“Jamiyatga manfaatdor bo‘lish” – Naim Karimovning baxt formulasi


Saqlash
15:09 / 18.09.2023 1209 0

Ajab odati bor umr daryosin,

Dastlab sust oqadi, sokin, zo‘rba-zo‘r.

Endi tushunganda hayot ma’nosin

Uning shiddat bilan oqishini ko‘r.

 

Chamandek ochilib-sochilgan edi,

Yoshlikning nafarmon gullari kecha.

Quritib qo‘yibman, oh, bilsam endi

Umr daryosini men icha-icha...

 

Ushbu misralar kuyunchak olim, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi”, Beruniy nomidagi Davlat mukofoti laureati, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi, akademik Naim Karimov qalamiga mansub bo‘lib, kishida go‘yo bashorat yanglig‘ taassurot o‘yg‘otadi...

 

Umr – daryo. Akademikning o‘zi ta’kidlaganidek “dastlab sust oqadi”, keyin, hayot ma’nosini tushunganda esa shiddat bilan. Muhimi, uni qanday yashab o‘tishda ekan! Akademik Naim Karimov yuzlab ilmiy maqolalar, ma’rifiy asarlar yozdi, o‘nlab darsliklar, monografiyalar yaratdi. Hayotining asosiy qismini arxivlarning sovuq xonalarida qatag‘on qurbonlari hayotiga oid hujjatlarni o‘rganib, asl haqiqatlar izladi, topilmalarini qalbi kabi yorug‘ dargohlarda qog‘ozga tushirib, xalqqa taqdim etdi va buni o‘zining eng yuksak burchi deb bildi. “Usmon Nosir”, “Usmon Nosirning so‘nggi kunlari”, “Cho‘lpon” ma’rifiy romanlari, “Mahmudxo‘ja Behbudiy”, “Abdulla Qodiriy zamondoshlari”, “G‘afur G‘ulom”, “Hamid Olimjon”, “Oybek va Zarifa”, “Zulfiya”, “Urushdan keyingi davr o‘zbek sovet adabiyoti”, “XX asr adabiyoti manzaralari”, “Uch buyuk siymo (Qodiriy, Cho‘lpon, Oybek)”, “Jadid teatri”, “Istiqlolni uyg‘otgan shoir”, “Qurbon Berigin qismati”, “Muhammad Sharif So‘fizoda” kabi ellikka yaqin asarlar buning isbotidir.

 

 

So‘z – tilsim, so‘z – qudrat, so‘z – yo‘l. Bu maftunkor jarayon fidoyilikni, umrbaxshidalikni va qismatdoshlikni talab etadi. O‘zbek adabiyoti tarixi va atoqli namoyondalari hayotini o‘rganishni maqsad qilgan Naim Karimov dastlab Oybek, G‘afur G‘ulom, Hamid Olimjon, Hamzaning ko‘p jildli akademik nashrlarini tayyorlash va chop etishda ishtirok etgan.

 

O‘tgan asrning so‘nggi choragida so‘z maydoniga kirib kelgan adabiyotshunoslarning katta bir armoni bor edi. Ular 1930–1950-yillarda qatag‘on qurboni bo‘lgan yozuvchi-shoirlarning ijodini o‘rganib, xalqqa ma’lum qilishni xohlashardi. Naim Karimov hali ularning nomini tilga olish, asarlarini sharhlash mumkin bo‘lmagan bir davrda ulkan jasorat ko‘rsata boshladi va istiqlol kuychisi Cho‘lpon haqida ma’rifiy roman yaratdi.

 

 

Olim mustaqillikning dastlabki yillarida tashkil etilgan “Ma’rifatparvarlar” jamiyatiga, keyinchalik “Shahidlar xotirasi” xayriya jamiyatiga ham raislik qilgan. 2000-yil boshlaridan boshlab unda Davlat xavfsizlik xizmati arxivlaridan foydalanish imkoniyati paydo bo‘ldi.

 

– Shunda men Usmon Nosir to‘g‘risida qanday material bo‘lsa, hammasini bir kunda yozib oldim. Shunaqangi dahshatli materiallar... O‘yladimki, ertaga bu eshik ochilmaydi! – deydi akademik iztirob bilan. – Ammo ertasi kuni kelsam, ochiq ekan. Shundan keyin Cho‘lpon haqida, boshqa qatag‘on qurbonlari haqidagi ma’lumotlarni qo‘lga kiritdim. Ular birin-ketin qog‘ozga tushirilib, maqolalar, ma’rifiy asarlar shaklida o‘quvchilar qo‘liga yetib bordi.

 

 

Shahidlarning ayanchli qismatini o‘z qismati, ular chekkan tubsiz iztiroblarni o‘z iztirobi deb bilgan Naim Karimov 1937-yilgi qatag‘on siyosati haqida so‘zlar ekan, o‘sha davr nohaqliklaridan titrab ketadi.

 

– Qatag‘on boshlangan yillarda sud qilinishi yoki otib o‘ldirilishi mumkin bo‘lgan ziyolilarning ro‘yxati Stalin, Molotov, Kagonovich, Voroshilov “to‘rtligi” rahbarligida shakllantirib borilgan. NKVDning roziligi bilan avtonom respublikalar o‘rtasida kim ko‘p odamni qamoqqa olish musobaqasi boshlanadi, – deydi ko‘zlarida yosh bilan. – Barcha respublikada NKVDning siyosiy bo‘limidan tashqari, uchinchi va to‘rtinchi bo‘limlari ham ro‘yxat shakllantirish bilan shug‘ullanadi. Masalan, Buxorodan 100 nafar odamning ro‘yxati berilgan bo‘lsa, Toshkent undan ham ko‘proq ro‘yxat shakllantiradi. Musobaqada yutgan bo‘lim rahbarlariga katta pul mukofoti yoki orden, medallar berilgan. Mana, ajdodlarimiz qanday ko‘rguliklarni boshdan kechirganlar? Bunday ro‘yxatga tushganlar shubhasiz, kamida o‘n yilga qamalgan yoki otuvga hukm qilingan. Ularni o‘rganish, o‘qishning o‘zi bir azob. 

 

 

Akademik Naim Karimovni asosan adabiyotshunos olim sifatida bilamiz. Olimning go‘zal she’rlar, hikoyalar, hatto bir dramatik asar muallifi ekanligidan esa ko‘pchilikning xabari yo‘q. Uning yana bir ijodiy siri ham bor ediki, bu o‘tgan asrning 50–60 yillarida chizgan suratlari. Nafislik, aniqliq va portret janri yetakchilik qilgan bu san’at asarlarida Naim Karimovning jahon adabiyoti namoyondalariga mehri o‘zgacha ekanligini ko‘rish mumkin. Robindranat Tagor, Janni Rodari, Lolita Torres, Apollonning boshi, Balerina kabi suratlar fikrimizning yaqqol dalididir.

 

 

Muborak hadislarda “Olimlar anbiyolarning merosxo‘rlaridirlar” deyilgan. Ular yuksak salohiyati, shu bilan birga kamtarinligi bilan ham avlodlarga ibratdir. Ulardagi bosiqlik, zakiylik va samimiylik ulug‘vorlikni oshiradi. Naim Karimov ham hayotini ma’rifat yo‘li, baxt formulasini esa “jamiyatga manfaatdor bo‘lish” deb bilgan hazrati insondir. Uning hayot yo‘li, ilmiy faoliyatiga ko‘pchilik havas qiladi. Tinimsiz izlanishlar, sinovli yillar, arxivlarda o‘tgan damlar zahmati olimning sochlariga nuroniylik sepini yoygan edi. 90 bilan to‘qnashib, yuz tomon yuzlangan olimning yana bir orzusi – Abdurauf Fitrat haqida ulkan bir ma’rifiy asar yaratish edi. Afsus, umr vafo qilmadi. Oxiratlari obod bo‘lsin...

 

 

So‘zimizni akademikning hayot mazmuni, insonning umrboqiy tuyg‘ulari aks etgan ushbu she’ri bilan muxtasar etamiz.

 

– Mehr, qaydan kelasan,

Shaloladay yugurib.

– Volida siynasidan

Tomchi-tomchi yig‘ilib.

 

– Qahr, qaydan kelasan,

Och bo‘riday o‘kirib?

– Jaholat chashmasidan

Tomchi-tomchi yig‘ilib.

 

– Sen kelasan qayoqdan,

Quyoshdan nur sochib, Ishq?

– Pok nigoh va hayodan

Uchaman bo‘lib qo‘shiq.

 

– Senchi, Qo‘shiq, sen qaydan

Kelasan yozib qanot?

– Men Ishq atalmish baxtdan

Izlayman obi hayot.

 

Xoliyor SAFAROV,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20028
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17714
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//