O‘zbek tili turkiy xalqlar orasida muloqot tili bo‘la oladi – Husayin Baydemir, turkiyalik professor


Saqlash
21:01 / 20.10.2023 2508 3

– Assalomu alaykum. Savolni dangal qo‘yamiz: nega aynan o‘zbek tili, tasodifmi?

 

– Va alaykum assalom. Avvalambor barcha o‘zbekistonlik qardoshlarimizni o‘zbek tili bayrami bilan tabriklayman. Menga ushbu mavzu bo‘yicha o‘z his-tuyg‘ularim va fikrlarimni bildirish imkoniyatini berganini uchun Oyina.uz portaliga tashakkur aytaman.

 

Turkiyaning eng yirik universitetlardan biri, Erzurum shahrida joylashgan Otaturk universitetining turk tili va adabiyoti fakultetida 1994-yili bakalavr darajasini oldim. Biz o‘qishni tamomlagan yillari turkiy respublikalar endigina mustaqillikka erishgan edi. O‘sha paytda Turkiyada qardosh xalqlar tili va adabiyotini yaxshi biladiganlar juda kam bo‘lgan. Hukumat universitetlarda shu yo‘nalishdagi kafedralar ochishga qaror qildi. “Hozirgi zamon turkiy tillar va adabiyotlar kafedrasi” deb nomlangan bo‘limni yurtimizdagi istalgan universitet ochishi mumkin edi. 1995-yili men bitirgan Otaturk universitetida ham shunday kafedra tashkil etilgan. Lekin o‘qituvchilar yo‘q edi. O‘sha yili Turk tili va adabiyoti bo‘limining folklor yo‘nalishi bo‘yicha magistraturaga o‘qishga kirdik.

 

Ilmiy rahbarimiz bizni chaqirib, “Turkiy xalqlar folkloriga ixtisoslashmoqchimisiz?” deb so‘radi. Biz: “Albatta, xohlaymiz”, dedik. Keyin yana bir kuni domla meni yoniga chorladi. Uning stolida ikki kitob bor edi. Biri “Turkman ertaklari”, ikkinchisi esa o‘zbek tilida “Rustamxon” dostoni”. Ozarboyjondan kimdir bu kitoblarni ustozimizga yuboribdi. “Endi shulardan birini tanlang”, dedi u menga. “Qaysi birini tanlasangiz, magistrlik dissertatsiyasi mavzusi shu bo‘ladi”, deya qo‘shimcha qildi. Birdan xayolimga Temuriylar davlati, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy keldi. Hech ikkilanmay, “O‘zbekcha kitobni tanlayman”, dedim. O‘sha kuni o‘sha kitobni tanlash bilan o‘z sohamni ham tanladim.

 

Xo‘sh, men bundan afsuslanamanmi? Bo‘lishi mumkin emas. Agar uzoq o‘ylash imkoniyati bo‘lganida, yana o‘zbek sohasini tanlagan bo‘lardim. Men bunga aminman. Chunki Turkiya turklari g‘arbda Usmonlilar saltanatiga asos solgan bo‘lsa, o‘zbeklar esa sharqda Temuriylar saltanatini qurgan xalqdir. Boshqacha aytganda, har ikkisi ham boy til, adabiyot va madaniyatga ega. Shu yo‘nalishda ishlayotganimdan mamnunman.

 

– “Rustamxon” dostonini Turkiyada birinchi marta tarjima va tahlil qilib, 1998-yili magistrlik dissertatsiyasi o‘laroq himoya qilgansiz. 2004-yili “O‘zbek xalq ertaklari” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini yoqlab, doktorlik ilmiy darajasini oldingiz. 2012-yili “O‘zbek afsonalari” kitobingiz nashr etildi. 2013-yili “O‘zbek xalq ertaklari” kitobingiz Anqaradagi Atatürk Kültür Merkezi tomonidan chop qilindi. O‘zbek folklori tadqiqotchisi sifatida chiqargan asosiy xulosalaringiz bilan bo‘lishsangiz?

 

– Ha, “Rustamxon” dostonini turk tiliga birinchi bo‘lib tarjima qilganman, asosiy motivlarini tadqiq qilganman. Tarjima ishi taxminan bir yil davom etdi. Chunki o‘shanda men o‘zbek tilini endigina o‘rganayotgan edim. O‘zbekcha-turkcha katta lug‘atim yo‘q edi. So‘zlarning hammasini lugʻatdan topa olmasdim. Maʼnosini tushunmagan jumlalarni qogʻozga yozib, boshqa shaharlardagi oʻqituvchilardan soʻrab oʻrganishga harakat qilardim. Tarjima tugallangach, matnni ustozimga olib bordim. Dostondagi motivlar ustida ishlashimni ustoz so‘radi. Men esa boshqa mavzu haqida o‘ylardim. Ammo ilmiy rahbarim qat’iy turib olgach, qabul qilishga majbur qoldim. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, o‘qituvchim meni yanada yirikroq tadqiqotga tayyorlash uchun shu usulni tanlagan ekan.

 

O‘zbek fantastik ertaklaridan 70 tasini turk tiliga tarjima qilib, motivlarini tadqiq etib, doktorlik dissertatsiyasini tayyorladim. O‘sha yillari ustozimizning barcha shogirdlari motivlar ustida ishlar edi. Universitetimizda o‘zbeklardan tashqari qozoq, qirg‘iz, turkman, tatar, boshqird, oltoy, ozarboyjon va boshqa turk xalqlarining folklor namunalari ustida motif tadqiqotlari olib borilgan. Ma’lumki, biz amalga oshirgan motivshunoslik amerikalik olim Stit Tompsonning “Motif Index of Folk Literature” nomli olti jildlik katalogiga asoslanadi. U jahon xalqlari orasidan tanlab olgan folklor matnlarining motivlarini aniqlab, ularni o‘ziga xos tarzda tasniflab, har biriga maxsus raqam bergan.

 

Biz turkiy xalqlar og‘zaki ijodidagi Tompson katalogida bo‘lgan motivlarni ham, bo‘lmagan motivlarni ham aniqlardik. Ustozimda shunday bir fikr bor edi: Turk xalqlari folklor namunalaridagi Tompson katalogida bo‘lmagan motivlarni aniqlab, keyin hammasini birlashtirib nashr etish. Haqiqatan ham, foydali loyiha edi. Lekin, afsuski, o‘qituvchim vafotidan keyin loyiha tugallanmagan holda qoldi. Chunki endi hech kim motiv mavzusida ishlashni xohlamaydi.

 

 

– Bugun universitetda Zamonaviy turkiy tillar va adabiyotlar kafedrasi mudirisiz, Sizda bizga tashqaridan qarash va boshqalar bilan qiyosiy kuzatish imkoniyati bor. Ayting-chi, o‘zbek tilining o‘ziga xosliklari asosan nimada ko‘rinadi? Yutuq va kamchiliklari?

 

– Ha, kafedramizda o‘zbek tilidan tashqari qozoq, qirg‘iz, turkman, tatar, ozarboyjon turk tili fanlari ham o‘qitiladi. Talabalar birinchi yili umumiy turkologiya fanlaridan saboq oladilar. Ikkinchi bosqichdan boshlab turkiy xalqlarning tillari va adabiyotini o‘rganishni boshlaydilar. Dastlab oʻgʻuz guruhiga tegishli fanlar beriladi. Uchinchi kursda asosan oʻzbek sohasi va yonida biroz turkman sohasi fanlari oʻtiladi. Yakuniy bosqichda qipchoq guruhiga oid fanlar o‘qitiladi.

 

Tabiiyki, bizning talabalarimiz uchun eng osoni ozarboyjoncha darslardir. Chunki bu til bizga juda yaqin. Suhbatda odamlar bir-birini tushunishi mumkin. Turkiston lahjalari orasida o‘quvchilarimizga eng yoqadigani o‘zbek tilidir. Chunki Usmoniylar davrida bizda juda boy mumtoz adabiyot bor edi. O‘zbeklarning mumtoz adabiyoti ham juda boy. Mumtoz adabiyotlarimiz tili bir xil. Birini usmonlicha, birini chig‘atoycha deymiz. Alifbo umumiy bo‘lgani sababli bu ikki mumtoz adabiyot bir-biriga katta ta’sir ko‘rsatdi. Usmonli tilining boyligi hozirgi turk tiliga, chigʻatoy tilining boyligi esa hozirgi oʻzbek tiliga meros boʻlib qolgan. O‘quvchilarimiz o‘zbekchani ko‘proq yoqtirishi sababi, bu tilni boshqa turkiy tillardan ko‘ra yaxshiroq tushunishlaridir. Bu ikki lahjada arab va fors so‘zlari keng tarqalgani ham tushunchamizni yanada yengillashtiradi.

 

Savolingizning ikkinchi qismiga kelsak, o‘zingizga ma’lumki, o‘zbek tilida fonetik uyg‘unlik vaqt o‘tishi bilan yo‘qolgan (singarmonizm nazarda tutilmoqda – oyina.uz izohi). Turkiy tillar orasida mazkur qonuniyatni buzadigan yagona lahja bugungi o‘zbek adabiy tilidir. Turkiy tillarni jahon tillaridan ajratib turuvchi eng muhim xususiyat unlilar sonining ko‘pligi va “ı-i, o-ö, u-ü” kabi qo‘sh unlilarning mavjudligidir. Oʻzbek tilida qoʻsh unlilar ham bir unliga aylangan. Tilning fonetik boyligi nuqtayi nazaridan qaraydigan bo‘lsak, o‘zbek tili vaqt o‘tishi bilan boshqa turkiy tillarga nisbatan qashshoqlashgan. Shuni ham ta’kidlash kerakki, ayni jihat tufayli o‘zbek tilini chet elliklarga o‘rgatish osonroq.

 

– O‘zbek tilidan tovushlar uyg‘unligi hodisasi, ya’ni singarmonizmni siqib chiqarish XX asr boshida rus olimlari tashabbusi bilan yuz bergan. Bu haqda yaqinda “Ma’rifat” gazetasida tilshunos Jo‘ra Xudoyberdining batafsil tadqiqot-maqolasi e’lon qilindi. Bizdagi bugungi alifbo islohotlaridan ham, tabiiyki, xabaringiz bor. Singarmonizm, unlilar, ng tovushi, qo‘sh harflar… Munosabatingiz qanday?

 

– Alifbo islohoti haqida gap ketsa, menga yoqqan jihatlari ham bor, yoqmagan tomonlari ham. Avvalo, masalaning ijobiy tarafini ko‘rib chiqaylik. Biz Turkiyada 1928-yili lotin alifbosiga o‘tganmiz. Juda qat’iy tartibda. Eski imlo, ya’ni arab alifbosi butunlay man etildi. Ko‘p minglab savodli odamlar bir kechada savodsizga aylanishdi. O‘zbekistonda 1993-yildan keyin lotin grafikasi qayta joriy etila boshlaganida biz qilgan xatoga yo‘l qo‘yilmadi. Kirillda savodi chiqqan katta avlodni yangi harflar bilan yozishga majburlamadingiz. Ba’zilar O‘zbekiston hukumatini lotin alifbosiga o‘tishni kechiktirdi, deb tanqid qiladi. Menimcha, bunday ayblovlar noto‘g‘ri. Alifbo islohotida evolyutsion yo‘l tanlanganini to‘g‘ri qaror deb o‘ylayman. Turkiya qilgan xatoni sizlar qilmadingiz.

 

Endi salbiy tomonini ko‘rib chiqaylik. Qariyb ming yil davomida barchamiz umumiy alifbodan foydalandik. XX asr boshida ko‘pgina turkiy xalqlar lotin grafikasiga o‘tganida ham alifbolarimiz bir-biriga yaqinroq edi. Sovet ittifoqi davrida mustamlaka ostidagi turkiy xalqlarning har biriga kirill imlosi turli xil ko‘rinishda joriy etildi. Bu qardoshlar bir-birining yozganini o‘qiy olmasligi uchun atayin qilingan. Qizil imperiya parchalanganidan keyin Ozarboyjon, Oʻzbekiston, Turkmaniston va Qozogʻiston lotin alifbosiga toʻliq yoki qisman oʻtdi. Biz turkiy xalqlarning alifbolari bir-biriga juda yaqin bo‘lishini orzu qilar edik. Lekin, afsuski, har bir respublika ilmiy asosga ega bo‘lmagan, imkon qadar bir-biridan uzoq va g‘alati alifbolarni qabul qilib oldi. Sovet ittifoqi davridagi bo‘lib tashlash siyosatini hozir o‘z qo‘limiz bilan qilyapmiz. Men bundan juda afsusdaman.

 

– Hozirgacha 800 ga yaqin talabalarga boshlang‘ich saviyada o‘zbek tilini o‘rgatganingizdan xabarimiz bor. 20 ga yaqin shogirdlaringiz O‘zbekistonga aloqador mavzularda magistrlik dissertatsiyasini yozganini ham bilamiz. Yana ko‘plab iste’dodli yoshlar Sizning rahbarligingizda o‘zbek tilidan badiiy asarlar, ilmiy maqolalar tarjima qilib kelmoqda. Ayting-chi, chet elda o‘zbek tilini o‘rganuvchilar, tadqiqotchi va tarjimonlar asosan nimalardan qiynalishadi?

 

– Ha, bu yaxshi savol. Yaqin o‘tmishda shaxsan o‘zim boshdan kechirgan ba’zi muammolarni eslatdi. O‘zbek tilini ilk bor o‘rganganimda Turkiyada o‘zbekcha kitoblarni topishning iloji yo‘q edi. Kafedramizga talaba qabul qilingan dastlabki yillarda o‘zbek tilidagi materiallarni topishda qiynalardik. Bir necha yilda bir marta O‘zbekistonga borib, qop-qop kitob olib qaytardim. Shu tariqa bir muddat o‘zimning ham, shogirdlarimning ham ehtiyojlarini qondirdim. Internet keng yoyila boshlagach, kitoblarning elektron versiyalaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Qiyinchiliklar ma’lum darajada kamaydi. Shu munosabat bilan “ziyo.uz” sayti asoschilariga alohida minnatdorlik bildiraman. Bu veb-resurs o‘zbek tilini, o‘zbek adabiyotini, o‘zbek madaniyatini xorijda shunchalik yaxshi targ‘ib qiladiki, menimcha, butun o‘zbek xalqi minnatdor bo‘lishi kerak. Barcha shogirdlarim “ziyo.uz”ni bilishadi va undan keng foydalanishadi. Binobarin, o‘zbek tilini o‘rganayotganlar uchun endi materiallar taqchilligi sezilmaydi, deyishimiz mumkin.

 

O‘zbek tilidan tarjima qilayotgan do‘stlar va talabalarning eng katta muammosi to‘liq lug‘at topishda qiynalishayotganidir. Tez orada bu muammo ham hal qilinadi. O‘zbek tilidan dars beradigan o‘qituvchilar uchun eng katta qiyinchilik – alifbo! O‘zbekcha matnni men o‘zim baland ovozda o‘qisam, o‘quvchilarimiz oson tushunishadi. Bizdagi lotin harflari bilan yozganimda ham tushunishadi. O‘zbek lotin alifbosi bilan yozilgan matnni o‘zlari o‘qiganda esa... hech narsani tushunishmaydi. Ularga o‘zbek kirill alifbosini o‘rgatish menga osonroq. O‘zbek lotin alifbosini o‘rgana boshlagach, dovdirab qolishadi.

 

– Menimcha, bu kirillni umuman yangi alifbo sifatida qabul qilishlari, o‘zbek lotin grafikasini esa bugungi turk imlosi bilan qiyosan o‘rganishlari bilan bog‘liq... Keyingi yetti yilda Buyuk o‘zbekcha-turkcha lug‘atni tuzishga bosh-qosh bo‘ldingiz. Esimda, O‘zJOKUdagi anjumanda shu haqda chiqish qilganingizdan so‘ng o‘zbek jamoatchiligida o‘ziga xos shov-shuv ham kuzatilgandi. So‘zlikning taqdiri nima bo‘ldi? U boshqa lug‘atlardan nimasi bilan farq qiladi?

 

– Ha, ishni taqriban bundan yetti yil avval boshlaganmiz. Bir yarim yil avval tugatib, nashriyotga topshirdik. Nashriyot barcha kitoblarni kamida ikki hakamga yuboradi va faqat ijobiy taqriz olingan taqdirda chop etadi. Bizning lug‘atimiz bu jarayondan muvaffaqiyatli o‘tdi. Umid qilamanki, tez fursatlarda nashr etiladi. Afsuski, nashriyot davlatga qarashli bo‘lgani bois ishlar biroz sust ketayapti. O‘tgan hafta ular bilan yana uchrashdim. Lug‘atni 2024-yilning birinchi yarmida chop etishni mo‘ljallashmoqda.

 

Turkiya va O‘zbekistonda O‘zbekcha-turkcha lug‘atlar nashr etilgan. Aytishim mumkinki, barchasi chinakam qimmatli asarlardir. Men ham, shogirdlarim ham yillar davomida ulardan bahramand bo‘ldik. Tanqid qilishim mumkin bo‘lgan yagona jihati shundaki, bu manbalarda so‘zlar soni cheklangan. Biz tayyorlagan lug‘at so‘zlar soni bo‘yicha eng kattasi. Aytishim mumkinki, har qanday o‘zbekcha matnda tilga olingan so‘zning lug‘atimizda uchratish darajasi yuz foizga yaqin.

 

 

– Besh yil ilgari O‘zbekiston xalq yozuvchisi To‘gay Murodning 70 yilligi doirasida Milliy kutubxonada Siz bilan bo‘lgan uchrashuvni ko‘pgina ziyolilar yaxshi eslaydi. Bir soatdan oshiq ma’ruzangizni hamma jon qulog‘i bilan tinglagan edi. Tadbirdan so‘ng aksariyat qatnashchilar “Turkchani yaxshi bilar ekanman, tushunish oson ekan”, degani yodimda. Siz ham mendan so‘ragan edingiz: “O‘zbekchani qanday gapirdim?..” O‘rta turk tili shu emasmi? Umuman, bu g‘oyaga qanday qaraysiz? Amalga oshirsa bo‘ladimi? Ko‘zingiz yetadimi?

 

– O‘rta turk tiliga eng yaqini o‘zbek tili ekanini hammamiz bilamiz. O‘zbek tilida qarluq, qipchoq, o‘g‘uz shevalariga xos xususiyatlar mujassamlashgan. Agar o‘zlaringiz xohlasangiz va harakat qilsangiz, o‘zbek tili kelajakda turkiy xalqlar orasida umumiy yozma tilga aylanishi mumkin. Bilamizki, Ismoil Gaspirali “Tarjimon” gazetasida o‘rta turk tilini qo‘llashga intilgan va muvaffaqiyatga erishgan. Bu natijani yana biroz yaxshilasa bo‘ladi.

 

O‘rta turk tilida o‘rtoq internet gazetalarimiz, o‘rtoq kitoblarimiz, o‘rtoq ensiklopediyalarimiz nashr etilishi kerak. Lekin o‘rta turkiy til so‘zlashuv tili bo‘la olmaydi. Istanbulda, Qozonda, Samarqandda, Bokuda, Ufada, Ashxobodda yoki Bishkekda yashayotgan odamning kundalik so‘zlashuv tilini o‘zgartirish imkonsiz. Ammo, agar harakat qilinsa, o‘zbek tili orqali o‘rtoq yozma til rivojlantirilishi mumkin.

 

O‘zbek tilidagi yot qo‘shimchalar olib tashlanganida o‘rta turkiy tilga bir qadam yaqinlashamiz. Masalan, turkiy tillardagi “+siz” qo‘shimchasi o‘rniga o‘zbek tilida ko‘proq forscha “be+” prefiksi qo‘llaniladi. “Xatosiz” so‘zi “bexato” deb aytiladi. Yoki “quvvatli” ma’nosini anglatuvchi “baquvvat” so‘zida bo‘lganidek, “+li” qo‘shimchasi o‘rniga forscha “ba+” prefiksi ishlatiladi. “Xatosiz”, “quvvatli” deyilsa, boshqa turkiy xalqlar ham o‘zbek tilini tushunadi.

 

Turkiy tillar orasida o‘zbek tili xorijiy qo‘shimchalarning ko‘p qo‘llanish darajasi bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi. O‘zbek tili bunday yot unsurlardan xalos bo‘lmaguncha o‘rta turkiy tilga aylana olmaydi. Biz chetdan so‘z o‘zlashtirishimiz mumkin, bu barcha tillar uchun odatiy hol. Biroq boshqa tillarning gramatikal unsurlarini qabul qilsh bilan tilimizning tabiiy tuzilishini o‘ldiramiz. Masalan, “quvvat, quvvatli, quvvatsiz” so‘zlari barcha turkiy xalqlarda tushuniladi. Lekin “bequvvat, baquvvat” desangiz, ko‘pchilik fnglamay qoladi.

 

O‘rta turk tili yo‘lidagi  eng katta to‘siqlardan yana biri biz boya eslagan farqli alifbolardir. O‘rtoq alifbosiz oʻrta turk tili boʻlishi mumkin emas. Turkiy respublikalar o‘rtoq lotin alifbosini qabul qilmas ekan, o‘rta turk tilini rivojlantirish yo‘limiz yopiqligicha qolaveradi. Ismoil Gaspirali o‘z davrida o‘rtoq alifbo qo‘llangani uchun muvaffaqiyatga erishgan. Yana aytaman, o‘rta turk tiliga eng yaqin nomzod o‘zbek tilidir. Ammo o‘sha yot qo‘shimchalar saqlanar ekan, ustiga ustak, “original” o‘zbek lotin alifbosi qabul qilinar ekan, o‘zbek tili bu imkoniyatni yo‘qotadi.

 

– Sizning bir xorijlik tadqiqotchi sifatida o‘zbek tili, adabiyoti va folklori yo‘nalishida qilgan ishlaringiz ro‘yxatini ko‘rib, ochig‘i, hayratda qoldim: ma’ruzalar va maqolalardan tortib tarjimalar va kitoblar, Buyuk o‘zbekcha lug‘atgacha. Qolaversa, o‘nlab shogirdlarni ham shu xayrli ishga yo‘naltirish… Yana qanday maqsad va rejalaringiz bor?

 

– Mening ikkita katta orzuyim bor edi. Biri “Buyuk o‘zbekcha-turkcha lug‘at” edi. Xudoga shukr, tuzib bo‘ldik va chop etilishini kutyapmiz. Galdagi maqsadim – “O‘zbek xalq og‘zaki ijodi” kitobini yozish. Aslida izlanishni ikkinchisidan boshlagandim. 2013-yili dotsent bo‘lishim bilan, bismilloh deb yeng shimardim. Bir necha yil ishladim. Nasriy janrlar tugab, nazmiy janrlarga o‘tish arafasida hamkasblarim va shogirdlarimning bosimiga chiday olmay, kitobni chala qoldirib, lug‘at tuzishga kirishdik. Yana bir-ikki yil ter to‘ksam, o‘zbek xalqi bilan bog‘liq ikkinchi yirik ishimni ham bitiraman. Keyin badiiy tarjimaga ko‘proq vaqt ajratish niyatidaman. O‘zbek adabiyotida yaxshi roman, hikoya, pyesa va boshqa janrdagi asarlar ko‘p…

 

Oyina.uz jurnalisti Farrux JABBOROV suhbatlashdi.

 

 

Oyina.uz'ni Telegramda kuzating!

3 Izohlar

Yorkınoy Khamraeva

01:12 / 21.12.2023

Hüseyin Baydemir hojam bilan bir marta telefon orqali gaplashgandim. Turkiyalik bu ustozning özbek tilini bu qadar yaxshi bilishi, özbekchada erkin muloqot qila olishi meni lol qoldirgandi. Bugungi suhbatdan angladimki, ustozning özbek tili xususidagi bilimlari öylaganimdan ancha keng va chuqurroq ekan. Domlaning barcha fikrlariga qo'shilaman. Menimcha, o'rta turk tilini joriy etish uchun, tilimizni leksika va grammatikamizdagi forsizm va arabizmlardan tozalashdan tashqari, avvalo özbek tilida ilgari mavjud bo'lgan va aksariyat turkiy rillarda hozirgacha saqlanib qolgan qalin va inja unlilarni tiklash kerak. Holbuki, ushbu unlilar Farg'ona vodiysi shevalarida hozir ham bor bo'lib, ma'no farqlashga xizmat qiladi. Masalan: ün - ovoz, un - bug'doy kukuni; örmoq - yiğmoq (sochni), órmoq - kesmoq (pichanni) va hokazo.

Mukhabbat Kurbanova

01:10 / 24.10.2023

Husayn Boydemirni juda hurmat qilaman. O’zbek xalqining eng samimiy do’sti, o’zbek tilining kuchli bilimdoni. Barcha fikrlari asosli. Turkida 2 yil dars berganimda u aytgan muammolarga man ham duch kelganman. Jon deb ilmiy hamkorlik qilardim. Ishlariga rivoj!

Hüseyin KABA

15:10 / 21.10.2023

Shu maqolani oʻqish imkoniyati berganlarga tashakkur aytaman. Husayn Boydemir hammani yaxshi tushindirgan, hamma fikrlariga qoʻshilaman. Shu bilan birga Oʻzbekiston respublikasining Ozbekshinoslarning asarlarini chop etishga koʻmaklashishi kerak deb oʻylayman. Hammasi uchun rahmat oyina.uz

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

12:12 / 03.12.2024 0 283
Buyuklarning “maydalik”lari





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22617
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//