Xorazmda kelin-kuyovga kitob to‘la javon hadya qilish urfga aylanmoqda


Saqlash
17:09 / 14.09.2023 999 2

Dastlab bu gapga ishonmadim, biroq javonga 2.700.000, 2.900.000, 3.600.000 so‘m degan narx belgilari ilib qo‘yilgan.

 

Bir ishonib, bir ishonmay

 

 

Jamila SHERMUHAMEDOVA,

falsafa fanlari doktori, professor:

 

– Singlim, bu javondagi kitoblarni sotib olsa bo‘ladimi?

 

– Albatta, faqat qaysi kitobligini aytsangiz, boshqa joydan olib beraman. Bu kitoblar javoni bilan sotiladi, kelin-kuyovlar uchun mo‘ljallangan, – dedi.

 

Kutubxonachi qizning aytishicha, ­Xorazmda ota-onalar kelin-kuyovlarga shunday kitoblar to‘la kitob javonlari hadya qilishi urfga aylanayotgan ekan. Dastlab bu gapga ishonmadim, biroq javonga 2.700.000, 2.900.000, 3.600.000 so‘m degan narx belgilari ilib qo‘yilgan. Vaholanki, javon ­unchalik qimmat emas, kitoblar ham. Mana, bo‘lar ekan-ku? Bir ishonib, bir ishonmay yana kitoblarni ko‘zdan kechirishda davom etdik. Bilasizmi, agar shu yangi an’anani yurtimiz bo‘ylab amalga oshirsak, juda savobli, xayrli va ma’rifatli ish bo‘lar edi.

 

­Jamila opaning so‘zlarini tinglar ekanmiz, “Kitob saodat topish uchun o‘qilmaydi, kitob o‘qishning o‘zi saodat”, degan hikmat xayolimizdan o‘tdi. Xorazm viloyatida amalga oshirilayotgan bu yangi tashabbus keng quloch yoysa, nafaqat yangi oila qurayotgan yoshlar, balki har bir xonadon ma’rifat ziyosi bilan yanada munavvar bo‘ladi.

 

O‘zim guvoh bo‘ldim

 

 

Abduxalil MAVRULOV,

tarix fanlari doktori, professor:

 

– Inson kamoloti, dunyoqarashi kengayishida, tafakkuri taraqqiyotida kitobning o‘rnini hech narsa bosa olmaydi.

 

Xorazm viloyatida yoshlarni kitobxon qilish, ularda kitobxonlik madaniyatini oshirish borasida ishlab chiqilgan yangi loyiha, o‘ylaymizki, kelajak avlod ravnaqi uchun tashlangan istiqbolli qadamdir.

 

Joriy yilning iyul oyida Xonqa tumanida xizmat safarida bo‘lganimizda, sersoya daraxtlar orasidagi dala shiyponida intellektual o‘yinlarni maroq bilan kuzatar ekanmiz, shiyponning bir burchidagi oltita kitob javoniga ko‘zim tushib qoldi.

 

“Iye, bu yerda kitob yarmarkasi ham bo‘lyaptimi”, degan savolimga, “Yo‘q, bu g‘olib jamoaning har bir a’zosiga beriladigan sovg‘a”, deya javob berishdi. Buni qarang, yuzlab musobaqalar, tanlovlar guvohi bo‘libman-u, minglab g‘olib yoshlarni taqdirlabman-u, hali hech qachon kitob to‘la kitob javoni sovg‘a sifatida berilganiga guvoh bo‘lmabman! Bu Xorazm viloyatida yoshlarni kitobxonlikka chorlash va ularning kitob o‘qishga qiziqishini yanada oshirish yo‘lidagi yangi tashabbus ekan. Chindan ham, insoniyat kashf qilgan eng buyuk ixtiro – bu kitob. Bashariyat asrlar osha qanday yutuq va marralarga erishgan bo‘lsa, albatta, buning zamirida kitob va mutolaa mujassam.

 

Xullas, safar chog‘ida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish borasidagi sa’y-harakatlar Xorazmning chekka hududlarida ham yangicha ruhda kuchayib borayotganiga guvoh bo‘ldim. Umid qilamizki, bu yangi tashabbus quloch yoyib, mamlakatimizning barcha hududlariga keng tarqaladi.

 

Kitobsiz uy ruhsiz tanaga o‘xshaydi

 

 

Minhojiddin MIRZO,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari, senator:

 

– Kitobsiz uy ruhsiz tanaga o‘xshaydi. Jahonda ijtimoiy-siyo­siy, iqtisodiy taraqqiyot lokomotivi bo‘lgan mamlakatlarda kitobga munosabat rivojlanmagan yoki taraqqiyotga endigina qadam qo‘yayotgan davlatlardagidan ancha ijobiy. 2022-yilda aholisi kitob o‘qishga ko‘p vaqt sarflaydigan davlatlar reytingida Hindiston, Tailand, Xitoy yetakchilik qilgan. Hindlar bir haftada 10 soatdan ko‘p vaqtini kitob o‘qishga sarflar ekan.

 

Yurtimizda azaldan har bir xonadonning kitob javoni – kichik kutubxonasi bo‘lgan. Unda har turli kitoblar saqlangan. Chunki kitob uyning muhitini o‘zgartiradi, pozitivlik keltiradi. Albatta, xonadonida katta kutubxonasi bo‘lgan ziyolilarimiz ko‘p. Biroq ular 36 millionli xalq ichida juda kamchilik. Dunyo bo‘yicha har bir odamga 15 ta kitob to‘g‘ri kelishi taxmin qilinayotgan bir vaqtda Buyuk Britaniyada bu raqam 150 tani tashkil etar ekan.

 

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, uning hududiy bo‘limlari hamda hamkor tashkilotlar tomonidan “Farzandimga kitob sovg‘a qilaman”, “Qadrdon maktabimga sovg‘am”, “Birinchi kitob javonim”, “Ma’rifatli kelajak”, “Bobom, buvim va men kitobxon” singari aksiyalar o‘tkazish, turli tanlovlarda kitob to‘plamlarini sovg‘a sifatida taqdim etish orqali aholida kitob va kitobxonlikka ishtiyoq va mehrni kuchaytirishga harakat qilinmoqda. Bu tashabbuslar kitobxonlikni targ‘ib qilishning bir yo‘nalishi deb hisoblasak, hali oldimizda qiladigan ishlarimiz nihoyatda ko‘p. Zero, Gruziyada kelinning sepiga Shota Rustavelining “Yo‘lbars terisini yopingan pahlavon” kitobi, albatta, qo‘shilar, qaysiki oilada bu unutilsa, malomat qilinar ekan. Kitobsevarlikning qad­riyatga aylanishi singari bunday tashabbuslar, jumladan, Xorazm viloyatida ota-onalar farzandlariga, yosh oilalarga, kelin-kuyovlarga kitob va kitob javonlari tuhfa qilishi singari an’analarning yuzaga kelayotgani bizni quvontiradi.

 

Eng katta va eng nodir xazina

 

 

Bekzod ABDIRIMOV,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Xorazm viloyati bo‘limi rahbari:

 

– Xorazmdagi har bir xonadonda kitob javoni bo‘ladi! Buning uchun esa turli usullardan foydalanmoqdamiz. Turli tanlov va musobaqalar g‘oliblariga, bayram va tantanalarda sovg‘a sifatida kitob to‘la javonlar hadya qilinmoqda. Biz bugungacha turli tanlovlarda maishiy jihoz, telefon va planshet, hatto televizorlar berdik. Xonadonlarimizda ikkitadan ko‘p televizor, har kimda smartfon bor, endi ularni bu kabi buyumlar bilan ajablantirib, quvontirib bo‘lmay qoldi.

 

Biz kitob o‘qish haqida ko‘p va xo‘b gapirdik. Odamlarimiz kitob olmoqda. El orasida yurar ekanmiz, xonadonlarda barcha maishiy jihozlar, mebellarning zamonga moslashganini, turmush sharoitimiz yaxshilanganini kuzatamiz-u, lekin kitob javonlari yangilanmagani, eskirib omborxonadan joy olgani guvohi bo‘lganmiz.

 

Shuning uchun kitobxonlik targ‘iboti yo‘lida yangi usul – xonadonlarimizni yangi kitob javonlari bilan boyitish borasida bosh qotira boshladik. Avvalambor, viloyat darajasidagi rahbarlar bilan tanlovlar g‘oliblariga kitob to‘ldirilgan ixcham javonlar sovg‘a qilishga kelishib oldik. Ikkinchi yo‘nalishda mahallalar kayvonilari bilan yangi turmush qurayotgan yoshlarga ­ona-onalari, yaqinlari tomonidan to‘y sovg‘asi sifatida shunday mo‘jaz javonlar sovg‘a qilish borasida maslahatlashdik. Ularning o‘zlari shunday xayrli tashabbusni boshlab bergani bizni xursand qildi.

 

Axir farzandlarimizga to‘y qilsak, bir lahzalik avtokarvoniga 10–20 million so‘mni, “Love story”siga 5–10 million so‘m, yana qandaydir amallarga mablag‘imizni ayamaymiz-u, ularning ma’rifati, zehni uchun ikki millionni qimmat ko‘rmasak kerak? Xorazmliklar ilgari surgan bu ibratli tashabbus bugun urfga kirib, ertaga zamonaviy urf-­odatga aylansa, nur ustiga nur bo‘lar edi. Bu qadriyat kun kelib yoshlarimizga qoldirilgan eng katta va eng nodir ­xazina bo‘lardi. Buning uchun nafaqat barcha ziyolilar, xalqimizning e’tiborida bo‘lgan rahbarlar, mashhur zamondoshlarimiz ham ma’nan mas’uldir. Avvalo, bu tashabbusni labbay deb qo‘llab-quvvatlashimiz, farzandlarimiz to‘ylarida qimmatbaho mebellar, tilla taqinchoqlar, o‘tkinchi hoy-u havasga berilmay, kitob to‘la javonlar sovg‘a qilishni boshlashimiz, o‘rnak bo‘lishimiz kerak! Shundagina bu tashabbus umummilliy harakatga aylanadi. Yaqin 3-4 yil ichida nafaqat Xorazmdagi, balki butun O‘zbekistondagi barcha xonadonlar kitob javoniga ega bo‘ladi. Yangi chaqaloqlar kitoblar taratayotgan ma’rifat hididan nafas olib ulg‘ayadi. Aynan shu avlod Uchinchi Renessansni barpo qiladi. Zotan, kitob millatning qanotidir!

 

So‘nggi so‘z o‘rnida

 

Shu o‘rinda davlatimiz rahbarining “... hammamiz uchun ayni paytda juda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan masala, ya’ni kitobxonlikni keng yoyish va yoshlarimizning kitobga bo‘lgan muhabbatini, ularning ma’naviy immunitetini yanada oshirishga qaratilgan ishlarimizni yangi bosqichga olib chiqish vazifasi ­turibdi”, degan so‘zlari kitob va kitobxonlikni targ‘ib etish nechog‘liq muhim ­ekanini yana bir bor teran anglatgandek bo‘ladi.

 

Har bir xonadonni kitob javonli qilish bo‘yicha Xorazmda boshlangan ezgu ­tashabbus bugun viloyatning barcha mahallalarida an’anaga aylanib bormoqda. Yosh kelin-kuyovlarga ota-onalari tomonidan taqdim etilayotgan kitob to‘la javonlar yangi O‘zbekistondagi yangi oilalarning kitobxon bo‘lishiga qo‘shilayotgan ulkan hissadir.

 

Gulichehra DURDIYEVA,

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri

 

“Yangi O‘zbekiston” gazetasi, 2023-yil 13-sentabr, 186-son.

2 Izohlar

Laylo

20:09 / 16.09.2023

MashaAlloh yaxshi g'oya õylap topipsizlar kitop oqigan insonni dunyoqarashi gõzallaship õziga kuch va energiya olip boradi .......shunday kitophonlik tadbirlarini hech qachon tõhtap qolmaydigan qilip tashkillashtrip boringlar kelajak avlodlarimiz savodli ilmli tartipli boladi inshaAlloh men ham yaqinda tõyim qanday kitoplarni öqishimni tavsiya qilasizlar? 2 million bolsa kitop Javon men ham zaqas qilip oldirardim qanday kmga murojat qilsak bolad iltimos aytvorilar

Sadoqat

12:09 / 16.09.2023

Juda zo'r tashabbus! Buni milliy urfga aylantirish kerak! Yangi oilada o'sib-ulg'ayotgan bola ham kitobga mehr berib tarbiyalanadi!

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19356
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16488
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi