Ona shahrim, jonim Toshkentimmi yoki "I Love Toshkentmi"?!


Saqlash
17:33 / 21.10.2021 2217 0

Bugun O‘zbekistonimiz “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan bosh tamoyil asosida taraqqiyotning yangi, yanada yuksak bosqichiga ko‘tarilmoqda. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida davlat tilining hayotimizdagi o‘rni va nufuzi tobora oshib bormoqda. O‘zbek tili siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy jabhalarda faol qo‘llanib, xalqaro minbarlarda baralla yangramoqda. Xorijiy mamlakatlarda tilimizga e’tibor va uni o‘rganishga qiziqish kuchaymoqda. Bugungi globallashuv davrida har bir halq, har qaysi mustaqil davlat o‘z milliy manfaatlarini ta’minlash, bu borada avvalo o‘z madaniyatini, azaliy qadriyatlarini, ona tilini asrab-avaylash va rivojlantirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratishi tabiiydir.

«Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zlik va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma’naviy boylik, mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotida g‘oyat muhim o‘rin egallab kelayotgan buyuk qadriyatdir», — deyiladi “O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 4 oktyabr kuni «Davlat tili haqida"gi (1989-yil 21-oktabr) qonunning 30 yilligini munosib nishonlash to‘g‘risidagi qaror”da. Qarorda qayd etilishicha, mazkur tarixiy hujjatga binoan o‘tgan yillar davomida ona tilimiz mustahkam huquqiy asos va yuksak maqomga ega bo‘ldi. Hozirgi kunda o‘zbek tili hayotimizning barcha jabhalarida — davlat va jamiyat boshqaruvi, davlatlararo munosabatlar, ilm-fan, ta’lim-tarbiya, tibbiyot, madaniyat va san’at sohalarida faol qo‘llanilmoqda, halqaro minbarlardan baralla yangramoqda.

Ko‘p vaqt o‘tmay, 2019-yil 21-oktabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga asosan – 21-oktabr sanasini “O‘zbek tili bayrami kuni”, deb e’lon qilindi. Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida "Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti" tashkil etildi.

O‘zbekiston taraqqiyotining bugungi yangi bosqichi — milliy yuksalish davri talablaridan kelib chiqib, ona tilimizning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, so‘nggi yillarda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining tashkil etilgani ona tilimizning tarixiy ildizlarini chuqur o‘rganish, uni ilmiy asosda har tomonlama rivojlantirish va qo‘llanish doirasini kengaytirish, filolog kadrlar tayyorlash borasidagi ishlarni yangi pog‘onaga ko‘tardi.

Ammo sizlarni e’tiboringizni hozirgi blogerlarimizning tilga bo‘lgan munosabati, stilistik va imlo xatolariga to‘la maqolalariga qaratmoqchiman. Bu masalada Najot Nurning «Men jurnalist emasman, degan bahona o‘rinsiz, chunki siz ommaga axborot berayapsizmi, demak adabiy o‘zbek tilida muomala qilishingiz va yozishingiz shart» degan fikriga mutlaq qo‘shilaman. Shu o‘rinda, beixtiyor taniqli adibimiz A.Qahhorning quyidagi hikmatli so‘zlari yodimga tushdi: Nima uchun ko‘cha harakati qoidasini buzgan kishiga militsiya hushtak chaladi-yu, butun bir tilni buzayotgan odamlarga hech kim hushtak chalmaydi?

Eng achinarlisi shuki, ijtimoiy tarmoqlarda, o‘zimizning o‘zbek millatimizga mansub, ba’zi nodon manqurtlar (Doniyor Yakubov, Jasur Mirzayev – yana bu odam Samarqand viloyati, Toyloq tumani madaniyat bo’limining xodimi ekan) o‘zbek tilini haqoratlashgacha bordilar (“isqirt o‘zbek tilini yo‘qotish kerak”, polniy rus tiliga o‘tish kerak” va.h.k.lar). Bundaylarga nisbatan buyuk hazrat Alisher Navoiyning quyidagi hikmatli so‘zlarini aytging keladi:

“Tilga kuchi yeta olgan – donishmand

So‘zga erk bergan – pastkash ahmoq”.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti va Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi xodimlari hamkorligida Toshkent shahri tumanlaridagi “tashqi reklama va peshlavhalar” monitoringi o‘tkazilib, ularning “Davlat tili haqida”gi hamda “reklama to‘g‘risida”gi qonun hujjatlariga muvofiqligi muntazam o‘rganilib boriladi. O‘rganish quyidagi 4 yo‘nalish bo‘yicha olib boriladi:

1. Ko‘chalardagi umumiy reklama va peshtaxtalar

2. Bozorlardagi reklama va peshtaxtalar

3. O‘quv muassasalari, markazlari va kitob do‘konlaridagi reklama va peshlavhalar

4. Davlat tasarrufidagi tashkilot va korxonalardagi peshlavhalar.

O‘rganish natijalari kishini taajjubga soladigan darajada, chunki u o‘zini O‘zbekiston poytaxti Toshkentda emas, xuddi bir chet elda yurgandek his qiladi. Hamma yerda aralash-quralash chet tildagi reklama va peshlavhalarni uchratasiz:

Masalan, Toshkent shahar Yunusobod tumani Amir Temur shoh ko‘chasining o‘ng tomonida xorij tilida aks ettirilgan reklamalar joylashtirilgan, o‘zbek tilida qaydnoma yo‘q. Amir Temur shoh ko‘chasidagi reklama va peshlavhalarni ko‘rgan toshkentlik: “Ona shahrim, jonim Toshkentimmi yoki I Love Toshkentmi?!”- deb xitob qilgisi keladi.

 

 

 

Yunusobod tumani Oloy dehqon bozorining ichki tomoni

Mana sizga shaxar markazidagi eng mashhur va gavjum bozorimizdagi o‘zbek tiliga bo‘lgan munosabat!

Xo‘sh, bu-ku bozorlar ekan, bolalarimizga ilmu-ma’rifat tarqatayotgan bilim maskanlari – Shayxontoxur tumanidagi o‘quv muassasalari, markazlari va kitob do‘konlaridagi reklama va peshlavhalar ahvoli bilan tanishaylik:

 

 

Sebzor ko‘chasi, kitob do‘koni

Shu o‘rinda, Alixonto‘ra Sog‘uniyning «Turkiston qayg‘usi» kitobidagi quyidagi satrlariga diqqatimizni qarataylik:

"Qaysi bir millatning ona tili o‘z hojatini o‘tayolmay, boshqa yot tillar oldida mag‘lubiyatga uchrab tiz bukar ekan, unday millat ko‘p uzoqlamayoq, insoniy huquqlaridan ajragan holda hayot daftari ustiga inqiroz qalami chekilishi shubhasizdir. Unday millatlar yolg‘izgina Vatanlaridan emas, balki butun borlig‘i bilan tarix yuzidan yo‘qolishga majbur bo‘ladilar".

Endi e’tiboringizni Toshkent shahar Yunusobod tumani Amir Temur shoh ko‘chasining chap tomon qismida joylashgan O‘zbekiston radiotelekompaniyasining quyidagi peshlavhasiga qaratmoqchiman:

 

 

O‘zingiz ko‘rib turganingizdek, o‘zbek tiliga bo‘lgan munosabat shu darajadaki, O‘zbekiston fahri bo‘lgan televideniye minorasining peshlavhasi ham xorijiy tilda nomlangan!

Shunga o‘xshash manzaralarnini shahrimizning boshqa tumanlarida ham uchratasiz. Xullas, yuqoridagi monitoring tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, bu xorij tilidagi reklama va peshlavhalar ma’naviyatimizga o‘tkazishi mumkin bo‘lgan ijobiy va salbiy ta’sirlarini Hindistonning mashhur davlat arbobi Mahatma Gandining quyidagi so‘zlari orqali yaxshi ifodalash mumkin: "Men uyimning darvoza va eshiklarini doim mahkam berkitib o‘tira olmayman, chunki uyimga toza havo kirib turishi kerak. Shu bilan birga, ochilgan eshik va derazalarimdan kirayotgan havo dovul bo‘lib, uyimni ag‘dar-to‘ntar qilib tashlashi, o‘zimni esa yiqitib yuborishini ham istamayman".

Demak, til har bir millat madaniyatining o‘zagidir. Shu sababli ham tilning avaylab saqlanishi xalq taraqqiyoti va kelajagini belgilaydi. Til xalqni birlashtiradi, tarbiyalaydi, o‘qitadi, urf-odat va an’analarini saqlaydi. Shu o‘rinda, umuminsoniy va milliy qadriyatlarning o‘zaro uyg‘unlashuvini ta’minlash bilan birga, axborotlar mazmunida milliy ongni mustahkamlash hamda targ‘ib etish muhimligi to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning quyidagi so‘zlarini ta’kidlash lozim: “Biz farzandlarimizning ongi, dunyoqarashi asrlar davomida sinovdan o‘tgan, yuksak ma’naviyat xazinasi bo‘lgan jahon va milliy adabiyotimiz asosida emas, balki qandaydir shubhali, zararli axborotlar asosida shakllanishiga beparvo qarab turolmaymiz”, yoki "Yangi O‘zbekiston strategiyasi" kitoblaridagi quyidagi iqtiboslarga e’tiboringizni qaratmoqchiman:

"Men bugun aziz bolalarimizga murojaat qilib, XX asr boshida olti tilli - o‘zbek, arab, fors, hind, turk va rus tillarida lug‘at tuzgan alloma Ishoqxon Ibratning mana bu hikmatli so‘zlarini eslatmoqchiman: "Bizning yoshlar, albatta, boshqa tilni bilish uchun sa’y-harakat qilsinlar, lekin avval o‘z ona tilini ko‘zlariga to‘tiyo qilib, ehtirom ko‘rsatsinlar. Zero, o‘z tiliga sadoqat - bu vataniy ishdir".

Shunday ekan, tahdid sifatida namoyon bo‘layotgan yuqoridagi axborot oqimlarining salbiy mohiyatini anglash, jamiyat a’zolari ongida g‘oyaviy immunitetni rivojlantirish, insonlar tafakkurini umummanfaat sari yo‘naltirish va mustahkamlash masalalari bugungi davrning jamiyat a’zolari oldiga qo‘ygan asosiy talablaridan hisoblanadi.

Muxtasar qilib aytganda, bizga ta’sir o‘tkazayotgan yoki ta’sir o‘tkazmoqchi bo‘layotgan yuqoridagi reklama va peshtaxtalar g‘oyalarining qay birini qabul qilish va qay birini rad etish lozimligini aniqlash uchun mutasaddi tashkilotlar xodimlarining (shu jumladan, Atamalar komissiyasini) jiddiy munosabati va sharhi lozim bo‘ladi.


Fozil Sultonov,

Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ul xodimi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 126
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22034
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//