O‘zbek kinosi haqida fikr mulohaza yuritilgan davralarda, ko‘pincha milliy kino san’ati asarlaridan norozilik kayfiyati seziladi. O‘zbek kinosi bilan xorij kinosi, xususan AQSH yoki Eron, Turkiya, Yevropa davlatlari filmlari solishtiriladi va “biz hali beri ularni darajasiga chiqolmaymiz”, deya munozarali xulosalarga kelinadi. Lekin aynan darajasi yuqori sanalayotgan davlatlarning filmlari kinomuxlislarimizga sanoqli darajada tanish ekanligi unutiladi. Aksar hollarda Gollivud filmlari son va sifat jihatidan birinchilikda turadi. Ammo Gollivud filmlarini milliy kinofilmlar sirasiga kiritish mumkinmi, yo‘qmi bu bahsli masala... Aytmoqchimizki, dunyo kinomanlari orasida o‘zbek filmlarini yaxshi ko‘rgan va ko‘rayotganlari ham talaygina. Ayniqsa, mustaqillik yillarida turli kinofestivallarda ishtirok etib kelayotgan kinoijodkorlarimiz anchayin tanilib ulgurishgan. Uzoq muddat mafkura qolipiga solingan kino san’ati milliy o‘zanida erkin rivoj topishi uchun, albatta, ma’lum tarixiy bosqichlar zarur bo‘ladi...
Oyina.uz bugungi mavzu doirasida kechagi o‘zbek kinosi qanday to‘siqlarga uchragani, mustaqillik yillari davrida milliy kino san’atiga qaysi filmlar qanday tamal toshi qo‘ygani haqida fikr yuritadi.
Sho‘ro qolipidan erkin ijod tomon
O‘zbek kinosining shakllanish va rivojlanish bosqichida ko‘pmillatli sovet davlatiga xos san’atning an’anaviy yo‘nalishlari o‘z aksini topgan edi. O‘sha hukmdor ideologiyaga muvofiq tasvirlangan voqea va hodisalarda sinfiy kurash yoki ma’naviy qoloq insonlarni qayta tarbiyalash an’anasi muhim bo‘lib, salbiy va ijobiy qahramon orasidagi konflikt badiiy asar uchun bosh mezon hisoblanardi. Gʻarb kinosan’ati taraqqiyot bosqichlarida esa falsafa muhim o‘rin tutgan edi. Shuning uchun ham, yagona ko‘pmillatli davlat tarkibida bo‘lgan o‘zbek kinosida g‘arb kinofilmlarida bo‘lganidek, muallifning “zohidona” falsafiy dunyoqarashi aks etgan asarlar umuman uchramaydi. Albatta, ramziy ma’nolarga ega kadrlar yoki majoziy tasvirlarga urg‘u berilgan o‘zbek filmlarining sarasi hanuzgacha estetik qiymatini yo‘qotmaganligini, milliy ruhiyat yoki milliy an’ana va qadriyatlarning sof ekran muqobili topilgan filmlargina o‘zbek kinosining rivojlanishida muhim poydevor xizmatini o‘taganini unutish mumkin emas.
(“Tohir va Zuhra”, “Nasriddin sarguzashtlari”, “Nasriddin Buxoroda” “Sen yetim emassan”, “Toshkent non shahri”, “Inson qushlar ortidan boradi”, “Nafosat”, “Sevishganlar” kabi kinoasarlar o‘z davrida ustun turgan mafkuraviy ko‘rsatmalarni qisman yengib o‘tgandek tasavvur uyg‘otadi.)
O‘tgan asrning 60-yillarida sovet kinoshunoslari ayrim hollarda ekran san’atining vizualligini birinchi o‘ringa qo‘ydilar, filmda adabiy asosga tayanishni arxaizm deb bildilar. Ularning fikricha, kinematograf – “harakatlanuvchi vizuallik” san’ati bo‘lib, na adabiy asos va na so‘z materialning sof tasviriyligi o‘rnini bosa oladi. Kinoning tasviriyligini (кино видимость) asosiy omil deb biluvchilar ssenariyning adabiyot asari ekanligini inkor etib, kino inson ruhiyatini chuqur ifodalashga ojiz, shuning uchun ham fan dunyosiga, falsafiy qarashlarga da’vogar bo‘lolmaydi, chunki kino hissiylikning faqatgina birinchi pog‘onalarida turishi mumkin, deb hisoblardilar. Ko‘p o‘tmay, bunday noto‘g‘ri qarashlar barham topdi.
