Beruniyning Nyuton, Kulon va Rezerfordga yordami yoxud bizgacha yetib kelmagan “Astronomik kalit” asari haqida


Saqlash
14:00 / 26.09.2023 1200 0

Uchinchi Renessans davri poydevori qurilayotgan Yangi O‘zbekistonda birinchi Renessans davrining buyuk namoyondalaridan biri, vatandoshimiz Abu Rayhon Beruniy bobomizning astronomiya sohasidagi ilg‘or qarashlari haqida to‘xtalib o‘tamiz. Astronomiya fani eng qadimiy fanlardan hisoblanadi. Bu fan bilan eng qadimgi Antik davr mutafakkirlarining ko‘pchiligi shug‘ullanganlar. Olam tuzilishi haqidagi dastlabki tasavvurlar juda qadim zamonda, eramizdan oldingi  bir necha minginchi yillardan burun vujudga kelgan edi. Kishilar tabiat hodisalari qanday kuzatilsa, shundayligicha haqiqat sifatida qabul qilganlar.

 

Jamiyat rivojlanishning dastlabki bosqichlarida osmon jismlari (Quyosh va Oy), yulduzlar osmoni va uning aylanishi olam tuzilishi haqidagi tasavvurlarning shakllanishida alohida ahamiyat kasb etadi. Dehqonchilik ishlarida osmon va yerdagi hodisalar (tun va kunning almashinishi, yil fasllari) orasida bog‘lanishlarni aniqlash kishilarni qiziqtirar edi.

 

Eramizdan avval 1100-yillarda Xitoy olimi Chu Kong ekliptikaning osmon ekvatoriga og‘ishini o‘z davri  uchun katta aniqlikda topgan. Yunon olimi Fales eramizdan avval 585-yilgi Quyosh tutilishini oldindan aytgan. Geraklit (e.a. 540) “Olam doimo harakatda, u na xudolar va na kishilar tomonidan  yaratilmagan”, degan tushunchani bergan. Pifagor (e.a. VI asr) Yerning sharsimon ekanligini aytadi. Aristotel (e.a. 384–322) Yerning sharsimon ekanligini isbot qilib, olamning markazida deb geotsentrik ta’limotni o‘rtaga tashladi. Aristarx (e.a. III asr) Yer Quyosh atrofida aylanadi degan fikrni o‘rtaga tashladi (Abu Rayxon Beruniy. Tafxim. Tanlangan asarlar. Toshkent-Urganch-Xiva, 2006 352). Gipparx (e.a 162126) tropik yilning uzunligini  katta aniqlik bilan aytadi (365d 5h 55m 56s).

 

Eramizning II asrida aleksandriyalik astronom Klavdiy Ptolemey “Megiste sintaksis” (Buyuk tuzilish) asarida olam tuzilishining geotsentrik sistemasini tizimli bayon qilib beradi (1-rasm). Keyinchalik bu asar arab tiliga tarjima qilinib, sharqda astronomiya rivojiga katta hissa qo‘shdi.

 

 

(1-rasm. Geotsentrik tizim.  2-rasm. Geliotsentrik tizim)

 

Arab tilida bu asar Al-majistiydeb ataladi. Garchi unda planetalarning sirtmoqsimon harakatining sababi noto‘g‘ri tushintirilsa ham, ularning ko‘rinma harakati tushuntirilar edi. Ptolemeyning geotsentrik tizimi sal kam 15 asr olam tuzilishining asosiy ta’limoti bo‘lib keldi.

 

XVI asr o‘rtalarida (1543-yil) polyak olimi Nikolay Kopernik “Osmon sferasining aylanishi” asarida olam tuzilishining geliotsentrik ta’limotiga asos soldi (2-rasm). Bu ta’limot olamning haqiqiy manzarasini real ko‘rsatish bilan birga, insoniyat tarixida, dunyo fanlarining keyingi rivojlanishida katta ahamiyat kasb etdi. Bu ta’limotning tarafdorlari J.Bruno, G.Galileylar edi, Nyuton, Kulon va Rezerford kabi ilm daholari o‘zlarining mashhur kashfiyotlarini geliotsentrik ta’limot asosida ochganlar. Fanda bunday mashhur kashfiyotlar oldindan yetilib keladi. Xuddi shunday geliotsentrik ta’limot ham, Kopernikdan oldin o‘tgan olimlarning qarashlari asosida yetilib kelgan edi. Albatta bu ta’limotning yuzaga kelishida Abu Rayhon Beruniyning ham hissasi bor. Quyida uning yoki boshqa beruniyshunoslarning asarlarida keltirilgan Beruniyning geliotsentrik qarashlari tahlil qilinadi.

 

Aristotel va Ptolemeyning “Yer olamning markazida qo‘zg‘almas”,  degan g‘oyalariga musulmon dunyosi olimlari: Xorazmiy, Farg‘oniy, Al‑Battoniy, Beruniy, Mirzo Ulug‘bek kabi mutafakkirlar shubha bilan qarab kelganlar.

 

Abu Rayhon Beruniy o‘zidan oldingi mutafakkirlarning qarashlari va g‘oyalarini puxta o‘rganib, ularning kuzatishlari, tajribalari asosida tanqidiy muhokama qilgan.

 

Ptolemeyning “Megiste” asarida olam tuzilishining geotsentrik ta’limotida ilgari surilgan oltita g‘oyani tahlil qilib, beshinchi g‘oyasida “Yerning qo‘zg‘almasligi haqida” Beruniy “Yer o‘z o‘qi atrofida aylanadi” deb qaraganda, kuzatishdagi osmon harakatlarini tushuntirishda qarama-qarshilik bo‘lmaydi”, deb tushintiradi (Тимофеев И. Беруний. Москва, 1986. 282).

 

U hatto Yer o‘z o‘qi atrofida aylanganda ekvatordagi nuqtalarning tezligi haqida mulohaza yuritgan. Albatta, Yerning o‘z o‘qi atrofida aylanishi natijasida kecha bilan kunduzning almashinishi, osmon sferasi, undagi yoritkichlarning, Oy, Quyosh, planetalar, yulduzlarning chiqish va botish masalasiga qarashlari hozirgi zamon ta’limotiga to‘g‘ri keladi.

 

Beruniy “Qonuni Mas’udiy” asarida Yerning o‘z o‘qi atrofida aylanishi muqarrar ekani haqida yozadi. “Yerning aylanma harakati”, deb yozadi Beruniy, hali u Hindistonda bo‘lgan vaqtida, – bir qancha astronomik hodisalar bu harakat bilan yuzaga keladi”. Demak, Beruniy o‘zining hayotining ma’lum bir davrida geliotsentrik pozitsiyada bo‘lgan (Тимофеев И. Беруний. Москва, 1986. 283).

 

S.P.Tolstov fikricha: “Beruniy fanning muammolarini yechishda, astronomiya sohasida, yarim ming yillar va undanda oldinga qadam tashlagan buyuk olim edi. Buning uchun uning “Olam tuzilishining geotsentrik va geliotsentrik sistemasi teng huquqli”, degan tezisini esga olish kerak. Shu bilan birga, Beruniy, shubhasiz, jismlarning Yer markaziga tomon tortilishi haqida gapirib, Kopernik ochgan geliotsentrik ta’limotni bashorat qilgan” (Толстов С.П., Семенов А.А., Захидов В.Ю., Джалалов Г., Гулямов Я. Беруний – великий учений средневековя. Тошкент: Издателство АН Узбекистана, 1950. 23–28).

 

Taniqli olim A.A.Semenov quyidagi so‘zlarni aytib o‘tadi: “Beruniy Yerning qo‘zg‘almas, Quyosh atrofida harakatlanmaydi degan gipotezaga shubha ostida qaraydi va quyidagicha tushuntiradi: “Yerning aylanishi astronomik hodisalarni tushuntirishda hech qanday noqulaylikka olib kelmaydi. Birinchi (geotsentrik) va ikkinchi (geliotsentrik) ta’limotga ham mos keladi. Bu savolni ajratish juda qiyin. Bu mavzuga atab “Astronomiyaga kalit” asarini tuzdik. Garchi bizdan oldingilar bu savolning yechimini izlagan bo‘lsalar ham” (Толстов С.П., Семенов А.А., Захидов В.Ю., Джалалов Г., Гулямов Я. Беруний – великий учений средневековя. Тошкент: Издателство АН Узбекистана, 1950. 28).

 

Beruniyning “Astronomiyaga kalit” asari,  afsuski, bizgacha yetib kelmagan. Ba’zi ma’lumotlarga qaraganda, bu asar geotsentrik va geliotsentrik ta’limotga bag‘ishlangan (Тимофеев И. Беруний. Москва, 1986. 247). C.P.Tolstov: “U manbalarga tanqidiy nuqtai nazardan yondashadi, o‘zidan ilgari o‘tgan olimlarning tarixiy asarlarini dadil, qo‘rqmasdan tanqid qiladi. Hind olimi Brahmaguptaning osmonning to‘la aylanishi haqidagi qarashlariga qarshi Beruniy ta’kidlaydi: “Agar biz Yer haqiqatdan harakatlanadi deb qarasak ham, kuzatilayotgan astronomik hodisalarga hech qanday qarama-qarshilik bo‘lmaydi. Yer aylanishi va osmon aylanishi – ikkalasi bir хil astronomik hodisadir. Biz o‘ylaymizki, bizdan oldingi olimlar bu masalani faqat so‘zda tahlil qilgan bo‘lsalar, biz esa ilmiy asosda, “Astronomiyaga kalit” kitobimizda keltirdik” (Толстов С.П., Семенов А.А., Захидов В.Ю., Джалалов Г., Гулямов Я. Беруний – великий учений средневековя. Тошкент: Издателство АН Узбекистана, 1950. 75-76).

 

Agar bu ma’lumotlarni tahlil qilsak, haqiqatdan ham  “Astronomiyaga kalit” asarida Beruniy geotsentrik va geliotsentrik ta’limotga chuqurroq yondoshgan, degan хulosaga kelish mumkin.

 

G.Jalolov fikricha, Beruniyning “Astronomiyaga kalit” asari 60 bet bo‘lgan. Unda Beruniy o‘zining zamondoshlari orasida birinchi bo‘lib uzil-kesil Yer harakatlanadi, degan xulosaga kelgan. Shu bilan birga, Beruniy birinchi bo‘lib yulduzlar ham sekin harakatlanadi, bu harakatlar Yerning harakatiga bog‘liq emas, biz uni sezmaymiz, ular uzoqda va cheksiz, degan gipotezani keltiradi. Beruniygacha bunday gipotezani hech kim keltirmagan (Толстов С.П., Семенов А.А., Захидов В.Ю., Джалалов Г., Гулямов Я. Беруний – великий учений средневековя. Тошкент: Издателство АН Узбекистана, 1950. 82).

 

XIII asrda yashagan marokashlik olim Hasan-Ali-al-Marokashiy astronomik asturlob haqida shunday deydi: “Beruniy bizga shunday o‘rgatdi, Abu Said as-Sijiziy (Beruniyning zamondoshi) tomonidan yaratilgan bu asbob Yerning harakati asosida qurilgan (3-rasm). Osmon sferasidagi aylanada yotgan yettita sayyorani (Oy, Quyosh va beshta sayyora nazarda tutiladi) hisobga olmaganda, hamma yoritkichlar harakatsiz ko‘rinadi” (Толстов С.П., Семенов А.А., Захидов В.Ю., Джалалов Г., Гулямов Я. Беруний – великий учений средневековя. Тошкент: Издателство АН Узбекистана, 1950. 28). Bundan ko‘rinadiki, Quyosh tizimi boshqa (Quyosh, Oy va beshta sayyora) yoritkich yulduzlardan farqli o‘laroq bir sistemani tashkil etishi aytib o‘tilgan. Bu shu davr uchun eng ilg‘or fikr edi. Bu Quyosh sistemasining hozirgi zamon tuzilishini anglatib turibdi.

 

G.Jalolov keltirishicha, as-Sijiziy Beruniyni yaqin do‘sti bo‘lgan (Толстов С.П., Семенов А.А., Захидов В.Ю., Джалалов Г., Гулямов Я. Беруний – великий учений средневековя. Тошкент: Издателство АН Узбекистана, 1950. 79). U asbobni Beruniyning fikri bilan qurgan bo‘lishi mumkin (3-rasm). “Bu qarashlari bilan Beruniy astronomiya sohasida, o‘z zamondoshlaridan shunchalik ilgarilab ketganki, butun qarashlarga qarama-qarshi ravishda “Yerni harakatlanadi”, deb ko‘rsatgan” (Толстов С.П., Семенов А.А., Захидов В.Ю., Джалалов Г., Гулямов Я. Беруний – великий учений средневековя. Тошкент: Издателство АН Узбекистана, 1950. 28).

 

 

(3-rasm. O‘rta asr Asturlobi)

 

Taniqli olim V.Y.Zaxidov ta’kidlaydi: “Beruniy Hindiston tarixi (59 bob) asarida o‘z qarashlarida Quyosh katta olovdan tashkil topgan, planetalar esa uni atrofidan o‘rab olgan va undan nur oladi. Beruniy o‘zi geotsentrizm ta’sirida bo‘lsa ham, u bilan birga geliotsentrizm ta’limotidan voz kechgan emas. Bu muhim savol ustida to‘g‘ri fikrlar topishga undagan” (Толстов С.П., Семенов А.А., Захидов В.Ю., Джалалов Г., Гулямов Я. Беруний – великий учений средневековя. Тошкент: Издателство АН Узбекистана, 1950. 57).

 

“Tafhim” Beruniyning eng yirik asarlaridan biri bo‘lib, entsiklopedik хarakterga ega. Unda matematika, astronomiya, geografiya, tarix, xronologiya, хalqlarning kalendarlari bayon etilgan. Astronomik hodisalar ilmiy nuqtai nazardan tushuntirilgan III bobida “Ekliptika nima?” degan 139-savolida (Abu Rayhon Beruniy. Tafxim. Tanlangan asarlar. Toshkent-Urganch-Xiva, 2006. 51) ekliptikaga ta’rif berib, tengkunliklar va ekliptikada Quyosh turish nuqtalari to‘g‘risida ma’lumotlar beradi. Bu ma’lumotlar deyarli hozirgi zamon astronomiyasidan farq qilmaydi.

 

Shu asar III bobida tutilishlarni tushintiradi va “Tutilish qaysi tomondan boshlanadi?” (258-savol) savolida “Yer soyasining ekliptika bo‘ylab harakati Quyosh harakatiga teng (Oy esa tezroq harakatlanadi). Bu vaqtda Oy to‘linoy bo‘lgani, u Oyni qoraytiradigan soya doirasi orqali o‘tadi, Oy to‘la tutiladi”, deb ko‘rsatib o‘tadi (Abu Rayhon Beruniy. Tafxim. Tanlangan asarlar. Toshkent-Urganch-Xiva, 2006. 111).

 

Bunda “Yer soyasining ekliptika bo‘ylab harakati Quyosh harakatiga teng”, degan jumlani tahlil qilib, Beruniy quyidagicha mulohaza qilgan:

 

1.                 Tutilish vaqtida Quyosh, Yer, Oy ekliptika tekisligida yotadi;

 

2.                 “Yer soyasi ekliptika tekisligi bo‘ylab siljib boradi” degani Yer va Quyosh hamisha (vaqt o‘tishi davomida) ekliptika tekisligida yotadi deganidir;

 

3.                 Hozirgi astronomiyada ekliptika Quyoshning osmonda ko‘rinma yo‘li bo‘lib, uning  tekisligi ko‘rinma tekislik bo‘ladi. Aslida Yerning Quyosh atrofida orbita bo‘ylab aylanishida orbita tekisligi hisoblanadi. Ya’ni ekliptika tekisligi bilan Yer orbita tekisligi parallel yoki ikkalasi bir tekislik hisoblanadi. Beruniy mana shu holatni aynan  bilib aytgan deyish mumkin;

 

4.                 Bu mulohazalardan Beruniy Yer Quyosh atrofida ekliptika tekisligida aylanadi, degan xulosaga kelgan, deyish mumkin.

 

“Yuqoriroqda Yer o‘z o‘qi atrofida aylanishi va osmon aylanishi ikkalasi bir хil astronomik hodisadir, buni tushunish uchun biroz mulohaza qilish kerak”, degan Beruniyning so‘zini eslasak va Beruniycha mulohaza qilsak, ekliptika tekisligida Yer bilan Quyoshning tezligi bir xil deb qaralganda, osmonda Quyosh ekliptika bo‘ylab aylanishi, Yerning orbita bo‘ylab Quyosh atrofida aylanishi ham, ikkalasi bir xil astronomik hodisadir deyishga asos bor.

 

1543-yil N.Kopernik tomonidan kashf qilingan va sistemaga solingan geliotsentrik ta’limot, nafaqat astronomiyada, fizika, matematika, biologiya, geografiyada, meditsinada, insoniyat ilmiy dunyosining va uning natijasida jamiyat rivojlanishida katta ahamiyatli porloq yo‘l ochib berdi. Geliotsentrik sistemaga tayanib, I.Nyuton butun olam tortishish qonunini, unga qiyos qilib O.Kulon zaryadlar o‘rtasida ta’sir qonuni va 1913-yilda ingliz fizigi Rezerford atomning planetar modelini yaratdi. Aynan geliotsentrik sistemaga o‘xshatib yaratilgan atomning planetar modeli hozir moddiy dunyoni tushuntirib bermoqda (4-rasm).

 

 

(4-rasm. Rezerford va atomning planetar modeli)

 

Hozirgi kunda insoniyat erishayotgan fandagi eng so‘nggi yutuqlar jamiyat rivojlanishining yuksak omilidir. Nanotexnologiyaning hayotga kirib kelishi, koinot sirlarini o‘rganishda astrofiziklarning erishayotgan yutuqlari, ekzosayyoralarning ochilishi, qora tuynuklar, gravitatsion to‘lqinlarni o‘rganish sohasida oxirgi yillarda astrofiziklarga Nobel mukofotlarining berilishi, “Katta portlash” natijasida koinotning paydo bo‘lishi, uning yoshi 14 milliard yil ekanligi, koinotning hozirgi chegarasi 4000 Megaparsek yoki 1,3×1024 km ekanligi inson tafakkurining yutuqlari deyish mumkin. Albatta, bunday yutuqlarga real va to‘g‘ri  bo‘lgan geliotsentrik ta’limot yoki olam materiyasining asosi bo‘lgan atomning planetar modelini chetlab erishib bo‘lmas edi. Har qanday kashfiyotlar avval buyuk kishilar xizmatlari evaziga yetiladi va keyin ochiladi.

 

Yuqorida keltirilgan ma’lumotlarga binoan mana shunday kashfiyotlardan hisoblangan 1543-yilda N.Kopernik tomonidan ochilgan olam tuzilishining geliotsentrik ta’limotida undan 500 yil oldin yashab ijod qilgan Xorazmlik buyuk alloma Abu Rayhon Beruniy bobomizning salmoqli hissalari bor deyishimizga asoslar yetarlidir.

 

S.QAHHOROV,

professor

 

O.AVEZMUROTOV,

dotsent

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 121
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22033
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//