XIX asrda “Xudo o‘ldi”, XX asrda “inson o‘ldi” degan muammo o‘rtaga chiqdi – yuksak va ommaviy adabiyot bahsi


Saqlash
22:38 / 04.09.2023 1023 0

XX asr olam va odam to‘g‘risidagi necha ming yillik axloqiy qarashlarda, qadriyatlarda, san’at va madaniyatda keskin o‘zgarishlar yuz bergan davr sifatida ham tarixga kirdi. O‘zining ilgarigi qiyofasini yo‘qotgan dunyo globallashuv sur’atlariga mos ravishda shitob bilan o‘zgara boshladi. Dunyo miqiyosida insonga oid tushunchalar, hayot mohiyati, umr mazmuni haqidagi an’anaviy axloqiy qarashlar tizimi deformatsiyaga uchramoqda. Oldin ruhiyat, ma’naviyat bilan bog‘liq jihatlar ulug‘langan bo‘lib, inson moddiy borliqdan ko‘ra ideal borliqqa ko‘proq ishonar va undan o‘ziga yupanch, ma’naviy taskin axtarardi. Ammo XVIII asrda G‘arbda nish urgan “erkinlik falsafasi” ideal va unga asoslangan axloqni barbod qilishga qaratildi. Asrlar davomida fan ustidan hukmronlik qilib kelgan diniy qarashlar o‘z o‘rnini ilmiy bilimlarga bo‘shatib berdi. Inson yagona xaloskor sifatida aqlni ko‘ra boshladi. Ilm-fanning dastlabki odimlarida inson o‘zini hokimi mutlaqdek tasavvur eta boshladi. Insonning yashash muhiti, dunyoqarashi, ruhiyati, mavjud reallikni qabul qilish tarzi o‘zgardi. G‘arb dunyosi esa o‘z ildizlaridan voz kechish yo‘lini ixtiyor etdi. Ushbu yo‘l ma’naviy ibtidoni ham diniy, madaniy, jinsiy ayniyatlarni ham inkor etuvchi yo‘l edi. Bularning barchasi bugun sodir bo‘lmoqda.

 

Olimlar “Har qanday ongli inson, taqdirga tan berib, stixiyali yashashi kerak emas, balki globallashuvning ma’no va mohiyati nimada, u inson va insoniyatga nima olib keldi, globallashuvning mevasi bo‘lmish umumbashariy tartibsizlanish (xaos) sharoitida inson, jamiyat, davlatlar to‘g‘ri yo‘lni qanday topishi mumkin kabi savollarga tinimsiz javob izlashi zarur” (Qahhorova Sh. Global ma’naviyat va globallashuvning  g‘oyaviy asosi. T.: Tafakkur, 2009. B. 20)ligini ta’kidlashmoqda. Jamiyatdagi o‘zgarishlar tafakkurimizdagi o‘zgarishlarning hosilasidir. Futurolog olim E.Tofler “Kelajak bilan to‘qnashuv” asarida bugungi vaziyatni “Hayotimiz qa’rida yetilib kelayotgan allaqanday g‘alati yangi jamiyat” deb ataydi. Bugungi ma’naviy atmosfera, axborotlashgan asrimiz kishilarining ruhiyati, tobora maydalashib borayotgan shaxsiyati va uning davrimiz adabiyotidagi aksi xususida so‘z yuritishdan oldin bu masalaning kelib chiqish sabablariga to‘xtalib o‘tish joiz. Har qanday inqirozning sababi hech qachon bitta bo‘lmaydi. Bu holatni bir necha omillar bilan izohlash mumkin:

 

1. Asrlar davomida fan ustidan hukmronlik qilib kelgan dogmatik qarashlar o‘z o‘rnini ilmiy bilimlarga bo‘shatib berdi. Aql insonning yagona najotkoriga aylandi. Ilm-fanning dastlabki odimlarida inson o‘zini hokimi mutlaqdek tasavvur eta boshladi. “XIX asrdayoq Yevropadagi vaziyatni qomusiy bilimga ega kishilar belgilay boshlashdi. Biroq XX asrda ixtisoslashuv madaniyatga qaraganda ko‘proq ahamiyatga ega bo‘la bordi. Natijada o‘zi ish olib boradigan tor sohanigina biluvchi olimlarning yangi tipi paydo bo‘ldi” (Ортега-и-Гассет Х.Дегуманизация искусства. М.: 1991. С. 138). Qomusiy bilim sohiblari o‘rnini faqat o‘z sohasini yaxshi biluvchi mutaxassislar egalladi. Fanlar o‘rtasida kechgan differensiyallashuv oqibatida bilim yaxlitligiga putur yetdi. Bu ko‘hna  Sharq rivoyatidagi fil haqida tasavvur hosil qilishga uringan, lekin bitta uzvnigina anglab yetib, uni fil deya da’vo qilayotgan ko‘rlarning (“Ko‘rlar va fil” hikoyati) holatini eslatadi. Olam mohiyatini, javharni bilish uchun esa birgina yo‘l bilan harakat qilib bo‘lmaydi;

 

2. O‘tgan asrda guvoh bo‘lingan bir emas, ikki “sovuq urush” insoniyat tafakkurida, an’anaviy qarashlarida o‘zgarishlar yasadi. Jahon urushlari insoniy qadriyatlarga zarba berdi. Odamlarni tushkun kayfiyat egallab oldi. Dastlab isyon ko‘rinishida bo‘lgan noroziliklar “jinsiy erkinlik” kabi huquqlarni talab qilish bilan almashdi. Bu hozir mutlaq erkinlikni talab qilib chiqayotgan guruhlarning dastlabki odimlari edi. Ommaviy noroziliklar natijasida ana’anaviy axloqiy me’yorlar qayta baholana boshladi. Hayotdan hafsalasi sovigan, ertangi kunga ishonch hissi so‘ngan, yashash ma’nisiz deb topgan olomon  moddiyatni ma’naviy qadriyatlardan ustun qo‘ya boshladi.  Devid Hyum “Shubhaparast” nomli asarida insonlardagi mana shunga o‘xshash holatga izoh berib shunday deydi: “Afinada o‘lat tarqab, har yerda o‘lim sharpasi kezib yurganida, tiyiqsiz ishratga berilish, hayot ekansan, o‘ynab qol deya ish tutish kishilar o‘rtasida keng tarqadi. Bokkachcho ham Florensiyada tarqalgan o‘lat bilan bog‘liq ayni yo‘sindagi voqeani kuzatadi. Askarlarni urush davrida g‘alayon va talonchilikka undaydigan ham ayni mana shu tamoyildir. Hozirgi lazzat hammasidan muhimroq...” Hayotga aynan mana shu tarzdagi munosabat insonni yuqori darajadan quyiga – tana istaklari bilan haraktlanuvchi maхluqqa aylantiradi. Urushdan keyin “buyuk depressiya” davri uzoq davom etdi. “Urush sabab ruhan ezilgan va jisman toliqqan, och-yupun, baxtsiz odamlarga xayoliy baxtli turmushni ko‘rsatuvchi, ehtirosli sevgi kechinmalarini tasvirlovchi asarlar zarur edi. Urush asoratlarini bartaraf etish bilan ovvora Yevropa bunday mahsulotlarni ishlab chiqara olmasdi. Amerika ommaviy madaniyati sho‘rlik yevropaliklar qalbiga go‘yoki “malham” bo‘ldi, dinga o‘xshab ruhiy konpensatorlik vazifasini bajardi” (Erkayev A. Kurashadi ikki to‘lqin... // Tafakkur, 2013, 3-son. B. 16.). Talabga yarasha taklif prinsipi ishga tushdi. Shu o‘rinda bir narsani eslab o‘tish joiz. Amerika kino industriyasi ­Gollivudda biror film ishlanishdan oldin mutaxassislar tomonidan omma qiziqishlari va talablari o‘rganib chiqiladi va xulosaga qarab film ishlanadi (Haqiqiy san’at namunasi bo‘lgan filmlar bundan mustasno). Bunda san’at asari insonni yuksak darajaga ko‘tarish o‘rniga o‘zi ularning darajasiga tushadi. Dunyo va mahalliy bozorlarda “bestseller” bo‘lib, muallif va noshirlar foydasiga xizmat qilayotgan ayrim “asarlar” haqida ham shunday deyish mumkin. Bu narsa ommaviy didsizlashish bo‘lib, bunda san’at asari qimmati odamlarga nimadir berishi bilan emas, qancha foyda keltirishi bilan o‘lchanadi. Bu jarayon san’atning sanoatlashuvidir. Bilim, aqliy salohiyat tovar munosabatlarining o‘rnini egallay olmay, aksincha, o‘zi tovarga aylanib bormoqda;

 

3. Keyingi asrlarda insoniyat avvalgi ajdodlariga qaraganda erkinroq, sivilizatsiya qulayliklari tufayli yaxshiroq hayot kechirishga o‘tdi. Ular hamma muammolarga sivilizatsiya orqali yechim topa olishiga ishondilar. “Inson yangi bir siyosiy tizim barpo etdi – bu tizim shaxsning erkin va samarali rivojlanishini kafolatlaydiganday ko‘ringan edi. Inson ish kunining vaqtini qisqartirdi va bo‘shagan vaqtlaridan huzur qilib, o‘z bilganicha foydalanish imkoniga ega bo‘ldi. Bunaqa ne’matni uning ajdod-avlodlari yetti uxlab tushlarida ham ko‘rmagan edi” (Fromm E. Insonning hozirgi holati // Jahon adabiyoti. 2000, mart. B. 105.). Obyektiv olamda ro‘y berayotgan hodisalar asosida inson tushunchalari va dunyoqarashi shakllanadi. Insonlar mavjud holatga moslashib boraveradi. “Insonning fe’l-atvori inson o‘z qo‘li bilan barpo etgan dunyoning ta’sirida shakllandi”, deydi E.Fromm. Bu gapda jon bor. “Yangi industrial sivilizatsiyaning barcha yutuqlari ijtimoiy hayotni imkon qadar yengil, yoqimli, tashvishsiz qilishga butkul yo‘naltirilgandi, biroq maishiy turmushda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar yangi ommaviy kishi ong-u shuurida, uning ruhiy holatida aks etmay qolmasdi” (Восстание масс / Х. Ортега-и-Гассет. Эстетика. Философия культуры. М.: 1991. С. 257.). Insonlarda iste’molchilik kayfiyatining kuchayishi, o‘z “men”ini taftish qilishga u qadar ehtiyojmand emasligi bugun haqiqatdir. Borgan sari avtomatlashayotgan zamonda insonlarning intellekt darajasi yuqorilamoqda. Lekin unda idrok, his qilish susaymoqda. Inson o‘z-o‘zini taftish qilib, atrofida bo‘layotgan voqelikka munosabat bildira olishi bilan ahamiyatli. E.Fromm inson axloqi masalasini tahlil qilar ekan, “Garchi ishlab chiqarish, maishiy qulayliklar ortib borayotgan bo‘lsa-da, odamning his qilishi o‘tmaslashib, o‘zi anglamagan holda hayotining ma’nosizligini his qiladi. XIX asrda “Xudo o‘ldi” degan muammo ko‘ndalang bo‘lgan edi. XX asrda “inson o‘ldi” degan muammo o‘rtaga chiqdi. XIX asrda insoniylikdan mahrumlik shafqatsizlik degan ma’noni bildirardi. O‘tmishda odamlarni qulga aylanib qolishidan qo‘rqqan bo‘lsalar, kelajakda odamlarning robotga aylanib qolishidan xavotir olmoq kerak bo‘ladi. Inson tabiatiga zid hayot telbalikka olib keladi. Alaloqibat, ular o‘z dunyolarini o‘zlari vayron qiladi. Chunki ma’nosiz hayot alamiga dosh berolmaydi”, degan edi (From E. Insonning hozirgi holati // Jahon adabiyoti, 2000-yil mart. B. 111.). Erkin Vohidovning “Ruhlar isyoni” dostonidagi obi hayot bilan bog‘liq afsonadagi mangu yashashga intilish ham, aslida, insonning chegara bilmas, tiyiqsiz istaklari ifodasi edi;

 

4. San’atda, adabiyotda, umuman inson hayotida idealning yo‘qolib borayotganligi. Shu o‘rinda, Y.Borevning keyingi o‘n yilliklarda birorta ham buyuk asar yaratilmagani sababini hayotning oliy maqsad va ideallarsiz qolgani bilan izohlaganida jon bor. Estetik ideal yuksak intilishlarning cho‘qqisi, oliy maqsad, o‘rnak sifatida juda ulkan o‘ringa ega. Estetik ideal – badiiy obrazning ijodkor tasavvuridagi ko‘rinishi. San’at asaridagi estetik ideal jamiyat hayoti uchun munosib shaxsni tarbiya qilishda muhim o‘rin tutadi. Gustav Lebon “Olomon psixologiyasi” asarida omma masalasini teran tahlil qilar ekan, uning kuchini sivilizatsiyani vayron qiluvchi varvarlarga tenglashtirgan. Olomon jizzaki va jaholatparastlikka moyil. Uning olomonga aylanishiga asosiy sababi esa idealsiz yashashga o‘tganganligidir (Лебон Г. Психология народов и масс. – СПб.: макет, 1995. С.316.). Inson tafakkuri olamni to‘la anglab yetishga intiladi. U o‘zi yetib kelgan chegaradan narini turli gipotezalar yordamida anglashga harakat qiladi: “Olamni yaxlit manzarasini yaratishga harakat qilgan inson yetishmagan bilim va tasavvurlar halqasini turli farazlar, ehtimollar, o‘zi o‘ylab topgan fantastik tasavvurlar yordamida to‘ldiradi. Bu farazlar ba’zan irratsional, mistik mazmun kasb etadi” (Erkayev A. Tafakkur erkinligi. T.: Ma’naviyat, 2007. B. 110). Insonlar hayot o‘tkinchi ekaniga ko‘nika olmaydi. Bandada diniy bilimlar yetarli bo‘lsa, bu holatga yo‘l qo‘yilmaydi. Dinda (san’atda, adabiyotda ham) mavjud konpensatorlik funksiyasi insonga taskin beradi. Lekin diniy ta’limotlar qanoatlantirmaydigan insonlar ham turli yo‘sinda taskin qidiradilar. Turli uydirmalarga mayl keskin ortadi.  Natijada insonlar uchun ideallar ham o‘zgarishi mumkin. Sehrgarlar, vampirlar, o‘rgimchak odam kabi. Lekin  aql va mantiq nuqtai nazaridan qaraganda bular ideal bo‘lolmaydi. Iste’molchilik kayfiyati kuchaygan bugungi kunda ommaviy adabiyot namunalariga ehtiyoj katta. Hatto mumtoz asarlarni bugungi ommaga moslab, buzib talqin qilish hollari ham uchramoqda.

 

Umuman, ommaviy madaniyat namunalarini uch darajaga: kitch, mid, art kabi qismlarga bo‘lishni ko‘p olimlar maqsadga muvofiq biladilar. Bu tarzdagi tasnifni adabiyotshunos Sh.Rizayev va M.Rahim suhbatida ham uchratamiz (Xayrixohlik bosh mezon bo‘lsa. Sh.Rizayev bilan suhbat // Tafakkur, 2010, 3-son. B. 4.). Unda jamiyat asta-sekin ommaviy madaniyatni tuban va o‘rtamiyona unsurlardan forig‘ etib, unda faqat yuksak jihatlarnigina qoldirish, bu esa “ommaviy madaniyat”ni “yer-la yakson etishni emas, balki maqbul yo‘lga solib yuboishni anglatishi aytib o‘tiladi. Suhbatda yana “ommaviy madaniyat” va “olomon madaniyati” o‘rtasidagi jiddiy farq ko‘rsatib berilgan.

 

Bugungi kunda Ommaviy madaniyat madaniy-mafkuraviy tazyiqning eng xavfli qurollaridan biriga aylangan. Iste’molchilik kayfiyati o‘zagini tashkil etgan Ommaviy madaniyat asl kishilik madaniyatiga zid, uni poymol etadigan, mohiyatini buzadigan va oxir-oqibat insonni jon saqlashdan o‘zga maqsadi bo‘lmagan jonzot, hayvon darajasiga tushiradigan, xalqni esa olomonga aylantiradigan hodisadir (Ma’naviyat asosiy tushunchalar izohli lug‘ai. T.: G‘.G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi. 2010-y., B. 461.). Mohiyatga ko‘ra olomon xavfli. U xalq emas. Xalq olomondan madaniyati, ongli ekani bilan ajralib turadi. Olomon qachonki o‘zini anglab yetsagina xalqqa aylanadi.  Olomonda tafakkur qilish, anglash xususiyati  zaif bo‘ladi. Ular kimdir tomonidan boshqarilishga moyil bo‘ladi. Umuman, bu kabi muammolar ularni u qadar qiziqtirmaydi. V.G.Belinskiy “Adabiy orzular” asarida “Taqdirotning muqarrar qonuniga ko‘ra, har bir xalq o‘z turmushi bilan jami insoniyat hayotining qaysidir qirrasini ifodalashi lozim, aks holda bu xalq hayot kechirmaydi, balki behuda tirikchilik qiladi. Butun dunyo Rimga aylanganida, hamma xalqlar rimcha fikrlab, rimcha his qila boshlaganda, inson tafakkurining harakati ham to‘xtaydi, chunki uning endi boshqa maqsadi qolmadi” (Belinskiy V.G. Adabiy orzular. T.: G‘.G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 1977. B. 6.), deganida mutlaqo haq edi. Barcha millatlarning yakranglashuvi millatlarning tanazzulidan dalolatdir. Har bir millat o‘ziga xosligi bilan insoniyat zanjirining bir halqasi demakdir. Insoniyat zalolatdan hidoyat yo‘liga qaytmog‘i lozim. Buning uchun ularning ko‘ngil ko‘zi ochilishi, iymon-e’tiqodi sobit bo‘lishi lozim.

 

Dildora BAHRIDDINOVA

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23739
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//