
“Arxetip” soʻzi yunon tilidan olingan boʻlib, arxe – ibtido va types – obraz maʼnolarini anglatadi. Bu tushuncha dastlab Aflotun, soʻng Avgustin tomonidan ilohiyotga doir atama sifatida qoʻllanilgan. “Arxetip” – bu yangi atama emas, – deydi Karl Gustav Yung oʻzining “Ruh va afsona” kitobida, – chunki u hatto Avgustindan oldin ishlatilgan va klassik “gʻoyalar” tushunchasi bilan sinonimga ega edi. Demak, aytishimiz mumkinki, arxetip insoniyatning dunyo haqidagi, tiriklik haqidagi dastlabki tasavvurlari, dastlabki ibtidoiy obrazlaridir. Bu tasavvurlar insoniyatning ongosti sezimlari natijasidir. Shundan kelib chiqib, arxetipni inson ruhiyatida yashab kelayotgan eng qadimgi davrlardan beri dunyoni qabul qilish bilan bogʻliq umumiy tasavvurlarning yagona modelidir, deb taʼriflash mumkin. Yaʼni arxetiplar avlodlardan avlodga oʻtib kelayotgan ongimizdagi dunyoni qabul qilish shakllaridir. Arxetiplar asosan insonlarning tushlari, ilk tasavvur mahsuli boʻlmish miflar, folklor namunalari va badiiy asarlarda uchraydi. Oʻzbek folklorida va adabiyotida esa arxetiplar turli obraz, motiv, syujet koʻrinishida keladi.
Oʻzbek folkloridagi arxetiplarni quyidagicha tasnif etish mumkin:
Arxetip obrazlar: arxetip obrazlarning eng keng tarqalgan tipi – epik qahramon tipi. U quyidagi koʻrinishlarni oʻz ichiga oladi.
Epik qahramon tipi
1. Asosiy qahramon |
Alp |
Antiqahramon |
2. Koʻmakchi qahramon |
Epik ot, |
Yor |
3. Vositachi qahramonlar |
Homiy eranlar |
- |
Arxetip motivlar.
Arxetip syujet.
Arxetip tasviriy vositalari. Mazkur tasnif oʻziga epik formulalarni qamrab oladi. Epik formulalarning oʻzini esa quyidagicha guruhlarga ajratish mumkin:
Doimiy epitet, ramz, timsol, koʻchimlar
Anʼanaviy turgʻun sheʼriy qoliplar
Anʼanaviy epik tasvirlar
Mana shu taʼrifni asoslash va u vositasida tahlil qilish uchun “Goʻroʻgʻli” dostonlari turkumiga kiruvchi “Goʻroʻgʻlining tugʻilishi” va “Goʻroʻgʻlining bolaligi” dostonlarini tahlilga tortdik. “Goʻroʻgʻli” dostonidagi arxetip obrazlar tahliliga oʻtishdan oldin folklordagi obraz tushunchasini izohlab oʻtamiz: “Obraz – Qiyofa. Badiiy asarlarda voqealarni harakatga keltiruvchi til va xarakterlar obrazlar orqali namoyon boʻladi”. Obrazlar adabiyotshunoslik ilmida asarda tutgan oʻrni va vazifasiga qarab personaj, bosh obraz, ikkinchi darajali obraz, xarakter, tip kabi terminlar bilan ifodalanadi.
Folklordagi arxetip obrazlarni esa asosiy qahramon, koʻmakchi qahramon va vositachi qahramonga boʻlarkanmiz, folklorshunos olim Shomirza Turdimovning “Goʻroʻgʻli” dostonlarining genezisi va tadrijiy bosqichlari” kitobidagi tasnifga suyanamiz. Folklordagi yetakchi arxetip obrazlarning shakllanishi bevosita mifologik asosga borib taqaladi. Ayni shu jarayon “Goʻroʻgʻli” turkumiga kiruvchi dostonlar bosh obrazi – Goʻroʻgʻli uchun ham xos. Goʻroʻgʻlining mifologik asosi kalendar miflari qatoriga kiruvchi quyosh turkumi miflariga borib taqalishi oʻrganilgan. Folklorda mif va arxetip ayni bir tushuncha deb taʼriflagan qator olimlar mavjud. Psixoanaliz maktabi arxetipni insonning hayotiy sikliga mos oʻrganadi. Asosiy arxetiplarning bola, ota-ona, soya, qahramon va oʻzlik deb atalishi ham ayni shu jarayonni ifoda etadi. Yaʼni bir insonning tugʻilib ongsizlik holatidan ongli, anglagan holga kelishini – xaosdan kosmosizatsiyaga oʻtishini ayni shu arxetiplar mazmunan oʻzida qamraydi, degan faraz ilgari suriladi. Aynan bu holat mifga ham xos, ammo u bir insonning shaxsiy ongsizlik va onglilik darajasini emas, tabiat, voqelik ijtimoiy hayotdagi xaos ustidan kosmos gʻalabasini aks ettiradi va uning asosi folklordagi eng asosiy mif boʻlmish – yaralish mifiga borib taqaladi.
Olamning yaralishi xalqlar miflarida qahramonning oʻz-oʻzidan tugʻilishi, Yer va Osmonning ajralishi, toʻfon kabi bir necha arxetip motivlarida ifodalanadi. Yaralish mifi oʻz-oʻzidan qahramonning tugʻilishini taqozo etadi. Chunki yaralish mifi dinamikasining asosini tashkil qiluvchi motiv ham bu qahramonning yoʻli – xaos ustidan gʻalabasidir. Psixoanaliz maktabidan farqli folklorda arxetiplarni fasllar sikliga mos tasnif etish taklif qilingan. Maqolada Goʻroʻgʻli arxetip obrazi shakllanishini fasllar sikliga muvofiq mifologik motivlar yordamida koʻrib chiqamiz. Goʻroʻgʻli obrazining oʻzbek folklorshunosligida quyosh turkumi miflariga borib taqalishi oʻrganilgani, quyosh turkumi miflarida esa qahramon yoʻli fasllar sikliga mos shakllanib borishi aynan shu yoʻldan borishimizga asosdir.
Nortman Frayga koʻra, fasllar siklida bahor hayot siklidagi tugʻilish analogiyasiga toʻgʻri keladi, oʻz navbatida, mifologiyada bu qahramonning tugʻilishi haqidagi motivni yuzaga keltirgan – Goʻroʻgʻli qabrda tugʻiladi. Arxetip simvol sifatida qabr – zindon, togʻ, daryo, koʻl kabi simvollar ikki dunyo tutashgan joyni ifoda etadi. Demak, yaralish va tugʻilishni ikki olamning oʻzaro tutashuvi tarzida talqin qilish mumkin. Quyosh turkumiga kiruvchi mif sifatida Goʻroʻgʻlining yerostida tugʻilishi qish – zulmatdan chiqib bahorning boshlanishi ramzidir. Oʻlib tiriluvchi tabiat ramzi barcha quyosh turkumiga kiruvchi miflarning asosi sanaladi.
Oʻlib tiriluvchi tabiat motivining yana bir analogiyasi esa xaos ustidan kosmos yoki aksincha boʻladigan holatdir. Oʻlib tiriluvchi tabiat miflarida qish ustidan bahor gʻalabasi yoki bahor (yoz) ustidan qish gʻalabasi asosiy oʻzak motivdir. Bu oʻzak motiv mifda qahramonning antiqahramon bilan kurashi sifatida bayon qilinadi. Shuning uchun deyarli barcha arxetip qahramonlarning oʻziga kuch jihatidan teng keladigan raqibi – antiqahramon mavjud. Ularning kurashi oʻlib tiriluvchi tabiat bilan bogʻliq miflarda ham asosiy dinamikani shakllantirib beradi. Tabiat fasllari, hayotiy sikllar doimiy almashinib borgani singari mazkur turga kiruvchi miflarda ham goh qahramonning, goh antiqahramonning qoʻli baland kelishi azaliy qonun, ilmiy tilda aytganda esa arxetipik jarayondir. Goʻroʻgʻli arxetip obrazining antiqahramoni esa dostonda Rayhon Arab siymosida gavdalantirilgan. U dostonda qish timsolini oʻzida mujassamlashtirgan. Tugʻilish bahorni anglatishi, sharq xalqlarida esa bahoriy tengkunlik Navroʻz bayramiga toʻgʻri kelishi, shundan kelib chiqib Goʻroʻgʻli obrazining mavsum-marosim folkloriga borib taqalishi Shomirza Turdimovning yuqorida koʻrsatilgan kitobida oʻrganilgan.
Aytish mumkinki, “Goʻroʻgʻlining bolaligi” dostonida ham qahramon va antiqahramon kurashi asar asosini tashkil qilib turuvchi asosiy arxetip motivdir. Dostonda Goʻroʻgʻli hayotining asosiy sikli yoz fasli bilan uygʻun tarzda toʻliq ochib berilgan. Yoz hayotiy sikldan yoshlik, oʻsish analogiyasiga, mifologik mazmunda esa qahramonning triumfi, gʻalabasi haqidagi motivga uygʻundir. Goʻroʻgʻlining oʻzga yurtda tugʻilib taka-yovmit eliga qaytishi, Ahmad Sardorga oʻgʻil tutinishi, Ahmad Sardorning xotinini olib qochgan Rayhon Arabdan oʻch olish maqsadida uning qizi Zaydinoyni oʻgʻirlab, Ahmad Sardorga xotinlikka berishi – Goʻroʻgʻlining ilk triumfi, ilk gʻalabasi – oʻlib tiriluvchi tabiat hodisasiga muvofiq Quyoshning eng quvvatli davriga kirgani timsoli edi. Demak, or olish motivini qish ustidan yetilgan quyoshning ilk va ishonchli gʻalabasi deb talqin etish mumkin. Shuningdek, Goʻroʻgʻlining Zaydinoyni olib qochishiga qahramonlik miflaridagi initsiatsial jarayon tarzida qarash mumkin. Goʻroʻgʻli Zaydinoyni olib qochishi barobarida oʻzining ilk sinovidan oʻtdi va endi uning hayoti, faoliyati ijtimoiylik kasb etishni ham boshlaydi. Bu mazmun uning oʻlgan hukmdor Urayxon oʻrniga taka-yovmit hukmdori qilib koʻtarilishi, shuningdek, Xizr boshliq ilohiy koʻmakchilar bir shahar paydo boʻlishi va Goʻroʻgʻli unda bosh boʻlishini bashorat qilganida ham koʻrinadi.
Koʻplab xalqlarning mifologiyasida initsiatsiyadan oʻtgan qahramon yorga ega boʻlishi, yor uchun kurash ham initsiatsil jarayonni ifoda etishi oʻrganilgan. Goʻroʻgʻlining Zaydinoyni Ahmad Sardorga berishi, u uchun kurashni ham ayni shu sathga qoʻyish mumkin. Qolaversa, Goʻroʻgʻli epik homiylari makonidan parilar bilan qaytishi uning taqdirlanganidan dalolat edi. Dostondagi Zaydinoyni olib qochib, Ahmad Sardorga xotinlikka berilishini dunyo folklorida keng tarqalgan yor uchun kurash motivi sirasiga kiritish oʻrinli deb oʻylaymiz. Mazkur kurash motivida eʼtibor qaratish lozim boʻlgan muhim jihat shuki, yosh Goʻroʻgʻlining quvvatga kirishi uning antigonisti boʻlgan Rayhon Arabning zaiflashuvini anglatadi. Arxetipik analogiyaga koʻra, yoz (bahor) quvvatga toʻlib, qish (kuz)ning zaiflashgani xaos ustidan kosmos, tun ustidan kun, oʻlim ustidan hayot gʻalabasini ifodalaydi. Koʻrinadiki, mangu qarama-qarshilik, hayotning doimiy dialektikasi arxetipik dunyoqarash uchun asosiy tayanch vazifasini oʻtaydi. Arxetipik qarashdagi mazkur dialektika hayot va fasllar sikli uchun, insonning ongsiz holatdan anglab borish bosqichi uchun hamda mifologik va badiiy asarlardagi voqelik dinamikasi uchun ham bir xil xos. Mifologiyada, qahramon yoʻli yoritiladigan ertaklar, epos va koʻpchilik badiiy asarlarda mana shu dialektikani koʻrsatish uchun doim qahramonga qarama-qarshi kuch – antigonistning borligi muhim oʻrin tutadi. Shu sabab arxetip obrazlarni tiplarga ajratishda biz alp tipiga parallel ravishda antiqahramon, gʻayriqutbni ham ayni bir ustunga qoʻydik.
***
Mifologik tasavvurga koʻra, miflardagi qahramonlar eng boshida xudolar va ruhlar boʻlgan. Yaralish miflarining barchasi, shuningdek, oʻlib tiriluvchi tabiat bilan bogʻliq kalendar miflarida xudolar va homiy ruhlar eng bosh obraz boʻlgan. Aynan xudo va homiy ruhlar obrazi keyinchalik ijtimoiy hayotdagi qahramon arxetipiga evrilgan. Bundan kelib chiqib Goʻroʻgʻlini ilk asosda Quyosh Xudosi, uning antigonisti boʻlgan Rayhon Arabni esa Qish (Zulmat) Xudosi boʻlgan deb taxmin qilishga asos bor. “Goʻroʻgʻli” ismining quyoshga, olovga borib bogʻlanishini ham folklorshunoslikda asoslangan.
Mif – bu marosimning verbal kommunikatsiyadagi formasi ekanidan kelib chiqsak, “Goʻroʻgʻli” eposidagi voqealar Quyosh Xudosi uchun qilinadigan mavsumiy marosimlarning badiiy anglami degan xulosaga kelish mumkin. “Goʻroʻgʻli” eposining mavsum-marosimni ifodalagan mifdan eposga evrilishida aynan antiqahramon bilan kurashi oʻzak asosi sanaladi. Bu shunchaki emas, katta ijtimoiy voqelikni aks ettirgan, oʻz navbatida katta ijtimoiy-siyosiy kurashdir. Eposda alp qahramonlar avlodni, qabilani, oilani himoya qilish uchun kurashga kirishadi. “Goʻroʻgʻlining bolaligi” dostonida Goʻroʻgʻli oʻzi va oilasi shaʼni uchun jangga kirishsa, eposning boshqa dostonlarida Rayhon Arab endi butun bir yurtiga xavf solgani uchun kurashga otlanadi. Alpning asosiy missiyasi boʻlmish ijtimoiy-siyosiy jihatdan xaosdagi elini kosmisizatsiya jarayoniga olib kelish uchun kurash “Alpomish” eposida “Goʻroʻgʻli”ga qaraganda yaqqol koʻzga tashlanadi. Shunga muvofiq, “Alpomish” dostonida antiqahramon, raqib kabi qarshi turuvchi kuchlar liniyasi boʻrtib koʻrinib turibdi: Alpomishday Alpga teng kuchli antogonist – Surxayl kampir obrazida jamlangan.
***
Eposda asosiy arxetip obrazlar bilan birgalikda koʻmakchi arxetip obrazlar ham syujet motivlarni shakllantirishda faol ishtirok etadi. Ular qahramonni kurashga undaydi yoxud kurashning asosiy sababchisi boʻladi yoki kurash taqdirini hal qiluvchi koʻmakni koʻrsatishadi. Eposdagi koʻmakchi arxetip obrazlar – yor, ot, homiy eranlar qiyofasida koʻrinadi. Eposdagi asosiy motivlardan birini – kurash arxetip motivi deb oladigan boʻlsak, qahramonning kurash yoʻlini ayni obrazlarsiz tasavvur qilish qiyin. Y.M. Meletinskiy oʻzining arxetiplarga oid ishida ertak va eposlardagi yor va koʻmakchi qahramonlarni ilk mifologik asosda totem bilan bogʻliq tasavvurga borib ulanadi degan fikrni olgʻa suradi. Folklorshunos olim Shomirza Turdimov Goʻroʻgʻli eposidagi yor obrazi (Misqol, Yunus parilar) koʻk qizi, ona motivi esa bevosita oy timsoli bilan bogʻliqligini aytadi. Har ikki olim fikrida koʻrinadiki, eposdagi ayol obrazlar – ona, yor mifologik asosda shunchaki qiz yoki ayolni ifoda etmay, ilohiy sifatga ega deb qaralgan – ular ilohiy kuchlarning timsoli vazifasini oʻtagan. Ayni shu oʻrinda bu eposdagi yor va ona obrazlarini kampir arxetip obrazi ostida birlashtirishni lozim topdik. Mazkur fikrga kelishimizda “kampir” soʻzining shomonlik dinidagi “qam” soʻzidan hosil boʻlgani, “pir” esa “homiy” maʼnosiga ega ekani haqidagi faraz turtki boʻldi. Qozoq folklorshunos olimasi Zira Nauruzbayeva taʼbiricha, kampir soʻzi – aslan qam-shomon yetakchi ayol kohinni ifodalaydi – bir soʻz bilan aytganda, matriarxat davridagi qam-shomonlik dinining bosh shomonidir. Ayni shu asosga tayanib, “Goʻroʻgʻli” eposidagi Hiloloy (oy timsoli), parilar (Yer va koʻk qizlari) kabi obrazlarning ilohiy sifatlarga ega deb anglangani, shuningdek, “kampir” – bosh kohin ham dunyolar oʻrtasida aloqachi vazifasini oʻtagani, funksiyasi jihatdan bu obrazlar bir umumiy asosga ega degan qaror bor bizda. Qolaversa, har bir obraz arxetip darajasiga koʻtarila olmaydi. Ammo oʻzbek folklorida kampir obrazi arxetip darajasiga koʻtarilganini koʻrish mumkin. Keltirilgan barcha manbalarda kampirlar gʻayritabiiy sehrli kuchga ega obraz sifatida tasvirlangan. “Kampir” istilohli obrazni arxetip obraz deb atar ekanmiz, bunda soʻzni biz hozir tushunadiganimiz kabi yoshi oʻtgan keksa ayol deb emas, balki ilohiy gʻayritabiiy kuchlarning timsoli boʻlgan ayol obrazi deb qarash maqsadga muvofiq.
Koʻmakchi obrazlar arxetipiga kiruvchi ot, homiy eranlar ham eposda muhim oʻringa ega, chunki ular qahramonning maqsadga erishish yoʻlida faol taʼsir koʻrsatadi. Homiy eranlar koʻpincha chol qiyofasida ifodalanadi eposda. Misol tariqasida, “Alpomish” dostonida uchrovchi Shoximardon pir, Qultoy kabi obrazlarni olish mumkin. “Goʻroʻgʻli” dostonida esa bosh homiy Xizr, shuningdek, Soqibulbul sayis ham homiy eran obrazida keladi. Ular qahramonga yordam va madad beruvchi, adashganda toʻgʻri yoʻl koʻrsatuvchi obrazlardir. Arxetiplar orasida Oʻzlik arxetipi eng muhim ahamiyatga ega va ular donishmand timsolida keladi. Shundan kelib chiqib oʻzbek folklor asarlarida uchrovchi yana bir asosiy arxetip obraz – Donishmand chol arxetipi deyish mumkin. Oʻzbek folkloridagi Donishmand chol arxetipiga xos boʻlgan eng yorqin jihat – bunday obrazlarning bevosita ilohiy qudrat va quvvatga egaligidir, shu sababdan ular eposda homiy eran darajasiga koʻtariladi.
Tillaniso ESHBOYEVA,
Filologiya fanlari boʻyicha PhD
Foydalanilgan adabiyotlar :
Folklor atamalari qisqacha lugʻati. Urganch: .., –2007.
Goʻroʻgʻlining tugʻilishi. Doston / Aytuvchi: Muhammadqul Jomrot oʻgʻli Poʻlkan. Nashrga tayyorlovchi: M.Murodov. – Toshkent: Badiiy adabiyot, 1967.
Meletinskiy Y.M. O literaturnыx arxetipax. – M.: Rossiyskiy gumanitarnыy universitet, 1994.
Turdimov Sh. “Goʻroʻgʻli” dostonlarining genezis va tadrijiy bosqichlari. – Toshkent: Fan, 2011.
Yung K. G. Arxetip i simvol. – Moskva: Renessans. 1991.
Falsafa
Jarayon
San’at
Vatandosh
Adabiyot
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q