Mahalla tizimi O‘zbekiston hududida miloddan avvalgi ikkinchi ming yillikda yuzaga kelgan – tadqiqot


Saqlash
17:08 / 16.08.2023 705 0

O‘zbekiston hududida dastlabki mahalla tizimi miloddan avvalgi ikkinchi ming yillikda yuzaga kelgani Jarqo‘ton va Sopollitepa shaharlarida olib borilgan arxeologik qazishmalar natijasida aniqlangan. Mahallalar ark tashqarisidagi shahriston qismida hunarmandchilik maskanlari va kosiblarning turli jamoalari turarjoylari shaklida vujudga kelgan.

 

Abu Bakr Muhammad ibn Ja’far Narshaxiy (899–959) “Buxoro tarixi” asarida bundan o‘n bir asr muqaddam Buxoro shahrining aholi yashaydigan bir qismini “mahalla” deb atagan va u hozirgi mahalla tushunchasiga mos keladi.

 

Hadis va fiqh allomalari sulolasiga mansub bo‘lgan marvlik taniqli olim Abu Sa’d Abdulkarim ibn Muhammad Sam’oniy (506/1113–562/1167) arab tilida yozilgan “Kitob al-ansob” asarida O‘rta Osiyodagi ma’muriy birliklarni ifodalovchi atamalarni keltiradi: shahar – madina; shaharcha – balda, bulayda; poytaxt – madina, qasba; qo‘rg‘on – qal’a, hisn, hisor; viloyat – kura, nohiyat; kichik viloyat – rustoq, omol; qishloq – qarya; mahalla – mahalla, darb, rub’, qit’a; ko‘cha  –  ko‘y; shahar darvozasi – bob, darb, darvoza.

 

Buxoro mahallalari esa mahalla va darb (shahar darvozasi) deb atalgan (Kaloboz, Qasri Fariza, Al-Maydon, Moh, Farjak va h.k.). Samarqandning esa 18 ta mahallasi eslatilgan, lekin ular ko‘proq arabchadagi “bob” (Bob Kiss, Bob Naund) yoki “darb” (Darb Guzavoz) so‘zlari orqali ifodalangan. Aksariyat hollarda toponimning yolg‘iz o‘zi berilgan (Banjxin, Varsanin, Jokardiza – Chokardiza, Moturid, Ushtabdiza).

 

Fors tilidagi “ko‘y” – ko‘cha va mahalla ma’nolarini anglatadi. Demak, Sam’oniy davrida Samarqandda “ko‘y” so‘zi “mahalla”ning ma’nodoshi sifatida qo‘llangan. Mahallalarning “bob” yoki “darb” deyilishi ularning shahar darvozalari yonida joylashganini anglatadi.

 

Yozma manbalarda Amir Temur va temuriylar davrida mahalla O‘rta Osiyo shaharlarida ma’muriy birlik sanalgani qayd etiladi. Samarqand shahrida So‘zangaron, Xoja Kafshir, Varsin, Farundiza kabi mahallalar bo‘lgan.

 

Amir Temur davrida Samarqand atrofida katta bunyodkorlik ishlari olib borilgani natijasida yangi mahallalar tashkil topdi. Kastiliya (Ispaniya) qirolligidan Temur davlatiga elchi bo‘lib kelgan Rui Gonsales de Klavixo o‘z “Kundaligi”da: “Shahardan ko‘ra, uning devoridan tashqarida aholi ko‘proq. Shahar atrofidagi bog‘larda hashamatli saroylar qurilgan, ularning bir qismi Amir Temurga tegishli. Undan tashqari, bu bog‘larda shahar zodagonlarining ham o‘z ko‘shk-saroylari bor”, deb yozadi. U bog‘larning ko‘pligini ta’kidlaydi: “Shahar atrofida bog‘lar va uzumzorlar shunchalik ko‘pki, u yerga yetib kelgan kishi go‘yoki o‘rtasida shahar joylashgan baland daraxtlar o‘sib yotgan bir o‘rmonga yaqinlashganday bo‘ladi... Shahar bog‘lar va uzumzorlar bilan o‘ralgan, ular ba’zi joylarda bir-ikki liga (5–10   km) masofagacha yastangan...” (Руи Гонсалес де Клавихо. Дневник путешествия в Самарканд ко двору Тимура (1403 – 1406 гг.). Москва, 1990. Стр. 138).

 

O‘sha davr olimi Hofizi Abru “Jug‘rofiya” asarida Sohibqironning bunyodkorlik faoliyatiga ergashib, boshqalar ham bu xayrli ishlarga o‘z hissasini qo‘shganini ta’kidlaydi: “Kundalik ehtiyojdan kelib chiqib, o‘z podshohlarining hurmati yuzasidan amirlar, arkoni davlat, oqolar va farzandlar onhazratga ergashib har biri ul diyorda madrasalar, masjidlar va xonaqohlardan iborat o‘z binolarini qurdilar hamda ular uchun obod yerlar va ko‘chmas mulklarni vaqf qilib, olimlar, zohidlar va obidlarga maosh belgiladilar”. Alloma Samarqand viloyati tarkibida Sug‘d, Shovdor, Ishtixon, Yorkat, Korand, Yoryayloq, Dizak, Sheroz, Anhori Jadid tumanlarini sanab, Anhori Jadid arig‘i bevosita Amir Temur buyrug‘i bilan qazilganini aytgan: “Samarqand So‘g‘di obodligi va latofati bilan butun dunyoda shuhrat qozongan” (Hofizi Abru. Jug‘rofiya. Bodleyan (Oksford) qo‘lyozmasi).

 

Arab tarixchisi Ibn Arabshoh bunday yozadi: “Temur Samarqandda ko‘pdan-ko‘p bo‘stonlar barpo qilib, baland va mustahkam qasrlar bunyod etdi. Ularning har qaysisi g‘arobatli tartibda, ko‘rkam va ajib suvratda edi. Bo‘stonlar asosini mustahkam qilib, ularni nodir mevali ko‘chatlar bilan bezadi” (Ibn Arabshoh. Amir Temur tarixi. 2-qism. Toshkent, “Mehnat”, 1992. 82-bet).

 

Amir Temurning Samarqand shahri mahallalari va atrof mavzelari obodonchiligi uslubi keyingi asrlarda Movarounnahr va Xurosonda davom etdi. Chunonchi, Alisher Navoiy “Hayrat ul-abror” dostonida Xurosonda shaharlar ko‘pligini aytib, ayniqsa, poytaxt Hirotning obodligi, mustahkam qo‘rg‘oni va burjlari, to‘qqiz falakdan ham buyuk arkini, baland darvozalari, devor ortidagi chuqur xandaq, shahar qismida aholi gavjumligi, bozorlari savdogarlar bilan to‘laligini ta’riflab shunday yozadi:

 

Kirsa chiqar yo‘l topa olmay ko‘ngul,

Sayrida savdoyi bo‘lub aqli kull.

...Shahri aro bo‘yla bino behisob,

Qal’asining toshida xud ne hisob.

Har necha ko‘z tushgucha devor bast,

Borchada ma’murae elga nishast.

Topg‘ali ta’yini mahallot bahr,

Ahli mahallot oyirib, shahr-shahr.

Shahrlar otini mahallot etib,

Bo‘ldi chu yuz shahr, “Hiri” ot etib.

 

Bunda shaharchalar “mahalla” deb atalgani, yuz mahalla birlashib, Hirot shahrini tashkil qilgani qayd etilgan.

 

Temuriylar davrida Hirot dastlab Mirzo Shohrux hukmdorligi, so‘ngra Sulton Husayn Mirzo saltanati davrida rivojlangan: “Hirinikim, rub’i maskunda andoq shahr yo‘qtur va Sulton Husayn mirzoning zamonida mirzoning tasarrufidin va takallufidin Hirining zeb va ziynati birga o‘n, balki yigirma taraqqiy qilib edi (Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburnoma. Toshkent, “Sharq”, 2002. 143-bet).

 

“Boburnoma”da “mahalla” atamasi keng ma’noda ishlatilgan va odatda, shaharning qo‘rg‘ondan tashqari qismidagi aholi turarjoylarini anglatgan: “Qorovuldin xabar keldikim, Sulton Muhammad Kalpo‘k bo‘lg‘on kishisi bila mahalla va bog‘ottin toshqari Pushtayi Ayshning domanasig‘a chiqibtur... mahallotning yoqasidin o‘q yonduk” (o‘sha manba, 92-bet).

 

Bobur Samarqandda mahallalar ko‘pligini ham yozadi: “Shayx Abu Mansurkim, aimmayi kalomdindur, Samarqandning Moturid otliq mahallasidindur” (o‘sha manba, 59-bet), “Temurbekning va Ulug‘bek mirzoning imoroti va bog‘oti Samarqand mahallotida ko‘ptur”. Mana bu parchada mahallalar shahar devoridan tashqarida davom etganini ko‘ramiz: “Yana Shovdor tumanidur. Shahr va mahallotqa payvasttur. Xeyli yaxshi tumandur” (o‘sha manba, 61-bet).

 

Dastlab shahar ichi va uning yaqin atrofi uchun xos sanalgan “mahalla” atamasi XIX asrda mavze va qishloq (deh, deha) tushunchalarini ham anglata boshladi. Chunonchi, Mahallayi G‘adoniy, Mahallayi Arabon, Mahallayi Bolo, Mahallayi Jo‘ybor, Mahallayi Qozi, Mahallayi Kunja, Mahallayi Miron, Mahallayi Mirzoyon, Mahallayi Poyon, Mahallayi Shayxon degan mavzelar bo‘lgan. Yoki Mahallayi qozi Sarvariy, Mahallayi Qarmon, Mahallayi Kunjak, Mahallayi Mirshikoron kabi joylar, aslida, qishloqlar edi.

 

Tarixchi Muhammad Solihxo‘janing (XIX asr) “Tarixi jadidayi Toshkand” asarida Toshkent shahri mahallalaridan Yalangqarya, Taxtapul, Hofiz Ko‘hakiy, Devonbegi, Sanchiqmon, Qo‘shtut kabilar eslatilgan. Rus olimi N.Maev (XIX asr) Turkiston o‘lkasi statistikasi yilnomasiga tayanib (1876), Toshkent shahridagi 4 dahada 149 ta, jumladan, Shayxontahur dahasida 48, Sebzor dahasida 38, Beshog‘och dahasida 32, Ko‘kcha dahasida 31 mahalla bo‘lganini qayd etadi. Yana bir rus tadqiqotchisi N.Malliskiy 1927-yili nashr ettirgan ro‘yxatda esa Toshkent shahrida 280 mahalla va 171 mavze borligi aytiladi (Malliskiy N. Tashkentskie maxallya i mauza. Tashkent, 1927).

 

Mustaqillik yillarida O‘zbekiston ma’muriy­hududiy tizimida mahalla atamasi keng joriy etildi.

 

Omonullo BO‘RIEV,

O‘zFA Abu Rayhon Beruniy nomidagi

Sharqshunoslik instituti yetakchi ilmiy xodimi,

tarix fanlari doktori

 

“Tafakkur” jurnali, 2022 yil 4-son.

“Darbmi, bobmi yo mahalla?” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19303
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16371
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi