Adabiyot
Edvard Munk zamonaviy tasviriy sanʼatning ilk va asosiy ustunlaridan biri deyish mumkin. Ekspressionizmning tarixdagi eng sof va chuqur shakli aynan Munk ijodida vujudga kelgan. Munkning ijodi faqat sanʼatshunos va boy kolleksionerlarnigina emas, juda keng koʻlamdagi oddiy tomoshabinlarda ham qiziqish, moyillik, oʻrni kelganda hamdardlikni ham uygʻota olgan. Qaygʻu-hasratlar uni yoshligidanoq taʼqib qila boshlagan va umrining oxirigacha shunday davom etgan. Munk tasvirlagan drama, tushkunlik, azob haddan tashqari oddiy hayotda aylanib yurgan eng odmi kishilar uchun ham tanish va samimiy boʻlgan. Shoh asari boʻlmish – “Qichqiriq” esa tasviriy sanʼatdagi ahamiyati boʻyicha “Madonna”, “Marvarid sirgʻali qiz”, “Amerikancha gotika”, “Yulduzli tun” kabi suratlar qatorida turadi.
1875-yil, 12 yosh Edvard Munk ukasi Andreani chizgan
17 yoshdan tasviriy sanʼat bilan jiddiy shugʻullana boshlagan Edvard bolaligida tez-tez xastalangani uchun maktabga doimiy qatnay olmasdi. Uning ruhiyati va xarakteridagi bir necha ogʻirliklar tufayli doʻstlari ham boʻlmagan. Rassom doim tushkun, oʻyinqaroqlikdan nari yurar, surat chizar va shu sabab koʻp vaqtini uyda oʻtkazardi. Munk bolalik davrini eslab shunday yozadi: “Tugʻilgan kunimdan beri qoʻrquv, qaygʻu va ajal ruhi mudom men bilan birga edi”.
Maktabni tamomlagandan soʻng Edvard texnika kollejiga oʻqishga kiradi, biroq bir yildan soʻng rassom boʻlish maqsadida u yerni tark etadi. Keyinroq mahalliy Qirollik sanʼat va dizayn maktabiga qabul qilinadi (bu maktabning asoschisi Edvard Munkning qarindoshi Jeykob Munk edi). Munk tasviriy sanʼat haqida tasavvurlar va tushunchalari shakllana boshlagan ilk kezlarda realizm va impressionizmga mehr qoʻygandi, uning birinchi ustozi ham naturalist Kristian Krog edi. Yosh rassomning ushbu yoʻnalishda ijod qilgan davri unchalik yomon kechmagan, bir necha koʻrgazmalarda qatnashib, juda yuksak darajada boʻlmasa-da, olqishlarga loyiq koʻrilgandi. Biroq sanʼatda toʻntarish yasagan barcha ijodkorlar singari Munk ham oʻz botini va ruhiyatining toʻliq ifodasi uchun realizmga, shu qatorda impressionizmning kuchiga ham shubha bilan qaray boshladi. Uning oʻzi yaratayotgan asarlaridan toʻlaligicha koʻngli toʻlmas, sanʼatning shunchaki tabiat va atrof voqeligiga taqlid ekaniga ham koʻnolmasdi. Natijada bora-bora Edvard Munk maʼlum maʼnoda impressionizmga qarshi boʻlib qoldi va oqibat “koʻrganini emas, his qilganini” chizishga qaror qildi.
“Hissiy tasvir” tomon keskin burilish
Munk qalamiga mansub “Xasta bola” ( The sick child) mana shunday – oʻz ruhiy holati ifodalangan dastlabki asari sifatida talqin qilinadi. Suratda xuddi onasi kabi sil kasalligi zoʻrayishidan oʻlim toʻshagida yotgan, oʻzi uchun eng aziz singlisi Sofi va uning boshida munkaygan gavdasi bilan hasrat chekayotgan qora libosli ayol tasvirlangan. Ushbu gʻussaga botgan ayolning katta ehtimol bilan Munkning xolasi, Karen ekani taxmin qilinadi. Karen tushkunlik va chorasizlikdan qizga qaray olmayapti, kasal Sofining yuzida esa osoyishtalik koʻrinadi, u taqdirga tan berganicha, xolasini ovutishga urinayotgandek goʻyo. Ekspressionizmdan qattiq taʼsirlanish ortidan foydalanilgan texnika – qalin va toʻyingan, shu bilan birga keng yurgizilgan ranglar tasvirda xiralikni taʼminlab, asardagi dramatizmni kuchaytirishga xizmat qilgan. Surat uslub, animatsiya va qolgan barcha jihatlarda impressionizmdan boʻlak qilib yaratilgan. Asarda yorqinlik deyarli yoʻq, shu bilan birga anʼanaviy impressionizmda qoʻllanilmaydigan toʻq ranglardan ham bemalol foydalanilgan. Va eng muhimi suratda lahzadagi namoyonlik holatimas, chuqur qaygʻu va azob tasvirlangan. Umuman olganda, Munk taʼkidlashicha, bu surat yangi uslubga kirishdagi bir mashq edi. Rassom ushbu voqea, yaʼni, oʻlim toʻshagida yotgan jonajon singlisi bilan bogʻliq ogʻriqli xotiradan qattiq mutaassirlik ayni tasvirga keyinchalik ham qayta-qayta murojaat qilishiga sabab boʻlgan.
“Xasta bola” surati, 1886-yil.
Biroq, yangi oqimdagi uslub masalasi ha deganda yopila qolmagan, Munk bir necha yillar davomida oʻziga mos hamda koʻnglini toʻq qiladigan mukammal uslubni izlaydi. U turli texnikalar bilan mashq qilib koʻrar, goh u, goh bu rassomning tasviriy xarakteri va moʻyqalam yurgizishiga monand sinov suratlarni chizardi. Shu bilan barobar suratlaridagi “jazavali” kontrastlar va hissiylik kuchayib boradi. Bora-bora u rang tushirishda va grafik tomondan post-impressionizmga yaqinlashdi. Rassom ijodidagi stilistika evrilishining dadil va aniq nuqtasi Parijga sayohatdan boshlangan. Katta shov-shuv va bahslarga sabab boʻlgan “Sohildagi Inger, yoz oqshomi” suratidan soʻng Munk Parijda Leon Bonnadan tasviriy sanʼatni oʻrganish uchun stipendiyaga loyiq koʻriladi. Biroq u Bonnaning darslariga qattiq qiziqish bildirmas, aksincha, Parijdan boshqa narsa izlardi. Pol Gogen, Van Gog va Tuluz-Lotreklar Munkga u aynan izlab yurgan narsani berdi. Ushbu ijodkorlardagi his-tuygʻuni ranglarda ifodalash, palitra va konturlarning taʼsirchanligi, ayniqsa, Gogenning “tasviriy sanʼat tabiatga taqlid emas, insonning mustaqil va alohida ishi boʻlishi lozim” degan qarashi Edvardni keyingi ijodida asosiy oʻrinni egalladi. Va biz “Munkniki” deb bilgan, uning shu qadar obroʻsiga zamin yaratgan uslub ham ayni shu davrdan jiddiylasha boshlagan.
Depressiya, qoʻrquv va qaygʻudan yaralagan asarlar
Munk suratlarining “hissiy” ekanligi aytildi, biroq, bu hissiylik, masalan, u ortiq darajada taʼsirlangan va hayotning muayyan jabhalarida qismatdosh boʻlgan Van Gognikidan farq qiladi. Van Gog suratlarining sirasida zavq-shavqli, koʻtarinkilik seziladiganlarini topish mumkin. Biroq, Munk asarlari faqat qaygʻu, azob, tushkunlik, dahshat, yolgʻizlik kabi qalbni choʻktiruvchi hislarni oʻzida ushlaydi. Bundan tashqari, Munk bu tuygʻularni ifodalashda faqat asosiy obyekt yoki atributlardan emas, balki, ranglardan tortib uni oʻrab turgan muhitdagi barcha narsadan foydalanadi. Masalan, biror suratining nomi, undagi odamning yuzi, gavda tuzilishi, kiyimi tasvirlangan voqelik mazmunini tushuntirsa, atrofdagi qolgan barisi ayni shu hodisa yoki holatning tasvirlangan kishi qalbida hosil qilgan atmosferasiga ishora qiladi. Quyidagi, 1894-yilda chizilgan “Melanxoliya” (yoki “Rashk”) suratida tushkunlik va oʻyga koʻmilib qolgan yigit va undan uzoqda turgan, qayiq orqali ketishga tayyorlanayotgan juftlik tasvirlangan. Mana shuning oʻzi va surat nomi asar mazmunini ochiqlab berish uchun yetarli boʻlgan boʻlardi. Ammo, muallif bu sevgi uchburchagida vujudga kelgan hissiy muhitni har bir detal bilan ifodalashga intilgan, bu albatta, tasvirdan olinadigan taassurotni batafsillashtiradi. Kartinada toʻq va qora ranglardan keng foydalanilgan, bundan tashqari yarqiramaydigan ranglar bilan boʻgʻiq umumiy manzara hosil qilingan. Yolgʻiz yigitning oʻzi ham qora kiyimda, atrofdagi deyarli barcha narsalar sintetizm uslubida tabiiy holatdan boshqacha tasvirlangan. Bu oʻrinda suratda tabiatga tegishli barchasi qaygʻudagi insonning ayni lahzadagi botiniga, ichki kechinmalariga ishora qiladi.
“Melanxoliya” 1894-yil
Edvard simvolist rassom ham hisoblanadi. Lekin bu yoʻnalishda ham Munk boshqa simvolistlardan ajralib turadi-ki, unda koʻpincha ramz sifatida turli buyumlar, ramziylikda umum qabul qilingan va ishlatiladigan narsalardan emas, oʻziga xos boʻlgan sintetik uslubi natijasida oʻzgargan ranglardan foydalanadi. Sanʼatda, oʻz asarlarida his-tuygʻularning namoyishiga birinchi navbatda zoʻr bergan rassom buni ranglar bilan amalga oshirdi. Shuningdek, Munk peyzajlardan keng foydalangan boʻlsa-da, tabiat rassomi hisoblanmaydi. Rassomlik faoliyatining avvalida tutgan yoʻliga ergashgan holda chizgan suratlari goh realistik va goh impressionizmga boʻysundirilgani haqiqat, ammo, keyinchalik – asosiy davrda yaratilgan suratlarda tabiat tabiiy koʻrinishda emas, buning ustiga ularda na koʻtarinkilik, na zavq, na yorugʻlik va na soflikni his qilib boʻladi. Ularda muallif yoki surat qahramoni his qilayotgan, uni azoblayotgan narsalarning qalbdagi oqibatini koʻrish mumkin xolos. -yillardan boshlab Munk asarlaridagi mazmun va palitrada oʻzgarishlar yuz beradi. 1889-yilning soʻngida Kristian Munk, yaʼni Edvardning otasi vafot etadi. Otasi bilan davom etib kelayotgan achchiq-tiziqlarga qaramay, navbatdagi judolik rassomga ham moddiy ham ruhiy tomondan juda ogʻir taʼsir qiladi. Bu voqeadan soʻng rassom shunday yozadi: “Men atrofimda faqat oʻliklar – onam, singlim, bobom, otam… Nima uchun yashashing kerak?!”
***
Munk Parijdaligida paydo boʻlgan qarashlaridan soʻng bir qancha yangiliklarga qoʻl uradi. Endi uning suratlari yetkazishi mumkin boʻlgan mazmunlar orasida erotik xayollari, ijobiy boʻlmagan ishqiy tajribalari, istak va umidlari ham tez-tez koʻzga tashlana boshlaydi. Ayni shu voqealar, yaʼni, otasining oʻlimi va ogʻriqli sevgi xayollari uning suratlaridagi boʻgʻiqlikni, qorongʻilik, ranglardagi keskinlik va ramziylikni kuchaytirdi. Shu bilan birga Edvard qizil rangga ham tez-tez murojaat qila boshlaydi. Ayrim oʻrinlarda bu qizillik qonli azobni anglatsa, boshqalarda kuchli his-tuygʻu, ehtirosni ifodalaydi.
Ayollar, “Van Gog” sindromi
Munk ijodida ayol obraziga koʻp marta murojaat qilgan va tabiiyki shunga yarasha koʻplab ayollar bilan ishlashga toʻgʻri kelgan. Ammo, Munkning hayotida uning shaxsiyati va ijodiga taʼsir oʻtkazgan ikki xonim bor. Ikkala ayol bilan ham qurilgan munosabatlar baxtli yakun topmagan, bu esa sanʼatkorning qaygʻularini yanada kuchaytirgan. Ilk ishqiy munosabat 1885-yilda Milli Taulov bilan qurilgan va 2 yil davom etgan. Ayriliqdan soʻng Edvard kuchli tushkunlik va umidsizlikdan qattiq qiynaladi. Keyinroq munosabatni qayta boshlashga urinib ham koʻradi, biroq Milli endi unga befarq edi. Umuman olganda Munk bunday munosabatlarda usta boʻlmagan va iroda koʻrsatishga ojizlik qilgan, shuning uchun hukmronlik ayol qoʻlida boʻlgan. Tashlab ketilishi ortidan kelgan qaygʻu va motiv bilan u bir necha suratlarni chizgan. Ulardan biri 1894-yilda yaratilgan “Kul” asari boʻlib, unda bir qoʻllab boshini changallagancha yuzini pastga egib ketayotgan qora kiyimli erkak va oq kiyimdagi ust-boshi tartiblanmagan ayol tasvirlangan. Milli ekani shubha qilinmaydigan ayol boshini changallagancha tomoshabinga qarab turarkan, uning nimadandir hafsalasi pir boʻlgan, dilgir kayfiyatda ekani koʻrinadi. Ayol sochlarining bir tutami undan uzoqlashayotgan erkak yelkasiga tutashib turibdi. Rassom bu bilan balki, ajralishdan soʻng ham ayolning unga oʻtkazgan taʼsiri yoki yetkazgan azobini nazarda tutgandir. Holat oʻrmon fonida tasvirlangan, chunki Milli va Munk deyarli har doim oʻrmonda uchrashishardi.
l”, 1894-yil
“Kul”, 1894-yil
Milli va Munkning munosabatini aks ettiruvchi yana bir surat 1895-yilda chizilgan boʻlib, “Sevgi va ogʻriq” deb nomlanadi. Baʼzilar uni “Vampir” deb ham atashadi, biroq rassomning oʻzi suratga nisbatan bu soʻzni ishlatmagan. Suratda qorongʻilikda erkakni quchoqlab olgan ayol tasvirlangan, erkakning boshi egik, u hech narsaga qaramayapti va koʻrmayapti. Ayolning olovrang sochlari esa uni chirmab olgan. Tasvirga qarab taxmin qilish mumkinki, Munk oʻtmishdagi bu ishqiy munosabatiga tashqaridan nazar solib uni shunday koʻrgan, yaʼni, uning oʻzi hayajonda va aqlini yoʻqotgan, unga atrof-voqelikning ahamiyati yoʻq. Munosabatdagi ustunlik va nazorat esa ayolning izmida.
“Sevgi va ogʻriq”, 1895-yil
Ruhiyatshunoslikda “Van Gog sindromi” degan tushuncha bor, garchi bu sindrom ilmiy jihatdan roʻyxatga olinmagan boʻlsa-da, anchagina mashhur. Ushbu ruhiy kasallik taʼrifiga koʻra shaxs oʻziga oʻzi jismoniy ziyon, ogʻriq yetkazishga kuchli ishtiyoq sezadi. Atama Vinsent Van Gog kuchli stress hamda ruhiy qoʻzgʻalish ortidan chap qulogʻining bir qismini kesib olganidan kelib chiqqan. Bunday holatni Munk ham oʻz boshidan oʻtkazadi. 1902-yil yozining oxiri, kuzning boshlarida – Matilda Larsen bilan beqaror va notinch munosabatning soʻnggi uchrashuvida janjal yuz beradi. Aniq nima sabab yuz bergani haligacha nomaʼlum, biladiganimiz oʻrtadagi taranglik va qattiq hayajon oqibatida Munk chap qoʻlida revolver bilan oʻq uzadi, shundan soʻng butun umr bir barmogʻini ishlatolmaydi. Shunga qaramay, Matilda uning ijodiga juda katta taʼsir koʻrsatadi. U Munkning muzasiga, quvonchi, azobi, qoʻrquvlari hamda talvasasining manbaiga aylanadi. Edvard xotiralarida yozishicha, ularning munosabatlari “toʻlaligicha irodasiga qarshi” boshlangan. Matilda uni qattiq sevib qolib, turmush qurishlarini istagan, biroq Munk turli bahonalar bilan ketib qolavergan. Matilda esa uning ortidan izma-iz “taʼqib etgan”. Oʻsha yozda – oʻz qoʻlini yaralagan paytlarda Edvard Berlindagi koʻrgazmadan soʻng dengiz boʻyidagi hovlisiga qaytib, u yerdan tinchlik va halovat izlaganini yozadi. Biroq, tartibsiz kunlar va surunkali ichkilik oqibatida ruhiy muammolar yanada zoʻrayib, ayrim hollarda gallyutsinatsiya ham kuzatilardi. Matilda bilan koʻrishmaganiga bir yildan oshgandi, zero buni rassomning oʻzi ham istamasdi. Ammo ayolning oʻz joniga qasd qilmoqchiligini eshitgan Edvard u bilan uchrashadi. Baʼzi taxminlarga koʻra, uchrashuvda Matilda toʻpponcha bilan oʻzini otmoqchi boʻlganida, Munk qarshilik qiladi va oʻq qoʻliga tegadi. Matilda esa zudlik bilan doktor chaqiradi va bir umrga rassomni tark etadi. Edvardning hayoti esa avvalgidek qoʻrquv, tashvish, tushkunlikda oʻtaveradi. Bir yildan soʻng Matilda boshqa bir rassomga erga tekkani haqida eshitadi va bu haqda keyinroq shunday yozadi: “Men umrimni fohisha uchun sarfladim”. Bu voqea rassomning ayollar haqidagi tasavvurlarini tasdiqlaydi va boz kuchaytiradi. Munk avvaldan ayollarni ijodkorning kushandasi, oʻzining azoblovchisi sifatida koʻrib kelgan, endi esa ularni qotil sifatida qabul qilardi. Ushbu koʻngilsiz voqealarga qaramay, Matilda Larsen Munkning ijodi va hayotidagi eng ahamiyatli shaxs sifatida koʻriladi.
“Qichqiriq” – butun insoniyat hayqirigʻi edi
Rassomning ijodidagi qolgan tashqi taʼsirlar oilasi, ruhiy va jismoniy salomatligi bilan bogʻliq edi. Otasi jahli tez, ashaddiy dindor odam edi. Onasi va singlisi Sofi yoshligida vafot etgan, uning oʻziga ham onasidan sil kasalligi oʻtgandi. Shuningdek, undagi ruhiy nuqsonlar ham irsiy ekani, bu narsa otadan meros qilib olingani taʼkidlanadi. Otasining serjahl va notabiiy qoʻrsligi, xotinining oʻlimidan soʻng chuqur depressiyaga tushib qolishi, shu bilan bir qatorda Munkning singlisi Lauraga bolaligidayoq ruhiy xasta deb tashxis qoʻyilgani buni bir hisobda tasdiqlaydi. Yoshligidanoq koʻp qiyinchiliklarni boshdan kechirgan Munk aytganimizday tushkunlikka, xavotirga, depressiyaga moyil boʻlgan. Biroq, uni eng qattiq azoblagan narsa bu – qoʻrquv edi. Aynan mana shu qoʻrquv uning ijodida koʻp narsaga sababchi boʻldi. Qoʻrquv azobi hissidan u nafaqat oʻzining, balki butun tasviriy sanʼatning choʻqqilaridan biri boʻlmish “Qichqiriq”ni yaratadi. Dastlabki nusxa 1893-yilda chizilgan, keyinchalik uning yana uch nusxasi yaratilgan. Asarda kimdir qichqirayotgani, koʻprik ustida undan ikki kishi uzoqlashgani tasvirlangan. Olovrang va qon rangidagi osmon esa oʻsha paytda qichqirayotgan kimsa his qilayotgan azobning qanchalik kuchliligini koʻrsatadi. Deyarli hamma suratga qarab qichqirayotgan kimsa Munkning oʻzi va urgʻuni ham shunga bergan deb oʻylashadi. Biroq oʻylab koʻrilsa, hatto qiyofa ham insonniki emas. Munk oʻsha paytda xayolan qichqiriq eshitganini yozadi va shunday eslaydi: “Men hadsiz qichqiriqni eshitdim, Butun tabiat mening tanamda qichqirdi”. Ha, qichqirgan kimsa Munk edi, biroq bunda faqat tana unga tegishli boʻlgan. Qichqiriqning oʻzi esa borliqqa, butun insoniyatga daxldor. “Qichqiriq” keyinroq boshqa sohalarga ham kirib bordi, masalan, rejissyor Ves Kreyven oʻz filmidagi qotilning niqobi uchun ayni oʻsha chehradan foydalangan. Shuningdek, boshqa kino va multfilmlarda ham qoʻrqinchi personaj yuzi uchun ayni shu yuz ifodasini koʻramiz. Telefon xabarlarida, shu qatorda ijtimoiy tarmoqdagi yozishmalarda ishlatiladigan qichqirishni ifodalovchi emojida (😱) ham “Qichqiriq”dan foydalanilgan.
“Qichqiriq”, 1893-yil
Daho ijodkorning iqrori
Munk 1908-yili kasalxonada ruhiy tiklanish kursini oʻtashga majbur boʻladi. Suiqasd istaklari, gallyutsinatsiyalar, tez-tez hushni yoʻqotish, kuchli alkogolizm, chuqur depressiya rassomni shunga majbur qilgandi. Uning Shizofreniya hamda chegaraviy shaxsiyat buzilishi bilan ogʻrigani taxmin qilinadi. Shuningdek, uning shaxsida impulsivlik va tashlab ketilishdan qoʻrquv ham bor edi. Uzoq yillar davomida rassom oʻzining taqdiri va sogʻligʻidan shikoyat qildi, ammo keyinchalik ushbularning oʻz ijodidagi oʻrnini tan oldi, suratlariga qarab, bular sogʻ odamning ishi emasligini aytadi. “Agar men hamma qatori oddiy va sogʻlom odam boʻlganimda bunday ijod qilmagan boʻlardim” deb yozgan u.
Shifoxona unga ijobiy taʼsir koʻrsatadi, ichkilik ichish kamayadi, suratlari esa yorqinlasha bordi. Endi Munkning palitrasida oq, sariq, yashil kabi ranglar ham bor edi va u bundan buyon imkon boricha salbiy psixologik holatni tasvirlovchi suratlar chizishdan oʻzini tiydi. Shundan soʻng to oʻlimiga qadar hayotida qaygʻuli voqealar roʻy bermadi. U koʻpchilik taxmin qilganidek, oʻzini oʻldirmadi, 1944-yilning boshida 81 yoshida vafot etdi. Munk asarlaridan ajralishni istamasdi, ularni “farzandlarim” deb atardi. Vafotidan soʻng uyining qulflangan xonasidan 1 008 ta surat, 4 443 ta chizma, 15 391 ta bosma suratlar topilgan. Bu uning hayotida ijodining qanchalik muhim va azizligini anglatardi.
Javohir ERGASHEV.
Oyina.uz
Adabiyot
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q