Vatan – tuproq. Vatan – oila, o‘g‘il-qizlar, muhabbat, g‘oya. Tuprog‘idan, o‘g‘lidan, muhabbatidan ayrilgan odam borki, Vatan uchun kurashga otlanadi. Har qanday to‘lov evaziga Vatanni ozod, mustaqil qilishga intiladi, jon olib-jon beradi. Oyina.uz Mustaqillik bayrami dam olish kunlarida ko‘rishingiz uchun vatanparvarlik haqidagi filmlarni tavsiya qiladi.
1. Otamdan qolgan dalalar, 1998
Yozuvchi Tog‘ay Murodning shu nomli asari asosida Shuhrat Abbosov tomonidan suratga olingan film avlodlar taqdirida ruslar bosqini, sovet davri, o‘zbek ishi hamda bu bosimlar tufayli qanchadan-qancha odamlar ham maʼnan, ham jismonan yo‘q qilinganini ko‘rsatib beradi.
2. Ip Man, 2008
Xitoylik jang ustasi Ip Man haqidagi yarim biografik xususiyat kasb etuvchi film. Ikkinchi jahon urushi davrida Xitoyning ayrim qismlari yapon bosqinchilari tomonidan bosib olinadi va xalqning irodasini sindirish hamda ularning yakkakurash turlarini mazax qilish uchun janglar o‘tkazila boshlaydi. Bu dahshatli janglarda Ip Man ham qatnashishga majbur bo‘ladi.
3. Vatanparvar, 2000
Roland Emmerixning AQSH ozodligi uchun bo‘lgan janglar haqidagi jangovar filmi bo‘lib, katta urushlar veterani kapitan Benjamin Martinning inglizlarga qarshi harakatga qo‘shilishi va yengib chiqishi haqida. Ingliz va fransuz janglarida qatnashgan sobiq harbiy britanlarga qarshi jang qilishni to‘g‘ri yo‘l deb hisoblamaydi, biroq uning katta o‘g‘li mustaqillik tarafdorlariga qo‘shilib ketadi. Ko‘p o‘tmay yaralanib qaytgan o‘g‘ilni britaniyalik askarlar Martinlar uyidan topadi va qatl qilish uchun olib ketadilar. Buning oldini olmoqchi bo‘lgan Benjaminning ikkinchi o‘g‘li esa o‘ldiriladi. Shundan so‘ng Benjaminning mustaqillik va intiqom uchun kurashi boshlanadi.
4. So‘nggi samuray, 2003
Rejissyor Edvar Svirkning ushbu filmi XIX asr ikkinchi yarmida ro‘y bergan yapon revolyutsiyasining badiiy interpretatsiyasi hisoblanadi. Ushbu davrda Yaponiya ikki yo‘l oldida edi: mamlakat anʼanaviy yo‘ldan ketishi yoki G‘arbdan namuna olib tezda reformalar o‘tkazishi zarur edi. Amerika fuqarolar urushi qatnashchisi Neyten Olgren shu munosabat bilan Yaponiyaga taklif qilinadi – u imperator qo‘shiniga zamonaviy qurollarni o‘rgatishi zarur edi.
5. Revolyutsiya (1985)
Britaniyalik kinorejissyor Xyu Xadsonning ushbu filmi epidemiya paytida o‘smir o‘g‘lidan boshqa hamma yaqinlarini yo‘qotgan ovchi haqida. Tom Dobb mustaqillik uchun kurashishni istamaydi, ammo harakatga qo‘shilgan o‘g‘lining oldida bo‘lishni va uni asrashni istaydi. Shu bilan u vatanining mustaqilligi uchun kurashish farzi ekanini anglaydi.
6. Sheryurak, 1995
Mel Gibson rejissyorligidagi besh Oskarga loyiq ko‘rilgan film XIII asr oxirlarida shotlandlarning ingliz hukmronligiga qarshi kurashi haqida hikoya qiladi. Uilyam Uolles – shotlandlar sardori, o‘zi sevgan va oila qurishni istagan qiz ingliz sherifi tomonidan o‘ldirilgach intiqomga kirishadi. U sherifni o‘ldirishi payti xalq ham ko‘tariladi va bu harakat milliy ozodlik harakatiga aylanadi.
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q