Oʻzbekistonda mashhur alloma Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050-yilligi munosabati bilan oʻtkazilayotgan “Abu Rayhon Beruniy ilmiy merosining jahon fani rivojidagi oʻrni” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiyaga dunyoning turli mamlakatlaridan oʻnlab olimlar tashrif buyurdi. Biz shunday olimlardan biri, turkiyalik tarixchi, professor Mustafa Demirchi bilan Beruniy izlanishlari, merosi, uning shaxsiyati haqida suhbatlashdik.
– Assalomu alaykum, Oyina.uz muxlislari. Bugun, biz, Oyina podcastining navbatdagi sonida turkiyalik professor, tarixchi olim Mustafa Demirchi bilan suhbat quramiz. Ustoz shu kunlarda Oʻzbekiston respublikasida Beruniy tavalludining 1050-yilligi munosabati bilan oʻtkazilayotgan konferensiyada ishtirok etmoqda. Biz ustoz bilan Beruniy tugʻilgan hozirgi Qoraqalpogʻiston respublikasida, shuningdek Urganch va Xivada boʻldik, va hozir tadbirning yakuniy qismi boʻlib oʻtayotgan Toshkentda shahridamiz. Dastlab, mana shu konferensiya haqida gaplashsak, bu anjuman sizda qanday taassurot qoldirdi?
— Xalqaro Beruniy sharqshunoslik instituti bilan Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi birgalikda ushbu konferensiyani tashkil qildi. Boshqa ishtirokchilar ham bor, ammo asosiy tashkilotlar shular. Albatta, juda ajoyib tadbir boʻldi, men Oʻzbekistondagi koʻplab davlat tadbirlarida qatnashganman va ularning aksariyatida bizni koʻp kuttirishardi, vaqtimizning koʻp qismi kutish bilan oʻtardi.
— Qaysi yillarda bizning vatanimizga kelgansiz?
— Har yili. 2017-yildan buyon har yili Oʻzbekistonga kelaman. Ammo bu tadbir boshqacha, juda yaxshi oʻtdi. Bizni bir daqiqa ham boʻsh qoʻymadilar, koʻp joyga olib bordilar. Ishlar juda yaxshi tashkil qilingan. Oʻzbekistondagi ilmiy anjumanlardagi ovqatlanish, mehmonnavozlik ishlari dunyoning qolgan davlatlaridagidan taqqoslab boʻlmaydigan darajada yaxshiroq, buni eʼtirof etish lozim. Oʻzbeklar juda mehmondoʻst insonlar.
Tadbirda Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda Beruniy Sharqshunoslik instituti direktorlari, xodimlari biz bilan birga yurdi. Hammasi oʻz oʻrnida, ajoyib oʻtdi. Men juda mamnun boʻldim.
— Turkiya, umuman dunyoda Beruniy shaxsi unchalik mashhur emas, masalan Ibn Sino ancha mashhur. Bu borada nima deysiz?
— Ha, Beruniy Gʻarbda ham, gʻarbiy musulmon olamida ham yaxshi tanilmagan musulmon olimi. Islom dunyosi ilmidan juda yaxshi xabardor boʻlgan Ibn Haldun oʻz asarida barcha musulmon olimlari haqida qisqacha tarix yozgan, biroq ushbu kitobda Beruniy eslab oʻtilmagan. Demak Beruniy gʻarbiy islom olamida taniqli boʻlmagan va u agar bu yerda mashhur boʻlganda, u yerdan Yevropaga ham oʻtishi mumkin edi. Yaʼni, Beruniyning mashhurligi uning ilmi bilan nomutanosibdir.
— Toʻrt kunlik konferensiya davomida aksariyat olimlar juda koʻp kashfiyotlarni Beruniy izlanishlaridan topmoqda, masalan, Nyutonning butun olam tortishish qonuni kabi. Agar Yevropa XIX asrgacha Beruniyni bilmagan boʻlsa, ular bu kashfiyotlarni mustaqil amalga oshirdimi?
— Biz yevropaliklar Beruniyni qanchalik taniganini bilmaymiz. Men Nikolay Kopernikning Yerning Quyosh atrofida aylanishi haqidagi nazariyasiga Beruniy merosi taʼsir qilgan deb hisoblayman.
— Bunga qanday asoslaringiz bor?
Beruniy bir asarida shunday degan: “Biz Quyosh Yer atrofida aylanadi deb eshitganmiz, biroq buning aksi boʻlsa ham biz bir xil manzarani koʻramiz. Yaʼni Quyosh Yer atrofida aylansa ham hozirgi manzarani koʻramiz, Yer Quyosh atrofida aylansa ham shu manzarani koʻraveramiz.
