O‘zbekistonda yoqlangan PhDni chet el universitetlari magistratura o‘rnida qabul qiladi – oliy taʼlimdan keyingi taʼlim tizimiga doir xulosalar


Saqlash
22:55 / 29.09.2023 7267 5

Oliy taʼlimdan keyingi taʼlimning baʼzi Sharqiy Yevropa va O‘rta Osiyodagi davlatlarda saqlanib qolgan PhD/DSc va dunyoning boshqa joylaridagi PhD darajalari o‘rtasida qanday farq bor? Buning formulasi quyidagicha: PhD/DSc = PhD. Chunki juda ko‘p davlatlarda PhD taʼlimning eng oliy darajasi deb qabul qilingan. Undan tepada biror oliy taʼlim darajasi yo‘q, hatto xohlasangiz ham undan tepaga chiqishning iloji yo‘q. Unda nega O‘zbekistonda PhD/DC tizimini ushlab turishibdi? Buning davlat ichida va tashqarisida qanday taʼsiri bor?

 

Har xil maʼlumotlarni eʼtiborga olgan holda aytsak, dunyo aholisining 1 foizdan 1,3 foizigacha aholisi PhD ilmiy darajasiga yetadilar. Demak, dunyoning bir hovuchgina odami bunday ilmiy mavqega sazovor bo‘ladi. Bobolarimiz ilm olishni igna bilan quduq qazish kabi og‘ir mashaqqat ekanligini taʼkidlaganlaridan xabarimiz bor. Men bunga shaxsan o‘z tajribamda iqror bo‘ldim. Fan doktori darajasiga yetib borish juda ko‘p vaqt va mablag‘ talab qiladi. U insondan kuchli chidamlilik, ruhiy barqarorlik talab qiladi, chunki yillab muntazam ravishda aqliy mehnat bilan shug‘ullanish o‘ta og‘ir. Taʼlimning yuqori cho‘qqisini ko‘zlagan ko‘pchilik oilaviy qiyinchiliklar, munosabatlardagi murakkablik, kuchli stress va ruhiy salomatlik bilan bog‘liq muammolarni boshdan o‘tkazadilar. Chunki ko‘p hollarda ilmiy tadqiqotlar yolg‘izlik va izolyatsiya talab qiladi. Olimlar juda tor bir yo‘nalishni tanlab, juda ko‘p o‘rganish va tadqiq qilish orqasidan o‘z yo‘nalishlarining kuchli mutaxassisiga aylanadilar. Ular o‘z yo‘nalishlaridagi hamma narsadan xabardor bo‘lishlari talab qilinadi.

 

Nega O‘zbekiston PhD/DSc tizimidan voz kechishi lozim? O‘zbekistonda PhD tadqiqotchilarga berilgan uch yil muddat yaxshi tadqiqot olib borish uchun yetmaydi. Bu tadqiqot metodlarini o‘rganish va tadqiqot metodologiyasini yaratish uchungina yetishi mumkin. Men PhD tadqiqotimni uzluksiz ravishda olib borib, yetti yilda tugatdim. Shunda ham ikkita ilmiy rahbarim va yana uchta yo‘nalish mutaxasislari doimiy ravishda meni kuzatib yo‘l ko‘rsatib bordi. O‘zbekistonda “yaxshi ilmiy rahbar” muammosi boshqa bir mavzu. Tadqiqot nimaligini, tadqiqot metodlari va metodologiyasini tushunmasdan turib yozilgan dissertatsiyalarning qimmati juda past. Shuning uchun ham ilmiy jurnallarda kuchli ilmiy ishlarni nashr qildirish talabi ham korrupsiya yo‘li bilan amalga oshiriladi.

 

Keyin ikkinchi bosqichda yana shu muammo qaytariladi. PhD olganlar DSc uchun yana boshqa tadqiqot qilishlari lozim, bunga ham yetarli vaqtlari bo‘lmaydi va natijada ikkita kuchsiz, ko‘chirmachilik asosida erishilgan tadqiqot dunyoga keladi. Shaxsan shunday tadqiqotlarni Alisher Navoiy nomidagi kutubxonaning dissertatsiyalar bo‘limida o‘tirib ko‘zdan kechirdim.

 

O‘zbekistonda PhD va DSc olayotganlar o‘z ilmiy ishlariga taqrizni o‘zlari yozadilar. Ilmiy ishlar odatda yuzaki ko‘rib chiqiladi va qandaydir imloviy yoki yozishdagi baʼzi kamchiliklar ko‘rsatilib himoyadan o‘tkazib yuboriladi. Men bunga ham shohid bo‘ldim. Bu holat O‘zbekistonda taʼlim olgan PhD/DSc fan doktorlarini globallashayotgan dunyoda cheklab qo‘yayotgani, ularning jug‘rofiy mobilizatsiyasiga salbiy taʼsir ko‘rsatayotgani va xalqaro taʼlim tizimlarining (International Recognation of Education) O‘zbekistondagi tizimni tan olishiga qiyinchiliklar tug‘dirayotganini o‘ylab ko‘rishimiz kerak.

 

Bugun O‘zbekistonda yaratilgan PhD/DSc tizimi dunyo taʼlim tizimlarida noaniqlik va O‘zbekistondagi taʼlim sistemasiga ishonchsiz qarashlarga sabab bo‘lmoqda. Baʼzi hollarda O‘zbekistonda olingan PhDni boshqa universitetlar magistratura o‘rnida qabul qilsa, boshqa hollarda ochiq-oydin bizdagi PhD tadqiqotlari ustidan kuladilar. Bunga yetarlicha sabablari bor deb o‘ylayman. Buning ustiga menga o‘xshagan chet davlatda PhD olganlar O‘zbekistonda ikkinchi darajali olimlarga o‘xshab qolamiz. Shu o‘rinda aytishim lozimki, meni O‘zbekistonda PhD deyishsa o‘zimni kamsitilgan his qilaman.

 

Dr. Dilsora FOZILOVA

 

 

5 Izohlar

Яйра

14:12 / 25.12.2023

Сизниннг фикрингиз Бир еклама. Сиз айтаетган илмий мухит хамма ерда хам Бир хил эмас. Бу Билан илмни килманг фойдаси йук демокчимимиз. Балки бордир пулга ва плагиат ишлар. Лекин хакикий или йулида машаккатли мехнатларини аямай келаетган фидоийлар талгина. Методика бу тажриба. Агар тажриба етарли булса илм нафакат 3 йил балки ундан хам Кам йилда илмий иш килиш мумкин. Сохталикни тарк этиб ешларга илм йули очилса улар анча илгарилаб аьло натижаларини курсатишга кодир.

Артур

20:10 / 09.10.2023

Хакикатдан хам Норқуловни гапларига қўшиламан.Бир пайтлар менга хам айтишган. маблагинг бўлмаса ўринмай қўяқол деб.Хали хануз шунака экан.Янаям авжига чикиб олишган. Докторман прoфессорман деб кўчирмакашлик қилиб тадқиқотчини шилиб ётишибди. тўғри ҳаммаси ҳам эмас, лекин аксарияти шунақа. Табиб табибмас бошдан ўтказган табиб дейишади. Лекин мен қилдим шу ишни бошимдан ўтказдим. Энди айб ўзимизда ҳам қўлингиздан келмаса ўзингиз ёзишингиз бировга ёздириб олмаганингиз маьқул.Жамиятга бир тийинлик фойдаси тегмайдиган ишлар кўпчилиги.

Nuriddin

20:10 / 08.10.2023

Suv tepadan loyqa. Buni isloh qilish uchun avvalo sifatga e'tibor beradigan vazirlik va rahbarlar kerak. Yaqin 4-5-yilda holat yaxshilanishiga ko'zim yetmaydi

Furqat

19:10 / 08.10.2023

Assalomu alaykum, Mavlonbekni gaplariga qo'shilaman.

Dilrabo

18:10 / 08.10.2023

Siz statistikani bir ko'rib chiqqanmisiz? 2010-yildan 2017-yilgacha ilmiy darajada olish foizi achinarli holda bo'lgan. Siz "uyaladigan" davlatda PhD darajasi joriy qilinganidan keyin ilm qilish o'sa boshladi. Siz 20 yil universitetda ishlab ilmiy darajaga ega bo'lmagan yoki 20 yildan ortiq fan nomzodi bo'lib yurganlarning dardini eshitib ko'rganmisiz? Ular chorasizlikdan bir joyda qotib qolishgan. Tizimdagi byurokratiya va korrupsiya ilm qilishni to'xtatib qo'ygan. Oxirgi 5 yillikda ilmiy potensial rivojlana boshladi. U qanday qaytishi muhim emas, qay darajada qaytishi muhim. Magistr akademik darajasini olgan insonlar yo'lida davom qilishi uchun bu zarur. Rivojlangan davlatda ilm qilib, rivojlanayotgan davlatga kelib, qilinayotgan ishlarni yerga urish juda oson. Necha yillar davomida qullikni boshidan kechirgan, ziyolilari ta'qibga uchragan Siz aytayotgan "uyaladigan" davlatda ilm endi rivojlanayapti. O'zbekiston hali ilmda siz aytayotgandan ham rivojlanadi. Buning uchun tanqid bilan amas, Vatanga, shu yurt rivoji uchun harakat qilish kerak!

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 150
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22044
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//