Abu Rayhon Beruniy (973–1048) yozgan asarlarining aksariyati astronomiya va matematikaga oid bo‘lsa-da, u umrining so‘nggi yillarida dorishunoslikka oid arab tilida “Kitob as-saydana fi-t-tibb” (“Tabobatda dorishunoslik”) nomli kitobini yozadi. Bu asar Beruniy vafoti tufayli tugallanmay qolgan va keyinchalik uning shogirdi, g‘aznalik tabib Abu Hamid Ahmad ibn Muhammad an-Nahsha’iy tomonidan olimning qoralamalari kitob holiga keltirilgan. U bizgacha 678/1279-1280-yillarda Abu Is’hoq Ibrohim at-Tabriziy (al-G‘azanfar) qo‘li bilan ko‘chirilgan nuqsonli, yagona nusxada yetib kelgan (Abu Ali ibn Sino. Tib qonunlari. Ikkinchi kitob / Arabchadan tarjima qiluvchilar: S.Mirzayev, A.Rasulev, U.I.Karimov, A.Murodov, Q.Munirov. Toshkent: Fan, 1982. 19). Bu asar alohida e’tiborga molikdir, chunki Beruniyning ilmiy qiziqishlari asosan aniq fanlarga qaratilgan bo‘lib, tib ilmi bilan shug‘ullanmagan va bu sohaga doir maxsus asarlar ham yozmagan. Lekin Saydananing tuzilishi, hajmi, mazmuni, unda istifoda etilgan manbalarning davriy va hududiy ko‘lami Beruniyni o‘z davrining buyuk dorishunosi deb atashga asos bo‘la oladi.
O‘rta asr musulmon Sharqida dorishunoslikka tib san’atining dastlabki pog‘onasi sifatida qaralgan, ya’ni o‘zini tabobatga bag‘ishlagan har qanday kishi, eng birinchi, dori vositalari haqidagi bilimlarni o‘zlashtirishi lozim edi. Ammo shu bilan birga, Beruniyning aytishicha, unga mustaqil fan sifatida ham qaralgan va bunday holatda u tibning bir qismi emas, balki uning yordamchisi (qadimgi atama bo‘yicha “quroli” – olati) hisoblangan.
Beruniy bu fanga aniq ta’rif beradi: “Saydana sodda dorilarni ularning turi, xili va eng yaxshi shakli bo‘yicha bilimlar (majmui) hamda murakkab dorilarni yozilgan retsept yoxud ishonchli va to‘g‘ri yo‘llik tadqiqotchining ko‘rsatmasiga muvofiq tarkib qilishdir” (Абу Райхан Бируни. Фармакогнозия в медицине. Исследование, перевод, примечания и указатели У.И.Каримова / Избранние произведения, т. IV, Ташкент: Фан, 1974. 129).
Ichki iste’molga yaroqli bo‘lgan narsalar, birinchi navbatda, oziqlar va zaharlarga bo‘linadi, dorilar esa ularning o‘rtasidadir. Inson organizmi ichiga tushib, unga biror ta’sir qiladigan har qanday moddaga dori deyiladi (ar. davo, ko‘pligi adviya). Dorilar, o‘z navbatida, oddiy (adviya mufrada) va murakkablarga (adviya murakkaba) bo‘linadi. Sun’iy tarkib qilinmagan dorilar sodda dorilarga kiradi. Beruniyning aytishicha, arab tilida sodda dorilarni ifodalash uchun kelib chiqishi suryoniy bo‘lgan va dastlab “ildiz”ni anglatgan ‘aqoqir (birligi ‘aqqor) so‘zi ishlatiladi (Абу Райхан Бируни. Фармакогнозия в медицине. Исследование, перевод, примечания и указатели У.И.Каримова / Избранние произведения, т. IV, Ташкент: Фан, 1974. 36).
Qisqacha asarning o‘zi haqida. “Saydana” kirish so‘zi va besh bobni o‘z ichiga olgan kattagina muqaddima hamda dorishunoslik qismidan iborat. Muqaddimada Beruniy saydana (farmakognoziya) va saydanoniy (dorishunos) so‘zlarini izohlaydi. Bu fanning ahamiyati haqida gapiradi. Bundan tashqari, dorilarning oddiy va murakkabga bo‘linishi, dorilarning badallari, zaharlar bilan davolash, o‘zining arab va fors tillariga munosabatini, dorilarning turli tillardagi nomlarini bilishning ilmiy va amaliy ahamiyati hamda yana boshqa ko‘p narsalar haqida yozadi.
Muqaddimadan so‘ng arab alifbosi tartibiga solingan 1116 ta maqola (paragraf) keltirilgan bo‘lib, ularning har biri alohida doriga bag‘ishlangan. Maqolalarning hajmi turlicha – bir necha so‘zdan to bir necha betgacha. Buni faqat “Saydana”ning tugallanmaganligi bilangina emas, yana tavsiflanayotgan dorining amaliy ahamiyati va mashhurligi bilan ham izohlash mumkin. Kitobda 880 ta o‘simlik, 107 ta ma’daniy moddalar, 101 ta hayvon mahsulot va a’zolari hamda 30 ta murakkab tarkibli dorilar (asosan, taryoqlar) jamlangan. Maqolalar quyidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi: dorining arabcha yoki muarrab qilingan nomi, so‘ng uning yunon, suryoniy, fors, hind hamda boshqa til va lahjalardagi atalishi. Ko‘p hollarda arabcha nomi she’riy parchalar orqali sharhlangan. Undan keyin dorining tashqi ko‘rinishi, yaxshi va yomon xillari, uchraydigan yerlari yunon va sharq mualliflarining asarlariga ishora qilingan holda keltiriladi. Maqola so‘nggida dorining badallariga o‘rin berilgan. Maqolalarda geografik, tabiatshunoslikka oid va boshqa ma’lumotlar ko‘p bo‘lib, ularning aksariyat qismini Beruniyning shaxsiy kuzatishlari va mulohazalari tashkil etadi. Chunki u yoshligidan dorivor o‘simliklarga qiziqqan va ularning boshqa tillardagi nomlarini aniqlab, yig‘ib yurgan. Olimning fikricha, shifobaxsh narsalarning turli tillarda qanday nomlanishini bilish faqat ilmiy jihatdangina emas, balki amaliy tomondan ham katta ahamiyatga ega bo‘lgan. Sababi, o‘sha davrdagi tibga oid ilmiy asarlarda xorijiy tillardan kirgan ko‘plab istilohlar mavjud bo‘lib, ularning haqiqiy ma’nosini hamma tabib va dorishunoslar bilavermas edi.
Bundan tashqari, bir dorining o‘zi turli joylarda turlicha atalar yoki, aksincha, bir nomning o‘zi har joyda har xil narsani ifodalar edi. Bu esa turli anglashilmovchilik va chalkashliklarga sabab bo‘lib, shulardan birini Beruniy misol sifatida keltiradi: “Xorazm amirlaridan biri kasal bo‘lib qolgan edi; uning kasaliga qarshi Nishopurdan bir dorining nusxasi (retsepti)ni yubordilar. Uni attorlarga ko‘rsatdilar, unda qayd etilgan dorilardan bittasi hech kimdan topilmadi, faqat bir kishi o‘zida borligini aytdi. Uning o‘n besh dirhamini besh yuz toza (kumush) tangaga sotib olishgan ekan, (attor) gulsafsar ildizini chiqarib beribdi. Uni koyishganda, u: “Siz jismini emas, faqat ismini bilmagan narsangizni sotib oldingiz”, debdi” (Абу Райхан Бируни. Фармакогнозия в медицине. Исследование, перевод, примечания и указатели У.И.Каримова / Избранние произведения, т. IV, Ташкент: Фан, 1974. 140). Beruniy dori moddalarning arab, fors, yunon, suryon, lotin, hind, xorazmiy, turkiy – umumiy hisobda 30 ta til va lahjalardagi 4500 ta nomlarini keltiradi, shu jihatdan bu asarni ko‘ptillik lug‘at sifatida baholash mumkin.
O‘simlik va hayvonlar ustidagi o‘zining shaxsiy kuzatuvlaridan kelib chiqib, Beruniy ko‘p hollarda boshqa mualliflarning fikrini tanqid qiladi va ularga tuzatishlar kiritadi. Shu jihatdan olimning ba’zi kuzatishlari fan tarixi nuqtai nazaridan e’tiborga molik. Masalan, asarda tsitron borasida gap ketganda, bir muallifning tsitron daraxtida bir vaqtning o‘zida ham silliq, ham g‘adir-budur mevalar bo‘lishi va ularning so‘nggisi nordon, sillig‘i esa shirin ta’mga egaligi haqida yozganlarini tanqid qilib: “Ammo tekshirish bu gapning to‘g‘ri emasligini ko‘rsatadi. Tabaristondan keltiriladigan barcha tsitronlar cho‘tir va g‘adir-budur bo‘lib, Jurjonda bo‘ladiganlari silliq va pishiq bo‘ladi; etlarining nordonligi esa har ikkalasi uchun ham umumiydir”, deydi (Абу Райхан Бируни. Фармакогнозия в медицине. Исследование, перевод, примечания и указатели У.И.Каримова / Избранние произведения, т. IV, Ташкент: Фан, 1974. 160–162). Yana bir misol: qadimgi yunonlar qirmiz qurtini dub ustidagi og‘riq o‘simta deb hisoblaganlar, Beruniy esa uning hasharot ekanini bilgan (Абу Райхан Бируни. Фармакогнозия в медицине. Исследование, перевод, примечания и указатели У.И.Каримова / Избранние произведения, т. IV, Ташкент: Фан, 1974. № 443).
O‘rta asrlar dorishunosligiga bag‘ishlangan tadqiqotlarda asosiy e’tibor manbada keltirilgan dorivor o‘simliklarga qaratilgan va bu holat, umuman olganda, tabiiy. Chunki o‘sha davr tabobatida aksariyat kasalliklar, ayniqsa, ichki a’zolar kasalliklari nabotiy dorilar bilan davolangan. Lekin ayrim hollarda, ayniqsa, teri kasalliklarida o‘tkir dorilarga ehtiyoj sezilganda, ma’daniy moddalar ham ishlatilgan. Bundan tashqari, ular sodda dorilar foyda bermagan holatlarda qo‘llanadigan murakkab dorilar tarkibiga ham qo‘shilgan. “Saydana”ga ham 107 ta ma’daniy modda dori sifatida kiritilgan. Ularning orasida o‘sha davrda ma’lum bo‘lgan yetti metall, suvda eruvchi tuzlar, zoklar (kuporoslar), surma va zarnix kabi sulfid tuzlari, turli tarkibli suvda erimaydigan va hajar so‘zi bilan ifodalangan toshlar, loy turlari (tin), qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlar va boshqa ma’daniy moddalar bor. Shu o‘rinda aytish joizki, bularning orasida allomaning “Kitob al-jamohir fi ma’rifat al-javohir” (“Mineralogiya”) (Абу-р-Райхан Мухаммед ибн Ахмед ал-Бируни. Собрание сведений для познания драгоценностей (Минералогия) / Перевод А.М.Белениского, Л., 1963) nomli metallar va qimmatbaho toshlarga bag‘ishlangan asariga kirmagan moddalar ham bor. Masalan, zoklar, oltingugurt, novshadil va bir nechta tosh va loy turlari. Undan tashqari, “Mineralogiya” asaridan farqli “Saydana”da boshqa ma’lumotlar barobarida moddaning turli tillardagi (arab, fors, yunon, suryon, hind va b.) nomlanishiga alohida urg‘u berilgan.
Beruniyning ayrim gaplaridan uning ba’zi moddalar ustida tajribalar o‘tkazganligining ham guvohi bo‘lamiz. Xususan, olmosga bag‘ishlangan paragrafda u shunday yozadi: “(Olmos) zahar, degan gap og‘izdan-og‘izga ko‘chib yuradi, biroq tajriba buni tasdiqlamaydi”. Qo‘rg‘oshin (onuk) maqolasida esa u qo‘rg‘oshinni kuydirish usulini batafsil bayon qiladi (Абу Райхан Бируни. Фармакогнозия в медицине. Исследование, перевод, примечания и указатели У.И.Каримова / Избранние произведения, т. IV, Ташкент: Фан, 1974. № 88, 100).
Beruniy o‘zi tabobat bilan shug‘ullanmagani bois moddalarning tibbiy ta’siri haqida ikkala asarida ham deyarli ma’lumot bermagan. Lekin bunday ma’lumotlar “Saydana” forsiy tarjimasini XIII asrda amalga oshirgan tabib Abu Bakr Kosoniy tomonidan asarning har bir paragrafiga qo‘shilgan (Аbu Rayhon Beruni. As-Saydana fi-t-tib. Tarjumai forsii Abubakr ibni Ali ibni Usmon Isfar al-Kosoni (asri XSH melodi) / Tahiyai matn va peshguftori: nomzadi ilmhoi filologi Ahmad Hojizodai Madrushkati, yeri nazar va tahriri doktor ilmhoi filologi Tojiddin Mardoni. Dushanbe, 2017; Abu Rayhon Beruniy. Kitob as-saydana fi-t-tibb. Forscha tarjima qo‘lyozmasi. Britaniya muzeyi, Or 5849; Abu Rayhon Beruniy. Kitob as-saydana fi-t-tibb. Forscha tarjima qo‘lyozmasi. Manisa xalq kutubxonasi, № 1789 (Manisa, Turkiya). Forscha nusxada berilgan 858 ta dorining 558 tasida tibbiy xossalar qayd etilgan. Dorivor o‘simliklarning Kosoniy keltirgan tibbiy xossalari Abu Ali ibn Sino “Tib qonunlari” ikkinchi kitobidagi ma’lumotlarga to‘g‘ri keladi (Abu Ali ibn Sino. Tib qonunlari. Ikkinchi kitob / Arabchadan tarjima qiluvchilar: S.Mirzayev, A.Rasulev, U.I.Karimov, A.Murodov, Q.Munirov. Toshkent: Fan, 1982). Tibbiy xossalari keltirilgan dorilarning 35 nafari ma’daniy vositalardir.
Ma’daniy moddalarning tibbiy xossalarini solishtirish shuni ko‘rsatdiki, bularning barchasi kuchli ta’sir etuvchi bo‘lgani sababli asosan, tashqi kasalliklarni davolashda qo‘llangan. Juda zarur hollardagina boshqa dorilarga qo‘shib, ichki iste’mol uchun buyurilgan. Oksid va tuz holidagi moddalar turli sifatdagi yaralar, jarohatlar va teri kasalliklariga yaxshi davo bo‘lgan. Metall oksidlari va sulfidlari esa, bulardan tashqari yana ko‘z kasalliklari muolajasida ham ishlatilgan (Karimova S.U. IX–XI asr kimyo va dorishunoslik fanlari taraqqiyotida Markaziy Osiyo olimlarining o‘rni. Toshkent, 2002. 444-445).
Beruniy o‘sha davrdagi dorishunoslikning muhim masalalaridan yana biri – bir dorini boshqasi bilan almashtirish, ya’ni badallarga alohida e’tibor bergan. Bu masala o‘sha davrda juda katta ahamiyatga ega bo‘lgan, chunki kerakli dorini har yerda va hamma vaqt ham topishning imkoni yo‘q edi. Shu bois badallar haqida maxsus risolalar ham yozilgan. Beruniy “Saydana” muqaddimasida Abu Bakr ar-Roziyning badallarga oid risolasini o‘qib chiqqanini aytadi. Bundan tashqari, “Saydana” matnida Pavel (615–690) va Ibn Mosavayhning (777–857) badallar haqidagi asarlaridan (al-Abdol) iqtiboslar keltirilgan. Barcha dorishunoslik kitoblarida dori tavsifidan keyin uning badallari to‘g‘risida ma’lumot beriladi, “Saydana”da ham shunday.
Lekin Beruniy boshqa mualliflardan farqli o‘laroq, faqat shu bilangina kifoyalanmay, muqaddimaning alohida bobida bir dorini boshqasi bilan almashtirishning nazariy tomonlariga ham to‘xtaladi (Абу Райхан Бируни. Фармакогнозия в медицине. Исследование, перевод, примечания и указатели У.И.Каримова / Избранние произведения, т. IV, Ташкент: Фан, 1974. 136). U qadimgi va zamondosh olimlarning badallar bo‘yicha ko‘rsatmalarini yetarli emas deb hisoblaydi. Uning fikricha, bir muayyan dorining badali faqat bir kasallik bo‘yicha foydali bo‘lishi mumkin, shunda ham u ichiladigan shaklda iste’mol qilinsa. Biroq boshqa kasallikda surtma yoki o‘zgacha shaklda ishlatilsa, u shu ta’sirni ko‘rsatmaydi. Shuning uchun ham Beruniy badalning joyini, ya’ni u ichiladiganmi, surtiladiganmi yoki bog‘lama (kompress)mi, yoxud tutatqi va h.k. dorilarga qo‘shilishini e’tiborga olishni tavsiya qiladi. Shuningdek, agar dorining yaxshi sifatlisi bo‘lmasa, uni yomonrog‘i bilan almashtirish mumkin. Yoxud yovvoyi o‘simlikni uning madaniy xili bilan almashtirish mumkin, lekin bunda ularning olinayotgan vazniga tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi. O‘simlikning biror qismini boshqasi bilan ham almashtirish mumkin deb hisoblaydi Beruniy (Абу Райхан Бируни. Фармакогнозия в медицине. Исследование, перевод, примечания и указатели У.И.Каримова / Избранние произведения, т. IV, Ташкент: Фан, 1974.136-137).
Kitobda yana o‘simlik va mineral dorilarning geografik lokalizatsiyasi, ularning tashqi ko‘rinishi kabi masalalar ham batafsil yoritilgan. Dorivor o‘simliklarning tarqalish maydonini aniqlashga hamisha ahamiyat berilgan. Shu jihatdan “Saydana” materialga boy – unda juda ko‘p hollarda u yoki bu o‘simlik va hayvonning vatani, ma’daniy moddaning qazib olinadigan koni ko‘rsatilgan. Kitobda umumiy hisobda 400 ga yaqin geografik nom zikr etilgan. IX–XII asrlarda yaratilgan boshqa dorishunoslik kitoblarining birortasida bunday katta hajmda ma’lumot berilmagan. “Farmakognoziya”ga kirgan 880 turdagi o‘simlikdan 81 oilaning 193 turkumiga mansub 223 turining hozirgi kunda O‘zbekiston hududida o‘sishi aniqlangan.
Beruniy qariyb 1500 yil mobaynida turli mintaqalarda yashagan 250 muallifning nomini zikr qiladi. Ungacha va undan keyin ham bunday boy manbaviy asosga ega bo‘lgan birorta tibbiy asar yaratilgan emas, shu jihatdan ham antik va islom davri manbalari asosida yaratilgan “Farmakognoziya” IX–XI asrlar musulmon Sharqidagi ilm-fanning “oltin davri” bo‘lganligini yana bir karra isbotlovchi ishonchli dalildir.
Surayyo KARIMOVA,
professor
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q