Qolaversa, Quyosh hajm jihatdan Yerdan juda katta. Demak u oʻzidan ancha kichkina Yer atrofida aylanishi mantiqan toʻgʻri emas. Menimcha biz Yer Quyosh atrofida aylanadi deb hisoblashimiz lozim”, degan Beruniy.
Islom dinida bu din masalasi emas edi, yaʼni Beruniyning bu fikri Sharqda tanqid qilinmadi, biroq Gʻarbda, xristianlikda bu din masalasi edi va cherkov bu gʻoyaga qarshi chiqdi. Cherkov bunday fikr tarqalishiga toʻsqinlik qildi.
Ikkinchisi, Beruniy asarlari shotland liberalizmga ham taʼsir qilgan. Beruniy oʻzining “Kitob al-jamohir fi-maʼrifat al-javohir”, yaʼni “Qimmatbaho javohirlar haqida bilimlar kitobi”da qimmatbaho maʼdanlarning iqtisoddagi oʻrni va qiymati haqida yozgan va bunday maʼdanlarga ega boʻlish davlatga qanday foyda keltirishi haqida bahslar yuritgan. Beruniy yozgan fikrlar iqtisodiy liberalizmga juda oʻxshash gʻoyalar edi. Turkiyalik mashhur tarixchi olim Fuat Sezgin bir oʻrinda “Beruniyning izlanishlari shotland liberalizmiga taʼsir oʻtkazdi” deb aytgan.
XII-XIV asrlarda baʼzi yevropaliklar Beruniy asarlarini lotinchaga oʻgirib, unga oʻz nomini qoʻyib chop etdi. Shu maʼnoda yevropaliklar Beruniy tanimasa-da, uning bilimlaridan xabardor boʻlgan. Va men yevropaliklar Beruniydan, uning izlanishlaridan bexabar boʻlgan degan fikrga qoʻshilmayman.
— Beruniyning jahon tamadduniga qoʻshgan eng katta hissalarini sanab bera olasizmi?
— Birinchisi. Insonlarni har xil asossiz, haqiqat boʻlmagan narsalardan uzoqlashtirgan. Masalan, afsonalarni, xalq orasida keng tarqalgan, rost boʻlmagan hikoyalar, rivoyatlarni rad qilgan. Odamlarga rost boʻlgan, haqiqatga mos keluvchi narsalarni oʻrgatgan. Bu juda muhim ish.
Ikkinchisi. Tabiiy fanlar olamida koʻplab bilimlarning tamal toshlarini qoʻygan. Masalan, uning astronomiyaga oid fikrlari astronomiya tarixining tamal toshlari boʻldi. Beruniy oʻsha davrdagi hisob-kitoblari hozirgi raqamlar bilan deyarli bir xil.
Uchinchisi. Beruniy oʻzidan oldingi bilimlarni oʻrgandi, ularni tekshirdi, xato fikrlarni tanqid qildi va oʻz variantlarini ilgari surdi. Yaʼni oʻz davrigacha oʻrgatilgan tarix, geografiya, astronomiya olamidagi bilimlarning hammasini koʻzdan kechirdi, tekshirdi. Yanglish fikrlarni ilmiy asoslar bilan tuzatdi.
Toʻrtinchisi. Gumanitar fanlarga tamal toshi qoʻydi. Ilk bor “ulum ul-insoniy” fani doirasida fikrlarni yozdi. U ijtimoiy bilimlarning metodologiyasini oʻrtaga tashladi. Uning markaziga tarix, geografiya, astronomiya va adabiyotni joylashtirdi.
Beshinchisi. Madaniyatlar antropologiyasini yozdi. Bu orqali etnologiya va antropologiya tamal toshini qoʻydi. “Hindiston” asarida boshqa madaniyat tarixini, xususiyatlarini yozdi. Hatto ushbu kitobni oʻqib, Hindistonga sayohat qilgan bir doʻstim menga “Beruniyning yozganlari juda toʻgʻri va ular hozirgi kunda ham amaldadir” deb aytdi.
Oltinchisi. Beruniy samimiy musulmon edi. Masalan, u ixlosmand, ustoz deb bilgan odami Zakariyo ar-Roziy deist edi. Beruniy ikki insonni ishtiyoq bilan oʻrgangandi, birinchisi ar-Roziy, ikkinchisi Abu Yoqub al-Kindi edi. Beruniy ulardan oʻzi uchun kerak ilmiy bilimlarni oʻrgandi, chunki u samimiy bir musulmon edi va yaxshi musulmon edi. Beruniy oʻzining barcha kashfiyotlari, tadqiqotlarni Qurʼon oyatlari bilan bogʻlagan va asoslagan.
Beruniy din va fan oʻrtasida keskinlik koʻrmagan, u diniy va dunyoviy bilimlarni aralashtirib oʻrgangan. Mening oʻzim ham Beruniy kabi fikrlaydigan insonman.
— Juda yaxshi mavzu koʻtardingiz. Yaqinda Oʻzbekistonda Beruniy va Ibn Sino dini borasida bahslar boʻlib oʻtdi. Baʼzilar oʻsha paytdagi din ulamolari ularni tanqid qilgani, bu olimlar dinga qarshi boʻlgan degan gaplarni ham aytishdi. Bu haqda nima deysiz?
— Beruniyni din ulamolari tanqid qilgani rost. Lekin toʻgʻri tushunsinlar, Beruniy izlanishlarining musulmonlik bilan hech qanday muammosi yoʻq.
— Oʻzbekistonda Beruniy Amerikani Xristofer Kolumbdan oldinroq kashf etgani haqida keng tarqalgan bir fikr bor. Bu darsliklarimizda ham bor, shoirimiz Abdulla Oripov buni oʻz sheʼrida ham qayd etgan. Siz bu borada qanday fikrdasiz?
— Beruniy okean ortida katta bir qitʼa borligi haqida gapirmagan. Beruniy dunyoning koordinatlarni juda yaxshi bilgan. Abbosiylar davrida xalifa Maʼmun tomonidan dunyo xaritasi tayyorlangan va bu “Maʼmun xaritasi” deb atalgandi. Bu xaritani boshqa bir xorazmlik, Muhammad al-Xorazmiy chizgandi.
Beruniy bu xaritani tanqid qilgan, xatolarini aytgan, shaharlar oʻrtasidagi masofalar notoʻgʻri ekanligini taʼkidlagan. Beruniy jahonning ekvator chizigʻining uzunligini hisoblab chiqqan va uning hisob-kitobi hozirgi kundagiga juda-juda yaqin. U Magʻribdan Chingacha boʻlgan masofani oʻlchagan va ekvatorning qolgan joylarda katta dengizlar bormi yoki quruqlikmi deya savol qoʻygan.
Shuni bilish kerakki, Beruniy davrida dunyo aylana yoki tekisligi borasida bahslar boʻlgan. Beruniy Yerni dumaloq deb bilgan va ekvatorni hisoblab chiqib, qolgan hududlarda quruqlik bormi yoki dengizlar bormi deya savol qoʻygan.
Beruniy u tomonda qitʼa bor deb aniq aytmagan, albatta, adabiyotchilar asossiz yozadilar.
— Siz Beruniy tumanida maʼruzangizda allomaning ona tili haqida gapirdingiz va aytish mumkinki, butun zal bundan qalqib ketdi.
— Bu juda munozarali masala. Bu oʻsha, Beruniyning ona tili oʻrganishga aloqador olimlar oʻrtasida ham bahsli. Men koʻplab olimlar, xususan, arab tadqiqotchilarining kitoblarini oʻqib, bu mavzuni oʻrgandim.
Beruniyning shunday soʻzi bor: “Men forscha maqtov eshitganimdan koʻra, arabcha soʻkinch eshitganim yaxshiroq”. Bu yerda u arab-fors tilida haqida emas, bilim tili haqida gapirmoqda. Arabcha bu davrda faqatgina arablar tili emas, madaniyat va fan tili edi. Beruniy arab tilida yozilgan kitoblari dunyoga qanday tarqalishini yaxshi bilardi va bu tilni mukammal oʻrgangandi.
Beruniy fors tilini yaxshi bilmagan.
— Lekin fors tilida kitoblari bor-ku?
— Ha, hozir bir kitobi forscha bosildi, ammo bu kitobning haqiqiy tili emas. Kitob keyinroq forschaga tarjima qilingan va bugungi kunga asarning forscha nusxasi yetib kelgan. Tarjimani boshqa odam qilgan.
Beruniy juda koʻp tilni bilgan odam. Xorazm tilini uning ona tili deya hisoblayapmiz. Bu paytda xorazmliklar qaysi tilda gaplashardi? Xorazm tili qaysi til edi?
Bu asrda Xorazm Eron madaniyati taʼsiridagi oʻlka edi. Xorazmliklar yonida yashovchi sugʻdiylar eroniy til dialektida soʻzlashgan. Bu borada ham tortishuvlar bor, baʼzi qoʻlyozmalar Xorazmda turkiy tilda ham soʻzlashilganini koʻrsatadi. Masalan, Beruniy yoshligida bir turk bilan bahslashganini yozgan. Biz u yoshligidayoq boshqa tilni oʻrgangan deb hisoblamaymiz.
Yana Beruniyning “yomgʻir toshi” degan hikoyasi bor. Unda ham Beruniy bir turk rohib bilan tortishgani aytilgan. Uning Xorazm turkiylaridan boʻlgani haqida taxminlar bor. Ammo u oʻgʻuz boʻlganmi yoki qipchoqmi yoxud bijanakmi?
Man Beruniyning ona tili bijanak tiliga yaqin boʻlgan deb hisoblayman. Chunki bijanak tili proto-oʻgʻuz va proto-qipchoq tilidir. Zotan, Beruniyning oʻzi “mening ona tilim ilm tili emasdi” deb aytgan, yaʼni bu tilda kitoblar, adabiyotlar yozilmagan. Shu bois men uning tilini bijanak tili deb oʻylayman.
— Siz Beruniy tumanida uning ona tilini qipchoq turkiychasi degandingiz?
— Ha, toʻgʻrirogʻi proto-qipchoqcha. Bugungi qipchoqcha va proto-qipchoqcha til oʻrtasida farqlar bor. Men odamlar yaxshiroq tushunishi uchun shunday dedim. Agar bu masalada alohida tadqiqot olib borilsa, balkim yana yangi maʼlumotlar chiqar. Shunga qadar asos, dalil shu.
Masalan, Farobiyda ham shunday. U ham turkiycha oʻylagan, ammo arabcha yozgan. Men Farobiy asarlarini oson tushundim, chunki maʼno turkiycha. Men ham turkcha gapiraman, arabcha yozaman.
— Siz Beruniyning kitoblarini ham arab tilida oʻqidingizmi?
— Ha, arabcha oʻqidim. Beruniyning arab tili juda mukammal.
— Endi yana bir savol. Biz oʻzbeklar, ayniqsa, mustaqillikdan keyin ajdodlardan faxrlanishni, ularni madh etishni koʻpaytirdik, bunga ruju qoʻydik desa ham boʻladi. Ajdodlarni bunday ulugʻlash, maqtash bugungi avlodga nima beradi?
— Tarix degan narsa 24 soatda tugamaydi. Inson oʻzligini tarixdan olgan unsurlar bilan tushunadi. Baʼzi millatlarning boy tarixi yoʻq. Ammo bu yerning (Oʻzbekistonning) tarixi juda uzoq. Bu mamlakat tarixdagi eng buyuk odamlarni yetishtirgan.Tarixiy shaxslar mamlakat aholisining oʻzligidir. Ular shu xalqning iftixori boʻla oladi va milliy birlashishga ham yordam beradi.
— Yana bir savol, nega bu mintaqadan buyuk olimlar koʻp yetishib chiqqan? Bunga qandaydir sabab bormi?
— Xoʻp, birinchidan bu oʻlkada atrofida kuchli davlatlar tashkil topsa-da, mustaqillikni saqlab qolgan koʻplab kichik davlatlar bor edi. Xitoy manbalariga koʻra, mintaqada 60ga yaqin mustaqil mamlakatlar boʻlgan.
Mustaqil shahar-davlatlar nima degani? Bular tarixda boy, savdoning markazi boʻlgan yerlar demakdir. Qadimgi yunon sivilizatsiyaga asos boʻlgan narsa Oq dengiz boʻyidagi shahar-davlatlardir. Kapitalizm uch shaharda paydo boʻldi — Venetsiya, Genuya va Amsterdam. Bular savdogar, boy shahar-davlatlar edi. Bilim qishloqda boʻlmaydi, bilim shaharda, boylik bor joyda boʻladi. Odam boy boʻlsa unda boʻsh vaqti boʻladi.
Menimcha, birinchi sabab shu. Markaziy Osiyodagi shahar-davlatlar Buyuk Ipak yoʻli ustida joylashgandi va turli xalqlar, dinlar bilan aloqaga ega edi. Savdo ularni boy qildi va ilm-fan bilan shugʻullanish uchun qulay sharoit yaratdi.
