Qo‘shxotinli, sehrchi va bepusht o‘zbeklar – seriallarimizdagi trend mavzular tahlili


Saqlash
20:58 / 13.10.2023 1869 1

Bugun o‘zbek seriallari haqida mavzu ochilsa, yoppasiga tanqidiy fikrlar o‘rtaga tashlanadi. Kimdir tanlangan mavzularga, kimdir badiiy saviyaga, yana kimdir aktyorlar ijrosiga e’tiroz bildiradi. Lekin bu tanqidiy fikrlar sabab seriallar to‘xtab qolayotgani yo‘q, aksincha, yildan yilga ko‘payib borayapti. Demak, bizning g‘ashimizni keltiradigan “mahsulot”larga talab bor. Serial boyicha mulohazalar esa tarvaqaylab ketgan. Tahlil qilamiz desak, maqolaning o‘zi seriallardek mavsumlarga bo‘linib ketadi. Oyina.uz dastavval seriallarga asos bo‘layotgan mavzularga e’tibor qaratishni lozim topdi. 

 

Boy va qashshoq to‘qnashuvi

 

O‘zbek film va seriallarida aynan boy-kambag‘al o‘rtasidagi munosabatlar mavzusi birinchilardan bo‘lib tomoshabinlar me’dasiga tekkan. Qachonlardir bu mavzu trendda bo‘lgan, bugun ham onda-sonda ko‘zimiz tushadi. Shu sababdan, chetlab o‘tolmadik. Aslida bu munosabat bizga hind filmlaridan yuqqan deyish mumkin. Sababi, uzoq yillar davomida Hindiston mediasida kambag‘al va boylarning to‘qnashuvi – favqulodda kambag‘al odamlarning g‘alabasi effektiv sujet hisoblangan. “Ta’sirchan” o‘zbek ijodkorlari bu sujetni bizning film va seriallarga ham ko‘chirib o‘tishdi. Va o‘z vaqtida ular xalqimiz tomonidan ham iliq qarshi olingandi.

 

Yo befarzand, yo faqat qiz tug‘iladi

 

Oila qadriyat sanalgan millatimiz uchun farzand eng qimmatli ne’matdir. Shu bois farzandsizlik yoki oilada o‘g‘il farzandning bo‘lmasligi oila tinchini buzilishiga sabab bo‘lgan. Bu holat serial va filmlarda aks etishini tabiiy qabul qilish mumkin. Lekin bu mavzuda ham ba’zan chegaradan oshganmiz. Natijada kanallarda efirga uzatiluvchi ushbu egizak va tinimsiz takrorlanuvchi sujet tomoshabinni bezdirib qo‘ydi. Qarabsizki, mavzu trend peshtaxtasidan tushgan.

 

Azaliy kurashchilar – qaynona va kelin

 

Drama nazariyasida bir kuchli voqea ikkinchi kuchli voqeani siqib chiqaradi, degan gap bor. Bu qoida mavzu tushunchasiga ham xos ekan. Chunki, o‘zbek seriallaridagi qaynona-kelin mavzusi boy va qashshoq mavzusini siqib chiqardi.  So‘nggi yillarda aynan bu ikki figura o‘rtasidagi ziddiyatlar mavzusi o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. To‘g‘ri, avval ham qaynona-kelin munosabatlariga asoslangan filmlar bo‘lgan. Lekin yillar o‘tib me’yor unutildi va tomoshabin talablariga mos ravishda “qaynona-kelin” mediamahsulotlarini ishlab chiqaruvchi “zavod” paydo bo‘ldi. Har qancha tanqid qilinmasin, bu mavzu eng “xaridorgir” bo‘lib qolaverdi. Masalan, YouTube platformasiga “Qadrsiz o‘qituvchi” va “Qadrsiz qaynona” degan ikki xil material joylansa, tomoshabinlarning katta oqimi qaysi tamonda bo‘lishini taxmin qilish qiyin emas. Ayni damda odamlarimizning maishiy turmush tarzi, xususan, qaynonasi yoki kelini bilan munosabatlari real hayotda ham muhim hisoblanadi, shu sababdan, bu mavzu serial va filmlarimizga mustahkam o‘rnashib olgan.

 

Xiyonat qilmaydigan kimdir qoldimi?

 

Yuqorida hind filmlari ta’sirida boy-qashshoq tabaqalarining to‘qnashuvi avjiga chiqqanini aytgandik. Bu yagona ta’sir emas. Turk seriallari o‘zbek mediabozorini yana bir mavzu bilan boyitib berdi: xiyonat va oiladagi nosog‘lom munosabatlar. To‘g‘ri, bu tushunchalar o‘zbek oilalariga yangilik emas. Lekin avvallari bunday mavzularni uzluksiz efirga olib chiqish katastrofa hisoblangan. Oxirgi yillarda esa hijolatni yumaloq yostiq qilib yubordik: agar navbatdagi serialda xiyonat voqealari yo‘q bo‘lsa demak, reyting yo‘q. Ha, mana gap orasida asosiy aybdor ham chiqa qoldi. Reyting! Allaqachon tadbirkorlikka aylanib ulgurgan xususiy telekanallarda reyting xuddi kompasga o‘xshaydi: u boshlagan yo‘nalish tomon odimlanadi. Yoppasiga tomoshabinlar ko‘rmaymiz deb boykot e’lon qila olmaydi, kerak bo’lsa yashirib ko‘radi, kerak bo‘lsa, qarg‘ab ko‘radi.

 

Xullas, er-xotin o‘rtasidagi ziddiyatli munosabatlar, xiyonat, ikkinchi turmush kabi mavzular bugunning navbatdagi trendiga aylanishga ulgurdi. “Topilma”lardan odamning aqli shoshadi:  oilali xodim rahbari bilan ishqiy munosabatga kirishadi, opa-singil er talashadi, qaynota keliniga ko‘z olaytiradi, kelin qaynisiga ko‘z suzadi va hokazo… Vaziyat shu darajaga yetdiki, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini ishlab chiqdi. Unga ko‘ra, ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin bo‘lib yashashni targ‘ib qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi. So‘nggi yillarda qo‘shxotinlikning yashirin targ‘ibotiga o‘z hissasini qo‘shayotgan seriallar, jumladan, ko‘ngilochar mediamateriallar shundan so‘ng kamayar deganlar chuchvarani xom sanashdi. Ko‘ryapmizki, bu qaror seriallardagi xiyonat, qo‘shxotinlik mavzusining “obro‘”siga zig‘irchalik ta’sir o‘tkazgani yo‘q.

 

“Issiq-sovuq” – o‘zbekcha konflikt

 

Dramatizmning mazasi “konflikt” bilan. Personajlar manfaat to‘qnashuvlarida har qanday tubanlikka yuz tutishi mumkin. Bu tabiiy… A, bizning o‘zbekcha konfliktimizda esa “issiq-sovuq” bilan kurashish anchayin samarali sujetga aylangan. Folbin esa “superqahramon”. Klassik dramaturgiyada hatto eng salbiy obrazning ham o‘z haqiqati bo‘ladi, har qanday tragik asarda ham tafakkuri yuksak personajlar bilan yuzlashish mumkin. Bugungi “tragik” seriallarimiz esa fitnachilar va “issiq-sovuqchilar” bilan to‘lib-toshganki, ijobiy personajlar ular oldida ojiz va mag‘lub. Bu real hayotga hamisha ham mos kelmasa-da, yaxshilik va yaxshi insonlarning tafakkuri asosiy o‘ringa olib chiqilgani ma’qul, bizningcha.

 

“Issiq-sovuq” yoki sehr orqali inson taqdiriga daxl qilish esa xuddi yuqoridagi qo‘shxotinlik kabi mavzu targ‘ibotiga xizmat qiladi. Xavfli trenddan qancha tez qutulsak, shuncha yaxshi.

 



Seriallarimizda uchraydigan yuqoridagi kabi virusli mavzularni uzoq davom ettirish mumkin. Ammo, yaxshisi, to‘xtab, fikr qilishga urinamiz. Bu “trend”lardan butunlay voz kechib bo‘lmaydi, lekin birlamchi planga qoyish ham xato. Chunki ularning ta’sirida tiklanishi qiyin bo‘lgan uch yo‘qotish yuzaga keladi.

 

Birinchidan, ko‘p sonli tomoshabinlar saviyasini tushiryapmiz;

Ikkinchidan, ziyoli tomoshabinlar ishonchini yo‘qotyapmiz;

Uchinchidan, millatimizning obro‘sini yerga uryapmiz.

 
Xo‘p, aynan trendga chiqib olgan (yoki chiqarib qo‘yilgan) mavzularni savaladik.  Ana endi masalaning muhim jihatlariga e’tibor qarataylik.

 

Hamma davrda ham badiiy ijod ma’lum maqsad uchun xizmat qilgan. Tasviriy san’at, adabiyot, kino, teatr… O‘ylab ko‘raylik, bugungi kundagi film va seriallar qanday maqsad uchun xizmat qilmoqda? Kimningdir cho‘ntagini qappaytirish yoki bir necha million sodda xalqni chalg‘itish uchunmi!? Aslida ozbek kinomaydonida qanday mavzularga zarurat bor?

 

Maqsad aniqlanganda mavzular ro‘yxati yuzaga keladi. Deylik, bugungi kino va seriallar orqali millat obro‘sini oshirish, xalq tafakkurini yuksaltirish va o‘ziga xos san’at maktablariga asos solish bizning maqsadimiz bo‘lsa, mavzular borasida jiddiy bosh qotirish kerak.

 

Millatimiz bilan maqtansa bo‘ladimi?

 

Millat obro‘sini oshirishdan oldin fazilatlarimizni aniqlab olish kerak. Masalan, yaponlar filmlarida madaniyati bilan, hindlar esa qadriyatlari bilan maqtanadi. Biz-chi? Ajdodlarimiz, milliy an’analarimiz (davom ettiring)… Seriallarda hindlardan yoki turklardan ko‘chirilgan epizodlar bilan maqtana olmaymiz yoki jamiyatimizdagi eng maishiy munosabatlarni bo‘rttirish bilan millat obro‘sini ko‘tara olmaymiz.

 

Aslida serialchilikda mutlaqo qashshoq emasmiz: “Shaytanat”, “Charxpalak”, “Qirq tog‘oraning qirq nog‘orasi” kabi nomlar bizni uyaltirib qoymaydi. Masalan, “Mehmonjonlardan aylanay” seriali ham millat xarakteri haqidagi ajoyib mediamahsulot. Unda bir oilaning mehmondo‘stligi, qo‘li ochiqligi va oliyjanobligi hikoya qilingan. Lekin oxirgi vaqtlarda millatimiz qadr-qimmatini yuqoriga olib chiquvchi seriallarni ko‘rayotganimiz yo‘q. Qanday xulosa qilishga ham hayronmiz: yo millatimiz bilan maqtanib bo‘lmaydi yo milliy seriallarimiz bilan.

 

Baxtsizlikdan baxt sari

 

Tomoshabin ruhiyati va tafakkuridagi bo‘shliqlarni to‘ldirish uchun ham seriallardan foydalanish mumkin. Odamlar hayoti davomida yo hamdardga, yo ustozga, yo turtkiga, yo tanqidchiga ehtiyoj sezadi. Bugun psixologik yoki shaxsiy rivojlanishga yo‘naltirilgan kurslarga ommaning oqib borayotgani ana shu bo‘shliqlar bilan bog‘liq. Tasavvur qiling, agar kuchli motivatsion yoki psixologik serial ishlab chiqarilsa, qanchadan-qancha yo‘lini yo‘qotgan tomoshabinlarga naf keltirish mumkin. Arastu ham o‘z “Poetika”sida aytgan: shaxslar “yo baxtsizlikdan baxt sari” yoki “baxtdan baxtsizlik sari” harakatlanadilar. Baxtga erishish yo‘li agar seriallarda aks etsa, bu janrning ijtimoiy obro‘si ancha ko‘tarilardi. Birgina “Saroy javohiri” serialini eslang. Undagi bosh qahramon Tangem qanchadan qancha sinovlarni yengib o‘z maqsadiga – baxtiga erishadi. Serialda aytilganidek, u ajriqqa o‘xshaydi. Qancha yulib tashlanmasin, irodasi, qat’iyati, aqli va insoniyligi bilan qayta o‘sib chiqaveradi.

 

Nazarimizda, bugungi oʻzbek serialchilari bunday maqsadga yaqinlashayotgani yoʻq.

 

Yaxshi asar yaratish siri

 

Mahoratli dramaturg Sharof Boshbekovga yaxshi asar yaratish siri haqida savol beriladi. U o‘ylanmasdan aytadiki, agar jamiyatda ijtimoiy muammo mavjud bo‘lsa, demak, yaxshi asar yaratish mumkin. Biz jamiyatimizda muammolar yo‘q deb ayta olmaymiz, lekin afsuski, yaxshi asarlar yo‘q deyolamiz. Seriallar uchun navbatdagi motiv ijtimoiy muammolardir. To‘g‘ri, ko‘plab zamonaviy seriallarimiz ijtimoiylikdan uzoq emas. Lekin ularda asosiy toshni baribir maishiylik bosib ketadi. Vaholangki, serial orqali butun jamiyatni oyoqqa turg‘azish yoki ko‘zini ochib qo‘yish mumkin. Masalan, yaqinda Sarvar Karimovning “Hokim buva” nomli mini-seriali e’lon qilindi. Ko‘plab ijtimoiy masalalarga ko‘zgu tutilgan va effekti ham shunga yarasha. Ammo serial tor doirada, ya’ni pulli platformada namoyish etilgani uchun kopchilik tomoshabinlar ko‘rishga ulgurmagan bo‘lishi mumkin.

 

Sohaviy mavzudagi seriallar

 

O‘zbek seriallarida sohaviy mavzularni kuchaytirish ham dolzarb masala. Tan olish kerak, shifokorlar, harbiylar, IIB sohasi, mehmonxona haqida seriallar ishlab chiqarilgan. Lekin bu “mahsulotlar” katta ehtimol bilan jahon bozorida arzongarov “tovar”ga aylanadi, xolos. Serial orqali bir sohaga nisbatan hurmatni va bir millat mutaxassislariga nisbatan e’tirofni ifodalash mumkin. Yana o‘sha o‘zimiz bilgan “Muhabbat va ehtiros” (“Mehmonxona ishchisi”) serialini eslaylik. Koreys xalqi serial orqali butun mehmonxona tizimi va millat madaniyatini yuksak darajada targ‘ib eta olgan. Aniq ma’lumotlarga ko‘ra, serial o‘zbek tilida namoyish etilganidan so‘ng, yuzlab ota-onalar farzandlarini mehmonxona mutaxassislarini tayyorlaydigan ta’lim muassasasi sifatida Turizm kollejiga yetaklab olib borishgan. Mana bu natija! Serialda mehmonxona boshqaruvi, mijozlarga xizmat ko‘rsatish, restoran faoliyati, taomnoma tuzish, sohaviy real vaziyatlar sujetni tashkil etgan. O‘rinli tarzda o‘sha muhabbat yoki maishiy munosabatlar ham singdirilgan. Aynan koreyslarning “Garvarddagi sevgi tarixi” (“Sevishganlar”) seriali esa xalqaro ta’lim jarayonlariga jalb etilgan koreys yoshlari hayotini juda ta’sirli tarzda ochib bera olgan. Bizda esa ta’lim bilan bog‘liq seriallar tugul, filmlarning o‘zi barmoq bilan sanoqli.



Xalqimizda “burnidan narini ko‘ra olmaydi” degan gap bor, go‘yoki biz ham serialchilikda to‘rt devor va to‘shak mavzularidan narini ko‘ra olmayapmiz. Jahli chiqqan ba’zi yurtdoshlarimiz tinmay bir savolni o‘rtaga tashlashadi: “Televideniyedagilar qaysi saviya bilan shunday seriallarni efirga beradi?” – Javobi oddiy, ularda saviya yetarli darajada, shunchaki, mijozlar – tomoshabinlarga moslashiladi. Muhimi xaridorlarda talab yuqori – kam pulga sifatsiz mahsulot ishlab chiqariladi. Bu tendensiyani butunlay o‘zgartirib yuboradigan mavsum qachon va kimlarning ta’siri bilan kirib keladi – bu bizga qorong‘u.

 

Hozircha ijodkorlar va tomoshabinlar uchun dolzarb mavzuga “oyina” tutishga harakat qildik. Xulosa qilish har kimning o‘zida. Biz esa maqolaning keyingi qismida e’tiborni seriallardagi janrlarga qaratmoqchimiz.

 

 

 

Sirojiddin RUSTAMOV,

Oyina.uz

 

 

Oyina.uz'ni telegramda kuzating!

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

1 Izoh

Jaloliddin

08:10 / 31.10.2023

B.r.r. Bu odam avlodlari bugunga kelib o'zi va o'zini g ota bobolarini va ularning o'tmishini unutishdi, Ota bobolar deganda Tojik Turk O'zbek Afg'on degan millatchilikga undovchi narsalarni nazarda tutmayapman, Aslimiz va naslimiz 1 ejanligini va Bu dumaloq yershariga haromni targ'ib qilib faqat soqqa qilish uchun kelmaganimizni nazrda tutyapman. Yechim esa 1 ta Uham bo'lsa Dinnimizni chuqur o'rganish. Tamom Moscow 31.10.2023. #Jalolidtun_21🌙

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:11 / 22.11.2024 0 86
Maktab amma

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 274
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22083
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//