G‘oyat shiddatli, tezkor davrda yashayapmiz. Ko‘radigan, eshitadigan narsamizning turi, tusi ko‘p. Goho kompyuter, goho qo‘ltelefon va yana allanechuk vositalar ila kiprik qoqgudek lahzalarda dunyoi dunni kezib yuribmiz. Likopchali antennalar “beminnat” uzatayotgan har turfa shou, konsert, qiyqiriq tomoshalar-u beparda filmlargacha bari-barini bir nigohdan o‘tkazsak, yurak tushmagur qinidan chiqayozadi: eh-he bundayin chek-chegarasi, avra-astari yo‘q maydonda istalgan kimsa dovdirab, yo‘lini yo‘qotmog‘i tayin. Miyamiz esa naq yorilay deydi: xo‘jayin, ozgina rahm qil menga! Bu po‘panak dunyoni qanday hazm qilay?!
Shunday kezlarda bekorchi matohlardan etak silkib, fikriy tanballikni quvib kitob mutolaasiga sho‘ng‘igan insonni ko‘rganda, ruhingiz yayrab ketadi, beixtiyor “e, otangga rahmat...” devorasiz... Axir, bugun kitobga raqobatchi dov-dastgoh ko‘payib ketdi, ularning aksari foyda keltirishdan ko‘ra omonat umrni o‘g‘irlayotgani ham bor gap. Yaqinda atoqli adib Qaysin Quliyevning ajoyib bir fikrini o‘qib qoldim: “Kitob o‘qimay yashash – kun-u tun tepadagi osmonni ko‘rmaslik, ko‘r bo‘lish bilan barobar”. Ha, mutolaa zavqidan bebahra inson cheksiz fazoni, uning qo‘ynida charaqlab turgan yulduzlarni his qilolmaydi, yorug‘ olamni bor rang-u tarovati, shakl-u jozibasi ila ko‘rolmaydi. Bundan ortiq mahrumiyat bormikan?..
“Alpomish”ni topgan kunim
“Alpomish”. Toshkent, “Sharq” nashriyoti, 1998.
Adashmasam, ikkinchi sinfda o‘qiyotgan chog‘im dadam qizg‘ish muqovali, bejirimgina kitob sovg‘a qildi. Unga “O‘g‘lim Shohruxbek o‘qib bahramand bo‘lsin!” degan tilak bitilgan edi. Quvonchimning cheki yo‘q, sababi, kitob atalmish chinakam mo‘jiza bilan ilk tanishuvim o‘shanda boshlangan edi. Garchi bunga qadar ham darslikdagi hikoya-ertaklarni o‘qib yurgan bo‘lsam-da, yaxlit kitob taassurotini tuymagan edim. Dadam tuhfa etgan va kaminani rasmana mutolaaga oshno etgan kitob – “Alpomish” dostoni edi. Hayrat-u hayajon ila “Almomish”ni qo‘ldan qo‘ymay o‘qidim... Ora-orada tin olib, doston qahramonlari, voqealarni xayolimda jonlantiraman: ana, yetti yoshli Hakimbek Dobonbiy bobosidan qolgan o‘n to‘rt botmonli yoyni dast ko‘tarib o‘q uzdi, nayza Asqartog‘ning bir parchasini yulib ketdi. Boybo‘ri va Boysarining orasiga sovuqchilik tushdi: Alpomish bilan Oybarchinni bir-biridan ayirishdi. Alpomish Qalmoq sari ot surdi, yorining shartlarini bajarib, uni o‘z yurtiga olib ketdi, so‘ng yana Qalmoq safari, yetti yil zindondagi bandilik... Bu voqealar murg‘ak fikratimga yombidek quyilardi. Rosti, bolalikdagi mutolaaning zavqi, nash’u namosi o‘zgacha bo‘ladi, chunki tasavvur tiniq, ruh toza, xayolot osmonida xohlagancha uchasiz, dunyo tashvishlariga qiyo boqmaysiz! Hozir kitobga emas, internet-u telefonga maftun bo‘lib o‘sayotgan bolakaylarga rahmingiz keladi: eh, bu beg‘ubor olamda ne-ne qahramonlar maskan qurishi mumkin edi-ya!..
“Alpomish”ni o‘qigan kitobxon borki, Oybarchin-u Hakimbekka muhabbat qo‘yadi, axir ular bosh qahramon-da! Ammo kaminangiz negadir Alpomishning sodiq do‘sti – Qorajonni suyardim. Avvalo, ismi nima uchun Qorajon ekanini ko‘p mulohaza qilganman: rang-ro‘yi qora bo‘lsa kerak-da... Xullas, tasavvurimdagi o‘sha qoracha yigit men uchun chin qahramon, hatto Alpomishdan ham ortiq ko‘rardim uni. Qorajonning jasoratlarini bir eslang: Alpomish Qalmoqqa kelganida, u bilan do‘st tutinib, shu do‘stlik haqqi tuqqan onasi-yu akalaridan-da voz kechadi, kurashda bir kam to‘qson alpni yerga uradi, butun ulusda xoin degan nom olib, volidasining qarg‘ishiga uchrasa-da, ahdidan, yigit lafzidan qaytmaydi! Bir do‘st bo‘lsa, shunchalik bo‘lar-da! Alpomish ikkinchi marta Qalmoqqa borib, zindonga tushganida, qutqarish uchun yana shu Qorajon keladi. Bu ikkovining uchrashuvi chunonam mutaassir qiladi odamni: Qorajon arqonni zindonga tashlaydi, hozir u do‘stini qutqarib oladi va bu ikki alp Qalmoqshohning dodini berib, boshni baland ko‘targancha Qo‘ng‘irotga qaytadi... Bola tasavvuringiz bilan shunday bo‘lishiga ishonasiz, chunki shu vaqtga dovur o‘qigan ertaklaringizda mudom ezgulik tantana qilgan, lekin bilmaysizki, bu – doston, unda sinov degani ertakdan mo‘lroq keladi. Shunda voqea kutilmagan o‘zanga buriladi; Alpomishning ko‘ngliga shubha oralaydi: “Qorajon meni zindondan chiqarib olar, elda ma’raka-majlis bo‘lar, bir toshib gapirib o‘ltirgan vaqtimda, “Zindonda chirib ketadigan odam eding, falokatdan qutqargan faqir-da” deya yuzimga solsa-chi?” Alpomishning g‘ururi, origa tasanno aytasiz, mana, haqiqiy er kishi qandoq bo‘ladi! Ammo Qorajon ham diltang, do‘stining xayoliga shunday gumon kelganidan norozi bo‘lib, xitob qiladi: “Xayolingga Qorajon nomard bo‘libdi, / Ko‘nglingga shunday gaplar kelibdi, / O‘ylagan shumliging bekor bo‘libdi, / Bek do‘stim, umidim sendan shulmidi?”
Alpomish so‘zida sobit turadi, Qorajon ming ozurda bo‘lib, yurtga yolg‘iz qaytadi...
Dostondagi e’tiborni tortuvchi muhim jihat bu – oriyat, hatto qizlarning-da ori baland! Hassos shoirimiz Shavkat Rahmon orzulagan er qizlarning barini shu yerdan topasiz: Oybarchin, Qaldirg‘och... Ular millat qizlariga o‘rnak bo‘lguvchi timsollar. Oybarchinni eslang: Alpomish olis yo‘l bosib, Qalmoq yurtiga kelganida, “Hamma qatori shartimni bajar, g‘olib chiqsang, tegaman” deydi qat’iyat bilan. Vaholanki, ko‘zi to‘rt bo‘lib kutgan yori, ortida dushman turibdi, indamay tegib ketgani afzal-ku! Yo‘q, qizning ori yo‘l qo‘ymaydi bunga. Qaldirg‘och-chi? Alpomish Qalmoqqa borishni paysalga solganida, achchiq so‘zlar aytib, akasini mazammat qiladi, g‘ururini uyg‘otadi: “Mard yigitning yori talash bo‘lami, / Er yigitning yorin qalmoq olami, / Barchin checham talash bo‘lib qolami, / Senday beklar bul bexabar turami?” Bu gaplarni eshitib, Alpomishning g‘ujuri qo‘ziydi, Oybarchinni qutqarish ilinjida Qalmoqqa otlanadi.
Dostonning biror jumlasini ham hayajonsiz o‘qib bo‘lmaydi; vijdon, or-nomus, o‘zlik tuyg‘ulari bori vujudingizni qamrab oladi; u qahramonliklarni ko‘rib qaddi-bastingiz o‘sganini his qilasiz. “Alpomish”ni xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod ko‘p va xo‘b o‘qisa deyman. Zotan, bugungi global zamonda qalb tuyg‘usini ihotalash, o‘zbekning qadriyatlarini targ‘ib qilish va asrab qolishda bu dostonning o‘rni g‘oyat muhim.
San’at... Qurbonlikka arziydimi?
Lev Tolstoy. Что такое искусство? // Собрание сочинений в 22 тт. Т.15. Москва, “Художественная литература”, 1983.
Buyuk adib Lev Tolstoyning tafakkur olami har bir insonni hayratga soladi: tavba, bu mo‘ysafid bilmagan, o‘qimagan, idrok etmagan mavzu bormikan o‘zi? Tolstoy – yozuvchi, faylasuf, adabiyotshunos, siyosatshunos, dinshunos, muxtasar aytganda, chinakam insonshunos... Bani bashar o‘zligi, e’tiqodi, botini, ruhoniyati, estetik dunyoqarashi bilan bog‘liq ne-ne savol-u jumboqlar, sir-u asrorlarga Tolstoy asarlaridan javob topayotir. Yaqinda alloma adibning yana bir qirrasini kashf etdim: u san’atshunos ham ekan! Bahs boylamoqchi bo‘lganlar, marhamat, yozuvchining “San’at nima?” nomli risolasini mutolaa qiling. Ishonchim komil, sanoyi nafisa haqidagi bilim-u tasavvuringiz ancha kengayadi, hayrat-u tavajjuhingiz ortadi.
Tolstoy san’atni insoniy faoliyatning o‘ta murakkab va shafqatsiz turi deb hisoblaydi; unga hayoti, mablag‘i, kezi kelganda, axloq-u nomusini-da qurbon qilayotganlarga achinish ila qaraydi va haqli savol beradi: bu qurbonliklar kim yoki nima uchun? Umuman, san’at shunga arziydimi? Aytaylik, orkestrni soatlab boshqaradigan dirijyorning qo‘llari toliqadi, jisman va ruhan charchaydi. Mittigina tayoqchadan ko‘z uzmay, quldek ter to‘kayotgan sozandalar-chi? Ularni bundayin azobli, diqqinafas hayotga nima majburladi? Yetuk asar san’atkor quvvati, azobi, asab tolalari evaziga yaratilar ekan, Tolstoy buni chinakam qurbonlik deb ataydi. U masalaning boshqa jihati – moliyaviy jihat xususida to‘xtalib, “Rossiyada san’atni qo‘llab-quvvatlash uchun akademiyalar, konservatoriyalar va teatrlarga millionlab davlat subsidiyalari ajratiladi. Katta shaharlarning barida muzeylar, drama maktablari, tomosha va konsertlar uchun mahobatli binolar bunyod etiladi”, deydi va hukumat zarur mablag‘ning atigi yuzdan birini maorifga ajratishi, lekin san’at uchun pulni ayamasligini afsus ila qayd etadi. Eng achinarlisi shundaki, “o‘sha pullar buning uchun sigirini sotadigan va san’at beradigan estetik zavqdan hech qachon bahramand bo‘lolmaydigan sho‘rlik xalqdan yig‘iladi”. Evoh, nahotki bashariyatning daho yozuvchisi, insonning ma’naviy komilligi, ma’rifati, ruhoniy tarbiyasi uchun qayg‘urgan zot sanoyi nafisadek go‘zal hodisaga shunchalar bepisand qarasa? Bir o‘rinda hatto adibning o‘zi mulohazalaridan cho‘chib ketadi: “San’atni nafaqat foydasiz, balki zararli bo‘lishi ham mumkin deb o‘ylash naqadar qo‘rqinchli!” Tolstoydek mutafakkir san’atga qarshi chiqishi mumkin emas, deb o‘zingizga tasalli berasiz va mutolaada davom etasiz. Xo‘sh, san’at nima? Shu savolni o‘rtaga qo‘yar ekan, Tolstoy fikratimizga singib ketgan “san’at – go‘zallikni namoyon etuvchi faoliyat” qabilidagi dogmatik qarashni taftish qiladi. San’at go‘zallik vositasi ekan, go‘zallikning o‘zi nima? Ana endi Lev Nikolayevich rasmana nazariyotchiga aylanadi; buyuk faylasuflar-u estetiklarning go‘zallik haqidagi ta’rif-tavsiflari, nazariy ta’limotlarni obdan tahlil qiladi, aksariyatiga qarshi chiqadi va yakunda “go‘zallik – san’atni ta’riflash uchun asos bo‘lolmaydi” degan xulosaga keladi. Buni tushunish uchun shunday muqoyasa keltiradi: taom yemoqdan murod lazzatlanish emas, balki tanani oziqlantirishdir. Insoniyat ham go‘zallikni san’atning asosiy maqsadi deb bilishdan voz kechsagina, uning asl mohiyatidan voqif bo‘ladi. San’atga tolstoycha ta’rif bunday: “San’at – insonlar o‘rtasidagi hayotiy zarurat bo‘lgan muloqot vositasi, odam va bashariyatning saodatiga yo‘naltirilgan, ularni bir xil his-tuyg‘ular orqali birlashtiruvchi kuchdir”. Xotimada adib san’at vahshiylikka, zo‘ravonlikka barham berishi lozim degan to‘xtamga keladi. Bu xulosa, bizningcha, hozir ham o‘z kuchini yo‘qotmagan. Ha, bugun sodir etilayotgan jinoyatlar, zulm-u sitamlarni ko‘rib, san’at odam bolasini hidoyatga boshlashiga ishongingiz keladi... Pablo Pikassoning “Gernika”siga ko‘ngil ko‘zi ila qaragan yoinki Shostakovich simfoniyalarini qalb ila tinglagan inson urush fojiasini, ehtimol, boshqalardan ko‘ra chuqurroq his etar... San’at qudratli vosita, faqat undan to‘g‘ri foydalanilsa bas.
Shu tariqa birmuncha tushkun ruhda boshlangan kitob nekbin xulosa bilan intiholanadi. O‘quvchi qalbida san’at taqdiri, istiqboliga nisbatan yorug‘ ishonch paydo bo‘ladi. Ha, Tolstoy asarlarida zulmat tasvirlanadi-yu, yakunda bir ilinj, bir yog‘du barq uradi.
Sirli raqamlar
Jorj Oruell. 1984. Toshkent, “Nihol” nashriyoti, 2020.
Adabiyot, so‘z shunday o‘tkir qurolki, u har qanday kuchli hukmdor yo qattol imperiyani dag‘-dag‘ titratadi. Yovqur sarkarda Napoleon Bonapart “Men minglab askardan ko‘ra, gazetada bosilgan shapaloqdek felyetondan cho‘chiyman” deya iqror bo‘lgan edi. Sho‘ro tuzumi ham ingliz adibi Jorj Oruellning “1984” romanidan uzoq muddat qo‘rqib yashadi, chunki kelajak tarhini oldindan chizgan yozuvchi totalitar tuzumning qora ko‘lankalari, chirkin tomoshalarini g‘ayrixayoliy shaklda qog‘ozga tushirib ketgandi. Bu asar bamisoli bostirmaga berkitilgan ko‘zguga o‘xshardi: qorong‘i hujrada eski-tuski matohlarga qorishib, chang bosib yotgani afzal edi; zinhor qo‘lga olish, yorug‘likka chiqarish mumkin emasdi. Sababi, u manfur qiyofalar, badbin raftorlarni fosh qilib qo‘yardi.
“1984” antiutopik romani Yevgeniy Zamyatinning “Biz”, Oldos Hakslining “Ajib yangi dunyo”, Rey Bredberining “Farengeyt bo‘yicha 451 daraja” kabi asarlari bilan yonma-yon qo‘yiladi. Romanni o‘qirkansiz, o‘sha antiutopiya, futurologik bashorat haqiqatga aylanayotganini his etasiz... Oruell tasvirlagan jamiyatda insonning erki, haq-huquqlari, dunyoqarashi, turish-turmushi, nafas olishi ham nazorat qilinadi, hatto ko‘ngildan o‘tayotgan birgina shubhaning-da badali bor. Nazoratni Katta og‘a degan buyuk shaxs olib boradi, u hamma narsadan voqif, qarorgohiga ulkan teleekran o‘rnatgan. Qani, fuqarolar bitta noravo qiliq qilib ko‘rsin-chi!
Gap bu obrazning tarixiy prototipida emas, albatta. Eng yomoni, shunday boshqaruv usuli bino qilgan qullik, mutelik sindromi, shaxsga sig‘inish illati odamlarning qon-qoni, suyak-suyagigacha singib ketmadimi? Oruellning daholigi shundaki, u Ikkinchi jahon urushidan so‘ng ko‘p o‘tmay totalitar hukumat tepasiga o‘zini xudo chog‘laydigan shunday rahbar kelishini oldindan seza bildi.
Mamlakatda to‘rtta vazirlik mavjud: Haqiqat, Tinchlik, Muhabbat va Farovonlik. Ammo bu idoralarning bari o‘z nomiga mutlaqo teskari faoliyat bilan shug‘ullanadi. Bosh qahramon Uinston ishlaydigan Haqiqat vazirligining vazifasi – haqiqatni yo‘q qilish, chunki haqni taniydigan jamiyatni boshqarib bo‘lmaydi. Vazirlik o‘tmishni soxtalashtiradi, faktlarni yashiradi, zotan, Katta og‘a olomon tarixiy xotirasidan mahrum bo‘lishini ko‘zlagan. Tinchlik vazirligi urush olovini yoqish, Muhabbat vazirligi nafrat uyg‘otish, Farovonlik vazirligi esa ocharchilig-u kambag‘allikni xaspo‘shlash bilan mashg‘ul. To‘rt korxona erta-yu kech ishlab, jamiki go‘zal va yuksak tuyg‘ularni mahv etadi. Endi bu davlatning ahvoli, ma’naviy qiyofasini tasavvur qilib ko‘ring-a!.. Faqat tubsiz jarlikni ko‘rasiz, unga har kuni minglab zombilar itqitiladi. Qabohat maskani uzra qo‘rqinch siyosatning razil shiorlari yangrab turadi: “Urush – tinchlikdir, Erk – qullikdir, Bilimsizlik – kuchdir”. Muallif asar davomida mana shu uch shiorga qayta-qayta urg‘u beradi. Fikrimizcha, bu chirkin formula nainki totalitar zamon, balki istalgan davrda har qanday mutaraqqiy mamlakatni ham abgor qilishi tayin. Urush gulxani alanga olgan, qullik singdirilgan, ma’rifat poymol etilgan millat qanotlari kesilgan qushdek yerga qulaydi. Xohlagan davlatning tanazzuli sabablarini o‘rganib chiqing, shu uchalasidan birini ko‘rasiz.
Romanning asosiy qahramoni – Haqiqat vaziri bo‘lmish Uinston zohiran Katta og‘a tarafdori, ammo ich-ichidan tanlagan yo‘li xato ekani, bu yurtni muqarrar halokat kutayotganini anglaydi. Biroq isyon qilib, maydonga chiqolmaydi, hatto xayoliga shunday o‘y kelayotganidan cho‘chiydi, boisi inson ongini ham nazorat qiluvchi fikr politsiyasi mavjud.
Fikrning bo‘g‘ilishi – Oruell tasavvuridagi jamiyat fojiasining cho‘qqisi, zotan, bu tuzumda fikr yakrang bo‘lib, o‘zgacha dunyoqarash sohiblari qatl etilardi... Ummoniya atalmish yurtda Uinston Smit singari haqiqatni ichiga yutib yashagan, Parsons kabi “dohiy”ga sajda qilgan yoinki Juliyadek mutlaqo betaraf bo‘lib, “meni chaqmagan ilon ming yil yashasin” qabilida hayot kechirganlar yetarlicha edi. Dunyoning eng buyuk adiblari ham o‘z davri yoki o‘tmish manzaralarini tasvirlaydi, Oruell esa kelajakning aniq suvratini chiza bildi. Shu xususiyati ila “1984” romani abadiyatga doxil asarlar qatoridan o‘rin olsa ajab emas.
Bunday “epoxa”ni chekib tugating!
Usmon Azim. “Adibning umri”. Dramatik asarlar. Toshkent, “Cho‘lpon” nashriyoti, 2011.
Usmon Azimning jozib she’riyati allaqachon adabiyot muhiblarining qalb-u shuuriga joylanib bo‘lgan. U favqulodda yoniq, jununvash shoir bo‘lish bilan birga, necha yillardan buyon dramaturgiyada ham barakali ijod qilib kelmoqda. O‘z suhbatlarining birida iqror bo‘lganidek, “Haqiqiy shoirni she’r baribir – bir kunmas bir kun dramaturgiyaga, demak, teatrga olib keladi. Cho‘lponni, Fitratni, Usmon Nosirni, Oybekni... Lorkani, Pushkinni, Lermontovni... Oripovni, Vohidovni eslang. Teatr san’ati bilan shoirning qiziqmasligi bu – juda kechirib bo‘lmas hol”. Ayni haqiqat, ammo drama yozish-u uni sahnaga qo‘yishning azob-u zahmatlariga ijodkorman deganning bari ham toqat qilolmas. Ta’bi-yu didi qildek nozik ahli shuaroni-ku asti qo‘yavering! Rahmatli ustoz Erkin Vohidov “Oltin devor”ni yozib, sahna mojarolarini ko‘rgach, “Qayta teatrga yo‘lamayman” deya arz-u dod qilgani ham bor gap. Ne tongki, Usmon Azimdek erka, ko‘ngil shoiri bu borada ancha sabrli chiqdi, u dramalar yozibgina qolmay, mamlakatning bosh sahnasi – Milliy akademik drama teatrida ko‘p yillardan buyon adabiy emakdosh o‘laroq faoliyat ko‘rsatayotir.
Shoir dramaturg sifatida tanilib, iste’dodining yangi qirrasini ko‘rsata oldi. To‘g‘ri, “Usmon Azim she’riyati dramaturgiyasidan bir necha bosh yuqori” degan nuqtai nazar ham bor. Bizningcha, shoir Usmon Azimning ijodiy evolyutsiyasi olisroqqa taqaladi, dramaturg Usmon Azim esa yaqin yigirma-yigirma besh yil oralig‘ida shakllandi, katta maydonga chiqdi. U XX asr o‘zbek adabiyotining atoqli namoyandalari hayoti, murakkab taqdiri aks ettirilgan o‘ziga xos trilogiya yaratdi: “Kunduzsiz kechalar” (Cho‘lpon), “Adibning umri” (Oybek) va “Abdulla Qahhor” dramalari madaniy hayotimizda voqea o‘laroq kutib olindi. Ayniqsa, “Kunduzsiz kechalar” muvaffaqiyat qozondi. Dramada shoir hayotining fojiali yillari, mash’um qatag‘on davridagi og‘ir iztiroblari lirik ruh va dramatizm uyg‘unligida tasvirlanadi. Pyesada Cho‘lpon chinakam erkparvar shaxs, iste’dodli shoir, jasoratli inson sifatida namoyon bo‘ladi. Uning o‘tli she’rlari zamona korchalonlarini hushyor torttiradi: “Bunday “Epoxa”ni chekib tugating, / Kullari ko‘klarga sovrilib ketsin! / Bu tutqun, ezilgan o‘zbek bolasi / Olovsiz, tutunsiz kunlarga yetsin!”
“Epoxa” – kim uchundir oddiy tamaki, lekin Cho‘lpon uchun tutun-u g‘ubor ila qoplangan sho‘ro saltanati! Shoir qattol tuzumning tezroq intiho topishini orzu qiladi. Qani imkoni bo‘lsa-yu uni tamakidek chekib, kuldonga ezg‘ilab tashlasang, so‘ng tutunsiz havodan to‘yib-to‘yib nafas olsang! Usmon Azim Cho‘lponning dard-u iztirobini yurakdan kechirgan kabi ishonarli tasvirlagan. Boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas... Cho‘lpon haqida nekbin kayfiyat ila yozib bo‘lmaydi. Bu ishga jazm etgan ijodkor uning tiynatini o‘ziga yuqtirmas ekan, yaxshisi, bo‘lak mavzuda qalam qitirlatsin...
Usmon Azim dramaturgiyasi xuddi she’riyatidek go‘zal til, inja ohang, cho‘ng ehtiros, o‘tli dard bilan uyg‘un. Bu asarlar nafaqat sahna, balki adabiyot mulki bo‘lib, kitob holida yashashga, kitobxonning ko‘ngil bisotidan joy olishga munosib.
Tog‘lar bag‘ridan taralgan nido
Rasul Hamzatov. Mening Dog‘istonim. Toshkent, 2019.
Dunyoda shunday qarg‘ish-u duoibadlar borki, eshitsangiz, etingiz jimirlab ketadi. Alhazar! Odam bolasining og‘zidan bunday qo‘rqinch so‘zlar chiqishiga ishonmaysiz. Lek til suyaksiz, tig‘i esa qilichdan-da keskir – yurakni shunday jarohatlaydiki, chandig‘i umrbod bitmaydi. “Mening Dog‘istonim”da dahshatli bir lavha keladi: “Iloyo, Yaratganning o‘zi bolalaringni ona tilida gapirishdan benasib etsin! Bir ayol ikkinchisini shu so‘zlar bilan qarg‘abdi”. Agar shu qarg‘ish ijobat bo‘lsa, o‘sha farzand timsolida butun millatning ahvolini tasavvur qildim-u ko‘z oldim qorong‘ilashib ketdi. Ajnabiy lisonda tili chiqqan, ona tilini butkul unutgan millionlab manqurtlarni xayolga keltirishning o‘zi dahshat!
Rasul Hamzatov Parijda asli dog‘istonlik rassom bilan tanishadi. Musavvir qalbida Vatan sog‘inchi yashayotgani, biroq yurtiga qaytolmasligini aytadi. Shoir Dog‘istonga kelgach, rassomning qarindosh-urug‘larini izlab topadi. Qarangki, uning onasi ham hayot ekan. Musofir o‘g‘lining kechmishlarini tinglar ekan, ona to‘satdan “Sizlar avarcha so‘zlashdinglarmi?” deb so‘raydi. “Yo‘q, biz tarjimon yordamida gaplashdik. Men ruscha gapirdim, u fransuzcha” deb javob beradi shoir. Voqeaning davomi bunday: “Ona yuziga qora chodrasini tushirdi, bizda onalar o‘z o‘g‘lining o‘lganini eshitganda shunday qiladi... Uzoq jimlikdan keyin ona dedi: “Rasul, sen yanglishibsan, mening o‘g‘lim allaqachon o‘lgan ekan. Agar hayot bo‘lganda, avar onasi o‘rgatgan tilni unutmagan bo‘lardi”.
Mutolaa asnosida ko‘nglimdan qayg‘uli o‘y kechdi: millatimiz nomini ko‘tarib yursa-da, o‘zbekchada “tilini hakka cho‘qigandek” tutilib gapiradigan, yo har lafziga o‘rischa qo‘shib, “madaniyatli” ekanini pesh qiladigan vallomatlarni o‘shanday qarg‘ish urgan bo‘lsa-ya?!
“Mening Dog‘istonim” – kichik kishvarning katta shoiri Rasul Hamzatovning butun insoniyatga xitobi, vasiyatidir. Qizig‘i, asarda keng va teran mushohadalar mittigina millat nigohi orqali idrok etiladi.
Ochig‘i, keyingi vaqtlar Vatan tuyg‘usi atalmish yuksak hodisaning qadr-u qimmatini tushirib qo‘ydik, shu bois ayni mavzuga murojaat etgan ijodkor darrov “qizil gap” targ‘ibchisi yoki unvontalab mardumga aylanadi. “Ona yurtini shu qadar suyar ekan-da, otasiga rahmat!” deya astoydil quvonadigan xayrixoh kamayib borayotir. Biroq Rasul Hamzatov butunboshli kitobini Vataniga bag‘ishlagan bo‘lsa-da, aslo g‘ashingizga tegmaydi. “Namuncha, tog‘-u toshlar pinjidagi jimitdekkina yurtini ko‘kka ko‘tarmasa?!” deya malomat qilolmaysiz. Nega? Chunki shoir nihoyatda dildan, nihoyatda samimiy so‘zlaydi. Izhorida tama yo‘q, bil’aks, o‘quvchi yuragini asir etguvchi muhabbat va kuyunchaklik bor...
Ochig‘i, Dog‘istonga havas qilaman – uning shunday millatparvar o‘g‘li bor... Vatanni katta-kichikligiga qarab sevmaydilar, zotan, Dog‘iston kattaligi jihatdan maqtalmasa-da, ammo unga jonini ham fido qilishga tayyor farzandi bor. Mana, u nima deydi: “Agar mening kitobimni bitta odam o‘qisa ham xursand bo‘laman. O‘sha odamga tog‘lar orasidagi kichkina Vatanim haqida so‘zlab berganimdan baxtiyorman”.
San’atshunos Shohrux ABDURASULOV
mutolaa qiladi
“Tafakkur” jurnali, 2022-yil 4-son.
“Kelajakka tutilgan ko‘zgu” mutolaasi
Ma’naviyat
Adabiyot
San’at
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
1 Izoh
Zafarjon
01:09 / 04.09.2023
Ajoyib maqola bòlibdi katta rahmat mualliflarga