Ikkinchisi bu oʻlka Osiyoning markazi edi. Janubdan, Hindistondan to Buxoroga qadar buddaviylik keng tarqalgandi, shimolda, Shosh, Xorazm, Sugʻdda esa Eron taʼsirida zardushtiylik asosiy dinga aylangandi. Qolaversa, bu yerga katoliklar tomonidan quvilgan xristianlarning nestorlik oqimi vakillari ham kelgandi. Va, shuningdek bu yerda yahudiylar ham koʻp edi. Yaʼni bu yer ikkinchi Mesopotamiya edi, bu yerda turli xil madaniyat qorishgandi.
Bu mintaqaning yana bir ustun tomoni, bu yerda hech qaysi din yaralmadi, barcha dinlar bu yerga tashqaridan keldi. Ularning oʻzaro tortishuvlari esa dogmatizm yaralashiga toʻsqinlik, aksincha ratsionallik(mantiqiylik)ni kuchaytirdi.
Masalan, boshqa bir dindagi insonga islom oyatlari, hadislarni aytsa u buni tushunadimi? Yoʻq. Nima qilasiz, u tushunishi, qabul qilishi uchun diningizni ratsional qoliplarga solasiz. Shuning uchun bu yerdagi barcha dinlar ratsionallik yoʻlidan yurdi. Buddizm ham, nestorizm ham, zardushtiylik ham shunday qildi. Bu yerda dinlarning ratsionalligi, mantiqiyligi toʻqnashdi.
Bundan tashqari, bu yerga islom siyosiy koʻrinishda kirib keldi. Ammo tez orada Markaziy Osiyoga Umaviylarga muxolif boʻlgan odamlar, sahobalar kela boshladi. Xalifalikning markazida urushlar va tartibsizlik kuchaygan paytda koʻplab islom olimlari shu yerga keldi va ular ratsional bilimlarni rivojlantirdi.
Shunday qilib, bu yerda madaniyatlar, dinlar toʻqnashdi va qorishdi, mustaqil, boy shahar-davlatlar tashkil topdi. Bu omillar, oʻz navbatida ilmiy muhitni yaratadi.
Markaziy Osiyoda matematika, astronomiya fanlari rivojlanishiga yana bir sabab, bu yerda ham Misrdagi kabi daryolar toshqinini oldidan baholash ehtiyoji mavjudligi. Amudaryo, Zarafshon daryolari yilning qaysi vaqtida toʻlib oqishini bilish uchun astronomiya kerak edi, astronomiyani hisoblash uchun esa matematika lozim edi. Geografiyada ham oʻz-oʻzidan asosiy tushunchaga aylanardi. Shuning uchun, qarang Beruniy, Xorazmiy, Fargʻoniy ham matematik, ham astronom, ham geograf boʻlgandi.
Keyin yana bir sabab. Ibd Haldunning yozishicha badaviy bolalari aqlli boʻladi, chunki ular dashtdagi tabiiy narsalarni isteʼmol qiladi. Yaʼni mineral, tabiiy oziq-ovqat aqlga taʼsir qiladi. Men Oʻzbekistonga kelib, Amudaryo, Zarafshon boʻyidagi qishloq xoʻjaligini koʻrdim. Ulardagi mevalar va sabzavotlar juda mazali. Kimyoviy moddalar yoʻq. Shuning uchun sizning oʻsmirlaringiz ham juda zehnli. Buni tashqariga chiqib, yoki tashqaridan kelib bilish mumkin.
Agar Oʻzbekiston davlat amaldorlari va siyosatchilari toʻgʻri siyosat yuritsa, Oʻzbekiston qadimgi yuksakligiga erishishi, 15 yil ichida Osiyoning iqtisodiy markaziga aylanishi mumkin. Buning uchun imkon bor.
— Beruniyni Oʻzbekistonda yanada mashhur qilish uchun nimalar qilish kerak?
— Oʻquv darsliklariga u haqda koʻproq maʼlumot kiritish kerak. Uning kitoblarini chop etish, koʻchalarga ismni qoʻyish, rasmlari, kashfiyotlarini ommalashtirish lozim. Balki uning anjomlari, masalan usturlobni kichik qilib, plastikdan qayta tiklab, u bu usturlobdan qanday foydalanganini oʻrganish mumkin.
Qolaversa, har yili Beruniyni eng yaxshi oʻrgangan bolani “Beruniy farzandi” deb eʼlon qilish mumkin. Bu ularda “men ham Beruniy boʻla olaman” degan qarashni paydo qiladi.
— Rahmat, Oʻzbekistonga yana tez-tez tashrif buyurishingizni va siz bilan koʻproq suhbatlar qurishni tilab qolamiz.
Toʻliq intervyuni Youtubeʼda koʻrishingiz mumkin.
Muhammadqodir Sobirov tarjimasi
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q