Turkiylar ilk va o‘rta asrlardayoq O‘rta Osiyo va unga qo‘shni o‘lkalarda keng tarqalgan. Abu Rayhon Beruniy (973–1048) asarlarida ham turkiy elatlar haqida ko‘plab ma’lumotlar uchraydi. O‘sha kezlardagi arab, fors, turkiy va boshqa millat mualliflaridan farqli o‘laroq Beruniy turkiy elatlarni yaqindan bilgan, ular orasida yashagan va turkiy hukmdorlar qo‘l ostida ilmiy faoliyat yuritgan. Shuning uchun u yozib qoldirgan bilgilar o‘zining birlamchi va ishonchliligi bilan ajralib turadi:
Birinchidan, alloma turkiylar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zi ko‘rib yoki turkiy elatlar vakillaridan eshitib yozgan;
Ikkinchidan, uning o‘zi kelib chiqishiga ko‘ra turkiy bo‘lgan yoki ularning muhitini yaxshi bilgani uchun o‘zgacha yondashgan, boshqa tomondan esa u elatdoshlari bo‘yicha forsiy, hindiy va o‘zga tillardagi yozma manbalardan foydalanib, ularni o‘z tilida qog‘ozga tushirgan.
X asr oxirida O‘rta Osiyo va unga qo‘shni Xuroson G‘aznaviylar, Xorazm Ma’muniylar, Amudaryo–Sirdaryo oralig‘i va unga tutash o‘lkalar Somoniylar, keyinroq esa Qoraxoniylar kabi sulolalar boshqaruvi ostida edi. Beruniyning asarlari ko‘proq G‘aznaviylar siyosiy o‘rtamida yozilgan bo‘lib, o‘sha kezlarda O‘rta Osiyoning tub yerli aholisi orasida turkiy va sharqiy eroniy tilli elatlar yetakchilik qilishgan. Shu bilan birga, Shimoliy Hindiston (Pokiston, Kashmir) va Kobulda hind, eroniy va turkiylar yirik elatlar bo‘lgan.
Beruniydan ancha oldin – ilk o‘rta asrlarda O‘rta Osiyo va uning tevaraklarida sharqiy eroniy elatlar bilan birga turkiylar ham yashagani haqidagi tarixiy bilgilar xitoy, sug‘diy, eski turkcha, arman, suryoniy, yunon, pahlaviy (o‘rta fors) va arab tilidagi yozma manbalar orqali bugungacha yetib kelgan. Biroq bu va bundan ancha oldingi ilk o‘rta asrlarga tegishli turli tillardagi yozma manbalar O‘rta Osiyo va unga tutash o‘lkalarning qayerlarida turkiylarning salmog‘i qanday bo‘lgani, ularning soni qaysi o‘lkalarda ko‘proq yoki teskarisi ekani, yalpi olganda, turkiylarning tarqalish geografiyasining ko‘lami to‘g‘risida to‘laqonli tushuncha bera olmaydi.
Beruniy bitiklariga tayanilsa, turkiy elatlar yashagan o‘lkalar quyidagicha edi:
Kunchiqarda Shimoliy Xitoy va Mo‘g‘uliston kengliklaridan boshlanuvchi turkiy o‘lkalar kunbotarda Rum (Vizantiya), Sharqiy Yevropagacha yoyilgan edi. Beruniy kunchiqardagi turk o‘lkalariga tegishli O‘tukan (O‘rxun vodiysi, Mo‘g‘uliston) to‘g‘risida yozib, Moho-Chin (Buyuk Xitoy) kunbotaridagi o‘lkalarni “Sharqiy turklar yeri” deb tilga oladi. Bu yer ko‘proq bugungi Sharqiy Turkiston, Oltoy va Mo‘g‘uliston hududiga to‘g‘ri keladi. Turklarning Rum va Farang (Yevropa)ga tutash yerlarini esa Xazar, Bulg‘or va Suvor o‘lkalari, deya ko‘rsatadi. Bu manzillar bugungi Dog‘iston, Qora dengizning shimoli, Kaspiy va Volga bo‘yi oralig‘idagi yerlarni o‘z ichiga oladi;
Beruniy turkiylarning kungay – janub va janubi-g‘arb tomonlardagi yoyilishini Xuroson bilan chegaralab, “Mazduron – Marz-i Turon “Turklarning chegarasi” deyishadi” deb yozadi (Beruniy 1973, V: 466). Shu bilan birga u Xorazm va unga qo‘shni o‘lkalarda, Xuroson va Kaspiy bo‘yi oralig‘i aholisining ko‘chmanchi elatlaridan birini “o‘g‘uz turklari” deya ataydi. Beruniy turkiylarning shimol – terskaydagi yerlarini yettinchi iqlimda ko‘rsatib, Volga va Ural bo‘ylarini, shuningdek, G‘arbiy Sibirdagi Kimak o‘lkasini eslatib o‘tadi. Unga ko‘ra Kimak o‘lkasidagi ko‘l (chamasi, Balxash ko‘li)ni deb o‘g‘uz turklari bu yerga topinadilar (Beruniy. 1968, I: 308).
