Muhabbat haqida aytilmagan qoʻshiq – Murod Muhammad Doʻstning “Dasht-u dalalarda” hikoyasi tahlili


Saqlash
18:46 / 31.10.2023 2768 1

Yozuvchi Nazar Eshonqul shunday deb yozgan edi: “Mendan bitta asar bilan yozuvchi adabiyotda qolishi mumkinmi deb soʻrashsa, “Ha! Bu Murod Muhammad Doʻst va uning “Dasht-u dalalarda” hikoyasi”, deb javob qaytarardim... Hikoya xalq ogʻzaki ijodi va XX asrdagi nasrning eng soʻnggi yutuqlarini yelkasida koʻtarib turibdi”. Topib aytilgan eʼtirofda hikoyada ikki asos folklor va dunyo adabiyotining  poetik anʼanalarini oʻzlashtirganligi taʼkidlanadi.

 

Murod Muhammad Doʻst dunyo adabiyotida mavjud anʼana va adabiy usullarni milliy nasrimizga mohirlik bilan payvand qilishga erishgan ijodkorlardan biri. Adabiy payvand oson ish emas, aslini saqlab, yangisini kerak joydan ulay olish mahorat va farosatni talab qiladi. Buning uchun yaratganning nasibasi – Isteʼdod boʻlishi kerak. Yaratgan zot esa bu borada Murod Muhammad Doʻstni siylagan. Baʼzi yozuvchilarimizning taqlid koʻchasida chalgʻib ketishiga ham ayni adabiy “payvand”ni qila olmasligi pand beradi, nazarimizda.

 

 

Abadiyat ayvonida qolishi bashorat qilingan (Nazar Eshonqul tomonidan berilgan taʼrif nazarda tutilmoqda) hikoya esa yozuvchining butun ijodiga tenglashtirilarkan, bunga asos yetarlimikin, degan ishtiboh koʻngildan kechadi. Shu bois muallifning ulkan hayot haqiqatidan xabar beruvchi “Dasht-u dalalarda” asarini tahlil etishga, tagmatnidagi maʼnolarni anglashga harakat qilamiz. Hikoyadagi Polvon va Xatcha obrazi oʻzining samimiy hamda betakrorligi bilan kitobxon qalbidan joy olib ulgurgan. Polvon qiyofasida “jonli”, nafasi bor hech kimga oʻxshamagan xarakter egasi gavdalanadi. U Xatchaga nisbatan sevgisini hech bir oʻrinda oshkor qilmaydi, soʻzbozlik yoʻq, ammo ich-ichidan ayolini yaxshi koʻradi. Polvon oʻzi gapiradi, oʻzi sevadi, oʻzi kuyinadi, hammasi tabiiy va ishonarli, hech qanday yasamalik, soxtalikni sezmaysiz. Polvonning Xadichani Xatcha deyishi jozibani kuchaytirgan, obrazga “tiriklik suvi” singari jon bagʻishlaydi.

 

Hikoya “Xadicha ketdi-yu, koʻnglidan halovat ham ketdi”, degan jumla bilan boshlanadi. Demak, voqelik favqulodda yuz bergan hodisa bilan boshlanadi. Ayol uydan shunchaki ketmagan, boʻlmasa uning ketishi bilan “koʻnglidan halovat ham” ketarmidi. Polvon uchun Xatchaning borligi nafaqat koʻngil halovati, balki tirikligi bilan teng. U boʻlmasa uyda huzur yoʻq, orom yoʻq. Anglanadiki, Xatcha uyning bekasi va Polvon qalbining egasi. Muallif asarda fikr zarbini boshlanmadagi ketish xabari aytilgan jumlaga yigʻadi. Eʼtibor mana shu jumlani ochiqlash, izohlash va sharhlashga qaratiladi. Polvon uyiga kira olmay qoldi, yuragi izn bermaydi. Sababi “uydagi hamma narsa Xadichani esga soladi: ostonaga qadami tekkan, devorga yelkasi – chidab oʻtirishi qiyin boʻldi”. Halovatidan ayrilgan Polvonning (ismi jismiga tenglashgan qahramon – S.T.) yuragi “toriqdi”, odamlar malomat qilsa-da, bogʻdagi bobosidan qolgan yertoʻlada yashashni afzal bildi. Oʻzi bilan iti Qoratoyni ham yertoʻlaga olib kirdi.

 

Yertoʻla – mikroolam, olamning modeli. Qahramon nazdida xotini bilan yashagan uyi uning uchun butun koinot bilan teng. Shaklan kichik, ammo mazmunan olam bilan barobar. “Shifti past, agar chiroq boʻlmasa, naq lahadning oʻzginasi…” – Yertoʻla lahadga qiyoslanadi. Xatcha uyida yoʻqligi bois Polvon musofir gʻarib, kimsasiz odamga aylangan. Ayriliqqa oʻzini koʻndira olishiga koʻzi yetmaydi, ammo chorasiz. Uning bu holati Qoratoyga ham taʼsir qildi, avval yertoʻlada yota olmay kechasi uvlab chiqadi, keyin egasining zabun ahvolini “tushunadi” chogʻi, indamay qoladi. Polvonni Qoratoy tushundi, Xatcha tushunmadi. Qizi Chamanni ham olib ketgani dard vaznini ogʻirlashtirdi. “Lahad”ga oʻxshatilgan yertoʻlada oʻtirib Qoratoyga soʻzlaydi, boshqa eshitadigan quloq yoʻq. It gaplariga tushunmasa ham egasining mungli qarashiga chiday olmay koʻzini yumib yotadi. Polvon aytganidek, “har kim oʻz yoʻliga ekan...”.

 

Muallif Adolat obrazi talqinida folklor ohanglaridan unumli foydalangan. U qahramonni ruhiy-maʼnaviy yangilanish sari undovchi kuch sifatida yuk tashiydi, ismida ham aytilmagan gaplarga ishora bor. Qaldirgʻoch Alpomishni “mardning yori toy-taloshga qolama” deb mulzam qilgandek, Adolat akasiga “bu kuningizdan oʻlganingiz behroq edi” deya taʼna qilib ogʻrinadi. Adolat zimmasiga yuklatilgan vazifani bajargach, voqealar markazidan chekinadi.

 

***

Polvon qirq kundan beri arazlab uyiga ketgan xotinini xayolidan chiqara olmaydi. Baʼzan xotinining “siyogʻi ham esdan chiqqanday” boʻlib uni eslaydi. Darrovga shamollab qoladigan ayolning ivirsirab yurishini ham koʻngli tusay boshlaydi. Aslida, xotin xohlab ketgani yoʻq, toʻgʻrirogʻi haydaldi. Erining qayt deyishini intiq boʻlib kutdi, toʻxtab-toʻxtab kutdi. Ammo Polvon shashtidan tushmadi, kamiga uydan qizini sudrab chiqishi Xatcha ogʻir botdi, xoʻrligi keldi “Musht yeganda yigʻlamagan ayol, buni eshitib yomon boʻshashdi, koʻziga yosh oldi”. Nohaqlikdan ogʻringan Xatcha uchun endi orqaga yoʻl yoʻq edi...

 

Ayriliq muddati ulugʻlarimiz uzlatga chekinib, nafsini isloh qilish uchun oʻtiradigan chilla vaqti bilan teppa-teng. Lahadda yotgan odam yangi hayotga oʻtadi, ruhiy jihatdan yangilanadi. Hikoyada Polvonning sherigi Hasanboy xotini bilan oz muddat yashab ajrashgani qistirib oʻtiladi. Bizning Polvon esa unutib yuboradiganlardan emas. Chilladan odam tozalanib, yangilanib chiqqani singari Polvon ayoli, shaʼni haqida qaytadan oʻylay boshlaydi. Shunchaki mulohazaga berilib oʻtirmaydi, amaliy harakatga oʻtadi. Xatchani taloq qilishga “koʻzi qiymaydi”, uning kiyimlarini qirqib tashlaydi, kultepaga koʻmadi, voz kechadi, ammo koʻngil uza olmaydi. Oʻzini ovutish va yupatish yoʻlida qilgan harakatlari taskin bermaydi, koʻngildagi “senga shunchalik koʻngil qoʻyib edimmi” soʻrovi uni tinmay taʼqib qiladi, har qancha oʻzini olib qochsin, naf yoʻq. Soʻrov kuchga kirib, Polvon hayotiga qaytadan razm soladi, koʻngil qatlariga yashiringan istakni anglashga harakat qiladi, soʻrovga javobni topganday boʻldi. Javobdan oʻziyam hayratlanadi. Polvonning hayrati bizga ham “yuqmay” qolmaydi, qoniqish hosil qilasiz. Mana shu “yuqdira” olish ham muallif mahoratidan darak beradi.

 

Polvon Xatchani shunchalar sevishini shu paytgacha bilmas yoki tan olmas edi. Ayoli ketgandan keyingina uning qadri qiymatini tushunib yetadi. Salim saqichning aqlga sigʻmaydigan tuhmati Polvon koʻngliga dogʻ boʻldi. “Xadicha qasam ichdi, qizini, enasini, Xudoning oʻzini guvoh qildi. Lekin Polvon ishonmadi”. Bir koʻngli unga ishongisi keldi, ammo shaytonning qoʻli baland keldi. “Kayfi bor edi, chekayotgan azobi bol tuyuldi – xotiniga ishonmadi”. Oxiri nafsini sindirdi, koʻngliga quloq tutdi. Xatchani olib kelgani yoʻlga chiqdi. Birdan Shoʻrquduq tomonga emas, Salim saqich uyiga bordi. Anchadan beri urinib orani ocholmay yurgandi, endi vaqti boʻlganini bildi. Polvonda aybdorlik hissi uygʻondi, avval arazlagan boʻlsa, endi holatini bilmas, oʻzini boshqara olmasdi.

  

***

Hikoyada eʼtibor qaratadigan juda muhim nuqta bor – xalq donishmandligi masalasi. Muallif aynan mana shu nuqtadan turtki vazifasi oʻrnida unumli foydalangan, voqealar shu tobdan kutilmagan ravishda oʻt oladi. Polvon hayotini hal qiluvchi jarayonlar boshlanadi – hikoyada Adolat yondira olmagan oʻtni alangaga aylantirish vazifasi Nazir Maxsum chekiga tushadi. Polvon “men avval old-ortini bir oʻylab olay…” deya yoʻlini ayirib ololmay turganda, maxsum unga qoʻshimcha “motor” sifatida koʻmakka keladi.

 

Oradan qirq kun oʻtsa-da, yechimini topa olmay turgan oilaning taqdiri goʻyo qil ustida turgandek, arosatda qolgan. Xalqda shunday paytda oraga elchi solinadi. Murosaning xalqona yoʻli. Kayvonilar bu usuldan kerak oʻrinda foydalanadi. Elchi ikki tomon uchun ham xolis odam boʻlishi lozim. Maxsum Polvonning qishloqdoshi unga begona emas. Teranroq nazar solinsa, u Shoʻrquduqliklar tomonidan tayinlangan vakil. Aslida, Nazir maxsum chindan toʻyga aytgani keldimi yoki Shoʻrquduqqa ketayotib taloq vakolatini olib ketganimi? Taloq yoʻl ustida soʻraladigan masalami? Hikoyadagi voqealar pishib yetilib bormoqda. Nazir maxsum gapni uzoqdan boshlaydi, goʻyo toʻyga aytgan kishi boʻlib. Bunday vaziyatda masalaga dabdurustdan oʻtib boʻlmaydi. Polvonning feʼli maʼlum. Kayvoni gapni qachon va qayerdan boshlashni biladi. Suhbatdoshini asta-sekin avrab gapni asosiy oʻq tomirga borib ulaydi. Gap taloq masalasiga kelganda maxsum Polvonni avrab yoʻlga soladi, talogʻini ayttiradi ham. Ammo masala shu bilan yechim topmaydi. Polvon Xatchaning javobini berishi bilan hayotda hech vaqosiz, boʻm-boʻsh qolganday his qiladi. Taloq inson hayotida hal qiluvchi ahamiyatga ega islomiy qadriyat: er va xotin oʻrtasida moddiy va maʼnaviy tugunni yechishdir. Nikohning muqaddas va yuki ogʻirligini Nazir maxsum juda yaxshi biladi, ammo Polvon hamiyatiga tegadigan bahonaga zarurat bor edi. Maxsum “meniki bir sabab...” deya qistirib oʻtadi. U voqealar oʻt olishi uchun tutatqi vazifasini bajaradi.

 

Polvonning gʻujuri uygʻonadi. Xarakter shunday “jonli” sahnalarda boʻy koʻrsatadi. Ruhiy holat ayni tigʻiz pallaga oʻtadi. Elchining gaplari Polvonning hamiyatiga tegdi, u kutilmagan xulosasini aytadi. “Moʻljalni xato olgan ekansiz, – dedi Polvon. – Qoʻyadigan xotinim yoʻq!” Yechim oʻylaganday boʻlib chiqmaydi.

 

 

Salim saqichning nishonga tekkan iddaolari, bor alamini Xatchadan olgani, Nazar maxsumning beoʻxshov “elchi”ligi barchasi Polvonning hamiyatiga tegadi. Oʻrligi tutib xotinining talogʻini ham berib qoʻyadi, ammo gapini qaytib oladi. Nazar maxsumning tixirligiga “Koʻzim qiymayapti, Maxsum buva. Aytsammi deyman-u, qurgʻur koʻz qiymaydi” deb javob beradi. Xotinini chinakamiga qizgʻondi, erlik gʻururi bosh koʻtardi. Sir boy bergisi kelmasa-da, koʻzi qiymasligini yashirmaydi.

 

***

Xatchani koʻrib Polvon “oʻzini nomard, noinsof sezdi”. Ayolning holatini koʻrgach, Polvon butunlay boshqa odamga aylanadi. “Obketay deb keluvdim. Xatcha, – dedi sekin, ovozini oʻzi ham tanimay”. Polvonning oʻjarligi sinib, “tentakligi” ketib xoʻrligi keldi nimagadir. Xotinida esa hali araz tarqamagan edi. Polvon xokisor odam qiyofasiga kira boshlaganda birdan mudray boshlagan gʻujur uygʻonib ketadi. Eʼtibor bersa, xotini uni behurmat qila boshlagan ekan, darrov nafsining chegaralarini qoʻrishga oʻtadi. “Sensirama, Xatcha, – dedi u. – Toza tomiring suvga yetgan boʻlsayam sensiramay gapir!”

 

Sattorqulning oʻdagʻaylashi, chiranishi, uning doʻq-poʻpisasiga bepisandlik qilsa-da, ammo “nomus zoʻr chiqdi”. Sattorqul andishani yigʻishtirib tahdidga oʻtadi. Polvon hamiyatiga tegsa-da, ammo sabrni mahkam tutadi. “... yelkalari qisiq, qaddi bukik, boʻyniga musht tusharini kutgandek”. Yelkalari qisiq – aybdor, qaddi bukik – chorasiz, boʻyniga musht tusharini kutgandek – hamma narsaga rozi holatida edi. Ifodalarda, har bir holatda yozuvchi qahramon ruhiyatiga aniq chizgilar chizadi.

 

Polvon nohaqligini anglaydi, holining abgorligidan uyaladi. Atrofdagilardan koʻra oʻzidan uyaladi Polvon. “Uyat, uyat, ne kunlarga qoʻyding, Xatcha? Sendan shuni kutib edimmi, Xatcha? Koʻrgan birov nima deb oʻylaydi, enagʻar Xatcha?! Yer bilan bitta qilding-ku!..” Mard boʻlib xotini ostonasiga bosh egib keldi, qaynisidan haqorat eshitdi, kenglik qildi, ammo Xatcha unga nisbatan torlik qildi. Ichida oʻzini aybdor sanagan Polvon endi Xatchani malomat qiladi. Har qancha nafsini sindirmasin “Nomus zoʻr chiqdi, chidolmadi, taqqa toʻxtadi”. Polvonning oʻziga kelayotgan mushtni qaytarmoqchi boʻlgan zarbi Sattorqulni yiqitdi. Qaynisiga yegan mushti ogʻirlik qilib izidan quvib yetadi. Uch kishilab Polvonni yiqitib bogʻlab shart qoʻyishadi: “Xatchaning talogʻini aytasan!”

 

Polvon kaltaklanishiga qarshilik qilmaydi, qilsa ham boʻlardi. Ammo “etik qoʻnjiga qoʻl yuborsa nomardlik boʻladi”, deya tantilik qilib tanasini kaltakka qoʻyib beradi, dod-faryod qilmadi, vaziyatni kuzatdi. Hatto qamchi zarbidan joni ogʻrisa-da, ogʻriqni sezmaydi. Joniga azob berayotgan qamchini “mayda oʻrim” ekan deya baholashiga hayron boʻlmaysiz, ishonasiz. Har bir holat, har bir nafas, har bir lahza muallif eʼtiboridan chetda qolmaydi. Muallif bunday oʻta nozik holat tasviri bilan cheklanmaydi, qahramon ruhiyatining eng tigʻiz lahzalarini chizishga harakat qiladi. Qamchining zarbidan tanasi tilka pora boʻladi, urgichlar charchab, qoniga botirib talogʻini aytishga majbur qilsa-da, taslim boʻlmaydi. Tepkilar ostida zoʻravon etigining nagʻali yeyilgani, “qushning tiliday yupqa” boʻlib qolganligini, qamchining “vizillab” ovoz chiqarishini bilib, eshitib yotadi, oʻzini qoʻyib beradi. Polvon xuddi tush koʻrayotgandek, oʻzini chetdan turib tomosha qiladi. Bunday azobga chidashiga uni nima majbur qildi? Polvonday gʻururi baland yigitning kaltakka ixtiyoriy taslim boʻlishiga majburlagan kuch nima?

 

 

Yozuvchi qahramon tiynatidagi yetakchi jihatlarni bir nuqtaga yigʻadi, chinakam xarakter koʻz oldingizda namoyon boʻladi. Siz goʻyo uni avvaldan taniysiz, bilasiz. Hech qanday gumonlarsiz uning xatti-harakatlarini tabiiy ravishda qabul qilasiz. Muallif hech bir oʻrinda koʻpsoʻzlik qilib taʼriflamaydi, jonli sahnalarda tabiiy harakatlari bilan koʻrsatib beradi. Qizigʻi, hech bir oʻrinda Polvon xotinini sevishini, u siz yashay olmasligini iddao qilmaydi, minnat qilmaydi, koʻnglidagini tilga chiqarib maqtanmaydi, jimgina ichida yaxshi koʻradi. Tashqariga chiqarsa qiymati arzonlashib ketadi. Yozuvchi oʻzbek oilasining “ichkarisi”ni mana shunday chizadi. Oilaning siri ham, qudrati ham kichik hikoya bagʻriga sizdirib yuborilgan.

 

***

Polvon tanasi zirqirasa-da, koʻngli xotirjam. Muallif uning shu holatini oʻziga xos chizgilarda ochib beradi. “Yelkasidan chiqqan ter koʻzyoshiday issiq… Qip-qizil, koʻzyoshiday jizillatadi, sargʻish chakmonni bagʻir tusiga boʻyab boryapti…”. Terning koʻzyoshiday issiqligini aniq his qilasiz. Holat tasviridagi har bir soʻz, har bir nafas qahramon portretini ochiqlaydi. Sahargacha qoniga belanib yotgan Polvon asta-sekin oʻziga keladi. Chanqab ketib “balchiqni siqimlab ogʻziga solib shimidi.” Ahvol shunchalar ogʻirmidi yoki muallif qahramon holatini chuqurroq ochib berish uchun koʻproq haq berib yuborganmi degan ishtiboh ham yoʻq emas, koʻngilda.  Yozuvchi hikoya orqali mahoratning yetuk namunasini koʻrsatib bergan. Aynan hikoyaning burilish nuqtalarida muallifning yuksak sanʼatkorligi va professional ijodkorligi namoyon boʻladi. Polvon joni har qancha ogʻrib, oyoq ostida yotsa-da, shu holidan “Koʻnglida gʻalati bir gʻurur uygʻondi”. Jism azobda, koʻngilda halovat bor. Qarama-qarshilik, zidlik Polvon siyratidagi yashirin sifatlarni yanayam ravshanlashtirishga xizmat qiladi. Polvonning mayli, joni ogʻrisin, ammo Xatchani birovga bermaydi. Xatcha Polvonning abgor ahvolini koʻrmagani yaxshi boʻldi, bu yerda boʻlmagani qoʻl keldi. Oʻzini uning oldida hech qachon bunday kaltakka qoʻyib bermasdi. “Koʻzlarini yumarkan, chuqur tin oldi, iljaydi: etiklar qochdi, qochdi!..” Eʼtibor bering urayotganlar emas, etiklar qochdi. Ketdi emas qochdi, qochdi. Iljayishi ulardan qutulganligi uchunmi... yoki ular aytgan shartni bajarmaganligi uchunmi, sabab koʻngli buyurganini ado qila olganligida emasmikin... Shu tobda tanasi ogʻrib, azoblanishi ortsa-da nima uchundir koʻngli borgan sari xotirjam tortdi. Topgan yechimidan oʻzining koʻngli oʻsdi.

 

Polvon oʻzidan-oʻzining koʻngli toʻlib turganda Xatchaning ahvoli qanday edi degan savol tugʻiladi. Hikoya markazida Polvon tursa-da, vaziyatga koʻra personajlar oʻrni almashib turadi. Muallif Xatchani biz kutmagan holda taqdim etadi. Polvondagi kutilmaganlik kayfiyati Xatchada ham namoyon boʻladi. Muallif ustalik bilan ruhiy tigʻiz sahnalarni ketma-ketlikda berib boradi. Poda yotar joyiga tezak terishni bahona qilib chiqqan Xatcha avvaliga uni tanimadi. Keyin kaltak sababini ham, ahvolini ham soʻramadi. Koʻzlari qizargan ayol qoʻrqqanini tiliga chiqaradi “Talogʻimni aytdingizmi?”. Xatchaning ovozida qoʻrquvdan koʻra xavotir kuchliroq edi. Bu talogʻini kutgan ayolning emas, balki aytib qoʻygan boʻlmasin-da, degan hadik va umidsizlikning ovozi edi bu. Ovozdagi ayni shunday ohangni his qilish qiyin emas. Bu ham muallif mahoratining hosilasidir. Polvon esa aytsam qoʻrqqanidan aytib qoʻydi, degan taʼna malomatdan qochgan kishi boʻlib “Chidaysan endi, Xatcha…” Nima bu yupatishmi, qoʻrqitishmi, iddoami... Nazarimizda, Polvonning oʻtinchi kinoyaga oʻxshaydi ammo bu oʻrinda qorishiqlik bor, yaʼni oʻtinch kinoya bilan birikib ketgan. Polvonning holatidan kelib chiqsak, “chidaysan endi, Xatcha…” deganida “iltimos chidagin men bilan yashashga, koʻngin shunga” degan ohanglar ham yashiringanday...

 

Polvon koʻnglida gumon hali hamon koʻlankasini solib turardi, ammo Xatcha “iffatga yor, shubhaga zomin edi”. Tasvirni sharhlashga ojizligimizdan, mutolaani davom ettiramiz. “Biror narsa de, shubhalaring bekor de, Xatcha, koʻnglimni qabartma, belimni bukma, gavharni toshga urmaylik, Xatcha!..” Polvon avvalgi sahnalarda tush koʻrishni istagan boʻlsa, endi uygʻonishni xohlardi. Chunki Xatcha yonida, uygʻonsa uni yoʻqotib qoʻyishdan qoʻrqmaydi. Undagi kin adovat, araz hammasi bir toʻla yoʻqlikka ketgan, “faqat yuraklarning ola-tasir urgani seziladi, goʻyo butun dasht-u dalalar ularning dupuriga toʻlgan…” Yuqorida Polvonga yertoʻlada dunyo torlik qilgan boʻlsa, endi uning yuragi dasht-dalalar singari kengayib, dunyo qadar kattalashib ketadi. Dunyoning kengligi yurakka koʻchib oʻtdi.  

 

Hikoya boshida berilgan “senga shunchalik koʻngil qoʻyib edimmi” savolga javob topildi. Ha, shunchalar koʻngil qoʻygan ekanki, oʻzi bilmaydi. Polvon va Xatcha maʼlum bir vaqtdan beri birga yashaydi, ammo koʻngil “sardaftari kovlanmagan”. Muallif ular hayotining bir kunini xotiralar qamrovida ochib beradi. Koʻngil beklik qilgan kun hikoyaning asos mohiyatini belgilaydi. Ortiqcha tafsilot yoʻq, barchasi oʻz oʻrnida, ifoda va tasvir mutanosibligi sizning tuygʻularingizga ham taʼsir qiladi, qahramon holatidagi koʻtarinkilik sizga ham yuqadi. Hikoyani oʻqirkansiz, voqealarni xuddi kino koʻrayotganday his qilasiz, havodagi qamchining “vizillagan” ovozi qulogʻingiz ostidan oʻtganday...

 

Murod Muhammad Doʻst hikoyada oʻzbek oilasining ichki qoʻrgʻoni sirlaridan hikoya qiladi, borini aytadi, yolgʻoni yoʻq. Polvon va Xatcha munosabatlarida oʻzbek oilasining oʻta shaxsiy va hech qayerda aytilmaydigan munosabatlari jonli lavhalarda ochib berilgan. Xotini ketishi bahonasida Polvon oʻzi anglamagan tuygʻuni sinovdan oʻtkazdi, oʻzini imtihon qildi. Muallif ayni shu lahzalarni mantiq tizgini asnosida yoritib beradi. Baxtning suratini ehtirosli va jimjimador taʼriflar bilan emas, oʻzbek oilasi timsolida koʻrsatadi. Xatcha koʻnglida kechgan kechinmalar ochiq berilmaydi, Polvon qalbidagi holatlar esa hikoya markaziga olib chiqilgan. Ayolni shunday holatda tasvirlash ham yozuvchining estetik munosabatidan kelib chiqadi. Hikoyada Polvon xarakteri oʻziga xos milliy boʻyoqlarda yorqin va jonli ravishda ochib beriladi. Oʻrligi bois sevgisini tan olishga gʻururi yoʻl qoʻymaydigan toʻpori yigit tanlovi sizni hayratlantiradi. Dasht-u dala kengligi singari Polvonning muhabbati ham toza, pokiza tuygʻularga boy. Hikoyani oʻqirkansiz, muhabbat haqida aytilmagan qoʻshiqning xirgoyisini tinglaganday boʻlasiz.

 

Sanobar TOʻLAGANOVA,

adabiyotshunos

 

 

1 Izoh

Fayyoza Keldiyorova

19:10 / 31.10.2023

Rahmat kattakon, hikoya judayam zoʻr tahlil qilib berilibdi. Bu hikoyani avval oʻqimagan edim. Endi,albatta, oʻqib koʻraman.

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

17:01 / 31.01.2025 0 189
Qiyofaning evrilishi

Din

16:01 / 31.01.2025 0 128
“Qora qozon” hukmi qanday bo‘ladi?

Adabiyot

12:01 / 31.01.2025 0 169
Fors epik she’riyatiga romantizmni olib kirgan shoir





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 24314
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//