Koreyada simsiz quvvatlanadigan elektromobillar ustida ishlayotgan o‘zbekistonlik olim. Eksklyuziv intervyu


Saqlash
17:54 / 19.09.2023 3374 0

Xabaringiz bor, oyina.uz “Vatandosh” rukni ostida xorijdagi oʻzbekistonliklar bilan maxsus suhbatlar uyushtirib kelmoqda. Nashrning navbatdagi qahramoni Janubiy Koreyada yashab, avtomobillar uchun mikrochiplar yaratish ustida ishlayotgan – samarqanlik Murod Qurbonov.

 

– Assalomu alaykum, suhbatga rozi bo‘lganingiz uchun rahmat! Avvalo, Koreyaga ketish tarixingiz, nega aynan ushbu davlatni tanlaganingiz va bugungi faoliyatingiz haqida aytib bersangiz.

 

Va alaykum assalom, taklif uchun sizga ham rahmat! Men Toshkent axborot texnalogiyalar universitetida bakalavr bosqichida o‘qib yurgan paytlarimda, o‘z sohasini sevgan talabalarning har ikkinchisi Januboy Koreya davlatida magistratura o‘qish haqida orzu qilardi. Sababi, ushbu davlat IT sohasi bo‘yicha ilg‘or mamlakatlar qatorida turardi. Akalarim ham magistraturani chet davlatlarda o‘qishdi, tabiiyki ularga havasim ham kelgan. Bu fikrimni ota-onam qo‘llab-quvvatladi. Shunday qilib Janubiy Koreyaga yo‘l oldim.

 

Koreyslar yurtiga kelgach, 6 oy til kursida o‘qidim. Magistraturani bitirib, ayolimni Janubiy Koreyaga olib keldim. Turmush o‘rtog‘im ham arxitektura yo‘nalishida magistraturani tamomlagan. PhD bosqichini tugallagach, o‘z soham bo‘yicha Airpont company’da menejer lavozimida ishlayman.

 

 

Hozirda kichik oilam ­ ayolim, 5 yosh o‘g‘lim, 1 yosh qizim bilan Janubiy Koreyada o‘zimizning mo‘jazgina dunyomizda yashab kelmoqdamiz.

 

Boshqa davlatga moslashib ketish qanday bo‘ldi? Shaxsiy tajribada o‘rganganlaringiz, qiyinchiliklar...

 

Menimcha, Koreyaga endigina ko‘chib kelganlarning hammasida “o‘xshamadi, qaytaman” degan xayol bo‘lishi aniq. O‘zim ham “Ingliz tilini bilaman, eplab ketaman”, degan shijoat bilan keldim. Qarasamki, umuman boshqa dunyo. Aholisi ingliz tilida deyarli gaplashmaydi (Ko‘p o‘zbek talabalar xuddi men kabi ingliz tilini bilish darajasiga ishonib keladi). Mentalitet, hatto ob-havo ilk kayfiyatga ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi. Dastlab, o‘zimni qo‘lga oldim-da, til kursiga bordim. Koreyadagi yurtdoshlarimiz qo‘llab-quvatlab, qo‘shimcha ish ham topib berishdi, boshlanishiga haftada ikki kun ishlardim.

 

Koreyaga birinchi kelgan vaqtlarim narx-navoni so‘mga chaqib, “Juda qimmat-ku!” derdik. Odam musofirchilikda kun kechirishi osonmas ekan. O‘z aravamni o‘zim torta boshlaganimda bildim og‘irligini. Hali til kursining uchinchi oyini tugatmasdan “bo‘ldi, qaytaman”, degan fikr keldi. Magistraturadan ham voz kechdim. Hatto qaytishga biletimni ham olib qo‘ydim. Ko‘nglim to‘q, ketaman deb qat’iy reja qildim. Oldimda esa bir hafta vaqtim bor. Koreyadagi oxirgi kunlarim-ku, dedimda, bor pulimga o‘zbek oshxonasida to‘yib ovqatlandim. O‘sha kuni bir o‘zbek yurtdoshimiz ishga taklif aytib telefon qildi-yu, shu bilan ishga kirishib ketdim, Koreya esa bundan keyingi taqdirimizga aylandi.

 

– Toshkent axborot texnologiyalari universitetidan boshlangan ta’lim Koreyada qanday davom etdi?

 

– O‘zbekistonda ekanimda Pukyong Milliy universitetidagi hozirgi professorim bilan e-mail orqali yozishib turardim. Toshkentdaligimda professordan rad javobini olgandim, chunki Janubiy Koreyada o‘qish u paytda qiyinlik qilardi. Koreyaga kelganimni aytib, professorga qayta xabar yozdim va ertasiga uchrashuvga chaqirdi.  U meni ko‘tarinki kayfiyatda kutib oldi, suhbatimizdan keyin magistraturani o‘z laboratoriyasida o‘qishga taklif qildi. Bilasizmi, o‘shanda birinchi marta O‘zbekistonga qaytib ketmaganimdan xursand bo‘ldim. Shundan keyin sekin-sekin hayot yengillashdi. Atrofni rangli ko‘rishni boshladik.

 

– Koreyadagi ijtimoiy hayot, yashash tarzidagi ijobiy jihatlar, ta’lim tizimining bizdan farqlari haqida fikrlaringiz...

 

– Koreyslar oila, do‘stlik va jamiyatga katta e’tibor qaratishadi. An’ana va zamonaviylikning qandaydir uyg‘unligi bor. Shunchaki ochiq havoda sayr qilishdan tortib, yoshlar yig‘ilib boradigan karaokelar yoki har qadamda uchraydigan kafelar… Xullas, har yerida o‘ziga tortuvchi nimadir bor. Ko‘p hollarda uyimiz yaqinidagi parkka oilaviy kirsak, qandaydir festival yoki yarmarkaning ustidan chiqamiz. Shunaqa tinim bilmaydi bu yerning odamlari, doim nimadir bo‘layotgan bo‘ladi. Odamlarni yig‘ib, shunchaki yaxshi xotira qoldirish uchun ham harakat qilishadi. Men buni shu jamiyat odamlariga nisbatan hurmat deb tushunaman.

 

 

Ta’lim tizimiga keladigan bo‘lsak, o‘qishni endigina boshlagan vaqtimda meni hayratga solgan narsa – tashqi ko‘rinish yoki kiyimga umuman e’tibor berilmasligi bo‘ldi. Talabalarning darsga oddiy shippakda kelishiga shu darajada hayratga tushganmanki… Hatto professorlarda ham shu holat. Kim o‘ziga nimani qulay deb bilsa, shuni kiyadi. Muhimi darsni o‘qib o‘rganish, topshiriqlarni bajarish. Talabalar ham ongli ravishda tushunadiki, o‘qish, bilim olish bu faqat va faqat o‘z kelajagi uchun muhim.

 

Koreyada va O‘zbekistonda ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanish o‘rtasida qanday farqlarni sezdingiz?

 

Hammamizga ma’lumki AQSh, Yevropa, Yaponiya, va Janubiy Koreya davlatlarida ta’lim sifati juda yuqori va professor-o‘qituvchilarning hurmati baland, ular har doim o‘z ustida tinmay ishlaydi. Bu davlatlarda tadqiqot markazlari ham ko‘plab topiladi. Janubiy Koreyaning ilmiy ish bilan shug‘ullanayotgan talabalari asosiy vaqtlarini ilm olish va uni tatbiq qilishga sarflashadi, talabalar uchun ajratilgan laboratoriyalar zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan, ilmiy ish olib borayotganlar uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Eng asosiysi, talaba biriktirilgan professor tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Talabalardan faqatgina o‘z ilmiy ishi muammosini topib, unga yechim izlash talab etiladi, ortiqcha masalalarga jalb qilinmaydi. Tadqiqot davomida qiyinchiliklarga duch kelishingiz aniq, chunki siz yangilik ustida ishlamoqdasiz. O‘zbekistonda Ilmiy markazlarning, ya’ni tadqiqot markazlarining kamligi, soha mutaxassislari yetishmasligini asosiy kamchilik deb ayta olaman. Bu borada Koreya kabi davlatlar bilan hamkorliklar yo‘lga qo‘yilsa, bizdagi iqtidorli talabalar ham bemalol o‘zlarini ko‘rsata oladi.

 

To‘g‘risi, ilmiy-akademik faoliyatim asosan Koreyada o‘tgani uchun O‘zbekistondagi vaziyatdan bexabarman. O‘z tajribamdan aytadigan bo‘lsam, magistratura, PhD, umumiy 5 yil mobaynida professorim a’lo darajada qo‘llab-quvvatladi. Har hafta xonasiga chaqirib, kamchilik, muammolar haqida suhbatlashardik. Oddiy o‘tiladigan darslardan tortib, yoziladigan maqolalar, kurs ishlari, dissertatsiyamning qay ahvolda ekanini ko‘rib chiqardik. Professor tanlash borasida omadim chopgan. Chunki, vaqti kelsa, ular oilam haqida ham qayg‘urardi. Professor har oy qo‘l ostidagi talabalarini yig‘ib, o‘z nomidan mehmon qilardi, hech birimizni pul sarflashga qo‘ymasdi. Bu koreyslarning talabalar o‘rtasida keng tarqalgan juda ajoyib “an’ana”si, desam ham bo‘lsa kerak.

 

 

O‘zbekistonga keladigan bo‘lsam, bugungi kunda yurtimizdagi mashhur Artel kompaniyasini olsak, agar ushbu kompaniya ham o‘z Tadqiqot markazini tashkil etsa va u yerga  yosh olimlarni jalb qilsa, bu katta yutuq bo‘ladi. Sodda qilib aytganda, bora-bora Artel uchun tashqaridan kerakli qismlarni olib kelishga hojat qolmaydi. Bunday dasturlar uchun litsenziyalar ham qimmat bo‘ladi, albatta, lekin keyin oladigan foyda bundan yuqoqiroq. Bu kabi kompaniyalarni rivojlantirish uchun yurtimizda yetarlicha bilimga ega yoshlar bor, faqat ularga imkon va sharoit yaratish kerak.

 

– Tadqiqot ishingiz mavzusi avtomobillar uchun yaratilgan aqlli radar bilan bog‘liqligiga kelsak, mavzuyingiz qanchalik dolzarb? Koreya va O‘zbekiston misolida ushbu yo‘nalishning o‘xshash jihatlariga ham to‘xtalsangiz.

 

– Tadqiqot ishim haqida ozgina tushuncha berib o‘taman –  hozir dunyoda katta yo‘lda o‘zi bemalol harakatlanadigan avtomobillar deyarli yangilik emas. Mening soham esa shu avtomobillar harakatlanganda xavf-xatarning oldini olish, undan xabar beradigan datchiklar – to‘lqinlarni uzatadigan va qabul qiladigan chiplarni yaratish. Yanayam chuqurroq tushuntiradigan bo‘lsam, o‘sha uzatiladigan va qabul qiladigan chiplarning ishlash samaradorligini oshirish. Asosiy ishim – hozirgi kunda ishlab chiqilayotgan avtomobillar uchun, – to‘qnashuv haqida ogohlantiruvchi radar ustida ishlaganman.

 

Ushbu ilovalarning barchasi haydovchilarning xavfsizligini yaxshilash, xavf tug‘ilganda boshqaruvni oldindan bilish, odamlarning hayotini saqlab qolish va to‘qnashuvlarning og‘irligini kamaytirish uchun tormoz tizimi va rulni boshqarishga qaratilgan. Avtotransport vositalarining kelajak avlodlari bir-birlari bilan o‘zlarining nisbiy pozitsiyalari haqida muloqot qilishlari, transport holati yoki ob-havo haqida bir-birlarini ogohlantirishlari mumkin bo‘ladi.

 

Ilmiy ishimni o‘rganish va tatbiq qilish davrida o‘rganganlarim aynan Avtomobil uchun emas, balkim, ko‘plab sohalarda qo‘llanishi mumkin, faqatgina talab qilinadigan chastotaga (Hz) bog‘liq bo‘ladi. Koreyadagi pullik trassalarga kirishda to‘xtab puli to‘lanardi – katta yo‘lning yuzida har bir qator uchun alohida postga o‘xshagan butkalarda operatorga plastik kartochka yoki naqd pul uzatiladi. Endilikda shuniyam masofadan turib to‘lash yo‘lga qo‘yilgan. Avtomobilga qurilma o‘rnatiladi. Postga yaqinlashganda signal orqali ulanib, to‘lov avtomatik tarzda yechib olinadi. Bu hozirda aqlli avtomobillar uchun talabgor soha. Shu yo‘nalishni o‘zimizga olib kiradigan bo‘lsak, bizda juda katta imkoniyatlar mavjud. Birinchi navbatda O‘zbekistonda shaharlarni bog‘laydigan va yuqori tezlikka javob beradigan sifatli yo‘llar qurilsa, haydovchilarga katta yengillik bo‘ladi. Qolaversa, barcha signal uzatuvchi va qabul qiluvchi qurilmalar, ya’ni WiFi, Bluetooth, Smartfon va androidlar uchun ham qo‘llansa bo‘ladi. Aytmoqchi bo‘lganim, elektronika sohasida yuqoridagi kabi signallarni uzatish va qabul qilish uchun microchiplardan foydalaniladi, ilmiy ishim xuddi shu microchip bilan bog‘liq.

 

Tadqiqot mavzuyingizdan kelib chiqsak, mutaxassis sifatida O‘zbekiston uchun qanday takliflaringiz bor?

 

Ochig‘ini aytadigan bo‘lsam, O‘zbekistonda ham masofaviy ma’lumot almashish kundan kunga rivojlanib bormoqda va bu holatda biz to‘g‘ridan to‘g‘ri yangi texnologiyalarga murojaat qilamiz. Ammo bizda ko‘plab qurilmalar chet eldan olib kelinadi. Misol uchun, aloqa kompaniyalarining uzatuvchi va qabul qiluvchi antennalari, uyingizdagi WiFi qurilmalari… Bularning barchasini o‘zimizda ishlab chiqarsak bo‘ladi va ancha arzonga ham tushardi. Buning uchun yuqorida aytganimdek, tadqiqot markazlari va imkoniyatlar bo‘lishi kerak. Shunda biz ham o‘z yurtimizga Reasercher (yosh olim) sifatida o‘z hissamizni qo‘shgan, ota-onamiz bag‘rida faoliyatimizni davom ettirgan bo‘lardik.

 

 

– Yon atrofdan eshitamizki, hozirda ko‘plab o‘zbekistonliklar Koreyada, kimdir tahsil olish, kimdir ishlash uchun ketgan. Millatdoshlarimiz qaysi sohalarda ustun, ular Koreyada nimalarga erishyaptilar?

 

– Yaxshi savol bo‘ldi, haqiqatdan Janubiy Koreyada ko‘plab vatandoshlarimiz istiqomat qiladi, ularni turli xil sohada uchratishingiz mumkin. Janubiy Koreyaga O‘zbekistondan ikki xil holatda kelishadi – talaba va muhojir bo‘lib. O‘z yo‘nalishlarini tugatib, yirik kompaniyalarda yetuk mutaхassis bo‘lib ishlab kelayotgan vatandoshlarimiz judayam ko‘p. Demak, o‘zbeklarning ko‘pchiligi IT sohasidagi mutaxassislar, desam ham bo‘ladi, qolgan sohalarda esa ishga joylashish nihoyatda qiyin, shu sababli ko‘pchilik IT ni tanlaydi.

 

– Koreya davlatining o‘zbek yoshlarini o‘ziga qaratayotgan jihatlari nimada deb o‘ylaysiz? Ta’lim tizimi asosiy sabab deyolamizmi?

 

Shuni bildimki, Janubiy Koreyaga kelishdan oldin maqsadni aniq qilish kerak ekan, o‘qishga kelganlarning hammasi ham talabalik gashtini surmaydi, ayrimlari universitetni tashlab noqonuniy muhojirlik yo‘lini tanlaydi va jismoniy mehnat qilishadi, ko‘proq pul ishlab topishga harakat qiladi, O‘zbekistonda uy quradi, bir nechta avtomobil oladi, hozirgi kunda aksar yoshlarning fikri-xayoli shu bo‘lib qoldi.

 

 

Boshqa xilda esa talabalar ham o‘qib, ham jismoniy mehnat qilishadi, dars soatlarini o‘zlariga ma’qul, ish soatlariga хalaqit qilmaydigan vaqtga qo‘ydirishadi. Har holda o‘z xarajatlarini qoplaydilar. Lekin ikkala holatni ham birdek olib borish, ayniqsa, bakalavr talabalari uchun anchagina qiyinchilik tug‘diradi. Sababi, kontrakt to‘lovlari qimmat va grantlar ham oz, bunday holatda ta’limni o‘zlashtirish ancha qiyin. Ammo magsitratura va PhD talabalari uchun yengilliklar mavjud, universitet tomonidan grantlar ham ko‘p, dars soatlari haftasiga 1 yoki 2 kun bo‘ladi, qolgan vaqtlarini mustaqil izlanishga yoki qo‘shimcha ishga jalb qilishi mumkin. Qolaversa, IT va Engineering sohasida laboratoriyalar mavjud, u yerda o‘z izlanishlarini olib borishi mumkin. Demak, Koreyaga kelayotgan har bir talaba til bilishidan tortib, universitetda o‘qishigacha rejalashtirgan bo‘lishi kerak.

 

– Kelajakdagi rejalaringizni O‘zbekiston bilan bog‘laysizmi?

 

Maqsadim yurtimizda elektronika sohasini rivojlantirish, ya’ni mikrochiplarni yaratish va ishlab chiqish sohasini olib kirish. Hozirgi qilayotgan ishim ham pullik avtomobil yo‘llari uchun avtomobilga o‘rnatiladigan chiplar ustida. Qo‘shimcha qilib shuni ham aytishim mumkin, yaqin kelajakda elektroavtomobillar simsiz quvvat olish qobilyatiga ega bo‘ladi, hozirda shu proyekt usida ham ishlamoqdaman. O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishga hissa qo‘shish rejalarim bor.

 

Zulxumor ORIFJONOVA suhbatlashdi.

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:11 / 22.11.2024 0 85
Maktab amma

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 272
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22083
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//