“Olovdan otam yotgan beshikni olib chiqdim” – faollar chiqindiga uloqtirilgan qadriyat haqida


Saqlash
22:08 / 17.08.2023 1102 2

Chiqindi qutiga tashlangan beshik surati ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Ko‘p asrlik qadriyatimiz sanalgan beshik o‘z vazifasini o‘taganidan so‘ng xonadonlarning yerto‘la yoki tomda asrab kelinadi. Ko‘p qavatli uylarda beshik uchun joy topish, tabiiyki, muammo. Shunday bo‘lganida ham beshikni tashlab yuborish kerakmi? Quyida yurtdoshlarimizning bu boradagi fikrlarini bayon etishdi.

 

 

Kavsar Turdiyeva,

Toshkent pediatriya tibbiyot instituti “O‘zbek tili va adabiyoti” kafedrasi mudiri, bolalar shoiri:

 

– To‘qsoninchi yillari bolalar sheʼriyatida maʼnaviyat muammolari haqidagi nomzodlik dissertatsiyamda bir shoirning sheʼrini tahlil qilgandim. Unda sandal eskilik sarqiti sifatida tanqid qilinib, pechka huzurbaxsh, zamonaviy deb ulug‘lanadi. Sheʼrda barcha pionerlar yig‘ilib sandalni olovda yoqishadi.

 

Chiqindiga uloqtirilgan beshik suratini ko‘rib shu esimga tushdi. Bu ham shunga o‘xshash hodisa. Sandal singari beshik ham qadriyatimizning bir qismi. To‘g‘ri, beshikning ham o‘ziga yarasha kamchiliklari bor, shu bilan birga belanchakning ham nuqsonlari yo‘q emas, undayam bola tebranadi. Beshikda bola tagi quruq yotadi, seskanib uyg‘onib ketmaydi. Mening ikki bolam ham beshikda katta bo‘lgan. Zarar tomonini ko‘rmadim, zehnli ulg‘ayishdi, magistraturani tugatishdi, farzandli bo‘lishdi. Ibn Sino, Navoiylar ham beshikda yotgan. Kimga qaysi qulay bo‘lsa, shu usulda bolasini katta qilaversin. Lekin ko‘p asrlik qadriyatlarimizga nisbatan hurmatsizlik qilinmasligi lozim.

 

Tarmoqlarda, mazkur surat tarqalgach, o‘z o‘rnida yosh onalar tomonidan uning zararli tomonlari haqida ham fikrlar bildirilmoqda.

 

Zilola G‘aybullayeva,
jurnalist:

 

– O‘tgan yili farzandli bo‘lgach, biz ham bolamizni beshikka beladik, lekin boshqa tarafdan pediatr, nevropatolog, ortoped – qayerga qizimizni ko‘rikka olib borsak “Bolangiz sog‘lom, lekin shunda ham beshikda bolani uxlatish tavsiya etilmaydi, yotqizmanglar”, deyishadi. Shundayam beshik bo‘lmasa, bola uxlolmaydi, bolalar tagligi zarar degan qo‘rquv bilan 4–5 oycha beshikda uxlatdik. Keyin beshikda uxlatmay qo‘ydik. Vrachlar beshik zarar ekanini ko‘p aytishadi-yu, nega biz bolalarni beshikka yotqizaveramiz?

 

Beshik xuddi narkotikka o‘xsharkan, bola usiz uxlolmay qoladi, eng yomoni – tebratish kerak. Tinimsiz tebratish bolaning hali to‘liq shakllanmagan miyasiga zarar, bundan tashqari qotmagan bosh suyagi yassi bo‘lib qolishi mumkin. Displaziyasi bo‘lsa, oyog‘iga zarar. Shuncha zarari boru, tan olmaymiz – “Beshik yaxshi, beshikdan chiqarma” deyishadi baribir kattalar. Nega qadriyat bo‘lsa, qadriyatni o‘zgartirish kerak emas?

 

 

 

Gulnoz Mamarasulova,

filologiya fanlari doktori, adiba: 

 

– Chiqindixonaga tashlangan beshik haqidagi xabarlardan fojia yasash shart emas. Beshikda katta bo‘lganim uchun men ham uni milliy element sifatida qadrlayman va foydalanib bo‘lingach, tashlanishiga qarshiman. Mana bu fikrda ham agar qurtlagan bo‘lsa, ko‘chaga otish emas, yoqib yuborish afzalroq ekani, undan but yoki sanam yasash kerak emasligi aytilgan:

 

“Eskirgan beshikni chiqindiga tashash joizmi? Beshik yog‘ochdan qilinadigan va baʼzi shifokorlar “bola zindoni” deb ataydigan mebel. Agar beshikning yog‘ochi qurtlagan bo‘lsa, chiqindiga tashlamay yoqib yuborgan maʼqul. Singan bo‘lsa, chiqindiga tashlasa hech narsa qilmaydi. Eski divan, kreslo, karavot, bolalar yotog‘i qatorida buniyam tashlavorish mumkin. Agar beshik naqshin qilib yasalgan bo‘lsa, u xalq hunarmandligi namunasi sifatida saqlanishi kerak. Eski-tuski tujjorlar, asori-atiqachilar sotib oladi eʼlon bersangiz. Beshik – oddiy va bahsli mebel. “Beshik bu o‘zbekchilik” degan gap ham yanglish. Tojiklarda ham beshik bor. Beshik Markaziy Osiyodan tashqari Gruziya va Turkiyaning baʼzi tumanlarida ham mavjud”.

 

Mendan yosh onalar maslahat so‘rasa, “Zinhor bolani beshikka yotqizmang”, deyman. Beshik bola uchun qattiq stress. Boylab qo‘yish asnosida qullik zehniyati shakllanadi. Beshikda yotgan bola boshining orqa qismi yassi bo‘lib qoladi.



Mazkur fikrlarga qarshi o‘laroq, yoshi katta ayollarimiz beshik bo‘yicha o‘z tajribalarini o‘rtoqlashib, uning zararli tomonini ko‘rmaganliklarini aytishdi.

 


Shahnoza Qahhorova,

nafaqadagi falsafa fani o‘qituvchisi:

 

– Beshik nafaqat milliy qadriyat, balki sanitariya jihatidan ham, bola tanasini to‘g‘ri shakllanishi jihatidan ham ancha afzalliklarga ega. O‘z boshimdan kechirgan ona sifatida bilaman. Bolalarimni ham, nevaralarimni ham beshikda katta qilganman. Nevaralarim beshikni juda yaxshi ko‘rishgan. Ular hatto beshikka sig‘may, katta bo‘lib qolishganda ham, to karavotchasida yotishga o‘rganmaguncha, yonimda olib yotishga urinsam ham, beshikka boshlarini qo‘yib, “belab qo‘ying”, deganday qo‘llarimga yalinib qarashardi.

 

Uyg‘onganlarida beshik bog‘lagan arqonchalarni tortib, o‘zlari qo‘l-oyoqlarini yechib yonimga kelaverar edilar. Menimcha, bolani beshikka belashning ham o‘z metodlarini bor. Shu usullarni, avvalo bolaning raʼyini ham bilish kerak.

 

Xolida Bozorova,

Navoiy davlat konchilik instituti akademik litseyi ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi:

 

– Shu beshikni chiqindiga otgan ayol bolasidan ham voz kechgani aniq. To‘g‘ri, bolani chiqindiga otmagandir, ammo uni bola sifatida eʼzozlamaydi, borligiga shukur kilmaydi. O‘zbek kechagi kunidan, bugun beshigidan ayrilsa, ertaga uning nimasi qoladi?

 

Men to‘qqiz nafar farzand o‘stirgan oilaga oltinchi kelin bo‘lib tushganman. Turmush o‘rtog‘imning beshigi hozir 70 yoshda. Qurt ham, kana ham tushmagan. Yengilgina, og‘irligi tushmaydi bizga. Hamma nabira va evaralarim shu beshikka havas bilan belanadi. Qaysidir buyumni qadrlash kishining maʼnaviyatidan kelib chiqadi. Qadriyatlarni hurmat qilish kerak.

 

 

Tarmoq faollaridan biri o‘z sahifasida beshikni chiqindiga uloqtirganlarni tanqid qilib yozgan sheʼri ostida ko‘plab fikrlar bildirildi. Kimlardir beshik muqaddas desa, kimlardir uning oddiy mebel ekanini aytdi.

 

Mansurjon Xo‘jayev,

shoir:

 

 

– Beshikni chiqindiga uloqtirishganidan kuyinib sheʼr yozdim. Baʼzi do‘stlarimiz “beshikni ilohiylashtirmang” deya eʼtiroz bildirdilar. Biror buyumga ilohiy deya qaramayman, lekin shu millatimning, bobolarimning qadriyatlarini qadrlayman, hurmat qilaman.

 

Yurtimizdagi ziyoratgohlarga borib, tolni, tutni, toshni, buloqni, qabrda yotgan avliyolarni ilohiylashtirib olgan oddiy avom xalqni pulini shilib yotgan firibgarlarni yoniga borib yoqasidan olsangiz yaxshi bo‘ladi. Uyimizda otamning dasturxon to‘rida o‘z joyi bor, biz o‘sha joyga o‘tirgani iymanamiz, hurmat qilamiz, otamni joyi deya qadrlaymiz, nima, bu bilan otamning joyini ilohiylashtirgan bo‘lamanmi? Katta enamdan qolgan mis obdasta bor, uni yuvib tozalab, mehmonlar uchun ishlatamiz, nima, bu bilan obdasta muqaddaslashib qoladimi?

