Buyuk alloma bilan Uchinchi Renessans sari


Saqlash
18:09 / 22.09.2023 629 0

Bugun shiddat bilan oldinga intilayotgan yangi O‘zbekiston tubi teran, o‘zanlari mustahkam daryoga o‘xshaydi. Jadal ilgari surilayotgan Uchinchi Renessans g‘oyasi tomirlarimizda azaldan davom etib kelayotgan irfoniy salohiyat, so‘nmas zakovat, milliy va ma’naviy qadriyatlarimizga taalluqlidir. Zero, har qanday Milliy Uyg‘onish, avvalo, tagzaminga tayanadi. Demak, ilk Sharq Renessansi davri mutafakkirlarining ilmiy-falsafiy merosini har tomonlama o‘rganish, chuqur tadqiq etish bugungi globallashuv davrida o‘ta dolzarb masaladir. Eng muhimi, bu izlanishlar yangi O‘zbekistonning yangi Renessansi yuzaga chiqishida muhim rol o‘ynaydi.

 

Olamshumul kashfiyotlari bilan jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk mutafakkir va qomusiy olim, ilk Uyg‘onish davrining yorqin namoyandasi Abu Rayhon Beruniyning ilmiy-ma’rifiy merosini yanada chuqur o‘rganish va keng targ‘ib qilish maqsadida 2022-yil 25-avgust kuni O‘zbekiston Prezidentining “Buyuk olim Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligini xalqaro miqyosda keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinishi buyuk ajdodimizga chuqur ehtirom sifatida tarixiy qadam bo‘ldi.

 

Ajdodlarimiz qoldirgan yuksak ilmiy-ma’naviy merosni har tomonlama tadqiq qilish yangi O‘zbekistonning irfoniy va ruhiy asoslarini mustakamlash, yangi tadqiqiotlar va ilmiy maktablarni yaratish va rivojlantirishning muhim omili bo‘lib xizmat qiladi.

 

Kuchli tafakkur egasining dunyoqarashi, ilmi nafaqat o‘z elini yuksak darajalarga olib chiqadi, kerak bo‘lsa, jahon tarixini ham o‘zgartirib yuboradi. Abu Rayhon Beruniy ana shunday beqiyos bilim sohibi sifatida millatimizning ulug‘ siymolaridan. Zero, dunyoviy ilm rivojiga ulkan hissa qo‘shgan, borliq haqidagi eng sof va eng tiniq haqiqatlarni tilga kiritgan alloma bamisli porlagan quyosh kabi asrlar osha biz tomon nur sochib turibdi. Yangi O‘zbekiston g‘oyasi aynan mana shunday nurlardan kuch olib oldinga intilmoqda. Chunki Sharq Renessansi davri mutafakkirlarining ilmiy-falsafiy, ijtimoiy-siyosiy merosini mukammal darajada o‘rganish mamlakatimizda zamonaviy ta’limni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega.

 

Ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyot tarixi tahlili ko‘rsatadiki, insonning shakllanishida muhit, ijtimoiy-siyosiy sharoitlar muhim rol o‘ynaydi. Abu Rayhon Beruniy 973-yil 4-sentabrda Xorazmning qadimgi Kot shahrida tug‘iladi. Kot shahri X asrda afrig‘iy xorazmshohlar sulolasi poytaxti va O‘rta Osiyoning eng yirik savdo markazlaridan biri edi. Xorazm bilan Xitoy, Hindiston, Yaqin Sharq davlatlari, Kavkaz va Sharqiy Yevropa o‘rtasida savdo-sotiq va madaniy aloqalar rivojlangandi. Musulmon Sharqining mashhur olimi Abdulkarim as-Sam’oniy “Kitob al-ansob” (“Nasablar kitobi”) asarida bunday yozadi: “Beruniy degan nisba Xorazmning tashqari qismiga oiddir. Kimki shahardan tashqarida tug‘ilgan bo‘lsa, bunday odamni “falonchi beruniy” deydilar. Munajjim Abu Rayhon shunday nisba bilan mashhurdir”.

 

Beruniyning yoshligidanoq ilm-fanga qiziqishi, qobiliyati kuchli bo‘lgan. Tarixchilarning ta’kidlashicha, o‘sha vaqtda Xorazmda fanning turli sohalarida shuhrat qozongan yuzlab olimlar yashagan. Beruniy, shubhasiz, mazkur olimlarda o‘qib, ta’lim olgan bo‘lishi kerak. U fanning deyarli hamma sohalari bilan shug‘ullangan. Ona tilidan tashqari yana bir qancha – arab, so‘g‘diy, fors, suryoniy, yunon va qadimgi yahudiy tillarini mukammal egalladi. Keyinchalik olimning Hindistonda bir muddat hayot kechirishi unga hind madaniyati bilan chuqur tanishish va sanskrit tilini o‘rganib olish imkonini berdi. Qadimgi yunon klassik ilmi bilan tanishdi. Astronomiya, geografiya, botanika, matematika, geologiya, tarix va etnografiya, falsafa va filologiya sohalarini chuqur bilgan yirik olim bo‘lib yetishdi. Beruniy shoir va adabiyotshunos ham edi. U zamonasining mashhur olimi Abu Nasr Mansur ibn Iroq qo‘lida ta’lim oladi. Ibn Iroq astronomiya, geometriya va matematikaga oid bir qancha asar yozib, shulardan 12 tasini Beruniyga bag‘ishlaydi. U Beruniyni Yevklid geometriyasi va Ptolemeyning astronomik ta’limoti bilan tanishtiradi. Ustoz bilan shogird o‘rtasidagi do‘stlik uzoq vaqtlargacha davom etadi. Beruniy ustozining nomini hamma vaqt zo‘r hurmat bilan tilga oladi. Umuman, Beruniy ilmiy masalalar, tarixiy voqeliklar va zamondoshlariga nisbatan baho berishda o‘ta xolislik va haqqoniylik bilan fikr yuritgan. Shu sabab hayotda ko‘p aziyatlar chekkan, og‘ir turmush kechirgan, ammo nechog‘li mashaqqatli bo‘lmasin, oliy maqsad sari intilishda davom etgan, ishonch-e’tiqodidan aslo chekinmagan.

 

Abu Rayhon Beruniyning ilm ummoni nechog‘li poyonsiz ekanini uning ulkan qomusiy olim sifatida yaratgan asarlari yaqqol ko‘rsatib turibdi. Falsafa ilmi bilimdoni bir vaqtning o‘zida astronom, astrolog, matematik, geolog, geograf, biolog, o‘lkashunos, o‘simlikshunos, ma’danshunos, tarixchi, manbashunos, dinshunos, adabiyotshunos, jamiyatshunos, mantiqshunos, ilohiyotchi va shoir bo‘lgan. Shu bois, akademik I.Krachkovskiy so‘zi bilan aytganda, “Beruniyning shug‘ullangan sohasini sanashdan ko‘ra, shug‘ullanmagan sohasini sanash osonroqdir”.

 

Manbalarga ko‘ra, olim 150 dan ortiq asarda jamlangan izlanishlardan iborat ilmiy meros qoldirgan. Bugunga qadar uning qo‘lyozma ko‘rinishidagi 30 dan ortiq kitobi yetib kelgan, xolos.

 

Ulug‘ olimning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”, “Hindiston”, “Saydana”, “Astronomiyaga kirish”, “Mas’ud qonuni”, “Geodeziya”, “Jonni davolovchi quyosh kitobi”, “Ikki xil harakatning zarurligi haqida”, “Ko‘paytirish asoslari”, “Ptolemey “Almagest”ining sanskritchaga tarjimasi”, “Foydali savollar va to‘g‘ri javoblar”, “Farg‘oniy elementlariga tuzatishlar”, “Oq kiyimlilar va karmatlar haqida ma’lumotlar”, “Al-Muqanna haqidagi ma’lumotlar tarjimasi”, “Ibn Sino bilan yozishmalar” singari asarlari jahon fani va madaniyati yuksalishida ulkan hissa bo‘lib qo‘shilgan. Xususan, mazkur asarlar musulmon Sharq madaniyatining so‘nggi rivojlanishiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Bayhaqiy, Shahrizuriy, Qiftiy, Yoqut Hamaviy kabi mashhur olimlarning arab va fors tillarida yozilgan asarlarida Beruniy haqida muhim ma’lumotlar keltiriladi.

 

XIII asrda yashagan suriyalik tarixchi va tabib Ioann Bar Ebrey (1226–1286) Beruniyga bunday baho beradi: “O‘sha o‘tgan yillarda yunon va hind falsafasi dengizini kechib o‘tgan Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy o‘tmish ilmlarda shuhrat qozondi. U matematika ilmlarida mutaxassis bo‘lib, bu sohada qator muhim kitoblar yaratdi. Hindistonga borib, u yerda bir necha yil yashadi, hind faylasuflaridan ularning san’atini o‘rgandi va ularga yunon falsafasini o‘rgatdi. Uning asarlari nihoyatda ko‘p, yetuk va nihoyatda ishonchlidir. O‘z davridan to bugunga qadar hamkasblari orasida astronomiya ilmida bunday bilimdon va bu ilmning asoslarini chuqur biladigan boshqa bir olim bo‘lmagan”.

 

“Hindiston” asari ustida ishlagan vaqtda Beruniyning ilmiy uslubi – materialga tanqidiy yondashuv yaqqol namoyon bo‘lgan. U 45 yoshida sanskrit tilini o‘rgana boshladi, bir necha marta Hindistonda bo‘ldi. Yevklidning “Elementlar” hamda o‘zining astronomik asarini sanskrit tiliga tarjima qildi. U tarjimasi muvaffaqiyatsiz chiqqan deb hisoblagan “Panchatantra”ni arab tiliga tarjima qilmoqchi bo‘ladi. Uning Hindiston to‘g‘risidagi ishi XI asr tarixini o‘rganishda muhim manbaga aylandi.

 

Beruniyshunos olimlarning dalolat berishicha, alloma “Hindiston” asari ustida ishlayotgan vaqtda sanskrit tilidagi yuzdan ortiq manbadan foydalangan. Bu juda ulkan va mashaqqatli ish edi. Bugungi nuqtai nazaridan olib qaraganda ham “Hindiston”dek asarning yaratilishi olamshumul voqea bo‘lgan. Shu bois, “Hindiston” mashhur fundamental tadqiqot sifatida hind aql-zakovati durdonalarini dunyoga targ‘ib qilishda beqiyos manba bo‘lgani shubhasiz haqiqatdir. Zero, hind jamoatchiligining taniqli vakili Hamid Rizo e’tirof etganidek: “O‘rta asr va yangi zamon tadqiqotchilaridan birortasi ham hind madaniyatining chigal masalalarini chuqur ilmiy ruhda tushunishda Beruniy erishgan yutuqlarni qo‘lga kirita olmagan. Muallifning “Hindiston” asari shu yo‘nalishdagi tadqiqotlar tarixida klassik namuna bo‘lib qolishi bilan birga ijodkorning hind fani va madaniyatiga qilgan katta tortig‘i hamdir”.

 

XIX asrdan boshlab Yevropa va Osiyo mamlakatlarida Beruniy merosi bilan qiziqish yanada keng tus oldi. Uning asarlari, fransuz, italyan, nemis, ingliz, ispan, rus, fors, hind, urdu, yapon turk tillariga tarjima qilina boshlandi. Yevropalik olimlarning Beruniy asarlariga bag‘ishlangan kitoblari, tarjimalari nashr etildi. Dunyoning yetakchi olimlari Beruniy ijodiga juda yuqori baho berdilar. Amerikalik tarixchi olim J.Sarton Beruniyni o‘z davrining jahondagi birinchi donishmandi deb baholaydi va XI asrni “Beruniy asri” deb ta’riflaydi. Bunday yuksak va haqli baho, avvalo, qomusiy tafakkur sohibi bo‘lmish vatandoshimizning ilm-fan taraqqiyotiga qo‘shgan beqiyos hissasi bilan izohlanadi. Atoqli sharqshunos V.Rozen esa uning “ilmiy qarashlari taajjub qolarli darajada kengligi, hozirgi ma’nodagi haqiqiy fanning ruhiga xosligi”ni qayd etadi.

 

Abu Rayhon Beruniy ilk asari “al-Osor al-boqiya an al-qurun al-xoliya” – “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”ni Jurjonda muhojirlik vaqtida, ya’ni 1000-yili 27 yoshga kirgan paytida yozib bo‘lgan edi. Bu asarni birinchi marta mashhur nemis sharqshunos va beruniyshunos olimi Eduard Zaxau (1845–1930) o‘rgandi. U 1876–1878 yillarda Leypsigda “Osor al-boqiya”ning arabcha nusxasini ilk bor nashr etdi. Olimlarning ta’kidlashicha, Beruniy birgina ushbu asari bilan nomini jahon ilm-u fani tarixiga abadiy muhrladi. Chunki uning qiymatiga teng keladigan salmoqli asar hali yaratilmadi.

 

Beruniyning davlat va jamiyat haqidagi qarashlari diqqatga sazovor. Olim “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida ma’naviy qarashlarini bunday ifodalaydi: “Yaxshilik xislatlari: taqvodorlik, to‘g‘rilik, o‘zini saqlash, dindorlik, odillik, insoniy kamtarlik, latofat, sobitqadamlik, ehtiyotkorlik, saxiylik, muloyimlik, siyosat va boshqarish ishlarida bilimdonlik, tadbirkorlik, to‘g‘ri taxmin qila bilish va bulardan boshqa aqlga sig‘maydigan, kishi bayon etib tugata olmaydigan (yaxshi) sifatlardan iboratdir”.

 

Demak, inson o‘z umri davomida taqvo bilan to‘g‘ri yashashi, o‘zini turli fitnalardan saqlashi, adolatga tayanishi, kamtar-kamsuqum va latofatli bo‘lishi, sobitqadamlikdan chekinmasligi, har bir ishda ehtiyotkorlikni qo‘ldan bermasligi, saxiylikni kasb etishi, muomalada muloyim bo‘lmog‘i, boshqaruv siyosatida esa bilimdon va tadbirli bo‘lib, taxminda to‘g‘ri bo‘lishi shart.

 

Buyuk faylasufning nazariyasiga ko‘ra, aynan mana shu xislatlar inson kamoloti darjasini belgilab beradi. Ya’ni jamiyat hayotida sinf va tabaqalar asosida boylik va nasl-nasabning ulug‘ligi emas, balki tegishli vazifa-mashg‘ulot va hunar yotmog‘i, xalqlar do‘st, inoq, ittifoq bo‘lib yashashi lozimligini uqtiradi. Aytish mumkinki, “Yangi O‘zbekiston” tamoyili zamirida ulug‘ ajdodimiz ilgari surgan insonparvalik g‘oyalari mujassam.

 

“…Faxrlanish haqiqatda yaxshi xulqlar va oliy fe’llarda oldin ketish, ilm-u hikmatni egallash va imkoniyat boricha mavjud (nopokliklardan) tozalanishdir. Kimda shunday (sifatlar) topilsa, hukm uning foydasiga va kimda bular yetishmasa, hukm uning zarariga bo‘ladi”, deb yozadi olim “al-Osor al-boqiya”da. Ushbu qarashlarni bugungi kun nuqtai nazaridan tahlil etadigan bo‘lsak, yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida barcha imkoniyatlarni ishga solishimiz, o‘sib kelayotgan yosh avlod ilm-u hikmatni to‘la egallashi, yaxshi xulq egasi bo‘lishi, oliy fe’l – ma’naviyatimizni yanada yuksaltirishimiz va jamiyatni zararli illatlardan pok tutishimiz shartdir. Ushbu vazifalar nafaqat bugungi kunimiz, balki kelajagimizni ham belgilaydi, jadal sura’tlardagi islohot va yangilanish jarayonlariga ijtimoiy ma’no-mazmun bag‘ishlaydi.

 

Dunyo olimlari tomonidan Oydagi kraterlardan biriga Abu Rayhon Beruniy nomi berilishi ham be’jiz emas. 1986-yilda Quyosh tizimida kashf etilgan va Garvard markazida 9936 raqami bilan ro‘yxatga olingan kichik osmon jismlaridan biriga ham Beruniy nomi berilgan. Bu jahoniy ilm-fan markazlarining Beruniy dahosiga ko‘rsatgan ehtiromi va e’tirofidan dalolatdir.

 

Olimning to‘yi – olamning to‘yi, degan naql bejiz aytilmagan. Buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligi nafaqat yurtimizda, balki UNESCO shafe’ligida xalqaro miqyosda keng nishonlanmoqda. UNESCO Ijroiya kengashining 211-sessiyasida buyuk olim tavalludi sanasi tashkilot shafe’ligida 2022-2023-yillarda keng nishonlanishi bo‘yicha qaror qabul qilindi va, o‘z navbatida, xalqaro yubileylar ro‘yxatiga kiritildi.

 

4–8 sentabr kunlari Parij shahrida “Abu Rayhon Beruniy. Geografik va intellektual sayohatlar” xalqaro ko‘rgazmasi o‘tkazildi. Allomaning ilmiy-ma’rifiy merosini yanada chuqur o‘rganish va keng targ‘ib qilish maqsadida mamlakatimizda olim hayoti va ijodiga taalluqli kitoblar, ilmiy nashrlar chop etildi. Uning asarlaridan iborat to‘plamlar tayyorlandi. Merosini o‘rganish maqsadida xalqaro miqyosda keng ko‘lamli ilmiy izlanishlar olib borilyapti va ularning natijalari e’lon qilinyapti.

 

Vashingtondagi Jons Xopkins universiteti huzuridagi Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti raisi Frederik Starr olim faoliyatining ahamiyatini yuqori baholadi – Beruniyning merosi o‘z miqyosi va ko‘p jihatdan aniq fanlar rivojlanishini oldindan ko‘ra olgani bilan haqiqiy qiziqish va hayratga sabab bo‘ladi. Uning asarlari tabiatshunoslik sohasidagi keyingi kashfiyotlar uchun kuchli turtki va asos bo‘lib xizmat qildi.

 

Amerikalik tarixchi J.Sarton buyuk olim haqida: “Astronomiya va matematika, astrologiya va jug‘rofiya, antropologiya va etnografiya, arxeologiya va falsafa, botanika va minerologiya uning buyuk nomisiz qashshoqlashib qolgan bo‘lardi”, degan edi.

 

Beruniy bobomizning ilmiy g‘oyalari va konsepsiyalari hozirga kelib ham dolzarbligini yo‘qotmagan. Olim ko‘targan ko‘plab masalalar, ulug‘ bashoratlari va farazlari ilm-fan rivojida muhim bo‘lib, qator masalalarga yechim topishda qimmatli hodisa, dunyoni anglashda butun bir davrga teng, desak ham mubolag‘a bo‘lmaydi!

 

“Bugun biz intilayotgan yangi O‘zbekistonni, Uchinchi Renessans poydevorini bunyod etish – bu shunchaki orzu emas. Bu – aniq strategik maqsad va umumxalq harakatiga aylanib borayotgan beqiyos amaliy jarayondir”, deya ta’kidlagan edi davlatimiz rahbari. Darhaqiqat, Sharqda Birinchi Renessans asoschilaridan bo‘lgan ulug‘ ajdodimiz Abu Rayhon Beruniy asarlarida ilgari surilgan ezgu g‘oyalar inson har tomonlama erkin va farovon yashaydigan yangi O‘zbekiston davlatini barpo etishda, aniq strategik maqsadalimizni belgilab olishimizda muhim o‘rin tutadi.

 

Minhojiddin MIRZO,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari,

Oliy Majlis Senati a’zosi

 

“Yangi O‘zbekiston” gazetasi, 2023-yil 22-sentabr, 194-son.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19353
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16484
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi