50 yildan ziyod ijodi davomida 600 ga yaqin qo‘shiq yaratgan O‘zbekiston va Tojikiston xalq artisti, Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofoti sovrindori, “Fidokorona xizmatlari uchun” hamda “El-yurt hurmati” ordenlari sohibi, o‘zbek san’ati afsonasi, tengsiz bastakor, o‘z nomidagi ijod maktabi asoschisi Sherali Jo‘rayev 4-sentabr kuni 77 yoshida bu olamni tark etdi. Bu mudhish xabar butun xalqimizni chuqur qayg‘uga soldi. Ijtimoiy tarmoqlar hamdardlik va ta’ziya izhorlari yomg‘iri ostida qoldi. Xotirlovchilar ro‘yxatida davlat rahbaridan tortib minglab oddiy muxlislar nomini ham uchratish mumkin. Oyina.uz bir hovuch yomg‘irdan sizga ham ulashadi.
Sherali Jo‘rayevsiz qolayotgan o‘zbek qo‘shiqchiligi…
Hamdardlik izhorlarida, avvalo, hofizning ijodi va o‘zbek san’atida tutgan o‘rni hususida atroflicha fikrlar bor. Prezident Matbuot xizmati tomonidan e’lon qilingan hamdardlik nomasida “Sherali Jo‘rayev o‘zining noyob iste’dodi, betakror ovozi va yuksak ijro mahorati bilan yuzlab yorqin qo‘shiqlar yaratib, xalqimiz o‘rtasida munosib obro‘-e’tibor topdi. Mumtoz va zamonaviy adabiyotimizning ko‘plab she’riy namunalarini kuyga solib, o‘zbek qo‘shiqchilik san’atining “oltin fondi”ni boyitishga beqiyos hissa qo‘shdi”, deyiladi. Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov esa o‘zbek milliy qo‘shiqchilik san’atiga hayotini baxshida etgan hofizning favqulodda noyob ovozi, ijro etgan qo‘shiqlari har bir xonadonga, har bir yurakka kirib borganini va qalblarni zabt etganini e’tirof etadi. Umuman olganda, marhumning ijodiy merosini madh etish borasida fikrlar umumiyligi mavjud.
O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azimning fikriga ko‘ra, bir “cho‘ponning bolasi” xalqqa shuncha narsa berdi… U qo‘shiqchiligimizda inqilob qildi… Shoir Faxriyor esa Sherali Jo‘rayev shaxsini “kimligini ko‘rsata olgan va millat hofizi qanaqa bo‘lishiga oid “planka”ni osmon qadar yuksaklarga ko‘tarib ketgan inson”, deya ta’riflaydi. Yozuvchi Furqat Alimardon buyuk san’atkorni o‘zbek qo‘shiqchilik san’atining chinakam qoyasi deya e’tirof etadi. U buyuklar vafoti bilan bog‘liq hissiyotlarini ham ifodalashga urinadi: “Biror ulug‘imiz vafot etganda yuragim huvillab qolgandek tuyulaveradi. O‘sha ulug‘lar mansub sohalarni g‘arib qolgandek his etaman. Abdulla Oripovsiz qolgan o‘zbek she’riyati, Bahodir Yo‘ldoshevsiz qolgan o‘zbek rejissurasi, mana endi Sherali Jo‘rayevsiz qolayotgan o‘zbek qo‘shiqchiligi…”
Fikrlarda umumiylik bo‘lsa-da, mualliflar rang-barangligini e’tirof etmay ilojimiz yo‘q. Taniqli iqtisodchi, bloger Behzod Hoshimov hofizni mustaqilligimiz va davlatchiligimizning muhim ustunlaridan biri deya baholaydi. O‘z fikrini izohlagan muallifning aytishicha, uning mamlakat uchun qilgan “siyosiy hissasi” Oliy Sovetdagi faoliyatida emas, sanʼati orqali boʻlgan. Chunki Jo‘rayev oʻzbekistonliklar tugʻilganidan beri ularning hayotida mavjud bir figura sifatida gavdalanadi va o‘z san’ati orqali “millat otalaridan biri”ga aylanishga ulgurgan. “Biz Oʻzbeklar uchun Sherali Joʻrayevning sanʼati mamlakatimizning ajralmas ramzlari, bayroq, gerb, madhiya va osh-palov ustida yigʻilishdek, tabiiy va ajralmas boʻlib qolgan”, degan mazmundagi e’tirofi bilan fikrini to‘ldiradi.
Yana bir bloger Shahnoza Soatova Sherali Jo‘rayevni shoirlik xususiyatiga e’tibor qaratadi. Shuningdek, marhum san’atkorni “so‘z bilan, kuy bilan tasvir yarata oladigan, uni ko‘z oldingizda xuddi suv yuzida qalqqan aksdek chizib bera oladigan noyob daho edi. Shunchaki hofiz emasdi. Undan kattaroq, miqyosliroq shaxs edi”, deya ta’riflaydi.
Aksariyat xotirlovchilar ijodkorning mumtoz she’riyatga munosabati, Navoiyni sevishi va qadrlashi xususida ham fikrlar bildirishgan. Xususan, jurnalist Husan Karvonli “Navoiy, Bobur, Ogahiy, Jaloliddin Rumiy, Sa’diy Sheroziy, Hofiz Sheroziy, Nizomiy, Fuzuliy, Maxtumquli, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Omon Matjon... Deyarli hamma buyuk shoirlar she’rlarini qo‘shiq qilgan boshqa hofiz bormi? Menimcha, yo‘q. Sherali Jo‘rayev buyukligining bir sababi shul”, deydi hamdardlik izhorida.
Umuman olganda, Sherali Jo‘rayev har bir o‘zbekning yuragida. Behzod Hoshimovga o‘xshagan insonlar uni “4-sinfda tanigan”, bloger Muhrim A’zamxo‘jayevga o‘xshagan insonlar esa yosh o‘tgani sayin uning “qanday zo‘r san’atkor bo‘lganini, qanday o‘lmas qo‘shiqlar aytganini” anglab yetaveradi.
O‘jarroq odam…
Izhorlarga birma-bir ko‘z tashlasangiz, mazmun tarozisida ijodkorning san’ati asosiy o‘rinni egallaganiga guvoh bo‘lasiz. Ayni paytda Sherali Jo‘rayevning shaxsiyati borasida rang-barang fikrlar mavjud. Kimdir uning haqiqatgo‘yligi haqida gapirsa, kimdir kuchli mas’uliyatini e’tirof etgan.
O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning fikriga ko‘ra, Jo‘rayev o‘jarroq odam bo‘lgan va aynan mana shu xususiyati sabab ko‘p jabr-u jafolar chekkan. Xonanda o‘zaro shaxsiy munosabatlari haqida ham ikki og‘iz aytgan: “Buyuk san’ati borligi uchun “ustoz” deb bildik, lekin ijod borasida men ularga sapchib qolardim… Ular menikini ko‘tarardilar…”
O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim ijodkorning cheksiz qobiliyati va o‘ta izlanuvchan bo‘lganini e’tirof etgan bo‘lsa, jurnalist Abror Zohidov o‘zidan oldingi barcha xonandalarning hurmatini joyiga qo‘yib, “ustoz” deb ataganiga urg‘u beradi.
Internet foydalanuvchilaridan birining fikri ham o‘zini oqlaydi. Sherali Jo‘rayev o‘z muammolari va hissiyotlarini ommaga olib chiqmagan, dardini dasturxon qilmagan, o‘ziga nisbatan bo‘lgan nohaqliklarga ham tayinli munosabat bildirmagan – favqulodda san’at va shaxsiy hayotini bir-biriga aralashtirmagan, vazmin odam edi.
Telejurnalist Shoira Shagiahmedovaning xotiralashiga ko‘ra, hofiz o‘zi bilan birga hamkorlik qilgan san’atkorlar haqidagi ko‘rsatuvlarda faol ishtirok etgan. Yaxshiligi tekkan insonlarni sira unutmagan va kimlarningdir nazdiga ko‘ra “kibrli bo‘lmagan”.
Facebook foydalanuvchisi Elyor Alimovning ijodkor bilan bog‘liq xotirasi ham e’tibor tortadi. Uning aytishicha, Sherali Jo‘rayev o‘rtamiyona, oylik daromaddan kun ko‘radigan oilaning to‘yida xizmatda bo‘lgan va uy egalarining kasb-korini bilgach, kelishuvdagi summaning yarmini qaytarib bergan.
Yurtdoshlarimizning aksariyati buyuk san’atkor tabiatiga “g‘ururli va asosiysi, “paxta qo‘ymaydigan” deya ta’rif beradi.
“Xudbinlik” qurboni…
Aksariyat xotirlovchilar Sherali Jo‘rayevning taqiqda o‘tgan davri xususida ham fikrlar bildirishgan. O‘ylaymizki, bu qoldirilgan izohlardagi uchinchi mazmun. Ma’lumot uchun, 2002–2016 yillarda Sherali Jo‘rayevning qo‘shiqlari namoyishi o‘zbek telekanallarida batamom to‘xtatilgan.
“Agar e’tibor bersangiz, u eng sermahsul davrida katta konsertlar bermadi, u uchun “Xalqlar do‘stligi”, “Turkiston” yoki boshqa san’at saroylarining eshiklari doim yopiq edi… Karimovning xarakteri juda og‘ir edi. U kimnidir yomon ko‘rib qolsa, boshqa kechirmasdi, kek saqlab yuraverardi. Lekin, eshitishimcha, Karimov ham Sherali Jo‘rayevning qo‘shiqlarini yaxshi ko‘rgan. Shunday bo‘lsa-da, uni to‘liq kechirmagan va sahnaga qaytarmagan”, deydi siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov.
Shoir Faxriyorning xotiralariga ko‘ra, ijodkorni taqiqdan chiqarishga bir necha bor urinishlar bo‘lgan: “Ustoz Murod Muhammad Do‘st – Islom Karimovdan Sher aka taqiqda bo‘lgan paytlari, hech bo‘lmasa, ashulalari radioda ketsin deb ruxsat olib berishga jazm qila olgan inson. Bu bizga bayram bo‘lgan va Respublika radiosida hofizning qo‘shiqlarini efirga qo‘yishdan rosa xursand bo‘lgan edik. Sher akaning qo‘shiqlarini efirga qo‘yib turishni O‘zbekistonning hozirgi rahbari ham Jizzax viloyati hokimi bo‘lib yurgan kezlari iltimos qilgan”.
Sherali Jo‘rayev hayotlik davrida jurnalist Rustam Jabborovga intervyu beradi va buni qarangki, uning so‘zlarida Islom Karimovga nisbatan adovatni sezmaysiz. San’atkor birinchi prezident bilan birga Makkada muborak Ka’batullohning ichiga kirganini eslaydi. U kishining juda ko‘p fazilatlariga guvoh bo‘lganini aytib, haqiga duo qiladi.
Talqin turlicha, yurtdoshlarimiz orasida kimdir bu holatni “xudbinlik” deb ta’riflaydi, kimdir “san’atkorlarga qattiqqo‘l bo‘lish kerak” degan fikrni o‘rtaga tashlaydi.
Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja esa buyuk ijodkorlarning taqiqqa uchrashini tanqid qilgan holda aytadiki, dunyoda uvol degan tushuncha bor. Suv uvoli, non uvoli. Eng kattasi Inson hayotining uvol bo‘lishi. Buning savol-javobi og‘ir bo‘larkan. Saboq qilishimiz darkor, bunday holatlar boshqa takrorlanmasin…
Xulosa har kimning o‘zida. O‘zbek millati uchun muhim tarixiy shaxs bu dunyoni tark etdi va shu sababdan muhokamalar, xotiralar va hamdardlik izhorlari hanuz davom etmoqda. Ko‘p sonli yurtdoshlarimiz fikri bilan aytganda, Sherali Jo‘rayev o‘zining yuzlab nodir qo‘shiqlari bilan qalbimizda, xonadonlarimizda, o‘zbek san’atida yashashda davom etadi.
Sirojiddin RUSTAMOV,
Oyina.uz
Oyina.uz'ni Telegramda kuzating!
Til
Til
Ma’naviyat
Ma’naviyat
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
1 Izoh
Shavkat
01:09 / 08.09.2023
Sherali Jurayev haqiqiy qushiqchi edi olloh ovoz bergan Sher edi.Joylari jannatdan bulsin.