Beruniy yashagan kezlarda Amudaryo–Sirdaryo oralig‘i va unga tutash o‘lkalarda islom madaniyati keng yoyilgan, bu yerlarda arab tili ilmiy til, forsiy va turkiy tillar esa ko‘proq so‘zlashuv tili bo‘lgan. Mazkur o‘lkalarning yirik shaharlarida forsiy til ancha keng yoyilgan bo‘lsa-da, Amudaryo va Sirdaryo oralig‘ida turkiylarning o‘rni ham bo‘lakcha bo‘lganini Beruniy keltirgan quyidagi bilgilar ko‘rsatib turibdi:
“Ko‘rmaysanmi, tosh so‘zi (asli) turkcha ism bo‘lib, Shosh shaklini olgan. Toshkand – toshli qishloq demakdir. Jug‘rofiya asarida u Burj al-Hijora (Tosh qal’a) deb nomlangan” (Beruniy. 1965, II: 232); “Binket – Shoshning poytaxti, turkchasi Toshkanddir” (Beruniy. 1973, V: 471); “Samarqand – turkchasi esa Semizkend, ya’ni “semiz, bo‘liq/unumdor” shahar ma’nosidadir” (Beruniy 1973, V: 471).
Shimoldagi yerlari Janubiy Sibir, Ural – Volgabo‘yidan boshlangan turkiylar janubda Tibet, Kashmir va Kobul oralig‘idagi yirik elatlardan biri edi.
Beruniy ko‘pincha o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan o‘lkalar to‘g‘risida to‘laqonliroq bilgi berib, ularning tili, tabiati, chegaralariga to‘xtaladi. Ayniqsa, u Kobul va hind yerlarida bo‘lganda o‘sha yerlik turkiylar bilan yaqindan tanishgani haqida to‘xtalib o‘tadi. Beruniy Kobulning islomdan oldingi boshqaruvchilarini “kelib chiqishi turklardan edi” deb tilga olgan (Beruniy. 1965, II: 311-312), bugungi kunda aniqlangan arxeologik topilmalar, ayniqsa, tanga-pullar alloma yozib qoldirgan ushbu bilgilarning to‘g‘ri ekanini ko‘rsatmoqda (Babayarov, Kubatin. 2013: 109–120). Shu o‘rinda ilk o‘rta asrlarda Hindistonda yashagan turklar to‘g‘risida so‘z borar ekan, Beruniy o‘zining “Hindiston” asarida keltirgan va o‘sha chog‘larda Peshavor (Pokiston)da og‘izdan-og‘izga o‘tib kelgan ma’lumotlarga yuzlanamiz:
Hindlarning Kobulda turklardan podshohlari bo‘lgan, aslida ular tibetliklar edi, deyishadi. Ulardan birinchi bo‘lib kelgan Barha-tegindir. U hech kim kirolmagan bir g‘orga chalqancha yotib, surilib kirgan. G‘orning ichida suv bor bo‘lib, Barha-tegin bir necha kunga yetadigan taomni ham shu joyda g‘amlagan (Bu g‘or hozir ham bor va u Var deb ataladi.). Barha-tekin bir necha kundan keyin, odamlar to‘planib turgan chog‘da, g‘ordan onadan yangi tug‘ilgandek bo‘lib chiqib keladi va uni hamma ko‘radi. U turklarga o‘xshab egniga to‘n, boshiga do‘ppi, oyog‘iga maxsi kiygan, yarog‘ taqib olgan edi. Barha-tekin bir ixtirochi va podshoga ko‘rsatiladigan ta’zimga sazovor bo‘ladi. Keyin o‘sha yerlarni mahv etib, o‘zini Kobul shohi deb ataydi. Podsholik ancha vaqtgacha, oltmish yillar chamasi uning avlodlari qo‘lida bo‘lgan (Beruniy. 1965, II: 311-312).
Bundan ko‘rinadiki, Beruniy Kobul va Hindistonga borgan kezlar bu yerlarda G‘aznaviylar boshqaruvi yoyilibgina qolmay, yerli elatlar orasida turkiylarning dovrug‘i haqida turli og‘zaki riyavoyatlar saqlanib qolgan edi.
Beruniyning o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri munosabatda bo‘lgan elatlari quyidagilar bo‘lgan: eroniy tilli elatlar (sug‘diylar, forslar, eski xorazmliklar va b.), turkiylar (musulmon va musulmon bo‘lmagan turkiylar – ko‘proq o‘g‘uzlar, chigil-qarluq turklari), arablar, hindlar.
Shu bilan birga, Beruniy kezib chiqqan o‘lkalar – O‘rta Osiyo, Eron, bugungi afg‘on hududi, Hind o‘lkasi va boshqa yerlarda turli tillarda so‘zlashuvchilar bo‘lib, ular orasida yunon, yahudiy, arman, saqlab (slavyan), tibet, hindistonlik turli-tuman elatlar yashagan. Beruniy asarlarida tilga olingan Qora dengizning shimoli va Volgabo‘yi oralig‘ida hayot kechirgan xazar/suvor va bulg‘orlar bilan birga Oltoy, Sibir, O‘tukan o‘lkasi (Mo‘g‘uliston) va Xitoy o‘rtasidagi yuksak tog‘lar va keng yaylovlarda yashaganlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar qisqa, alloma ularning tili va e’tiqodini to‘laqonli yoritmagan. Beruniy ular orasida bo‘lgani yoki bo‘lmaganini aniqlash qiyin, ayrim ma’lumotlarga tayanib, uni O‘rta Osiyodan birmuncha uzoqda yashagan turkiylar haqida ham ma’lumotga ega bo‘lgan deya olamiz. Masalan, “Osor ul-boqiya” (“O‘tmishdan qolgan yodgorliklar) asarida yozganlaridan “Sharq turklari”, ya’ni Sharqiy Turkiston, Oltoy, O‘rxun o‘lkasi va Shimoliy Xitoyda yashagan turkiy elatlarning moniy e’tiqodida bo‘lgani anglashiladi:
“Moniy da’vatini qabul etganlarning unga mansub qoldiqlari bo‘lib, ularning Samarqanddagi mashhur sobiylar guruhidan boshqasi islom shaharlarining biron joyida jam bo‘lishlari mumkin bo‘lmaydigan darajada tarqalib ketganlar. Islom mamlakatidan tashqarida esa sharq turklarining, Xitoy, Tibat aholisining ko‘pchiligi, hindlarning ayrimlari Moniy inonchi va mazhabidalar” (Beruniy. 1968, I: 243).
Beruniy asarlariga tayanib, turkiylar tarqalgan o‘lkalarning chegaralarini quyidagicha belgilaymiz:
Kunchiqarda Shimoliy Xitoy va Mo‘g‘uliston kengliklaridan boshlanuvchi turkiy o‘lkalar kunbotarda Rum (Vizantiya), Sharqiy Yevropagacha yoyilgan edi;
Shimolda Janubiy Sibir, Ural – Volgabo‘yidan boshlangan turkiylar janubda Kashmir, Kobul va Xuroson oralig‘idagi yirik elatlardan biri edi (Babayar. 2011: 313-321).
O‘lkalarning o‘rnini belgilashda ko‘pincha tog‘larga e’tibor qaratgan Beruniy tomonidan “Hindiston” asarida keltirib o‘tilgan quyidagi ma’lumotlardan “Turk o‘lkasi” Tibet va Kobul orasida bo‘lgani anglashiladi:
“Undan keyin Yerning odamlar yashaydigan shu qismidagi tutash yuksak tog‘larni tasavvur qil. Ular odamlar yashaydigan shu qism enining o‘rtasida orqa umurtqalariga o‘xshab sharqdan g‘arbga tomon cho‘zilib yotadilar. U tog‘lar: Chin (Xitoy), Tibat, Turk, keyin Kobul, Badaxshon, Tahoriston, Bomiyon, G‘ur, Xuroson, Jabal (Midiya), Ozarboyjon, Arman, Rum, Frank va Jaloliqa deb ataladigan mamlakatlaridan o‘tadi” (Beruniy. 1965, II: 259).
Beruniy ko‘rsatib o‘tgan ushbu “Turk o‘lkasi” Hindistonga yaqin yerlar – Pomir-Oloy, Qoraqurum, Hindikush tog‘lari oralig‘iga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, turkiylar yashaydigan o‘lkalardagi Tangritog‘ (Tyan-Shan) va Oltoy tog‘lari tevaragidan ham yaxshi xabardor bo‘lgan Beruniy (Джуманиязова. 2015: 87–89; Бобоёров. 2021: 81–93) shu hududlardagi turkiylarga tegishli yerlarni ham eslab o‘tgan.
Beruniy “Turk o‘lkasi” deb ko‘rsatgan Hindistonning shimoli-g‘arbidagi yerlar, ayniqsa, Kashmir va uning tevaragida turkiylar ko‘p bo‘lgan. Qo‘yida ma’lumot keltiramiz:
“Kashmir – atrofi chiqib bo‘lmaydigan yuksak tog‘lar bilan o‘ralgan cho‘llikda joylashgan. Kashmirning janub va sharq tomonida hindlar, g‘arb tomonida bir qancha podshohlar bo‘lib, u podshohlarning eng yaqini Balurshoh, keyin Shug‘nonshoh va to Badaxshon chegaralarigacha borgan Vahonshohdir. Uning shimoli va sharq tomonining ayrim qismida Xo‘tan va Tibat turklariga tegishli yerlar bor” (Beruniy. 1965, II: 164).
Demak, Pomir-Badaxshon va Hindikush tog‘lari oralig‘ida joylashgan bo‘lib, u bugungi Afg‘onistonning Nuriston (Kofiriston) o‘lkasining kunchiqaridagi Bolor, Tojikiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi Shug‘non, Voxon kabi tog‘li o‘lkalarga to‘g‘ri keladi va bu manzilda turli elatlar yashagan (Abayeva. 1975: 158–168). Xo‘tan va Tibetda yashaydigan turklar ularga qo‘shni bo‘lgan. Qizig‘i shundaki, Beruniy “Xo‘tan va Tibet turklari” deganda Pomir va Hindikush tog‘lariga yaqin hududlarda yashagan turkiylarni ko‘zda tutgan bo‘lib, bu hududning kunbotari Kashmir o‘lkasiga tutash edi. “Xo‘tan turklari” Sharqiy Turkistonning janub tomonida – Xo‘tan o‘lkasining hududida bo‘lib, ular yashaydigan ko‘plab qishloqlar janub tomondan Tibet tog‘lariga tutashib ketgandi. “Tibet turklari” esa Tibet tog‘larining shimoliy yonbag‘irlarida yashab, ular Kashmir o‘lkasining bir necha shahar va qishloqlarida ham turarjoylariga ega edilar. Turkiylarning bu tuproqlarda tarqalishi ancha uzoq yuzyilliklarga borib taqalib, chamasi, Xun saltanati (mil. old. II – mil. III yuzy.) davrida ayrim prototurk elatlarning janubga siljishi hamda Eftaliylar (450–565) va Turk hoqonligi (552–744) boshqaruvi vaqtida turkiylarning Kashmir, Kobul va Shimoliy Hindiston (Pokiston)ni egallashlari bilan bog‘liq.
