O‘zbekistonda yoqlangan PhDni chet el universitetlari magistratura o‘rnida qabul qiladi – oliy taʼlimdan keyingi taʼlim tizimiga doir xulosalar


Saqlash
22:55 / 29.09.2023 7264 5

Oliy taʼlimdan keyingi taʼlimning baʼzi Sharqiy Yevropa va O‘rta Osiyodagi davlatlarda saqlanib qolgan PhD/DSc va dunyoning boshqa joylaridagi PhD darajalari o‘rtasida qanday farq bor? Buning formulasi quyidagicha: PhD/DSc = PhD. Chunki juda ko‘p davlatlarda PhD taʼlimning eng oliy darajasi deb qabul qilingan. Undan tepada biror oliy taʼlim darajasi yo‘q, hatto xohlasangiz ham undan tepaga chiqishning iloji yo‘q. Unda nega O‘zbekistonda PhD/DC tizimini ushlab turishibdi? Buning davlat ichida va tashqarisida qanday taʼsiri bor?

 

Har xil maʼlumotlarni eʼtiborga olgan holda aytsak, dunyo aholisining 1 foizdan 1,3 foizigacha aholisi PhD ilmiy darajasiga yetadilar. Demak, dunyoning bir hovuchgina odami bunday ilmiy mavqega sazovor bo‘ladi. Bobolarimiz ilm olishni igna bilan quduq qazish kabi og‘ir mashaqqat ekanligini taʼkidlaganlaridan xabarimiz bor. Men bunga shaxsan o‘z tajribamda iqror bo‘ldim. Fan doktori darajasiga yetib borish juda ko‘p vaqt va mablag‘ talab qiladi. U insondan kuchli chidamlilik, ruhiy barqarorlik talab qiladi, chunki yillab muntazam ravishda aqliy mehnat bilan shug‘ullanish o‘ta og‘ir. Taʼlimning yuqori cho‘qqisini ko‘zlagan ko‘pchilik oilaviy qiyinchiliklar, munosabatlardagi murakkablik, kuchli stress va ruhiy salomatlik bilan bog‘liq muammolarni boshdan o‘tkazadilar. Chunki ko‘p hollarda ilmiy tadqiqotlar yolg‘izlik va izolyatsiya talab qiladi. Olimlar juda tor bir yo‘nalishni tanlab, juda ko‘p o‘rganish va tadqiq qilish orqasidan o‘z yo‘nalishlarining kuchli mutaxassisiga aylanadilar. Ular o‘z yo‘nalishlaridagi hamma narsadan xabardor bo‘lishlari talab qilinadi.

 

Nega O‘zbekiston PhD/DSc tizimidan voz kechishi lozim? O‘zbekistonda PhD tadqiqotchilarga berilgan uch yil muddat yaxshi tadqiqot olib borish uchun yetmaydi. Bu tadqiqot metodlarini o‘rganish va tadqiqot metodologiyasini yaratish uchungina yetishi mumkin. Men PhD tadqiqotimni uzluksiz ravishda olib borib, yetti yilda tugatdim. Shunda ham ikkita ilmiy rahbarim va yana uchta yo‘nalish mutaxasislari doimiy ravishda meni kuzatib yo‘l ko‘rsatib bordi. O‘zbekistonda “yaxshi ilmiy rahbar” muammosi boshqa bir mavzu. Tadqiqot nimaligini, tadqiqot metodlari va metodologiyasini tushunmasdan turib yozilgan dissertatsiyalarning qimmati juda past. Shuning uchun ham ilmiy jurnallarda kuchli ilmiy ishlarni nashr qildirish talabi ham korrupsiya yo‘li bilan amalga oshiriladi.

 

Keyin ikkinchi bosqichda yana shu muammo qaytariladi. PhD olganlar DSc uchun yana boshqa tadqiqot qilishlari lozim, bunga ham yetarli vaqtlari bo‘lmaydi va natijada ikkita kuchsiz, ko‘chirmachilik asosida erishilgan tadqiqot dunyoga keladi. Shaxsan shunday tadqiqotlarni Alisher Navoiy nomidagi kutubxonaning dissertatsiyalar bo‘limida o‘tirib ko‘zdan kechirdim.

 

O‘zbekistonda PhD va DSc olayotganlar o‘z ilmiy ishlariga taqrizni o‘zlari yozadilar. Ilmiy ishlar odatda yuzaki ko‘rib chiqiladi va qandaydir imloviy yoki yozishdagi baʼzi kamchiliklar ko‘rsatilib himoyadan o‘tkazib yuboriladi. Men bunga ham shohid bo‘ldim. Bu holat O‘zbekistonda taʼlim olgan PhD/DSc fan doktorlarini globallashayotgan dunyoda cheklab qo‘yayotgani, ularning jug‘rofiy mobilizatsiyasiga salbiy taʼsir ko‘rsatayotgani va xalqaro taʼlim tizimlarining (International Recognation of Education) O‘zbekistondagi tizimni tan olishiga qiyinchiliklar tug‘dirayotganini o‘ylab ko‘rishimiz kerak.

 

Bugun O‘zbekistonda yaratilgan PhD/DSc tizimi dunyo taʼlim tizimlarida noaniqlik va O‘zbekistondagi taʼlim sistemasiga ishonchsiz qarashlarga sabab bo‘lmoqda. Baʼzi hollarda O‘zbekistonda olingan PhDni boshqa universitetlar magistratura o‘rnida qabul qilsa, boshqa hollarda ochiq-oydin bizdagi PhD tadqiqotlari ustidan kuladilar. Bunga yetarlicha sabablari bor deb o‘ylayman. Buning ustiga menga o‘xshagan chet davlatda PhD olganlar O‘zbekistonda ikkinchi darajali olimlarga o‘xshab qolamiz. Shu o‘rinda aytishim lozimki, meni O‘zbekistonda PhD deyishsa o‘zimni kamsitilgan his qilaman.

 

Dr. Dilsora FOZILOVA

 

 

5 Izohlar

Anvarbek

19:10 / 06.10.2023

Shu post egasini ilmiy ishi bilan qanday tanishsak boʻladi. Men shunchaki qiziqdim.

Mavlonbek

22:10 / 01.10.2023

Albatta fikrlar to'g'ri, tanqid doim bo'lishi kerak. Odatda men bu kabi maqolalarga fikr yozmayman. Lekin endi yozmoqchiman. Biz hamma narsani chet el bilan solishtirib o'rganib qolganmiz. Bu ham to'g'ri. Biroq bugun O'zbekiston 32 yoshda, siz solishtirgan davlat aminmanki kamida 50 yildan balanddir. O'zbekistonda uzoq yillar davomida ilmli insonlar hech kimga ilm bermadi, ilm qilish sangamas deyishdi. Ilm qilish juda og'ir, man unday qilganman man bunday qilganman...va hakozo yoshlar ongida go'yoki ilmiy ish qilish mumkin emas degandek fikr uyg'otildi. Man shaxsan siz aytayotgan chet eldagi ilmiy ishlarni ham ko'rganman va hulosaga egaman. Xozirda man OAK yoki ta'lim bilan bog'liq biror tashkilotda ishlamayman. Lekin o'zim ham O'zbekistonda himoya qilganman. Lekin biz PhD darajasiga ega bo'lib turib ushbu nomga o'zimizni loyiqdek tutmaymiz Siz kabi. Ilm bu keng ummon, uni qanchalik tadqiq qilsangiz shuncha chuqurlashib boraverasiz va hali kamchiliklaringiz ko'pligi anglaysiz. Siz O'zbekistonda PhD deyishsa kam sitilgandek bo'lsangiz marhamat O'zbekistonga bormang yoki boringda ilmiy faoliyatda uchrayotgan shu kamchiliklarni bartaraf qilinishiga hissa qo'shing. Biz chet elda turib O'zbekistonni yomonlab yozaversak, rivojlanishiga hissa qachon xissa qo'shamiz. Shuning uchun ushbu postni o'qigan hammada iltimos qilaman. Maqola yozayotgan his hayojonga berilmang. Ilmli inson bo'la turib ilmsiz insondek fikrlamang iltimos!!!

Baxromjon

15:10 / 01.10.2023

Assalomu alaykum. Dolzarb muammo koʻtarilgan. Bu holatga oʻzim ham duch kelganman.

Dilrabo

17:09 / 30.09.2023

Juda to'g'ri aytdiz opa. O'zbekistondagi deyarli 90 foiz dissertasiya ko'chirmachilik asosida amalga oshadi. Soxta olimlar ko'payib ketgan. Fan doktorlarning ko'pchiligi rektor, prorektor bo'lish ilinjida shu ishlarni qilishadi

Norqulov Jaloliddin Saloxiddinovich

15:09 / 30.09.2023

Himoya qilingan tadqiqot ishlarini ko'tarish, o'rganib chiqish kerak. Qaysi tadqiqotning foydasizligini aniqlab, qaysi go'rdagi axmoqona yozuvlar uchun berilgan darajalarni bekor qilish, ilmiy rahbarini ham unvonini pasaytirish va ular uchun ketgan budjet mablag'larini undirib olish kerak. Va bu jarayonda ham korruptsiya bo'lib ketmasligiga garantiya yo'q! PS: Aaaasta borib biror bir professordan ilmiy ish qilmoqchiman, nima deb maslahat berasiz deb so'rang-da... "Shunchalaaaar ketadi", deb, birinchi xarajatdan boshlaydi. Ilmiy ishni ham birovga qildirsak bo'lmaydimi deb yana so'rang-da... "Tiqilib yotibdi yozadigan, pulini bersangiz bo'ldi", degan ikkinchi eksklyuziv javobni olasiz. (Hammasiyam emas lekin!)

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 133
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22040
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//