Shveytsariyalik sharqshunos va tarixchi Adam Mets IX asr oxiridan XIII asr boshlarigacha davom etgan ilmiy jarayonlarni har tomonlama tahlil qilib, bu ijtimoiy hodisani “Musulmon Renessansi davri” deb atadi [10]. Beruniy ushbu Musulmon Renessansi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk olimlardan biri edi.
Amerikalik mashhur fan tarixi mutaxassisi J.Sarton ham Beruniy asarlarini sinchkovlik bilan o‘rganib, olimning ilmdagi faoliyatiga yuksak baho beradi va XI asrni “Beruniy davri” deb ataydi. U: “Beruniy zamonasining ulug‘ olimi va hamma davrlarning ham eng ulug‘ siymosidir”, deb yozadi [1: 5].
Ibn Sino maqbarasi tepasidagi 12 ustun alloma fanning shuncha yo‘nalishida faoliyat olib borganiga ishora ekanini gapirishadi. Abu Rayhon Beruniy ilmning nechta sohasida ijod qilgani to‘g‘risida hozirgacha biror aniq va tugal xulosa bildirilmagan. Beruniy fanning hamma sohalarida samarali ijod etdi va boy ilmiy meros qoldirdi. Akademik I.Y.Krachkovskiy aytganidek, “u qiziqqan sohalarni sanab chiqishdan ko‘ra, qiziqmaganini sanash osonroqdir”.
Beruniy asarlariga nazar solsak, ko‘z o‘ngimizda olim benazir xronolog, tarixshunos, fan tarixchisi, geologik hodisalar, minerallar va javohirlarni o‘rganuvchi tadqiqotchi, faylasuf, filolog, shoir, dinshunos, dorishunos, etnografiya, antropologiya, botanika, astronomiya, sferik astronomiya, matematika, geografiya, geometriya va trigonometriya ilmlarini favqulodda rivojlantirgan; geodeziya ilmiga asos solgan; fizika, astronomiya va geometriyada ishlatiladigan maxsus uskunalar ixtiro qilgan; fizik hodisalarga teran baho bergan daqiq olim qiyofasida paydo bo‘ladi.
Tadqiqotchilar fikrlariga ko‘ra, Beruniy ijodida fanning beshta yo‘nalishi alohida o‘rin tutadi. Ular xronologiya, astronomiya, matematika, geodeziya va geografiya sohalaridir. Beruniy o‘z asarlariga “Fihrist” (1035-1036) tuzadi va unda 113 asarini qayd etadi [1: 230–242]. Ular orasida 70 ta astronomiya, 20 ta matematika, 12 ta geografiya va geodeziyaga oid asarlar nomi keltiriladi. Olim “Fihrist”ni tuzgandan keyin ham 13 yil yashab, yana 50 dan ortiq asar yozgandi. Ular qatorida tarix, dorishunoslik va dinshunoslikka oid asarlar ham bor edi.
Astronomiya
Tadqiqotchilar Beruniyni ko‘proq astronom sifatida taniydilar. Bu fan sohasi uning har bir asarida sezilib turadi. “Osor al-boqiya”, “Hindiston”, “Mineralogiya” va hatto, “Saydana” asarlarida ham yil hisoblari va yulduzlar ilmiga oid ma’lumotlarga urg‘u berib o‘tadi. Allomaning 150 dan ortiq asaridan bizgacha 33 tasi yetib kelgan. Ularning yarmidan ko‘pi astronomiya va astrologiyaga bag‘ishlangan, “Qonuni Mas’udiy” eng yirigi va mo‘‘tabaridir [5]. U haqli ravishda o‘rta asrlar musulmon astronomiyasining ensiklopediyasi hisoblanadi. Beruniy bu asarida Sharq va G‘arbda mashhur Bobil podshohi Buxtunassar (Nabonassar, m.av. 747–735-yillar) zamonidan milodiy 1030-yilgacha fanda erishilgan yutuqlarni tahlil qiladi.
Beruniy olam tuzilishida olam markazida Quyosh emas, Yer turadi, degan geotsentrik nazariya tarafdori bo‘lsa ham, astronomiyada u bir qancha ilg‘or fikr-mulohazalar va g‘oyalarni ilgari suradi. Quyosh orbitasidagi eng baland joy – apogeyining harakatli ekanligini isbotlaydi va buning pirovard oqibati haqida mulohaza yuritadi. Asarida mukammal yulduzlar jadvalini (1029 yulduz) keltiradi, sferik astronomiyaga tegishli juda ko‘plab masalalarning yechimlarini beradi.
“Qonuni Mas’udiy” o‘zidan oldingi astronomiya va matematikaga oid ilmlarni umumlashtirib, ularga mukammal xulosa yasagani sababidan bo‘lsa kerak, keyingi davrlarda bu asarga biror olim sharh yo takmila (qo‘shimcha) yozgani ma’lum emas.
“Qonuni Mas’udiy” astronomiya tarixidagi buyuk asarlardan biridir. Unda keltirilgan qonunlar va qoidalar, yulduzlar jadvali mashhur ozarboyjon olimi Nasiriddin Tusiy (1201–1278) va Mirzo Ulug‘bek (1394–1449) asarlari yozilishida muhim o‘rin tutdi. Tusiy va Ulug‘bek rasadxonalarida bu asar astronomiyani o‘rganishda asosiy darslik vazifasini o‘tagan [8].
Beruniy Muhammad ibn Muso al-Xorazmiyning astronomiyaga oid asariga uchta sharh yozishi ham olim ijodida astronomiya sohasi asosiy yo‘nalish ekaniga yana bir dalildir [7: 230].
Matematika
Beruniyning sevimli fanlaridan yana biri matematikadir. U arifmetika, algebra, geometriya, trigonometriya va sferik trigonometriyaga oid ko‘plab asarlar yozgan. Uning birgina matematikaga oid 20 ta asar yozgani ma’lum [10: 276–281]. Geografiya, geodeziya va “Xronologiya”, “Hindiston” asarlarida ham matematik hisoblar, bu soha olimlarining ko‘plab ismlari va matematikaga oid asarlari nomlarini keltiradi.
“Qonuni Mas’udiy”ning matematikaga bag‘ishlangan o‘n bir bobdan iborat uchinchi maqolasida Beruniy fanda birinchi bo‘lib radiusi bir bo‘lgan aylanadan foydalanadi. Son tushunchasini kengaytiradi va tekis hamda sferik uchburchaklar uchun sinuslar teoremasini isbotlaydi [4: 240–244]. U o‘z zamonasi uchun juda katta aniqlik bilan bir darajali yoy sinusini aniqlaydi [4: 206].
Beruniy tadqiqotida ikki matematik qoidani keltiradi. Biri – ixtiyoriy kattalikdagi A sonini oltmishlik tizimda yozish qoidasi edi:
Ikkinchisi mashhur “shaxmat masalasi”ning yechimi edi:
U mazkur masalada yig‘indini topadi [2: 176]. Bu ishida 16 kvadratlari bilan amalni bajargani Beruniyning yuksak hisoblash mahoratiga egaligidan dalolat beradi.
Geodeziya
Abu Rayhon Beruniy “Geodeziya” (“Turarjoylar orasidagi masofalarni aniqlash uchun manzillarning chegaralarini belgilash”) asarini yozib, fanning bu sohasiga tegishli ko‘pgina masalalarni hal qiladi. U ushbu asari bilan geodeziya ilmiga asos soladi.
Olim kitobida maqsadini quyidagicha bayon etadi: “Yerdagi joylarning sharq va g‘arb orasidagi uzunligi, shimoliy va janubiy qutblar orasidagi kengliklar va ular orasidagi masofalar hamda ba’zilarining azimutini boshqalari orqali aniqlash usulini bayon qilishdan iboratdir” [3: 165].
Asarda olam tuzilishi, Yerning geologik tarixi, ilmlarning paydo bo‘lishi, qit’alar ko‘chishi va boshqa ilmiy-falsafiy mulohazalar keltiriladi. Yer globusini (yer kurrasi shakli) qanday yasash kerakligini tushuntiradi.
Abu Rayhon Beruniyning ushbu asari amaliy astronomiya, geodeziya, geografiya masalalari – aholi yashash joylarining geografik koordinatlari, ularning azimut va masofalarini aniqlash, yoritkichlar balandliklariga ko‘ra ekliptikaning osmon ekvatoriga og‘ish burchagini hisoblash va turli tarixiy davrlardagi tengkunlik holatlarini aniqlashga bag‘ishlangan. Muallif qadimgi davr va o‘rta asr Sharq olimlarining mazkur masalalarni hal qilishdagi yutuqlariga tanqidiy yondoshgan holda o‘zi erishgan natijalarni ham keltiradi. Astronomik asboblar va o‘zi ixtiro qilgan uskunalarni ham tavsiflaydi.
Olim Hindistonning Nandna qal’asida o‘lchash ishlarini olib boradi [3: 165]. Bu shahar hozirgi Pokistonning shimoli-sharqida joylashgan. U Nandnaning geografik kenglikdagi joylashuvini o‘lchab, 32° daraja bilan belgilaydi. Bugungi taraqqiy etgan fan tekshiruvlarida uning o‘rni 34°43' darajada ekani aniqlangan. Xuddi shu kenglikka tayanib, u Yerning jug‘rofiy o‘lchamlarini ham topadi va meridianning bir gradusga mos qismi uzunligini 53'15" (o‘nlik tizimda, 887) mil deb qayd etadi. V.Xintsga ko‘ra, bir arab mili 1995 metr deb olinsa, Beruniy aniqlagan o‘lcham 111494 metrni tashkil etadi. Bu hozir amalda qo‘llanadigan 110895 metrlik aniq qiymatdan 599 metr ortiq bo‘ladi.
Uchta shahar orasidagi masofani aniqlash masalasini hal qilishda Beruniy fan tarixida ilk bor chiziqli triangulyatsiya (uchburchak) usulini qo‘llagan [12: 56-57].
Beruniy azimutni aniqlashning analitik usullarini bayon etgan. U “Geodeziya” hamda boshqa asarlarida ham birinchi marta radiusi birdan iborat aylanadan foydalanadi va ba’zi hisoblashlarida radiusni 60 birlik qilib oladi.
Beruniy fan tarixida birinchi marta qit’alar siljishi (dreyfi) nazariyasini yaratadi. U: “Yerning obod qismi harakatlanish hodisasiga ko‘ra, har xil joylarga siljib turadi. Uning qismlari ko‘chganida og‘irligi ham birga ko‘chadi va o‘rni yerda o‘zgarib turadi. Yerning obod qismi suv o‘rni o‘zgarishiga qarab siljiydi, chunki u suvga tobe holatdadir” [3: 48]. Beruniy jug‘rofiy kengliklarda bunday siljishlar sodir bo‘lganda shahar o‘rni sezilarli darajada o‘zgarishi, hatto, u halokat keltiruvchi joylarga yetib qolishi va bunda yashovchilarni halok qilishi mumkin deb hisoblaydi. Shu sababdan jug‘rofiy kengliklar doimo kuzatilishi va ularni o‘lchab turish kerakligini ta’kidlaydi [3: 48]. Beruniy shu tariqa ming yil oldin qit’alar siljishi (dreyfi) shaharlar joylashgan jug‘rofiy kenglikning o‘zgarishiga olib kelishi haqida dohiyona fikrni olg‘a suradi. Bu nazariya o‘rta asrlar ilm-fanida haqiqiy buyuk inqilob edi.
Yuqorida keltirilgan va boshqa shu kabi ma’lumotlarga tayanib, Beruniyni zamonaviy geodeziya fani poydevorini qurgan deyishga haqlimiz.
Geografiya
Beruniy geodeziya va geografiyaga oid 17 ta asaridan [10: 293-294] boshqalarida ham mazkur sohalarga doir ilmiy qarashlarini bayon etadi. Geografiya fanining yuzaga kelishi va uning zarurligi haqida ilg‘or fikrlar bildiradi. Bir ilmsiz shaxs bilan bahslashish va uni tanqid qilish jarayonida ishonchli dalillar keltirib, madaniy jamiyat geografik bilimlarga ega bo‘lishi kerakligini isbotlaydi [3: 42]. Dalillarning biri sifatida X asrda yashagan siroflik dengiz darg‘asi Mofanno haqidagi juda qiziqarli novellani keltiradi [3: 43].
Beruniyning Sharq geografiyasida tutgan o‘rni va yutuqlarini I.Y. Krachkovskiy tahlil qilib, chuqur o‘rgangan. Biroq u: “Sharqlik geograflar ham qadimgi yunonliklar kabi Yer shimoliy yarimsharining faqat choragi oboddir, undan shimol va janubda haddan tashqari sovuq va issiq tufayli ma’murlik yo‘q deganlar”, deb xatoga yo‘l qo‘yadi [9: 244–271]. XI asr boshlaridayoq Beruniy yunonlarning bu qarashlari noto‘g‘ri ekanini isbotlagandi. “Geodeziya”ning muqaddimasi va undan keyinroqda ham bunga bir necha misol keltiradi. U mantiqiy yo‘l bilan janubiy jug‘rofiy kengligi 64° bo‘lgan yerlarning iqlim sharoitiga ko‘ra “u yerda hayot bo‘lishi mumkin”ligini isbotlaydi [2: 57]. Asarning keyingi qismida: “Ma’mur yerlar yettinchi iqlimdan keyin, yo birinchi iqlimdan oldin birdaniga tugamaydi. Ular asta-sekin, ayrim kichik joylar bo‘ylab kamayib boradi”, deb ta’kidlaydi [3: 109]. Olim “Geodeziya” va “Tafhim”da o‘zining mashhur dengizlar nazariyasini keltiradi. Unda qadimgi yunon olimlarining Hind okeani har tomondan qit’alar bilan o‘ralgan yopiq dengiz degan qarashlarini rad etadi va u Atlantika okeani bilan tutashligini dalillar bilan isbotlaydi. Hatto, Yerning quruqlik qismi har tarafdan Bahri muhit (o‘rovchi dengiz) yoki O‘qiyonus (Okean) bilan o‘ralganini ko‘rsatadi [6: 35].
Beruniy asarida geofizika masalalariga doir mulohazalarini ham keltiradi. Bu sohadagi fikrlari hozirgi davr ilmi nuqtai nazaridan sodda ko‘rinsa ham, fan tarixi uchun katta ahamiyatga egadir.
Beruniy gipotezasiga ko‘ra, barcha jismlar Yerning og‘irlik markaziga intiladi. U: “Astronomiya ilmining negizlaridan Yer sharsimon shaklga egaligi aniqlangan. Og‘irliklar hamma tarafdan sharsimon olamning markaziga qarab harakatlanishi tabiiydir. Suv sathi ham sferikdir. Faqat to‘lqinlarning miqdoricha chetlanadi, bu uning zarralari orasida tortilishining yo‘qligidandir”, deb yozadi [3: 52]. Olim Yerning ichki qatlamlarida uning sirtlaridagi og‘irliklarni muvozanatlash uchun ham harakatlanishi zarurligini taxmin qiladi.
Vanihoyat, Beruniy 22 yoshlarida aniq o‘lchovlar va ilmiy taxminlar asosida insoniyat tarixida birinchi marta diametri yetti yarim metrlik Yer globusini yasab, geografiya va astronomiya ilmida buyuk kashfiyot sodir etadi. Globusda osmon jismlari – Quyosh, Oy, sayyoralar va yulduzlar proektsiyalari aks etgandi.
Xronologiya
Abu Rayhon Beruniy asarlarining deyarli barchasida xronologiyaga murojaat etadi. U astronomiya, geografiya va tarix fanlari bilan bog‘liq holda keladi. Xronologiya allomaning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”, “Hindiston”, “Tafhim” va boshqa asarlariga sochilib ketgan.
“Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida Beruniy qadimgi davrlardan milodiy XI asrgacha Janubiy Yevropa, Yaqin va O‘rta Sharq, Markaziy Osiyo va Hindistonda yashagan xalqlarning tarixi, xronologiyasi, etnografiyasi, toponomikasi, taqvimlari, bayramlari va muqaddas kunlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni keltirgan. Olimning xorazm, sug‘d, arab va fors tillaridan tashqari qadimgi yahudiy, suryoniy, yunon va boshqa tillarni bilgani uni shubhasiz benazir xronologga aylantirgan. Beruniy mazkur asarining “Kecha-kunduzlardan tarkib topuvchi oylar va yillarning mohiyati” deb atalgan bobida qadimgi xalqlardan – misr, suryoniy, kaldoniy, yunon, qibt, yahudiy, islomgacha va musulmon arablar, qadimgi fors, hind, sug‘d, xorazmliklardagi yil va oy hisobi haqida boshqa manbalarda topib bo‘lmaydigan qadimgi hamda bebaho ma’lumotlarni taqdim etadi. U ishida Demokrit, Meton, Kalipp, Dosifey, Metrodor, Yevktemon, Yevdoks kabi yunon olimlari va boshqalar ma’lumotlaridan foydalanadi.
Allomaning yana bir fundamental “Hindlarning aql bovar qiladigan yoki qilmaydigan ta’limotlarini tushuntiradigan kitob” (“Hindiston”) asari ham xronologiya, tarix, tarixiy geografiya, etnografiyani qamrab olgan. Muallif bu asari haqida: “Menga harfma-harf hind kitoblari o‘qib berilayotganda, bu asarlarning mazmunini anglaganim sayin, ilm ahli bilan bu bilimlarni bo‘lishmaslikni vijdonim qabul qilmadi. Ilm sohasidagi xasislik gunohdir”, deb yozadi.
Beruniy foydalangan manbalarning katta qismi bugungacha yetib kelmagani alloma asarlarining ilmiy va tarixiy qiymatini yanada oshiradi. U buyuk qomusiy olim ekaniga shubha yo‘q. Ayniqsa, uning xronologiya, aniq va tabiiy fanlar yo‘nalishidagi ilmiy tadqiqotlari boshqalar ishidan ustundir. Biz shu sababdan olimning asosiy ilmiy yo‘nalishlarini xronologiya, astronomiya, matematika, geodeziya va geografiya fanlari deb bilamiz.
Botirjon ABDULLAYEV
Foydalanilgan adabiyot va manbalar ro‘yxati:
1. Abu Rayhon Beruniy. Tanlangan asarlar, II jild. Hindiston. Tarjimonlar: A.Ahmedov va A.Rasulov. “O‘ZBEKISTON”, Toshkent, 2022.
2. Abu Rayhon Beruniy. Tanlangan asarlar, I jild. Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar. Tarjimonlar: A.Rasulov va A.Ahmedov. “O‘ZBEKISTON”, Toshkent, 2022.
3. Abu Rayhon Beruniy. Tanlangan asarlar, III jild. Geodeziya. Tarjimonlar: A.Ahmedov va B.Abdullayev. “O‘ZBEKISTON”, Toshkent, 2022.
4. Abu Rayhon Beruniy. Tanlangan asarlar, IV jild. Qonuni Mas’udiy. Tarjimonlar: A.Ahmedov, A.Rasulov va B.Abdullayev. “O‘ZBEKISTON”, Toshkent, 2022.
5. Abu Rayhon Beruniy. Tanlangan asarlar, IV-V jildlar. Qonuni Mas’udiy. Tarjimonlar: A.Ahmedov, A.Rasulov va B.Abdullayev. “O‘ZBEKISTON”, Toshkent, 2022.
6. Abu Rayhon Beruniy. Tanlangan asarlar: V jild. Qonuni Mas’udiy. Tarjimonlar: A.Ahmedov, A.Rasulov va B.Abdullayev. “O‘ZBEKISTON”, Toshkent, 2022.
7. Beruniy tug‘ilgan kunining 1000 yilligiga. “FAN”, Toshkent. 1973.
8. Гияс ад-Дин Каши. Из истории науки эпохи ислама. Письмо Гияс ад-Дина Каши к своему отцу из Самарканда в Кашан. / Перевод: Д.Юсупова. Ташкент, 1979.
9. Крачковский И.Ю. Арабская географическая литература, Изб. произв. Т. IV. М. Л., 1957.
10. Матвиевская Г.П., Розенфельд Б.А. Математики и астрономы мусульманского средневековья и их труды (VIII-ХVIIвв). Книга 2. Москва: Наука, 1983.
11. Метс Адам. Мусульманский Ренессанс. Перевод с немецкого, предисловие, библиография и указатель Д.Е. Изд. 2е. М., 1973.
12. Нарходжаев К. Геодезические работы Беруни. Ташкент, 1977.
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q