Xadichabegim yoxud badiiy va tarixiy haqiqat ziddiyati


Saqlash
13:10 / 25.10.2021 1936 0

Alisher Navoiyning “Xamsa”si – bir qarashda, sof badiiy asar. Biroq unda temuriy hukmdorlarni ulug‘lash bahonasida ularga nasihatlar qilish, buyuk saltanatning ertasini yorug‘ ko‘rish ilinji barq urib turadi. Ayni jihati bilan bu epopeya zamonasining buyuk siyosatnomasi ham edi.

Dostonlarning har birida muallifningzamondoshlari, xususan, Sulton Husayn Mirzo va uning xonadoni vakillariga bag‘ishlagan boblar bor. Jumladan, “Sab’ai sayyor” dostonining 10-bobi “Ismat bahoristonining shukufta bog‘i va iffat shabistonining gavhari shabcharog‘i, ro‘po‘shlig‘ Qofining asmoyi parisi, mahjublig‘ sipehrining mehri xovariysi, axloqi hamida va avsofi pisandidasidin shammaye izhor qilmoq” deb nomlanadi. Sarlavhadagi “ismat” (poklik), “iffat”, “shabcharog‘” (tungi chiroq), “ro‘po‘shlig‘” (yuzi yopiqlik), “pari” kabi ifodalardan nozikdid kitobxon gap ayol kishi haqida borayotganini sezadi, albatta.

Xo‘sh, kim bu ayol?

Shoir qahramoni ayol bo‘lgani uchun ham uning ismini yashiradi.

Nega?

Bu – Navoiyning ayollar tasviridagi o‘ziga xos bir qat’iyati edi. Ayni qat’iyat muallifning shaxsiy topilmasi bo‘lmay, uni shoir yashagan davrga xos islomiy qadriyatlar taqozo etar edi.

Sirasi, “Sab’ai sayyor”ning 10-bobi, garchi uning sarlavhasida ochiq-oydin aytilmagan bo‘lsa ham, Sulton Husayn Mirzoning suyukli xotini Xadichabegimga bag‘ishlangan. Daho shoir, bir kuni kelib nomi yashirin tutilgan ayol turli bahslarga sabab bo‘lishini oldindan bilganday, unga ishora etib ketadi. Avval madh etilayotgan shaxsni Sulaymon alayhissalomning ayoli Bilqisga o‘xshatadi, keyin uni Ibrohim alayhissalomning xotini Sorai uzmoga (uzmo – ulug‘, buyuk degani) mengzaydi, so‘ng esa Muhammad alayhissalomning zavjasi Xadichai kubroga (kubro – katta degani) tenglashtiradi. “Xadicha” so‘zi qo‘llangan ana shu bayt jumboqning kaliti bo‘lib xizmat qiladi.

 

To‘qqiz parda ichida

Xadichabegim haqidagi bobda uning ko‘pdan-ko‘p fazilatlari bayon etiladi.

Birinchisi – u to‘qqiz parda ichra o‘tiradi. Bu uning malika ekaniga ishora. Harir matodan to‘qilgan to‘qqiz pardani malaklar qo‘riqlab turadi. Hech bir mahbub unga sirdosh emas. Bu yerda falak mansabdori, poklik osmoni tepasidagi bir Oy taxtda o‘tiribdi.

Ikkinchi sifati shundan iboratki, u bag‘oyat pokdoman xilqat, falak bunday pok gavharni ilgari ko‘rgan emas.

Manbalardan ma’lumki, Xadichabegimning “Mahdi ulyo” (Oliy yo‘lboshchi) va “Ismat ud-dunyo” (Dunyo pokizasi) kabi unvonlari bo‘lgan. “Sab’ai sayyor”da ham shoir ana shu ikki sifatni zikr etadi.

Uchinchi fazilati shundan iboratki, u nihoyat darajada saxovatli. Kafti dengizi durlar baxsh etadi.

To‘rtinchi fazilati shuki, bu ayol bag‘oyat xushro‘y. Hatto Quyosh ham unga ko‘zgu bo‘la olmaydi. Chunki uning o‘zini “Mehr”, “Xurshid” deb atashadi. Uning dargohidan quvilgan Quyosh uyalib, sarg‘ayib, titrab, o‘z yotog‘iga bosh qo‘yadi.

Malikaning xizmatidagilar ham pariga o‘xshaydi. O‘zini parda orasida pinhon tutmasa, uni ko‘rgan sunbul-u rayhonning g‘ayirligi keladi. Iffati shu qadarki, Oy oqshom olam aro chiqib, “Yuzimni qora qildilar”, deydi. Ya’ni bu ayol Oydan ham pokroq.

Shunday yuksak madhdan keyin Navoiy so‘zni uning ikki o‘g‘li ta’rifi sari buradi. Shoir Xadichabegimni avval payg‘ambarlarning ayollariga o‘xshatgan edi. Endi uni Bibi Maryamga tenglashtiradi, ikki o‘g‘lining Iso alayhissalomdek o‘liklarni tiriltiradigan ilohiy nafasga ega bo‘lishini orzulashini bayon etadi.

Shu tariqa shoir Sulton Husayn Mirzo bilan Xadichabegimga baxt tilaydi, ikki o‘g‘ilning ham iqbolini so‘rab duolar qiladi.

Shoh, malika, shahzodalarga bir maqtov bo‘lsa, shunchalar bo‘lar, bundan ortiq bo‘lmas!

 

Kim ta’riflangani aniq g‘azal

Navoiy “Xamsa”ni yozishdan oldin ham Xadichabegimgag‘azal-madhiyabag‘ishlagan. U shoir o‘zi tuzgan birinchi devon – “Badoye’ ul-bidoya”ga 59-g‘azal sifatida kiritilgan. Keyinroq juz’iy tahrir bilan “Xazoyin ul-maoniy”to‘plamining3-devonibo‘lmish “Badoye’ul-vasat”dan o‘rin olgan. Bu g‘azalda ham Xadichabegim nomi ochiq tilgaolinmaydi. Faqat aynan unga bag‘ishlanganini isbotlaydigan ikki ifoda bor. Bular – g‘azalning oxirgi satrida zikr etilgan “Mahdi ulyo” va “Ismat ud-dunyo” sifati.

Afsuski, bu g‘azal qachon yozilganini aniqlash mushkul. Ayrim g‘azallarning qaysi yili yozilgani, ehtimol, unchalar katta ahamiyatga ega emasdir. Biroq mazkur g‘azal Xadichabegim Abusaid Mirzoning haramida ekanida yozilganmi yoxud u Sulton Husayn Mirzoning umr yo‘ldoshi bo‘lganda yozilganmi? Ushbu masalaga aniqlik kiritish ilm uchun alohida ahamiyatga ega. Buni navoiyshunoslikning kelgusi vazifalari sirasiga kiritaylik-da, g‘azalning dastlabki va so‘nggi baytini o‘qiylik:

Behi rangidek o‘lmish dardi hajringdin

 manga siymo,

Dimog‘im ichra har bir tuxmi yanglig‘

 donayi savdo...

 

Navoiy gar Quyosh noranjidin behrak ko‘rar,

 tong yo‘q,

Behikim, lutf qilmish mahdi ulyo,

 ismat ud-dunyo.

Hozir g‘azalni baytma-bayt tahlil qilishning mavridi emas. Asardagi to‘rt muhim va nozik jihatga alohida e’tibor berish kerak, nazarimizda.

Birinchidan, bu – ishqiy g‘azal. Chunki undagi “dardi hajr”, “oqartib ishq boshimni”, “tig‘i hajr” ifodalari shunday deb hisoblashga asos beradi.

Ikkinchidan, lirik qahramon ishq yo‘lidagi mashaqqatlarni rangi-ro‘yi sarg‘aygani bilan ifodalagan. Gap shundaki, xalqda, kutish, intizorlik, yalinish oxir-oqibat rang-u ro‘yning sarg‘ayishiga olib keladi, degan qarash bor. Shunga ko‘ra taxmin qilish mumkinki, shoir bu g‘azalni sarg‘ayma dardiga chalingan mahalda yozgandir. Negaki, uning boshqa g‘azallarida ham sariq kasali bilan og‘riganiga ishoralarga duch kelamiz.

Uchinchidan, ishq bu o‘rinda behi, uning rangi, tuki, bu meva odatda pichoq bilan kesilmasdan iste’mol qilinishi (kesilsa, suvi qochadi), mevasining ko‘pligidan daraxtining egilishi va hokazo tasvirlar bilan baqamti tarzda talqin etiladi.

To‘rtinchidan, matla’dan ma’lum bo‘ladiki, Mahdi ulyo lirik qahramonga behi yuborgan.

G‘azaldagi ishq talqinlarini zinhor-bazinhor Navoiyning Xadichabegimga muhabbati tarzida talqin etmaslik kerak. Avvalo, g‘azalda shoirning emas, lirik qahramonning ishqi kuylanyapti. Qolaversa, oshiq ham yori kimligini ochiq aytayotgani yo‘q. Faqat oxirida behini yuborgan kimsa tilga olinyapti. U ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, laqablari orqali eslatilyapti, vassalom. Lirik qahramon muhabbatini, an’anaga ko‘ra, yorga, ya’ni Haq taologa ishq sifatida qabul qilgan ma’qul.

 

Boburning o‘gay bibisiga munosabati

Xadichabegim Zahiriddin Muhammad Boburning ota tarafdan bobosi Abusaid Mirzoning xotinlaridan, demak, otasi Umarshayxning o‘gay onalaridan biri edi. Bobur – o‘ta haqqoniyatchi, ya’ni realist. Haq so‘z yo‘lida hech kimni, hatto otasini ham ayamagan. Bu jihatdan, “Boburnoma”da Xadichabegim xususida aytilgan fikr-mulohaza va baholarni ko‘rib o‘tishimiz shart. Ana shundagina xira manzara ko‘z o‘ngimizda ravshanlashadi.

Hijriy 911, milodiy 1505-06-yil voqealari bobida Sulton Husayn Mirzoning Samarqandni egallagan Shayboniyxon ustiga lashkar tortib ketayotib yo‘lda vafot etgani qayd etiladi. O‘rni kelgani uchun muallif Husayn Boyqaro haqidagi ma’lumotlarni bayon qiladi. “Axloq va atvori” fasli, qarang, qanday masalaga aniqlik kiritishdan boshlanadi: “Avval taxt olg‘onda xayoli bor ekandurkim, duvozdah imomni xutbada o‘qutg‘ay. Alisherbek va ba’zilar man’ qilibturlar. So‘ngralar xud jami’ ish-kuchi sunnat va jamoat mazhabi bila muvofiq edi” (“Boburnoma”. Toshkent, O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasi nashriyoti. 1960. 222-bet. Keyingi iqtiboslarda ana shu kitob sahifasi ko‘rsatiladi).

Bobning “Avlodi” degan faslida avval Badiuzzamon Mirzo haqida so‘z boradi, uning onasi Sanjar Mirzo Marviyning qizi ekani aytiladi. Keyin Shohg‘arib Mirzoga o‘tiladi. Uning bukri ekani, ammo tab’i nazmi bo‘lib, “G‘aribiy” taxallusi ila turkiy va forsiy she’rlar bitgani, devon ham tartib bergani, bir muddat Hirotga hokim bo‘lgani, otasi zamonidayoq hayotdan ko‘z yumgani bayon etiladi. Muallif so‘ng Muzaffar Mirzo ta’rifiga o‘tadi: “Sulton Husayn Mirzoning suyukluk o‘g‘li bu edi. Agarchi xeyli suygudek axloq va af’oli ham yo‘q edi, o‘g‘lonlari muni ko‘p ortuq ko‘rgani uchun aksar yog‘iqtilar (qarshi bo‘ldilar, dushmanlashdilar – S.O.). Ikkalasining onasi Xadichabegim edikim, Sulton Abusaid Mirzoning g‘unchachisi edi” (224-bet).

Xo‘sh, “g‘unchachi” degani qanday lavozim bo‘ldi?

G‘uncha gulning ochilmagan mug‘jasi ekanini bilamiz. Mantiqan olganda, g‘unchachi yosh, bokira, xushro‘y qizlarni topib, podshohga tortiq qilish bilan shug‘ullangan. Lug‘atlarda ham bu so‘zga shunday izoh beriladi.

Badiuzzamon Mirzo katta o‘g‘il edi. Demak, u valiahd bo‘lishi kerak edi. Lekin podshoh Xadichabegimdan tug‘ilgan Muzaffar Mirzoni yaxshi ko‘rar edi. Albatta, bunda Xadichabegimning ta’siri bo‘lgan. Tabiiyki, u Muzaffar Mirzoning kelajakda otasi taxtini egallashini jon-dilidan istar edi. Biroq Badiuzzamon bilan otasi o‘rtasidagi kelishmovchiliklarning hammasiga Xadichabegimni aybdor qilish ham unchalar to‘g‘ri emas. Aslida, buning uzun tarixi bor.

Badiuzzamonning onasi Beka Sultonbegim edi. Boburning ma’lumot berishicha, u Sanjar Mirzo Marviyning qizi edi. “Mirzo” deyildimi, bilingki, Sanjar Marviy temuriylardan bo‘lgan. “Boburnoma”da bu xotin haqida bunday “aybnoma”ni o‘qiymiz: “Ko‘p kajxulq (badfe’l – S.O.) edi. Sulton Husayn Mirzoni ko‘p og‘ritur edi. Kajxulqlig‘idin Mirzo batang keldi (bezor bo‘ldi – S.O.), oxir qo‘ydi va xalos bo‘ldi. Ne qilsun, Haq Mirzo jonibi (tarafida – S.O.) edi” (231-bet).

Bobur Xadichabegim haqida batafsilroq ma’lumot beradi. Maqolamiz maqsadi uchun o‘ta ahamiyatli ekani bois iqtibosni to‘liq keltiramiz: “Yana Xadichabegim edi. Sulton Abusaid Mirzoning g‘unchachisi edi. Mirzodin bir qizi bor edi, Oqbegim otliq. Iroqta Sulton Abusaid Mirzoning shikastidan (mag‘lubiyati – S.O.) so‘ng Hiriga keldi. Hirida Sulton Husayn Mirzo oldi va sevdi. G‘unchachiliq martabasidin begimlik martabasig‘a taraqqiy qildi. So‘ngralar xud asru ixtiyor bo‘lub edi. Muhammad Mo‘min Mirzoni aning sa’yi bila o‘lturdilar. Sulton Husayn Mirzoning o‘g‘lonlari yog‘iqtilar, ko‘praki muning jihatidin edi. O‘zini oqila tutar edi, vale beaql va purgo‘y (sergap, maydagap – S.O.) xotun edi. Rofiziya (shia – S.O.) ham ekandur. Shohg‘arib Mirzo bila Muzaffar Mirzo mundin tug‘ub edi” (231-bet).

Muallif Husayn Boyqaro vafotidan keyingi holatni bunday tasvirlaydi: “Sulton Husayn Mirzo olamdin naql qilg‘onda, mirzolardin Badiuzzamon Mirzo va Muzaffar Husayn Mirzo edilar. Chun suyukluk o‘g‘ul Muzaffar Husayn Mirzo edi va Muhammad Burunduq barlos sohibixtiyor bek edi, onasi Xadichabegim edi, Mirzoning e’tiborliq xotuni edi. Mirzoning eli ham Muzaffar Mirzog‘a ruju’i xeyli bor edi. Bu jihatlardin Badiuzzamon Mirzo taraddud qilib kelmas xayolda edi. Muzaffar Mirzo va Muhammadbek o‘zlari otlanib borib, taraddudni Mirzoning ko‘nglidin raf’ qilib, Badiuzzamon Mirzoni kelturdilar. Sulton Husayn Mirzoni Hirig‘a kelturub, podshohona rasm va oyin bila bardosht qilib (ko‘tarib – S.O.), madrasasida dafn qildilar” (245-246-betlar).

Ahvol tahlikali edi. Shayboniyxon lashkarlari birin-ketin temuriylar qo‘l ostidagi hududlarni bosib olayotgan edi. Shu vaziyatda Sulton Husaynning o‘g‘illari Boburni Hirotga chaqirib, shu yerda qishlashni taklif qilishadi. Bu yog‘ini Boburning o‘zidan eshitsak: “Mirzolarg‘a uzr ayttuk. Qabul qilmadilar, ko‘prak taklif qildilar. Har necha uzr deduk, taklifni bajidroq qildilar. Oxir Badiuzzamon Mirzo va Abulmuhsin Mirzo va Muzaffar Mirzo otlanib, mening uyumga kelib, qish turmoq taklifini qildilar. Mirzolar yuziga “Yo‘q”, deyolmaduk, mundoq podshohlar o‘zlari kelib, turmoq taklifini qildilar. Yana Hirinikim, rub’i maskunda andoq shahr yo‘qtur va Sulton Husayn Mirzoning zamonida Mirzoning tasarrufidin va takallufidin Hirining zebu ziynati birga o‘n, balki yigirma taraqqiy qilib erdi, ko‘rmak orzusi xeyli bor edi. Bu jihatdin turmoqni qabul qilduk” (251-252-betlar).

Bobur Hirotga borganda Sulton Husaynning xotinlari va qizlari, Boburning ammalari podshoh dafn etilgan madrasaga yig‘iladi: “Avval Poyanda Sultonbegim (Boburning ammasi – S.O.) bila yukunub ko‘rushtum, andin so‘ng Ofoqbegim bila yukunmay ko‘rushtum. Andin keyin Xadichabegim bila yukunub ko‘rushtum. Bir zamon munda o‘lturub, hofizlar Qur’on o‘qug‘ondin so‘ng janubiy madrasadakim, Xadichabegimning uyini tikib edilar, borduq. Xadichabegimning oshini torttilar” (252-bet).

 

Haq so‘z achchiq keladi

Dunyo dunyo bo‘lib, Zahiriddin Muhammad Boburdek hayotga tik qaragan, tanqid borasida birovni ham, o‘zini ham ayamagan hukmdorni kam ko‘rgan. Sulton Husayn Mirzoning xotinlari tugul, o‘zi ham Boburning “kaltagi”dan quruq qolmagan. Temuriy hukmdorning 10 nafar xotini va g‘umasi haqida ma’lumot berib o‘tganidan keyin bunday deb yozadi: “Yana kichik-kirim g‘uma, g‘unchachi bisyor edi. Xotunlardin va g‘umalardin mo‘tabar bular edi, mazkur bo‘ldi. Sulton Husayn Mirzodek ulug‘ podshoh Hiridek islom shahrining podshohi bu ajabturkim, bu o‘n to‘rt o‘g‘lidin uchi valad uz-zino emas edi. Fisq-fujur o‘zida, o‘g‘lonlarida va el-ulusida asr-u shoye’ edi. Ushbularning shomatidin (oqibati – S.O.) edikim, mundoq xonvodadin (xonadon – S.O.) yetti-sekkiz yilda bir Muhammad Zamon Mirzodin o‘zga osor va alomat qolmadi” (232-bet).

Oxir-oqibat Shayboniyxon Hirotni ham bosib oldi. Bosib oldigina emas, bu yerda ko‘p yomonliklar qildi. Birinchi galda temuriylar vakillarini qiynoqqa soldi. Bundan Xadichabegim ham quruq qolmadi, albatta: “Shayboqxon Hirini olg‘ondin so‘ng bu podshohlarning zoh va zodi bila yomon maosh qildi, na yolg‘uz bu jam’ bila, bori xaloyiq bila. Rustoyi (beaql – S.O.) va nodida (ko‘rmagan – S.O.) kishi besh kunluk o‘tar dunyo uchun mundoq yomon ot qozg‘ondi. Shayboqxondin noshoyist harakot va af’olekim, Hirida sodir bo‘ldi, avval bukim, cherik dunyo uchun Xadichabegimni Shoh Mansur baxshi ko‘targuchiga tutturub, turluk-turluk qiyinlar qildurdi” (269-bet).

 

Mo‘min Mirzo fojiasi

“Xamsa” yozilayotgan mahalda hali Badiuzzamonning o‘g‘li Mo‘min Mirzo tug‘ilmagan edi. U bu buyuk epopeya tugallanganidan bir yil o‘tgach, 1486-yili dunyoga kelgan. 11 yoshida, ya’ni 1497-yili Astrobodda otasi o‘rnida hokim bo‘lib turganida Muzaffar Mirzo Astrobodni undan tortib olish niyatida qo‘shin tortib keladi. Mo‘min Mirzo aqlli, ziyrak va jasoratli edi. U shoshilinch ravishda jangga hozirlanib, shahar tashqarisida dushmaniga qarshi kurashadi. Lekin kuchlar teng emas edi. Yengiladi. Amakisi uni asir olib, Hirotga jo‘natadi. Shahzoda Ixtiyoriddin qal’asiga qamab qo‘yiladi.

Badiuzzamon to‘ng‘ich o‘g‘il, demakki, taxt uchun asosiy da’vogar edi. Xadichabegimning dardi esa nima qilib bo‘lsa ham, otasidan keyin taxtga o‘z o‘g‘li – Muzaffar Mirzoni qo‘yish edi. U vaziri a’zam Nizomulmulk bilan kelishib, Sulton Husayn qattiq mast bo‘lganidan foydalanib, shahzodani qatl etish haqidagi farmonga muhr bostirib oladi. Hukm zudlik bilan ijro etiladi. Bu esa Sulton Husayn Mirzo bilan Badiuzzamon Mirzo o‘rtasidagi ziddiyatni haddi a’losiga yetkazadi.

Tarix guvohki, aynan Mo‘min Mirzoning o‘limi Xurosonda temuriylar saltanatining tanazzuliga asosiy sabab bo‘ldi. Sulton Husayn Mirzodek ulug‘ podshoh umrining qolgan 9 yilini mamlakatga xavf solib turgan asosiy dushmanlari qolib, farzandi arjumandi Badiuzzamon bilan urushlar olib borishga sarfladi. Podshoh o‘z o‘g‘li bilan qirpichoq bo‘lib turgan mamlakatni yov bosib olishi unchalar qiyin emas. Shunday bo‘ldi ham.

Bu mudhish voqeadan 12 yil burun Alisher Navoiy “Xamsa”sida Sulton Husayn Mirzo bilan o‘g‘illari o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilashni orzulab, madh-u nasihatlar bitgan edi.

Avliyo shoirning ko‘ngli istiqboldagi mudhish hodisalar shabadasini sezmagan, deb o‘ylaysizmi?

Xadichabegimga atab mubolag‘ali, balandparvoz baytlar baxshida etilishining tub-tubida ham ayni shu maqsad yotmaganmi?

 

Nega aynan “Sab’ai sayyor”?

“Hayrat ul-abror” – falsafiy-pandona asar. Uning “Xamsa”dagi dasturiy vazifasi ham shuni talab etar edi. Qolgan to‘rt dostonga ham muallif alohida-alohida yuk yuklagan.

Taniqli adabiyotshunos Ibrohim Haqqul o‘zbek adabiyotida ruboiy janrining o‘rni va ahamiyatiga bag‘ishlangan tadqiqotida qiziq bir fikrni ilgari suradi. Uningcha, bor-yo‘g‘i to‘rt qatorgina ruboiyda ham tezis, antitezis va xulosa bo‘ladi. Odatda, birinchi va ikkinchi satrlarda tezis, uchinchi satrda esa antitezis ilgari suriladi. To‘rtinchi misrada, tabiiyki, xulosa bayon etiladi.

“Xamsa”ning “Hayrat ul-abror”dan keyingi dostonlarini ham xuddi shunday talqin etish mumkin. “Farhod va Shirin” bilan “Layli va Majnun” – tezis. “Sab’ai sayyor” – antitezis. “Saddi Iskandariy” – xulosa.

Avval bir narsaga kelishib olaylik: “Xamsa” – boshdan-oxir tasavvuf ta’limoti tizimiga bo‘ysundirilgan, boshqacha aytganda, so‘fiylik g‘oyalari keng va tizimli asosda targ‘ib etilgan, dostonlar mag‘zi-mag‘ziga chuqur singdirilgan asar.

Tasavvufda “sahv” va “sukr” deb atalgan qarama-qarshi ikki yo‘l bor (Qarang: Tasavvuf atamalari. Izohli lug‘at. 1-kitob. Toshkent, “Movarounnahr” nashriyoti, 2015. 232-234-betlar). Sukrada solik bir lahza bo‘lsin hushyorlikni yo‘qotmaydi. U o‘zini o‘zi to‘liq idora qiladi. Haqqa yetish yo‘lidagi sa’y-harakatlari hosilasi sifatida qanday hol va maqomga erishganini ham sezib-bilib turadi. Bu – naqshbandiyaning yo‘li. “Farhod va Shirin”da aynan shu yo‘lning to‘g‘riligi hayotiy voqea-hodisalar (syujet) talqini orqali ko‘rsatiladi.

Sukrda oshiqni Haq o‘ziga tortadi. Ana shu ohanrabo ta’sirida u o‘zini batamom unutadi. Ishq otashida yonib endi u qayerda yurgani, nima qilayotganini ham bilmay-sezmay qoladi. Odamlar uni jinniga chiqarishlari ham hech gap emas. “Layli va Majnun”da ishqning aynan ana shu yo‘li hayotiy voqea-hodisalar talqinida tasvirlangan.

Shunday qilib, “Xamsa”dagi bu ikki dostonda ikki tezis ilgari surildi: ishqning sahv yo‘li bilan ham Haqqa yetish mumkin; sukr yo‘li bilan maqsadga erishsa bo‘ladi. Demak, “Farhod va Shirin”da ham, “Layli va Majnun”da ham ilohiy ishqqa yetish yo‘li talqin etilgan. Farhod bilan Shirin, Layli bilan Majnun o‘rtasidagi muhabbat esa majoziy. Bu ikki asarda majoziy ishq ilohiy ishqning vositasi, muayyan bir bosqichi yanglig‘ tasvirlangan. Garchi voqeada bu oshiq-ma’shuqlar bir-birining vasliga yetmagan bo‘lsa ham, mohiyatan bular ruhan bir-biriga qovushgan oshiq-ma’shuqlar sifatida talqin etiladi.

Ana endi muddaoga yaqinlashdik: “Sab’ai sayyor” – “Xamsa”dagi antitezis. Bu bilan ulug‘ shoir agar oshiq, sahv bo‘ladimi, sukr bo‘ladimi, ilohiy ishq yo‘lini tutmasa, demak, u ishqning eng quyi darajasida qolib ketadi, deydi. To‘g‘ri, doston qahramoni Bahrom Diloromni sevadi. Lekin arzimagan xatosi, uning kiyikni mahorat bilan otganidan keyin ham maqtamagani uchun kayf ustida uning bahridan o‘tadi. Keyin, albatta, o‘ziga kelib, pushaymon qiladi, ayriliq azobini chekadi. Biroq uni yana qayta topganidan so‘ng ham aysh-u ishrat, shikordan voz kechmaydi. Oxiri o‘lja ketidan quvib, o‘zi va sheriklari bilan botqoqqa botib, halok bo‘ladi. Bu bilan buyuk shoir, jumladan, “Majoziy ishq ilohiy ishqqa aylanmas ekan, oxiri voy bo‘ladi” ham demoqchi.

Sulton Husayn Mirzo vafotidan keyin temuriy xonadon vakillari davlatni saqlab qola bilmagani, qo‘shhokimiyat joriy etilgani, oqibatda podshoh Shayboniyxon ularni osonlikcha yenggani, oilaning aksar a’zolari qirib tashlangani, hatto Xadichabegimdek malikaning qiynoqlarga solingani haqida o‘qib, Navoiy fojialarni oldindan his etib, bezovta bo‘lgani, shohni ham, malikani ham bundan ogoh etib, chorasini ko‘rishga undaganiga ishonasiz.

 

Bir olmaning ikki yuzi

Mana, ko‘rib chiqdik, ikki buyuk mutafakkir bir tarixiy shaxsga turlicha ta’rif bergan. Biri tasvirlanayotgan kishini yaqindan tanigan-bilgan. Ikkinchisi uni ko‘rmagan, lekin u bilan qarindosh. Bu ikki sohibqalamning ijodiy maqsadi ayri-ayri. Navoiy boshqa bir ezgu niyat bilan qalam surgan, Boburning xotiralarida esa tamoman o‘zga maqsad mujassam. Navoiy tasvirida badiiy haqiqat birinchi o‘rinda turadi, Bobur tasvirida esa – tarixiy haqiqat.

Ilmimiz va jurnalistikamizda Xadichabegim haqida oz yozilmagan. Internetga kirib, shu nomni yozing, bir etak material chiqadi. Biz ularni batafsil tahlil qilib o‘tirmadik. Chunki bu alohida mavzu. Ammo ularning hech birida Xadichabegimga Navoiy va Boburning munosabati o‘zaro qiyoslanmagan.

Xayriyatki, Navoiy bilan Bobur bor. Temuriylar xonadonining qudratli malikasi hayotini tadqiq etishimizda ham ana shu ikki buyuk zot bitiklari asqatdi...

Sultonmurod OLIM


“Tafakkur” jurnali, 2018-yil 2-son

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19260
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16142
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi