Nitshe falsafasi: turli talqinlar


Saqlash
13:10 / 20.10.2021 2731 0

Jahon falsafasida ijodi Fridrix Nitshe kabi turli, ko‘p hollarda ziddiyatli talqinlarga sabab bo‘lgan siymoni uchratish qiyin. “Yangi davr payg‘ambari”, “tafakkur Don-Juani”, “ming yillik qadriyatlarni vayron etuvchi” – bu unga berilgan baho va ta’riflarning bir qismi, xolos. Bunday xilma-xil talqinlarning sababi, albatta, Nitshe asarlarida mujassam. “Bugun tirik bo‘lgan va o‘tib ketgan barcha yevropaliklar – Platon, Volter, Gyote – orasida men qalbi eng kengiman. Men Yevropaning Buddasi bo‘lishim mumkin edi”. Nitshening bunday da’volari har qanday odamni lol qoldiradi. Ammo ming yillar davomida shakllangan va odamlar ongiga singib ketgan, turish-turmushi, dunyoqarashi, voqelikka munosabatini belgilab bergan aqida va qadriyatlarni qayta ko‘rib chiqishga, taftish va inkor etishga bel bog‘lagan kishi o‘zini odamlarga shunday taqdim etmasdan iloji yo‘q edi. “O‘zgalarning seni tushunishlariga erishish og‘ir... har bir harakating buzib talqin etilgan”da o‘zing uchun faqat bir yo‘l qoladi: “Tinimsiz turtkilab, chormixga osmasliklari uchun, niqoblarni g‘amlab qo‘ymoq kerak”.

Nitshe nima uchun ming yillik qadriyatlarni qayta ko‘rib chiqishga, ularni inkor etishga jazm qilgan? Niqob ortida kim turibdi? Buni tushunmoq uchun uning so‘zlariga quloq tutaylik: “Ha, men axloqning mohiyatini anglab yetdim; u soxta, uning asosida o‘sha axloqiylikdan o‘zga har narsa bor: manmanlik, mansabparastlik, qasoskorlik olomon kayfiyati ifodasidir, bularga asoslanib men haqimda hukm chiqarmang, zero men, Fridrix Nitshe, bu qoidani umuman tasdiqlaydigan ulkan istisnoman... Men odamlarga atayin yomonlik qilmayman, men haqiqat mahkamasi oldida yolg‘on so‘zlamaganman, odam o‘ldirmaganman, aldamaganman, Xudolar siymosini haqoratlamaganman, o‘zgalarning xotinlarini yo‘ldan urmaganman, go‘daklar og‘zidagi sutni tortib olmaganman, muqaddas qushlarning inini buzmaganman... Men pokizaman! Men pokizaman! Men pokizaman – shuning uchun menga ishonishni va qanday bo‘lsam, shundayligimcha qolishimga, yunon tili va adabiyotidan saboq berish va bir vaqtning o‘zida “kuchli odam” va “adabiy qaytish”dan dars o‘tishga imkon berilishini so‘rayman”.

Nitshe nomi bilan bog‘liq anglashilmovchilik va mishmishlarning sababini, bir qarashda, ziddiyatli bo‘lib tuyulgan fikrlardan izlamoq kerak. Yevropaning (insoniyat) ikki yarim ming yillik axloqiy-ma’naviy tarixi muammolarini o‘z dardiga, shaxsiy muammosiga aylantirgan Nitshe ehtirosga berilishi tabiiy hol edi. Ammo faylasufning fojiasi shundan iboratki, uning fikr-mulohazalari, yaratgan asarlari g‘ayriinsoniy vayronkor g‘oyalarni targ‘ib etishda nazariy asos sifatida xizmat qilgan. Masalan, fashizm mafkurasining Nitshe g‘oyalaridan oziqlangani ma’lum.

Nitshe falsafasini odatiy tushunchalar yordamida talqin etib bo‘lmaydi, zero bunda uning ko‘p nozik jihatlari e’tibordan chetda qoladi. Faylasuf nazarida, inson ma’naviy kamoloti uning qalbi va ruhiyatida, ya’ni uning o‘zida, botiniy olamida kechadi. Biroq, inson sifatida shakllanishi uning o‘z ishtirokisiz ro‘y bergani va u bu jarayondan bexabar qolganini anglab yetadi. Bu jarayon uning go‘dakligidan boshlab an’anaviy odat, qadriyat, qonun-qoidalar (tarbiya, ta’lim, axloq, din, ilm-fan) ta’sirida amalga oshgan va vaqti kelib u bu ta’sirning og‘ir yukini his etib, qarshi isyon ko‘targan. Isyonga, kishini zanjirband etib, tanballashtiradigan aqidalarga qarshi kurashga esa “haqiqiy inson”, “kuchli odam”, “isyonkor shaxs”gina qodir. O‘zini axloq va ma’naviyat himoyachisi sanaganlarning ayuhannos solishiga sabab bo‘lgan fikr, Nitshening “Zaiflarni turtib yubor” degan chaqirig‘idir. “Ezgulik”, “insonparvarlik”, “rahm-shafqat” kabi so‘zlarga o‘rgangan odam bu iboradan g‘azabga kelishi tayin. Nitshe “zaif” deganda nimani nazarda tutyapti? Bu – masalaning mohiyatini tubdan o‘zgartiradigan savol. Uning javobi Nitshening o‘zida, uning mulohazalarida. Mana ulardan biri: “Azobni, Buyuk Azobni tarbiyalash, ayni shunday tarbiya odamning mavqeini yuksaltirib kelganini bilmasmidingiz?

Insonda banda va ijodkor bir bo‘lib jamlangan: unda siniq parcha, loy, tuproq, ma’nisizlik, xaos bilan bir qatorda ijodkorlik, yaratuvchanlik, metin iroda, ilohiy tomoshabin va yettinchi kun mujassam – siz bu ziddiyatni anglaysizmi? Va yana sizning mehr-shafqatingiz “insondagi hayvon”ga, shaklga solinishi, sindirilishi, ishlov berilishi, parcha-parcha qilinishi, kuydirilishi, toblanishi, tozalanishi lozim bo‘lgan, undagi ozor chekkan va ozor chekishi kerak bo‘lgan jihatlarga qaratilganini Siz tushunasizmi?” Nitshe falsafasi – insondagi “hayvon”ni, unsiz bandani yo‘q qilib “kuchli odam” deb nom olgan “yaratuvchi”, “ijodkor”ni shakllantirishga qaratilgan misli ko‘rilmagan o‘ziga xos tajriba. Bu tom ma’nodagi erkin shaxsning axloqiy qarashlari. Uning “Biz axloqdan qutulmog‘imiz kerak” degan so‘zlarining e’tiborga olinmagan davomi shunday: “...axloqqa tayanib yashamoqqa erishishimiz uchun”. Demak, Nitshe tanlagan yo‘li, tafakkur tarzini bunday ifodalash mumkin: haqiqiy inson martabasiga erishmoq uchun erkin bo‘lmoq kerak. Bu erkinlik axloqdan ozod bo‘lishdir, ammo bir paytning o‘zida u axloq va ma’naviy komillik yo‘lidagi erkinlikdir. Faqat axloq umumqabul qilingan me’yorlar buyruq, zo‘rlik orqali singdirilmasdan shaxsning erkin ma’naviy intilishi asosida uning qalbida tug‘ilmog‘i darkor. Shu tariqa, Nitshening keskin gaplari, aslini olganda, insonda o‘z fikriga ega bo‘lmagan, aqidalarga so‘zsiz itoatkor, poda qoidalariga unsiz bo‘ysunadigan kishini emas, tom ma’nodagi Shaxsni tarbiyalash g‘oyasini o‘zida mujassam etganini ko‘rish mumkin. Boshqacha aytganda, Nitshe o‘ziga xos tarzda insonni o‘zligini anglashga da’vat etadi. “Mening fikrlarimga xos ta’rif etib bo‘lmas g‘alatilik va favqulodda keskinlik tufayli ular uzoq vaqt o‘tgach, ehtimol 1901-yildan so‘ng odamlar quloqlariga yetib boradi”. Nitshening bashorati to‘g‘ri chiqdi. XX asr chinakam nitsheparastlik bilan boshlandi. Uning siymosi adabiyot, san’at, falsafa va siyosatda aks etdi. Biroq taqdirning achchiq o‘yinini qarangki, uning dard to‘la falsafasi buzilgan, dahshatli tarzda evrilgan holda talqin etildi. Musiqadan ohangni, ehtirosni olib tashlang, nima qoladi? Nitshe falsafasi ham shunday qismatni boshdan kechirdi. Undan Nitshening shaxsiyati, ehtirosi, dardi yo‘qoldi; quruq so‘zlar va o‘lik iboralargina qoldi. Uning asarlari matnidan uzib olingan va shu tufayli asl ma’nosi yo‘qolgan ko‘chirmalar bilan almashtirildi.

Nitsheni natsistlar Germaniyasi mafkurachilari bayroq qilib olgani ma’lum. Natsistlar mafkurasi esa uch asosiy tamoyilga – pangermanizm, antisemitizm va slavyanofoblikka tayangan. Shu tariqa, ayni shu yorliqlar Nitshega ilindi. Buning asossiz ekanini Nitshe asarlarining o‘zi tasdiqlab turibdi. Pangermanizmdan boshlaylik: “Olmonlarni qachonlardir mutafakkir xalq deb atashar edi; hozirgi vaqtda ular umuman fikrlashga qodirmikan?”; “Olmon ruhi og‘rigan ichakdan kelib chiqqan”; “Bu xalq qariyb ming yil davomida ichki mamnunlik bilan o‘zini-o‘zi ahmoq qilib kelgan”, “Olmoncha o‘ylash, olmoncha his etish – men hamma ishga qodirman, ammo bular mening imkoniyatimdan tashqarida”; “Germaniya qayerga yo‘l olsa, doimo madaniyatni buzadi”. “Men olmon tilida yozishga majbur bo‘lganimdan azob chekaman...” Dadil aytish mumkinki, bunday mulohaza yuritgan Nitsheni “oriylik”, “pangermanizm”da ayblash oqni qora deb e’lon qilish bilan barobar.

Keyingi yorliq – antisemitizm. Nitsheda yahudiylar haqida shunday gaplarni uchratamiz: “Yahudiylar hozirda Yevropadagi shak-shubhasiz eng kuchli, eng tirishqoq, eng toza irqdir”, “Yahudiyni uchratish, agar nemislar orasida yashashingni hisobga olsang, omaddir”. “Antisemit baqiroqlar mamlakatdan quvib solinsa fikrimcha, foydali va adolatli bo‘lardi”. Nahotki shu so‘zlarni bitgan faylasufni g‘ayriyahudiyona kayfiyat va yahudiylarga qirg‘in keltirgan fashistlar to‘dasiga mansublikda ayblash mumkin bo‘lsa?!

Nihoyat Nitshega ilingan uchinchi yorliq – slavyanofoblik xususida aytish lozimki, olim polyak millatiga mansub bo‘lgan va bundan hamisha mag‘rurlangan. Qolaversa, faylasufning quyidagi mulohazasiga e’tibor beraylik: “Slavyanlarning iste’dodi menga olmonlarning iste’dodidan ancha yuqori bo‘lib ko‘ringan, men hatto olmonlarning iste’dodli millatlar qatoriga kirgani sababi – ularning tomirida slavyanlarning ham qoni oqayotgandir deb o‘ylayman”.

Bu borada ortiqcha izohga hojat bo‘lmasa kerak. Faqat vaziyatni o‘ta nozik his qilgan, tarix yo‘llari qay tomon yetaklayotganini tushungan Nitshening ogohlikka da’vat sifatida yangragan yana ayrim fikrlarini eslab o‘taylik. Nitshe o‘z vaqtida xavfli kasallik – “tobora zo‘rayib borayotgan nigilizm”dan, “dahshatli urush, halokat, portlashlar davri” yaqinlashayotganidan bong urgan edi.

Qonli asr deya e’tirof etilgan XX asr ortda qoldi. Ikki dahshatli jahon urushining yaralari bitgandek. Ammo jahonning turli burchaklarida hamon “oliyirqchilik”, “shovinizm” kayfiyati qayta tiklanib, dunyo tinchligiga rahna solmoqda. Yana Nitshedan uzib olingan iboralardan bayroq tikib, uning ostida olomonni to‘plashga urinayotgan kimsalar bor. “Men inson emas, dinamitman”, degan edi bir o‘rinda Nitshe. Darhaqiqat, “yoqimsiz haqiqatlar faylasufi”ning fikrlari portlashga sabab bo‘lishi ham mumkin. Ammo jinoyatchi o‘t qo‘ysa, gugurt ixtiro qilganni aybdor qilmaydilar-ku! Nitshe falsafasini va umuman har qanday alloma qarashlarini buzg‘unchi kuchlardan himoya qilish va ezgulikka yo‘naltirishning bir chorasi bor. Uning chuqur mazmunini to‘g‘ri talqin va tahlil etish, “jaholatga qarshi ma’rifat” bilan qurollanishdir. Bir alloma aytgan ekan: “Johil, omi odamlarning hukmidan xudo asrasin”. Ulug‘larning merosini ana shunday odamlar qo‘lidan yulib olib, ularga hukm chiqarishga izn bermaslik lozim.

 

Ulug‘bek SAIDOV,

filologiya fanlari nomzodi,

dotsent

 

“Tafakkur” jurnali, 2018-yil 3-son

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

18:04 / 18.04.2024 0 191
Ey qarindoshlar!





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19175
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15996
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi