Jadid bobolarimiz hozir hayot bo‘lganida katta ehtimol bilan eng peshqadam bolalar blogeriga aylanar edi. Ular aynan bolalar timsolida o‘zlari orzu qilgan mustaqil Vatanni, erkin va farovon yashaydigan xalq hayotini tasavvur qilishgan. Bugungi kunning ana shunday imkoniyatlaridan biri esa, shubhasiz, YouTube blogerligi. Ammo, afsuski, yurtimizda ushbu imkoniyatdan foydalanadigan zamonamiz jadidlari hozircha topilmayapti.
Nega aynan YouTube blogerligi?
2005-yil 14-fevralda ishga tushirilgan YouTube platformasi 2023-yilga kelib har oy faol foydalanuvchisi 2.5 mlrd (dunyo bo‘yicha internetdan foydalanuvchilarning qariyb 45 foizi) auditoriyaga ega bo‘ldi. Har daqiqada YouTube foydalanuvchilari tomonidan 500 soat video yuklab boriladi. Ahamiyatli jihati shundaki, YouTube tarmog‘ida ayni paytda 51 mln dan ortiq kanal faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, obunachilar va ko‘rishlar soni bo‘yicha 2023-yildagi eng mashhur top-10 talikka kirganlar orasida aynan bolalarga mo‘ljallangan kanallar yetakchilik qiladi. Tasavvur qilyapsizmi, 51 millionning ichida bolalar kanali kuchli o‘ntalikni egallab turibdi. Masalan, Cocomelon (Nursery Rymes) kanali 165 mln obunachi, Kids Diana Show – 113 mln, Like Nastya – 107 mln, Vlad and Niki – 100 mln obunachi bilan dunyo bolalarini o‘ziga mahliyo qilgan. 2016-yil 18-iyunda Pinkfong ijrosida YouTubega joylashtirilgan Baby Shark Dance (Mitti akula raqsi) qo‘shig‘i esa bugungi kungacha 13 mlrddan ortiq ko‘rilgan. Albatta, bu kabi raqamlardan iborat statistikani yana ancha davom ettirish mumkin, lekin bu yerda asosiy maqsad bolalar kontentiga bo‘lgan talabning qanchalik yuqoriligi va bolalar auditoriyasining ana shunday kontentlarga qanchalik o‘chligiga e’tibor qaratish. To‘g‘ri, millionlab auditoriyaga ega va milliardlab ko‘rishlarni to‘playotgan kontentlarning hammasini ham bolajonlar yuksalishi uchun xizmat qilyapti deb aytish qiyin. Masalaning nozik va muhim tomoni ulkan qamrovga ega ana shu YouTube platformasidan bolalar ta’lim-tarbiyasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan vosita sifatida unumli foydalanishda.
Bolalar blogerligi nima beradi?
YouTube tarmog‘ini sal erinmasdan ko‘zdan kechirib chiqsak, u yerda bolalarga mo‘ljallangan turli mazmun va yo‘nalishdagi kanallarni uchratamiz. Ularni asosan: 1) animatsiya va multfilmlar; 2) o‘quv videolari; 3) o‘yinlar va geyming; 4) o‘yinchoqlarni o‘ramdan ochish va ularga baho berish; 5) qo‘shiq va musiqiy videolar; 6) turli chellenjlardan iborat olti yirik turkumdagi kontentlar tashkil etadi, ya’ni bolalarning istalgan did va xohishlariga mos kontentlarni topish mumkin. Deylik, qaysidir ota-ona bolasining dunyoqarashini kengaytiradigan yoki bilimini oshiradigan videolarga ehtiyoj sezayotgan bo‘lsa, marhamat, YouTubeda bunga tegishli minglab kontentlar bor. Qolaversa, YouTube blogerlari bolalar va ularning ota-onalari uchun har xil mavzudagi kontentlarni yaratib berish bilan birga, jajji auditoriya ortidan millionlar ishlab topayotgani ham bor gap. Xullas, bolalarga mo‘ljallangan videolar tayyorlayotgan blogerlarni har qanaqasiga olib qaramang foydada, biroq YouTube blogerligi chindan ham bolalar foydasiga xizmat qilishi, ayniqsa, o‘zbekzabon bolajonlarga mo‘ljallangan kanallarni yuritishda bir qancha muhim jihatlarni inobatga olishga to‘g‘ri keladi. Bu borada kontentlar va ijtimoiy tarmoqlar auditoriyasining qiziqishlarini tahlil qiluvchi Posters onlayn-servisi tavsiyalari e’tiborli. Unga ko‘ra, bolalar uchun kontent yaratishda quyidagi jihatlarni inobatga olish zarur:
1. Xavfsizlik va muvofiqlik. Bolalar uchun kontentlar, albatta, ularning yoshiga mos bo‘lishi, zo‘ravonlik, shafqatsizlik, nojo‘ya xatti-harakatlar va shunga o‘xshash salbiy ta’sirlardan xoli bo‘lishi shart.
2. Qiziqarli va rang-baranglik. Agar kontentlar bolani o‘ziga jalb qila olmasa, bari urinishlar havoga uchishi aniq. Shu sabab, ekspertlar bolalar uchun yorqin va jozibali vizual effektlardan, qiziqarli voqealar, o‘yin va qo‘shiqlardan foydalanishni tavsiya qiladi. Buning formulasi ham oddiy: yorqin tasvir + vizual va musiqiy maxsus effektlar + sevimli va mashhur personajlar = muvaffaqiyat.
3. Bolalar psixologiyasini tushunish. Bunda bolalarning yoshi, xarakteri va alohida xususiyatlarini hisobga olish muhim hisoblanadi. Shu sabab, kontentda bolalarning kognitiv, emotsional va ijtimoiy ko‘nikmalarini rivojlantirishga e’tibor qaratish joiz.
Ta’kidlash o‘rinliki, Lego kompaniyasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadqiqotga asosan, AQSh, Buyuk Britaniya va Xitoydagi zamonaviy bolalar fazogir bo‘lishdan ko‘ra blogerlikni uch karra ko‘proq orzu qilishar ekan. Chindan ham bugungi hayotimizda blogerlik – bu mashhurlikka erishish va yaxshigina daromad topishning samarali yo‘llaridan bo‘lish bilan birga, bolajonlarga eng ko‘p ta’sir ko‘rsata oladigan sohaga aylandi. Hozirda ana shunday o‘z tengqurlarining didi va qarashlariga ta’sir ko‘rsatayotgan 13 yoshgacha bo‘lgan bolalarni kidflyuenserlar deb atashadi. Agar hozirda 100 dan ortiq davlatlarda YouTubedan foydalanish imkoniyati mavjudligi inobatga olinsa, bolalar blogerligining naqadar kattta kuch ekanini tasavvur qilish qiyin emas. Boshlang‘ich bilimlar (sanash, ranglarni o‘rganish, jonivorlar bilan tanishish, tevarak-atrofdagilar bilan munosabatga kirishish va h.k.)dan tortib, murakkab topshiriqlar (harflarni tanish, qo‘shish-ayirish, mantiqiy fikrlash va b.q.)ni o‘zlashtirishgacha va hatto bolalarning xulq-atvori shakllanishida bu kabi kidflyuenserlar va umuman, bolalar uchun kontent tayyorlayotgan blogerlarning ta’siri katta bo‘lyapti.
O‘zbek blogerlari nega “bolajon” emas?
Bir vaqtlar “yetti mahalla ota-ona” deyishar edi, zamon zayli bilan uydan chiqmay qo‘ygan bolalarga, chillag-u bekinmachoq o‘rniga internet bilan katta bo‘layotgan avlodga endi “yetti bloger ota-ona” bo‘lib qoldi. Afsuski, ular ham milliy auditoriyamizga “o‘gay ota-onalar”, chunki bizning bolajonlar o‘zimizda o‘zbekzabon blogerlar yo‘qligi sabab, faqatgina xorijiy kontentlar bilan “ozuqlanish”ga majbur. Ular nimani taklif etishsa, o‘rnini bosuvchi o‘zimizning kontentlar yo‘qligi uchun o‘shalarnikini e’tirozsiz qabul qilishga o‘rganishyapti. Qaysi artist necha pullik moshinada yurishi-yu qanaqa uyda yashashi, nimalar yeb-ichib, qanaqa kiyimlar kiyishigacha yonib-kuyib kontent tayyorlaydigan yoki ijtimoiy-maishiy hayotimizning boshqa har qanday ikir-chikirlari haqida erinmasdan video-bloglar yuritayotgan o‘zbek blogerlari bolalar uchun xizmat qilishni nazariga ilmayotgan, ehtimol, bu to‘g‘risida o‘ylab ham ko‘rmagan bo‘lishi mumkin. Lekin ayni mana shu yo‘nalish, ya’ni bolalar blogerligi yurtimizda xuddi hali kashf etilmagan orol singari o‘z egalarini kutib turibdi. Muhim jihati shundaki, bolalar blogerligi mo‘may daromad keltirish bilan birga (albatta, kontentlar shunga yarasha mazmunli, qiziqarli va bolalarbop bo‘lsa), millat bolalari yuksalishida, milliy kontentlar orqali bundan bir asr avval jadid bobolarimiz yonib-kuygan ta’lim-tarbiya masalasida zo‘r dastak bo‘lishi mumkin, faqat uni ishga tushirib olish kerak, xolos.
Aziz MATYOQUBOV
Ma’naviyat
Adabiyot
Ma’naviyat
Ta’lim-tarbiya
San’at
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q