Qurbon va professional alfons erkaklar – ularni qanday tanish va tuzogʻiga tushmaslik mumkin?


Saqlash
23:25 / 26.10.2023 2084 2

 

Butun dunyoda gender tengligi fonida ayollar xam mustaqil pul topish, moddiy jixatdan erkin boʻlish imkoniga ega boʻlishdi. Bugun ayollar ham martaba zinapoyasidan yuqoriga koʻtarilishlari yoki oʻz bizneslarini rivojlantirishlari mumkin. Biroq, xotin-qizlar hayotidagi bu oʻzgarishlar baʼzi erkaklarga salbiy taʼsir qildi, ular oila boquvchisi maqomini bajonidil topshirib, muvaffaqiyatli ayol hisobiga kun koʻra boshlashdi. Bunday erkaklarni hech bir jamiyat yoqtirmaydi va ularga “Alfons” tamgʻasi yopishtiriladi. Bu nomning tarixi mashhur fransuz yozuvchisi Aleksandr Dyumaning “Janob Alfons” komediyasiga borib taqaladi. Asarning bosh qahramoni Alfons maxalliy fohishaning maoshi hisobiga yashaydi. Bu kabi asar qahramoni oʻzbek dramaturgiyasida xam uchraydi, xususan, Uygʻun qalamiga mansub mashhur “Parvona” spektaklida Oʻtkuriy timsolida bu toifa yorqin ochib berilgan. Anglaganingizdek, Oyina.uzdagi bugungi maqola aynan shu toifani mumkin qadar fosh etishga bagʻishlanadi.

 

 

 Alfons erkak kim oʻzi?

 

Odatda, bunday xarakterli erkakni birdaniga aniqlash qiyin. Sababi u ayol qalbining nozik torlarini qanday chalishni juda yaxshi biladi, “orzudagi erkak” rolini mahorat bilan oʻynaydi. Alfons erkakning maqsadi – moddiy ehtiyojlarini taʼminlaydigan ayol homiyni topish va bundan zavq olish. U tuzogʻiga ilinganlarni bemalol bunga majburlay oladi, chunki uning oʻzi ishqiy his-tuygʻularni boshdan kechirmaydi, xotirjam, befarq va sovuqqonlik bilan maqsadiga intiladi. Ishqiy munosabatlarda his-tuygʻularni boshdan kechirmagan odam sizni koʻp qiyinchiliksiz manipulyatsiya qilishi mumkin. Ular xiyonatkor yoki sevgifurushlardan xavfliroq hisoblanadi. Sababi ularni oʻtli muhabbat yoki munosabatlar emas, moddiy boylik koʻproq qiziqtiradi.

 

 

Alfons erkaklar qanday paydo boʻladi?


Dunyo tan olgan mashhur psixologlarning taʼkidlashicha, insonning barcha muammolari bolalikdan boshlanadi. Bu qoida alfons erkaklar uchun ham amal qiladi. Quyida alfonslarning kelib chiqishiga oid bir nechta holatlarni sanab oʻtamiz:

 

1. Zoʻravon, bolalari va erini boʻysundirishga odatlangan ona tarbiyasida ulgʻaygan bola turmush tashvishlarini yengib oʻtishga nofaol yigit boʻlib ulgʻayadi. Bunday oilalarda oʻgʻilning otasi boʻlmaydi yoki u oʻta zaif irodali, har qanday kamsitilishni qabul qilib, xotiniga barcha muhim qarorlarni qabul qilishiga imkon beradi. Natijada, bu muhitda katta boʻlgan yigit mudom masʼuliyatdan qochishga harakat qiladi, barqaror maqsadlarga ega boʻlmaydi va hayotini mustaqil boshqarishga qiynaladi. Shuning uchun u doimo oson yoʻlni tanlaydi, qiyin vaziyatlarda hech qachon tavakkal qilmaydi. Ayollarni ovlash va koʻngilxushlik hisobiga moddiy taʼminlanish esa unga mos, eng yaxshi kasbdek tuyuladi.

 

2. Oʻta erkalab oʻstirilgan, har narsadan himoyalangan, muammolardan chetda tutilgan bolalar ham odatda masʼuliyatsiz va qoʻrqoq boʻlib ulgʻayadi. Komfort zona” bora-bora unda himoya ostida boʻlish, qaramlik ehtiyojlarini ragʻbatlantiradi. Bunday tarbiya tufayli kishining shaxsiyati bostiriladi, raqobatlashishni, oʻz nuqtayi nazarini himoya qilishni, masʼuliyatni zimmasiga olishni bilmaydi. Sodda qilib aytganda, turmushda unga rafiqa emas, beshafqat hayot maydonida asrab-avaylaydigan himoyachi – homiy kerak boʻladi.

 

 

3. Ertalabdan kechgacha ishlaydigan muvaffaqiyatli, ishbilarmon ayolning oʻgʻli ham alfonsga aylanishi mumkin. Bunday onalar oʻgʻliga vaqt ajratolmagani uchun sovgʻa-salomlar berish, farzandining har bir istagini roʻyobga chiqarish bilan aybini yuvishga harakat qiladi. Balogʻat yoshiga qadar davom etadigan bunday xatti-harakatlar keyinchalik hayotiy tarzga aylanadi. Bola eʼtibor yetishmasligini vaqti yoʻq onaning saxiyligi, sovgʻalariga almashtirishni oʻrganib oladi. Aynan yetishmagan eʼtibor xis-tuygʻusi oʻrniga moddiy narsa bilan ehtiyoj qondirilishi bu omilni avjlantiradi. Bola ayol uni taʼminlashi va qoʻllab-quvvatlashi kerakligiga oʻrganib qoladi. Bunday yigitlar koʻpincha kuchli manipulyatorga aylanadilar, aybdorlik tuygʻusi bilan oʻynaydilar, evaziga hech narsa bermasdan faqat olishga intiladilar. Bu kabi yigitlar keyinchalik ham oʻzlarining homiylarini, gʻamxoʻr enagalarini qidiradilar. Sababi bunday tipda qurilgan kattalar oʻrtasidagi munosabatlar u koʻnikkan ona va oʻgʻil oʻrtasidagi munosabatlarga biroz oʻxshaydi.

 

Yuqoridagi sabablarning barchasi ham doimo alfonslikka olib kelmasada, boshqa turdagi psixologik ogʻishlarga sababchi boʻlishi mumkin. Xususan, ular narsist, oʻzini yuqori baholaydigan va empatiyaga qodir boʻlmagan odamlarga aylanadi. Narsist hech qachon oʻziga oʻxshagan odam bilan munosabatlar qurmaydi. U xayrixoh, boshqalarni qoʻllab-quvvatlaydigan, unga gʻamxoʻrlik qiladigan, kerak boʻlgan hamma narsani beradigan odamni qidiradi. Barcha resurslaridan foydalangandan soʻng ehtiyojlarini qondira oladigan boshqa qurbonni qidiradi. Bu oʻrinda gap nafaqat pul haqida, balki aqliy resurslar haqida ham bormoqda, chunki ojiz yigitlar maqtov, maʼqullash va hayratga muhtoj boʻlishadi.

 

Nima uchun ayollar koʻpincha alfonsga ishonishadi?

 

Koʻpincha oʻzini sevmaydigan, oʻziga past baho beradigan ayollar alfonslarning qurboniga aylanishadi. Ular orasida, ayniqsa, Balzak yoshidagi (30-45 yoshli) ayollar koʻp uchraydi. Chunki, bunday ayollar mehr-muhabbatga, qarama-qarshi jinsning sevgisi va takallufiga juda muhtoj boʻlishini alfonslar yaxshi biladi. Oʻlja ayollarning asosiy xatosi shundaki, koʻpincha erkaklar bilan yaqin munosabatda boʻlishdan oldin u munosib odammi yoʻqmi, oʻylashni, vaziyatni tahlil qilishni unchalik ham xohlashmaydi. Ularning turmushga chiqmoqchi boʻlishi tabiiy, lekin baʼzilar shu qadar shoshadiki, tanlaganiga diqqat va sinchkovlik bilan qarashga vaqt ajratmaydilar. Bunday kaltabinlikning yana bir asosi – yolgʻiz ayol hayoti xotin-qizlarni qoʻrqitadi va bu koʻrinib turgan haqiqatni tan olmaslikka olib keladi. Muhabbat koʻzlarini koʻr qilgan oʻlja ayolni xotirjam qiladigan yagona narsa – jufti juda maftunkor va ajoyib koʻrinadi.

