“Har birimizning ichimizda bizni o‘rmon sari tortqilayotgan bir maymun bor” – bashariyatning bugungi ma’naviy ahvoli haqida suhbat


Saqlash
22:08 / 23.08.2023 848 0

Alisher NAZAR: Insonning qalbi iymon bilan nurlanmas ekan, u rohi rostdan toyib ketadi, to‘g‘ri yashay olmaydi. Iymongina insonni Haq chegarasida ushlab turadi. Nurlanmagan qalbda muvozanat yo‘qdir. Muvozanati buzilgan insondan esa ehtiyot bo‘lmoq lozim. Agar butunboshli jamiyatda muvozanat buzilsa-chi, bu endi juda xatarnok!

 

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining yarim yillik hisobotini o‘qib qoldim. Uni varaqlagan har bir aql egasida ichki xavotir uyg‘onadi. Tasavvur qiling, o‘tgan yilning atigi yarmida davlat byudjetidan 592,5 milliard so‘m talon­toroj etilgan. Vaholanki, biz uch-to‘rt yildan beri korrupsiyaga qarshi keskin urush olib boryapmiz. “Urush” ketayotgan bir vaqtdagi natijani qarang! Qiziq, bunday “jur’at”ni qayerdan olyapmiz o‘zi? Qonunlardan qo‘rqmaymizmi? Balki tizimning o‘zi poraxo‘rlikka sharoit yaratib qo‘ygandir? Odamning xayolidan o‘tadigan eng yomoni: nahotki, poraxo‘rlik milliy qadriyat darajasiga chiqib ketgan bo‘lsa?..

 

Uzoq JO‘RAQUL: Suhbatimizni ayni mohiyatdan boshladingiz. Buning uchun sizga tashakkur aytaman. Illo, ilk savolda gap ko‘p...

 

Hazrat Navoiy “Hayrat ul-abror”ning “avvalg‘i maqolat”ida yozadilar:

 

Bas, ani inson demak o‘lg‘ay ravo

Kim, ishi iymon bila topqay navo...

 

Inson va jamiyatning o‘z nomiga loyiq bo‘lishi uchun asos-tamal shu – IYMON. Siz sanagan jihatlar aslida sabab emas, vositalar, xolos. Darhaqiqat, qalbi aynigan odamni hech bir qonun eplay olmaydi.

 

Mana, korrupsiyaga qarshi e’lon qilingan rasmiy urushdan gap ochdingiz. Bu kurash ortida avvalo hokimiyat, konstitutsiya, qonunlar turibdi, shunday emasmi? Ayni choqda, qirg‘oqning boshqa tomonini 35 millionli aholi egallagan. Endi tasavvur qiling, kuchlar nisbati qanchalik mutanosib? Bu qonunlar odam tomonidan yozilgani, odam tomonidan nazorat qilinishini e’tiborga olsak-chi?..

 

Yana hazrat Navoiyning “Tarixi anbiyo va hukamo” asaridagi bir rivoyatni eslashga to‘g‘ri keladi. Asarda aytilishicha, hukamo xayliga mansub hurmatli zot – Barsisoy obid haqidagi bu rivoyatning manbasi o‘ta ishonchli bo‘lib, buyuk sahobalardan Ibn Abbosga (r.a.) borib taqaladi.

 

Alqissa, Barsisoy obid Iso alayhissalom shariatiga mansub ruhoniy, iymon-diyonatda zamonasining peshqadami bo‘lgan, yetmish yil taqvo-yu ibodat yo‘lini mukammal tutgan. Natijada unga nisbatan xalqning ishonch-ixlosi haddan ziyod kuchaygan. Obid shu maqomda turgan kunlarning birida “Shayton ahli saloh suratida aning savmaasig‘a (ibodatxona) kelib, ibodatqa mashg‘ul bo‘ldi va bir yilg‘acha o‘zin andoq toatqa mashg‘ul ko‘rguzdikim, Barsisoy aning ixtiolotig‘a (yaqinligi) mayl ko‘rguzdi...”, ya’ni shaytanat vakili hiyla bilan obidning mahrami, sirdoshiga aylandi...

 

(Mirzo Ulug‘bekning “To‘rt ulus tarixi” kitobida yozilishicha, iblisi la’in ham aslida jin qavmidan edi. Ming yil chap va yana ming yil o‘ng oyog‘ida ibodat qildi. Natija o‘laroq yer ostidagi makonidan osmonga ko‘tarildi. Hatto farishtalar mudarrisi darajasiga yetdi. Zotan, iblisning Azozilga, yana qaytib Azozilning iblisga aylanishida Ollohning cheksiz hikmati yashirin edi. Navoiy yozgan “shayton ahli”ning obid xilvatxonasi va yuragidan joy olishining hikmati shuki, bu – yetmish yillik taqvo egasi uchun zo‘r sinov bo‘ldi.)

 

“Chaqirilmagan mehmon” obidga shunday bir duoni o‘rgatadiki, uning vositasida obid har qanday bemorni tuzatadi. Barsisoy mashhurligi ustiga ziyoda mashhurlik kasb etadi, el ichida bemisl obro‘ga erishadi. Uning dovrug‘i mamlakat podshohi qulog‘igacha yetib boradi. Shoh obidga e’tiqodi va e’timodi bois, ko‘pdan bemor yotgan qizini uning xilvatxonasiga muolaja uchun keltiradi. Voqeaning davomini Navoiy bunday tasvirlaydi: “Obid muolajag‘a mashg‘ul bo‘lg‘onda ko‘rmagan shakl bila kirub, shayton vasvasa og‘oz qildi. Chun xilvat emin yer erdi va jamila behush, Obid masx fursatni g‘animat tutti. Matlubi muyassar bo‘lg‘ondin so‘ngra rafiqi hozir bo‘lub dedikim, ajab ish qilding. Va ul ishi qabohatig‘a voqif bo‘lub, iloj tiladi. Dedikim, iloji qatldurkim, bir yerda madfun bo‘lg‘ay...” Shayton vasvasasiga uchib, zino qilgan obid ikkinchi bor uning maslahati bilan qotillikka qo‘l uradi. Bundan xabar topgan podshoh obidni qatlga hukm etadi. “Rafiq” o‘lim vahimasida qolgan obid huzuriga yana bir taklif bilan keladi: “Bu balodin seni xalos qilay, agar manga sajda qilsang. Ul nodon bu ishni ham qildi, dag‘i maqtul bo‘ldi”. Haq huzuri va xalq nazarida ulug‘ martabaga erishgan obid shu tariqa uch mudhish jinoyat (zino, qotillik va shirk) sodir etdi, botil ichida o‘lim topdi. Odam uchun bundan-da dahshatli baxtiqarolik yo‘qki, keyinroq Lev Tolstoy “Avliyo Sergiy” asari kengliklari aro ayni gunohi kabira emini topishga urindi.

 

Gyote qahramoni Faustni yo‘ldan ozdirish uchun Mefistofel ham biryo‘la uchta tuzoq qo‘yadi: boylik, martaba, ayol. Obidlikda Barsisoydan qolishmaydigan Faust ham adoqsiz iztiroblar ichra o‘rtansa-da, bu “ne’mat”larning barchasidan tatib ko‘rishga jazm etadi. Asar xotimasida esa osmon va yerosti muakkillari orasida talash bo‘ladi.

 

Zimnida obidlik turgan bu uch voqea mif emas, ayni haqiqat. Xo‘sh, mardumning qay birini bunday sinovlardan emin deya olamiz? Mana gap qayerda, Alisherjon!

 

Alisher NAZAR: Uzoq aka, jamiyatimizning ko‘plab sohalari qatorida ta’lim tizimining ravnaqi ham korrupsiyani yo‘qotishga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Hukumat o‘qituvchilarning maoshini ming dollarga chiqarishga va’da berdi. Lekin, nazarimda, bugungi vaziyatda bu chora o‘zini oqlamasa kerak, chunki korrupsiyalashgan tizimda tanish-bilishchilik, oshna-og‘aynigarchilik battar avj olishi mumkin.

 

Bilasiz, bizda kadrlar masalasi jiddiy muammoga aylangan. Birinchidan, maktablarda malakali pedagoglar yetishmayapti. Ma’lumotlarga qaraganda, hozirda uch mingdan ziyod pedagogga ehtiyoj bor. Minglab o‘rta maxsus ma’lumotli kadrlar dars beryapti. Ularning bilim va malakasi talab darajasida emas.

 

Ikkinchidan, maktab darsliklarining ahvoli qoniqarli emas. Bittagina misol. 5-sinfning “Tarbiya” degan darsligi bor ekan. Mualliflarini qarang: Muhammadjon Quronov, Yuliya Risyukova, Oksana Tigay, Olesya Usmanova, Sanjar Hafizov. Yuliya, Oksana, Olesya. Qiziq, shu opalar bizning bolalarimizga milliy tarbiyani o‘rgatyaptimi shunda? Keling, quruq bo‘lmasin, darslikning 90-betidan bitta jumla keltiraman: “Hashar bu shunchaki ommaviy tozalash ishi bo‘lmay, balki bu oilada, avloddan avlodga yetkaziladigan xalq an’analarini hurmat qilish hamdir...” Jumladan nimani tushunish mumkin?

 

Mamlakatimiz bo‘yicha maktablarning katta qismida laboratoriya xonasi yo‘q. Ayniqsa, qishloq maktablariga laboratoriya degan tushunchaning o‘zi begona. Ana shunday holatda faqat o‘qituvchilar oyligi oshirilishi bilan ta’lim tizimi o‘nglanib ketarmikan?

 

Uzoq JO‘RAQUL: Nazarimda, milliy ta’lim tizimimiz tanazzuli ancha oldinroq, Abdulla Qodiriy yozgan “uch xonlik davrlari”dan boshlangan. “Mehrobdan chayon” romanining “Xon ko‘ngil ochmakchi” degan bo‘limida maorif tizimidagi tanish-bilishchilik, mahalliychilik, millatchilik kabi illatlar shunchaki asar fabulasi yoki umumbadiiy talablar vajidan keltirilmagan. Sovet maorif siyosati esa shunday ham nurab to‘kila boshlagan ming yashar daraxtni butkul qulatish payida bo‘ldi. Maktab darsliklari maxsus reja asosida yo o‘z vakillari, yo ular yo‘rig‘iga yurgan “milliy kadrlar” tomonidan yozildi. Ularning maqsadi savodxon, erkin fikrli odamni emas, hazrati Behbudiy aytmish “qul-marquq”lar avlodini yetishtirish edi. Sovet siyosatchilarining oliy ta’lim tizimiga oid shunday maxfiy ko‘rsatmasi bo‘lgani haqida bir keksa domladan eshitganman: “G‘ayrirus musulmonlar, xususan, o‘zbeklar uchun shunday jo‘n va absurdlashtirilgan darsliklar ijod etilsinki, talaba besh yillik ta’lim davomida nima o‘rganayotgani-yu keyinchalik kim bo‘lishini anglay olmasin. Shuni ham eplab o‘qimagan, o‘zlashtirish ko‘rsatkichi “qoniqarli”dan past bo‘lgan shovvozlardan pora olinishiga keng yo‘l ochilsin”. Kim bilsin, ehtimol, bu gapda andak mahobat, mubolag‘a ham bordir. Ammo bugungi ta’lim tizimimizdagi siz sanagan va sanashga-da or qilganingiz aksar noqisliklar ildizi shunda deb hisoblayman.

 

O‘qituvchi maoshi oshirilishiga kelsak, ta’limni tiklash yo‘lidagi bir tadbir bu. Undan xayr umid qilinganiga shubha yo‘q. Xayrki, poraxo‘rlik daf bo‘lsa, o‘qituvchi tark etgan maktabiga yana qaytib borsa...

 

Zamonaviy voizlar aytmoqchi, “Ushbu tadbir o‘zining samarali natijasini berdi. Ko‘plab tajribali, iqtidorli o‘qituvchilar maktabga qaytdi. Xotin-qizlar korxonasiga aylanib qolgan maktablarda er mardum ovozi ham baralla yangray boshladi...” Inkor etmayman, maktablar gavjumlashdi, ammo tajribali, ilmli, iqtidorli o‘qituvchilar, fidoyi yigitlar hisobiga emas-da! Uzoq vaqt ta’lim dargohidan oyoq uzib, bozor havosini olgan, endilikda ishi yurishmay qolib, bugungi maktab o‘qituvchisi olayotgan maoshni-da topishga qurbi kelmay qolgan chala savdogar, chala muallim yoki oliy o‘quv yurtiga “bunker” hisobidan kirgan “yangi avlod” hisobiga! Alhol, ularning o‘quvchiga aytadigan gapi qayga boradi-yu o‘tayotgan darsligini kim yozgani bilan necha pullik ishi bor?!

 

Avvalo, maktab darsligining saviyasi o‘qituvchi savodi, saviyasi bilan bog‘liq. Shunday ekan, darslikni nazorat qiladigan shaxs yoki muassasa xalq ta’limi vazirligi emas, maktab va o‘qituvchi bo‘lishi kerak. Tanganing ikkinchi tomoni ham bor: mashg‘ulotni qo‘lidagi darslig-u konspektdan bosh ko‘tarmay o‘tadigan o‘qituvchi bosma harfda chop etilgan bunday “tilsim” haqida e’tiroz aytishi mumkinmi? Shu saviyadagi o‘qituvchidan nima kutamiz-u u o‘qitgan o‘quvchi kim bo‘ladi?..

 

Sabab nima deb so‘rarsiz? Noqis aqlim yetgan sabablarning sababi bitta – uzoq yillar oliy ta’lim sohasini mo‘r-malaxdek egallagan poraxo‘rlik balosi. Ehtimol, rishvatparastlarning cho‘ntagi hali-hamon bo‘shamagandir. Erkatoy farzandlari chet ellarda o‘qib kelib katta odam bo‘lib ketgandir. Qurgan dang‘illama imoratlari yana yuz yillar osha savlat to‘kib turar ham. Alam shundaki, “bunker” degan ul baloning asorati millat ongini shu imoratlar buzilib bitganda ham tark etmog‘i qiyindir. 2016-yilga qadar shunday qabullar bo‘ldiki, “bunkerga kirmagan” talaba auditoriya hidiniyam hidlamadi. “Bunker”da test yechib, “xolis xizmat” qilgan oliy ma’lumotli mutaxassislarga tug‘ma geniy ham bas kelolmasdi. O‘zimnikidan qiyos, maktabda risoladagidek o‘qigan, uyda o‘zim maxsus ilm bergan, bunga ham qoniqmay repetitorga qatnagan qizim to‘rt yillab imtihondan o‘tolmadi...

 

To‘g‘ri, bugun “bunker” ofatidan qutulgandirmiz. Ammo maktab, oliy o‘quv yurtlari, akademik ilm maskanlarida javlon urib yurgan “bunkerboy-u bunkeroylar” qutqusidan yaqin yuz yilda qutulishimizga ko‘zim yetmaydi. Ular nainki ta’lim degan daraxt tomiriga, ijtimoiy maydonda ismi daraxt bo‘lsa, hammasiga birdek tahdid solib turibdi. Bu gaplarimni sotsiofobiyaga yo‘yasizmi, pessimizmgami – ixtiyor sizda, inim!

 

Alisher NAZAR: Albatta, so‘nggi yillarda ijtimoiy hayotimizda bo‘layotgan yangilanishlardan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Har bir sohada o‘ziga xos islohotlar boshlangani rost. Ammo kishini o‘ylantiradigan bir jihat bor: hanuz ishlash tizimi o‘zgarmay qolayotgandek. Misol uchun, davlatimiz rahbari viloyat safari chog‘i xarob bir mahallaga borib, mahalliy hokimiyat vakillariga qattiq tanbeh berdi. Tabiiyki, tez orada o‘sha mahalla tumandagi namunali hududlardan biriga aylandi. Demak, shu ishni qilsa bo‘lar ekan! Ammo prezidentning mamlakatdagi har bir qarovsiz mahallaga kirib-chiqish imkoni yo‘q. Qolaversa, har bir mahallaga davlat rahbari borib ahvolni o‘nglasa, mahalliy hokimiyatning nima keragi bor? Nega ularni boqib o‘tiribmiz? Demak, tizim yaxshi ishlamayapti! Tizim ishlamasa, o‘zgarishimiz qiyin bo‘ladi. Mashinangiz yangi bo‘lsa-yu, akkumulyator nosoz chiqsa, baribir yurmaydi. Yursa-yu, tormoz ishlamasa, falokat naqd deyavering!

 

Xalq va hokimiyat o‘rtasidagi qarashlar o‘zgarsagina tizim o‘zgaradi. Ochig‘ini aytish kerak, bugungi hokimiyat vakillari qilayotgan aksar ishlarning tagida “tepa”ga yoqish istagi bor. Agar u “xalqqa yoqish” istagiga aylansa, hammasi boshqacha bo‘ladi.

 

Uzoq JO‘RAQUL: Bu masalada boya qisman fikr bildirdim. Muxtasar javobim shuki, qalb o‘nglanmas, luqmalar halollanmas ekan, hech narsa o‘zgarmaydi...

 

Alisher NAZAR: Ijtimoiy tarmoqlarda bir video tarqaldi. Yoshi elliklarni qoralagan bir ayol to‘shakda o‘tiribdi. Qarshisida mahalliy hokimiyat vakillaridan uch-to‘rt kishi qo‘l qovushtirib turibdi.

 

– Men kasalman, erim hech qayerda ishlamaydi, beshta bolamni qanday boqaman? – deydi ayol vajohat bilan.

 

– Mahallada “temir daftar”da turasiz, hokimiyat ikki-uch marta yordam puli ajratdi, imtiyozli kredit beramiz deyapmiz, yana nima qilishimiz kerak? – deydi hokimiyat vakili. – Voyaga yetgan farzandlaringiz bor ekan, ish taklif qildik, nega borishmadi?

 

– Hokimiyat ajratgan ikki-uch million so‘m nima bo‘ladi? Qizimga taklif qilingan ish uzoqda, qatnay olmaydi...

 

So‘nggi vaqtlarda bunday voqealarga tez-tez duch keladigan bo‘lib qoldik. Eng yomoni, bu hol so‘z erkinligi, haq-huquqlarni talab qilish, adolat uchun kurash deya ta’riflanadigan bo‘ldi. Aslida esa, xalqimizning ma’naviy ahvoli qay darajaga kelib qolganidan darakdir bu! Nochor odamning hadeb nolishi, faqat imtiyoz olish payida bo‘lishi, bizningcha, yaxshilik alomati emas. Tuppa-tuzuk odamlar mahallada joriy etilgan “temir daftar”ga kirib olishni omad sanay boshladi. G‘urur va hamiyat o‘ldi! Ayrim odamlar ongida “kerak bo‘lsa davlat meni boqadi” degan tushuncha o‘rnashib olgandek...

 

Ayrim davlat idoralari ham “temir daftar”ning joriy etilishi aholini ijtimoiy himoya qilish yo‘lidagi eng muhim qadam, deya hisobot bermoqda. Vaholanki, odamlarni “temir daftar”ga kiritish emas, undan chiqarish muhimroq emasmi? Hammani “daftar”ga solib boqib bo‘lmaydi, axir! Davlatning xalq oldidagi vazifasi, o‘z navbatida, fuqaroning davlat oldidagi burchi mavhum bo‘lib qolayotgandek...

 

Uzoq JO‘RAQUL: Gap o‘zani o‘z-o‘zidan hazrat Navoiyga borayotganini qarang. Mulohazalaringiz mashhur Hotami Toy hikoyatini esimga soldi. Yaqin yillargacha ana shu hikoyat ostida qanday haqiqat borligini o‘ylab yurardim. Tasodifan bir hadisni o‘qib qoldim. Unga ko‘ra, bir sahoba Payg‘ambarimiz alayhissalomga qashshoqligi, yeyishga bir burda noni yo‘qligidan shikoyat qilib keladi. “Uyingda qo‘lga ilingudek nimang bor?” deb so‘raydilar undan Payg‘ambarimiz (s.a.v.). “Eski qozon-u titilib ketgan bo‘yradan boshqa hech vaqom yo‘q”, deya javob beradi sahoba. Shunda Muhammad alayhissalom sahobaga aytgan narsalarini olib kelishni buyuradilar. O‘ziga to‘q as’hobga esa shu matohlarni ikki tangaga sotib olishni taklif etadilar. Bir sahoba qozon va bo‘yra evaziga ikki tanga beradi. Shunda Rasululloh (s.a.v.) qashshoqqa bunday yo‘l ko‘rsatgan ekanlar: “Bir tangani ro‘zg‘or ehtiyoji uchun sarfla, qolgan bir tangaga esa bolta bilan arqon sotib ol. Sahrodan o‘tin tashib bo‘lsa ham oilang ta’minotini qilki, bu ish tilanchilik nomusidan a’loroqdir”. Oradan sakkiz asr o‘tib, hazrat Navoiy o‘sha o‘tinchini johiliyat arabining g‘aniysi va saxovatpeshasiga qarshi qo‘ydilar:

 

Sen dag‘i chekkil bu tikan mehnatin,

Tortmag‘il Hotami Toy minnatin.

Bir diram olmoq chekibon dast ranj,

Yaxshiroq ondinki birov bersa ganj...

 

Bilmadim endi, bugun mamlakatimizda yashayotgan mardum ham non emas, shon uchun yig‘lagan Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yassaviy, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Navoiy, Boburlar avlodi-ku! Tilanmoq azobidan ortiqroq azob bormi o‘zi dunyoda! Siz aytgan holatga nafs quliga aylanib yetti otasini unutish, manqurtlashuvdan o‘zga qanday ta’rif-u izoh berish mumkin?!

 

Alisher NAZAR: Haqiqiy ijodkor ruhini sindirib bo‘lmaydi. Iste’dod – zamon va makon ta’siridan xorijda. Shuning uchun ham haqiqiy adabiyot o‘lmasdir. Zero, haqiqiy adabiyotni talantlar yaratadi.

 

Biz millat o‘laroq XX asrga tushkun ruhiyatda kirib kelgan edik. Biroq shunga qaramay adabiyot xalq hayotida Renessans davrini boshlab berdi. So‘z san’atida yangi janrlar paydo bo‘ldi, izlanishlar bo‘y ko‘rsatdi. Xiva, Qo‘qon, Toshkent, Buxoro singari shaharlarda yangicha adabiy muhit yuzaga keldi. Pirovardida ana shu muhitdan milliy istiqlol g‘oyasi o‘sib chiqdi.

 

Uzoq aka, siz yangi davr adabiyotshunosligi vakilisiz. Bugungi adabiyot o‘z vazifasini qay darajada uddalayapti? Umuman, adabiyotga vazifa yuklab bo‘ladimi? Ayrim adabiyotshunoslarimiz so‘nggi yillarda zamonaviy o‘zbek adabiyotida yangi tendensiyalar, yo‘nalishlar paydo bo‘lganini e’tirof etmoqda. Bu yo‘nalishlar bugun qay darajada o‘z o‘quvchisini topyapti?

 

Uzoq JO‘RAQUL: Kamina yangi adabiyotda Qodiriydan boshqa o‘ziga original yo‘l ochgan ijodkorni bilmayman. Cho‘lpon kashf etgan shakllar, Usmon Nosirga xos yangi ohanglar xorij adabiyotida mavjud edi. Qodiriy yo‘li esa millat fojiasini umumislomiy ma’rifat ko‘lamida tasvir etishga qaratilgani bilan yangi. Keyingilarning hammasi menga shu maqomdan quyida ko‘rinadi.

 

Ehtimol, boshqalar keng planli taqlidlarni yangi yo‘nalish deb bilar. Ammo men jahon adabiyoti manbalarini ozmi-ko‘pmi tizimli bilganim bois o‘zimni alday olmayman.

 

Zotan, olsak olishga arzigulik an’analarimiz shu qadar ko‘pki, bunga jahonning qadimiylik da’vosida bo‘lgan har bir millati havas qiladi: Navoiyni yetishtirgan Sharq-islom adabiyoti yo‘nalishlari, badiiy tamoyillari, folklorcha tasvir va ifoda yo‘llari, xalq tili, idroklash va ifoda tarzi… Ammo ne tongki, yangi adabiyotimizning murg‘ak ildizlari muttasil begona o‘zanlardan suv qidiradi. O‘z an’analarini yangilashni ohorli yo‘l topishga munkar vasvasa deb biladi. Otasi aytgan hikoyalar yo‘lidan ko‘ra rasmiylashgan, qoliplashgan o‘zbek sovet hikoyalash yo‘lini afzal ko‘radi. Momolari, amma-yu xolalari, onasi begidir qo‘llab yurgan so‘zlardan irganib, lug‘atdan so‘z izlaydi. Yozish – shu ahvolda.

 

Nima haqda yozish masalasi ham bundan pesh emas. Yolg‘izlik, rutubat, ufunat, og‘riq, ongostining bejilov chirpanishlari, turli evrilishlar degandek. Freydizm, padarkushlik, shatahod (munkar tuyg‘ulardan qaytish) chegaralarini buzgan tuyg‘ularning jo‘n va yalang‘och ifodalari. Biz qachon bu yo‘sin uyalmay yozishga o‘tdik? Qachondan beri hatto sovet adabiyoti hayo qilgan, aytay desa Xudodan qo‘rqqan tuyg‘ularni bozorga soladigan bo‘ldik?

 

She’riyatda esa yakkash maydalashuv jarayoni...

 

Bu haqda boshqa jo‘yali fikr aytolmasam kerak.

 

Alisher NAZAR: Quyosh botib, atrof xiralashgan. Rutubatli samovotdan tushib kelayotgan qorong‘ilik fonida besarhad o‘rmon yanada vahimali ko‘rinadi. O‘rmon chekkasida bir maymun nigohlarida g‘amginlik va umidsizlik qotib qolgan mo‘ysafidning qo‘lidan tutib uni o‘rmonga yetaklab ketyapti...

 

Bu – yozuvchi Nazar Eshonqul chizgan “kartina”. To‘g‘rirog‘i, o‘sha “kartina”ning o‘quvchi sifatida mendagi taassuroti. Maymun – insoniyatning bugungi muammolari, butunboshli mamlakatlar va millatlarga daxl qilayotgan razolat, axloq mezonlarining yemirilishi o‘laroq, Odamni qorong‘i o‘rmon sari sudrab borayotgandek.

 

Bashariyatning bugungi ma’naviy ahvoliga qarasangiz, har birimizning ichimizda bizni o‘rmon sari tortqilayotgan bir maymun borga o‘xshaydi. Aslida-ku, bu maymun hamisha bo‘lgan, keyin ham bo‘ladi. Demak, hamma gap uni madaniylashtira olishimizda.

 

Uzoq aka, ikkimizning ham niyatimiz pok, porloq ekaniga shubham yo‘q. Lekin suhbatimiz xiyla tushkun kechgandek. Mayli-da, bugun jamiyatimizga olqish-maqtovdan ko‘ra achchiq-nordon gaplar ko‘proq manfaat keltirsa ajab emas.

 

Istaymizmi-yo‘qmi, har qanday mamlakatning yuksalishi xalqning umumiy saviyasiga borib taqaladi. Afsuski, bu borada ham maqtanmoqqa istihola qiladi kishi. Nima qilsak, ko‘nglimizda ma’rifatga ehtiyoj ortar ekan?

 

Uzoq JO‘RAQUL: Ruxsat bersangiz, bu savolingizga yana Navoiy tilidan javob bersam:

 

Bas, ani inson atag‘il beriyo

Kim, ishidur sabr ila shukr-u hayo.

Bo‘yla buyurdi nabiyi Hoshimiy

Kim, bu uch iymonning erur lozimi...

 

Xo‘sh, sabr, shukr, hayo kimlarda bo‘ladi deb so‘rasangiz, otasi harom luqma yedirmagan, onasi shukr-u hayoli bo‘lgan avlodda, deya javob bergan bo‘lar edim.

 

Publitsist   Alisher NAZAR bilan

adabiyotshunos Uzoq JO‘RAQUL suhbati

 

“Tafakkur” jurnali, 2022-yil 4-son.

Ildizlarimizni izlab” suhbati

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19353
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16484
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi