Dunyoga mashhur, ammo oʻz yurtida shunchaki “motivator yozuvchi” — Paulo Koeloning yozganlari yuksak adabiyotmi yoki shunchaki makulatura?


Saqlash
20:42 / 22.08.2023 1274 0

Braziliyalik yozuvchi Paulo Koelo oʻzining “Alkimyogar” romani bilan butun dunyoga mashhur boʻldi. U hatto Ginnesning rekordlar kitobiga ham kirgan: Germaniyadagi kitob yarmarkasida Koelo “Alkimyogar”ning 53 nusxasini imzolagan va ularning barchasi turli tillarda chop etilgan. Xorij nashrlari muallifning gʻayrioddiy mashhurligi siri, nima uchun baʼzilar uni yomon koʻrishi, boshqalari esa, aksincha, uni sevib oʻqishining sabablarini topishga harakat qilishadi.

 

Koeloga adabiyot olamining yopiq eshiklarini lang ochib bergan kitob, shaksiz, “Alkimyogar” romani. Oʻzbekistonda ham bu roman uch marta tarjima qilingan va koʻpchilik qiziqib oʻqigan. Qizigʻi shundaki, bu asar dastlab Fransiyada mashhur boʻlgan va keyinchalik butun dunyoda bestsellerga aylandi. “Alkimyogar” 81 tilga tarjima qilingan. Ammo Koeloning ijodi faqat shu asar bilan chegaralanib qolmagan. Yozuvchining barcha asarlari jami 350 millionga yaqin nusxada sotilgan. Bu raqamlar nafaqat Oʻzbekistonda, balki butun dunyoda ham yozuvchi zotini “jinni” qilib qoʻyadigan statistika. Koeloning kitoblarining sotuvidan tushgan mablagʻ xorror janrining qiroli boʻlmish Stiven Kingniki bilan bir xil.

 

2017-yilda Koelo dunyoning eng nufuzli yozuvchilari roʻyxatida 2-oʻringa sazovor boʻldi. U birinchi oʻrinni “Garri Potter” asari muallifi Joan Roulingga boy berdi, xolos. Shu kabi eʼtiroflarga qaramay, muallif ham badiiy adabiyot mutaxassislari, ham oddiy kitobxonlar tomonidan shafqatsizlarcha tanqid qilinadi. Bechorani nega buncha xoʻrlashadi?..

 

Dunyoga mashhur, ammo oʻz yurtida u shunchaki “motivator yozuvchi”

 

Koelo xorijda daho sanaladi, ammo oʻz vatanida koʻpchilik uni “motivatsion kitoblar muallifi” deb ataydi. Boshqacha qilib aytganda, “uning asarlari oʻquvchining hayotiga taʼsir oʻtkazishga harakat qiladigan kitoblar”. Koeloning ijodi oʻz vatanida, yaʼni Braziliyada shunday qabul qilinadi.

Oʻquvchilar oʻrtasidagi demografik farq ham qiziq. Xorijda yozuvchini asosan yoshlar auditoriyasi yaxshi koʻrishsa, Braziliyada uning muxlislari ijtimoiy tarmoqlarda turli ilhomlantiruvchi, motivatsion statuslarni joylashni yaxshi koʻradigan katta yoshli xolalar va momolardir.

 

Braziliyaliklarning oʻzlaridan chiqqan mashhur yozuvchi haqidagi fikri salbiy ekaniga sabab, uning kitoblari badiiy tasvir ichiga oʻralgan, aslida oʻzini rivojlantirishga qaratilgan adabiyot ekanida. Loʻnda qilib aytganda, asarlarning turgan-bitgani motivatsiya. Bunday matnlarni oʻqish va hazm qilish oson, ular sizdan hech qanday aqliy zoʻriqish talab qilmaydi, shunchaki ruhlantiradi.

Koeloning oʻz vatanida rad etilishining yana bir sababi, muallif portugal tilining jozibasini koʻrsata olmasligi va tilni buzib ishlatishidir. Braziliyaliklar uning asarlarida “zaif til”ni koʻrishadi. Buni boshqa mamlakatlardagi muxlislar sezishmaydi, albatta. Bu ham yetmaganday, Koelo koʻplab grammatik xatolarga yoʻl qoʻyadi, bu esa portugallarga oddiy soʻzlashuv tili boʻlib tuyuladi. Braziliyada adabiy til juda qadrlanadi va uning qimmatini tushirib yuborish xalq tomonidan ogʻriqli qabul qilinadi.

 

Bu xulosa mamlakatda shu qadar ommalashganki, koʻpchilik Koeloni avtomatik ravishda yoqtirmaydi. Ular muallifning birorta kitobini oʻqishmagan boʻlsa ham, shu xulosadan kelib chiqib yozuvchiga baho berib qoʻya qolishadi.

 

Dunyoni ikkiga boʻluvchi faqat Messi bilan Ronaldo emas...

 

Tanqidchilarning taʼkidlashicha, Koelo qahramonlarining hammasi tekis, syujet burilishlari esa qoliplashgan. Uni Gyote, Flober, hatto Pushkin bilan solishtirishadi, afsuski bu taqqoslash uning foydasiga emas. Oddiy kitobxonlar esa ikki guruhga boʻlinishgan: uning yozganlarini oʻta primitiv deb hisoblovchilar va haqiqiy fanatlar. Salbiy baholovchilarning fikricha, uning asarlarida qahramonlar rivojlanmaydi, syujet juda sekin va dangasalik bilan harakatlanadi. Muallif esa oʻzining yuksak aql-zakovatiga mahliyo. Qahramonlar oʻzlariga berilgan savollarga psevdointellektual javoblar beradi.

 

Koʻpchilik Koelo oʻz kitoblarida asarlarini shunchaki qiziqarli qilib koʻrsatish oʻrniga, buyuk falsafiy haqiqatlarni ochib berishga daʼvo qiladi, deb oʻylaydi. Keng adabiy maʼlumotga ega boʻlmagan odamlar esa shuning uchun uni daho deb bilishadi hamda kitob oʻzlarining hayoti va dunyoqarashini oʻzgartirganiga ishonishadi.

 

Koeloning muxlislari uning isyonkor ruhiga qoyil qolishadi: bolaligida yozuvchi hech qachon qoidalarga rioya qilmagan va hamma anʼanaviy deb hisoblangan narsalarni inkor etgan. Ota-onasining bosimi ostida u muhandis boʻlish uchun kollejga kiradi, ammo keyinchalik oʻqishni tashlab ketdi. Uni hatto aqldan ozgan deb hisoblab, ruhiy kasalxonaga yotqizishgan. Koelo uch marta u yerdan qochishga uringach, ota-onasi oʻgʻlining sogʻlom ekaniga ishonishgan va uyga qaytarishgan.

 

Koelo asarlarini oʻqish kerakmi?

 

Ijodkorning kitoblari odamlarga kerakli narsani bergani uchun xaridorgir. Bu yozuvchining romanlarida har kim oʻzini, ichki dunyosini, fikrlarini, maqsad va intilishlarini koʻrishi mumkin. Boshqacha aytganda, barcha ayblovlarning tagida Koeloning hech kim sotib olmaydigan adabiy daho emas, balki koʻp va xoʻp sotiladigan, bozori chaqqon yozuvchi ekanligi turadi.

 

Yana bitta haqiqatni unutmaslik kerak. Koeloning asarlarida, xohlaymizmi yoʻqmi, bugungi zamonning ruhiy manzarasi aks etadi. Qolaversa, gadjetlar davrida adabiy tendensiyalar ham shitob bilan oʻzgarib boryaptiki, anʼanaviy adabiyot ixlosmandlari bularni qabul qilishi oson kechmayapti. Koelo esa shu tendensiyalar mahsuli.

 

Xurshid ABDURASHID

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

11:11 / 01.11.2024 0 228
Millat qanday tarbiyalanadi?

Tarix

17:10 / 29.10.2024 0 393
General Jo‘rabekning qotili kim?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 21143
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//