Jadidlar tomonidan asos solingan 100 yil avvalgi ta’lim tizimi


Saqlash
13:08 / 30.08.2023 973 0

Mukammal milliy ta’lim tizimini, milliy darsliklar bazasini yaratish, milliy kadrlarni tayyorlash kabi masalalar muntazam kun tartibidaga masala bo‘lib kelgan. Bu muаmmolar har qachon bor edi va ma’lum miqdorda hal etilardi. Mana, bir asr o‘tibdiki, tizimning og‘riq nuqtalari og‘riqligicha qolyapti.

 

Mazkur muammolar va ularning yechimi masalasi tarixan bundan 100 yil avval jadid bobolarimiz tomonidan e’tibor markaziga olib chiqilgan edi. Bundan bir asr muqaddam xalqimiz shuuriga istiqlol, ma’rifat urug‘ini qadab ketgan jadid bobolarimizning ilmga, ta’limga oid qarashlari, tajribalarini o‘rganish mustaqil milliy ta’lim tizimini, uning g‘oyaviy negizini ishlab chiqishda juda muhim ahamiyatga ega. Dunyoning yetakchi ilmiy markazlari va oliy ta’lim muassasalari turkiy xalqlar jadid adabiyoti, pedagogikasini o‘rganayotgani, bobolarimiz merosi tadqiqiga alohida e’tibor bilan yondashayotgani fikrimiz dalilidir. Jumladan, AQSHning Kolumbiya, Michigan, Chikago, Kaliforniya universitetlari, Yaponiyaning Tokio xorijiy tadqiqotlar universiteti, Rossiya Fanlar akademiyasi, Rossiya islom instituti, Qozon federal universiteti, Turkiyaning Anqara, Eje, Istanbul universitetlari, Ozarboyjon Fanlar akademiyasi Qo‘lyozmalar instituti, Boku davlat universiteti, Qozog‘istonning Yevroosiyo milliy universiteti, Turkmaniston Fanlar akademiyasi kabi nufuzli ilm o‘choqlarida bobolarimiz merosi hijjalab o‘rganilmoqda. Dunyo ilm-fanida jadidchilik harakati, jadid adabiyotiga doir eng yangi ilmiy izlanishlar olti yo‘nalishda olib borilyapti.

 

Birinchisi, jadidchilik falsafasi va mafkurasi bo‘lib, bu yo‘nalish tarixiy, siyosiy-mafkuraviy jarayonlarni qamrab oladi. Qozon federal universiteti, Xakas davlat universiteti, Boku davlat universiteti, Anqara va Eje universitetlarida ayni yo‘nalishdagi tadqiqotlarga e’tibor qaratilgan.

 

Ikkinchi yo‘nalish jadid ziyolilari ko‘targan muammolarni qamrab oladi. Bu milliy, diniy, ijtimoiy jihatlar, til, imlo, maorif, xotin-qizlar masalalarini nazarda tutadi.

 

Uchinchisida jadid adabiyoti tarmog‘ida she’riyat, nasr, dramaturgiya, adabiy tanqid masalalari o‘rganiladi. Turkistonda jadidchilik harakatining g‘oyaviy asoslarini aniqlash va ularning o‘zbek jadid nasri, dramaturgiyasi, she’riyatida aks etishi, o‘zbek jadid she’riyati morfologiyasi masalalari tadqiqi Kolumbiya, Michigan universitetlarida, jadid adabiyoti namoyandalari, adabiy siymolarini bibliografik aspektda tahlil etish Yevroosiyo milliy universiteti, Turkman jahon tillari milliy institutida yo‘lga qo‘yilgan.

 

To‘rtinchisi, jadid matbuoti va noshirlik faoliyatiga doir tadqiqotlar Ozarboyjon Fanlar akademiyasi Adabiyot instituti, Anqaradagi Hoji Bayram valiy universitetida olib borilmoqda. Mazkur tadqiqot markazlarida jadid atamashunosligini ishlab chiqish borasida ham muayyan natijalarga erishilgan.

 

Beshinchisi, xayriya va adabiy jamiyatlar, vaqflar, fondlar faoliyati, yangi adabiy harakatlar, shart-sharoitlar Kaliforniya universiteti va Karlton kollejida alohida tarmoq sifatida o‘rganilgan. Bu muhim yo‘nalish bo‘lib, o‘zbek yoshlarining chet elda o‘qitilishi, yangi maktablar ochilishi, gazeta-jurnallar chop etilishi kabi ma’rifiy masalalar, asosan, xayriya mablag‘lari hisobidan hal etilgan.

 

Oltinchisi, jadid teatri va  san’ati, o‘zbek jadid dramasi va she’riyatiga bag‘ishlangan ilmiy tadqiqotlar Tokio xorijiy tadqiqotlar universtiteti, Michigan va Eje universitetlarida olib borilgan. Teatr san’ati orqali xalqni uyg‘otish, ma’rifatli qilish, muammolarni gavdalantirish jadid bobolarimiz g‘oyaviy qarashlarining muhim jihatlaridan. Bu muammolarning hech biri bugun ham bashariyat kun tartibidan tushgani yo‘q. Yuz yil avvalgi masalalar hozir ham dolzarb.

 

Ko‘rinadiki, ta’lim va maorif masalasi jadidchilik harakatining katta tarmoq yo‘nalishi hisoblanadi. Shu ma’noda, jadid pedagogikasini istiqlol muhitida, yangi ta’lim taraqqiyoti bilan uyg‘unlikda o‘rganish zarurati bor. Bu borada yangi manbalarni tadqiq etish, qayta baholash va ularning barchasini istiqlol muhitida qayta idrok etish shular jumlasidandir.

 

Shu o‘rinda Fitratning “Ulugʻ Turkiston” gazetasi 1918-yil 3-iyun 100-sonida bosilgan Xalq dorilfununining (hozirgi O‘zMU) o‘zbeklar uchun maxsus o‘qituvchilar tayyorlovchi bo‘limi – Dorilmuallimin ochilishiga doir xabar maqolasini (ilk marta joriy yozuvda taqdim qilinyapti) e’tiboringizga havola qilaman:

 

“Dorilmuallimin ochiluv marosimi

 

Oʻttiz birinchi may, juma’ kuni soat 10 da seminariya binosinda xalq dorilfununi sho‘rosi tarafindan musulmonlar uchun dorilmuallimin ochuv marosimi yosaldi. Majlis Munavvarqori tarafindan ochildi. Qori afandi eski hukumat zamoninda milliy maktablar ichun ko‘rdigimiz fojiali kunlar bilan dorilmuallimin ochmoq saodatig‘a erishganimiz daqiqalar orasinda ta’sirli bir maqoyasa yuritgʻondan keyin hurriyat va haq yo‘linda shahid bo‘lg‘on musulmonlarning ruhlarig‘a Qur’on o‘qumoqni va g‘ayrmuslim hurriyat shahidlarina ta’zim ichun oyog‘da turmoqni taklif etdi. Har ikkisi ijro qilindi. Majlisning raisligiga munosib ko‘rilgan rekto‘r Po‘po‘f janoblarining kech keldigi sababli raislikka Abu Bakr afandi Devoyef, musulmoncha kotib Fitrat va ruscha kotib Maryam xonim Baxtiyorova tayin bo‘ldilar. Abu Bakr afandi raislik o‘rnug‘a o‘tub majlisni tabrik qildi.

 

Muallimlar jamiyati tarafindan Abdulsami’ qori tabrik qilib, eski maktablar va olarning nochor hollarini so‘yladi. “Toshkandda muallimlar sinfi yo‘q edi. Bizda bu sinfni vujudga chiqorg‘on totor qarindoshlarimizdirlar”, dedi.

 

Kamol Shamsiy afandi (muallimlar hay’atindan):

 

– Men chetdan kelgan bir musulmon sifati ila Toshkand musulmonlarini bu yangi maktab ochilu bilan tabrik qilaman. Avvalgi majlisda chetdan kelganimni so‘yladim, menga so‘z haqqi berdilar, hay’ati ta’limiyaga oldilar. Turkistonda muncha muso’adakorliq hurriyat va inqilob soyasinda bo‘ldi. Inqilobni vujudg‘a chiqorg‘on hurriyat erlarig‘a tashakkurlar qilamiz. Bo‘yla muso’adali va muhim zamonlardan istiqoda qilib, ilm va maorifimizni taraqqiy qildurayluk. Ilm va maorifi yuksalmagan millatlarning jazolari poymol bo‘lmoqdir. Yashamoq ichun ilm va maorifdan boshqa bir siloh (qurol) yo‘qdir.

 

Ismoil Haqqiy afandi:

 

– Muhtaram hozirun! Qarindoshlarim maktab va maorifning kerakligi haqinda so‘yladilar. Men yolg‘uz shuni so‘ylayinki, har millatni onglamoq ichun u millatning darajayi maorifini onglamoq lozim. Masala, rus millatini eska keturmak ichun ul millatning maktablari, dorilmualliminlari, dorilfununlari va qiroatxonalarini esga keturmak kerak. Ruslar va boshqa ovro‘polilar kichgina qishloqlarinda ham maktablar ocharlar. Bolalarini majburiy o‘quturlar. Bizning Turkistonimizda ajabo necha muntazam maktab, necha muallim va necha mutallim bor? Hech! Hechmi? Shul dorilmuallim ham hechmi? Albatta, hechdir. Turkiston kabi buyuk bir mamlakatda bir dorilmuallimin hechdir. Hozirdagi maktablarimizga qarayluk: bilamizki, muallimlik bir san’atdir. Muallim bo‘lmoq ichun ilm ahli bo‘lmoq lozim emas, “muallim” bo‘lmoq lozimdir. Bizning hozirgi maktablarimizda tarbiya va ta’limdan asar yo‘qdir. Chunki muallimlarimiz ta’lim va tarbiya yo‘llarini bilmaylar. Bu hay’at shul ehtiyojlarimizni onglab, bu dorilmualliminni ochdilar. Bu yerda kelgan afandilar ham ilm va ham ta’lim san’atini o‘rganachaklar va maktablarimizni asosindan isloh etib, jonli, quvvatli, fikrli talabalar yetishdirachaklar! Shuning uchun men bunlarni tabrik etib, sobitqadam bo‘luvlarini tangridan tilayman.

 

Munavvar qori:

 

– Birodarlar! Siyosat olaminda bir ish bor: kuchsiz bir millat kuchli bir millatning oyog‘i ostinda qoldig‘i uchun uning dushmani bo‘lub qoladir. Menim nazarimda, bu fikr xatodir, chunki ezilgan millatning haqiqiy dushmani jaholatdir. Bir millat jaholatdan qutulmag‘uncha oyoqlar ostindan turolmas. Masala, hozirda Turkistonda hurriyat va musovot bor ekan, biz, turkistonlilar ezilib turubmiz, munga sabab jaholatimizdir. Jaholatga g‘alaba qila olmag‘onda ezilishdan qutulmog‘imiz mumkin emasdir. Bu xidmat esa shul maktabda o‘qub chig‘oturg‘on talabalar erurlar. Bitsun jaholat, yashasun ilm va ma’rifat!

 

Po‘po‘f janoblari (ruscha so‘yladi):

 

– “Turkcha bilsa edim, sizga xidmat qilar edim; bundan so‘ng quvvat toparsam, musulmoncha o‘rganib sizlara bor kuchim bilan xidmat qilarman, chunki ruslarga qorog‘anda sizlar xidmatga muhtojdirsiz”, deb so‘zini biturdi.

 

Ibrohim Ismoil afandi o‘ttuz necha yillar maktab va maorif yo‘linda tirishgan marhum bobomiz Ismoilbek Gaspirinskiy hazratlarining buyuk yodiga hurmat ichun xalqni oyog‘da turg‘uzdi. Islomiyatning taraqqiyg‘a mone’ emasligini izoh qildi. “Bu dorilmuallimin uchun ko‘b tirishgan muhtaram Po‘po‘fga tashakkur qilamiz va bundan so‘ngra ham moba’d rijo qilamiz” deb so‘zini biturdi.

 

Talabalar tarafindan Salimxon afandining tabrigindan so‘ng ruscha xalq dorilfununi muallimidan Dubetskiy so‘z oldi. “Ba’zi odamlar butun millatlarni bir yo‘l bilan taraqqiy qildirmoqchi bo‘lalar. Bu xato bir fikrdir. Menim nazarimda, oxirda birlashmak uzra har millat o‘z odati, o‘z yo‘llari bilan taraqqiy qilurg‘a tirisha bersin”, deb so‘zini biturdi.

 

Ondin keyin “Xalq dorilfununi” gʻazetasining idorasi tarafindan Muxtor Bakr afandi tabrik qildi. Shuning ila marosim tamom bo‘ldi.

 

Jadid bobolarimizga imkon berilganida, bizning mustaqil milliy ta’lim tizimimiz allaqachon yaratilgan va shu asosda allaqachon rivojlangan mamlakatlar qatoriga qo‘shilgan bo‘lar edik. Biroq istibdod bularning hech biriga yo‘l bermadi, erishilgan natijalar ham unutildi, unuttirildi. Milliy ta’lim tizimi 1991-yilga kelibgina qayta tiklana boshladi. Ammo 2023-yilda turibmizki, hali ham mustaqil, milliy sharoitimiz talabidan kelib chiqadigan mukammal tizimni yarata olmadik. Umid qilamizki, bu muammolar o‘z yechimini topadi, eski qarashlar o‘rnini zamonaviy bilim egallaydi. Jadid bobolarimizdan qolgan toza o‘zanlar asosida Mustaqil o‘zbek milliy ta’lim tizimi yaratiladi.

 

Shahnoza NAZAROVA,

filologiya fanlari doktori

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19309
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16380
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi