Til haqida nutq


Saqlash
18:26 / 21.10.2021 3335 0

 

Abdulla QAHHOR

 

... Ayniqsa bahor kunlari majlisdan yomoni yo‘q! Ko‘cha-ko‘yga suqlanib qarab o‘tirganingizda bir odam minbarga chiqib, sartaroshning qaychisiday shaqqillayversa... har qanaqa odamning ham uyqusi keladi! Har qanaqa odam ham loaqal og‘zini ochmasdan esnaydi!

 

Xabarim bor, ikki kundan beri gap eshityapsizlar. Shuning uchun meni bu majlisga taklif qilishganda, so‘z beramiz deyishganda tarxashlik qildim: qo‘ya qolaylik, mehmonlar busiz ham gapga to‘yib ketishgandir, dedim. Unashmadi: “Bular radioga, ya’ni gap zavodiga kelayotganini oldindan bilishgan. Demak, har biri gap eshitish masalasida oldindan qo‘shimcha majburiyat olib kelgan”, deyishdi.

 

Lekin shundoq bo‘lsa ham, o‘zlaringga, ya’ni radioga daxli bor gapdan bo‘lak gap quloqlaringga kirmasa kerak. Agar sizlar mening shu taxminimni tasdiqlasalaring radioga tegishli gapning tayyoridan bor! Men bu gapni yaqinda Nizomiy nomidagi institut studentlariga qisman gapirdim, radioning ba’zi bir kamchiliklarini tanqid qilgan edim.

 

Mening bu gapim faqir-u fuqaroga ma’qul bo‘libdi, shekilli, magnitofon lentasini ko‘paytirib, har qayerda eshitishibdi. Shu bilan birga nutq ba’zi bir mansabdorlarga yoqmabdi.

 

O‘zlaringga ma’lum, mansabdor ikki toifa bo‘ladi: bir toifasi o‘z o‘rniga muvofiq, munosib – bilimi, qobiliyati bilan har ishga qodir. Bu toifa mansabdor ishni ishonch bilan olib boradi, tanqid eshitsa, buning mag‘zini chaqishga, tanqidni chuqurroq tushunishga harakat qiladi-yu, bundan xulosa chiqarib, o‘zining raxna joyiga darrov chim bosadi. Bundan mansabdorlarning o‘zi ham xursand, ishi ham mixday, odamlar ham mamnun.

 

Boshqa bir toifa mansabdor o‘z o‘rniga muvofiq ham emas, munosib ham emas, shuning uchun mana shu sir ochilib qolishidan hamisha xavotirda: osmonda chumchuq pir etsa, yerda turib yuragi shuv etadi. Anchayin tanqidiy shabada bularga bo‘ron bo‘lib, stolini ko‘tarib ketayotganday tuyuladi-yu, stolini quchoqlab yig‘laydi: “Voydod, Falonchi aka, meni ushlang, yiqilaman!”, deydi.

 

Men hozir sizlarga Nizomiy institutida bo‘lgan o‘sha gapning asosiy nuqtalarini aytib bermoqchiman. Agar bu gap ma’qul bo‘lsa, radio ishidagi kamchiliklar haqidagi tanqidiy mulohazalarimni davom ettirib, yana bir necha og‘iz so‘z aytmoqchiman.

 

Nizomiyda gapirilgan gapning asosiy nuqtalaridan biri – til masalasidir.

 

Juda boy, chiroyli tilimiz bor. Bu tilda ifoda etib bo‘lmaydigan fikr, tuyg‘u, holat yo‘q! Bu til ellik yil ichida shunday bir qudrat kasb etdiki, xalqimizni jahon va rus madaniyatiga sherik qilib qo‘ydi.

 

Afsuski, radiomiz ko‘pincha xalq bilan mana shu boy, chiroyli, purqudrat tilda gaplashmaydi.

 

Odamlarki bor, bisotidagi bir hovuch so‘zni aylantirib oyligini olaveradi; o‘qish-o‘rganish bilan o‘zbek tilining imkoniyatidan to‘laroq foydalanishni istamaydi yoki bunga farosati yetmaydi. Mana shunaqa odamlarning dangasaligi yoki farosatsizligi, chalamulla olimlarning “ilmiy faoliyati” oqibatida shunday bir til vujudga kelganki, na muomalada, na oilada, na suhbatda hech kim bu tilda gapirmaydi; na oshiq ma’shuqasiga, na ota bolasiga, na bola onasiga bu tilda xat yozadi. Radio xodimlarining o‘zlari ham o‘zaro bu tilda gaplashmaydi. Bu tilni faqat mikrofon ko‘taradi. Bunga faqat mikrofon toqat qiladi.

 

Markaziy radio har kuni matbuot obzori beradi. Diktor materiallarning mazmunini aytadi. Bosh maqolani o‘qib beradi. Lekin bu til, negadir oddiy xalq gapiradigan tilga sira o‘xshamaydi. Bizning matbuot va radio tili nima uchun kundan-kun xalq tilidan uzoqlashib borayotibdi? Nima uchun tilimizning qonun-qoidalari buzilayotibdi? Nima uchun ko‘cha harakati qoidasini buzgan kishiga militsiya hushtak chaladi-yu, butun bir tilni buzayotgan odamlarga hech kim hushtak chalmaydi?

 

Nizomiyda gapirilgan gapning asosiy nuqtalaridan ikkinchisi, radioning ba’zi eshittirishlarida ko‘zga tashlanadigan noshud-notavonlik, mas’uliyatsizlikdir.

Erta-yu kecha bizning g‘iybatimizni qiladigan, tirnog‘igacha bizga qarshi zaharga to‘lib ketgan ba’zi bir chet el radiosi bizning haqimizda yolg‘on gaplarni rostga o‘xshatib gapiradi. Bizning radiomiz esa mavjud haqiqatni udda qilib aytolmaydi. Men bunga misol qilib, radioning har kuni soat ikkida “Qishloq xo‘jaligi mehnatkashlariga” ataydigan eshittirishlarini oldim. Bu eshittirishlarda ko‘pincha shunaqa sovuq, shu qadar qovushmagan – yopishmagan materiallar beriladiki, odamning nafasi qaytadi! Bu materiallar kolxozchilarning cho‘ntagidan tushib qolgan yoki hech kim amal qilmaydigan, hech kimga keragi yo‘q, faqat yuqori tashkilotlarga hisob berish uchun eshittiriladigan, o‘qiladigan, diktorlarning ham me’dasiga tekkan siyqa gaplardan iborat bo‘ladi. Bunaqa materiallarga ba’zan “ocherk” degan narsa ham oralab qoladi. Bu narsalarning deyarli hammasi tanqiddan tuban ekanini, hech kimning diqqatini jalb qilmasligini radio xodimlarining o‘zlari ham bilishadi, shuning uchun bularni hamisha she’rga yo ashulaga o‘rab berishadi.

 

“Ocherk” deb ataladigan materiallardan ba’zisining sxemasini chizib beray.

Masalan, biron xushovoz artist “Talqini bayot”ni aytganidan keyin diktor “ocherk”ni o‘qishga kirishadi: “...paxta ishqini diliga jo qilib, sotsialistik dalalarimizda fidokorona mehnatda o‘rnak ko‘rsatayotgan ajoyib ayol Hayitboyeva...”

 

“...Biz chaman-chaman ochilgan paxtalardan zavqqa to‘lib, ashula aytib paxta terayotgan atlas ko‘ylakli qiz-juvonlar bilan salomlashib, asfalt dala yo‘lidan borar edik...”

 

“...Biz ajoyib ayol Hayitboyevani shinam dala shiyponida uchratdik. U oppoq ro‘yjalar ustida oppoq yostiqlarga suyanib, bola emizib yotar edi...”

 

“Endi konsertimizni boshlaymiz...”

 

Yana bir sxema:

“Biz raisni kutib, yangi tipdagi hashamatli kolxoz idorasining million tom kitobga ega kutubxonasida “Atom va tinchlik” degan jurnalni varaqlab o‘tirgan edik, birdan derazaning shoyi pardalari orasidan “Moskvich” ko‘rindi. Bu – raisning yaqinda o‘ttiz tiyinlik lotereya biletiga yutib olgan “Moskvich”i edi. Lotereyaga mashina chiqmagan taqdirda ham rais bu yilgi mehnat kunidan 5600 so‘mga “Volga” sotib olishga qodir edi...”

 

“...Rais bizning savollarimizga javoban qora xrom etikli sergo‘sht o‘ng oyog‘ini marmar zinaga tirab: “Bajaramiz!” dedi. Keyin sariq xrom etikli sergo‘sht oyog‘ini sement zinaga qo‘yib: “Qo‘shimcha majburiyat olamiz”, dedi...”

 

“Konsertimiz davom etadi”.

 

Ba’zan raislar, brigadirlar mikrofonga chaqiriladi. Hozirgi vaqtda texnika hatto duduq odamni ham gapirtirishga imkoniyat berishiga qaramay, brigadirlarning qo‘liga no‘noq jurnalist yozgan tekstni berib, shuni o‘qishga majbur qilishadi.

 

 

Rais: “KPSSning Fevral plenumidan ilhomlangan kolxozimizning kolxozchilari chigit ekish planini sharaf bilan bajaradilar va o‘zlarining imkoniyatlarini hisobga olib qo‘shimcha majburiyat olmoqdalar”.

 

Brigadir: “KPSSning Mart plenumidan ilhomlangan brigada a’zolari 90 gektar yerning har gektaridan 50 sentnerdan paxta hosili olib, planni sharaf bilan bajaradilar va o‘z imkoniyatlarini hisobga olib...”

 

 

Bunda rais yo brigadirning tovushi bor xolos, gapi yo‘q! Bu gap noshud-notavon, mas’uliyat hissidan mahrum, bir hovuch gapni aylantirib oyligini olib yotgan jurnalistning gapi!

 

O‘zbekiston dehqonlari 64-yilda mamlakatga to‘rt million tonna paxta berdi. Bu aql ishonmasa, qo‘l bilan ushlab ko‘rish mumkin bo‘lgan haqiqat! Shuncha paxtani o‘sha radio muxbirlari ko‘rgan, suhbatlashgan raislar, brigadirlar, oddiy kolxozchilar bergan. Demak, bu ham haqiqat. Lekin bu haqiqatlar radiomizning og‘zidan nima uchun ba’zan yolg‘onga o‘xshab chiqadi? Shu to‘g‘rida hech kim o‘ylab ko‘rganmikin?

 

Bunga: “Kadrlarimiz kam, yosh, imkoniyatimiz tor”, degan vajlar ko‘rsatilishi mumkin. Lekin, menimcha, bunga sabab radioda tanqid, o‘z-o‘zini tanqid shabadasi ko‘pdan beri esmagan, muhit dimiqib qolganligi bo‘lsa kerak. Bo‘limlar har qaysisi o‘z boshiga ish ko‘radi. Biri boshqasining yutug‘idan, kamchiligidan bexabar, “Men senga tegmayman, sen menga tegma” yo‘sinida ish ko‘radi.

 

Bunga bir misol ko‘rsatishimiz mumkin.

 

Radioning ko‘p bo‘limlari orasida marza bo‘lishi mumkindir, lekin muzika eshittirish bo‘limi bilan boshqa bo‘limlar orasida marza bo‘lishi mantiqqa sig‘maydi, chunki boshqa bo‘limlar bu bo‘limga begona bo‘lsa ham, bu bo‘limlarning xodimlari begona emas, loaqal uyida muzika-ashula eshitishadi-ku!

 

Muzika bo‘limining tepasida qattiqqo‘l bir odam turmaganday tuyuladi. Ehtimol, shunday odam bordir, agar bo‘lsa biror sabab bilan ishdan ko‘ngli soviganga o‘xshaydi.

 

Ashula aytish, ashula tinglash butkul ixtiyoriy narsa: xohlagan odam aytadi, xohlamagan aytmaydi; xohlagan eshitadi, xohlamagan eshitmaydi. To‘g‘ri, ba’zan ashulachiga pul berib, oylik berib ayttirish mumkin. Lekin o‘z qadrini bilgan kishi xohlamagan ashulasini pul bersangiz ham eshitmaydi.

 

Radio bayram yoki biror inqilobiy sana kunlarida aksari tekstida badoatdan asar va muzikasida biror qatra shira bo‘lmagan ashulalardan iborat konsert beradi. Bu konsertlarni odamlar, boya aytganday, pul bersangiz ham eshitmaydi, lekin radio nima uchundir jamoatchilik asosida “o‘z xohishi bilan” eshitishga majbur deb beraveradi.

 

...Kimning go‘ri kuysa kuysin-u, mening qozonim qaynasin, degan ekan bitta ta’magir. Bu ashulalarni birov eshitmagani bilan radioning necha pullik ishi bor. Yuqoriga “Falon mavzuda falon dona, falon mavzuda pismadon dona, lenta hisobi bilan falon kilometr ashula berildi”, deb raport berilsa bo‘ldi!

 

Bu xildagi ashulalar taxminan mana shunday bunyodga keladi: allaqayeri shoirga o‘xshagan bir kishi Lenin, yo partiya, yo Vatan haqida she’r – ashula yozib keladi-yu: “Lenin to‘g‘risida yozilgan ashulani qabul qilmaydigan azamatni ko‘rib qo‘yaman!” degan vajohat bilan mansabdorning qo‘liga tutqizadi. Mansabdorga jon kerak bo‘lsa, kompozitorga non kerak! Artistga-chi? Radio yoki teatrning oyligini olgandan keyin ashulasini aytadi-da!

 

Bunaqa ashulalar repertuarga darrov qabul qilinadi! Lenin, partiya, Vatan haqidagi ashulani yomon degani kim jur’at qiladi?

 

Qanday mavzuda bo‘lmasin, yomon ashulani yomon degani xalq jur’at qiladi – eshitmaydi!

 

Bu hol muqaddas mavzularni chayqovga solib manfaat ko‘radigan odamlarning, vazifashunos rahbarlarning qulog‘i ostiga tushgan tarsaki bo‘lishi kerak.

 

Keyingi vaqtlarda ashula janrining g‘oyaviy-badiiy saviyasi tobora pastlashib ketyapti. Bu haqda Yozuvchilar soyuzi bilan Kompozitorlar soyuzi qo‘shma plenum o‘tkazdi, lekin bu plenum sezilarli foyda bergani yo‘q.

 

Radio va televideniyedan beriladigan ko‘p ashulalarning teksti nihoyatda xarob. Xususan, muhabbat to‘g‘risidagi ashulalar muhabbatdan odamning ixlosini qaytaradi, kompozitorlar bu tekstlarni qaysi go‘rdan topishganiga hayron qoladi kishi:

 

Bir ko‘nglim olma dedi,

Bir ko‘nglim olgin dedi.

Qo‘lim hech bir qaytmagan...

 

Nima gap o‘zi? Shu ham she’r, shu ham ashulami?!

Buni qarang:

 

Kim o‘zi, kim o‘zi

Ko‘nglimga olov yoqib ketgan kim o‘zi?

Boqqaniga oshiq bo‘lib qoldimmi,

Birdaniga shoir bo‘lib qoldimmi?

Kim o‘zi, kim o‘zi...

 

Mast odamning xirgoyisiga quloq soling:

 

Ahdiga vafodorim, jononimni ko‘p sog‘indim.

Ko‘nglima mehr qo‘ygan mehribonimni ko‘p sog‘indim.

Jon-u tan sadqasidir, jononimni men sog‘indim.

Ko‘ksimga jilo bergan oromimni ko‘p sog‘indim.

 

Bu chalasavod odamning qog‘oz tirnab qilgan mashqi qayoqdan kompozitorning qo‘liga tushdi-yu buning nimasi muzika yozishga ilhom berdi ekan!

 

Ba’zi ashulalarda shoirning yori buzuq bo‘ladi: hammaga o‘pich beradi-yu, shoirga o‘pich bermaydi. Shoir shundan noliydi. Kompozitor shoirga rahm qilib, she’rga mungli kuy yozadi. Yana bir misol:

 

Seni ardoqlaydi baxtiyor zamon,

Shu zamonda el-u xalqim farovon.

Yashnamoqda yildan-yilga bu davron,

Hur vatanda baxt topgan qahramon qiz Obodon.

 

Shuni she’r emas deb ko‘ring-chi! Zamon baxtiyor, xalq farovon, qiz qahramon bo‘lgandan keyin buning she’r bo‘lishi uchun yana nima kerak?

 

Bunaqa misollarni aytaversam tong otib ketadi.

 

Ko‘pgina shoirlar paxtani kuzir qilib olishgan. Bular aji-buji gaplarni aytib, ustiga kuzirni, ya’ni paxtani bossa – tamom! “Paxtalarni parvarishlar aylagan”, desa ham ashula bo‘laveradi.

 

Klassiklarda ham, xalq adabiyotida ham, hayotda ham odatan yigitlar yaxshi ko‘rgan qizlarni maqtashar edi: ko‘zing undoq, so‘zing bundoq deyishardi. Hozirgi ko‘p ashulalarda qizlar o‘zlarini o‘zlari maqtashadi, u yog‘im undoq, bu yog‘im bundoq, deyishadi.

 

“Ey shoir, axir tashabbus erkakdan bo‘lishi kerak, bulbulning ham erkagi sayraydi-ku!” deydigan odam yo‘q!

 

Do‘stlar!

 

Biz yozuvchilar, jurnalistlar, radio xodimlari – hammamiz propaganda xodimlarimiz. Bizning tub maqsadimiz odamning ongidan beparvolik, loqaydlik, yolg‘onchilik, riyokorlik, maqtanchoqlik singari marazlarni qirib, surib chiqarishdir. Bu hol bizning zimmamizga nihoyatda katta mas’uliyat yuklaydi. Har birimiz shu mas’uliyatni qanchalik chuqur his qilsak, ishimizning muvaffaqiyati shu qadar naqdroq bo‘ladi.

 

* * *

Bu uchrashuvda qatnashayotgan o‘rtoqlarga, so‘zga chiqib mening haqimda yaxshi gaplar aytgan notiqlarga, bu uchrashuvning tashkilotchilariga tashakkur bildiraman.

 

Men studentlar bilan ko‘p uchrashganman. Studentlarning dilkusho suhbatlarini bilaman. Umuman, studentlar suhbatiga ishtiyoqmandligim ustiga Chet tillar pedagogika institutining studentlariga aytadigan zarur gapim borligini nazarda tutganda, mening xursandchiligimni tasavvur qilavering!

 

Sizlar har qayerdan kelgansizlar. Institutni bitirgandan keyin joylarga borib o‘quvchilarga ingliz, nemis, fransuz, ispan tillarini o‘rgatasizlar. Mening sizlarga aytadigan eng zarur gapim shuki, sizlar joylarga chet tillar bilan birga (balki birinchi navbatda) o‘z ona tilimizga – o‘zbek tiliga cheksiz muhabbat tuyg‘usini olib boringlar! O‘zbek tili g‘oyat boy, nihoyat chiroyli, har qanday fikr va tuyg‘uni ifoda qilishga qodir ekanini amalda ko‘rsatinglar; qayerda va qanday sharoitda ishlamanglar, til madaniyatimizning mash’ali bo‘linglar!

 

Men bu gapni tilimizning boyligiga daxl qiladigan, husn-latofatini buzadigan, tilimizni tahqir qilishga qaratilgan qiliqlarga barham berish maqsadidagina aytayotganim yo‘q. Bu gapning faqat tilimizgagina emas, tuzumimizga ham aloqasi bor.

 

Men bundan bir necha yil muqaddam Hindistonga borganimda bir o‘zbek uchrab qoldi. O‘sha o‘zbek Hindistonga uch yasharligida borib qolgan bo‘lsa ham o‘z ona tilisini yo‘qotmagan ekan. Shu odam mendan: “O‘zbekistonda hozir ham o‘zbek tili bormi?” deb so‘rab qoldi. Bu savol menga g‘alati tuyuldi: bu odam begona ellarda yurib o‘zbek tilini yo‘qotmapti-yu, nima uchun o‘zbek xalqi o‘z milliy respublikasida o‘z tilini yo‘qotishi kerak? Men tushuntirdim. O‘zbekistonda o‘zbek tili borgina emas, bu tilda million-million nusxa gazeta-jurnallar, kitoblar nashr etiladi, teatrlar yashab-yashnab turibdi, dedim. Keyinchalik bilsam, Hindiston respublika bo‘lishidan oldin mustamlakachilar hind xalqining qulog‘iga quygan ekan: “Bolshevizm milliy madaniyatning ofati, bolshevizm qadam bosgan joyda har qanday milliy urf-u odat, milliy madaniyat, jumladan, til ham barbod bo‘ladi, butkul yo‘qoladi”, degan ekan!

Bu gap qay darajada qabih, tuhmat ekanini yil sayin ravnaq topayotgan milliy madaniyatimiz, qomatini jahonga ko‘rsatib turgan adabiyotimiz, san’atimiz misolida ko‘rish mumkin.

 

Shundan keyin bir narsa e’tiborimni o‘ziga tortdi: ko‘zimiz, qulog‘imiz o‘rganib qolgan, lekin o‘shanday tuhmatlarga oziq bo‘ladigan hodisalar hayotimizda mavjud ekan.

 

1. Ko‘pincha oilalarda bolalar o‘z ona tilisini mutlaqo bilmaydi! Bu ota-onani zarracha ham tashvishga solmaydi.

 

2. Ba’zi bir oilalarda bolalar o‘z ona tilisida gapirgani nomus qiladi.

 

Ba’zi odamlar shuni internatsionalizm deyishadi. Buning nimasi internatsionalizm?!

 

Kommunizm dushmanlarining bolshevizmga, sovet tuzumiga qarshi tuhmatlariga oziq beradigan yana bir narsa bor: O‘zbekistonda “millatim o‘zbeg-u ona tilim rus tili” deb yozadigan bir necha ming kishi bor emish! Agar shu gap rost bo‘lsa, demak, O‘zbekistonda falon ming o‘zbek o‘z ona tilisini yo‘qotibdi degan so‘z! Nainki shu maqtanadigan gap bo‘lsa!

 

Respublikamizni haqli ravishda “Sharqda sotsializmning mash’ali” deymiz. Demak, birtalay mustamlaka, yarim mustamlaka, kapitalistik mamlakatlar xalqlarining ikki ko‘zi, ikki qulog‘i bizda! Nainki biz shularga “tilimizni yo‘qotib boryapmiz, ko‘p o‘tmay tilimizdan nom-nishon qolmaydi” deb maqtansak!

 

“O‘zbek tili baribir yo‘qolib ketadi, konstitutsiyadan o‘zbek tili – davlat tili degan gapni chiqarib tashlash kerak”, degan tovushlar sovet kishilarining tovushi emas, imperializmning shaltaq propagandasiga oziq beradigan ig‘vogarlarning tovushidir!

 

Tarixda o‘tgan buyuk allomalarning deyarlik hammasi o‘z ona tilisi ustiga o‘z zamonasining boy, madaniy tillaridan biri yoki bir nechasini yaxshi bilgan. Navoiy forschada g‘azallar, Lermontov fransuz tilida she’rlar, ibn Sino arab tilida ilmiy asarlar yozgan. Biz uchun o‘shandoq til rus tilidir. Biz uchun rus tili ona ko‘kragiday: yashashimiz-u o‘sishimiz uchun kerakli hamma modda bu tilda bor. Shuning uchun bu til bizning ikkinchi ona tilimiz.

 

Shuning uchun sizlar joylarga o‘zbek tiliga cheksiz muhabbat tuyg‘usini olib borganlaringda bu tuyg‘uni ikkinchi ona tilimiz – rus tiliga qaratishlaring ham zarur.

 

Rus tili ikkinchi ona tilimiz deyish uchun o‘z tilimizni bilishimiz kerak!

 

Kibriyo QAHHOROVA nashrga tayyorladi.

 

“Yoshlik” jurnali, 1987-yil 9-son

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 125
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22033
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//