu yerda baza shunchalik kattaki, birinchi koʻrganimda hayron qolganman. Vazifamiz “Microsoft” mahsulotlarini “promote” qilish, yaʼni dunyo boʻyicha turli kompaniyalarga taklif etishdan iborat. Kerakli dastur va ilovalarni bizdan oldingi mutaxassislar ancha mukammal tarzda yaratib qoʻyishgan. Qisqacha aytganda, kompaniyada hamma narsa shu darajada puxta tayyorlanganki, faqat ishlash kerak, xolos.
Amerika va Oʻzbekistonda ishlashning qanday farqlarni sezgansiz?
Esimga kelgan baʼzilarini sanab oʻtishga harakat qilaman:
– Amerika kompaniyalarida ishchilar juda tez ishini almashtiradi. Yoqmay qoldimi, boshqa joy topish harakatiga tushishadi. Yoki ishda nimadir yangi narsa oʻrganmayaptimi, demak, oʻrganadigan tashkilotga oʻtishga harakat qilishadi, albatta, maoshni hisobga olgan holda.
– Amerikada qarindoshlarning bitta proyektda ishlashiga ruxsat berilmaydi. Keyin hamma oʻzi uchun harakat qiladi. Bu yerdagi odamlar bilim va malakasidan boshqa narsa bilan ishga kirolmasligini biladi va shuning uchun qattiq mehnat qiladi.
– Odatda Amerikada bayram kunlari juma yoki dushanba kuniga toʻgʻri keladi. Oʻsha kuni dam olsak ham, bir kun oldin kun yarmigacha ishlaymiz, erta javob beriladi.
– Ish kunlari dushanbadan jumagacha ertalab soat 9 dan 5 gacha. Ishdan tashqari paytlari boshqaruvchi ishchilariga telefon qilmaydi. Mabodo qoʻngʻiroq qilsa ham, uzr soʻraydi va tezlik bilan masalaga oʻtib, savol soʻrashi mumkin. Umuman olganda esa, ishdan keyin telefonni koʻtarishga ham majbur emassiz.
– “Microsoft”da xodimlar ish vaqtida ham dam olishlari uchun sharoitlar yaratilgan. Shuningdek, har bir ofis ishchilar uchun turli xil ichimliklar bilan taʼminlangan.
Amerikadagi ijtimoiy hayot, yashash tarzidagi ijobiy jihatlar nimalarda deb oʻylaysiz?
Amerikada kun tartibimiz belgilangani va doim nima bilandir band boʻlganimiz uchun vaqt tez oʻtadigandek tuyiladi. Ishdan tashqari paytlarim oilam bilan koʻproq vaqt oʻtkazishga harakat qilaman. Farzandlarimizni biror toʻgarakka yoki bolalar bogʻiga olib boramiz. IT sohasida ishlaydigan oʻzbek doʻstlarim bilan har ikki-uch haftada “amerikacha choyxona”da yigʻilib turamiz. Bolalarim tugʻilgan paytlari pandemiya davriga toʻgʻri kelib, ancha vaqt tashqi muhitdan uzilib qolishdi. Shuning uchun Oʻzbekistonda olti oy boʻlib, oʻzbek tilini anchagina oʻrganib qaytishdi. Ular ona tilini unutishlarini istamayman, rosti.
Mutaxassis sifatida yurtimizda ham rivojlanib kelayotgan IT sohasi uchun qanday takliflaringiz bor?
Mamlakatimizda ITga yaxshi e’tibor berilyapti, deb oʻylayman. Buni IT eksporti hajmi yildan yilga oshib borayotganidan ham bilsa boʻladi. Yaqin kelajakda Oʻzbekiston ham xuddi Hindiston kabi “IT hub”ga aylanishini xohlardim. Chunki butun dunyoda juda koʻp kompaniyalar Hindistondagi maxsus jamoa (offshore team)larga maʼlumotlar bazasini yoki loyihasini qoʻrqmasdan ishonib topshiradi. Xuddi shu imkoniyat bizda ham boʻlishi uchun aniq harakatlar qilishimiz kerak.
Har yili Amerikaga ketish uchun millionlab oʻzbekistonliklar “Green Card” oʻynaydi, omadi kelgan yurtdoshlarimiz pul ishlash uchun okeanortiga uchib ketishadi. AQShning oʻzbeklarni oʻziga tortayotgan jihatlari nimalarda deb oʻylaysiz?
Bu, koʻpchilik bilganidek, iqtisodiy holat bilan izohlanadi. Biz moliyaviy jihatdan oʻzimiz va oilamizni yaxshi taʼminlashni xohlaymiz, taʼlim sifati sabab farzandlarimiz ham chet elda oʻqishini reja qilamiz. Amerika esa sizga bularning hammasini taklif qila oladi. Menimcha, shu jihatlarning oʻzi yetarli boʻlsa kerak, “Amerika orzusi” uchun.
Amerikaga borish, yashash va ishlash uchun ketayotgan yurtdoshlarimizga nimalarni tavsiya qila olasiz?
Amerikaga kelishdan avval qilinadigan eng muhim ish – ingliz tilini mukammal oʻrganish. Chunki aksar yurtdoshlarimiz til bilmasdan kelib, juda koʻp muammoga yo‘liqishyapti. Yana, mashina haydashni bilish ham Amerikada juda katta yordam beradi. Taʼlim orqali kelmoqchi boʻlganlar esa turli stipendiya yoki dasturlarga, asosan kuzgi mavsumga topshirib koʻrishsa, viza olish imkoniyati oshishini kuzatganman. Hozir Qoʻshma Shtatlarning har bir shahrida oʻzbeklarni uchratishimiz mumkin. Turli oʻzbek jamiyatlari ham ochilgan. Ushbu tashkilotlar yashash va uy topish masalalari boʻyicha maslahat va yordam berishadi.
Kelajakdagi rejalaringizni Oʻzbekiston bilan bogʻlaysizmi?
Albatta! Amerikada qonuniy ishlay oladigan yurtdoshlarimiz uchun online IT kursini tashkil qilganman. Yaqin kelajakda soham boʻyicha Oʻzbekistonda “team”, yaʼni jamoa tuzish niyatim bor. Dastlabki tadoriklarni ham boshlab yuborganman. Xudo xohlasa, qolganini vaqt koʻrsatadi.
Zulxumor ORIFJONOVA suhbatlashdi.
Oyina.uz
Oyina.uz'ni telegramda kuzating
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q