 

Bilasizmi, may oyida yong‘in sababli butun uyimiz yonib ketdi, biz uchun qadrli buyumlaru, kitoblar, bor boyligimiz bir zumda kulga aylandi, shukur jonimiz omon, shu olovdan otam yotgan beshikni olib chiqdim, bu bilan beshikni ilohiylashtirgan bo‘ldimmi? Uyingizda ota-bobongizdan qolgan mashinami, kitobmi, sandiqmi, javonmi, idishmi, uzukmi, zirakmi, ishqilib qaysidir qadimiy buyum bor, avaylab-asraysiz, boshqalarga ko‘z-ko‘z qilasiz, bu bilan u narsa ilohiylashtirilmaydi.

 

Tafakkur qiling, o‘sha beshikda otangiz yotgan bo‘lsa, o‘zingiz, bolangiz yotgan bo‘lsa, u ilohiy emas, qadrli bo‘ladi. Bo‘ldi – chiridi, sindi, kerakmas, deb chiqindiga otsangiz, o‘zingiz bilasiz...

 

 

Beshik ota-bobolardan qolgan, sinovlardan o‘tgan, farzandlarimizni ulg‘aytirgan qadrli buyum. Uning chiqindiga tashlangani esa ko‘plab tirnoqqa zor insonlarning yuragini g‘ash qilgani bor gap. U keraksiz bo‘lgan taqdirda ham oshkora tarzda chiqindiga uloqtirish odobdan emas. Sizning bu boradagi fikrlaringiz qanday, quyida izoh qoldiring.

 

 

Nodira IBROHIMOVA

Oyina.uz

 

Oyina.uz'ni Telegramda o‘qing!

 

 

2 Izohlar

Умида Чўлпонова

06:08 / 22.08.2023

Қадимдан ота-боболаримиздан "БЕШИК БОЛАСИ-БЕК БОЛАСИ" деган нақл қолган. Нега ҳозирги вақтда "ҲАЗРАТИ ИНСОН" деган улуғ номга доғ тушираётган "айрим кимсалар" (уларнинг қилган ишларига берилган таъриф) "БЕШИК"ни ахлатга улоқтириб, азалий қадриятларимизни ер билан яксон қилмоқда!? Ахир бешикларда ўзимизнинг жонимиздан азиз бўлган зурриётларимиз, дилбандларимиз ётадику! Бизни ҳам онажонларимиз шу бешикларда улғайтиришган! Қани аждод ва авлодларимизга бўлган ҳурмат ва эҳтиром!? Шу ўринда таъкидлашим жоизки, бувижоним томонидан онажонимга совға қилинган, яъни мени улғайтирган "бешик"да ҳам менинг фарзандларим улғайди, аммо яратганга шукурлар бўлсинки, танасининг бирор жойида "нуқсони" билан улғаймади. Ақли расо, иқтидорли, салоҳиятли ва руҳан соғлом фарзандлар бўлиб вояга етган!!! Айнан ушбу момоларимиздан мерос бўлиб қолган "БЕШИК"ни ўраб, эҳтиёт қилиб, авайлаб-асраб уйимни тўрига келажак авлодимнинг давомчиси бўлмиш "набираларим"га асраб қўйдим. ( "Бешик"ни ранги ўчса ранг бериб, охори тўкилса сайқал бериб, синса тузатиб, эскирса янгилатиб, келажак авлодимга "ОТА МЕРОС" қадриятларимизни етказиб беришни бурчим деб билдим!). Ҳозирги тиббиёт илмига ҳам ҳайронсан киши!? Ким нима деса шунга ишониб, "БЕШИК"ни ахлатга улоқтириш, ота-боболаримиз, буви-момоларимизнинг қилган "НАСИҲАТЛАР"ига беписандлик билан ЖАВОБ БЕРИШ, ҚАДРИЯТЛАРИМИЗНИ ТОПТАШ, ОЁҚ ОСТИ ҚИЛИШ демакдир! Азизларим ЎЗБЕКнинг мусулмон фарзандлари эканмиз, аввало ота-боболаримиз ким ва биз кимнинг авлод-аждодлари эканлигимизни унутмайлик! Қадриятларимиз, урф-одатлар ва анъаналаримизни авайлаб, асрайлик ҳамда бизга аждодларимиздан мерос бўлиб қолган "ОМОНАТЛАР"имизни ҳозирги кундаги ва келажак авлодларимизга етказайлик! Зеро, НИМАНИ ХОР ҚИЛСАНГ, ШУНГА ЗОР БЎЛАСАН...!!!

Sherlock Holmes

00:08 / 19.08.2023

Bolalar shifokorlarining fikri shoir va adabiyotchilarnikidan qiziqroq, ratsionalroq va foydaliroq bo'lgan bo'lar edi.

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19353
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16484
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi