“Abdulla Oripov” filmini ko‘rib...


Saqlash
21:35 / 13.09.2023 1945 0

O‘zbek kinosida tarixni to‘laqonli haqqoniy yoritgan birorta asar yo‘q. Va, bunga birorta rejissyor yoki ssenariynavis aybdor ham emas. Buni yodda tutishimiz kerak. “Shoh va shoir”, “din va ma’rifat” bir-biriga qarshi qo‘yilgan qolip – “sotsialistik realizm” quygan qoliplardan edi. O‘z davrida bunday qoliplarga ne-ne tarixchi, adabiyotshunoslar  qarshi chiqmagan. Lekin, bu qolip mustahkam ekan, yetmish yil yashadigina emas, hozirgacha uning ta’siridan chiqish qiyin bo‘lmoqda. Buni “Abdulla Oripov” badiiy filmi misolida ham ko‘rishimiz mumkin. Oyina.uz kolumnisti Shohida Eshonboboeva mazkur film yuzasidan tahliliy mulohazalarini ochiqlaydi.

 

O‘zbek kino san’ati tarixida tarixiy biografik filmlar soni salmoqli. Alisher Navoiy, Ulug‘bek, Beruniy, Ibn Sino, Bobur, Nodirabegim, Furqat kabi siymolarning ekrandagi talqini sovet mafkurasi to‘ni bilan bichilib, tomoshabinga tiqishtirilgan yaqin davrlarda hammasiga mustamlakachilar aybdor bo‘lib keldi. Aslidayam shunday edi... Mustaqil davlat bo‘lganimizdan keyin biografik xarakterdagi badiiy va hujjatli filmlar ko‘paydi. Ayniqsa, oxirgi yillarda son jihatdan ancha o‘sish bor. Ammo, bu filmlarning sifati qanday? Bu savolga javob berishda kinoshunoslik tamoyillariga amal qilmay, o‘zbekchilik andishasi bilan yuz-xotir qilayotganimizni tan olamiz. “Said va Saida”, “Imom Abu Iso Muhammad Termiziy”, “Qo‘qon shamoli”, “Avloniy”, “Is’hoqxon Ibrat”, “Muqimiy”, “Mahmudxo‘ja Behbudiy”,  “Muhabbat bahori” filmlari qatorida kuni kecha mustaqillikning 32 yillik to‘yiga taqdim etilgan “Abdulla Oripov” badiiy filmi ham tarixiy biografik filmlar sonini ko‘paytirganidan xursand bo‘ldik. Yana andisha ustunlik qilayotgan mahalda, ijtimoiy tarmoqlardagi qarama qarshi fikrlar bizni yozishga, sifat o‘zgarishlari darajasi borasida fikr bildirishga undadi.

 

“Abdulla Oripov” badiiy filmi (120 min, 2023 yil);

Rejissyor: Muzaffarxon Erkinov;

Bosh rolda:  Jasur Abdumannopov (bolaligi), Shodmonqul Salom, Qudratilla Burxonov (keksaligi);

Ssenariy mualliflari: Abduqayum Yo‘ldoshev, Muqaddas Usmonova, (Minhojiddin Mirzo, Furqat Usmonov ishtirokida);

Bosh muharrir: Erkin A’zam;

Bosh operator: Ravshan Mirzakamolov;

Bastakor: Muinzoda.

 

 

Muzaffar Erkinov yosh rejissyor emas. U yirik loyihalar ustida ijod etib, xalqimizning sevimli, mahoratli rejissyorlari qatoriga qo‘shilganiga ham ko‘p bo‘ldi. M.Erkinov “Avloniy” filmidan keyin, Abdulla Oripov haqida badiiy film suratga olishga haqli rejissyorlar qatorida edi. Ammo, rejissyor uchun Avloniy obrazining ekrandagi talqiniga nisbatan, O‘zbekiston xalq shoirining badiiy portretini yaratish mushkul bo‘lgandek,  nazarimizda. Zotan, uslubiy jihatdan ko‘proq hujjatli filmni eslatadigan mazkur asarni suratga olishda rejissyorga k-o‘-o‘-p ko‘rsatmalar berilgandek, tasavvur hosil bo‘lmoqda. Keling, bir boshdan boshlaylik...

 

Ikki soatlik “Abdulla Oripov” badiiy filmida shoirning bolalik damlari har jihatdan maromiga yetkazilgan epizodlardan iborat. Chopganicha, she’r to‘qib borayotgan Abdullajon aynan shunday sho‘x, quvnoq va chechan bola bo‘lganiga ishonamiz. Shoirning bolaligini gavdalantirgan yosh aktyor uchun rol yaratilayotgan muhitga xos va mos dialoglar yozilganki, bola o‘z rolini “cho‘milib” ijro etgan. Albatta, bunda ssenariynavislar, rejissyor va operatorning mehnati katta.  

 

 

Abdullajon katta bo‘lgan oilaviy muhit, ota-onasi, akasi va opa-singillari, o‘qituvchi-yu, hatto redaksiyadan yuborilgan maktublar  qahramonimizning topqir, uddaburon, kitobsevar va o‘ta qiziquvchan xarakterini to‘laqonli yoritishga xizmat qiladi. Singlisiga alifboni o‘rgatgan, dala dashtda qo‘lidan kitob tushmagan Abdullaning chaqnagan ko‘zlaridagi nur tomoshabin qalbini yoritib yuboradi. Ajoyib lavhalar.

 

Lekin, yigit yoshiga yetib, kamolot bosqichiga ko‘tarilgan Abdulla Oripov qiyofasida o‘sha bolalik olovining uchquni ham qolmagani, qiziq... Mudom tushkun kayfiyatda yurgan, kamgap ekrandagi Oripovdan asl Abdulla Oripov anchayin farq qilgan, albatta...

 

Ssenariyning boshlang‘ich syujetlari qog‘ozga tushganida mualliflar aniq bir g‘oyani – bosh qahramon shaxs va shoir sifatida shakllangan, ijod etgan muhitni haqqoniy ifodalash maqsadini qo‘yganlar. E’tibor berilsa, “Stalin”, “Moskva”, “Kreml devorlari” she’rlarini yozgan bola – Abdullajon bilan “Jadidlar naqadar haq bo‘lishgan”, deya Cho‘lponning “Kishan kiyma” she’rini bilgan, o‘qiganlar ruhiy tarbiyasi orasida katta farq borligi seziladi.  

 

        Kreml devorlarini o‘zing ko‘rganmisan?

        Yo‘q...

        Bundan buyon ko‘rmagan narsangni yozma bolam, yozma...

 

Yonib turgan bola ko‘zlari yerga qadaldi. Kattalar cho‘chigani ro‘y bergani rost – bola ruhi kommunistik g‘oya bilan to‘yintirilgan edi.  Haqiqatan ham, bir asr ichida kamida to‘rt-besh bora otalar va bolalar, ustoz va shogird, o‘qituvchi va o‘quvchi orasida maslaklar xilma-xilligi paydo bo‘ldi.  Qadimchilar va jadidlar, bolsheviklar va bosmachilar, 37- lar va 60- lar, sovetchilar va mustaqilchilar... Ular orasida yaratilgan devor sun’iy bo‘lgani bilan mustahkam va pishiq edi. Oqibati ma’lum...

 

 

Bastakor Muinzodaning musiqasi hikoya etilayotgan makon va zamonga mos qahramonning ruhiyatini chiroyli ohanglarda ifodalaydi. Bolalikdagi sho‘x, zuvalasi pishiq, chechan Abdullajonning orzularga limmo lim chehrasi, harakatlari, onasining mehrli tafti nafis kuyga yo‘g‘rilgan... Yigit yoshida poytaxtga o‘qishga kelib “yuksak parvozlarni” ko‘zlagan qahramonimizning dil quvonchlarini ifodalagan musiqa 60- yillarda mashhur bo‘lgan “Mahallada duv-duv gap” filmi notalarini eslatadi. Va, bu qalbi muhabbatga to‘la o‘zbek yigitining quvonchlari, umidlarini aks ettirgan tanish notalar bir Abdullaning emas, Begali Qosimov, Shukur Xolmirzaev, qolaversa, ustoz Ozod Sharofiddinov kabi o‘zbek ziyolilarining  ko‘ngil kechinmalarini o‘zida jamlagan ohanglardir. Inkor etolmaymiz, davr shunday edi. Davr kelajakdan umidlar kutgan, kommunizm quruvchisi bo‘lishga oshiqqanlar, buni qurayapmiz, deb o‘ylaganlar davri edi. To‘qchilik, to‘kinchilik davri edi-yu, dilda armon bor edi. Bu armonning eng og‘iri – paxtakor o‘zbekning dardi edi. Bu dard she’riy satrlarga ko‘chganda, ko‘ziga yosh olmagan o‘quvchi yo‘q edi:

 

...Mening ona xalqim ey qadim halol,

Rizqi ona yerga sepilgan xalqim.

Ushoq chigitni ham etmay, deb uvol

Million egatlarga egilgan xalqim.

 

Bir nafas boshingni ko‘targin-u, boq

Yer yuzida ajib viqor va nufuz.

Sening o‘zing kabi o‘ychan va quvnoq,

Xushfe’l bo‘lib kelmish tuprog‘ingga kuz...

 

Paxta planini to‘ldirish uchun yettidan yetmishgacha paxta dalasiga chiqqan, ko‘sagigacha qoldirmay paxta tergan bolalar, ayollar, momolar, bobolar qiyofasi ekrandan Sizga mung‘ayib termuladi. O‘zbek xalqi uchun kuz – bu paxta dalasida qaynagan mehnat bo‘lgan davrlarda yozilgan  mazkur satrlar yozuvchi Shukur Xolmirzaevni yig‘latganiga ishonasiz. Rejissyor xalq va shoir dardi uyg‘un bo‘lganini mazkur she’rning tasviriy ifodasiga singdirib yuboradi.   

 

 

Kinoijodkorlar Abdulla Oripov ungan muhitni, shoir sifatida shakllangan adabiy davrani, uni qo‘llab quvvatlagan ustozlari va do‘stlari obrazini filmda qisman yoritganlar. Lekin, shu yerda ssenariy yozilish davrida qo‘yilgan boshlang‘ich maqsaddan keskin og‘ish boshlangan. Muvozanat buzilgan.  Bunga sabab - birinchidan, bosh rol ijrochisini holatga olib kirish, film voqeligida yashatish rejissyor uchun ancha qiyinchilik tug‘dirgan. Ikkinchidan, so‘zimiz boshida aytganimizdek, filmda tarixiy haqiqat tamoyili asosida emas, badiiylik tamoyillari bilan o‘ziga xos Abdulla Oripov obrazi yaratilgan. Bu obraz – suratida dard zohir chehra, xolos. Qalb o‘kinchlari, ijod mashaqqati, har bir so‘z ustida uzoq o‘ylash va pirovardida, qon va terdan hosil bo‘lgan ijod mahsulini O‘zbekiston xalq shoiri bo‘lgan Abdulla Oripov obrazi yaratilgan filmda  ko‘rmadik. Nega?

 

Nazarimizda, ijodkorlarga shoirni shoir qilgan adabiy muhitdan atayin ajratib ko‘rsatish ko‘rsatmasi berilgandek. Yana bilmadik, lekin shunisi ma’lumki, pishib yetilmagan ssenariy ishlab chiqarishga tushirilgan. Ehtimol, vaqt oz bo‘lgandir. Ehtimol,  rejissyorni shoshirishgandir. Nima bo‘lganda ham, biz bilgan, biz sevgan A.Oripov siymosi, ijodi, o‘ziga xos yumori, o‘tkir so‘zi bu asarda yetarli emas.

 

Abdulla Oripov haqida hujjatli filmlar yaratilgan. Bu inson tom ma’noda xalqning sevimli shoiri edi. Nafaqat xalqning, davlat arboblarining ham hamisha e’tiborida bo‘lgan ijodkor edi. Aynan, mavjud hujjatli filmlardan farqli o‘laroq, bu filmda shoirni muntazam qiynagan fikrlar, ijod jarayonida o‘z-o‘zini taftish etishi, ruhiy kechinmalari bilan yolg‘iz qolishini badiiy ifodalash va bu bilan, ehtimol butun sovet shoirlari, ijod ahlini muntazam qiynagan holat aks etmagan.  Berilgan imkoniyatdan to‘liq foydalanilmagan. Aksincha, shoir adabiy muhitdan uzib olingan. Axir, Navro‘zga qarshi propagandada yolg‘iz A.Oripov emasdir, bu propagandani yoqlashga majbur etilgan? Yoki, yolg‘iz Oripovgagina tazyiqlar, qarshiliklar, “aql o‘rgatishlar” bo‘lmagandir? Ta’kidlashga majburmizki, ijodkorni o‘zi shakllangan va o‘zi suyangan muhitdan uzib olib, “yagona qahramon” darajasida namoyish etish kechagi sovet kinolariga xos urf edi.  Barcha ssenariylar “markaz” tasdiqlagan imzoga muhtoj bo‘lardi. Buni yaxshi bilgan, sukut va  sabr bilan yaxshi kunlar kelishini kutib yashagan tomoshabin uchun mustaqillik davri filmlarida “orttirilmagan”, “bo‘rttirilmagan”, “to‘qilmagan” haqiqiy filmlarni ko‘rish davri kelganiga ko‘p bo‘ldi, nazarimizda.

 

 

“Abdulla Oripov” filmi go‘yo, xalq shoirini qandaydir oqlab berish majburiyatini bajarishi kerakdek, uning mazmuniga kiritilgan syujetlarda “Yumaloq xat mojarosi”, “Navro‘z”, “Sunnat to‘yi”, “Intervyu”, “Tergov” mavzulariga katta urg‘u berilgan. Shoirni xalq shoiri sifatida elga suyumli bo‘lgan asarlari, mashhur qo‘shiqlari, dostonlari-yu, tarjimalari xususida  so‘z yuritilmagan. Balki, bu film Abdulla Oripov ijodini va davrini yaxshi bilganlar uchun yaratilgandir, degan “oqlov” ham mos kelmayaptiki, uning hamfikr do‘stlari, davrning achchiq chuchugini tatigan dardkashlari, yaxshi-yomon kunida yelkadosh bo‘lgan oilasi kadr ortida qolgan.

 

Filmda aks etgan “Birinchi kitob”, “Favqulodda mashhurlik”, “Abdullaning muhabbati”, “Onaning o‘limi”, “To‘y” kabi lavhalar shoirning yoshlik damlari bilan bog‘liq. Tomoshabin sifatida oila muhiti, farzandlar bilan bog‘liq quvonch va tashvishlar barobarida biqiq ijodiy davr muhitida shoir qalbidan potirlab chiqqan nurli, xalqchil misralarning tug‘ilish damlariga guvoh bo‘lishga, ijod jarayonini his etishga katta ehtiyoj tuydik. Albatta, e’tiroz tug‘ilishi mumkin – shoirning butun hayotini 120 daqiqada ko‘rsatish imkonsiz...  Lekin, poeziya kuychisi bo‘lgan mashhur o‘zbek shoiri hayoti haqida film yaratishga jazm etilgan va bu qaror davlat tomonidan qo‘llab quvvatlangan ekan, kinoasarni ham poetik drama, psixologik drama uslubida suratga olishga harakat qilinsa, muvaffaqiyat sun’iy bo‘lmasmidi? Rejissyor M.Erkinovning rejissyor sifatidagi “pocherki” filmning boshlang‘ich epizodlaridagina ko‘rinadi. Davomida esa hujjatli-badiiy film uslubida televizion film yaratilgandek. Kezi kelganda, qayd etish kerakki, oxirgi paytlarda o‘zbek kinosida hujjatli filmlarni “igrovoy” syujetlarlarga asoslangan holda yaratish ko‘paydi. “Abdulla Oripov” badiiy filmi esa badiiy-hujjatli uslubdagi yangicha bir yo‘nalishga poydevor qo‘yibdi. Shuning uchun ham majoziy ma’nolarga yo‘g‘rilgan kadrlar bu filmda, yo‘q hisobi. Hatto, xalqimizning eng sevimli she’rlaridan “Munojotni tinglab” she’ri ham axborot tarzida o‘qib berildi. “Amerikadagi hayot” syujetidan ham bosh qahramon xotiralarini jonlantirish uchungina  foydalanilgan. Lekin, yana umr kechirish uchun, hayot uchun kurashayotgan bemor inson holatining badiiy ifodasi ssenariyda aks etmaganligi bois,  asosan bir nuqtaga tikilgancha o‘y surayotgan xalq shoirining yirik plani ko‘rsatiladi, xolos. OTAni saqlab qolishga uringan OILA muhiti bu yerda ham axborot ko‘rinishida ifodalangan. 

 

 

Aslida, “Sharq yulduzi” jurnaliga berilgan intervyuda dildagi istig‘forini aytgan Abdulla Oripovning “Nima qilay, shu davrda yashayapman, shu davrning bozoriga chiqaman, shu joyning mozoriga ko‘milaman”, degan so‘zlari filmning o‘q tomiri bo‘lishi mumkinmidi...

 

Har bir mahoratli ijodkor biror asariga so‘nggi nuqtani qo‘yib, keng jamoatchilikka taqdim etar ekan, har qancha olqishlar yoki tanqidlar bo‘lmasin, asarining nimasi muvaffaqiyatli-ku, nimasi haminqadar ekanligini yaxshi biladi. Ayovsiz savalashlar o‘rinlimi yoki jimjimador maqtovlar ortiqchami, buni ham  uning o‘zi yaxshi tushunadi. Bu ma’noda, rejissyor M.Erkinov so‘z yuritilayotgan filmi to‘g‘risida bor haqiqatni yaxshi anglab turibdi, nazarimizda. O‘zbek kinosining kelgusi rivoji ko‘plab rejissyorlar qatorida M.Erkinov nomi bilan bog‘liq ekan, keyingi ijodiy jarayonlarda rejissyordan, avvalo ssenariyga, o‘ziga va o‘zi boshchilik qiladigan ijodiy  guruhiga, qolaversa buyurtmachilarga nisbatan talabchan bo‘lishini tilab qolamiz. Zotan, filmga ketgan katta mablag‘ davlat tomonidan qoplangani bilan, bu mablag‘ jamg‘ariladigan manba xalqning – iste’molchi tomoshabinning peshona terlari to‘kilgan xazinadir.

 

Shohida EShONBOBOEVA.

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

12:12 / 03.12.2024 0 283
Buyuklarning “maydalik”lari





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22617
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//