Abu Rayhon Beruniy ko‘plab ilm-fan sohalariga ixtisoslashgan va islom olamining ilm-fan jihatidan eng samarali davri va mintaqasida yashadi, dunyo ilm-fan tarixidagi eng buyuk olim va daholardan biri bo‘ldi. O‘zidan o‘xshashi yo‘q nodir asarlar meros qilib qoldirdi. Bunday o‘lmas asarlar qoldirishida uning ilmga bo‘lgan sevgisi va o‘zi foydalangan ilmiy uslub katta yordam berdi. Uning o‘zidan avvalgi ilmiy merosga munosabati va o‘zi ishlab chiqqan tizimli tanqid usuli haqiqatan ham olimlarni hayratga soladi. Abu Rayhon Beruniy o‘zining aql-zakovati, betakror qobiliyati, bilimi, metodologiyasi, tizimli fikrlash uslubi, yuksak kuzatuvchanlik qobiliyati bilan nafaqat tanqid uslubini qo‘llaydi, shuningdek, o‘zi shug‘ullangan mavzularda erishgan haqiqatlarni (tahqiq) o‘ziga xos isbot usuli bilan bayon qiladi.
Abu Rayhon Beruniy geologiya, tarix, fizika, matematika, astronomiya, geografiya, geologiya, geodeziya, tibbiyot, farmatsevtika va falsafa kabi ko‘plab sohalarda ijod qildi va bu sohalarga doir asarlar yozgan qomusiy olimdir. Tabiatshunoslik sohasidagi asarlarida qo‘llagan tanqid va tekshirish usuliga nazar tashlansa, eksperimental usulga tez-tez murojaat qilganini ko‘rish mumkin. Bundan tashqari astronomiya, geografiya kabi sohalarda bevosita “matematik isbot” va o‘lchov usulini qo‘llaydi. Abu Yoqub Is’hoq al-Kindiy va Abu Bakr Zakariyo ar-Roziy bu sohaning muhim namoyandalaridan edilar. U qo‘liga tushgan barcha ma’lumotlarga, dastlab, shubha ko‘zi bilan qaraydi va bu ma’lumotlarni o‘ziga xos uslub bilan ko‘zdan kechiradi. O‘zidan oldin yashab ijod qilgan olimlarning xatolarini, ularning uslubiy sabablarini tuzatadi.
Beruniy “Bashariy ilmlar”ni ilk bor qo‘llagan olim sifatida insonni dunyo markaziga qo‘yib, uning borliq va atrofidagi muhit bilan o‘rnatgan munosabatlarini tahlil qilgan zamonaviy antropologiyaning asoschisi sifatida qabul qilinadi. Bu sohada u inson faoliyatlarini madaniy boylik sifatida tushunish uchun asosan taqqoslash, qiyoslash usulidan foydalanadi. Tabiatshunos olim sifatida tarixni, din va falsafani real fikrlar bilan tanqid qiladi. Bu esa diniy va falsafiy dalillarga, ayniqsa, din va falsafaga qarshi kuchli fikrlash, ko‘rish va tajribani qo‘llaydi. U xuddi shu usul bilan raqiblariga dalillarini taqdim qiladi.
Uning asarlarida biz zamonaviy ma’noda birinchi darajali olimning ilmiy tafakkuri va akademik qarashini ko‘rishimiz mumkin. Qolaversa, tabiatshunoslik va bashariy fanlarni o‘z aqliy olamida muvaffaqiyatli uyg‘unlashtirib, har bir sohada turli usullarni samarali qo‘llash orqali asl natijalarga erishadi. Beruniy ilmiy faoliyatlarining barchasini islom e’tiqodiga sodiq qolgan holda samimiy bir musulmon sifatida amalga oshirdi.
Ilm haqidagi qarashlari
Abu Rayhon Beruniy ilm-fanning ko‘plab sohalarida tadqiqot olib bordi va hayoti davomida ko‘plab mamlakatlarga safar qildi. Natijada o‘rta asrlar dunyo tarixining eng buyuk allomalari qatoridan munosib o‘rin egalladi. Beruniy haqida tadqiqot olib borgan olimlar uning ilm-fanga bo‘lgan munosabatlarini ko‘rib, hayratlarini yashira olishmagan. E.Zahau “Beruniy tarix tanigan eng buyuk olimlardan biridir” [10: 25], Artur Bob esa “Beruniy barcha zamonlarning eng buyuk olimidir” deya ta’riflaydi. Mashhur fan tarxchisi Sarton XI asrning birinchi yarmini “Beruniy asri” deb nomlaydi. Beruniy bir vaqtning o‘zida geologiya, tarix, fizika, matematika, tibbiyot, farmatsevtika kabi sohalarda tadqiqot olib bordi. Tarixchilar keng qamrovli qarashlari va faoliyatlari, tarixiy asarlarga asoslanib, insonga oid masalalarga aloqador barcha narsalarga diqqat qaratishi sababli uni antropologiyaning asoschisi deb bilishadi. Adabiyot va ilm-fan, ayniqsa, eksperimental astronomiya va mexanika sohalarida juda ham usta edi. Afsuski, uning bilim va ilmiy uslub muammolariga bo‘lgan munosabati hozirgacha to‘liq o‘rganilmagan.
Tanqidiy fikrlash – muloqot va mulohoza bo‘yicha hukm chiqarish, dalillarni tahlil qilish, asosiy farazlarni ko‘ra bilish, niqtai nazar, haqiqatga erishish uchun shaxsiy fikrlar bilan birgalikda boshqalarning fikrlarini mulohazaning asosiy tamoyili sifatida qo‘llashdir. Abu Rayhon Beruniy o‘zining ilmiy uslubi, haqiqatlarni to‘g‘ri va obyektiv holatda tadqiq qilishda o‘ziga xos uslub va metodlari bilan mashhur bo‘lgan edi. Ayniqsa, o‘zining “Tahqiqu mo lil Hind” nomli asarida quloqdan quloqqa yetib kelgan va ikkinchi darajadagi ma’lumotlarga e’tibor bermay, haqiqiy ilmiy tadqiqot orqali hind jamiyati haqida ishonchli va sahih ma’lumotlarni taqdim etadi. Shu bilan birgalikda, hind jamiyatining barcha sohalarida kuzatilgan amaliyotlarning obyektiv qaydlarini tadqim qiladi. Samimiy olim sifatida, hammaga ma’lum bo‘lgan mavzularda ham bir ilmning mutlaq ilm emasligini, eng to‘g‘ri ilmning Ollohga oid ekanligini o‘z tadqiqotlarida ta’kidlab, ilmiy tafakkuri bilan o‘zining kamchiligini tan oladigan darajada o‘ziga ishonar edi. Ma’lum bir mavzuga kirishdan avval, etimologik izohlarini keltirar, tadqiqotini bosqichma-bosqich qanday rivojlantirganini quydagicha tushuntirar edi: “Aksariyat tadqiqotlarimda aniq bir sabab bo‘lmasa, hodisalarga shunchaki tanqid ko‘zi bilan qarab ko‘raman. Shundan kelib chiqqan holda, izohlarimizning konteksti talab qilgan joylarda zarur bo‘lgan sanskritcha nomlar va texnik atamalarni keltirib o‘taman. Agar matnda kelgan so‘z asl bo‘lsa, uning ma’nosini arab tiliga tarjima qilish mumkin. Faqatgina bu so‘zga mos keluvchi arabcha so‘zdan foydalanaman. Biroq mazkur sanskritcha so‘z amaliy, ko‘p ishlatiladigan so‘z bo‘lsa, uni iloji boricha aniqroq tarjima qilishga harakat qilib, asl ma’nosini saqlab qolishga harakat qilamiz. Agar bu so‘z ikkinchi darajali yoki hosila so‘z bo‘lib, umumiy holatda qo‘llanilayotgan bo‘lsa, arab tilida bunga mos keluvchi so‘z topilishiga qaramasdan, o‘sha so‘zni ham saqlab qolishga harakat qilamiz. Lekin, uni keltirishdan avval ma’nosini ham tushuntirib o‘tamiz. Shu tarzda terminologiyani tushunishni osonlashtirishga harakat qildik” [3: 182].
Abu Rayhon Beruniyning ilm-fan haqidagi tushunchasi va ilmga bo‘lgan munosabatini asarlariga yozgani uzun muqaddima qismlarida ko‘rishimiz mumkin. Shuning uchun, uning asarlarini tadqiq qilishda eng diqqatga sazovor joylar asarning kirish qismidir. Bu qismda u odatda muammoni o‘rtaga tashlaydi, tushuncha va iboralarni belgilab oladi va muammoni hal qilishda qo‘llaydigan metodologiyani tushuntiradi. “Osor al-boqiya” nomli asarining muqaddimasida bu asarni nima uchun yozganligini, kimdan yordam olganini va mavzuda ko‘tarmoqchi bo‘lgan masalalarni tushuntirib o‘tadi. Keyin quydagi fikrlarni bildiradi: “Men o‘zimning bilimim, eshitganlarim, o‘z ko‘zim bilan ko‘rib guvohi bo‘lganlarim va qiyoslab o‘rgangan bilimlarim asosida bu mavzuni qo‘limdan kelganicha yoritishga harakat qildim...” Mavzuga kirishdan avval, xato qayerdan kelib chiqqanligini aniqlash orqali o‘tmishda yashagan xalqlar haqida ma’lumot olishga harakat qildim. Chunki mazkur xalqlarning bizgacha yetib kelgan tarixi, urf-odat va an’analarining aksariyati bizning mantiq va his-tuyg‘ularimiz bilan olib boriladigan arologiya orqali hal qilinadigan narsalar emas. Beruniy bunday jiddiy bir izlanish uchun mavzuni boshlashdan avval ruhiy poklanish va sharoit zarurligiga e’tibor qaratadi. Bu borada shunday deydi: “(Bu borada qilinadigan yagona ish) kitob ahli turli xil mazhab va maktablarga mansub bo‘lgan shaxslarning qarashlariga yo‘nalgan holda, bu yo‘lda davom etish uchun o‘zimizga mustahkam bir zamin tayyorlashimiz, ular aytgan so‘zlarni isbotlash uchun o‘rtaga qo‘ygan qarash va g‘oyalarni solishtirish kerak. Biroq insonlarning ko‘pchiligi bartaraf eta olmagan xurofotlardan va haqiqatni ko‘rishga to‘sqinlik qiladigan odat, mutaassiblik, o‘jarlik, loqaydlik, hokimiyat uchun bo‘lgan ishtiyoq kabi sabablardan o‘zimizni himoya qilishimiz kerak. Men aytib o‘tgan mazkur jihatlar haqiqatga erishishning eng yaxshi yo‘li, shubhalardan qutilishga eng to‘g‘ri yordamchidir. Bo‘lmasa qanchalik harakat qilmaylik, kurashmaylik, maqsadga erisholmaymiz”.
Xuddi shunday boshqa bir risolasida quydagilarni keltiradi: “Agar bir ilm xizmatchisi ilmning barcha sohalarini egallashga qodir bo‘lmasa ham, boshqa ilm turlari haqida hech qanday farq ko‘rmasligi kerak. Haqiqiy olim bilimning mohiyatini, mavzular jihatidan bilimning yaxshi ekanligini, bilimning ta’mi davomiy ekanligini, bilimning mazasini uni tadqiq qilgandagina bilish mumkinligini, faqat maqsadga erishilganda mazkur ta’mning yo‘qolishini bilishi kerak. Shuningdek, olim har turli ilmdan, o‘zidan avvalgi bu sohada faoliyat olib borgan insonlardan minnatdor bo‘lishi kerak. Ularning mehnatini kamsitmasligi kerak, aksincha, ularning qilgan ishlariga qarab ulardan ibrat olishni bir yo‘l ko‘rsatuvchi sifatida qabul qilish kerak. Shunday qilib, inson eng to‘g‘ri va eng yaxshi bo‘lgan narsani oladi va hodisalarga zid bo‘lgan narsani tark qiladi...”
Har qanday bilimning xalq, omma bilimidan farq qilishi va ilmiy bilim bo‘lishining uchta asosiy sharti mavjud: bilimni xosil qiluvchi metodologiya bo‘lishi, mavjud bilimlarni tanqidiy elakdan o‘tkazish va nihoyat, tushuncha va chegaralarni aniq qilib belgilash kerak. Beruniyning mavzularga qarashi ma’lumot beruvchi, tavsiflovchi va tushuntiruvchi – haqiqiy ma’noda ilmiy va zamonaviy akademik qarashdir. U bo‘lishi kerak bo‘lgan narsalar bilan emas, aniq va haqiqiy bo‘lgan narsalar bilan shug‘ullandi. Bor bo‘lgan va bo‘lishi kerak bo‘lgan, maqsad va qurilish o‘rtasidagi borliq kategoriyalari Beruniyning ilmiy qarashi va idrokining qanchalik boy ekanligini ko‘rsatadi. Beruniyning fikricha, “ilm uchun ilm” sof uslubiy ahamiyatga ega va hech qanday yo‘nalishni ifodalamaydi. Yunonlarning sof intellektual tafakkuri natijasida yaratilgan mavhum metafizika sof intellektual zavqdir va bilimning qiymati hech qachon amaliy foyda bilan belgilanmasligini anglatadi. Chunki, unga ko‘ra amaliy manfaat hech narsaning qadrini belgilamaydi, shuning uchun u “Kitobi tahdidi nihoyat ul-amokin” nomli asarida shunday deydi: “Biror narsaning subyektiv fazilati unga tasodifiy foyda keltirmaydi”. Beruniyning tafakkuri o‘zining realistik ilmiy egri chizig‘i bilan ilm uchun ilmni, san’at uchun san’atni yopiq doiralar sifatida tushunmaydi va qabul qilmaydi. Unga ko‘ra bilim islom dini qadriyatlari va islom jamiyati ehtiyojlariga xizmat qilsagina bir ma’noga ega bo‘ladi. Beruniy uchun bilimning asl qiymati ilohiy vahiy bilan topilishi mumkin. Olloh haq bilan yaratgan osmonlar va yer haqida tafakkur qilishga chaqiradigan esa Qur’oni karimdir. Shubhasiz, Beruniy shaxsida ikki tamoyilda mujassamlashgan, ilmga muhabbatni sochuvchi omillardan biri iymon o‘lchovidir.
Beruniyda mavjud bo‘lgan diniy, falsafiy va adabiy o‘lchovlar kabi ijtimoiy va madaniy sohalar davrning madaniy doirasi majburlagan va taqozo etgani uchun uning ilmiy mentalitetini oziqlantirgan va rivojlantirgan irmoqlar edi. Haqiqiy olim bo‘lish uchun har davrda ilmiy tafakkurni chuqurlashtirish, uni tizimli va oqilona olib borishda falsafa hal qiluvchi rol o‘ynadi. Uning falsafaga oid alohida asari bo‘lmasa ham, Ibn Sino bilan yozishgan munozarali maktublari va Aristotelni qattiq tanqid qilishi ilg‘or falsafiy bilimga ega bo‘lganini ko‘rsatadi. U Aristotelning dunyoning abadiyligi haqidagi g‘oyasini islom nuqtai nazaridan bema’ni va qabul qilib bo‘lmaydi, deb hisoblaydi. Aristotelchilarni ham Aristotel kabi tanqid qilgan Beruniy: “Bu odamlarning muammosi shundaki, ular Aristotel qarashlarida xato bo‘lishining imkoni yo‘q deb hisoblaydilar va uning qarashlarini hurmat qilishda haddan oshadilar. Biroq, ular Aristotelning mas’uliyatini da’vo qilmaganini, balki nazariyani o‘z imkoniyatlari bilan rivojlantirishga harakat qilganini bilishmaydi...” deydi. Uning ta’kidlashicha, Aristotel “o‘z xatolarini yolg‘on va ikkiyuzlamachilik bilan yashirishga harakat qilgandi”. Beruniyning tanqidi Qur’on talqiniga asoslanadiki, to‘g‘ridan-to‘g‘ri musulmon sifatida mutlaq ilm va haqiqat Ollohnikidir va inson darajasida hosil bo‘lgan barcha bilimlar to‘liq bo‘lmagan, noto‘g‘ri bo‘lishi mumkin va shuning uchun tanqid va tuzatishga muhtojdir. Beruniyning umumiy falsafasi, xususan, Aristotelni tanqid qilishi boshqa Aristotel tanqidlaridan farqli o‘laroq, faqat fikrlash va falsafiy munozaraga asoslanmaydi. Aksincha, uning borliq falsafasi haqidagi tanqidlari, xususan, astronomiya bilimlari yoki fizika ma’lumotlariga tayangan holda peripatetik falsafasining mohiyatini tashkil etuvchi masalalarni inkor etadi. Aslida u faqatgina xulosalarni emas, balki mulohazalarini, fikrlash tarzini, metodologiyasini ham tanqid qiladi. U yunon kosmologik ta’limotini qabul qilgan bo‘lsa-da, tabiatning tashqi ko‘rinishlarini tekshirish, hukm chiqarish va ilohiy kitoblardagi ma’lumotlarni ko‘chirib olish orqali yunon ta’limoti asos bo‘lgan mulohazalarni tanqid qiladi [11: 194–96, 201].
Shu sababli Beruniy tabiiy va ijtimoiy fanlarni o‘z ongida zamonaviy ma’noda muvaffaqiyatli tarzda uyg‘unlashtira oldi: “Aqliy dalillarning haqiqiyligini ta’minlash uchun uni fanning barcha sohalarida hissiy narsalarga moddiy jihatdan qo‘llash kerak”. Ammo uning hindlarning turmush tarzi, urf-odatlari, an’analari, e’tiqodlari, til xususiyatlari, bayramlari, taomlari va muomalalari borasidagi muhim antropologik tadqiqotlari uni birinchi antropologga aylantirdi. Bu borada shunday deydi: “Haqiqiy olim biror g‘oya uchun mutaassiblikdan yuz o‘girib, nafsdan ajralgan holda mutlaq haqiqatni izlovchi kishidir”.
Beruniy arab tilini yaxshi ko‘rishiga qaramay, uning matnlari keraksiz og‘zaki bezaklardan xoli bo‘lib, chiroyli estetik tuyg‘u bilan qoplangan, eng muhimi, fikrlash va g‘oyalari chalkash ko‘rinsa ham, hech bo‘lmaganda ma’lum atamalardan foydalanish orqali tushunish mumkin edi. Umuman olganda, o‘rta asrlar imkon beradigan darajada yozuv uslubiga ega edi. U har doim olim ekanligini unutmasdan demagoglar uchun emas, ko‘proq yuqori martabadagi insonlar uchun qalam tebratdi. Beruniy shunday deydi: “Kimning ilmi bo‘lsa va mehnatdan qochmasa, men unga ishonaman. Ilmga qiziquvchi va oddiy xalqdan kim bunga moyil bo‘lsa bo‘ldi, tushunib tushunmagani unchalik muhim emas”.
Metodikaning fan uchun ahamiyati
Abu Rayhon Beruniyning ilm-fan va tafakkur tarixidagi eng katta yutug‘i tadqiqot va usulining bir-biriga mos kelishidir. Uning deyarli barcha asari fanlar tarixiga yangi ufq va yutuqlar olib keldi. Chunki metodologiya intizomi tadqiqot usuli demakdir. Agar olimning usuli yana ham shaffof holatga kelsa, uning qo‘llash natijalari keyinchalik boshqa yo‘nalishlarga yo‘l ochadi, xatolarni to‘g‘rilaydi va avvalgi natijalardan keyingilari ustun kelib, avvalgisini yo‘q qiladi. Uslubiy amaliyotlar ketma-ketligi bilan paydo bo‘ladigan bilim va tajriba birikkan davomiylikka aylanadi. Natijada yangi kashfiyotlar, nazariyalar va tuzatishlar mavjud bo‘lgan boy va barokatli ilm-fan dunyosi paydo bo‘ladi. Beruniy serqirra olim siaftida o‘zi faoliyat olib borgan sohalarda o‘lmas asarlar qoldirgan. Uning o‘lmas asarlar qoldirishining siri shundaki, u har bir o‘rgangan mavzusini o‘sha fanning usullariga muvofiq olib bordi. Ayniqsa, o‘zi shug‘ullanayotgan fanlar bo‘yicha oldingi ma’lumotlarni har tomonlama o‘rganib, kamchiliklarini to‘g‘ri aniqlashi, fanlarni uslubiy jihatdan tanqid qilishi diqqatni tortadi. Faqat tanqid qilish bilan cheklanib qolmagan Beruniy, o‘sha mavzuda erishgan haqiqatlarini ham uslubiy dalillar bilan ochib berishga harakat qiladi. Odatda astronomiya, geografiya va geologiya kabi tabiiy fanlarda tajriba va matematik isbotlash uslubidan foydalanadi. U fazoviy geometriya, geografiya va geologiya fanlarida tajriba va o‘lchov-baholash usuli bilan aniq voqelikni isbotlashga harakat qiladi. Ijtimoiy fanlarda esa atrof-muhit va narsalar bilan munosabatini insonni markazga qo‘yadigan kuch va sezgirlik asosida zamonaviy antropologiyaga juda yaqin usul bilan tahlil qiladi. Ayniqsa, din, ma’danlar va afsonalarni sharhlar ekan, bu usuldan mohirlik bilan foydalanganini ko‘rishmiz mumkin. Falsafiy va mazhablarga doir masalalarni tanqid qilarkan, fizika, tabiiy voqelik va mulohazalarga asoslanib bu ishni amalga oshiradi. Uning Aristotel metafizikasi, ayniqsa, olamning boshlanishi, oxiri va tuzilishi haqidagi tanqidi diqqatga sazovordir [2: 28-29, 33].
Bularga qaramasdan haqiqatga erishishning oson bo‘lmasligini ta’kidlagan Beruniy, o‘tmishdan bizga yetib kelgan ba’zi noto‘g‘ri ma’lumotlarni ajratish kerakligini, ajratilgandan keyin esa qo‘limizda juda ham oz to‘g‘ri ma’lumot qolishi mumkinligini va bu holatda nima qilish kerakligini quydagicha bayon qiladi: “Eng oxirgi rivoyatdan eng yaqin bo‘lganiga, ko‘proq ma’lum bo‘lganidan kamroq ma’lum bo‘lganiga qarab intilish kerak. Hammaga ma’lum bo‘lgan ma’lumot bo‘lsa ham, o‘z ustasidan olish kerak, xatolari bo‘lsa to‘g‘rilab, qolganlarini esa o‘z holicha qoldirish kerak. Qilishimiz kerak bo‘lgan bu faoliyat haqiqat va hikmat izlovchi insonlarga boshqa rivoyatlarni tanqid qilishlariga yordam beradi va biz qo‘lga kirita olmaydigan ma’lumotlarga erishishimizga yordam beradi. Allohning izni va madadi bilan biz ham shunday qildik...” [4: 38-39].
Beruniy asarlarining o‘ziga xos tomoni uning ilmiy jihati va mavzuga yondashuvidir. Beruniyning kam sonli olimlardan biri ekanligini uning “Mineralogiya” nomli asarining muqaddimasidan bilib olishimiz mumkin. Qimmatbaho toshlar haqida Beruniydan ham avval ko‘plab kitoblar yozilgan edi. Bu asarlar ushbu mintaqada qimmatbaho toshlarga doir sehrli kuchlar bilan bog‘liq toshlarning xusuiyatlari va holatlari haqida ma’lumot beradi. U qimmatbaho toshlar va ma’danlarni sof, jisman ma’lum bo‘lgan borliqlar siftida ko‘radi. Mazkur ma’danlarning nomlari, turlari, vazni, qiymati va ularning chiqish joylarini tushuntirib o‘tadi. Uning sa’y-harakatlari shotlandiyalik liberal iqtisodchilar va Darvin kabi nazariyotchilarga ham ta’sir ko‘rsatadi, keyinchalik yangi iqtisod nazariyasining rivojlanishiga olib keladi [6: 218].
Beruniy mavzu uchun taqdim etilgan muammoni aniqlab olgandan so‘ng, uni hal qilish uchun o‘zining tadqiqot usuli yoki metodologiyasini fikrlash, muhokama va tajriba kabi uch yo‘nalish orqali taqdim etadi. Keyin u faoliyatlarning uzluksizligini va ilmiy tadqiqotlarning umumiy kollektiv xususiyatlarini ta’minlaydigan ma’lumotlarga kirishadi. Beruniy bu borada shunday deydi: “Istidlol usuli aql qabul qiladigan narsalarga asoslanadi va sezish mumkin bo‘lgan narsalarni aniq ko‘rinadigan narsalar bilan qiyoslash orqali amalga oshiriladi. His qilinadigan narsalar uchun avvalgi kitoblarda aytilgan, din va mazhablarda qabul qilingan empirik ma’lumotlar hisobga olinadi”. Tadqiqotning keyingi bosqichi uchun Beruniy shunday deydi: “Nafsni odat, murosasizlik, ikkiyuzlamachilik, boshqalarga ergashish kabi eng nopok alomatlardan va uning egasini haqiqatdan chalg‘ituvchi sabablardan poklagandan keyin ularning so‘z va e’tiqodlarini bir-biri bilan o‘lchash va tortish, ehtiros va boshqaruvchi bo‘lish hissini yengish va boshqalar...” [4: 39].
Musulmon bir mutafakkir hayot va faktlar olami bilan aloqa o‘rnatar ekan, har doim ham haqiqatdan uzoqlashmaslikka harakat qiladi. Bu holat, ayniqsa, tabiatshunoslik va insonning haqiqiy hayoti haqidagi ma’lumotlarda yana ham muhimroq ahamiyat kasb etadi. Realizm musulmon olimlar tafakkurining o‘ta muhim xususiyati bo‘lib, muqaddas bo‘lgan narsalar bilan aloqani uzish yo‘li orqali tadqiq qilinadigan bir yo‘nalishdir. Musulmon bir shaxsni real voqealardan ko‘ra, o‘z fikrlariga asoslangan qarashlardan, ya’ni hech qachon sinab ko‘rilmagan va ilmga asoslanmagan fikrlardan himoya qiladi. Tasdiqlanmagan da’vo, gumon yoki yolg‘on ma’lumotlarga asoslangan holat, qanchalik kichik va ahamiyatsiz bo‘lib ko‘rinmasin, Alloh taolo tomonidan harom qilinganligi Qur’onda bildirilgan. Mo‘min insonni haqiqatdan boshqa hech narsa aytmaydigan odam deb ta’riflash mumkin.
Beruniy mavzularga yondashar ekan, hayot haqiqatlarini hisobga oladi. Uning asarlari va g‘oyalarini biladigan odamlar uning qanchalik realist olim ekanligini tezda anglaydilar. Boshqa tomondan, ustun e’tiqod va fikrlar odamlar tomonidan qadrlanishi, ularning foydalari va vazifasini tushuntiradi. Jumladan, siyosiy hayotda davlat rahbarlari haqida aytilgan rivoyatlar haqida shunday deydi: “Xalq tomonidan yaratilgan rivoyatlarning sababi butun xalqni bir joyga jamlab, qanoat ila itoat qilishdir. Bu barcha yuqori kuch va qudratning ramzidir...” [6: 31]. Uning asarlarida jamiyat rivoyatlari va ularning kelib chiqishi, tanqidiga oid ko‘plab materiallar mavjud. Xalq orasida aylanib yurgan hikoyalar, hikoyachilarning uydirmalari, bozor g‘iybatlari real voqealikka ega bo‘lmasa-da, antropologik nuqtai nazardan insoniy haqiqat borligini aytishi ham diqqatga sazovordir. Bu jihatdan Beruniyning antropologik usuldan foydalanadigan tanqid va tekshirish usulida rivoyatlar tahlili alohida o‘rin tutadi [6: 39]. Biroq bu masalalarni yakuniy nuqtada ko‘rib chiqar ekan, u o‘zidan oldin ilmiy uslublar asosida yozilgan asarlarga asoslanadi. U o‘z asarlarida hind, yunon va boshqa xalqlarning shu va shunga o‘xshash rivoyatlarini tahlil qiladi. Uning qimmatbaho toshlar va ma’danlar haqidagi asaridagi eng ishonchli manbasi Abu Yoqub Is’hoq Kindiy, Zakariyo ar-Roziy va Dinovariylarning avvalgi asarlaridir. Beruniyning bu voqelik yo‘nalishida Zakariyo ar-Roziyning ta’siri katta bo‘lgan [4: 17].
Abu Rayhon Beruniy ba’zi tadqiqotlarida Abu Yoqub al-Kindiy va Farobiy fikrlariga murojaat qilgan bo‘lsa-da, u asosan Abu Bakr Zakariyo ar-Roziyning ta’sirida bo‘lgan. Darhaqiqat, uning asarlari katalogini tayyorlagani ham bu qiziqishdan dalolat beradi. Beruniy islom tafakkurida kengroq ta’sirga ega bo‘lgan Mashshoyi tafakkurga qaramasdan Roziyning yo‘lini qabul qilishi asosida olam haqidagi moddiy bilimlarni real tahlil qilishga intiladi [8: 29]. Ayniqsa, tabiatshunoslik sohasida Zakariyo ar-Roziyning ilmiy-uslubiy yo‘lidan boradi. Uning ilmiy nuqtai nazari va yo‘nalishining eng muhim xususiyati avvalgi barcha bilim merosiga yetib borib va uni har tomonlama o‘rganish, kerak bo‘lsa tajriba bilimlari bilan sinab ko‘rish, xatolarning o‘zini isbotlash usuli bilan tuzatishdir. Bularning barchasi Beruniy metodologiyasida yaqqol aks etgan.
Biroq haqiqiy daist va mutlaq ratsionalist bo‘lgan Zakariyo ar-Roziydan farqli o‘laroq, Beruniy samimiy bir musulmon va chuqur e’tiqodli mo‘min sifatida namayon bo‘ladi. U ko‘pincha Qur’on oyatlariga murojaat qilib, o‘zining tushuncha va fikr dunyosida Qur’onning birlashtiruvchi va tizmli ta’sirga ega ekanligini ko‘rsatadi. Boshqa tomondan, Beruniy e’tiqodi tufayli Roziyni qoralamagani yoki tanqid qilmagani ham qiziqdir. U faqatgina xatolari va ilmiy asoslarda chegaradan chiqib ketishlarini tanqid qiladi. Zakariyo ar-Roziyning diniy qarashlarini tanqid qiluvchilarni tanqid qilgan Beruniy islom ruhiga sodiq qolib, islomdan oldingi har xil ilm va hikmatlarni qabul qilgan holda, islom asoslariga nihoyatda sodiq qolgan shaxs sifatida namoyon bo‘ladi [11: 193]. Beruniy Roziyni olim va faylasuf sifatida ko‘rar edi degan Richard Valzerning fikrlariga moyilmiz. Bu boradagi eng qiziqarli misol turklar qo‘llagan “yomg‘ir yog‘diruvchi tosh” qissasini tanqid qilganida ko‘rinadi. Beruniy turklar diyorida bo‘lgan va ko‘chirilganda shiddatli yomg‘ir yog‘ishiga sabab bo‘lgan bu toshning tafsilotlarini Zakariyo ar-Roziyning ta’rifi bilan keltirib, quydagicha izoh beradi: “Ibn Zakariyo bu masalaga xos emas, balki ixtilof bo‘lmagan narsaga o‘xshaydi”. Ammo Beruniyning aqlini mustahkamlagan empirik ilmiy ratsionallik bu haqda uni qattiq qoralash uchun gapirtiradi va uni aql va mantiq, ilmiy uslub qurollari bilan inkor etadi. U shunday deydi: “Turklardan biri unga bu toshdan yomg‘ir yog‘diraman va u bilan faxrlanaman yoki o‘paman va bu haqda bahslashmayman, deydi. Unga yomg‘ir bu yerda bevaqt yoki turli vaqtlarda yog‘di. Lekin u yog‘dirolmadi. Keyin unga shunday deydi: Yomg‘ir uchun tog‘larga, esgan shamollarga, bulutlarga va dengizdan yuksalayotgan bug‘ga qara va uni tadqiq qil”. Men aytganimdek qildi va o‘zining sehrgarligiga ishonib, yomg‘ir yog‘diradigan harakatlarini takrorladi. Lekin na yomg‘ir yog‘di va na boshqa narsa sodir bo‘ldi [6: 218].
Beruniyning ilmiy va ratsional tadqiqot asoslariga, ayniqsa, inson tadqiqotlarida to‘sqinlik qiladigan “fanatizm” haqida qattiq ogohlantirishi hayratlanarlidir. Beruniyning ilmiy mentaliteti va uslubiy nuqtai nazari imliy qonuniyat sifatida fanatizmdan оgohligining yaqqol misolidir [4: 39]. Shuning uchun u boshqa madaniyatlar merosini ochishga va shakllantirishga muvaffaq bo‘ldi. U islomgacha bo‘lgan madaniyat ilmlari va ularning islom ruhi bilan uyg‘un rivojlanishiga katta hissa qo‘shgan [6: 194]. Bu uning ilmiy faoliyatlarining rivojlanishi va rivojlanishning hal qiluvchi ko‘rsatgichiga aylantirgan omillardan biri edi.
Beruniy tafakkurida voqelikka zid bo‘lgan yagona masala astrologiya edi. Ibn Sino bu borada ochiqroq vaziyatda ekan, Beruniy yana ham aniqroq qarashlarga ega. Uning bu boradagi fikrlari quydagicha: “O‘z chegaralaridan chiqib ketgan, muammolari yechilishining imkoni bo‘lmagan, materiyaning unversal qonunlardan uzoqlashgan nuqtasida astrologiya turadi. Bir tomonda astrolog, bir tomonda folbin turgan bu chegara oshib o‘tilganda, yulduzlar ular bilan birga tilga olinishiga qaramay astrologiya bilan hech qanday aloqasi bo‘lmagan folbinlik olamiga kiriladi...” Garchi u alkimyoni qat’iyan rad etsa-da, astrologiya mavzusini qisman qabul qilganga o‘xshaydi, chunki juda qadimgi an’analarga ega bo‘lgan bilimning bu shakli birlashtiruvchi qarashlarga egadir. Bu qarash, Xudo kosmik hodisalarning arxetiplarini tashkil etuvchi burj belgilariga ega, degan fikrga asoslanadi. Qolaversa, u saroy muhitida munajjimlik keng uchraydigan muhitlarda yashagani uchun bu ilmga qiziqqan bo‘lsa kerak [6: 190-191].
Kuzatish va tajriba uslubi
Agar Beruniy o‘z davrida imkon qadar nozik asboblar bilan o‘lchov va tajribalar o‘tkazmaganida edi, biz bugun u haqda gapirmagan bo‘lardik. O‘sha paytda Beruniy tajribalar olib bordi va tajribani tabiiy tadqiqotchi sifatida qo‘lladi. Shu sababli kuzatish, taxmin va taqib qilish bilan shug‘ullandi va ma’lum bir ma’lumotni faqat ular orasidagi mantiqiy bir bog‘liqlikda hosil bo‘lgan sezgilardan olish mumkinligini ko‘rdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, insonning qiziqishi faqat kuzatish orqali qondiriladi. U bu sohaga tajriba yo‘li bilan kirmaganlarni tanqid qiladi, shuning uchun metallar haqidagi bir qarashni rad etadi va qoralaydi: “O‘sha paytda imkon qadar nozik asboblar bilan tuzatishlar qilmaganida edi, zikr qilgan olam bo‘lmasdi. O‘sha paytda Beruniy tajribaga ataylab ilmiy tadqiqot sifatida qaradi va o‘zi buni amalda qo‘lladi. Shuning uchun u kuzatish, taxmin, taqib qilish kabi faoliyatlarga qiziqdi. Uning fikricha dalillar maqulot va maxsusot kuzatuvlari asosida qilingan qiyoslashga asoslanadi” [4: 38].
Ilmiy gipoteza ilmiy dahoning ilhomidan kelib chiqqan yaratuvchanlik bo‘lgani uchun olim o‘zining oldingi bilimlaridan foydalangan holda ishga tushirilganda, gipoteza olim bilan sodir bo‘lgan vahiy va ilhom ekanligi empirik tarzda tekshiriladi. Qabul qilingan yoki rad etilgan, ammo gipoteza yo‘lida mantiq emas, balki ijodkorlik psixologiyasi tomonidan tushuntirilishi mumkin bo‘lgan uslubiy qoidalar yo‘q. Beruniy o‘n asr avval soyasini ko‘rgan va uni ifodalashga harakat qilgan ma’lum bir mantiqiy yo‘lni bilardi. Shunday qilib biz ilmiy gipotezani ishlab chiqishga asoslangan gipotetik deduktiv usul deb nomlanuvchi ilmiy empirik usulning zamonaviy shakllantirilishining tarixiy urg‘usiga duch kelamiz va biz ularga qarshi turish uchun undan qisman muammolarni chiqaramiz. Ya’ni gipotezani empirik tekshirish gipoteza va empirik masalalar o‘rtasidagi dialog eksperimental ilmiy metodning mohiyatini tashkil etadi [7: 93–95].
Beruniy uchun o‘tmishda qilingan ishlar dalillar bilan ko‘rsatilishi mumkin bo‘lgan va yashiringan narsalardir. Hozirdagi olim ixtirodan bahramand bo‘lish, bilimning bilim sifatidagi buyukligini baham ko‘rish va uning haqini to‘lash orqali ularga o‘zining cheklangan hissasini qo‘shadi. Ilmiy faoliyatlarning muhim xususiyati shundaki, o‘tmishdoshlarining sa’y-harkatlari va ikkisi ham ishtirok etadigan jamoaviy faoliyatdir [9: 167]. Beruniy nazariya imkoniyatlarini oshirishga urinish deyishimiz mumkin bo‘lgan narsaga erishish uchun ilmiy izlanishlar amaliyotida tinimsiz qat’iyatlilik zarurligini ta’kidlaydi. Olimlarni o‘z natijalarida yuqori darajadagi aniqlikka erishishi uchun qayta-qayta so‘roq qilishga chaqiradi [7: 98-99].
Uning boshqa olimlarga nisbatan qilgan tanqidlari mo‘tadil bo‘lgan. Tanqidlari odamlarga emas, voqealarga qaratilgan edi. Kerak bo‘lganda qattiq so‘zlar ham ishlatadi. Din va ilohiyot masalalari bo‘yicha o‘z tanqidlarini bildirar ekan, musulmonlarning e’tiqodlaridagi tafovutlardan ko‘ra boshqa dinlarga nisbatan bag‘rikeng edi [9: 166].
Abu Rayhon Beruniyning tarix va madaniyat faniga oid ilmiy tadqiqotlari, ularning salbiy va ijobiy tomonlari bilan tizimli ravishda uzviy bog‘lanibgina qolmay, yordamchi bo‘lgan fanlarga ham xolisona yondashdi. Beruniy ilmga bo‘lgan yondashuvlar xilma-xilligini va hatto, rivojlanayotgan inson ilmi bilan mutlaq diniy e’tiqodlar o‘rtasidagi farqni e’tirof etgan bo‘lsa-da, o‘zining boshqa tadqiqotlariga ham ko‘p vaqt ajratardi. Beruniy ilm bilan dinni uyg‘unlashtirishga bo‘lgan har qanday urinishni butunlay rad etgan al-Hasan ibn al-Haysamdan farqli o‘laroq, astronomiya ilmini Qur’ondagi ishoratlarga yaqinlashtirishga ishtiyoqmand edi. Arablar o‘rtasida fan tarixi bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, Beruniy astronomiya va Qur’on o‘rtasidagi barcha yondashuvlarida hech qachon aql va mantiq chegarasidan chiqmagan va tasavvufning bu boradagi mubolag‘alarini qat’iyan rad etadi [7: 98-99]. Aql Beruniy uchun har doim ishonchli manba edi.
Beruniyning tarixiy tanqidga qo‘shgan hissasi
islom tarixnavisligi sohasidagi o‘zgarishlarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, islomgacha bo‘lgan Eron va Hindiston madaniyatlaridan meros bo‘lib qolgan qissa va dostonchilik tarzidagi tarix yo‘nalishi eski davrlarda ham katta ahamiyatga ega bo‘lgan. Musulmon arablar esa fath rivoyatlari va payg‘ambar alayhissalom hadislarini yetkazishda rivoyatchi tarix usulini ishlab chiqishgandi. Ayniqsa, hadis rivoyat qilishda juda batafsil va o‘z davrining ilg‘or tanqid usulini yaratishdi. Biroq, IX-X asrlarda Tabariy, Mas’udiy va Yoqubiy kabi tarixchilar o‘z asarlarini rivoyat usuli bilan yozishda davom etishdi [12: 45-46].
Tarix fani mohiyatan musulmonlar tomonidan mustaqil fan sifatida o‘rtaga tashlandi. Ilk davr tarixchilari o‘zlariga meros bo‘lib qolgan rivoyatchi va xronologik tarix an’analarini davom ettirishdi. Qaysidir ma’noda tarix fani islom madaniyati ichida mustaqil bir fan sifatida o‘z o‘rnini topdi. Biroq tarix o‘z mavzular va muammolari nuqtai nazaridan, astronomiya, tibbiyot va boshqa tabiiy fanlar kabi eksperimental fan emas, balki tanqid va izlanishga asoslangan fandir. Beruniy islom tarixnavisligida Ibn Haldundan to‘rt asr avval tarix va jamiyatni o‘rganshda muhim ikki hissasini qo‘shadi. Bulardan birinchisi, yuqorida tilga olganimizdek, tarixiy ma’lumotlarga (rivoyat, afsona va hikoya) o‘ziga xos uslubda har tomonlama tanqidiy ko‘z bilan qarab chiqadi. Ikkinchisi esa, zamonaviy tarixshunoslikda uchraydigan, ayniqsa, Annales tarix maktabi namoyandalari tomonidan tarix yozishda qo‘llanilgan geologiya, antropologiya, arxeologiya, iqtisod, xususan, geografiya kabi fanlarni tarixiy tadqiqotlarga jalb qiladi. Har qanday tarixiy masalani tushuntirar ekan, shaxsni markazga olib, uni o‘rab turgan butun borliqni hisobga oladigan va shunga ko‘ra xulosa chiqaradigan bir yondashuv ishlab chiqadi. Demak, Beruniyning yetuk uslubiy ongi turli sohalarga ko‘ra bilimga bo‘lgan yondashuvlarining xilma-xilligini ko‘rsatadi va mavzularga yondashar ekan, ehtiyotkorlik bilan harakat qiladi.
Beruniy o‘z asarlarida ilgari surgan qiyosiy tadqiqotlar, tanqid usuli, tajriba usullarini tarixga tatbiq qilish, geografiya, geologiya, antropologiya kabi sohalar bilan tarixiy tadqiqotlarni birlashtirishi natijasida tarix ham ilmiy tadqiqot predmetiga aylandi, ham insonga oid fanlarning markaziga joylashib o‘z sohasini kengaytirdi. Beruniy til va adabiyot kabi sohalarni tarixiy tadqiqotlar uchun yordamchi fan sifatida ishlatar ekan, tarixchilarni taqvimlarni hisoblashda, geografiya va geologiya, mantiq, falsafa, huquq yoki shariat ilmlarini boyitgan holda bu sohalarda katta tajriba orttirishga chaqiradi. Ma’danlar va qimmatli toshlar haqidagi asarining muqaddimasida insonning tabiiy muhiti bilan munosabatini tushuntirar ekan, ehtiyojlar iyerarxiyasi doirasida tabiiy iqtisod nazariyasining ilk odimlarini otadi va ijtimoiy taraqqiyotning keyingi bosqichlarida pul xo‘jaligining qanday paydo bo‘lganini ko‘rsatadi. Shu tariqa, ehtimol, birinchi marta tarix va iqtisod o‘rtasidagi munosabatlarga e’tibor qaratadi. Beruniy mazkur faoliyatlari bilan XIX asr ijtimoiy fanlar nazariyotchilari va Ranke kabi tarixchilarga ilhom bag‘ishlaydi [7: 90–92].
Beruniyning tarixiy tanqid metodologiyasiga kelsak, bu sohada tarixiy voqeani tushunish va uning mohiyatini anglash uchun “diskur analizi” tahlilini olib boradi. Ya’ni u tarixiy ma’lumotga shubha bilan yaqinlashadi, so‘ngra matn ichidagi ziddiyatlarni aniqlaydi, so‘ngra matnning tuzilishini tahlil qiladi. Jumladan, matnlarni yozgan insonlarning din va aql olamini o‘rganib, natijada voqeaning tub mohiyatiga yetishishga harakat qiladi. Qur’ondagi tarixiy qissalarni izohlar ekan, u zotning bu usuldan qanday muvaffaqiyatli tarzda foydalangani va erishgan natijasiga guvoh bo‘lamiz [4: 79, 85].
Beruniy tanqid tizimini qo‘llar ekan, albatta, mavzu uslubiga mos ravishda “qiyoslash” usulidan foydalanadi. Ko‘pincha, yunon, hind va eron madaniyatlarini bir-biri bilan taqqoslaydi. “Hindiston” nomli asarida hind madaniyatini yunon madaniyati bilan qiyoslaydi. Chunki haqiqatni tushunish ko‘pincha taqqoslash orqali amalga oshiriladi [7: 94]. U tarix ilmining tabiati tajribaga asoslangan ilmlardan farq qilishini birinchilardan bo‘lib anglagan edi. Beruniy tarix fanining metodologiyasi muammosi bilan shug‘ullanadi. Shuning uchun uni bu fanni dunyoviylashtirishdan manfaatdor bo‘lgan metodologik mutafakkirlardan yoki tarix fanining asoschilaridan biri deb hisoblash mumkin [12: 44-45].
Abu Rayhon Beruniy tarixiy material to‘plash muammosi va uning atrofidagi qiyinchiliklar, sa’y-harakatlar, tarixiy tadqiqotlar bilan yuzaga keladigan ko‘plab uslubiy muammolarga ham duch keladi. Beruniyning tarixiy rivoyatlarni mif va afsonalardan tozalashga qaratilgan harakatlari diqqatni tortadi. U aksariyat islom tarixchilaridan farqli o‘laroq, mazkur oqilona hakamlik qonuni tufayli yaratilishning boshlanishi va ilk davrlar haqidagi har qanday fikrlarni butunlay rad etadi. Dastlab, u tarixiy voqealarni guvohlar yordamida tasdiqlatib olmaguncha, har qanday xabarni qabul qilmaydi. Buni aqlga tayanish va o‘zining metodologiyasi orqali amalga oshirmoqchi bo‘ladi. Ma’lumotlarni boshqalari bilan qiyoslaydi, ularga tanqidiy ko‘z bilan qaraydi. Mazkur metodologik asoslar va o‘lchovlar Beruniyning tarix va ijtimoiy fanlarida ham o‘z aksini topdi va shu tariqa tarix fanining yetuk ustasi bo‘ldi. Ayni vaqtda tadqiqot ko‘lamini kengaytirib, antropologiyaga ham voqif bo‘ladi. Tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirib, zamonaviy ma’noda madaniyat tarixshunosligi va dinlar qiyosiy ilmining asosini yaratdi.
Beruniy ijodi nafaqat dinlar tarixi, balki ibroniylar, nasroniylar, musulmonlar, yunonlar, mag‘ribliklar, forslar va hindlar kabi turli madaniyatlar merosi o‘rtasida ajoyib kompozitsiya yaratib madaniyatlar tarixi tadqiqotlarida ham ilk odimlarni otgan edi. Biz tilga olgan bu xalqlar, nafaqat din mavzusida muhim bo‘lgan, balki o‘zlari yaratgan ilm-fan, falsafa va san’at sohalarida ham o‘ziga xos iz qoldirgan xalqlardir. Shuning uchun uning tarixiy tadqiqotlarining asosiy obyekti din yoki falsafaga asoslangan xalqlar va qit’alardan yuqori bo‘lgan madaniyat va sivilizatsiyalardir. Shu jihatdan uni sivilizatsiya tarixi tadqiqotlarining kashshofi deb hisoblash mumkin. Faqatgina yunon madaniyatini hisobga oladigan yevropamarkazli, boshqa madaniyatlarni kamsituvchi, noto‘g‘ri qarashlarning o‘rniga butun insoniyatning ham o‘z hissasi borligini ta’kidlaydigan “azaliy hikmat” tushunchasini o‘rtaga tashlaydi. Buni madaniyatlar va dinlarni bir-biriga qiyoslash orqali amalga oshiradi.
Beruniyning sivilizatsiyalarga asoslangan tarix metadologiyasini uning “Hindiston” asarida ko‘rish mumkin. Bu asarda hindlarga oid barcha holatlarni, jamiyatdagi o‘ziga xosliklarni eron, arab va yunon madaniyatlari bilan qiyoslaydi. Beruniyning tarix va madaniyat faniga oid ilmiy tadqiqotlari ularning salbiy va ijobiy tomonlari bilan uzviy bog‘lanib qolmay, balki yordamchi eksperimental fanlarga bo‘lgan qiziqishi tufayli ham xolisona yakunlanadi [4: 52-53; 12: 46–49]. Qolaversa, u o‘zining odatiy realistik va oqilona qarashlari bilan dinni afsonalardan ajratib, dinning real, qiyosiy tushunchalarini ochib beradi. Bunday qarashlarning ortida ratsionalist va deist bo‘lgan Zakariyo ar-Roziy turgan bo‘lishi mumkin. Uning qiyosiy dinlar tarixi sohasidagi tadqiqotlari o‘zidan keyin kelgan Ibn Hazim va Shahristoniy kabi insonlarga tamal asos bo‘lib xizmat qiladi.
Abu Rayhon Beruniy tarixchini tarixiy usul markaziga qo‘yib, birinchi navbatda tarixchi yoki olimda bo‘lishi kerak bo‘lgan xususiyatlarga e’tibor qaratadi. Sog‘lom va to‘g‘ri natijaga olib boradigan tanqidga ega bo‘lish uchun Farobiyning “Insonning his-tuyg‘ulari va qobiliyatlari sog‘lom va uyg‘un tarzda harakat qilishi kerak” degan so‘zlaridan foydalanadi. Ana shu xususiyatlarni o‘zida mujassam qilishi uchun har tomonlama madaniyatli, halol, sabr-toqat va matonatli, o‘zi ishongan haqiqatni ochib berish uchun mard bo‘lib, shu sababli to‘g‘ri narsani gapirayotganda qoralanishidan qo‘rqmasligi kerak. Beruniyda bu xususiyatlarni yaqqol ko‘rish mumkin. Beruniy fikricha, itoatsizlik, injiqlik va shaxsiy manfaat tufayli subyektivlik changaliga tushib qolish umumiy ilmiy tadqiqot, xususan, tarixiy tadqiqotlarning eng xavfli balosidir [12: 39].
Turli sohalarda asarlar yozgan Beruniy barcha asarlarida yoritmoqchi bo‘lgan mavzu haqida o‘zidan oldingi yozilgan barcha asarlarni ko‘rib chiqadi, ularni qiyoslib, tanqidiy fikrlarini bildiradi. U foydalangan asarlarning ko‘pi bizgacha yetib kelmagan. Bu holatni “Hindiston” asrida yaqqol ko‘rish mumkin. Bu asarida muallif hind jamiyatini yunon, eron, yahudiy va arab jamiyatlari bilan qiyoslaydi. Tadqiqot olib borayotgan mavzulari haqida avvalgilarning va keyingilarning fikrlarini va ular haqidagi ma’lumotlarni to‘playdi. O‘zidan oldingi olimlarni muhokama qilish, tanqid qilish, xatolarini ko‘rsatib, ularni tuzatishni yaxshi ko‘rardi [1: 286]. Kim ekanligi ma’lum bo‘lmagan olimlarning qarashlarini tanqid qilganidek, Kindiy, Sobit ibn Qurro, Ibrohim ibn Sinon, Hasan al-Basriy, Ptolomey, Arximed, Erasmus kabi olimlarni ham tanqid qiladi. O‘zidan oldingi diniy va boshqa mavzulardagi asarlarni qasddan tadqiq qilmas edi. Biror soha bilan avval kim shug‘ullargan bo‘lsa bo‘lsin, albatta, o‘sha sohani tadqiq qilmasdan qolmasdi. Boshqalar o‘z sohasida to‘g‘ri faoliyat olib borgan bo‘lsa, ularni taqdirlashdan ham qochmas edi.
Beruniyning asarlarida tarixiy voqealar va rivoyatlar ko‘p uchraydi. Bu rivoyatlarga tanqid ko‘zi bilan qaraydi. Abbosiylar davlati xalifasi Horun ar-Rashidning xotini haqidagi rivoyatlarni misol qilib keltiradi. Uni hurmat qilganim uchun bularni aytib o‘tishga hojat yo‘q deydi [6: 74].
“Tahdidu nihoyat il-amokin” nomli asarida tanqidlarga ko‘p joy ajratadi. Mazkur asarida o‘z davrigacha bo‘lgan barcha osmon o‘lchovlarini qiyoslab chiqadi. O‘zi ham yoshligidan shunday o‘lchovlarga qiziqqani uchun tajribalarida, bir-biri bilan har xil natija beradigan o‘lchovlar va ularning muhokamalarida real xulosalarga keladi. Masalan: “Hindlar tomonidan Sindi hind deb atalgan mashhur zijda meyli-a’zam 24 juz sifatida berilgan. Hindlarning amaliyotini o‘rgangan har bir kishi bu miqdorning haqiqatdan yiroq ekanligini biladi. Rasadlarida xatolik bor degan gapga ishonmaydi. Vaholanki ularning vatani olisda, ular nihoyatda sirlidir. Hikmatdan uzoq bo‘lsalar ham, xalq oldida o‘zlarini dono deb hisoblashadi. Holbuki, ularning amaliyotlari tahqiqqa asoslangan ishlarga qaraganda osonroq bo‘lganligi sababli mutaassiblik darajasiga yetishgan va mushohadaga ham, qat’iy dalilga ham ishonishmaydi. Xato ish qilishdan qo‘rqishmaydi...” Muhammad ibn Ali al-Makkiy bu borada hindlarning xatoga tushishining asosiy sababi ular rasadni “markazi olam”ga qiyoslab qilishadi, deydi. “Men esa bu boradagi barcha ehtimollarni e’tiborga olib, tadqiq va mutolaa qildim. Zero, ma’lumot qaysi manbadan olingan bo‘lishidan qat’i nazar, haqiqatni tan olishdan qochmayman...” deydi [6: 61].
Beruniy metadologik asoslar bilan tarixni tarixdan tashqari rivoyatlar va afsonalrdan tozaladi va tarix sohasini dunyoviylashtirdi. Jamiyatlar urf-odatlaridan bizgacha yetib kelgan afsonaviy ma’lumotlarning ko‘pi bizning his-tuyg‘ularimiz bilan hal qilinadigan narsa emas. Bularni biz qiyoslash orqali hal qilishimiz mumkin. Buning uchun ongimizdagi xurofotlardan qutilishimiz kerak. Biz eng yaqin bo‘lgan rivoyatdan orqaga qarab, voqeaning haqiqatini tushunishmiz mumkun [4: 39]. Beruniy tomonidan qo‘yilgan realistik, tanqidiy va oqilona asoslar tamalida qurilgan tarix fani oradan uch asr o‘tib Ibn Haldunning “Muqaddima” nomli asarida o‘z tasdig‘ini topdi.
Xulosa
U o‘zining erkin fikrlashi, xolis yondashuvlari, samimiyligi, realistik va tanqidiy qarashlari, eng muhimi, uslubiy va tizimli tafakkuri bilan barcha zamonlarning eng ilmiy mezon va mentalitetiga amal qilgan siymodir. Beruniyning bunday tanqidiy va izlanuvchan olim bo‘lishida islom jamiyati va madaniyatining ham katta ta’siri bor edi. Eng ahamiyatlisi shundaki, o‘zi sevgan arab tili orqali butun dunyo ilmlariga erisha oldi. Ikkinchidan, bundan ikki asr avval amalga oshirilgan tarjimonlik faoliyatlari natijasida hind, yunon va eron bilimlaridan bahramand bo‘ldi. Bular orasida keng ko‘lamli qiyoslash faoliyatlarini ham olib bordi. Uchinchidan, musulmonlar tomonidan o‘sha davrgacha olib borilgan ilmiy faoliyat Beruniyga qadimiy asar va an’analarni tanqid qilish imkoniyatini berdi va boshqa asarlardagi kamchiliklarni yuksak bilim darajasida osongina ko‘rib, tanqid qila oldi.
Mustafa DEMIRJI,
professor (Turkiya)
Foydalanilgan adabiyotlar
1. al-Beruniy, Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad. Asarlar I. Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar. /Tarjimon A.Rasulov. Izohlarni I. Abdullayev va A.Rasulov tuzgan. Mas’ul muharrirlar: I.Abdullayev va O.Fayzullayev. /Toshkent: Fan. 1965.
2. Aydın Sayılı. Doğumunun 1000’inci Yılında Beyrunî. Beyrunî’ye Armağan. 2. Baskı (Tıpkıbasım). Ankara: Türk Tarih Kurumu Basimevi. 2011.
3. Dani, Ahmad Hasan. “Al-Biruni on Sanskrit literatüre”, Journal of the Pakistan Historical Society 1 (4): 301–17. Karachi. 1953.
4. el-Birûnî, Ebû Reyhan. Maziden Kalanlar (el-Âsâr el-Bâkiye), Arapçadan çeviren Dr. Ahsen Batur, İstanbul: Selenge yayınları. 2011.
5. el-Bîrûnî, Ebu’r-Reyhân Muhammed b. Ahmed. Kıymetli Taşlar ve Metaller Kitabı (el-Cemâhir fî Ma’rifeti’l-Cevâhir) Biyografi ve Arapça Orijinalinden Tercüme Emine Sonnur Özcan, 1. Baskı, Türk Tarih Kurumu Yayınları, Ankara. 2017.
6. el-Bîrûnî, Ebû Reyhân Muhammed b. Ahmed. Tahkîku Mâ Li’l-Hind. Bîrûnî’nin Gözüyle Hindistan. /Arapça aslı ve İngilizce tercümesiyle karşılaştırarak Osmanlıca çeviriyi yayına hazırlayan ve notlandıran Prof. Dr. Ali İhsan Yıtık/. Ankara: Türk Tarih Kurumu Yayınları. 2015.
7. Havli, Yumna Tarif. Buhus Fi Tarihul Ulum ‘Indel ‘Arab, London. 2018.
8. Mustafa Lebib Abdulgına. Dirasata Fi Felsefeti’l-’lm ‘ındel Biruni, Kahre. 1966.
9. Rosethal F. “Beyrüni’nin Bilgi Kuramı ve Yöntemiyle İlgili Bazı Ön Varsayımları Üzerine”, Çeviren: Prof. Dr. Mübahat Türker Küyel, Biruniye Armağan, Ankara. 1974.
10. Sachau E. Chronologie orientalischer Völker / von Albêrûnî. Leipzig: Brockhaus; Leipzig: Harrassowitz, 1923.
11. Seyyid Hüseyin Nasr. İslam Kozmoloji Öğretilerine Giriş, İstanbul: İnsan Yayınları. 1985.
12. Togan Zeki Velidi. “Ortaçağ İslam Aleminde Tenkidi Telakkisi” in the Islam Teljiktkleri Enstttuso Dergisi ed. by Zeki Velidi Togan, I, parts 1–4 1953, (Istanbul, 1954 (İng. Translation: “The Concept Of Critical Historiography In The Islamic World Of The Middle Ages” Islamic Studies, Vol. 14, No. 3. 1975.
13. Walzer R. Greek Into Arabic, University of South Carolina Press. 1970.
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q