“Ma’nаviy hayot”imizga “Oyina” tutamiz


Saqlash
10:10 / 19.10.2021 984 0

 

Insoniyat XXI asrga kelib har doimgidan ham ko‘ra shiddatli va global evrilishlarni boshdan kechirmoqda. Xo‘sh, bunday vaziyatda millat o‘zini qanday saqlab qolishi kerak? O‘zgarishlardan qo‘rqish to‘g‘rimi yoki doim yangilanib turish yashovchanlikni kuchaytiradi, degan tamoyilda ish tutgan ma’qulmi?

“Ma’naviy hayot” jurnalini varaqlaganda beixtiyor shular haqida o‘ylaysiz. Keyin xalqimizning boy berilayotgan qadryatlariga qandaydir global muammolardan ham ko‘ra, mayda maishiy kundalik tashvishlarimiz ko‘proq sabab bo‘layotganini nadomat ila tan olasiz. Jumladan, jurnalning 2021-yil 3-sonidagi “Tarixdan kelgan mehmon” sahifasi o‘quvchini shunday mulohazaga chorlaydi. Bu sahifada bir asr avval chop etila boshlangan “Oyina” jurnali bizning hal etilmagan maishiy muammolarimiz deb atalmish vaqt mashinasi sabab “Ma’naviy hayot”imizning mehmoni bo‘lgan. Sahifada asr bilan bo‘ylashgan og‘riqli nuqtalarimizga “oyina” tutilgan.

Eshqobil Shukurning “Egasiz egoizm va kesimsiz bema’nilik” maqolasida ma’naviy evrilishlar davridagi yo‘qotishlarimiz qalamga olingan. Muallif fikrsizlik haqida fikr yuritib, puldan vatan yasab bo‘lmasligini ta’kidlaydi. Bu mulohazalar shaxs va kas muammosini o‘rta olib chiqadi va inson hayoti uchun eng muhim bo‘lgan vafo, sadoqat, hayo, iymon, or kabi tuyg‘ularni asrashga chaqiradi. Bu chaqiriq ortidan jurnal sahifalari aro Sobir Jumaevning “Chorrahadagi o‘ylar”, Azim Ro‘zievning “Bir boshga o‘n bir yoqa” kabi maqolalari e’tiboringizni tortadi. Uch-to‘rt so‘m pul uchun umrini havoga sovurayotgan, o‘zidan boshqani o‘ylamaydigan, bir boshini o‘n bir yoqaga suqib ko‘radigan kimsalar haqida o‘qib yoqa ushlaysiz.

Karomat Mullaxo‘jaeva Hazrat Navoiyning ijodida o‘zlikni topishga bo‘lgan intilish va izlanishlar to‘g‘risida so‘z yuritadi (“Insoniyat aro insonni izlab”). Mirzo Kenjabekning “Bobur Mirzo va ma’naviyat” maqolasida esa shoh va shoir hayoti misolida insoniyat taqdiri – o‘tmishi va buguni haqida mulohaza yuritilgan.

Inson tan va ruhning birligi sabab mukammaldir. Bunga tibbiyot fanlari doktori, professor Jumanazar Beknazarovning “Ichimizdagi koinot” maqolasini o‘qib yana bir bor amin bo‘lasiz. Samo sirlarini o‘zlashtirib, boshqa sayyoralardan o‘ziga makon hozirlay boshlagan odamzodning o‘z tanasidagi oddiy hujayra mo‘jizalarini bilmasligi hayratlanarli. Umrida Napoleonni eshitmagan odamlar aqldan ozganda “Men Napoleonman!” deyishining siri nimada, degan savolga javob topish uchun ham ushbu maqola o‘qib chiqsa arziydi.

Boboravshan G‘OZIDDINOV

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19260
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16137
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi