Adabiyot
XIX asrning ikkinchi yarmiga kelib, Rossiya imperiyasi hududini yanada kengaytirish, tekin xomashyo bazasiga va arzon ishchi kuchiga ega boʻlish maqsadida Turkiston zaminiga koʻz tikdi. Qoʻqon xonligi uning birinchi nishoniga aylandi. 1865-yilda bosqinchilik yurishlarini boshlagan Rossiya imperiyasi xonlikning katta hududini egallab, 1867-yili Turkiston general-gubernatorligini tuzdi. Turkistonda mustahkamlanib olgan imperiya 1868-yili Buxoro amirligiga bosqinchilik yurishlarini boshladi. Amirlikni yarim mustamlakaga aylantirib, Xoʻjand, Jizzax, Samarqand kabi hududlarini gubernatorlik tarkibiga qoʻshib oldi. 1873-yilda esa Xiva xonligiga yurish qilib, uni oʻziga qaram qildi.
Mustamlakachi hukumat Turon xalqlarini iqtisodiy qaram qilish bilan cheklanmadi. Uning tili, dini va tarixini unuttirishga kirishdi. Bu holat yildan-yilga zoʻrayib bordi, natijada 1890-yillardan boshlab, sabr-kosasi toʻlgan xalq qoʻliga qurol olib, mustamlakachilarga qarshi kurashga otlandi. Shunday qoʻzgʻolonlardan biri 1898-yili Andijonda boʻlib oʻtgan Dukchi eshon qoʻzgʻoloni edi. Qoʻzgʻolon rahbari Dukchi Eshon Rossiya imperiyasi hukumati tomonidan olib borilayotgan mustamlakachilik siyosatini, milliy zulm va islom dinini yoʻqotish uchun qilinayotgan harakatlarning jonli guvohi boʻldi. U ogʻir siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy sharoit orqasida bir parcha yeridan ham mahrum etilgan dehqonlar, shahar kambagʻallari uchun umid va ishonch ramziga aylandi va xalqning ozodlik kurashiga bosh-qosh boʻlishni oʻz zimmasiga oldi. Dukchi Eshon ona yurtning mustaqilligi va ozodligini tiklashni muqaddas burch deb bildi. Ammo, afsuski, 1898-yil 17-mayda boshlangan qoʻzgʻolon 19-maydayoq bostirildi. Qoʻzgʻolon qatnashchilaridan 777 kishi qamoqqa olinib, tergov qilindi. Ularning koʻpchiligi ayovsiz kaltaklar va qiynoqlarga chidolmasdan qamoqxonalarda oʻldi. Tergovdan keyin sud qilingan 415 qoʻzgʻolonchilarning 32 nafari oqlandi, 380 ta isyonkor oʻlim jazosiga hukm etildi. Bir kishi umrbod qamoq jazosiga hukm qilinib, uch kishi jamloqlarga yuborildi. Ammo keyinchalik imperatorning “marhamati” bilan oʻlimga mahkum etilgan 380 mahkumning faqat 18 nafari osib oʻldirildi. Qolgan 362 kishidagi oʻlim hukmi turli jazolar bilan almashtirildi:
3 nafari umrbod surgunga, 147 nafari 20 yilga, 41 nafari 15 yilga, 1 kishi 13 yilga, 1 kishi 8 yilga, 47 kishi 7 yilga, 4 kishi 4 yilga, 15 kishi Sibirga surgun qilishga va 3 nafar yosh bola esa tarbiyaviy qamoqqa hukm etildi. Shunday qilib, oʻz ozodligi uchun qoʻliga qurol olgan mardlar imperiyaning qatagʻon qurboniga aylanishdi.
Birinchi jahon urushi davrida Rossiya imperatori Nikolay II ning “Imperiyadagi begona xalqlar erkak aholisini harakatdagi qoʻshin hududida harbiy inshootlar va shuningdek, davlat mudofaasi uchun zarur boshqa har qanday ishlarga jalb etish toʻgʻrisida»gi farmoniga (1916-yil 25-iyun) asosan Turkistonning 19 yoshdan 40 yoshgacha boʻlgan yigitlarining mardikorlikka olinishi ortida Andijon, Samarqand va Jizzaxda yana bir yirik ozodlik harakatlari boshlandi. Bu qoʻzgʻolon Rossiya imperiyasi oʻrnatgan mustamlakachilikka qarshi milliy-ozodlik harakatining eng yuqori nuqtasi boʻldi. Ayniqsa, Jizzaxdagi harakatlar Rossiya imperiyasi hukumatini qattiq tashvishga soldi va qudratli armiya qoʻzgʻolonni bostirishga jalb qilindi. Qoʻzgʻolonchilar shafqatsiz jazoga tortildi. Jizzax aholisining butun mol-mulki, chorva mollari, uyidagi don-dunigacha olib qoʻyildi, oilalar ochlikdan oʻlishga mahkum boʻldi. General-gubernator buyrugʻi bilan Jizzax uyezdi aholisining butun yerlari musodara qilinib, minglab odamlar Sibirga surgun qilindi yoki qamoqqa tashlandi.
Bu kabi ommaviy qirgʻinlar, jazolashlar oʻzbek xalqining erk va ozodlikka boʻlgan intilishini yoʻqotolmadi. Hurriyat uchun kurashish, birlashish turonliklarning shioriga aylandi. 1917-yil noyabrda tuzilib, 1918-yil fevraldayoq 72 kunlik faoliyatiga chek qoʻyilgan milliy davlatchiligimiz hisoblanmish Turkiston Muxtoriyatining tugatilishi Fargʻona vodiysida yirik qurolli harakatlarning boshlanishiga sabab boʻldi. Bu harakatlar rahbarlari birin-ketin jismonan yoʻq qilib yuborilsada, xalqning ozodlikka boʻlgan ishonchi soʻnmadi va 1935-yilga qadar mustamlakachilarga qarshi harakatlar davom etdi. Rossiya imperiyasi butun Turkiston hududini paxta yetishtirishga ixtisoslashtirish va bu sohadan katta foyda koʻrish maqsadida aholining qoʻlidan yerlarini tortib olishni boshladi. Yirik va oʻrta mulkdorlar oʻzlariga tegishli boʻlgan yerlaridan mahrum qilindi. Hukumat siyosatiga qarshi chiqqanlar oʻlimga yoki uzoq yillar qamoq jazosiga hukm qilindi.
1930-yil 30-yanvarda VKP(b) Markaziy Qoʻmitasi Siyosiy byurosi “Yalpi jamoalashtirish tumanlarida quloq xoʻjaliklarini tugatish toʻgʻrisida»gi qarorning qabul qilinishi mustamlakachi tuzumga qarshi ozodlik harakatlarini yanada kuchaytirib yubordi. Bu qarorda shunday koʻrsatmalar bor edi:
a) aksilinqilobiy jamoa, terrorchilik harakatlari va sovetlarga qarshi isyonlarning ishtirokchilari hibsga olinsinlar va jinoyatlari uchun sud qilinsinlar;
b) jamoalashtirishga qarshi faol kurashgan yirik quloqlar va sobiq yarim pomeshchiklar yalpi jamoalashtirish tumanlaridan mamlakatning shimoliy tumanlariga va olis tumanlariga badargʻa qilinsinlar;
v) quloqlarning qolgan qismi jamoa xoʻjaliklari yerlaridan tashqaridagi yangi oʻzlashtirilgan yerlarga koʻchirilsinlar”.
Mazkur qaror boʻyicha quloq sifatida hibsga olinadigan va badargʻa qilinadigan kishilar miqdori mamlakat umumiy dehqon xoʻjaliklarining 3-4 foizidan oshmasligi koʻrsatilgan boʻlib, Oʻzbekiston SSRda bu topshiriq ortigʻi bilan bajarilgan.
1930-yilda Oʻzbekistonda 750 ming dehqon xoʻjaligi boʻlgan. Shu xoʻjaliklardan 40 mingi (qariyb 6 foizi) quloq sifatida hibsga olinib, sud qilingan yoki Ukraina va Shimoliy Kavkazga, Oʻrta Osiyoning yangi oʻzlashtirilayotgan choʻl tumanlariga badargʻa qilingan. Agar oʻziga toʻq oʻzbek oilalari koʻp sonli, har biri kamida 8-9 jondan iborat boʻlganini eʼtiborga olsak, 1930-1932-yillardagi quloqlashtirish davrida respublikamizning 350-400 ming aholisi jabr koʻrgani oydinlashadi.
Oʻzbekistonda quloqlashtirish, asosan, oʻziga toʻq, oʻrtahol dehqonlarga qarshi eʼlon qilingan urush edi, deb aytish mumkin. Dindorligi uchun, maʼmuriyat faoliyatidan norozi boʻlganligi uchun quloq qilishar yoki shaxsiy oʻch olishardi. Quloqlashtirishda terror usulidan ham foydalanilgani sababli odamlar yoppasiga kolxozlarga kira boshlaganlar. Aynan shu yillarda respublikada masjidlarni ommaviy buzish, dindorlarni taʼqib qilish ham boshlangan. Xalqqa nisbatan qilingan bu zoʻravonliklar, tabiiyki, kuchli noroziliklarni yuzaga keltirgan va aslida milliy ozodlik harakati boʻlgan, ammo ruslar tomonidan xalqqa “bosmachilik” deya singdirilgan isyonlar jonlangan. Bu kurash 1930-yillarning oxirlariga qadar davom etib, fojiali tarzda – mustaqillik uchun kurashgan minglab vatandoshlarimizning qirgʻin qilinishi bilan yakun topdi. Mustamlakachi hukumat amalga oshirgan qatagʻonlarning eng dahshatlisi 1937-1939-yillarda amalga oshirilgan “Katta qirgʻin” edi. Bu qonli davr qirgʻinlaridan nafaqat qoʻliga qurol olishga qodir boʻlgan yigitlar, balki millat oydinlari boʻlmish jadidlar, mulkdorlar, boylar, diniy ulamolar va tinch aholi (keksalar, ayollar, bolalar) ham omon qolmadi.
“Trud” gazetasining 1992-yil 4-iyun sonida “Topshiriq boʻyicha otuv yoki bolsheviklar bu ishni qanday amalga oshirishgan?» sarlavhali katta maqola chop qilingan. Asosan arxiv hujjatlaridan iborat boʻlgan bu materialda sobiq ittifoqda 1937–1938-yillardagi stalincha qatagʻon qanday boshlangani bayon etilgan boʻlib, unda Markaziy Qoʻmita raisi Stalinning 1937-yil 3-iyulda SSSR Ichki ishlar vaziri Yejovga, viloyatqoʻm, oʻlkaqoʻm, Milliy Kompartiyalar Markaziy Komitetlari kotiblariga yuborgan telegrammasi matni toʻliq keltirilgan:
“Shu narsa aniqlandiki, oʻz vaqtida turli viloyatlardan shimoliy va Sibir tumanlariga surgun qilingan, keyin surgun vaqti tugagach, oʻz viloyatlariga qaytgan sobiq quloqlar va jinoyatchilarning katta qismi kolxoz va sovxozlarda, transportda va sanoatning ayrim sohalarida sovetlarga qarshi turli xil harakatlar va qoʻporuvchilik ishlarining tashabbuskori boʻlmoqdalar. VKP(b) Markaziy Qoʻmitasi barcha viloyat va oʻlka tashkilotlari kotiblariga, NKVDning viloyat, oʻlka va respublika vakillariga vataniga qaytgan barcha quloqlarni va jinoyatchilarni roʻyxatga olishni, ularning eng dushmanlik kayfiyatida boʻlganlarini darhol hibsga olib, ishini maʼmuriy tartibda uchlik (troyka)da koʻrib chiqib, otib tashlashni tavsiya etadi, qolgan kam faolroq, lekin dushman unsurlar qayta roʻyxatdan oʻtkazilib, NKVD koʻrsatgan tumanlarga surgun qilinsinlar.
VKP(b) MK besh kunlik muddatda Markaziy Qoʻmitaga uchliklar tarkibini, shuningdek, otilishi hamda surgun qilinishi lozim boʻlgan kishilar roʻyxatini taqdim etishni taklif qiladi.
MK kotibi STALIN”.
Shundan keyin barcha hududlarda viloyat va oʻlka partiya qoʻmitasi birinchi kotibi, prokuror va NKVD boʻlimi boshligʻidan iborat uchliklar tuzilgan. SSSR ichki ishlar vaziri Yejov maxfiy ravishda har bir respublika, yirik shaharlar va viloyatlarda odamlarni hibsga olib, otish va surgun qilish boʻyicha reja (raznaryadka) belgilagan. Unga koʻra, Oʻzbekistondan 4750 nafar kishi otilishi va surgun qilinishi kerak edi. Shu tariqa 1937–1939-yillarda Oʻzbekiston SSR Ichki ishlar xalq komissarligi “uchlik”lari tomonidan 41 ming nafardan ortiq kishi qamalgan. Ularning 37 ming nafardan ortigʻi sudlangan boʻlsa 6 920 kishi otib tashlangan. Otilganlar soni bundan ham koʻp boʻlishi mumkin. Ular bularning barchasini shoshilinch va maxfiy tarzda bajarishga harakat qilishgan. Birgina Abdurauf Fitratga tegishli tergov hujjatlaridan uning otuvga hukm qilingani yashirilganini koʻrishimiz mumkin. Abdurauf Fitratning turmush oʻrtogʻi Hikmatoy Fitratova 1956-yilda erining taqdiri haqida soʻrab, SSSR Oliy sudiga murojaat qiladi. SSSR Oliy sudining harbiy kollegiyasi oʻzining 1957-yil 1-avgustdagi majlisida Fitrat ishi yuzasidan SSSR bosh prokurori xulosasini koʻrib chiqib ajrim chiqaradi. Ajrimda Fitratning “hech qanday jinoyat qilmagan”i “aniqlanib”, unga nisbatan chiqarilgan 1938-yil 5-oktyabrdagi hukm “bekor qilingan” va “ish toʻxtatilgan”.
Hujjatlarni koʻzdan kechirganda, Abdurauf Fitrat ishi boʻyicha SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasi raisining oʻrinbosari imzosi bilan 2 nusxa tayyorlanib, biri militsiya boshqarmasiga, ikkinchisi 1-maxsus boʻlim boshligʻiga yuborilgan “maxfiy” xatda shunday qaydga duch kelamiz:
“Maʼlum qilamanki, 1886-yilda tugʻilgan Abdurauf Fitrat SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasi tomonidan 1938-yil 15-oktyabrda sudlangan va jazoni oʻtash paytida 1944-yil 3-noyabrda yurak yetishmovchiligi kasalidan vafot etgan”. Bundan otib oʻldirishlarning juda katta qismi aslida 1937-yilning kuzidan 1938-yilning kuzigacha toʻgʻri kelgani, buni yashirish uchun mazkur davrda qatl qilinganlar maxsus maxfiy koʻrsatma bilan oʻlim vaqtlari 1945-yilgacha sochib yuborilgani aniqlashadi.
Sovet hukumati Turkistonda oʻz siyosiy maqsadlarini amalga oshirar ekan, xotin-qizlar «ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish”, ularni “zamonaviylashtirish”, jamiyatda “erkaklar bilan teng faoliyat yuritishini taʼminlash” (keyinchalik ular mehnatidan keng foydalanish) masalasiga jiddiy eʼtibor qaratdi. Millatning eng faol ayollarini aniqlab olgan mustamlakachi hukumat 1930-yillardan boshlab, ularni jismonan yoʻq qilishga kirishdi. Ayniqsa, bu holat 1937-1938-yillarda avj oldirildi. Xorijda tahsil olib kelgan Xayriniso Majidova, Matluba Muhammedova, Maryam Sultonmurodova kabilar aksilinqilobchi va millatchi, chet el josuslari sifatida qamoqqa olindi. Ularning ham koʻpchiligi otib oʻldirildi, Rossiyaning uzoq hududlariga surgun qilindi. Shuningdek, yuzlab ayollar “xalq dushmani”ning onasi, qizi, turmush oʻrtogʻi, singlisi boʻlgani uchun azob-uqubatlarga giriftor qilindi. Holbuki, ularning aksari siyosiy hayotdan bexabar, bolalar tarbiyasi bilan shugʻullanib yurgan ayollar boʻlib, ayrimlarigina turmush oʻrtoqlariga maslakdosh va yordamchi edilar, xolos. Tarixiy hujjatlar tadqiq qilinarkan, “Katta qirgʻin” davrida Hadicha Aliyeva kabi yuzlab oʻzbek ayollari aybsiz “aybdorlar” deb topilgani va qiynoqlarga solingani oydinlashadi.
1937-yildan boshlab, qamoqqa olingan ayollar 1939-yilning birinchi yarmiga qadar qamoqda saqlangan. Turmush oʻrtoqlarining “aksilinqilobiy millatchilik faoliyati”ni NKVDdan yashirib kelganlikda, ularning “xalq dushmani” sifatidagi faoliyatiga sherik boʻlganlikda ayblanganlar. Jumladan, Turkiston jadidlarining koʻzga koʻringan yirik vakillaridan biri, tarjimon, noshir Gʻozi Yunus 1937-yil 6-avgust kuni hibsga olingan. 1937-yil 14-sentyabr kuni esa uning xotini Hadicha Aliyeva ustidan ham jinoiy qoʻzgʻatilgan. NKVD Davlat Xavfsizligi boʻlimi boshligʻi muovini chiqargan qarorga koʻra, Hadicha Aliyeva (1897-yilda tugʻilgan) xalq dushmanining xotini va koʻmakdoshi sifatida jinoiy javobgarlikka tortilgan va Toshkent turmasida saqlangan. Uning 14 yashar qizi Tuygʻun Gʻoziyeva xalq maorif tizimidagi bolalar uyiga joʻnatilgan. 16 yashar qizi Sharofat Gʻoziyeva esa ishga joylashtirilgan. Keyinchalik uch yil muddatga mehnat posyolkasiga surgun qilingan Hadicha Aliyevaning jinoyati isbotlanmaganligi tufayli jazodan ozod etilgan. Gʻozi Yunus esa 1942-yili Vologda shahrida ogʻir xastalikdan vafot etgan.
Millatning eng bilimli qatlamining yoʻq qilib yuborilishidan qattiq qoʻrquvga, vahimaga tushgan aholi “taqdiriga tan bergan” boʻlsa-da, 1980-yilga kelib, navbatdagi qatagʻonlar toʻlqini boshlandi. Sovet hukumati tomonidan oʻylab topilgan “oʻzbek ishi”, “paxta ishi” tufayli yana minglab vatandoshlarimiz aybsiz aybdor boʻldi va shafqatsiz jazolandi. 1983-yilda Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasining OBXSS boshligʻi A. Muzaffarov bir savdo xodimidan “pora olayotgan” paytda qoʻlga tushib, hibsga olingan. Ayni shu paytida Buxoro viloyati savdo idorasining rahbarlaridan biri Sh. Qudratov oʻzi rahbarlik qilayotgan idoradagi savdo xodimlaridan pora olishi va partiya, sovet hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar boshliqlariga “pora berishi” oshkor boʻlib, u ham qamoqqa olingan va tergov boshlab yuborilgan. Poraxoʻrlik, tabiiyki, jamiyatning ildizlariga bolta uradigan ogʻir jinoyatlardan biri. Lekin u SSSR miqyosidagi tergov idoralari shugʻullanadigan jinoyatlar sirasiga mutlaqo kirmas, bunday jinoyatlarni odatda respublika huquqni muhofaza qiluvchi organlarining oʻzlari ham bemalol tergov qilishlari mumkin edi. Ammo xalqni dahshatda, qoʻrquvda ushlab turishga odatlanib qolgan markazga ayni shu mashʼum voqea Oʻzbekistonda yangi qatagʻonlarni amalga oshirishi uchun bahona boʻldi. Markaz Muzaffarov hamda Qudratovning ishini tergov qilishni SSSR prokuraturasiga topshirdi. Gdlyan va Ivanovlar esa SSSR prokuraturasi tomonidan tuzilgan tergov guruhiga boshliq qilib tayinlandi. Ularga harbiy vertolyotlar, texnika va qurollangan soldatlar ham biriktirib qoʻyildi. Shundan soʻng ular Oʻzbekistonda misli koʻrilmagan zoʻravonlikdan iborat oʻta jirkanch, mudhish faoliyatlarini boshlab yuborishdi.
Gdlyan, Ivanov hamda ular bosh boʻlgan tergov guruhi aʼzolari olti yil mobaynida biror kimni hibsga olmoqchi boʻlarkan, odamlarni majburlab, uning ustidan soxta koʻrgazma yozdirib olishardi. Soʻng shu hujjat asosida oʻsha aybsiz kimsa qamoqqa olinar, uni ham yana bir boshqa kishiga nisbatan yolgʻon koʻrgazma berishga majburlashardi. Oʻz muddaolariga erishish uchun gumonlanuvchilarni vahshiyona qiynoqlarga solishar, xotini, bolalarini qamash, zoʻrlash yoʻli bilan tahdid qilishardi.
1984-yilda Oʻzbekiston kommunistik partiyasi markazqoʻmining oʻn oltinchi plenumida paxta yetishtirish va davlatga topshirishda kadrlar qatʼiyatsizlik koʻrsatgani, qoʻshib yozishlarga yoʻl qoʻyilgani alohida taʼkidlandi. Vaholanki, Oʻzbekistonning 65 foiz aholisi oʻsha paytlarda faqat paxta yetishtirish bilan shugʻullanar, millionlab odamlar – maktab oʻquvchilari, talabalar markazning topshirigʻi bilan dekabr, hatto yanvar oylarida ham paxta terish bilan majburiy, deyarli tekinga shugʻullanishardi. Yigʻishtirilgan hosil esa past narxlarda markazga joʻnatilardi. Markazning ishtahasi ochilib, yil sayin Oʻzbekistonda paxta tayyorlash rejasini oshiravergan. Natijada qisqa vaqt ichida reja toʻrt million tonnadan olti million tonnagacha koʻtarilgan. Paxta rejasining tabiiy sharoitlarni inobatga olmay oshirib borilishi oqibatida Oʻzbekistondan markazga minglab xatlar yuborilgan. Ularda paxta yetishtirish uchun suv yetishmasligi, Orol dengizining qurishi, kolxozchilar iqtisodiy ahvoli, turmush tarzining oʻta achinarli holati, paxta zararkunandalariga qarshi ishlatiladigan gerbitsidlardan koʻplab paxtakorlar zaharlangani, ularning katta qismi dardga chalinib oʻlib ketgani, ustiga-ustak paxta mehnati uchun toʻlanadigan haq nihoyatda kamligi asoslab berilgan edi. Ammo markaz tomonidan bu talablarning birortasiga ham ijobiy javob berilmagan.
Plenumdan keyin Oʻzbekistonda rahbar boʻlib ishlaganlarni toʻqib chiqarilgan ayblar bilan qamash ommaviy tus oldi. Respublika Ministrlar Sovetining raisi Normuhammad Xudoyberdiyev, markazqoʻmning kotibi, soʻng Oʻzbekiston Oliy Soveti prezidiumi raisi boʻlgan Oqil Salimov, Ministrlar Soveti raisining oʻrinbosari Bektosh Rahimov, sogʻliqni saqlash vaziri Abdulla Xudoyberganov, Navoiy viloyati partiya qoʻmitasining birinchi kotibi Valeriy Yesin, Oʻzbekiston paxta sanoati vaziri Vahobjon Usmonov, Buxoro viloyati partiya qoʻmitasining birinchi kotibi I. Jabborov, markazqoʻmning ikkinchi kotibi Timofey Osetrov, markazqoʻmning birinchi kotibi Inomjon Usmonxoʻjayev, markazqoʻm kotibi Erejeb Aytmurotov, markazqoʻm ishlar boshqarmasi boshligʻi Tursun Umarov, Qoraqalpogʻiston partiya qoʻmitasining birinchi kotibi Qallibek Kamolov, Toshkent viloyati obkomining birinchi kotibi Mirzamahmud Musaxonov, Samarqand viloyati obkomining birinchi kotibi Nazir Rajabov, Ichki ishlar vazirining oʻrinbosarlari Qahramon Toshtemirov, Petr Begelman, Yoqub Muhammadjonov va boshqalar hibsga olinganlar va yillar davomida tergov qilish uchun qamoqda saqlanganlar.
Keyinchalik qizil saltanatning oliy martabali rahbarlaridan biri, akademik A.I. Yakovlev bolshevizmning insoniyat oldidagi jinoyatlarini umumlashtirar ekan: “...mislsiz soxtalashtirishlar, yolgʻon ayblovlar, suddan tashqarida qabul qilingan hukmlar uchun, sud va tergovsiz otib yuborishlar, taʼqib, qiynoqlar, konslagerlar, jumladan garovga olingan bolalar, tinch aholiga qarshi zaharlovchi gazlar qoʻllagani uchun, lenincha-stalincha qatagʻonda 20 milliondan koʻp kishi halok boʻlgani uchun bolshevizm javobgarlikdan qutila olmaydi”, deb tan olgan.
Shu tarzda oʻzbek xalqining milliy ozodlik kurashchilari, jadidlar, mulkdorlar, savdogarlar, diniy ulamolar, shoirlar, yozuvchilar, milliy rahbar kadrlar 1898, 1916, 1929 – 1931, 1937 – 1939, 1950, 1983 – 1985-yillarda, jami olti marta ommaviy qirgʻinga uchradi. Oʻz Vatani ozodligi yoʻlida shahid boʻldi. Bugungi kunda Rossiya imperiyasi amalga oshirgan qatagʻonlar davriy jihatdan turli bosqichlarga boʻlib oʻrganilayotgani davlatimiz rahbari tomonidan ham eʼtirof etildi va jadidlar tarixini oʻrganayotgan tadqiqotchilarga maqsadli grantlar ajratish, ular haqida hujjatli va badiiy filmlar olish, matbuot va internet nashrlarda materiallar chop etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi hamda bir qator fikrlar ilgari surildi: “Muzeylar qildik, kitoblar chiqyapti, koʻpchiligi oqlanyapti. Lekin shu bilan unutilishi kerak emas. Mening nazarimda, qatagʻon qurbonlari tugʻilib oʻsgan yoki bugun avlodlari yashayotgan mahallada, oʻsha yerdagi maktabda ularning nomlarini yozib qoʻysak, ham savobli, ham ibratli ish boʻlardi. Qolaversa, mana shunday bayramlarda, xotira kunlarida xonadonlarini ziyorat qilish kerak. Nega urush qatnashchilarini uyiga boramiz-u, qatagʻon qurbonlarini eslamaymiz?! Ularning har birining hayoti – qahramonlik. Biz buni oʻrganib, tashviqot qilib, yoshlarimizga yetkazishimiz kerak”.
Hukumatimiz tomonidan olimlarga, ayniqsa, tarixchilarga berilayotgan eʼtibor tufayli Tarix institutida “Jadidlar.uz” elektron platformasi yaratildi. 168 ta jadidning tarjimai holi tiklandi. Ularning ilmiy merosi yaxlit elektron bazada joylashtirildi. Ammo bu tadqiqotlar hali boshlanish boʻlib, qilinishi kerak boʻlgan ishlar, yurt ozodligi yoʻlida qurbon boʻlganlar oldidagi qarzimiz, vazifalarimiz bilan oʻlchaganda dengizdan tomchi, desak ham boʻladi.
Dilnoza JAMOLOVA,
Tarix instituti direktorining
ilmiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari
Adabiyot
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q