“Butun umrimni ulug‘ asarlar tarjimasiga bag‘ishlaganman. Zahmatimni yolg‘iz Xudoyim biladi” – O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘afurov


Saqlash
18:09 / 08.09.2023 867 0

Ochiq gap, men Erkin Vohidov va Abdulla Oripov bilan do‘st edim. Abdulla Oripov bilan Zomin maktabini tashkil qilgan edik. Erkin Vohidov bilan esa kechalari ham gaplashardik. Erkin akaning bir gaplari bo‘lar edi: agar o‘zbek tilining buyukligini bilishni xohlasang, Ibrohimjondan so‘rash kerak. Sevib gapirardilar. Ibrohim aka adabiyotimizning ana shunday zabardast namoyandasi. Ibrohim akaga o‘xshagan halol insonlar bizga o‘rnak bo‘lishi kerak. Hayotda, mehnatda, umrda. Bitta stol, ruchka va bitta xona. Boshqa biror narsani bu inson o‘zi uchun ep ko‘rmagan. Mana shunday inson, albatta, O‘zbekiston Qahramoni bo‘lishga loyiq!

 

Shavkat MIRZIYOYEV

(“Yangi O‘zbekiston” gazetasi, 2021-yil, 31-avgust)

 

Ibrohim G‘afurovni taniganimga salkam qirq yil bo‘ldi. O‘sha mashhur “Matbuotchilar-32”ning beshinchi qavatida ustoz Jabbor Razzoq “maktabi” yoshlar gazetasida (nomlari necha marta o‘zgarib ketdi) ishlab yurgan mahallarim ahyon-ahyonda bu odamga ro‘baru kelardim va zo‘rg‘a salom berardim. Sababi, jurnalist-muxbirlar orasida Ibrohim akaning nihoyatda qaysar, qattiqqo‘l, sirkasi suv ko‘tarmaydigan, tag‘in deng Odil Yoqubovday daho adib bosh muharrir bo‘lgan dovruqli “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida “zamredaktor” ekanligi menga o‘xshagan “qaldirg‘och”larni cho‘chitardi. Ayniqsa, “O‘zAS”da chiqayotgan har bir maqolada ustozning o‘tkir tahriri, teran nigohi sezilardi. Uning adabiy tanqid, she’riyatga oid murosasiz maqolalari jiddiy shov-shuvlar uyg‘otardi.

 

Xullas, oradan necha o‘n yillar o‘tdi. Ko‘p davralarda kuzatdim, dilbar suhbatlariga oshno bo‘ldim. Lekin hech mavridi kelmadi yuzma-yuz gurunglashishga. Yaqinda, to‘g‘rirog‘i, avgustning o‘rtasida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi, davlat va jamoat arbobi, taniqli siyosatshunos olim Qudratilla Rafiqovning saxovatpeshaligi tufayli bir guruh ijodkorlar “Sevarsoy” (nomining go‘zalligini qarang) deb nomlangan sanatoriyda dam oldik. Omadni qarangki, muhtaram ustozlarimiz Ibrohim G‘afurov va Xurshid Do‘stmuhammad bilan hamroh bo‘ldim.

 

 

Dunyo ko‘rgan, davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, adabiyotimizning zabardast namoyandasi, adabiyotshunos olim, tarjimon, O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘afurov bilan shu bahonada turli mavzular xususida uzoq suhbatlar qurdik. Chimyon tog‘lari bag‘ridagi bu so‘lim go‘shalarni aylanib yurarkanmiz, bu mo‘ysafid, yurtparvar, millatparvar insonning yuragida yashayotgan quyosh nuriday yorug‘ va toza tuyg‘ular, jadidona dard-u armonlar, adabiy kuzatuvlarini o‘ziga sezdirmaygina qog‘ozga ko‘chirib qo‘ydim.

 

Bilaman, balki Ibrohim aka bugungi suhbatimizni o‘qib ko‘rib, “Nega meni bir og‘iz ogohlantirmadingiz, shunday savollaringiz bor ekan, avvalroq aytganingizda sal o‘ylabroq, mulohaza qilib yana boyitarmidim” deyishi ham mumkin.

 

Yo‘q, meni ma’zur tutgaysiz, ustoz, kutilmagan bu gurungimizni sizning billurday sof yuragingizga tutilgan oddiy bir oyna deb qabul qilasiz, degan umiddaman.

 

 ***

– Ibrohim aka, keling, suhbatimizni Chingiz Aytmatov asarlari tarjimasidan boshlaylik. Aynan sizning Qiyomatga qo‘l urishingiz qanday kechgandi?

 

U mahallari Abdulla Oripov Yozuvchilar uyushmasida mas’ul lavozimda ishlar edi. Bir kuni meni huzuriga chaqirib qoldi. Endi butun dunyoda Qiyomat romani turli shov-shuvlarga sabab bo‘layotgan damlar edi. Borsam, Abdullajon Chingiz Aytmatovdan xat kelganini va rus tilida bosilgan Плахаni Ibrohim G‘afurov o‘zbekchaga tarjima qilsa  deya taklif bildirganini aytib qoldi. O‘zbek xalqiga hurmat-ehtiromi balandligi bois oqsoqolning o‘zlari iltimos qilyaptilarmi, tezroq ishga kirishmasak bo‘lmas, Sharq yulduzi jurnaliyam ketma-ket bosadi, gaplashdim, dedi shoir. Shundog‘am bu buyuk romanni rus tilida o‘qib chiqqanimdan beri hayajonlanib yurgandim. Birdaniga rozi bo‘ldim. Ishxonamdan ruxsat olgach, Sharq nashriyoti tomonidan ajratilgan shinam va sokin xonada juda qattiq ishladim va uch oy deganda tarjimani tugatdim.

 

– Esimda, asarning birinchi nomi Kunda edi-ku, nega o‘zgarib qoldi?

 

To‘g‘ri, birinchi nomi Kunda edi, keyin Qiyomatga o‘zgartirishni taklif  etishdi. Aslida плаха so‘zining ma’nosi kunda, lekin dunyo miqyosida Qiyomat bo‘lgani uchun shunday nomlandi va ramziy ma’noda olamning, qolaversa, insoniyatning xatarli taqdiri shunga mosroq edi o‘sha davrda.

 

– Dunyoning yarmini o‘zining o‘tkir qalami bilan zabt eta olgan yozuvchi bilan qachon ko‘rishgansiz?

 

Menimcha, 1987-yillar edi, Qiyomatni o‘zbekchaga o‘girganimdan keyin Issiqko‘l forumida uchrashdik. Tarjimamdan ko‘ngli ancha to‘lganini aytib, minnatdorlik bildirdi. Chunki avvalgi qissalari ham o‘zbek kitobxonlari orasida juda mashhur ekanidan xursandchiligini izhor etgandi. Umuman, o‘zbek adabiyoti va adiblarini g‘oyat qadrlardi. Oddiy misol, Chingiz og‘aning Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, To‘lepbergen Qaipbergenov, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Asil Rashidov, Pirmat Shermuhamedov, Ahmadjon Meliboyev, Murod Muhammad Do‘st, Xayriddin Sultonov, Anvar Jo‘raboyev va boshqa ijodkorlar bilan salom-aligi, bordi-keldisi kuchli edi. Keyin yetmish yillik yubileyida ham bir guruh adiblar bilan birga bordik qutlagani.

 

Endi sizga bir gapni aytaymi, Chingiz Aytmatov Ollohning nafaqat biz turkiy xalqlarga, balki bu dunyodagi barcha haqsevar, erksevar va aytish mumkinki, ma’rifatli millatlarga bergan go‘zal bir in’omi edi, desam xato bo‘lmasa kerak. Hali eslaganim, Issiqko‘l forumida ko‘p bora kuzatganman: hali u guruh, hali bu guruh oldiga borib maslahatlashadi, har bir ishtirokchining bildirgan fikrini eshitib, xotirasiga muhrlab qo‘yar ekan.

 

Chingiz aka qo‘rqmas, jasoratli, haqiqatparast edi. O‘zbeklar ishi o‘rtaga chiqqanida bizni qanday himoya qilgani hali-hali ko‘pchilikning yodida! Yoki ataylab uyushtirilgan O‘sh voqealari sodir bo‘lganida adashgan, aldangan millatdoshlariga qarata Hoy, qirg‘izlarim, ko‘zlaringni ochinglar, o‘z jigarlaring, tug‘ishganlaring bilan nizolashasanlarmi? Yovlarning aldov-qutqusiga uchmanglar, to‘xtanglar! deya hayqirganini rahmatli Odil aka aytib bergandi.

 

– 1997-yil Bishkekda Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati assambleyasining navbatdagi anjumanida bir guruh taniqli ijodkor ziyolilar safida jurnalist sifatida men ham qatnashganman. Taqdirni qarangki, ona Turkistonimizning abadiy bayrog‘iga aylangan Chingiz Aytmatov bilan suhbatlashish baxtiga muyassar bo‘lganman. To‘g‘risi, shunday ulug‘ adibning bolalardek sodda, daryoqalb ekaniga, qolaversa, har bir lahzasi hisobli bo‘lmish insonning bir jurnalist uchun ikki soatcha vaqt ajratib, chin dildan samimiy gurung qilganidan hamon hayratga tushaman.

 

Yana ta’kidlayman, Chingiz Aytmatov avliyo zot edi. Biz tirikligida balki qadriga yetmagandirmiz, uning o‘lmas asarlari mohiyatini to‘g‘ri anglay olmagandirmiz. Bu rost, lekin hozir uning har bir asarini qayta-qayta mutolaa qilib ko‘ring, fikrlang-chi, bugunni qo‘yavering, hatto kelajakda insoniyatni kutayotgan ma’naviy va ijtimoiy xavf-xatarlardan ham ogoh etganiga guvoh bo‘lasiz.

 

– Endi yana bir qiziq voqeani eshiting: Chingiz Aytmatov bundan 26 yil burungi suhbatda menga qiziq bir hayot haqiqatini aytib bergani hamon esimda: 1995-yili ta’sis etilgan Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati assambleyasini tuzish g‘oyasi bejiz o‘rtaga tashlanmaganini va bu ezgu maqsad zamirida  ulkan yer osti va usti boyliklariga ega ushbu mintaqa hududida asrlar bo‘yi bir-biriga qondosh, yon qo‘shni-jon qo‘shni, quda-anda bo‘lib yashab kelayotgan o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, turkman va tojik xalqlari o‘rtasida tinchlik, birdamlik, ahillik yotganini qayta-qayta ta’kidlagan edi. Va nasib etsa, bu xayrli ishlar davlatlararo hamkorlik darajasiga ko‘tarilishini va bu beshta respublika birlashib, Markaziy Osiyo davlatlari ittifoqi tuzilishini orzu qilayotganini yashirmagandi. Afsuski, matbuotda e’lon qilingan suhbatdan afsonaviy adibimizning ushbu ulug‘ niyatlari aks etgan donishmandona fikrlari hushyorlik bilan olib tashlangan edi. Zamonning evrilishini ko‘ring, talotumli davrlar ortda qoldi va nihoyat, 2016-yildan keyin Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi muzliklar davri barham topdi, hatto qushlar uchib o‘tolmayotgan, shafqatsizlarcha minalashtirib tashlangan chegaralar ochildi, o‘zaro bordi-keldilar boshlandi. Bunday tarixiy o‘zgarishlar qondosh va qardosh xalqlarni bugun yana qaytadan birlashtiryapti, yaqinlashtiryapti, to‘g‘rimi?

 

Bu mavzu nihoyatda nozik va jumboqli. Javobsiz savollar ko‘p. Nega shuncha asrlar davomida bir-biriga og‘a-ini bo‘lib kelgan xalqlar qisqa davr ichida darrov begonalashib, hatto yovlashib ketdi, degan savol meni ham qiynaydi doim. Tasavvur qiling, nima uchun Islom Karimovday aqlli siyosatchi rahbar ham bu qobiqdan chiqib ketolmadi? Yoki Nursulton Nazarboyev va boshqalarni oling. Nima, ulardagi manmanlik yoki mintaqaviy liderlik kasali ustunlik qildimi? Menimcha, yo‘q, sabablari boshqa, ya’ni hamon dunyoda gegemonlik da’vo qilayotgan davlatlar bizning birlashishimizni xohlamaydi! O‘zlariga imkoni boricha qaram bo‘lmog‘imizni istayotganlar yo‘q deb o‘ylaysizmi? Ular otdan tushsayam hech qachon egardan tushmaydi, ukajon!

 

Oddiy misol keltiraman sizga: 27 davlatni birlashtirgan Yevropa ittifoqi bor, to‘g‘rimi? Ularda liderlik da’vo qilish eng bema’ni ish sanaladi. Avtoritarizmni xohlamaydi ular. Mening nazarimda, birlashish uchun, eng avvalo, xalqlarning o‘zi tayyor bo‘lishi lozim ekan. Yevropaliklar bu jarayonga uzoq vaqt tayyorlanganini vaqt isbotladi. Demak, mening fikri ojizimcha, o‘sha Aytmatov va boshqa ziyolilar tuzgan assambleya ham yillar o‘tib, Markaziy Osiyo davlatlari ittifoqiga aylanishi balki puxta o‘ylangan reja bo‘lgandir.

 

Shu ma’noda aynan O‘zbekiston Prezidentining keyingi yetti yil ichida birinchi navbatda Markaziy Osiyo hududida joylashgan davlatlar rahbarlari bilan o‘zaro samimiy muloqotlari, barcha sohalarda olib borayotgan tinchliksevar tashabbuslarini xalqlarimiz to‘la qo‘llab-quvvatlayotgani tarixiy voqeadir. Quvonchli jihati, davlatlararo bosqichma-bosqich amalga oshayotgan bu kabi ijobiy ishlar, kim biladi, balki siz-u biz bugun muborak nomini xotirlayotgan Chingiz Aytmatovning azaliy orzulari ijobat bo‘layotganiga ham o‘ziga xos bir ishoradir.

 

– Sir emas, siz bilan qaysi mavzuda suhbatlashmaylik, baribir gap aylanib yana jahon adabiyotining sara asarlari tarjimasiga kelib taqalaveradi. Xo‘sh, ayting-chi, buyuk adib Dostoyevskiy ijodiga mehr-muhabbatingiz qachon paydo bo‘lgan?

 

Dunyo adabiyotida psixologik tahlilda Dostoyevskiyga yetadigani kam. Lev Tolstoy ham tan bergan. Uning qahramonlari ayrimlar nazaridagi rus xalqigagina xos hayotiy fojialar emas, aksincha, Aytmatov tasvirlaganidek, butun insoniyatga taalluqli bo‘lgan millionlab taqdirlardir. Tirikchilik, turli azob-uqubatlarga giriftor bo‘lib yashash uchun o‘zini o‘tga, cho‘qqa urib kurashayotgan odamlar ko‘z oldingizda namoyon bo‘ladi. Dostoyevskiyning boshqa asarlarini qo‘yavering, Iblislar romanini bizning kitobxonlarimiz o‘qiganida edi, o‘zining qanday millat, qanday xalq, qanday qavm ekanligini bilishdan tashqari o‘zining nimalarga qodirligini ham teran anglab yetardi.

 

– Aynan bizning mamlakatimizda kitob mutolaasi va targ‘iboti masalasiga davlat darajasida e’tibor ko‘rsatilayotgan bir paytda bunday buyuk adiblar asarlarini maktablarimizni qo‘yavering, hatto shu sohaga daxldor oliy o‘quv yurtlarida ham o‘qitish juda abgor ahvolda ekani ma’lum. Axir o‘zimizning milliy adabiyotimiz vakillari ijodi ham haminqadar o‘rganilyapti-da?

 

Biz ziyolilar baribir ma’naviyatimiz va ma’rifatimizning ana shunday dolzarb, og‘riqli muammolari haqida bong uraverishimiz kerak deb o‘ylayman. Internet asri, globallashuv davri davom etaversin, bunga hech kim to‘sqinlik qilolmaydi. Lekin televideniye, radio, ommaviy axborot vositalari, boringki, ijtimoiy tarmoqlar ham davriylikdan, kundalik axborotlar tarqatishdan tashqari KITOBXONLIK targ‘iboti va reklamasini kuchaytirishi shart! Toshkent yoki boshqa shahar markazlari asosan ingliz, rus kabi ajnabiy nom-yozuvlardagi banner, pannolar bilan to‘lib-toshib yotibdi. Nega shularni o‘zbekchalashtirish haqida o‘ylamayapmiz? Yoki nega biror joyda mashhur adiblarimiz asarlari yo kitoblari targ‘ib etilmaydi?  “O‘zimga kerakli kitob yoki badiiy asar, gazeta-jurnalni internetdan, qo‘limdagi zamonaviy planshet, ayfonimdan o‘qisam qulayroq”, deydiganlar xato qilayotganini hali vaqt ko‘rsatadi. Rivojlangan davlatlarda odamlar yana ommaviy ravishda kitobxonlikka qaytayotir. Sababi, odamlar ortiqcha axborot, shov-shuvlardan toliqqan, bezib qolgan asablarini, har qanday boylikdan ham azizroq sog‘ligini asrab qolish uchun tag‘in kitobga murojaat etayotgani haqiqat. Shunday ekan, u Dostoyevskiy, Abay, Robindranat Thakur bo‘ladimi, Qodiriy yo Kafka, Chexov yo Abdulla Qahhor, Joys yo Shukur Xolmirzayev, Hamza yo Shekspir, Shukshin yo Xayriddin Sultonov, Murod Muhammad Do‘st yo Nabokov, Tog‘ay Murod, Xurshid Do‘stmuhammad yo Nazar Eshonqul, Olim Otaxon, Isajon Sulton…bu ro‘yxat juda uzun. Men faqat adiblarni sanadim xolos, shoirlar-chi? Shularni kengroq targ‘ib va tashviq qilsak yutqazmaymiz axir! Ularning qaysi birini o‘qish va uqish o‘zimizga bog‘liq.

 

– Boshqa xalqlarda bilmadim-u, lekin bizning adabiyotimizda qiziq bir holat kuzatiladi: ya’ni nasrda eshitmaganman, ammo she’riyatimizda shoirlarni jinsga ajratish urfga aylangan...

 

Eslaylik, bizning klassik shoiralarimiz Nodira, Uvaysiy, Zebuniso, Mahzuna va boshqalarning ijod namunalarini rahmatli To‘xtasin Jalolov to‘plab kitob qilgan edi. Aksariyat ayol ijodkorlarni tahlil qilsangiz, fig‘on, alam, armon, iztiroblarni boshqacha ohang, ruhda kuylaganiga guvoh bo‘lasiz. Qizig‘i, bunday ta’sir Zulfiya opagacha keldi-ku! Hamid Olimjonning 1944-yilgi fojiali o‘limidan keyingi yozgan she’rlarini eslash kifoya. Shoira va shoirni ajratib turadigan eng kuchli xususiyat bu hissiyotdir!

 

– Nihoyat gap ochildi, Ibrohim aka, keling, shu bahonada endi, XX asr o‘rtalari va XXI asrning o‘n yilliklarigacha o‘zbek milliy she’riyatida munosib o‘rin egallab kelgan ikki zabardast shoira – Halima Xudoyberdieva va Oydin Hojieva ijodidagi jangovarlik, go‘zal lirika, faqat ayolgagina xos latofatli hissiyot, qolaversa, vatanparvarlik kabi ruhiy va ijtimoiy mavzularga to‘xtalib o‘tsangiz.

 

Lirizmni olasizmi yoki hissiyotlarni qandaydir o‘ziga xos nozik ifodalashda ham ular orasida katta farq seziladi. Halimada sof ma’nodagi shiddatli ijtimoiylik, publitsistik ruh g‘oyatda kuchli edi. Uning siyosiy yoxud ijtimoiy mavzularda yozgan she’rlarida erk, ozodlikni sog‘inish, millatparastlik hissi yarq etib ko‘rinib turardi.  Oydinda esa ayol, onaga xos lirika ustunlik qilardi. Ularning ijodini tahlil va tadqiq qilganda hech qachon bir-biriga qiyoslash yoki qarama-qarshi qo‘yish mumkin emas. Negaki, tarixda hali birorta misol yo‘qki, iqtidorli ijodkor bir-birini takrorlagan bo‘lsa. Shu ma’noda men har ikki betakror shoiramizning adabiyotimiz, nafis she’riyatimizga qilgan xizmati va ko‘rsatgan ta’sirini hamisha qadrlayman.

 

– Bilishimcha, siz rahmatli Oydin opa bilan ellik yillik unutilmas umr yo‘llarini bosib o‘tdingiz. Agar izn bersangiz, oila muhiti, onalik baxti haqida keyin bafurja to‘xtalsak-da, hozir xolis bir munaqqid, olim sifatida shoira ijodiga munosabatingizni bildirsangiz.

 

Haqiqiy shoira sifatida qachon tushunib, anglab yetgansiz demoqchisiz-da. Talabalik mahalimiz u bizdan pastroq kursda o‘qirdi. Uning birinchi kitobi “Shabnam” (1970)ga bag‘ishlab maqola yozganman. O‘qib ko‘rganimdayoq yuragimga shunday tiniq, samimiy tuyg‘ular to‘kilganki, qattiq ta’sirlanganman. Taqdirni qarangki, keyinchalik umr yo‘llarimiz birlashdi. Oydin umrida har kuni she’r yozmagan, qandaydir daqiqada bir narsa yoprilib kelib qoladiki, o‘tirib, burkanib yozaverardi. Daftarlari to‘lib ketardi. Keyin bo‘shashib to‘xtardi va boshqa ishlarga andarmon bo‘lib ketardi. So‘ng bir, ikki oy jim yurardi. Hatto chalg‘imasdan, haftalab she’r ustida o‘tirgan paytlari bo‘lgan. Shosha-pisha ovqatga unnab, menga qarashgach, yana stolga mukka tushardi.

 

Keyingi paytlarda Oydinning ijodiy merosi miqyosi, masshtabini ko‘pam tushunib-tushunmay tahlil qilinayotgan holatlarga ham guvoh bo‘ldim. Bir shoira tuppa-tuzuk yozgan maqolasida uning ijodini umumlashtirib, “sibizg‘a she’riyat” deb atabdi. Bu fikrga umuman qo‘shilmayman. Sibizg‘a orkestrga jo‘r bo‘lguvchi bitta kichik soz, xolos. G‘alati o‘xshatish bu. Axir Oydin Hojiyevaning bir xil ohangdagi she’rlari kam-ku! Kengroq qarash lozim edi. Masalan, jizzaxlik adabiyotshunos Nasiba Rizayevaning shoira ijodiga bag‘ishlangan chuqur tahlillari ancha pishiq va puxta yozilgan. Naim Karimov, Muhtarama Ulug‘, Qutlibekaning e’lon qilgan maqolalari ham ko‘pchilikka manzur bo‘lgan.

 

– Oydin opa xastalikka chalinganidan so‘ng ham ijoddan to‘xtamagan ekan...

 

Yetti yilcha avval oyoqlari qattiq og‘rib, bir muddat davolanib yurdi. Shundayam yozaverdi. Jasorat deyinmi yoki adabiyotga fidolik deyinmi, baribir sog‘lig‘idan ko‘ra yozgan va hali qoralama holida tugamay qolgan asarlari taqdirini ko‘proq o‘ylardi. Matbuotni tinmay kuzatardi. Qanday o‘tkir maqola yo she’r, doston chiqqani bilan qiziqardi. O‘zi ko‘p yillar bosh bo‘lgan “Saodat” va boshqa joylarda ishlayotgan oqibatli shogirdlari dam-badam holidan xabar olib turishdi. Barchalarini doim duo qilardi. Hech qachon nolimadi, Ollohga shukr qildi. Yuragi tiniq oynaday toza edi Oydin opangizning!

 

– Endi ayting-chi, ikki ulkan ijodkorning bir-birini tushunib yashashi, oila, ro‘zg‘or, ota-onalik vazifalari, ustiga ustak, ijod bilan mashg‘ul bo‘lishi osonmi?

 

Mushkul desam noshukrlik bo‘ladi. Qaysi bir oilada notinchlik, mashaqqatli kunlar bo‘lmagan?! Hammasini mardona yengib o‘tish oson emas. Ammo biz, avvalo, ijodkor qavmidanmiz, odamlar, el-ulus nazaridagi insonlar edik. To‘g‘rimi? Shuning uchun imkoni boricha boshqalarga ibrat bo‘lmog‘imiz lozimligini bilardik. Bizlar ikkita daraxtday bir-birimizga tirgak bo‘lib suyanib yashadik. Ishonasizmi, yarim asr birga yashab, turmushda har narsa bo‘ladi-ku, Oydin biror marta menga olayib, burnini jiyirib yo qovog‘ini uyib qaraganini eslolmayman. Farzandlarimiz, nevaralarimizga ham umuman qattiq gapirmagan. Yana bir narsa meni haligacha hayron qoldiradi, u hech qachon yig‘lamagan. Shu darajada irodali, sabrli ekanki, besh yildan ko‘proq to‘shakka mixlanib, shuncha dard, azob chekkan bo‘lsa-da, ko‘z yoshini ko‘rsatmadi...

 

– So‘nggi savolim: Ibrohim aka, siz professional ijodkorsiz, badiiy tanqidda qancha shov-shuvli maqolalar yozganingiz hamon eslanadi. Adib yo shoirligingiz alohida mavzu. O‘zbek tarjimashunosligida o‘ziga xos maktab yaratganingiz ham ayon. Xo‘sh, umrining asosiy qismini tarjimaga bag‘ishlagan inson sifatida ayting-chi, bu mashaqqatli, azob va iztiroblarga to‘la mehnat sizga nima berdi?

 

Ko‘nglimdagi savolni oxiri berdingiz-da. Boshqa tarjimalarni sanab o‘tirmayman, “Iblislar”ga qo‘l urayotganimda, azbaroyi o‘zbek o‘quvchilari shu romanni o‘qisa aqliga aql, ilmiga ilm, tafakkuriga tafakkur qo‘shiladi degan umidda tili, yozilishi juda og‘ir bo‘lsa-da, ikki yil mix ustida o‘tirganday chidab, ona tilimizga shu asarni o‘girganman. Ishonasizmi, besh million so‘m qalam haqi tekkan qo‘limga. Odamlar G‘afurov jinni bo‘libdi, o‘qish tugul, hatto tarjima qilib bo‘lmaydigan asarni o‘zbekchalashtiribdi-ya, degan. Mayli, ruschasini hammayam tushunmas, axir men o‘z tilimizda sodda qilib o‘qiydigan darajada tayyorlab berdim-ku!

 

Tarjimonlik ba’zilar o‘ylaganidek oson ish emas. O‘zimdan qiyos, ziyollar qatlami, savobdli o‘quvchilarimiz mutolaa qilsin, deb dunyo adabiyotining eng ulug‘ namunalarini rus tilidan o‘girdim. Jeyms Joysning Uliss sarguzashtlari romani jahonda eng mashhur birinchi kitob sanaladi. Qariyb 900 betlik ana shu jozibador asarni bizning xalqimiz ham o‘qisin, qalbiga singdirsin, qon tomiriga olib kirsin, degan umidda ming azoblar ichra tarjima qildim. Qani endi bu ajoyib romanni oxirigacha o‘qib, tahlil qilayotgan odamni menga topib bering, bormi?

 

Qolaversa, men bu nodir kitoblar tarjimasiga qo‘l urayotib, vijdonim oldida aytaman, ayrimlarga o‘xshab, mo‘may daromad topish yoki biror narsalarni ta’ma qilish haqida o‘ylab ham ko‘rmaganman. Aksincha, jadid bobolarimiz xalqimizni ma’rifatli qilish, mamlakatni ozod etish va mustaqil yurtning munosib egasi bo‘lmoq uchun qanday kurashgan bo‘lsalar, men ham bu tarjimalarni ro‘yobga chiqarishda xuddi shunday maqsadlarni ko‘zlaganman. 

 

Sizga yana bir haqiqatni aytaymi, davlatimizning eng oliy unvoni – O‘zbekiston Qahramoni, mening o‘ylashimcha, aslida jahon adabiyotining buyuk namunalarini o‘zbek tiliga o‘girganim uchun berilgan bo‘lsa ne ajab? Istaymizmi-yo‘qmi, bu durdona asarlar O‘zbekiston madaniyati tarixi uchun katta yangilik. Yoki to‘rt tomlik Aka-uka Karamazovlarni oling, to‘rt-besh yillik umrimni sarfladim. Buning uchun ketgan vaqtim, asabimni nima bilan o‘lchash mumkin? Tag‘in deng, bo‘lib-bo‘lib berilgan o‘n besh million atrofidagi “gonorar” shuncha yillik azobli mehnatimni qoplarmikan? Butun umrimni ana shunday ulug‘ asarlarga bag‘ishlaganimni faqat va faqat yolg‘iz Xudoyim biladi. Bunday qora mehnatni, sizga kafolat berib aytaman, do‘stim, boshqa hech kim o‘lgandayam, o‘lmagandayam qilmaydi, qilolmaydiyam! Mana shu gapimni hali eslab yurasiz, Norqobil!

 

Suhbatimiz nihoyasiga yetmay chala qolganini sezyapsizmi? Bu tabiiy edi, albatta. Chunki oldinda hali yana qancha ochilmagan mavzular – xazinalar turibdi. Ibrohim G‘afurov kabi donishmand, alloma zotlar har kuni tug‘ilavermaydi. Demak, gurungimizning yana davom etadi!

 

Norqobil JALIL,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19353
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16484
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi