
Yurtimizda davlat muhofazasiga olingan juda ko‘p tarixiy obidalar bor. Ularning aksariyati mustaqillik yillarida qayta ta’mirlangan. Biroq hali noyob tarixiy yodgorliklar borki, ular ommaga e’lon qilinmagan, e’tiborga muhtoj. Masalan, Ustyurt dashtidagi Osiyo va Yevropa qurilish an’analarini o‘zida jam qilgan Beleuli karvonsaroyi (X–XIV asr) ham davlat muhofazasiga olingan. Bu yerda 1940-yillarda S.P.Tolstov boshchiligidagi ekspeditsiya arxeologik tadqiqot ishlarini olib borgan. Undan keyin ham tadqiqotlar davom etgan. U kezlarda yodgorlikning saqlanish holati bir muncha yaxshi bo‘lgan. 3 yil oldin Beleuli karvonsaroyiga borganimizda karvonsaroy peshtoqi qulab tushganiga guvoh bo‘ldik. Karvonsaroy peshtoqida Sherdor madrasasidagidek (Samarqand) ikkita sherning bo‘rtma tasviri bor bo‘lib, bu ko‘plar uchun qiziq edi. Sherlar g‘oyib bo‘lgan.
Mahalliy aholi vakillarining so‘zlariga qaraganda, chet ellik sayyohlar karvonsaroy peshtoqidagi ikkita sher tasviri ifodalangan terrakotani qo‘porib, o‘zlari bilan olib ketgan. 1000 yillik noyob ashyoning yurtimizdan olib chiqib ketilgani achinarli hol. Beleuli karvonsaroyida mazkur joyning tarixiy obida ekanini bildiradigan biron belgi yoki ma’lumot yo‘q edi. Shundan so‘ng biz bu obidaning madaniy meros obyektlari ro‘yxatiga kiritilgan, kiritilmaganligini tekshirishga kirishdik. Xayriyat, ro‘yxatda bor ekan. Qolgan qismini saqlab qolish uchun obida oldiga “Davlat muhofazasiga olinganligi”ni bildiruvchi belgi qo‘yish kerakligi haqidagi taklifimizni Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesiga jo‘natdik. Ulardan javob xati kelmadi.
Oradan uch yil o‘tib Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi va bir guruh tarixchilar hamkorlikda yana Beleuli karvonsaroyiga boradigan bo‘ldik. Har ehtimolga qarshi obida oldiga davlat muhofazasida ekanini bildiradigan belgini o‘rnatish uchun tayyorgarlik ham ko‘rib bordik. Kutganimizdek, belgini o‘zimiz o‘rnatdik. Bu bilan tarixiy obida saqlanib qoladi, hech kim ziyon yetkazmaydi, noyob ashyolarni topib o‘g‘irlamaydi, deya olmaymiz, albatta. Har xolda shu yurtning tarixini sevuvchi bir fuqarosi sifatida ko‘nglimiz biroz xotirjam bo‘ldi.
Qilgan ishimizni bildirmoqchi emas edik. Biroq bu kabi ishlarning mas’uldorlariga turtki, dars bo‘lsin umidida yozmoqdamiz.
Ushbu safarimizni tashkil qilishda yordam bergan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qo‘ng‘irot tumani bo‘linmasiga, “Yoshlik” mahallasi oqsоqoliga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.
Bekzod ABDIRIMOV,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi
Xorazm viloyati boʻlimi rahbari
Tarix
Tarix
Tarix
Ta’lim-tarbiya
San’at
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
1 Izoh
Мамлакат Жуманиёзова
02:09 / 07.09.2023
Тарихий обидаларнинг қандай холатда сақланиши кўпчиликдан кўра озчиликнинг кучига боғлиқ. Озчилик бу хокимият органлари яъни Хоразмча айтганда "соқалар" ёки "ёшуллилар". Ана шу постларда ўтирганларнинг тарихий хотираси ва аждодларга бўлган эхтиромига боғлиқ.Бугун шундай постлардан бирида унинг ҳақиқий эгаси ўтирибди. Шунинг учун Балеули тарихий ёдгорлиги хақида қайғурилмоқда. Бекзодбек ўйлаймиз ва ишонамизки, худди Жалоладдин Мангубердининг хотираси қайта тиклангани ва жонлантирилганидек, бошқа тарихий ёдгорликларимиз ҳам тикланиб, авайлаб-асралиб келажакка етказилади ва бу ишга сизздек ёш, шижоатли ва ватанпарвар тарихчилар бош бўлади. "