Qayta qurish davrida barcha sobiq sovet respublikalari kinosan’atida sodir bo‘lgan nosoz “tebranish” o‘zbek kinematografiyasini ham chetlab o‘tmadi. Boshqa tomondan mamlakatdagi turli ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlarning aksi tasmalarga muhrlana boshladi. Bu holat nafaqat badiiy filmlar, asosan ekran publisistikasi, animatsiyada ham namoyon bo‘ldi. O‘z-o‘zidan voqe’likni ruhan erkin ijodkor sifatida anglay boshlagan rejissorlar, tabiiyki asarlarida yaqin o‘tmish haqida, undagi qoliplar va shaxsga sig‘inish oqibatlari, milliy qadriyatlar va an’analarga nisbatan bo‘lgan tahdidlar haqida ochiq gapirish imkoniyatini namoyon etdilar. Shu tariqa ilk qayta qurish davridan mustaqillik davrigacha bo‘lgan kezlarda kinopublisistlar – Bahodir Muzaffarov, Shuhrat Mahmudov, Roziqa Merganbayeva, multiplikatorlar – Nozim To‘laxo‘jayev, Sergey Alibekov, rejissorlar – Qamara Kamalova, Yusuf Roziqov, Zulfiqor Musoqov, Sobir Nazarmuhamedov, Nozim Abbosov, Jahongir Qosimov, Yolqin To‘ychiyev, Ayub Shahobiddinovlarning ijodida o‘tish davrining o‘ziga xos manzarasini ko‘rgandek bo‘lamiz. Garchi, keyingi mustaqillik yillarida yaratilgan aksariyat filmlarda “sots realizm metodi”ning normativlariga rioya qilinmagan bo‘lsa-da, yetmish yildan ortiq davr mobaynida hukmronlik qilib kelgan mafkuradan, “ko‘rsatmalar” beruvchi, ijodkor erkinligini taqiqlovchi kino sohasidagi siyosat ta’siridan tamomila qutulish uchun davr masofasi zarur bo‘ldi.
Ayni vaqtda yaratilgan asarlarda voqe’likka, borliq va insoniyat to‘g‘risidagi umumiy tushunchalarga nisbatan mualliflarning xolis munosabati ko‘zga tashlana boshladi. Milliy kinoning yangi davrida ma’lum voqea haqida falsafiy mushohada yuritayotgan mualliflar qahramonlar xatti-harakatini baholash, qoralash yoki oqlashdan yiroq bo‘ldilar. Aksincha, yaqin o‘tmishda shakllangan ijodkor ayni davrdagi erkinlikni mutlaq haqiqat sifatida tan olishda ehtiyotkor bo‘lishga, g‘arb kinosan’atining ta’siri ostida intellektual kino unsurlariga ko‘r-ko‘rona og‘ishmaslikka harakat qildi. Bu ma’noda o‘zbek kinorejissorining milliy madaniyati, tafakkuri o‘z-o‘zidan boshlang‘ich nuqta vazifasini egalladi. Ya’ni, aksar sobiq sovet mamlakatlari kinosida o‘tgan davr voqealaridan ochiqdan-ochiq kulish yoki qoralash prinsipi yetakchilik qilgan bo‘lsa, o‘zbek kinematografiyasida asosan badiiy uslubiy izlanishlar bilan birgalikda, milliy an’analarga, qadriyatlar va madaniyatda ustun turgan milliy tafakkurga bevosita murojaat etish tamoyili ustun turdi. Bu ma’noda, sobiq sovet davlatlari mustaqillik davri kinosini o‘rgangan rus kinoshunosi Yelena Stishovaning fikricha, Osiyoning madaniy immuniteti o‘ziga yot bo‘lgan begona madaniyat bosqinchiligiga bardosh bera olishi ma’lum bo‘ldi. Sobiq sovet respublikalarining kinosi buni tasdiqlab turibdi.
Bag‘rikenglik aks etgan filmlar
1998-2007-yillar oralig‘ida yaratilgan “Voiz”, “Yolg‘iz yodgorim”, “Vatan”, “O‘tov” kabi filmlarda rejissorlar sobiq mustamlakachilik siyosatini qoralashni emas, erkin ijodkor sifatida bo‘lib o‘tgan hodisaning ildizlarini insonning ruhiyati bilan bog‘lashga harakat qildilar.
Jamiyatning tabiiy tadrijiy rivojlanishini bir zumda buzib yuborish qudratiga ega inqilob va sovet davlati siyosatining ozod inson ruhiyatiga keskin ta’sir etgan salbiy oqibatlarini qayta idrok etgan kinorejissorlar – Y.Roziqov, S.Nazarmuhamedov, Z.Musoqov, Y.To‘ychiyev va A.Shahobiddinovlarning o‘tgan asr siyosati qurboni bo‘lgan inson qismati yoritilgan asarlarida milliy tafakkurning ijtimoiy-siyosiy voqealarga munosabati aniq namoyon bo‘ldi.
Oila qurish va bir yo‘la marhum akaning ikki rafiqasini tanmahramlikka olish qismati O‘zbekistonda inqilobning amalga oshayotgan kunlariga to‘g‘ri kelib qolgan Iskandarning talato‘plarga boy hayoti (“Voiz”), umrining navqiron fasllarini “siyosat qog‘oziga o‘ralgan” husumat tufayli surgunda o‘tkazishga majbur bo‘lgan inson taqdiri (“Yolg‘iz yodgorim”, “Vatan”) va sho‘rolar hokimiyatiga nisbatan ishonchsizlik hissi bilan yashab kelgan odamovi Ubaydulloh ruhiyatidagi (“O‘tov”) evrilishlar aks etgan filmlarda mualliflarning inqilobning inson taqdiriga ta’siriga faylasufona munosabati ko‘rinadi.
“Voiz” filmi Kinoshunoslar va tanqidchilar gildiyasining “Kinoshok” festivalida (ОКФ, 1999) “Konformizm mavzusini istehzoli hal qilgani uchun” maxsus sovrini va “Eng yaxshi badiiy filmi uchun” “Oltin uzum” Gran-prisi bilan taqdirlangan. Shuningdek, 2000-yilda Buxoro o‘tkazilgan milliy filmlar festivalida “Eng yaxshi ssenariy” va “Eng yaxshi tasviriy yechim uchun” mukofotlarini qo‘lga kiritgan.
Filmda XX asr boshlaridagi suronli yillarda beixtiyor “xalqparvar inqilobchi” obraziga kirib qolgan Iskandarning e’tiqodi uni har qanday siyosiy ta’sirlardan omon saqlab qolgan bo‘lsa, “Yolg‘iz yodgorim” filmining qahramoni yurtiga qaytish umidi bilan aldamchi tashqi ta’sirlarga berilmagan, o‘z maslagida sobit inson qiyofasida ko‘rinadi. Turli tafovutlarga qaramay, hikoya etilayotgan hodisaga yondashuvda ikki rejissorning g‘oyasi bir-biriga o‘xshash. Ya’ni, shaxsiy manfaatlar ortidan moddiy boylik, obro‘ yoki amal quvmagan ikki film qahramoni taqdir zarbalarini yengishda burch va sadoqat tuyg‘ularini tarannum etgan qahramon darajasiga ko‘tariladilar. Ayniqsa, “Yolg‘iz yodgorim” filmi ssenariysining dramaturgik qurilishi, davrning haqqoniy tasvirlanishi, barcha qahramonlarning o‘z biografik xarakteriga egaligi inqilobning mehnatkashlar ommasiga baxt va saodat olib kelganligini emas, aksincha ozod va baxtiyor inson halovatiga rahna solgan buzg‘unchi harakat ekanligini yoritgan muallif g‘oyasini aniq namoyon etadi.
Yozuvchi Xayriddin Sultonning “Yozning yolg‘iz yodgori” qissasi asosida suratga olingan “Yolg‘iz yodgorim” filmi bosh obraz Adash buvaning xotiralaridan iborat sujetlar asosida yaxlit fabulani tashkil etadi. Ushoq syujetlardan iborat pishiq va puxta “ulangan” xotiralar zanjiri taqdir zarbalari ta’sirida ma’naviy dunyosi parchalanmay, aksincha ruhiyati sayqallanib borgan bosh qahramonning xarakterini yoritib borar ekan, kinoijodkorlar jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar bilan ma’naviy jihatdan barkamol inson dunyoqarashini qarama-qarshi qo‘yadilar. Siyosat yoki inqilobga sig‘ingan odamdan ko‘ra, poklik, ma’naviyat, go‘zallik kabi estetik kategoriyalarni o‘zida mujassamlashtirgan insongina haqiqatga yetishishi mumkin, qachonki uning maqsadi oliy bo‘lsa – film bosh g‘oyasi mana shu fikrni ilgari suradi.
“Yolg‘iz yodgorim” filmi qahramonining qismati “Vatan” kinoasarining bosh qahramoni qismatiga yaqin. Ikkala filmda ham bir qizni ikki yigit sevgani, ulardan biri Sibirga surgun qilinishi, ikkinchisi esa uni surgunga jo‘natishda yetakchilik vazifasini o‘tashi ssenariy tugunini belgilagan. Agar “Voiz” va “O‘tov” filmlarida sobiq sho‘ro hokimiyatining siyosatiga nisbatan muallifning istehzoli tabassumi aks etsa, “Yolg‘iz yodgorim” va “Vatan” filmi mualliflari o‘zbek xalqining azaliy qadriyatlaridan – kechirimli bo‘lish, dushmandan qasos olmaslik, boriga qanoat qilish va hukmni yagona yaratganning o‘ziga topshirish e’tiqodining ekran muqobilini ikki film fabulasiga singdirib yuboradilar.
“Yolg‘iz yodgorim”da uzoq muddat Sibirga surgun qilingan Adash Vataniga qaytganida bundan yigirma besh yil muqaddam uni qamoqdan chiqarishga astoydil harakat qilgan do‘sti – inqilobchi qizil askar bilan tasodifan uchrashib qoladi. Ikki xil maslakda umr kechirgan do‘stlardan biri – sobiq qizil askar farroshlik bilan kun kechirmoqda, alamzada qiyofasida baxtdan asar ham yo‘q, “xalq dushmani” bo‘lib, muddatini o‘tab kelgan Adash esa nigohlari sokin, qalbi pok, vijdon amriga sodiq inson. Film ijodkorlari voqe’likni nozik kinematografik nigoh bilan tadqiq etar ekanlar, bu yerda o‘z-o‘zidan muallifning o‘tgan davr haqida, inqilob va uning asoratlari haqida aytmish so‘zlari namoyon bo‘la boradi.
“Vatan”da mamlakatning mustaqillik yillarida xorijda yashayotgan vatandoshlarimizning O‘zbekistonga kelish imkoniyatidan bahramand bo‘lganlari namunasini ko‘rishimiz mumkin. Lekin kimnidir sog‘inch, kimnidir otalar vasiyatini ado etish burchi ona yurtga chaqirgan bo‘lsa, “Vatan” filmining qahramonini vatandoshiga nisbatan qahr yetaklab keladi. Musofirchilikda umr kechirish, Sibirdagi mashaqqatli hayot, sevgilisining ayanchli o‘limi va butun orzu umidlari sarobga aylanishiga sababchi bo‘lgan insonni topish, qachonlardan beri tinchlik bermayotgan o‘ch olish hissini qondirish maqsadi bilan ona yurtga kelgan Qurbon obrazi “Vatan” filmining g‘oyasini to‘laqonli ochilishiga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan.
Sobir Nazarmuhamedov ham, Zulfiqor Musoqov ham bosh qahramonning fojiasida jamiyatdagi ijtimoiy o‘zgarishlardan ko‘ra yaxshilik va yovuzlik o‘rtasidagi azaliy kurash muhim o‘rin tutganligini ibotlay oldilar. Albatta, milliy dunyoqarashning ekran muqobilini topishga harakat qilgan ikki rejissorning filmi qiyosiy tahlil etilsa, ssenariy dramaturgiyasi va ijrochilik mahorati jihatidan “Vatan” filmining kemtik joylari bamisoli “yirik plan”da namoyon bo‘ladi...
Y.Roziqovning “Voiz” filmida inqilob milliy, diniy qadriyatlarga, azaliy an’analarga tahdid soluvchi va insonning tinchligini besabab buzuvchi favqulodda kuch ekanligi retro yo‘li bilan yoritilgan bo‘lsa, S.Nazarmuhamedovning “Yolg‘iz yodgorim”ida jamiyatdagi o‘zgarishlar tabiiy ekanligi va inson bunday favqulodda o‘zgarishlar oldida faqatgina o‘zgarmas va aniq e’tiqod tufayli omon qolishi mumkinligi aytiladi. Shu bilan birga, oktyabr inqilobi jamiyatning rivojida muhim o‘rin tutganligini unutish mumkin emasligi “Voiz” filmida aniq va haqqoniy ta’riflandi. Ya’ni, xotin-qizlarni paranjidan ozod etish, jamiyatning faol a’zosiga aylantirish, sinfiylik, tabaqalanish muammolari nisbatan hal etilganligi va bu jarayonda inqilobni “haqiqatning qaror topishi” ma’nosida qabul qilgan kishilarning hayoti fojiali yakun topganligi “Voiz”da ham, “Vatan”da ham, qisman “Yolg‘iz yodgorim”da ham o‘z isbotini topdi.
O‘z davrini yashab bo‘lgan siyosatning inson taqdiriga ko‘rsatgan salbiy oqibatlari “O‘tov” filmida o‘zgacha talqinda yoritildi (2007 yilda yaratilgan “O‘tov” filmi shu yili Anapa shahrida bo‘lib o‘tgan “Kinoshok” festivalida “Eng yaxshi erkak roli uchun” sovrinini qo‘lga kiritgan).
O‘zbek kinosiga 2000 yillarda kirib kelgan ikki yosh rejissor Y.To‘ychiyev va A.Shahobiddinovlar hamkorligida yaratilgan “O‘tov” filmi sho‘ro hokimiyatining inson taqdirida qoldirgan ayanchli izlari haqida hikoya qiladi. Odamovi, tog‘da yolg‘iz farzandi bilan so‘qqabosh kun kechiruvchi Ubaydulloh umr bo‘yi sho‘rolarga nisbatan qahr-g‘azab bilan yashaydi va bunga o‘zini haqli, deb biladi ham. Rejissor qat’iyatli, jamiyatda ustun turgan ijtimoiy fikr bilan qiziqmagan va jamoadan ayro yashashni xush ko‘rgan insonning dunyoqarashi tashqi ko‘rinmas kuchlar ta’sirida o‘z-o‘zidan o‘zgarib borishini pand-nasihatdan yiroq, nafis kinematografik bo‘yoqlar yordamida yoritadi. O‘g‘lini kuch va qahr bilan o‘z izmiga bo‘ysundirib yashagan cho‘pon vaqti kelib farzandi o‘zidek cho‘rtkesar, qat’iyatli bo‘lib bo‘y ko‘rsatishini, bu esa unga nisbatan aks ta’sir etishini kutmagan edi. Tabiat va inson, hamda bu ikkalasini o‘z domiga tortib ketuvchi jamiyatning inson erkini tushovlaydigan qonunlari tabiiy hol va bunda kimnidir yoki nimanidir aybdor qilish noto‘g‘ri, deyayotgandek bo‘ladi film ijodkorlari.
Yaqin o‘tmish saboqlari namoyon bo‘lgan to‘rttala filmda ham kinorejissorlar munozarali siyosiy masalalarga javob topish yo‘lidan bormaydilar. Nazarimizda, “ma’lum bir makon va zamonda osuda harakatlanayotgan insonning yo‘lidagi mashaqqatlarni yengishda muhim vosita nima?”, savoliga har bir film – ma’naviy barkamollik va murosasozlik, deb javob bergandek. Lekin tom ma’nosi bilan inqilobning osuda hayotga rahna solishi aniq ekanligini ham aynan so‘z yuritilgan filmlar misolida anglash mumkin.
Ko‘rinadiki, o‘zbek kinosi istiqlol yillaridagina o‘zining asl milliy qiyofasini topish yo‘lida izlanmoqda. Chunki milliy madaniyatning rivoji o‘tgan asrning 90-yillariga qadar “shaklan milliy, mazmunan sotsialistik” shiorini ilgari surgan metodik ko‘rsatmaga bo‘ysunishga majbur bo‘lib kelgan. Bu holat nafaqat o‘zbek san’ati va madaniyatiga, balki sobiq qardosh respublikalar madaniy rivojiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazganligi ma’lum.“Sovet Sharqida sotsrealizm metodi asosida yaratilgan minglab kartinalar madaniyatdan mosuvo bo‘lgan san’atning aniq namunasidir. Zotan ularda na an’analar va na tarixiy milliy san’at bilan bevosita uzviy bog‘liqlik bor. Albatta, agar do‘ppilar, choponlar va boshqa diqqatni milliylikka tortishga qaratilgan maishiy jihozlarni inobatga olmaganda”, deb baho bergan edi bu davr haqida kinoshunos G.Zakoyan.
Sho‘ro davrida yaratilgan aksariyat o‘zbek kinofilmlariga nisbatan aytilgan ushbu so‘zlar milliy madaniyatning rivojini tazyiqlar bilan to‘sishning oqibatlarini ko‘rsatadi. Mustaqillik davrida esa o‘zbek kinosida milliy qadriyatlarning aksi mohiyatan sof milliy xususiyat kasb etib borayotgani va buning uchun ijodiy erkinlik san’atkor uchun muhim omil bo‘layotgani amalda o‘z isbotini topmoqda.
Shohida ESHONBOBOYEVA.
Oyina.uz
Oyina.uz'ni Telegramda kuzating!
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q