Yertoʻlada oʻqilayotgan adabiyot. Oʻzbekistonda yangi adabiy loyiha boshlandi


Saqlash
22:23 / 28.08.2023 1170 0

Baʼzan odam pul ortidan quvishdan, mayda-chuyda tashvishlardan, miyasini tinmay yuvayotgan seriallardan birpas tin olgisi keladi. Oʻzligiga, oʻziga qaytishni istaydi. Ayni shu – moddiy ehtiyojlardan toʻyib, maʼnaviy ozuqa izlayotgan XXI asr odamlari va adabiyot muxlislari uchun Mustaqil ijodkor yoshlar birlashmasi yangi loyiha boshladi – “Ochiq mikrofon”.

 

 

Har shanba, soat 19:00 da Toshkentdagi “Book.uz” kitoblar doʻkonining yertoʻlasida oʻzbek adabiyotidagi yangi avlod deb atalayotgan yoshlar tashabbusi bilan adabiy kecha oʻtkazilmoqda. O‘n nafar shoir, nosir va sanʼatkorlar tinglovchilarga oʻz asarlarini oʻqib beradigan loyiha oʻz nomi bilan ochiq boʻlib, unda nazm, nasr va musiqada ijod qiladigan har bir ijodkor ishtirok etishi mumkin. Buning uchun “Ochiq mikrofon” loyihasining telegram kanaliga ulanib, qatnashish istagini bildirish kerak boʻladi.

 

 

Endigina ikki soni oʻtganiga qaramay, loyiha jamoatchilik eʼtirofini qozona boshladi. Adabiyotshunoslar, jurnalistlar, yoshlar auditoriyasi loyiha va unda oʻqilayotgan asarlar haqida ijtimoiy tarmoqlarda koʻplab fikrlar qoldirib, bu oʻzbek adabiy hayotida yangi qadam, yangi nafas ekanini aytishmoqda.

 

Ibrat Safo,

Bi-bi-si Oʻzbek xizmati muxbiri, jurnalist:

 

“Book.uz” kitob doʻkonidagi “Ochiq Mikrofon” ijodiy kechasiga bir bor boʻlsayam kelishni tavsiya qilaman. Nargiza Odinayevaning “Chaling childirmani, men boshqacha oʻynayman” misrali falsafiy sheʼri, Bek Alining “qishloqilar” va chiroq oʻchishi haqidagi isyonkorona sheʼrlari yoqdi. Bu yerda mahallabay ishlash tizimi va investitsiya haqida kuylaydigan maddohlarning shigʻirlari yangramaydi. Tashkilotchilarga ikki iltimos, ovoz chiqargichlarni sahnaga emas, tomoshabinlarga qaratinglar – biroz eshitishga qiynaldik. Oʻt ketgan taqdirda oson chiqilishi uchun qoʻshimcha “Fire Exit” ham belgilab qoʻyinglar. Ijodiy tarkibga gap yoʻq, oxirigacha qolmasam-da, kecha juda yoqdi. Boshlovchi qizning yumor hissi ham ajoyib. Yashasin!

 

 

 “Ochiq mikrafon” mustaqil ijodkor yoshlar birlashmasi va “Book.uz” kitob doʻkoni hamkorligida oʻtkazilmoqda. Axborot hamkori Oyina.uz portali bo‘lgan loyiha tashabbuskor yoshlarning shaxsiy jamgʻarmalari hisobiga tashkil etilayotgani bois “Book.uz” doʻkoni yertoʻlasida boʻlib oʻtmoqda. Joyning torligi, tinglovchilarning esa koʻpligi sabab yuzaga kelayotgan baʼzi noqulayliklarga qaramay, muxlislar loyihaning kelgusida yanayam ommalashishiga umid qilishyapti.

 

Nurbek Bobonazarov:

 

Har ishni egasi qilgani, ustasi tahlil qilgani yaxshi. Biz esa muxlis sifatida, “TIRIK SOʻZdan bahramand boʻlish” maqsadida oilaviy tashrif buyurdik ushbu tadbirga. Ham madaniy hordiq, ham maʼnaviy ozuqa. Har qanday katta ishni boshlab olish nihoyatda qiyin: ulkan mehnat, yuksak masʼuliyat, qancha asablar, cheksiz hayajon... Balki, tashrif buyurganlardan kimlardir qandaydir kamchiliklar haqida fikr bildirishar. Ammo kamchilik boʻlmagan joy bormi? Qandaydir koʻz ilgʻar-ilgʻamas xatolar kelajakdagi yutuqlar uchun xulosa, aslida. Hech kim yutqazmadi, nazarimda. Tashkilotchilar, ishtirokchilar, muxlislar...

 

Nargiza Odinayevaning sodda va samimiy koʻrinishiga chiroyli uygʻunlashgan sheʼrlaridagi chuqur falsafa, Bek Alining “gumburlagan” ijod namunalari, Nozimaning haroratli satrlari, Tillanisoning faqat Tillanisogagina xos falsafasi, Mohira Eshpoʻlatovaning ayol dardi, ichki tuygʻularini aks ettiruvchi hikoyasini shunchaki oʻqib bermasdan, haqiqiy teatrdek namoyish qilib berishi, Shahboz Fayzullayev, Nodirabegim Ibrohimova, Raxshona Ahmedovaning sheʼr va hikoyalaridagi mavzu va mazmun... ajoyib edi hammasi. Alisher Fayzullayev yozganlarini oʻqiyotib, birdan toʻxtadi-da, “Hikoyamni oʻqish jarayonida oʻzim ham zerikib ketdim”, deb qoldi. Balki, mistik yoʻnalishdagi asarni tushunish darajasida boʻlmaganlar uchun zerikarli boʻlishi mumkindir, ammo aksariyat tinglovchilarning sokinligi, bu – asarga boʻlgan katta qiziqish, eʼtibor belgisi. Hikoyaning oxiri nima bilan tugaydi, degan savol boʻldi bir muxlisdan. Futbolni koʻrmasdan, shunchaki yakuniy hisobiga qiziqadigan muxlislarning savoliga oʻxshadi bu. Xullas, kuzatganlarim asosida bemalol ayta olamanki, katta yukni oʻz yelkasiga olgan karvon goʻzal manzillar sari dadil chiqdi yoʻlga. Yoʻlingiz oydin, koʻzlagan manzillaringiz porloq boʻlsin.

 

 

“Ochiq mikrofon”da faqatgina ijodiy ishlar oʻqilmaydi, balki tinglovchilar, mutaxassislar tomonidan tahlil qilinishi mumkin. Buning uchun ham loyiha mikrofoni hech bir monopoliyasiz uzatiladi istagan kishiga.

 

A’zam Obidov,

shoir, tarjimon:

 

Mustaqil ijodkorlar birlashmasi va “Book.uz” tadbiriga bordik. Zoʻr! Xuddi Chikago yo Nyu-York jazz kafesidagi mushoira va musiqa kechasida oʻtirganday boʻldim! Eʼtibor bering: bu yangi “mustaqil ijodkorlar birlashmasi”! Bu – mening fokus guruhim! Ularga baʼzi gaplarimni aytib oldim: agar rostdan ham mustaqil boʻlishsa, erkin loyihalarga ochilishsa, katta ijodiy dasturlarni amalga oshirishda birlashishsa, meniyam yordamchi sifatida topishar. Bu safargi uchrashuvda, agar taklif qilishsa, pianinoni oʻzim chalib turaman.

 

 

Shahnoza Nazarova,

filologiya fanlari doktori, adabiyotshunos:

 

Kecha “Book.uz”ning kichkinagina taqdimotlar zalida “Ochiq mikrafon” loyihasining 2-sonida tinglovchi boʻlib qatnashdim. Hozirda ijod qilayotgan va oʻz hayotini adabiyot bilan bogʻlashga, adabiyot bilan yashashga urinayotgan koʻp yoshlarni, tengdoshlarimni koʻrdim. Hammasi oddiy – kelasiz, taʼmasiz sheʼrlar, hikoya, esselar oʻqiysiz, tinglaysiz.

 

 

Avval Sevara Alijonovaning essesidan parcha tingladik. Unda bir oʻzbek ayoli timsolida koʻplab oʻzbek ayollarining, umuman, ayolning kechib oʻtgan ogʻriqlari qalamga olingan. Esse dunyo adabiyotidagi falsafiy qarashlar bilan bogʻlab yuborilgan. Sevaraning mahalliy maydonlardan, jahon fikr kengliklariga intilayotgani seziladi. Soʻng Nasrullo Ergashning qon sirqirab turgan sheʼrlarini eshitdik. Baʼzi oʻrinlarda joʻn soʻzlar bilan sheʼrni silliqlashga urinibdi. Men uni har qachon jasoratli soʻz aytishga qobil, deb hisolayman. Furqat Alimardonning hikoyalari ancha tarqoq holatda ekan, vaqt nuqtayi nazaridan oxirigacha eshitishga imkon boʻlmadi. Lekin oʻzining aytishicha, oxiri zoʻr. Feruza Xayrullayevaning sheʼrlari yuragimni sirqiratdi. Men chap berishni istayotgan, oʻzim atay koʻz yumishni istayotgan hayot haqida ekan. Mutlaqo rost sheʼrlar, rost sheʼriyat. Bizning adabiyotimizda yolgʻon sheʼriyat degan bir yoʻl paydo boʻldi. Bu yoʻl meni tahlikaga solar edi. Xursand boʻldimki, bizda rost sheʼriyatning koʻzlari hali ochiq ekan. Shaxriyor Shavkatni odam tirbandligidan havo tugab qolgan xonada koʻzlarimni yumib eshitdim. Undagi kenglik, manzaralar, keskirlik ruhingizni silkitib yuboradi. Javlon Jovliyevning oʻz hikoyasini muhabbat bilan oʻqishi va boshqalarni ham muhabbat bilan tinglashga majbur qilishi havas uygʻotadi. Balki mana shunday adabiy oʻqishlar adabiyotni keng ommaga tezroq yaqinlashtirar. Doston Usmonovning hikoyalarida tabiat tasviri, lirik kayfiyat ustunlik qilarkan. Men unga jahon adabiyotini koʻproq oʻqishni, yozganlari ichiga fikr chaqinlarini ekib chiqishni aytdim. Kengdan-keng dunyoning qorongʻi qavatida, yerostida joylashgan kichkinagina zalda insoniyatning yagona yupanchi boʻlgan sanʼat, adabiyot haqida, uning musiqiy dunyolari haqida xayol qildik. Men bu adabiyot yer yorib chiqib kelishi va oʻqtin-oʻqtin mudrab qolayotgan oʻzbek adabiyotini qaytadan uygʻotib yuborishiga, shu katta bir orzuning bir qanoti boʻlishiga ishonaman.

 

 

Yosh oʻzbek ijodkorlarini qoʻllab-quvvatlash, asarlarini ommalashtirish, adabiyotni xalqqa yaqinlashtirish, yangi isteʼdodlarni kashf etish istagidagi homiylar tashkilotchi yoshlarga murojaat qilishlari mumkin. Butun dunyoda mamlakat byudjetiga qarab qolmasdan, oʻz sanʼatini xalqqa va dunyoga tanitishni istaydigan bunday ijtimoiy-adabiy loyihalar ijodni qadrlovchi biznesmenlar, xalqaro tashkilotlar tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi oddiy hol. Oʻzbek adabiyoti uchun ham jon kuydiruvchi homiylar topilsa, loyiha tashkilotchilarining nafaqat Toshkentda, balki respublika boʻylab va xalqaro miqyosida “Ochiq mikrofon”ni oʻtkazish rejasi amalga oshishida katta yordam boʻladi.

 

 

Loyihaning keyingi sonlari haqida Oyina.uz portalida batafsil tahlillar berib boriladi. “Ochiq mikrofon”da o’qilgan she’rlar va hikoyalar bilan esa loyihaning  telegram kanalida tanishishingiz mumkin.

 

Oyina.uz

Foto: Abdumannon MUHAMMAD,

Xolida MUSULMON,

E'zoza UMRZOQOVA.

Oyina.uz'ni Telegramda kuzating

 

 

 

 

 

 

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

11:11 / 01.11.2024 0 365
Millat qanday tarbiyalanadi?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 21464
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//