Beruniy keltirib o‘tgan quyidagi ma’lumotlar ushbu qarashlarimizni mustahkamlaydi:
“Sind suvi esa turk mamlakati chegarasidagi Unang tog‘laridan chiqadi. Bu yerni turklar chegarasi deyishning sababi shuki, mamlakatga suv kirib, tarmoqlanadigan yerdan sahroga qarab yurganingda Bo‘lur va Shamilon tog‘lari chap tomoningda qolib, ikki kunlik masofada Bhattavaryon deb ataladigan turklar yashaydilar. Podshohlari Bhatta, shaharlari esa Gilgit, Asvira, Shiltas, tillari esa turkchadir. Ular Kashmirni talon-taroj qilib turadilar” (Beruniy 1965, II: 265).
Bundan ko‘rinadiki, Beruniy yashagan chog‘larda Kashmir o‘lkasining bir qismida turkiylar keng tarqalgan elat bo‘lib, ular o‘lkaning Gilgit, Asvira, Shiltas kabi shaharlarida ko‘pchilik edi. Bu yerdagi turklar o‘z ona tillarida so‘zlashib, ularning bir bo‘lagi “Bhattavaryon turklari” deb atalgan. Qizig‘i shundaki, bugungi kungacha o‘zbeklarning “turk” urug‘lari birlashmasiga kiruvchi bir urug‘ning nomi “Mahattari turklar” deb atalib, ularning izi Beruniy keltirib o‘tgan Kashmir tevaragidagi “Bhattavaryon turklar” misolida saqlanib qolgan (Кармышева. 1976: 77, 174, 176). Ham ushbu etnik atamalar orasidagi o‘xshashlik, ham o‘zbeklarning turk urug‘ining ayrim tarmoqlari uzoq asrlardan so‘nggi o‘rta asrlargacha Badaxshon, Kobul va Kashmir tomonlardagi elatdoshlari bilan o‘zaro bordi-keldi qilib turganini ko‘zda tutadigan bo‘lsak, bu qarash o‘zini oqlaydi.
Kashmir tegrasida yashagan turklar bo‘yicha yanada to‘liqroq tushunchalarga ega bo‘lish uchun Beruniyning quyidagi qaydlariga yuzlanamiz:
“Endi hind yeri chegarasini tog‘lar o‘rab turganini tasavvur qilishimiz kerak. Shimol tomondan qorli Himovand tog‘lari turadi. O‘rtada Kashmir mamlakati bo‘lib, u turk yeriga tutashadi” (Beruniy. 1965, II: 204).
Beruniy hind shaharlarini sanab o‘tar ekan, qanday shaharlarda qaysi elatlar yashashi va ularning ko‘rinishlariga urg‘u beradi.
“Kombuja, Sindxu, Sauvera, ya’ni Mo‘lton va Jahrovar, Vadavomukha, Oravonbashtha, Kapila, Porashava – odamlari forsiydirlar; Shudra, Barbara, Qirota, Qhanda, Kravya, Obxera, Chanchuka, Hemagiri, Sindhu, Kolaka, Rayvataka, Suroshtra, Bodara, Dramida, Maxarnava Narimukha, ya’ni erkaklari xotin yuzli, bular – turklardir; Onarta, Phenagiri, Yavana, ya’ni yunonlar” (Beruniy. 1965, II: 234).
Bu ma’lumotlardan Hind o‘lkasida hindlardan ko‘ra boshqa elatlar yashagan shaharlar ko‘proq bo‘lgani, ayrimlarida forsiy tillilar, ayrimlarida turkiylar va kichik bir bo‘lagida yunonlar yashaganini bilish mumkin. Boshqa tomondan esa ushbu ma’lumotlarni qanday keltirilgan bo‘lsa, shundayligicha tushunmaslik kerakka o‘xshaydi. Bizningcha, Beruniy ushbu qaydlarni hindlardan eshitgan va shu yo‘sinda keltirgan, chamasi. Beruniy Hindistonga borishidan ancha oldin – miloddan oldingi IV–II asrlarda hind yerlarida yunonlar boshqaruvi – Aleksandr Makedonskiy va uning izdoshlari, milodiy ilk mingyillikning o‘rtalarida forsiy – Sosoniylar hamda turkiylar – Eftaliylar va Turk hoqonligi boshqaruvi o‘rnatilgan edi. Bu esa hind shaharlarida hukmdor elatlarning siyosiy va etnomadaniy ta’sirini orttirgan bo‘lib, ayni hol ancha vaqtgacha saqlanib qolgan ko‘rinadi. Dalil qilib Beruniyning Porashava va Yavanani atamasini ham shahar nomi sifatida keltirganini ko‘rsatish mumkin. Bizningcha, “Porashava” so‘zi biror shahar oti bo‘lmay, – “forsiy”, “Yavana” esa “yunon” demakdir.
Demak, bundan deyarli 1000 yil ilgari, Beruniy yashagan kezlarda Qora dengizning shimoli-sharqidan Volgabo‘yigacha, kunchiqarda – Yettisuv, Sharqiy Turkiston va Oltoy – O‘rxun o‘lkalari, shimolda Sibir, janubda esa Xuroson, bugungi afg‘on yerlari, Shimoliy Hindiston (Kashmir, Gandxara – Panjob vodiysi/Pokiston) hududlari turkiylar qo‘l ostida bo‘lgan. O‘sha chog‘larda O‘rta Osiyoning yirik qismi – Amudaryo va Sirdaryo oralig‘i hamda unga tutash kengliklarda Somoniylar (tugashi – 999-y.), birmuncha keyin esa G‘arbiy Qoraxoniylar (Somoniylar o‘rnini egallashi – 997–999-y.), Eron va Amudaryoning kungay tomonlari – Balx, Kobul, Qandaxor va uning atroflarida G‘aznaviylar hukmronlik qilardi. Beruniyning asosiy faoliyati G‘aznaviylar yurt tepasida bo‘lgan vaqtga to‘g‘ri kelishini tarixiy manbalardan bilamiz, Qoraxoniylar sulolasi bilan bog‘liqligi aniq emas.
Shu o‘rinda aytib o‘tish kerak, Beruniy yashagan kezlarda O‘rta Osiyoda turkiylar boshqaruvi to‘laqonli ildiz otmagan, endi-endi kurtak yoya boshlagan edi. O‘rta Osiyoda Turk hoqonligi (552–744) o‘rnini arablar egallagach, G‘aznaviylar va Qoraxoniylargacha yirik turkiy boshqaruv o‘rnatilmagan. Shunga qaramay, alloma yashagan X asr oxiri va XI asr boshlarida turkiylarning bunchalik keng hududlarga yoyilgani, ayniqsa, ularning Kashmir, Kobul va Tibet orasida yetakchi elatga aylanishining sababi bu manzillarga turkiylar ancha ilgari ko‘chib borib o‘rnashgani bilan bog‘liq. Turkiylarning ushbu o‘lkalarda keng tarqalishi milod boshlarida Osiyo Хun saltanati (mil. old. II – mil. III yuzy.), ilk o‘rta asrlarda esa Eftaliylar (450–565) va Turk hoqonligi (552–744) boshqaruvi chog‘larida yuz bergan bo‘lib, G‘aznaviylar (977–1163), Dehli turk sultonlari (1206–1526), Temuriylar va Boburiylar (1526–1858) davrida yanada kengaygan.
G‘aybulla BOBOYOROV,
tarix fanlari doktori, professor
Feruza JUMANIYAZOVA,
tarix fanlari nomzodi
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
Ta’lim-tarbiya
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q