 

 

Albatta, ayollar ertami-kechmi alfons erkaklardan charchashadi va munosabatlarni toʻxtatib, ajralib ketishadi. Yoki koʻpincha alfons yigit ovunchogʻidan zerikib, boshqa ayol qidirishga tushadi. Munosabatlar sovuqlashgach, bir-birlari haqida juda salbiy gaplar aytiladi, lekin bu ajralish aniq boʻlgach sodir boʻladi. Munosabatlar boshlanishida esa yigit tabiiyki, ayolning barcha istaklarini bajarishga, hayotini ertakka aylantirishga vaʼda beradi, shu bilan ishonch qozonadi. Bunday tanishuvdan soʻng ayol munosabatlarning mutlaqo anʼanaviy rivojlanishini tasavvur qiladi: masʼuliyatli va mehnatkash erkak bilan maʼlum vaqtdan soʻng oila qurishadi. Ammo bu orzu orzuligicha qoladi, jiddiy rishtalarni bogʻlash haqida koʻpincha gap ham ochilmaydi.

 

Alfonslarning turlari


Boriga shukr qiluvchi alfonslar. Ularning talablari minimal: yashash uchun kvartira, kiyim-kechak va qorni toʻyadigan oziq-ovqat boʻlsa yetarli. Ular doimo oʻzlarini ish qidirayotgandek koʻrsatishadi, lekin mudom turmush oʻrtogʻining maoshiga tayanadilar. Bunday alfons hayotini ayolni faol achintirish asosiga quradi: bekorchilikni hozir ogʻir kunlarni boshdan kechirayotgani bilan izohlab, kelajakda albatta pul topishini, shunchaki biroz kutish kerakligi haqidagi quruq vaʼdalar bilan kun oʻtkazadi. Biroz vaqt oʻtgach, ayol uning ishga bormasligini tushuna boshlaydi, lekin munosabatlarni buzishga jurʼat etmaydi. Sababi oddiy – yolgʻiz qolishdan qoʻrqish. Erkak tark etmasligi uchun ayolning odatlari va tashqi koʻrinishini mudom tanqid qilib, qadrsizlantirishga harakat qiladi. Boshqa hech kim ayolni sevmasligi, u bilan munosabat qilmasligini taʼkidlab, ketish bilan qoʻrqitadi. Ayol barcha xarajatlarni va uy ishlarini oʻz zimmasiga olishiga qaramay, alfons oʻzini oila boshligʻidek koʻrsatishga harakat qilishi mumkin.

 

Professional alfonslar. Bunday erkak badavlat ayol izlayotganini yashirmaydi. U maqtashga, eʼtibor berishga, samimiy xizmatlar koʻrsatishga tayyor, ammo buning evaziga katta mablagʻ talab qiladi. Koʻpincha, sevgini orzu qilgan, lekin erkaklar eʼtiboridan mahrum boʻlgan keksa ayollar bunday munosabatlarga rozi boʻlishadi. Ular yosh tanani sotib olishayotganini juda yaxshi tushunsada, bunday munosabatlarni rad etishmaydi. Bunday alfonslar tashqi koʻrinishiga katta eʼtibor beradi, jamiyatda oʻzini qanday tutishni biladi. Ular mukammal koʻrinish uchun sport zallarida koʻp vaqt sarflashadi, faqat mashhur brendlarning kiyimlarini kiyib, qimmatbaho parfyumeriya va aksessuarlardan foydalanishadi.

 


Vaziyat qurboni tipidagi alfonslar. Ushbu turdagi yigitlarning boshdanoq uzoq muddatli munosabatlarni oʻrnatish istagi boʻlmaydi. Ular ayollarning pulini aldab olib, soʻng yoʻqolib qoluvchi firibgarlarga oʻxshaydi. Munosabat boshida ular oʻlja ayolni turli hiylalar bilan hayratda qoldirishga harakat qiladi. Bu nafaqat iltifot, balki, qimmatbaho restoranlar, mashinalar, sovgʻalar va boshqa eʼtibor belgilaridan iborat butun boshli usullar yigʻindisi boʻlishi mumkin. Alfons erkaklar ayolning sevib qolganini va u uchun hamma narsaga tayyor ekanini anglashi bilanoq, hayotdan shikoyat qila boshlaydi. Goʻyoki boshiga qaygʻuli kunlar yogʻila boshlaydi – kimdir katta pulga aldaydi, qanaqadir mafiyalar hayotiga xavf soladi. Misol uchun, u biznesi uchun katta qarz olgan, endi esa qarz beruvchilar uni taʼqib qilib, jismoniy zarar etkazish bilan tahdid qilayotgan boʻladi. Yoki onasi, singlisi yoxud boshqa yaqin qarindoshi toʻsatdan kasal boʻladiyu, uni qutqarish uchun katta miqdorda pul kerak boʻladi. Yakunda esa kerakli miqdordagi pulni olishi bilan u darhol yangi qurbonni qidirib, eski ayol hayotidan izsiz yoʻqoladi.

 

Onlayn alfonslar. Internet har qanday yosh va holatdagi erkakka bemalol shaxsini yashirish va internet alfonsi boʻlishiga imkon beradi. Bunday tipdagi erkaklar turli xil virtual hissiyot qoʻzgʻovchi vositalar (chiroyli videolar, sevgi sheʼrlari, musiqa, rasmlar va fotosuratlar)ning butun boshli armiyasi bilan qurollangan boʻladi. Sababi ular haqiqiy sovgʻalardan ancha arzon turadi yoki mutlaqo bepul boʻlishi ham mumkin. Munosib nomzodni tanlagan alfons unga maʼnoli, esda qoladigan shirin soʻzlar va romantikaga toʻla sheʼriy satrlarni yuboradi. Shu bilan birga, erkak gʻayrioddiy saxiy, vazmin va jiddiy boʻlib tuyulishi mumkin, shuning uchun uning qisqa, hurmatli iboralari yanada ahamiyatli boʻladi. Yoki aksincha, soʻzda qizgʻin va ehtirosli boʻlishi, jiddiy niyatlari haqida koʻp gapirishi, oilaviy totuvlik, bolalar haqidagi nozik mavzularga koʻp murojaat qilishi mumkin. Ishonch qozonganidan soʻng esa sevimli ayoldan moddiy yordamni turli toʻqilgan hikoyalari bilan olishga intiladi. Eng qizigʻi, bu puch hikoyalar oʻlja ayolni befarq qoldirmaydi va oʻzining yagona va oxirgi najot ekaniga ishonadi...

 

Tuzoqqa tushmaslik uchun nima qilish kerak?

 

Tabiiyki, yuqorida sanab oʻtilgan alfonslar har doim ham gʻalaba qozonishmaydi, ularga umuman ishonmaydigan ayollar koʻpchilikni tashkil qiladi. Ammo baʼzan ulardan qutilish biroz qiyin kechadi. Xoʻsh, bunday tipdagi erkakka duch kelganda nima qilish kerak? Eng oddiy usul – alfons erkakka moliyaviy yordam berishdan bosh tortish. Agar u oʻz muammolari haqida shikoyat qila boshlasa, siz ham qiyinchiliklaringizni sanab oʻting va yordam soʻrang. Shuningdek, siz qarz bermasligingiz, hattoki, oddiy kafeda uning oʻrniga pul toʻlamasligingiz kerak. Va, albatta, u nima bilan shugʻullanayotgani, hayotiy chiqimlari uchun qayerdan pul topayotganini jiddiy soʻrab-surishtirishdan erinmaslik kerak. Bunday xatti-harakatlar alfonsni qoʻrqitadi va u boshqa qurbonni qidirishga tushadi.

 

 

Onlayn munosabatlarda esa juda ehtiyot boʻlish, shantajga duchor boʻlmaslik uchun fotosuratlar, shaxsiy maʼlumotlar, karta raqami, uy manzili va boshqa muhim maʼlumotlarni yubormaslik kerak. Muddati oʻtgan yoki tasodifan bloklangan hisob raqami, sayohat uchun pul yoʻqligi sababli kelish bilan bogʻliq muammolar, davolanish uchun pul topish zarurati haqidagi har qanday hikoyaga shubha qilish kerak.


Bundan tashqari oʻz qadr-qimmatingiz ustida ishlash, haqiqiy eʼtibor va muhabbatga loyiq ekaningizga ishonish juda muhim. Unutmang, his-tuygʻular uchun pul toʻlashingiz shart emas. Chunki haqiqiy muhabbat pulga sotilmaydi.


Abdulazizxon AKRAMOV,

psixolog

 

 

2 Izohlar

Sayyora

19:10 / 30.10.2023

Maqolada keltirilgan fikrlar haqiqatdan toʻgʻri yaqinda kursdoshim bn suhbat qurib qoldik turmushga chiqqan eri farzandi yosh boʻlishiga qaramay ishlaysan deb turib olibdi nega degan savolga oʻz maishiy maqsadlarini keltiribdi. Haqiqiy yuzini koʻrsatgandan buyon yashagim kelmaydi dedi kursdoshim hush Alfons erkak tuzagʻiga tushib u bn yashashga majbur ayollar nima qilishlari kk doktor

Gulnoza

08:10 / 27.10.2023

Qiziq maqola. O'g'il bola tarbiyasida asqotadigan, qizlar tarbiyasi uchun ham kerakli mavzu ekan.

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

12:12 / 03.12.2024 0 269
Buyuklarning “maydalik”lari





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22613
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//