O‘zbek sheʼriyatiga yangi havo olib kirgan shoirlarning birinchi kitoblari


Saqlash
20:36 / 26.10.2023 1223 0

Birinchi kitob ijodkorning faqat shaxsiy hayotida emas, balki adabiy jarayonda ham ahamiyatga ega. Chunki u muallifning kimligini, maslagini va nimaga qodirligini koʻrsatib turadi. Sevimli o’zbek shoirlarining birinchi kitoblarida ham ularning katta yo’lga katta yurak bilan chiqqaniga guvoh bo’lish mumkin. Oyina.uz ana shunday taniqli shoirlarning ilk kitoblarini esga oldi.

 

 

“Tong nafasi” Erkin Vohidov

 

1961-yil nashr etilgan kitob oʻzbek sheʼriyatiga yangi nafas olib kirdi. Unga taqriz yozgan ustoz Ozod Sharafiddinov “Yosh shoir ilk mashqlarida koʻproq dunyoni endi kashf etayotgan, oʻzining kashfiyotidan oʻzi zavqlanib, quvonchidan boshqalarni xabardor etishga oshiqayotgan, hayot benihoya goʻzal, noyob neʼmat ekanini tushunib kelayotgan murgʻak qalbning quvonchlari mujassam” deydi. Erkin Vohidov sheʼriyati birinchi galda shoirning oʻzi uchun eng ardoqli, dil qaʼridan sizib chiqqan kechinma-tuygʻular hosilasidir. Shu bilan birga, shoir sheʼriyati tillardan dillarga koʻchib, yuraklardan muqim joy olib kelayotgan yetuk sheʼriyat ham.

 

“Mitti yulduz” – Abdulla Oripov

 

1965-yilda 15 ming nusxada chop etilgan ushbu kitob Abdulla Oripov nomini koʻplab oʻquvchilar qalbiga muhrladi. Atoqli yozuvchi Abdulla Qahhor yosh shoirning ushbu kitobni oʻqiboq, hayrat va quvonchini yashirolmay, shunday degan ekan: “Bulbulni bilasiz, juda mitti qush. Ammo uning yuragi jussasidan oʻn barobar katta. Toʻlib, yurakdan sayraganida goʻyo dunyoni titratadi. Anavi “mitti” shoir “bala”ning yuragi ham jussasidan oʻn chandon kattadir-ov... (Ustoz adib “bola” soʻzini qoʻqonchasiga chiroyli, shikasta ovozda “bala” deb talaffuz etgan). “Mitti yulduz” kitobchasini varaqlab koʻring. Shu mitti shoir qalb tubidan sharsharadek otilib chiqqan satrlar qalblarni larzaga soladi. Hali koʻrasizlar, uning ovozi olis-olislarga yetib boradi...

 

“Karvon yoʻli” – Rauf Parfi 

 

1969-yili chop etilib, oʻquvchilar qoʻliga yetib borgan ushbu kitob koʻp oʻtmay adabiyotshunoslar, sheʼrsevarlarning eʼtiboriga tushgan. XX asrning 60–70-yillarida Rauf Parfi olib kirgan yangi epkin oʻzbek sheʼriyatida mustaqil badiiy-estetik yoʻnalishga aylandi. Bugungi oʻzbek badiiy tafakkurida ham shoir tamal toshini qoʻygan timsolli lirizm, majozlar asosiga qurilgan idrok va ifoda madaniyati ustuvorlik qilmoqda. Mana yarim asrdan oshdiki, u oʻz soʻzi bilan oʻzbek sheʼriyati hissiy tafakkur gulxanining taftini oshirmoqda.

 

“Ochiq derazalar” – Omon Matjon 

 

1970-yili chop etilgan ushbu moʻjazgina sheʼriy toʻplamga shoirning 59 ta sheʼri jamlangan. Kitobga kirgan “Ochiq derazalar”, “Yurakka”, “Koʻzlaringni yashirgil mendan”, “Sheʼriyat”, “Belanchakda yotar koinot”, “Boshqalardek sevishdik biz ham”, “Qoʻshni derazadan kuy quyiladi”, “Eshigingdan oʻtaman...» kabi sheʼrlari hozir ham sheʼriyat shaydolari tomonidan sevib oʻqiladi. Omon Matjon ilk sheʼriy toʻplamiga kirgan sheʼrlari bilan “muhabbat kuychisi” – ichki hissiyotlarning mohir rassomi sifatida tan olingan.

 

“Rangin lahzalar” – Shavkat Rahmon 

 

Mazkur kitob Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti tomonidan 1978-yilda chop etilgan. Atoqli adabiyotshunos Ozod Sharafiddinov 1980-yili ushbu kitob mutolaasidan soʻng yozgan maqolasida shunday deydi: “Rangin lahzalar” toʻplamining muallifi Shavkat Rahmon oʻziga xos oʻtkir shoirona nigoh egasi. U dunyoni nozik va original poetik obrazlar orqali idrok etadi. Uning lirik qahramoni ham fikrlovchi shaxs. U zamon haqida, istiqbol haqida, inson tabiatining ziddiyatlari haqida oʻylaydi. Lirik qahramon xarakteri orqali biz shoirning dunyoga munosabati bilan tanishamiz, uning beorom oʻylari va iztirobli dardlariga sherik boʻlamiz”.

 

“Insonni tushunish” – Usmon Azim 

 

1978-yili “Avtorning ilk kitobi” ruknida nashr qilingan ilk kitob koʻp oʻtmay minglab kitobxonlar qalbidan joy egallaydi, Usmon Azim nomini sevimli shoirlar qatoriga qoʻshadi. Jami 27 ta sheʼrdan iborat kitobdan joy olgan “Sheʼr yozaman – nafrat, sheʼr yozaman – sevgi...”, “Bolalikning soʻnggi kunlari”, “Shubha”, “Otam haqida qoʻshiq”, “Ohista-ohista yogʻadi yomgʻir...” kabi sheʼrlarini muxlislar bugun ham sevib oʻqib, takrorlab yuradi.

 

“Qadrdon quyosh” – Xurshid Davron 

 

1979-yili chop etilgan, jami 56 betli ushbu toʻplamni keng kitobxonlar iliq qarshi oladi. Adabiyotshunos olim Asqarali Sharopov kitob chiqqanidan bir yil oʻtib “Ruhiy ehtiyoj va masʼuliyat masalasi” maqolasida shunday yozadi: “Toʻplamiga kirgan sheʼrlarida tabiat va insondagi uygʻunlik, ona yerga sadoqat, urush qoldirgan jarohatlar anduhi, muhabbatning qadrdon va iztirobli onlari qalamga olinadi. U borliqqa oshiqligini tengdoshlaridan farqli oʻlaroq oʻta bosiqlik, qandaydir bir yoqimli mehr bilan ifoda etadi. “Yashilgina maysalar”ga lab bosib, ularni erkalab, ona – zamin oldidagi farzandlik burchini ado etishga urinadi. Uning bahor haqidagi bitiklaridan yalpiz, chuchmoma, maysalar, jiyda gulining hidi anqib turadi. Goʻzallikka tashnalik uni dalalar bagʻriga, oy choʻmilgan kechalar qaʼriga yetaklaydi”.

 

Rahmat BOBOJON

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

San’at

12:04 / 25.04.2025 0 35
Chexov va kino: ijodkorning dramaturgiyaga taʼsiri

Tarix

17:04 / 24.04.2025 0 220
Termiziy haqmi yo Farog‘iy?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//